Rossiyaning Shimoliy Osetiya respublikasidagi Beslan shaharchasida sodir etilgan mudhish terror oqibatlarini butun dunyo kuzatib uch kun sukut saqlashga majbur bo‘lganini bugun jahon hamjamiyati qanday izohlar ekan?
Terrorga qarshi bir tanu bir jon bo‘lib kurashilmasa nima oqibatlarga olib kelishini jahon ahli yana bir bor qo‘lni qovushtirgan holda kuzatib o‘tirganini qanday izohlashga ham hayron qoladi kishi? Beslandagi hodisaga maktabda o‘quvchi, ota-ona va o‘qituvchilarning qurollangan guruh tomonidan garovga olinishi sabab bo‘ldi. 1 sentyabr kuni boshlanib, ikki yarim kun davom etgan bu hodisa juma kuni fojeali yakun topdi.Terror chegara bilmas tahdid ekanligi yana bir marta isbotlandi. Hozirgi vaqtda terror bizga tahdid solmaydi deb hech kim kafolat bera olmasligi yana bir marta namoyon bo‘ldi.
Oxirgi vaqtlarda sodir etilgan terror xurujlari ichida eng yirigi Beslan voqeasi deb etirof etish mumkin. Insoniyatga qarshi qilingan bu vahshiylikni hatto o‘tgan tarix sahifalaridan ham topish amri maholdir. Ayniqsa, bolalarga qilingan bu har bir kishini larzaga solishi tabiiydir.Endigina maktab ostonasini hatlab o‘tgan bolani o‘qish lazzati emas, terror huruji qarshi olsa,axir bu dahshat-ku? Bunday azobni xayoliga ham keltirmagan beg‘ubor bolakaylar voqeani qanday qabul qilganini tasvirlash esa juda qiyin. Axir bolalarni ham ayamagan bu vahshiylarning ishini nima deb atash mumkin? Nahotki, hech kimga ozori tegmaydigan bolalar terror uchun ob’ekt bo‘lib xizmat qilsa? Bundan ko‘rinib turibdiki, bu xuruj butun insoniyatga qarshi qaratilgan. Shu yerda bu fojeaga oid oxirgi ma’lumotlarni keltirib o‘tsak.
Halok bo‘lganlar soni haqida Rossiya Bosh prokurori muovini Sergey Fridinskiy ma’lum qildi:
”Terrorchilik harakati natijasida 335 nafar kishi halok bo‘ldi. Ularning 155 nafari bolalardir. Qurbonlar soni oshishi mumkin”, - dedi Moskva rasmiysi.
Juma kuni ozod etilgan bolalarning ko‘pchiligi kasalxonaga yotqizilgan, ba’zilari ota-onasi bag‘riga qaytgan.
4 sentyabr erta tongda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Beslanga bordi. U kasalxonaga borib, yaralanganlar bilan uchrashdi. Hozirda kasalxonada bo‘lgan jabrlanganlar 400 kishi, ulardan 50 nafardan ziyodining hayoti xavf ostida. Yakshanba kuni 17 nafar og‘ir yarador bo‘lgan bolalar Moskva shahriga keltirildi. 200 kishi haligacha bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. 6-7 sentyabr kunlari Rossiyada motam kuni deb e’lon qilindi. Shimoliy Osetiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Ismel Shaov ma’lumotiga ko‘ra, Beslandagi maktabga hujum bilan bostirib kirgan qurollangan guruh safida bo‘lgan deb gumon qilinib, uch odam qo‘lga olingan, ularning biri — ayol kishi. Matbuot xizmati rahbari so‘zlariga ko‘ra, ular o‘zlariga qo‘yilgan ayblovni tan olishgan. Qo‘lga olinganlardan biri joriy yilning 1 fevralida Vladikavkazda sodir etilgan terror harakatlarida, 29 maydagi Moskva-Vladikavkaz poezdidagi portlashda va 22 iyun tunidagi Nazranga bosqinchilik bilan hujum qilishda ishtirok etgan, degan ayblov bilan shu paytgacha qidiruvda bo‘lgan. Shuningdek, yakshanba kuni Italiya va
AQShdan Shimoliy Osetiyaga tibbiy jihozlardan iborat insonparvarlik yordami yetib keldi.
Hozirda dunyo jamoatchiligi Beslandagi harakatlarni terrorchilik akti, deb atab, ularni qoralamoqda, Rossiya hukumati va xalqiga hamdardlik, hamjihatlik bildirilmoqda.
Sherzod AHMATOV