OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

09.09.2004. Shimoliy Osetiya: JAHONNI LARZAGA SOLGAN FOJIA (arxiv)

O‘tgan hafta Shimoliy Osetiyaning Beslan shahrida sodir etilgan mudhish xunrezlik dunyo afkor ommasi, alalxusus, Rossiya jamoatchiligini chuqur iztirob va tang ahvolga solib qo‘ydi. Mamlakat taraqqiyoti bir lahzaga to‘xtab qoldi go‘yo. Rossiyaning yaqin tarixida bu kabi dahshatli fojia, bu kabi shafqatsiz jinoyat ro‘y bermagan edi

Shimoliy Osetiyaning Beslan shahrida joylashgan 1-maktab o‘quvchilari 1 sentyabr — bilimlar kuni ko‘nglida bir dunyo shirin orzular bilan maktabga kelishgandi, lekin ularni dahshatli qirg‘in qarshi oldi. Kutilmaganda, maktab binosiga qurollangan jangarilar bostirib kirdi va bu yerga yig‘ilgan mingga yaqin o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-onalarni garovga oldi. Garovga olingan begunoh va ma’sum go‘daklarni maktab sport zaliga qamagan terrorchi kimsalar Rossiya hukumati oldiga ikkita talabni qo‘ydi: Ingushetiya ma’muriy markaziga qarshi uyushtirilgan hujumlarda asir tushgan terrorchilarni ozod qilish va Chechenistondan Federatsiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish. Mamlakat xavfsizlik kuchlari favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun tezkor chora-tadbirlar ko‘rishga kirishdi. Jangarilarga bemalol-bexatar o‘z manziliga yetib olish taklif etildi. Biroq tinch muzokaralarga kelishgan qo‘poruvchilar o‘z so‘zida turmay bolalar va xavfsizlik kuchlarini o‘qqa tutdi. Shu tariqa voqealar shiddatli tarzda rivojlanib ketdi. Federal xavfsizlik kuchlari binoni halqa shaklida o‘rab oldi va maktab ichkarisiga kirib bordi. Garovdagilarni ozod qilish operatsiyasida 32 nafar terrorchining 30 tasi o‘ldirildi. Biroq ikki o‘rtadagi to‘qnashuv paytida yuzlab maktab o‘quvchilari, ota-onalar va muallimlar ham qurbon bo‘ldi.

So‘nggi rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, Beslan fojiasi oqibatida 335 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Lekin bu ham eng so‘nggi raqam emas. “Frans-press” axborot agentligi o‘z muxbirlari ma’lumotlariga tayanib, Beslanda 394 kishi halok bo‘lganini xabar bermoqda.

Rossiya bosh prokuraturasi vakilining bildirishicha, Shimoliy Osetiyadagi teraktda bir qancha millat vakillari ishtirok etgan va ular chechen ayirmachilari yetakchilaridan biri Shomil Basaevga aloqador bo‘lishi mumkin.

Bugun Shimoliy Osetiyaning mo‘’jazgina Beslan shahri qabristonni eslatadi. Mash’um fojia shahardagi deyarli har bir xonadonga qora ko‘lankasini solib o‘tdi. Kimningdir jondan aziz farzandi, kimningdir mehribon onasi va yana kimningdir tug‘ishgan jigarbandi bevaqt hayotdan ko‘z yumdi.

Ayni paytda Shimoliy Osetiya shifoxonalari og‘ir ahvoldagi bemorlar bilan to‘lib toshgan. Joy yetishmaganligi tufayli bemorlar qo‘shni hududlardagi shifo maskanlariga yuborilmoqda. Shohidlarning so‘zlariga qaraganda, shifoxonalarda ayni damda 565 bemor (ulardan 347 nafari bolalar) mavjud. Yana 200 dan ziyod kishi bedarak yo‘qolgan. Bedarak ketganlarning ota-ona, yaqinlari ko‘zda yosh bilan maktab vayronalarini kezishmoqda...

Fojia munosabati bilan 6-7 sentyabr butun Rossiyada motam kunlari deb e’lon qilindi. Shimoliy Osetiya hukumati halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik va uzrxohlik bildirdi hamda bo‘lib o‘tgan qonli voqeada mamlakat rahbariyatining ham ma’lum darajada aybi borligini e’tirof etdi. Prezident Vladimir Putin sodir etilgan ulkan miqyosdagi jinoyatchilik Rossiya xalqiga, rus davlatiga qilingan tajovuz ekanini ta’kidladi va Beslan fojiasiga terrorga qarshi kurashning susaytirib yuborilgani sabab bo‘lganini tan oldi.

Aytish joizki, terrorchilarning yovuz maqsadlariga erishish yo‘lida begunoh insonlarni garovga olishi Rossiyada so‘nggi yillarda bir necha marotaba kuzatildi. 
1995 yilning 14 iyunida Shomil Basaev boshchiligidagi ayirmachilar to‘dasi Checheniston chegarasida joylashgan Budyonovsk shahri shifoxonalaridan birida 2000 ga yaqin kishini garovga oldi. Muvaffaqiyatsiz yakunlangan muzokaralardan keyin ikki o‘rtada to‘qnashuv bo‘ldi va natijada 100 dan oshiq kishi qurbon bo‘ldi.

Oradan bir yil o‘tgach, garov operatsiyasi ayni shu stsenariyda takrorlandi: 1996 yil 9 yanvarda Salmon Raduev rahbarligidagi jinoyatchi guruh Chechenistonning Qizlar shahridagi shifoxonada 3000 kishini garovga oldi. Muzokaralardan keyin hibsdagilarning aksariyati ozod qilindi. Jangarilar esa Checheniston tomon yurish boshladi. Rossiya xavfsizlik kuchlarining ayirmachi to‘daga qarshi hujumi vaqtida 80 ga yaqin kishi halok bo‘ldi.

Bundan ikki yil oldin Moskva teatrlaridan birida ham ayni shu kabi hodisa kuzatilgani ko‘pchilikning yodida. 2002 yilning 23 oktyabrida chechen ayirmachilari Moskvaning Dubrovka mavzesidagi teatr markazida 800 ga yaqin kishini garovga oldi. Jangarilar odatdagi talab bilan chiqishdi: Rossiya harbiy kuchlari Chechenistondan olib chiqib ketilishi kerak! Zaharlovchi gaz yordamida amalga oshirilgan qamal operatsiyasi paytida terrorchilarning barchasi (41 kishi) va garovga olinganlarning 129 nafari halok bo‘ldi.

Xullas, Kavkazning pana-pastqam kovaklariga in qurgan qo‘poruvchilar begunoh tinch aholini garovga olish borasida ustasi farang bo‘lib ketdi. Biroq bu safar terrorchilar yovuz maqsadi yo‘lida har qanday jirkanchlikdan qaytmasligini isbotladi: dunyoga kelib hali yorug‘ kunlar neligini ko‘rmagan mas’um go‘daklar hibsga olindi va bir necha kun davomida ochlikka mahkum etildi. Endigina maktab ostonasidan hatlagan go‘daklar dahshatli qiynoqlarga mahkum etildi, shafqatsizlarcha o‘ldirildi.

Norasida bolalarni garovga olish orqali o‘z siyosiy talablarini ilgari surish birinchi marotaba 1940-yillarda fashist gazandalari tomonidan amalga oshirilgandi. Bu safar g‘irromlik va noinsoniy maqsadga asoslangan terror yanada dahshatli, yanada manfur ko‘rinishda takror namoyish etildi. Fashizmning juda yaqin “qarindoshi” sanalgan terrorizm yovuzlik borasida shafqat bilmas o‘tmishdoshini ham ortda qoldirdi. To‘g‘risi, ko‘zlarida mas’um iltijo, hayotga tashnalik zuhur bo‘lib turgan begunoh go‘daklarni shafqatsizlarcha o‘ldirgan kimsalarni inson deb atash ham mumkin emas. Boz ustiga, terrorchilarning yovuz maqsadlarini millatparvarlik yoki dinparvarlik niqobi bilan to‘smoqchi bo‘lishi kishida faqat va faqat nafrat hamda g‘azab qo‘zg‘aydi. Hukmi Qiyomatgacha sobit sharif kitobimiz Qur’oni karimda bir begunoh inson hayotiga tajovuz etish butun bashariyatni qatl qilish bilan barobar ekani aytiladi. Ana shu birgina oyati karima ham yuzlab insonlar, eng yomoni, mas’um go‘daklar hayotiga zomin bo‘lgan manfur kimsalarning Islom diniga zarracha ham aloqasi yo‘qligini anglash uchun kifoya qiladi.

Jajji qo‘llarini iltijo bilan ko‘kka cho‘zgancha hayot bilan vidolashayotgan go‘daklar, foniy dunyoni erta tark etayotgan volidai muhtaramalarning mahzun nigohini ko‘rganda, millat, davlat tushunchalaridan mutlaqo xoli bo‘lgan terrorizmning naqadar dahshatli ofat ekanini anglash mumkin. Beslan voqeasi terrorizm milliy yoki hududiy masaladan allaqachon global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurganini isbotladi. Rossiya xalqi xotirasida uzoq vaqt noxush hodisa sifatida saqlanib qoladigan fojia terrorga qarshi balandparvoz chaqiriqlar, mashvaratu majlislar bilan emas, aniq amaliy chora-tadbirlar bilan kurashish lozimligini yana bir karra tasdiqladi.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.