2000 yil jahon va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarixida muhim davr sifatida muhrlanib qoldi. 2008 yili dunyo xalqlarining Mingyillik Sammiti o‘tkazildi. Muhim global chaqiriqlarga e’tibor qaratilgan bu yig‘inda 189 mamlakat rahbari to‘plandi. Ular dunyoni insoniyat yashashi uchun yaxshiroq maskanga aylantirish majburiyatini o‘z zimmalariga olib, qashshoqlikka qarshi kurashish, kasalliklar tarqalishini kamaytirish va atrof-muhitni himoyalash kabi global masalalarda kuch-g‘ayratlarini birlashtirishga kelishib oldilar. O‘tkazilgan oliy yig‘inda Mingyillik Deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) sifatida ma’lum bo‘lgan sakkizta aniq maqsadga erishish eng muhim vazifa sifatida belgilandi.
Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari – bu jahon yetakchilarining qashshoqlik darajasini pasaytirish va kishilar farovonligini oshirish kabi global masalalar bo‘yicha o‘zaro kelishib olgan muhim vazifalaridir. Mazkur vazifalar bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan hamda aniq muddat, vazifa va ko‘rsatkichlarni talab etuvchi sakkiz maqsadni o‘z ichiga oladi. Ularga 2015 yilgacha erishish lozimligi kelishib olingan. Bu maqsadlar quyidagilardan iborat:
1. O‘ta qashshoqlikka va ochlikka barham berish;
2. Umumiy boshlang‘ich ta’limga erishish;
3. Ayollar va erkaklar tengligini rag‘batlantirish hamda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish;
4. Bolalar o‘limini kamaytirish;
5. Onalar salomatligini yaxshilash;
6. OIV/OITSga, bezgak va boshqa kasalliklarga qarshi kurashish;
7. Ekologik barqarorlikni ta’minlash;
8. Rivojlanish maqsadida global hamkorlikni kuchaytirish.
Sakkizinchi maqsad dastlabki yetti maqsadga erishish vositasidir. U birinchi navbatda rivojlangan mamlakatlar oldiga vazifalar qo‘yib, ularni kambag‘al mamlakatlar qarzlarini kamaytirish hamda ularning rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishga da’vat etadi.
Biz mazkur maqsadlar, ularni amalga oshirish vazifalari, bu yo‘lda qo‘lga kiritilgan yutuqlar va duch kelinayotgan muammolar haqida turkum maqolalar berib borishni niyat qildik. Bunda mazkur masalalarning yurtimizdagi ahamiyati, ijrosi va o‘ziga xosligi, O‘zbekistonning BMT a’zosi sifatida Sammit masalalari yuzasidan amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan ham fikr yuritiladi.
O‘zbekiston “Mingyillik Ma’ruzasi”ni imzolagan mamlakat sifatida yuqorida tilga olingan sakkizta maqsadga erishish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarib kelmoqda. Mamlakatimiz hukumati bu maqsadlarning milliy rivojlanishda muhimligi hamda dolzarbligini e’tirof etgan holda donor va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda yurtimizga xos bo‘lgan sakkizta milliy vazifani ishlab chiqqan.
Milliy rivojlanishning sakkiz maqsadi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1-maqsad: Kam ta’minlanganlik va qoniqarsiz oziqlanishni qisqartirish;
2-maqsad: Boshlang‘ich va umumiy o‘rta ta’lim maktablarda ta’lim sifatini oshirish;
3-maqsad: Ayollar va erkaklar tengligini rag‘batlantirish hamda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish;
4-maqsad: Bolalar o‘limini qisqartirish;
5-maqsad: Onalar salomatligini yaxshilash;
6-maqsad: OIV/OITSga, sil kasalligiga va bezgakka qarshi kurash;
7-maqsad: Ekologik barqarorlikni ta’minlash;
8-maqsad: O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasida rivojlanish maqsadidagi global hamkorlik.
Biz ilk maqolamizda Mingyillik maqsadlari orasida eng muhimi va dunyo xalqlari hayotiga eng katta ta’sir ko‘rsatuvchi ta’lim va savodxonlik masalasiga e’tibor qaratmoqchimiz.
Senga bir harf o‘qitgan ustozning haqqini ming xazina berib ham ado qilish oson emas, degan Alisher Navoiyning haqligi kun o‘tgan sayin yanada oydinlashib boryapti. Darhaqiqat, bugun BMT nomli dunyo yig‘ini bolakaylarga harf tanitish maqsadida yiliga milliardlab mabla² sarflayotganiga qaramay, hanuz sayyoramizda yashayotgan alifni tanimaydigan millionlab insonlar soni kamaygani yo‘q. Savodli bo‘lish shunday oliy baxt, savodsizlik esa shunday global muammoki, bu mavzuni BMT mingyillik sammitining asosiy masalalari qatoriga kiritdi.
Hozir dunyo miqyosida maktab yoshidagi lekin ta’lim olish imkoniyatidan bebahra bolakaylar soni 73 million nafarni tashkil etadi. Bolalar ta’limi borasidagi eng yomon ko‘rsatkich Afrikaning sahro mintaqasidagi davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ijobiy xatti-harakatlardan keyin ham maktabga qatnovchi o‘quvchilar soni umumiy bolalar miqdorining 71 foizini tashkil etyapti, xolos. Mintaqaning 38 million farzandi maktabga bormaydi. Janubiy Osiyoda maktabga qamrab olingan bolalar soni 90 foizdan ziyod bo‘lsa-da, 18 million bola hanuz maktab nimaligini bilmaydi.
MRM orasida 2015 yilgacha barcha bolalarning umumiy boshlang‘ich ta’lim olishini ta’minlash vazifasi eng muhim va dolzarb masalalardan biri sifatida belgilangan. Lekin bu maqsadni ro‘yobga chiqarish oson kechmayapti. Masalan, Afrika mamlakatlari, Hindiston kabi o‘lkalarda maktabga qatnashni boshlab, ammo uni tugatmasdan tark etish holatlari yuqori. BMT o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, rivojlanayotgan mamlakatlar qishloq hududlaridagi bolalarning 25 foizi maktabni tugatmasdan erta tark etadi. Shaharlarda bu ko‘rsatkich 16 foiz.
MRM maqsadlari ichida ikkinchi eng muhim vazifa sifatida qabul qilingan boshlang‘ich ta’lim masalasi nafaqat barchaga boshlang‘ich ta’lim olish imkoniyatini yaratishni, balki sifatli bilim berishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Barchaning boshlang‘ich ta’lim olishiga erishilgach, bu muvaffaqiyatni o‘rta ta’limda davom ettirish lozimligi ta’kidlangan. Chunki ikkinchi bosqichda ham ahvol yaxshi emas. Bu yoshdagi dunyo bolalarining 55 foizi o‘rta ta’lim maktabiga qatnaydi.
2015 yilgacha universal boshlang‘ich ta’lim maqsadiga erishish uchun yiliga 11 mlrd. dollar ajratish borasida kelishilgan bo‘lsa-da, hozircha yiliga faqat 5 mlrd. mablag‘ yig‘ilyapti xolos. Bu holat ko‘zda tutilgan islohot va loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishiga jiddiy to‘siq bo‘lyapti.
Burundi, Kongo demokratik respublikasi, Efiopiya, Gana, Keniya, Malavi, Mozambik, Tanzaniya va Uganda mamlakatlarida maktablarga beriladigan to‘lovlar bekor qilingani bois o’qishga qatnovchilar sonida keskin o‘sish kuzatildi. Masalan, Ganada 2004—2005 yillarda o‘quvchilar soni 4,2 milliondan 5,4 millionga, Keniyada 1,2 milliondan 7,2 millionga o‘sdi. Lekin islohot o‘zining salbiy oqibatlarini ham namoyon etdi. Ilgari maktablar ta’minoti, o‘qituvchilar maoshlari to‘lov pullaridan qoplangan bo‘lsa, endi ularning moddiy ta’minotida yetishmovchiliklar ro‘y bera boshladi.
Gaitida mamlakat hukumati, BMT va nodavlat tashkilotlar hamkorligida maxsus ta’lim loyihasi amalga oshirildi. Unda eng qashshoq oilalarning 4300 nafar farzandi o‘qiydigan 33 ta maktabga o‘quv qurollari va boshqa kerakli jihozlar yetkazildi. Bu xayrli ish futbol yulduzlari Ronaldo va Zidan ehson qilgan 70 000 dollar mablag‘ evaziga amalga oshirildi.
Qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p. Talab darajasidagi ta’lim tizimini yaratish, sifatli xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, malakali o‘qituvchilarga yetarli darajada ega bo‘lish borasida muammolar talaygina. BMT bu masalalarni asta-sekin hal etib borish maqsadida byudjetdan ta’lim uchun ajratilayotgan mablag‘ miqdorini 15-20 foizga yetkazish, maktablar uchun mavjud to‘lov tizimini bekor qilish, qashshoq mamlakatlar uchun yiliga 11 mlrd. dollar ajratish kabi takliflarni olg‘a surgan. Mazkur takliflar yuzasidan loyihalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Mamlakatimiz savodxonlik borasida dunyoning yetakchi davlatlaridan biri hisoblanadi. O‘quvchi yoshidagi bolalarning 100 foizi maktablarga jalb etilgan. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari ham yurtimizning ta’lim tizimidagi muvaffaqiyatlariga havas qilsa, arziydi.
Barcha bolalar uchun umumiy boshlang‘ich ta’lim olish imkoniyati to‘la yaratilgan ekan, yurtimizda BMTning Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari doirasidagi vazifalar yuzasidan asosiy e’tibor boshlang‘ich ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan.
O‘zbekiston 1992 yilda “Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya”ga qo‘shilgan. Hukumatimiz bu va boshqa xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan fuqarolarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha majburiyatlarga ega. Ayni shu vazifalarni amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bu borada amaliy ishlar davom etmoqda.
Yurtimizda aholining umumiy savodxonligi 1991 yilda 97,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2003 yilda bu ko‘rsatkich 99,3 foizga yetdi. Ya’ni vatandoshlarimizning qariyb barchasi to‘la savodxon hisoblanadi. O‘rta-maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma’lumotga ega kishilar hissasi aholining 75 foizdan ziyodini tashkil etadi. Boshlang‘ich va o‘rta ta’lim darajasida qamrab olingan qiz va o‘g‘il bolalar soni orasida amalda farqning yo‘qligi ham yurtimizda ayollarning erkaklar bilan teng huquqli ekani amalda to‘la ta’minlanganidan dalolat beradi.
Hukumat 2002 yildan boshlab kam ta’minlangan oila farzandlariga bepul darsliklar berishni yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, har yili 1-sinf o‘quvchilari Prezident sovg‘asi sifatida barcha darslik va o‘quv qurollariga bepul ega bo‘lishadi. Jismoniy yoki ruhiy rivojlanishi cheklangan bolalar uchun maxsus maktablar tashkil etilgan.
Imkoniyati cheklangan bolalar ta’limdan chetda qolib ketmasligi uchun Xalq ta’limi vazirligi 2001 yilda “Inklyuziv ta’lim” maxsus dasturini ishlab chiqdi va u YuNISEF hamda YuNESKO tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi. Natijada hozir imkoniyati cheklangan 40000 nafar bola davlat dasturi hisobiga bepul va to‘liq ta’lim olmoqda.
Umuman olganda yurtimiz ta’lim tizimi savodxonlik borasidagi muvaffaqiyatlari bilan dunyoda yetakchi o‘rinlardan birida turadi. Mamlakatimiz Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari doirasida 2015 yilgacha barcha bolalarni umumiy boshlang‘ich ta’lim bilan ta’minlash global vazifasiga mazkur maqsadning birinchi yili bo‘lgan 1990 yildayoq erishgan. Davlatning barchani bepul, teng huquqli, majburiy bo‘lgan to‘liq o‘rta ta’lim bilan ta’minlashi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlari konstitutsiyalarida davlatning xalqni bepul majburiy ta’lim bilan ta’minlashi o‘z ifodasini topmagan. Yurtimiz konstitutsiyasida mazkur kafolatning mavjudligi ta’lim tizimi hukumat e’tiboridagi eng muhim sohalardan biri ekanini ko‘rsatadi.
Quvonarlisi, dunyoda millionlab bolakay bir harf tanimasdan hazrati Navoiy ta’rifidagi qimmatli ustozga ehtiyoj sezib turgan bir paytda yurtimizda har bir jajji o‘g‘il-qiz bepul maktab ta’limini olmoqda.
"Ma'rifat" gazetasidan