OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mingyillik vabosi yoxud qashshoqlikni tugatish mumkinmi?

Qashshoqlik - murakkab muammo. Ayni paytda u qadimiydir. Insoniyat bunyod bo‘lganidan beri boy va kambag‘al tushunchalari mavjud. Kimdir yo‘qchilikdan bir burda non topishga qiynalsa, kimdir boyligini qo‘ygani joy topolmaydi. U turli makon va zamonda o‘zgarib, xilma-xil shaklda namoyon bo‘ladi. Qashshoqlik hayot uchun zarur bo‘lgan birlamchi ehtiyojlarni qondira olmaslik bilan belgilanadi.

Hayot uchun zaruriy birlamchi talablarga oziq-ovqat, kiyim, boshpana, toza ichimlik suvi kabi ehtiyojlar kiradi.

Statistik ma'lumotlarda bugun dunyo aholisining qariyb teng yarmi qashshoqlikdan aziyat chekayotgani aytilmoqda. 

Qashshoqlikni mutlaq yoki nisbiy turlarga bo‘lish mumkin. Mutlaq qashshoqlik barcha davlat va sharoitlar uchun o‘zgarmas bo‘lgan umumiy o‘lchovlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, bir kunlik oziq-ovqat kaloriyasini iste'mol qilish imkoniyatidan bebahra odamlar mutlaq qashshoqlar qatlamini tashkil etadi. Nisbiy qashshoqlik esa davlatlardagi iqtisodiy rivojlanganlik darajasi va boshqa omillar tufayli turli makonlar uchun har xil o‘lchovlarni qabul qilish orqali aniqlanadi.

Jahon Banki bir kunda bir dollardan kam daromad qiluvchi insonlarni o‘ta qashshoqlar toifasiga kiritgan. Kuniga ikki dollarga yaqin daromad qiluvchilar esa o‘rtacha qashshoqlar sinfini tashkil etadi. 2005 yilgi ma'lumotga ko‘ra, dunyoda o‘rtacha 1,4 mlrd. kishi o‘ta qashshoqdir. 2,7 mlrd. inson esa o‘rtacha qashshoqlar hisoblanadi.

Qashshoqlar sonining aksariyati rivojlanayotgan uchinchi dunyo mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ulardagi qashshoqlar soni 1990 yildagi 28 foizdan 2001 yilda 21 foizga kamaygan. Dunyo bo‘yicha umumiy hisobda bir dollardan kam daromad qiluvchilar soni ham 1981-2001 yillar orasida teng yarmiga qisqargan. Tropik Afrika mamlakatlarida esa qashshoqlar soni 1981 yili 41 foizdan 2001 yili 46 foizga o‘sgan.

Kambag‘allikning barcha mamlakatlar hamda mintaqalar uchun bir xil bo‘lgan universal ta'rifi mavjud emas. Qashshoqlikni belgilaydigan miqdoriy ko‘rsatkichlar esa nisbiydir. U, avvalo, mamlakatning iqtisodiy rivojlanish darajasiga bog‘liq. Kambag‘allikning asosiy tavsifi uning ijtimoiy nomaqbulligi, ya'ni kambag‘allik kishilar duchor bo‘lishdan qochadigan voqelik ekanidir.

BMT qashshoqlikka qarshi kurashadi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) 2000 yilda qabul qilgan Mingyillik Deklaratsiyasida qashshoqlik o‘tgan va kelajak davrlarning eng dolzarb va muhim muammosi ekanini qayd etdi. XXI asrda ham uning insoniyat aziyat chekayotgan eng katta dard bo‘lib qolishi ta'kidlandi. Natijada bu yoqimsiz illatdan insoniyatni qutqarish BMTning kelgusi faoliyatida eng muhim vazifa bo‘lishi e'lon qilindi. Sakkizta Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari (MRM) orasida o‘ta qashshoqlikni tugatish masalasi birinchi o‘rinda erishilishi lozim bo‘lgan vazifa sifatida ‘tirof etilishi boisi shundan.

BMT o‘ta qashshoqlikni yo‘q qilish vazifasi doirasida 2015 yilgacha bir kunda bir dollardan kam daromad qiluvchi qashshoqlar sonini ikki barobar kamaytirishni erishish lozim bo‘lgan birinchi maqsad qilib belgiladi. Bu boradagi ikkinchi maqsad barcha uchun namunali sharoitga ega bo‘lgan ish o‘rinlarini yaratishdir.

BMT homiyligida maxsus loyihalar amalga oshirilishi natijasida subtropik Afrika mintaqasidagi fermerlar birinchi marotaba o‘z oilalarini to‘la ta'minlay olish darajasidagi gurunch hosili yig‘ishga erishdilar. Bunda Osiyo va Afrika navlari chatishmasidan olingan gurunchning yangi Nerika turi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Nepalda kichik biznes vakillariga mikrokreditlarning berilishi qashshoq o‘rta qatlam aholi yashash sharoitlarining yaxshilanishini ta'minladi. Lekin 30 millionli Nepal aholisining 8 millioni hanuz qashshoqlar guruhini tashkil etadi.

MRM doirasida olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida o‘ta qashshoqlar soni dunyo miqyosida 1981 yilgi 52 foizdan 2005 yilda 26 foizga kamaydi. O‘tgan 25 yil davomida, ayniqsa, Sharqiy Osiyoda qashshoqlik 80 foizlik darajadan 20 foizdan kam bo‘lgan ko‘rsatkichga tushdi.

Lekin keyingi yillarda oziq-ovqat narxlarining oshishi odamlarning to‘yib ovqatlanish imkoniyatlarini kamaytirdi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda o‘rtacha bir milliard kishi ochlikdan aziyat chekayotgan bo‘lsa, yana ikki milliard odam to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan bebahra.

Bugun ish egasi bo‘lgan millionlab insonlar ham ish haqi past bo‘lgani uchun qashshoqlar qatoridan joy olgan. Bunday insonlar guruhi "ishlayotgan qashshoqlar" deb ataladi.

Dunyo bo‘yicha qashshoqlikni kamaytirish borasida eng ko‘p muvafaqiyat keltirgan loyiha mikromoliyalashtirish tizimi bo‘ldi. Ayniqsa, Bangladeshda faoliyat yuritgan Gramin banki kishilarning qashshoqlikdan qutilib, o‘z ishlariga ega bo‘lishida katta muvaffaqiyat qozondi. 1976 yili o‘n a'zo bilan ish boshlagan bu bank bugun 7,5 mln. mijozga ega. Ularning 65 foizi qashshoqlik darajasidan chiqib o‘zlarining kichik biznesini yo‘lga qo‘yishga erishgan. Bugun dunyoda mikromoliya institutlari 100 mln.dan ortiq qashshoqlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Ammo qashshoqlar hali ko‘p

O‘ta qashshoqlar sonini butkul yo‘qotish u yoqda tursin, ular safini qisqartirish ham oson kechayotgani yo‘q. O‘ta qashshoqlikni tugatish faoliyatining birinchi yili sifatida belgilangan 1990 yildan qariyb 20 yil o‘tgan bo‘lsa-da bugun dunyoda o‘ta qashshoqlar soni hanuz bir milliarddan ortiq. Ular soni Osiyoda, ayniqsa, Janubiy Osiyoda keskin kamaygan bo‘la-da, Afrikaning sahro mintaqasida ularning yanada ko‘payishi kuzatilgan.

Shu bois hali oldinda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p.

Shu yilning iyun oyida dunyo oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha Rimda o‘tkazilgan oliy darajali xalqaro konferentsiyada ochlik domidagi insonlar soni tobora oshib borayotgani xavf bilan tilga olindi. Bu muammoni hal qilish uchun milliy, hududiy va xalqaro hamkorlik asosida oziq-ovqat savdosidagi notabiiy narx o‘sishlarining oldini olish lozimligi ta'kidlandi. Shuningdek, qashshoqlik masalasini ijobiy hal qilishni o‘rganuvchi tadqiqotlarni, loyihalarni moddiy qo‘llab quvvatlash; ishlab chiqarishni kuchaytirish maqsadida qishloq va shahar hududlarida infratuzilmalarni mustahkamlash; Savdo uchun yordam loyihasi asosida rivojlanayotgan davlatlar iqtisodining integratsiyalashuviga erishish kabi muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab olindi.

Farovon kunlar, albatta, kelajak...

Qashshoqlikni butkul tugatib bo‘lmaydi. Rivojlangan AQSh, Yevropa mamlakatlarida, hatto eng farovon hisoblanuvchi Skandinaviya o‘lkalarida ham ma'lum miqdorda qashshoqlar sinfi mavjud. Lekin bu xunuk voqelikni imkon qadar kamaytirish, dunyo xalqlarining birlamchi ehtiyojlarni qondirishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish azaldan har bir mamlakat hukumatining, bugun esa global miqyosda Birlashgan Millatlar Tashkilotining muhim maqsadlaridan biriga aylangan. Mingyillik Rivojlanish Maqsadlari sirasiga o‘ta qashshoqlikni kamaytirish masalasining kiritilgani ham muammoning naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

Shu yilning 25 sentyabr kuni BMT bosh qarorgohida dunyoning yetakchi siyosatdonlari, ta'sirchan biznes va nodavlat tashkilotlar yetakchilari yig‘ilishib, Mingyillik maqsadlari sirasidagi o‘ta qashshoqlikni bartaraf etish, dunyo aholisi turmush tarzini yaxshilash borasidagi ishlar qay tarzda ketayotgani haqida yana bir bor fikr yuritishdi. Yig‘inda, "Bugun biz jiddiy ishga qo‘l urdik, olib borilayotgan ishlarda o‘zgarish yasash uchun keng ittifoq yaratdik", degan BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun masalaning naqadar dolzarbligini ta'kidlab, dunyo mamlakatlari yetakchilarini, yirik iqtisodiy va moliyaviy guruhlarni nochorlar holidan ogoh bo‘lib, ular oldida mas'uliyatni his etib yashashga chaqirdi.

Oktyabrning 17-19 kunlari esa dunyoning 131 mamlakatida 116 million kishi to‘planib, "Tur va hissangni qo‘sh" shiori ostida qashshoqlikka qarshi dunyo miqyosidagi omaviy harakatda qatnashdi. Yagona maqsad atrofida eng ko‘p odam qatnashgan ommaviy yig‘in sifatida bu harakat "Ginnesning rekordlar kitobi"ga kirdi. Hukumatlar qashshoqlikka qarshi umumiy harakat rejasini qabul qilib, lekin ularni amalga oshirish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan bir paytda, biz oddiy odamlar jim turolmaymiz, dedi qatnashchilar.

Dunyo siyosatdonlari BMT minbaridan turib masalani ijobiy hal qilish ustida bosh qotirishmoqda. Fuqarolar xalqaro birdamlik va harakat aktsiyalarini o‘tkazib, hukumatlarga vazifaning dolzarb ahamiyatga ega ekani va u tez hal qilinishi lozimligini qayta-qayta eslatib turishibdi. Ammo bu kamlik qilyapti. Hali farovon kunlarning kelishiga ko‘p qovun pishig‘i borga o‘xshaydi. Lekin u kunlar, albatta, kelishiga ishonchim komil...

Iso Masih alayhissalom ikkinchi bor yer yuziga tushganida shunday farovon kunlar kelar ekan. U shunday zamon bo‘lar ekanki, sadaqa, ehson oladigan biror kimsa topilmasmish. U paytda odamlar nafaqat moddiy farovon bo‘larkan, balki inson bino bo‘lganidan beri faylasuflar, donolar bosh qotirgan, qurmoqni istagan asl ideal, to‘kis bir jamiyat ham barpo etilarkan. Va yana donolarning aytishicha, u kunlar yaqin.

Shunday ekan, albatta, farovon kunlar kelajak...

Behzod Mamadiyev,
"Ma'rifat" gazetasidan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.