OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dollar ameroga almashadimi?

merika Qo’shma Shtatlari milliy valyutani o‘zgartirish borasida katta qadam tashladi


Bundan o‘n yillar oldin AQSh dollardan voz kechishi mumkin, desa ko‘pchilik ishonmagan bo‘lardi. O’sha paytlari dollarning qadri ancha baland, muomala ishonchli edi. Ammo bugunga kelib mamlakatda kechayotgan  iqtisodiy bo‘hron va ipoteka inqirozi AQSh milliy valyutasi o’z nufuzini yo’qotib borishiga sabab bo‘lmoqda. 

• Dollar inglizcha dollar, nemischa Talerdan olingan. 1786 yilda muomalaga kiritilgan. Dollarni ishlab chiqarish uchun har kuni taxminan 18 tonna bo‘yoq sarflanadi. Bitta banknotaning og‘irligi nominalidan qat’iy nazar 1 gramm. Pul tayyorlashga ishlatiladigan qog‘ozning 25 foizi zig‘ir poya tolasi va 75 foizi paxta tolasidan iborat. Bu qog‘oz sun’iy tolalar bilan kuchaytirilgan. 

• Banknota yaroqsiz holga kelishi uchun 4 ming marta bukib ochish lozim. AQSh federal rezerv sitemasi ma’lumotiga ko‘ra, $1 banknotaning xizmat muddati 22 oy. $5 esa 24 oy yashaydi, $10ning umri –18, $20 – 25, $50 – 55 oydir. Eng uzoq umr ko‘ruvchi banknota $100 dir. U 60 oy qo‘ldan qo‘lga o‘tadi. 

• Ayrim norasmiy ma’lumotlarga qaraganda, hozir dunyoning 70 dan ziyod davlatlarida soxta dollarlar muomalada yuribdi. Qolaversa, «uddaburon tadbirkorlar» asosan 50 va 100 dollarlikni soxtalashtirishlarni ma’qul ko‘rishadi.

Bu uzoqni ko‘ra biluvchi amerikalik mutaxassislarni jiddiy xavotirga solib qo‘ydi. Yaqinda esa Qo’shma Shtatlar, Kanada va Meksika dollar o’rniga 2009 yilda yangi valyuta – ameroni joriy etishlarini ma’lum qilishdi. Xo‘sh, bu vaziyatdan chiqib ketish uchun yetarli bo‘larmikan? Amero Yevropa valyutasi singari mustahkam qadr-qimmatga ega bo‘larmikan? 

Okean orti davlatlarining bunday xatti-harakatini to‘g‘ri tushunish mumkin. Yevropada yangi tuzilgan ittifoqchilar tomonidan yevroning kiritilishi va bu valyutaning anchayin muvaffaqiyatli oyoqqa turib, hatto dollarni ham ortda qoldirishi amerikalik iqtisodchilarning tinchini buzgani aniq. Qolaversa, bugungi kunda dunyo iqtisodiyotining qariyb 70-80 foizi AQSh dollari yordamida hisob-kitob qilinadi. Agar dollardan voz kechiladigan bo‘lsa, jahon iqtisodiyoti har tomonlama zarbaga uchrashi mumkin. Moliyaviy zahiralarini dollar ko’rinishida saqlab turgan banklar, millionlab boylar va oddiy fuqarolar ham katta zarar ko‘rishi hech gap emas.

AQSh konstitutsiyasi Kongressga «tanga ishlab chiqarish, uning qiymatliligi va xorijiy tangalarning bahosini belgilash» huquqini bergan. Bu esa Qo’shma Shtatlar dollari boshqa ko’p mamlakatlarning milliy pulidan farqli o’laroq milliy valyuta sifatida belgilangan emas, degani. Dollar konstitutsiyada tilga olinmagan Federal rezerv sistemasi tomonidan ishlab chiqariladi. U 1913 yilda ta’sis etilgan bo‘lib, o’shanda davlat xususiy shaxslar bilan birgalikda mazkur qonun tashabbuskori bo’lishgandi. Buning ma’nosi shuki, dollar – o’z davlatini shaxsiy manfaatlari yo’lida tasarruf etayotgan Amerika fuqarolari jamiyatining pulidir. Dollarga yonma-yon qandaydir yangi valyutani ishlab chiqarish yoki ishlab chiqarmaslik o’sha jamiyatning ixtiyoridadir.

AQShning moliyaviy tizimi bir valyutali emas. Aytaylik, dollardan tashqari grinbeklar ham bor. Qo’shma shtatlarda ish operatsiyalarining 90 foizi bank cheklari vositasida amalga oshirilishini inobatga olsak, ichki iqtisodiy aylanma uchun dollar u qadar muhim emas. 

Bordi-yu, 223 yillik tarixga ega pul o’z qadrini yo’qotsa, dollarda qarz olgan kishilar do’ppisini osmonga otishlari mumkin. Zero, berilgan kredit o’rniga hech narsaga arzimaydigan oddiy qo?ozlarni qaytarib qarzni yopish mumkin. Dollar o‘rniga amero valyutasi muomalaga kiritilsa, bu holat AQSh uchun eksport bobida beqiyos ufqlarni ochib beradi. Chunki Qo’shma Shtatlarda ishlab chiqarilgan tovarlar, narxi arzonlashib, sotib oluvchilar va bu xizmatlarning iste’molchilari soni ko’payadi.

Har bir ishning intihosi bo‘lganidek, 200 yillikdan ziyod tarixga ega bo‘lgan dollar ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qota bormoqda. AQSh esa iqtisodiy inqirozdan chiqish uchun milliy valyutadan voz kechishni lozim ko‘rmoqda. Dollarning ameroga almashishi hali rasman tasdiqlanmagan. Ammo g‘isht allaqachon qolipdan ko‘chib bo‘ldi. Butun Okean orti davlatlari shu haqda bong urishmoqda. Mabodo bu loyiha amalga oshadigan bo‘lsa, yevro valyutasi jahonda yaqqol yetakchilikni qo‘lga olishi mumkin. 

DOLLAR FIRIBGARLARI


Amerikalik jurnalistlar 10 oy davomida xalqaro aylanmada bo‘lgan soxta 100 dollarlik superbanknotlar ustida tekshiruv ishlarini o‘tkazib, natijalarni afgor ommaga oshkor etishdi. Ularning dollarlar Shimoliy Koreyada chop etilgani haqidagi dastlabki taxminlari noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi.
Arizona shtati kongressmeni Jeyms Kolbe bunday pullar qaerda va qanday ishlab chiqarilganini tasavvur ham qilolmaydi. U xuddi haqiqiy dollar kabi paxta va zig‘ir aralashmasidan tayyorlangan qog‘ozda bosilgan. Undagi haqiqiy dollardan soxtasini ajratib olishga yordam berishi kerak bo‘lgan suv belgi (quyosh, yoruqqa tutganda ko‘rinadigan belgi)lar va boshqa jihatlar farqlab bo‘lmas darajada bir xil. Shuningdek, bu dollarlarda rangi o‘zgaradigan siyoh ham qo‘llanilgan. Vaholanki, u maxsus usulda ishlab chiqarilib, faqatgina Amerika hukumatiga sotiladi. Kongressmen Jeyms Kolbe ularni dunyodagi eng takomillashgan qalbaki pul yasovchilar operatsiyasi sifatida baholadi.
Bundan tashqari mazkur dollarlarning eng kamida 19 turi aniqlangan. Ularning farqi o‘yib ishlangan bosma shakllardagi kichik tafovutlarda ko‘rinadi. Bu esa qalbaki pul yasovchilarga xos emas. Shuningdek, dollarlarda oddiy ko‘z ilg‘ab olishi qiyin bo‘lgan qo‘shimcha shtrixlar mavjudligi aniqlangan. Pullarni qalbakilashtirish tarixi haqidagi kitob muallifi, mashhur ekspert Klaus Benderning taxminicha, bu dollarlar hukumatning chop etish uskunalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lgan shaxs tomonidan chiqarilmoqda.

Behbud Botirov
“Adolat” gazetasi, 22.07.08

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.