OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qora shanba genotsidi

G‘azo mintaqasining g‘arbida yashab kelgan o‘n bir yoshli Muhammad Astal,  to‘satdan ularning uyiga havo raketasi kelib urilganda, sakkiz yoshli ukasi Obid Rabo va jiyani o‘n yashar Valid bilan uylari yonida shakarqamish chaynab o‘tirgan edi. Norasida bolakaylar shu tariqa Isroil armiyasining daydi o‘qiga uchib, dunyodan erta ketdi. O‘n kundan beri Falastinnig G‘azo bo‘lgasida davom etayotgan urush faqat Astallar oilasi yosh a’zolarining joni bilangina chegaralangani yo‘q.

 Isroil armiyasi mintaqaga hujum boshlagan ilk kundan shu kungacha davom etayotgan mazkur bosqinchilik urushida jami 500 ga yaqin falastinlik halok bo‘ldi, minglab odam yaralandi. Bevaqt umri xazon bo‘lganlar orasida ayollar, bolalar hamda tinch aholining ko‘plab vakillari bor.

27 dekabr, 2008 yil. Ertalab soat o‘n bir yarimda Isroilning 50 nafar F16 rusumli qiruvchi samolyoti hamda AH-64 Apache vertolyoti G‘azo mintaqasi chegarasiga yorib kirib, 50 dan ziyod binoga 100 dan otiq bomba tashladi. Oradan yarim soat o‘tib yana Isroilning 60 nafar qiruvchi samolyoti va harbiy vertolyoti G‘azo osmonida paydo bo‘lib, 60 dan ortiq nishonga raketa bombalarini yog‘dirdi. Shu kuni G‘azo tuprog‘iga tashlangan 100 tonnadan ziyod raketa bombasi, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 228 falastinlikni halok etgan, 780 nafarini yaralagan. Qurbon bo‘lganlar orasida yosh bolalar hamda tinch aholi vakillari bor.

Isroil rasmiylarining bayonot berishicha, Isroil harbiy havo kuchlarining mazkur hujumi G‘azo mintaqasidan Isroilga qarata otilayotgan raketa zarbalarini va ularning markazlarini yo‘q qilish uchun amalga oshirilgan. Mazkur hujum 1967 yilgi Arab-Isroil urushidan beri yuz bergan eng katta talofat va yo‘qotish keltirgan bosqinchilik hujumi sifatida e’tirof etilmoqda. Kun falastinliklar tomonidan “Qora shanba genotsidi” deya nom qozondi.

Shu kuni G‘azoni nazorat qilib turgan Xamas guruhi harbiy kuchlari ham Isroilga qarata javob raketalarini otishgan. Hujum oqibatida bir nafar Isroillik halok bo‘lgan, bir necha kishi yaralangan.

28 dekabr. Yakshanba kuni Isroil harbiy kuchlari tomonidan jami 25 havo hujumi amalga oshirildi. Qurbon bo‘lganlar soni uch yuzga yaqinlashdi. G‘azo shahrida bir oilaning besh nafar qizi bomba ostida halok bo‘lgan. Portlatilgan binolar orasida bir necha tashkilot hamda Al-aqso telekanali binosi ham bor. Falastinliklar chegarani kuch bilan yorib, Misr hududiga o‘ta boshlashdi. 

29 dekabr. G‘azo Islom universiteti Isroilning olti havo hujumiga uchrab jiddiy shikast ko‘rdi. Falastinning G‘azodagi Ichki Ishlar vazirligi binosi ham raketa zarbalari ostida yakson bo‘ldi. Xalqaro Qizil Xoch jamiyatining ma’lum qilishicha, mintaqa shifoxonalari yaradorlar bilan to‘lib ketgan hamda mavjud tibbiy sharoit ularning barchasini davolash imkoniyatiga ega emas.

Shu kuni Isroilga qarshi Xamas raketalari uchirilishi oqibatida Isroilning ichida bir necha inson halok bo‘ldi.

Isroil Harbiy Razvedka yetakchisining aytishicha, Xamasning raketa zarbalari berish salohiyati hujumlar oqibatida 50 foizga kamaygan. Lekin Xamas qo‘l ostida hanuz qurollangan muntazam 20 000 jangchi bor.

Senegal Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, Xamasning quvg‘indagi yetakchisi Xolid Mash’al, G‘azoga nisbatan qo‘yilgan to‘siqlar to‘la olib tashlangan taqdirda, Isroil bilan tinchlik bitimini imzolashga tayyor ekanini e’lon qilgan.

30 dekabr. 5 ta vazirlikni o‘zida jamlagan binolar kompleksi to‘la vayron qilindi.  Havo raketalari hukumat binolaridan tashqari oddiy fuqarolar yashaydigan uylarni ham nishonga olgan. Xalqaro Amnistiya tashkilotining ma’lum qilishicha, G‘azo mintaqasida hozir tinch aholi uchun xavfsiz bo‘lgan birorta ham hudud yo‘q.

Shu kuni Xamasning Isroil hududiga qarata uchirgan 24 nafar Qassam rusumli raketasi hech kimni halok qilmagan.

Bosqinchilik tugagani yo‘q


G‘azo mintaqasiga uyushtirilayotgan havo hujumlari davom etayotgan bir paytda kechadan boshlab Isroil harbiy kuchlari endi quruqlik orqali G‘azoga yorib kirishdi. Endi urush G‘azo o‘lkasining ko‘chalarida davom etmoqda. Halok bo‘layotgan falastinliklar soni esa kun sayin oshib boryapti. So‘nggi kunlardagi hujumlarda G‘azodagi Falastin Parlamenti, shuningdek, Ta’lim va Adliya vazirliklari binolari ham yakson etilgan. Qurbonlar soni besh yuzga yaqinlashgan. Isroil mintaqaga yoqilg‘i mahsulotlarining kirishini butunlay to‘xtatib qo‘ygan. Natijada mintaqaning elektr ishlab chiqaruvchi bosh stantsiyasi faoliyatdan to‘xtagan. Hozirda markaziy va sharqiy G‘azoning 650 000 aholisi bir sutkaning 16 soatini elektr tokisiz o‘tkazmoqda.

1 yanvar kuni Xamas yetakchilaridan biri Nizar Rayanning uyiga tashlangan bomba Nizar hamda uning 18 nafar oila a’zosini halok qilgan.

Xalqaro jamoatchilikning javobi


Dunyo davlatlari yetakchilarining aksariyati Isroilning G‘azo mintaqasiga uyushtirgan bosqinchilik harakatini keskin qoralamoqda. Rossiya Isroilning xati-harakatini “oqlab bo‘lmas ish” deya baholadi. Frantsiya va Buyuk Britaniya hukumati ham Isroil bosqinini qoralagan. Turkiya Isroilni zudlik bilan hujumlarni to‘xtatishga chaqirgan bo‘lsa, AQSh, Avstraliya va Germaniya Isroilning ishini Xamas olib borayotgan faoliyat oqibatida sodir bo‘lganini aytgan. Bu borada Yevropa Ittifoqi prezidentligini 1 yanvarda qabul qilib olgan Chexiyaning tutgan mavqei ko‘pchilikni ajablantirdi. Uning qarashicha, Isroilning boshlagan hujumi bosqinchilik emas, balki o‘zini o‘zi himoya qilish uchun amalga oshirilgan choradir.

Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlari bo‘ylab G‘azodagi Isroil bosqiniga qarshi ommaviy namoyishlar o‘tkazilmoqda. Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Gretsiya, Irlandiya, Niderlandiya, Ispaniya va Turkiyada o‘tkazilgan namoyishlarda Isroilning bosqinchilik harakati keskin qoralanib, Falastin xalqiga nisbatan birdamlik chaqiriqlari yangragan. Parijda “Isroil –qotil” shiori ostida 21 000 namoyishchi o‘tkazgan norozilik yig‘ini kun so‘ngida to‘polonga aylanib, politsiya bilan to‘qnashuvlar ro‘y bergan. 

Arab davlatlari G‘azo masalasini BMT Xavfsizlik Kengashiga kiritishga kelishib oldilar. Ular Isroilga qarshi xalqaro bosim ko‘rsatilishi lozim deb hisoblamoqda.

G‘azoda qachon tinchlik bo‘ladi?


O‘tgan shanba kuni boshlangan G‘azo bosqini kuni kecha boshlangan yangi nizo bo‘lmasdan, balki Arab-Isroil o‘rtasidagi uzoq yillik ziddiyatning uzviy davomidir. Mazkur hujum Isroil tomonidan unga qarata tez-tez raketa bombalari uchirib turishda ayblanayotgan Xamas guruhining tanobini tortib qo‘yish maqsadida boshlangani aytilayotgan bo‘lsa-da, aslida urushning tarixiy ildizlari Isroil davlati tashkil topgan kun – o‘sha olis 40-yillarga borib taqaladi. O‘sha kundan beri Falastinda tinchlik yo‘q. Isroil-Arab ziddiyati mazkur harbiy to‘qnashuvdan oldin ham ko‘plab o‘zaro urushlarni ko‘rdi. Ahvol shu tarzda davom etar ekan, bu kabi qatli omlar bundan keyin ham sodir bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. Shuning uchun ham xalqaro jamoatchilik hozirda G‘azodagi bu siyosiy inqirozga doimiy yechim topish haqida bosh qotirmayapti. Balki zudlik bilan har qanday chorani ishga solib bo‘lsa ham, hujumni to‘xtatish hamda qurbonlar sonining yanada oshmasligiga erishish ularning bosh maqsadi bo‘lib turibdi. 

Behzod Mamadiyev

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.