OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Falastin: Kechuvda otlar almashtirilmaydi...

Falastindagi ikki yetakchi siyosiy harakat - FATH va XAMAS o‘rtasidagi birodarlik aloqalari g‘animlarcha munosabatga aylanganiga ancha bo‘ldi. Makka shahrida o‘tgan muzokaralardan keyin go‘yo ikki o‘rtada sulhga erishildi: Mahmud Abbos va Ismoil Xoniya tarafdorlaridan tashkil topgan koalitsion hukumat tuzildi.

Biroq milliy birlik hukumati to‘g‘risidagi gaplar hammasi aldov bo‘lib chiqdi. Aftidan, Falastin hukumati uchun (mustaqilligi uchun emas!) kurashayotgan har ikki harakat milliy birlik hukumati bahonasida vaqtdan yutishga harakat qilishdi: bu yoqda go‘yo tinchlik bitimiga imzo chekib, u yoqda hal qiluvchi kurash uchun harbiy tayyorgarlikka zo‘r berishdi. 

Bu esa pirovardida Falastin siyosiy sahnasida tub burilishlarga olib keldi. Ismoil Xoniya boshchiligidagi XAMAS harakati G‘azo sektorida davlat ichidagi davlatga asos soldi. Hammasi Falastin bosh vaziri Ismoil Xoniyaning qarorgohi FATH granatamyotlaridan o‘qqa tutilganidan ke­yin boshlandi. Aslida mazkur ikki harakat o‘rtasidagi kurash ko‘pdan beri davom etib kelayotgan edi. Hukumat rahbari uyiga qilingan hujum esa olovga moy sepganday bo‘ldi.

Mamlakat bosh vaziri yetakchiligidagi XAMAS FATHga qarashli ob'ektlarni qurol kuchi bilan birin-ketin egalladi. Muxtoriyat raisi (ayni paytda FATH rahnamosi) Mahmud Abbos ham dastlab XAMASning qurolli yurishini kunda-kunora ro‘y berayotgan to‘qnashuvlardan biri deb qabul qildi. Biroq FATH harakatining G‘azo sektorida eng ishongan tog‘i - xavf­sizlik xizmati idorasi egallanib, bino tomiga XAMAS bayrog‘i o‘rnatilgandan keyin Yosir Arofatning vorisi vaziyatni ang­laganday bo‘ldi. Biroq endi kech bo‘lgandi. XAMAS harakati G‘azo sektoridan Mahmud Abbos tarafdorlarini butunlay haydab chiqardi va hududda o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. 

Shu tariQa Falastinda qo‘shhokimiyat yuzaga keldi. Ayni paytda Ramalloh, Nablus kabi yirik shaharlar joylashgan Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘ida muxtoriyat raisi Mahmud Abbos hukmronlik qilyapti. G‘azo hududida esa bosh vazir Ismoil Xoniya yetakchiligidagi XAMAS harakati nazorati o‘rnatilgan.

Ochig‘i, G‘arb siyosatdonlari uchun Falastindagi so‘nggi o‘zgarishlar xuddi saratonda qor yoqqan kabi kutilmagan hodisa bo‘ldi. Aslida muxtoriyat hududi ikkiga bo‘linib, u yerda qo‘shhokimiyat yuzaga kelgani g‘arbliklarni ko‘p-da tashvishga qo‘yayotgani ham yo‘q (yarim asrga yaqin vaqt mobaynida Falastin hududida bundan battar voqealar ham ro‘y bergan). G‘arb siyosiy doiralari uchun kutilmagan zarba shu bo‘ldiki, ular tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va ishonch bildirilgan Mahmud Abbos umidlarni oqlamadi. Katta-katta mamlakatlar tomonidan qo‘poruvchi guruh deb e'lon qilingan XAMASdan mag‘lubiyatga uchradi.

Raqib harakatning g‘alabasi FATH a'zolari tomonidan ham noxushlik bilan qabul qilindi. Guruh a'zolari orasidan barcha ayb­ni Mahmud Abbos zimmasiga yuklab, uning iste'fosini talab qilib chiqqanlar ham bo‘ldi. Bu esa shaxsan Yosir Arofatdan kurash tayog‘ini meros qilib olgan arbobning ishlari ko‘ngildagidek emasligidan dalolat...    

Muxolif ustidan erishilgan zafar nashidasini surayotgan XAMAS rahbarlarining o‘zlari ham bu xursandchilik omonat va vaqtincha ekanini yaxshi bilishadi. Tashqi xavf-xatar va tahdidlarni ayt­may qo‘ya qolaylik, XAMAS harakatining o‘zida ham ichki ixtiloflar asta-sekin yetilib kel­yapti. Ichki ziddiyatlarning asosiy sababi - yana o‘sha hokimiyat vasvasasi...

XAMAS harakati siyosiy va harbiy ikki qanotdan tashkil topgan. Guruhning harbiy qanotiga muhojirlikda hayot kechirib  kelayotgan Xolid Mashal rahbarlik qiladi. Harakatning siyosiy tarmog‘iga esa muxtoriyat bosh vaziri Ismoil Xoniya yetakchi sanaladi. Ayni paytda XAMAS harbiy qanoti rahbarining nufuzi juda baland. Chunki FATHga qarshi zafarli yurishlarni ham aynan ushbu qanot olib borgan. Urushlar ketayotgan paytda Ismoil Xoniya o‘z tarafdorlari bilan panaroqda jon saqlab turishni afzal bilgan.

Xo‘sh, yangi tashkil topgan tuzilmaga kim rahbarlik qilishi kerak: mafkuraviy yetakchi Ismoil Xoniyami yoki harbiy qo‘mondon Xolid Mashal? Hozirdanoq katta-kichik davralarda ochiq muhokama qilinayotgan bu savolga osonlikcha javob topish amri mahol.

Tan olinmagan yangi davlat (G‘azo)ning rahbari kim bo‘lsa ham, qurol yo‘li bilan hokimiyatning egallangani juda xunuk manzara bo‘ldi. Aslida Falastin uchun og‘ir damlar bo‘lgan o‘tish davrida bu taxlit jiddiy siyosiy o‘zgarish, hokimiyat almashuvi zarur emas edi. O‘zaro qirg‘inlarga berilib ketgan siyosiy guruhlar qadimdan qolgan "Kechuvda otlar almashtirilmaydi" hikmatini esdan chiqarishdi...

Falastindagi hodisalarga xal­qaro hamjamiyatning munosabati ayon-ravshan emas. AQSh so‘nggi o‘zgarishlarni baholar ekan, vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li vositasida bartaraf etish kerakligi xususida umumiy munosabat bilan cheklandi. Shunga qaramay, mazkur bayonotdan Oq uy Mahmud Abbosni qo‘llashda davom etayotganini bilib olish qiyin emas.  

Yevropa Ittifoqi davlatlari XAMASga dushmanlarcha munosabatni saqlab qolgan ko‘rinadi: G‘azo sektori Ismoil Xoniya tarafdorlari tomonidan egallanganidan keyin hududga yuborilayotgan insonparvarlik yordami ham to‘xtatildi.  

Rossiya so‘nggi hodisalardan hali jiddiy xulosa qilib ulgurmadi shekilli, mamlakat tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tomonlarni Makkada erishilgan milliy birlik hukumati to‘g‘risidagi bitimga qaytishga chaqirdi (muxtoriyat ikkita mustaqil hududga bo‘linib ketgan hozirgi vaziyatda koalitsion hukumat haqidagi gaplar kun tartibidan allaqachon tushganini Moskva tomoni ham yaxshi biladi).

Qo‘shni arab davlatlari odatdagidek Falastindagi o‘zgarishlarga munosabat bildirishga shoshilishmayapti. Bu ketishda vaziyat bir yoqli bo‘lmaguncha arab mamlakatlaridan biror bir aniq baho kutmasa ham bo‘laveradi.

DarvoQe, siyosiy o‘yinlarning bevosita va faol ishtirokchisi Isroil tomoni pozitsiyasi xususida. Falastindagi oxirgi hodisalardan keyin Isroil rasmiylari har ikki tomon bilan alohida tartibda muzokaralar olib borilishini ma'lum qilganlar. Isroil tomonining tezkor reaktsiyasini tushunish mumkin: qo‘shni hududda ro‘y berayotgan har bir o‘zgarish, inchunun, qurolli to‘qnashuvlar yahudiy davlati yuragida aks-sado beradi. Qolaversa, Falastinda yuzaga kelgan bu taxlit kuchlar va hokimiyat bo‘linishi Isroil uchun ayni muddao hamdir. Harqalay, o‘zaro bir-biri bilan kurashga kirishib ketgan tomonlar bir muddatga bo‘lsa ham mustaqil davlat tuzish to‘g‘risidagi maqsadlardan chalg‘ishadi...

Sobirjon YOQUBOV

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.