OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gordon Braun: “Britaniyaga o`zgarishlar zarur!”

Qirollikning yangi bosh vaziri Gordon Braun ana shunday shior bilan jiddiy islohotlarga kirishdi

Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Bler muddatdan oldin iste'foga chiqib, uning vazifasini Gordon Braun bajara boshlagandan keyin ham leyboristlar hukmronligidan charchagan muxolifat mamlakatda biror jiddiy o‘zgarish bo‘lishiga umid qilmayotgandi.

Shu paytgacha moliya vaziri lavozimida xizmat qilgan Gordon Braun nima bo‘lsayam, Toni Blerning safdoshi va shogirdi. Buning ustiga, u ham leyboristlardan: qirollikni Iroq urushi domiga tortgan Bler qanday karomat ko‘rsatibdiki, endi uning shogirdidan biror yorug‘lik kutib bo‘lsa?...

O‘z noroziligini shu tariqa ochiq bildirgan muxolif konservatorlar yangi bosh vazir o‘z yo‘lini topa olmay, siyosiy sahnadan ketishi va ular osonlik bilan hukumatni egallashlariga ishonishgandi. Biroq muxolifatning barcha umidlari chippakka chiqdi. Gordon Braun ular taxmin qilganidek, Toni Bler olib borgan siyosatni ko‘r-ko‘rona yoqlab, eski yo‘ldan ketmadi. Barcha jabhalarda tub o‘zgarishlar amalga oshirilishini e'lon qilib, hammani - hattoki partiyadoshlariyu sobiq bosh vazir Toni Blerni ham hayron qoldirdi.

Gordon Braun bosh vazir sifatida qirolicha Yelizaveta II bilan suhbatlashib chiqqanidan so‘ng kelgusi rejalari xususida qisqacha ma'lumot berib o‘tdi. Dastlabki chiqishidayoq u Toni Bler davridagidan boshqacharoq siyosat olib borishini ochiq e'tirof etdi. Davlat boshqaruvida mansabdorlarning qaysi partiyaga mansubligidan qat'i nazar ularning qobiliyati va salohiyatiga qarab tanlanishini bildirgan bosh vazir qirollik siyosatdonlarini hokimiyat uchun kurashga emas, mamlakat rivoji uchun harakatga chorladi.

Gordon Braunning boshqaruv sohasidagi tashabbusi ko‘pchilik uchun yangilik bo‘ldi. Xususan, ing­liz hukumati rahbari bosh vazirning ayrim vakolatlari, misol uchun, urush boshlash to‘g‘risida buyruq berish huquqini parlament­ga o‘tkazish, qonunchilik idorasi qudratini oshirish taklifi bilan chiqqan. Xabaringiz bor, oxirgi paytlarda Toni Bler ko‘pchilik kuzatuvchilar tomonidan parlament xohishini inobatga olmasdan tor doirada qarorlar qabul qilishda ayblanayotgandi.

Gordon Braun hukumat boshlig‘i sifatida yangicha boshqaruv usulini qo‘llashi, xalq tomonidan saylangan vakillar - parlament a'zolari mavqeini mustahkamlash haqida gapirarkan, ma'lum ma'noda Toni Bler o‘z yetakchiligini o‘ylab atrofdagilar fikri bilan hisoblashmay qo‘ygani to‘g‘risidagi fikrlarni qo‘llaganday bo‘ldi.

Leyboristlar yetakchisi ichki siyosatda sog‘liqni saqlash va ta'lim tizimini ustuvor yo‘nalish sifatida e'lon qildi. Mamlakat taraqqiyoti yoshlarning intellektual salohiyatiga bog‘liqligini urg‘ulagan Gordon Braun byudjet uchun qanchalik og‘irlik qilmasin, soha uchun ajratilayotgan mablag‘ni ko‘paytirishga va'da bergan. Ma'lumotlarga qaraganda, ayni paytda qirollik g‘aznasidan har bir bolaga ta'lim olishi uchun yiliga 5500 funt sterling ajratiladi. Yangi bosh vazir berilayotgan mablag‘ni 8000 funtga yetkazmoqchi.

Bugungi ingliz jamiyatida uy-joy sotib olish eng og‘riqli muammolardan biri sanaladi. Yevropaning eng qimmat mamlakatlaridan biri hisoblangan Britaniyada yosh oilalar odmi va kamtargina uy xarid qilish uchun bir necha yil ishlashi kerak. Ana shu og‘riqli masalaga e'tibor qaratgan Gordon Braun hukumat tomonidan qo‘shimcha 200 ming turar-joy bunyod etilishini ma'lum qildi. 

Gordon Braun amalga oshirayotgan dastlabki siyosiy tadbirlar, xususan, yangidan tuzilgan hukumat tarkibidagi o‘zgarishlar islohotlar xususidagi gap-so‘zlar shunchaki notiqlik yuzasidan aytilmaganini ko‘rsatdi. E'tibor tortadigan jihati, Gordon Braun eng muhim va nufuzli deb hisoblangan vazirliklarning barchasiga o‘z odamlarini tayinlagan.   

Toni Bler davrida ichki ishlar vaziri bo‘lgan Jon Reydga yangi hukumatdan joy tegmadi. Uning o‘rniga tayinlangan Jeki Smit Buyuk Britaniya tarixida xotin-qizlardan chiqqan birinchi ichki ishlar vaziri bo‘ldi.

Tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Margaret Bekkett xonimning ishdan ketib, uning o‘rniga Devid Milibendning kelishi ingliz tashqi siyosatida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Nega deganda, hozirga qadar "Faqir kishi panada" qabilida ekologiya va atrof-muhit vaziri bo‘lib kelgan Devid Milibend AQSh va Isroilga qarshi qarashlari bilan tanilgan. Shuningdek, u Livan urushi paytida ham Exud Olmert hukumati xatti-harakatlarini tanqid ostiga olgan. Asli polyak yahudiysi bo‘lgan tashqi ishlar vaziri fe'l-atvoriga xos yana bir muhim jihat, u ingliz qo‘shinlarini Iroq tuprog‘idan tezroq olib chiqib ketish tarafdori hamdir.

Gordon Braun yana bir qator vazirlar nomini o‘zgartirdi. Pirovardida, leyboristlar rahbari tomonidan tuzilgan  hukumat tarkibidan Toni Bler davrida ishlagan 11 nafar vazir chiqarib yuborildi.

Aftidan, Gordon Braunning keskin o‘zgarishlar yo‘lini tutgani ingliz elektoratiga ham ma'qul kelyapti. Shu bilan birga o‘tgan hafta London va Glazgo shahrida teraktlarning fosh etilgani ham xaloskor ritsar sifatida yangi bosh vazirga xalq ixlosini oshirgan. Buni ingliz jamoatchiligi orasida o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar ham tasdiqlamoqda. Gordon Braun bosh vazir lavozimiga o‘tayotgan paytda uni ingliz jamoatchiligining 14 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Uning dastlabki chiqishi va qo‘poruvchilik harakatlari oldi olinganidan keyin bosh vazirning nufuzi 77 foizga ko‘tarildi (Leyboristlarga muxolifatda bo‘lgan konservatorlar yetakchisi David Kameronga esa 43 foiz respondent ijobiy baho bergan).

Hozircha Gordon Braunning ishlari yomon emas. U ilgari surayotgan tashabbus va takliflar iliqlik bilan qabul qilinyapti. Biroq yaqin kunlarda ingliz hukumati va Yevropa Ittifoqi rahbariyati o‘rtasida ixtilof chiqishi ehtimolini ham aytib o‘tish zarur. Chunki Gordon Braun Yevropa Ittifoqining kengayishi masalasida sobiq hukumat rahbari Toni Blerdan ham keskinroq fikrda: u Buyuk Britaniya YeIsiz ham farovon hayot kechira oladi deb hisoblaydi. Ittifoq doirasida integratsiya tobora kuchayib hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib borayotgan bir davr­da bunday keskin munosabat ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi hech gap emas.

Sobirjon YOQUBOV

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.