Germaniyaning Xayligendamm shahrida "Katta sakkizlik" davlatlari rahbarlarining navbatdagi sammiti yakunlandi
G8 (Great 8 - Katta sakkizlik) Yaponiya, Kanada, AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya, Italiya kabi sayyoramizning eng taraqqiy etgan davlatlaridan tashkil topgan. Ularni hazil aralash "aslzoda mamlakatlar" ham deb atashadi. Aslida "Katta sakkizlik" rasmiy maqomga ega bo‘lgan tashkilot emas: uning kotibiyati ham, boshqaruv idoralari ham yo‘q. Boz ustiga, G8 tomonidan qabul qilinadigan qarorlar majburiy kuchga ega bo‘lmay, bor-yo‘g‘i tavsiya xarakterida. Biroq sakkiz ittifoqdosh davlat ularning mushtarak manfaatlariga xizmat qiluvchi qat'iy va buzilmas yozilmagan tartib-qoidalarga bo‘ysunadi.
BMT e'lon qilgan ayrim deklaratsiyalar qog‘ozda qolib ketishini bot-bot kuzatamiz, lekin G8 doirasida qabul qilingan har qanday qaror amalda ijro etiladi, garchi u majburiy kuchga ega bo‘lmasa ham...
"Katta sakkizlik" davlat rahbarlari har yili yoz mavsumida o‘zaro kengashish uchun sammitga yig‘ilishadi. 32 yillik an'anaga aylanib qolgan bu yilgi uchrashuv Germaniyaning Xayligendamm kurort shahrida o‘tdi. Germaniya federal kantsleri Angela Merkel mezbonligida o‘tgan sammitda Jorj Bush, Toni Bler, Vladimir Putin, Nikolya Sarkozi, Romano Prodi, Stiven Xarper, Sindzo Abe kabi yuqori martabali mehmonlar - davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etishdi. Darvoqe, Germaniyadagi sammitga dunyoning beshta rivojlanayotgan davlati hamda oltita Afrika mamlakati rahbarlari ham taklif etildi.
Uch kunlik sammit davomida Xayligendamm shahrida globallashuv jarayoniga qarshi bo‘lgan guruhlarning kuchli norozilik chiqishlari tinmadi, namoyishchilar va politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda jarohatlanganlar ham bo‘ldi. Ana shu ko‘ngilsiz holatni inobatga olmaganda, sammit ishchanlik ruhida o‘tdi va uchrashuvlarda bir qator xalqaro masalalar yechimi borasida olg‘a qadam tashlandi.
G8 davlatlari boshliqlari kun tartibidagi asosiy masalalar qatorida jahon iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarni muhokama qilishdi. Xususan, dunyo miqyosida avj olib borayotgan qashshoqlikka qarshi kurash borasida amaliy tadbirlar ko‘rish zarurligi ta'kidlandi. Sammit jarayonida AQSh tomonidan ilgari surilgan Afrika davlatlariga 60 milliard dollar miqdorida ko‘mak ajratish to‘g‘risidagi taklif qolgan yetti davlat uchun kutilmagan holat bo‘ldi. Biroq muhokamalardan keyin mazkur taklif ijobiy baholandi. Shu tariqa "Katta sakkizlik" davlatlari Afrikaning qashshoq mamlakatlariga turli yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish, ta'lim tizimini yaxshilash uchun zikr etilgan miqdorda moliyaviy ko‘mak beradigan bo‘ldi.
Dunyo miqyosida shiddatli iqtisodiy o‘sish kuzatilayotgan hozirgi davrda insoniyatning tabiatga ta'siri ham keskin darajada oshdi. Gigant iqtisodiy korxonalar tomonidan atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlar insonlar salomatligiga ta'sir etib qolmay, sayyoramiz miqyosida keskin iqlim o‘zgarishlariga ham olib kelyapti. "Rivojlanish va mas'uliyat" shiori ostida o‘tgan sammit chog‘ida ana shu global muammolar ham muhokama qilindi.
Yaponiya, Yevropa Ittifoqi va Kanada yetakchilari tomonidan ishlab chiqarish korxonalarida atmosferaga chiqarilayotgan zaharli gazlarni 2050 yilga borib 50 foizga kamaytirishga erishish tashabbusi ilgari surildi. Biroq Amerika tomoni mazkur taklifga qarshi chiqdi. Xususan, Qo‘shma Shtatlar zaharli gazlar miqdorini aniq ko‘rsatilgan miqdorda kamaytirishga tayyor emasligini bildirdi. Muhokamalardan keyin G8 yetakchilari zaharli gazlar miqdorini kamaytirish borasida birgalikda chora-tadbirlar olib borishga kelishib olishdi. Eng muhimi, zaharli gazlarni kamaytirish bo‘yicha global shartnoma ishlab chiqish bo‘yicha yagona to‘xtamga kelindi. Endilikda jahon mamlakatlari ko‘pdan beri til topisha olmayotgan masalada amaliy natijalar bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, sammit chog‘ida "Katta sakkizlik" yetakchilari o‘z zimmalariga iqlim isishini to‘xtatish bo‘yicha chora-tadbirlar olib borish majburiyatini ham olishdi. Lekin bu boradagi davlatlararo kelishuvda aniq raqamlarga suyangan reja va izchil harakat mexanizmi belgilanmadi, siyosiy arboblar oldingi yillar kabi global muammo doirasida mavhum va mujmal qaror qabul qilish bilan cheklanishdi.
Davlat rahbarlari kengaytirilgan va ikki tomonlama uchrashuvlar chog‘ida xalqaro siyosatning muhim masalalari bo‘yicha ham fikrlashib olishdi. Shimoliy Koreya, Eronning yadro dasturi borasida sakkiz davlatning ham munosabati mushtarak bo‘lib chiqdi. Biroq Kosovo masalasida tomonlar bir yechimga kela olishmadi. Rossiya Federatsiyasi Serbiya davlatining hududiy yaxlitligiga rahna solishini inobatga olib, Kosovoga mustaqillik berish harakatini tanqid ostiga oldi. Qolgan yetti davlat esa bu borada Kremlga qarshi pozitsiyani egalladi. Shu tariqa ziddiyatni ko‘p chuqurlashtirmaslik uchun Kosovo masalasi muhokamasi kelgusi uchrashuvlarga qoldirildi.
Ayni paytda AQSh tomonidan Chexiya va Polshada raketaga qarshi mudofaa tizimi yaratish harakatlari olib borilyapti. Bu esa Qo‘shma Shtatlarning Rossiya bilan munosabatlariga kuchli ta'sir o‘tkazyapti. "Katta sakkizlik" doirasidagi uchrashuv chog‘ida AQSh prezidenti Jorj Bush va Rossiya rahbari Vladimir Putin nozik va dolzarb masalalardan biri sifatida Sharqiy Yevropadagi raketa tizimini muhokama qilishdi. Ko‘pchilik uchun kutilmagan jihati, muzokara paytida Vladimir Putin amerikalik hamkasbiga Chexiya va Polshada yangi tizim qurish o‘rniga Ozarbayjondagi Gabala radiolokatsion stantsiyasidan birgalikda foydalanish taklifini ilgari surdi. Putinning tashabbusini Amerika prezidenti qiziqarli taklif deb baholadi. Lekin shunga qaramay Oq uy rahbari Kremlning taklifi bo‘yicha yakuniy xulosani bildirishga shoshilmadi. Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan taklif xalqaro siyosatda kuchlar nisbati va yo‘nalishida ayrim o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin...
DarvoQe, Braziliya, Xitoy, Hindiston kabi shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatlar ham ko‘pdan beri "Katta sakkizlik"ka qo‘shilish yo‘lida harakat qilyapti. Biroq dunyo yalpi ichki mahsulotining deyarli 70 foizini berayotgan ittifoq o‘z safini kengaytirishni ko‘pam xohlamayotganini yashirmayapti. Balki shu sabablidir, bu safargi sammit chog‘ida ham G8ga yangi a'zolar qabul qilish masalasini ko‘rib chiqishga "vaqt yetmadi"...
Sobirjon YOQUBOV