Barchaga ma’lumki, Adolf Gitler odamzot tarixida eng qo‘rqinchli va beshafqat shaxs sifatida qolgan. Uning bunday vahshat kasb eta olishiga sababchi esa... otasi bo‘ldi.
Germaniyaning Oberzaltsberg shahrida joylashgan hozirgi zamon tarixi instituti xodimlari Timoti Raybek va Florian Beyerl fyurerning hayotiga doir noyob hujjatlar saqlanadigan arxivlarda uzoq mehnat qilishdi va olti yil deganda kutilmagan natijaga erishdilar. Topilmalarning haqiqiyligi ekspertiza tomonidan tasdiqlangach, uchinchi reyx dohiysining bolaligi va o‘smirligiga doir juda ko‘p jihatlar oydinlashdi.
Ayniqsa, Adolf Gitlerning o‘gay ukasi va singlisi Alonsa va Anjelaning yozib qoldirgan kundaliklari alohida qiziqish uyg‘otadi. Gap shundaki, bu kundaliklardagi bitiklardan Adolf o‘sib, ulg‘aygan oiladagi muhit yaqqol namoyon bo‘ladi. Bo‘lajak siyosatchi Adolfni otasi Alans Shiklgruber tez-tez kaltaklash va kamar bilan savalash usulida tarbiyalagan, onasi esa doim uni himoya qilishga urinib kelgan.
«Onamiz, - deb yozadilar Alans va Anjela, — otasi Adolfni mayib qilib qo‘yishdan qo‘rqib, navbatdagi «tarbiyaviy kaltaklash» o‘tkazilayotgan chordoqqa yugurib chiqib bordi va yerda kuvala tushib yotgan o‘g‘lining ustiga o‘zini tashladi. Xuddi shu paytda otamning qalin poshna botinka kiygan oyog‘i bilan bergan qattiq tepkisi Adolfga emas onamizning biqiniga zarb bilan urildi. Onam bu zarbani miq etmay qabul qilib turaverdi».
Bundan ko‘rinadiki, Gitler nosog‘lom muhitda voyaga yetgan. Shu sababdan ham uchinchi reyx davrida sodir etilgan barcha dahshatlar ildizini fyurerning bolaligidan izlash to‘g‘riroq bo‘lar edi.
Otasining ta’siri sabab Adolf o‘smirligidanoq vahshiylik va sadistlik jihatlarini namoyon qila boshlagan. Adolfdan yetti yosh kichik bo‘lgan singlisi Paulaning kundaliklaridagi yozuvlardan shu narsa ko‘rinadiki, qizaloq akasini ota o‘rnida qabul qilib keladi. Sababi Adolf o‘z tanasida otasining tarbiya uslublarini sinab ko‘rgan edi. Gitler qizaloqqa nisbatan doimo qattiqqo‘l bo‘lishi bilan birga, uzluksiz kaltaklab turgan. Qiz esa bu zarbalarni, jimgina, akasi uni yaxshi ko‘rishiga ishongan holda qabul qilib kelavergan.
Mutaxassislar mazkur tarixiy hujjatlardan yana shuni aniqladilarki, Gitler, shu paytgacha aytilgani kabi, o‘zining yoshlik davrini yarim och, yarim yalang‘och, bechora tarzda o‘tkazmagan. Aksincha, u 1905 yilning bahorida 900 avstriya kronini tashkil etuvchi kredit olishga ham muvaffaq bo‘lgan. O‘sha davr uchun hayratlanarli darajada katta hisoblanadigan bu pul bilan bir yil hech qanday g‘am-tashvishsiz yashasa bo‘lardi.
Dilfuza Qo'ziyeva