OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Stalinni qanday o'ldirishgan?

Sobiq Kreml arxivida Stalinni zaharlashganligidan darak beruvchi hujjatlar topildi. Buni kim va qanday qlgan? Bu haqda tarixchi va publitsist Nikolay Dobryuxa tadqiqot olib bordi.

O‘LIMDAN OLDINGI AHVOLI

Men aniqlagan, o‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida Stalinning sog‘lig‘i yuzasidan olib borilgan tibbiy tekshiruv natijalari uning miyasiga qon quyulganligi va u tezda vafot etganligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarni butunlay inkor etadi. Bu ma’lumotlar, shuningdek, Stalin vrachlarning ishonchli ekanligiga shubhalangan, shu bois tibbiy tekshiruvdan o‘tishga, buning ustiga davolanishga qo‘rqib, aksariyat hollarda o‘zini o‘zi davolashga harakat qilgan, degan da’volarni ham rad qiladi. Aksincha, har safar tobi qochib qolganida uning huzuriga vrachlar chaqirtirilib, organizmning umumiy holati yuzasidan ko‘p kunlik, zarur bo‘lganda sutkalik kuzatuv olib borishgan. 
Mana Stalinni 1947 yil 16 sentyabr kuni Matsestdagi kurort davolash tadbirlari oldidan tibbiy tekshirish natijalaridan ko‘chirma:
«Asosiy diagnoz — boshlang‘ich bosqichdagi gipertoniya; qo‘shimcha diagnoz — surunkali bo‘g‘im revmatizmi, qattiq charchash. Tomir urishi 1 daqiqada 74 ta. Arterial bosim 145/85. Davolovchi vrach Kirillov».
Qirq yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan aksariyat odamlarda 145/85 bosimi normal hol hisoblanadi, oltmish yoshdan oshganlar uchun esa yanada kattaroq raqamlar — 150/90 ham tabiiy hol deya qabul qilinadi (o‘sha paytda Stalinning yoshi oltmish yettida edi).
Keyinchalik dohiyning sog‘lig‘i qanday bo‘lgan? Mana, uning tibbiy kartasidan ajablantiruvchi ko‘chirmalar.

talin 70 yoshda. «4.09.50. Tomir urishi hammomga kirishdan oldin 1 daqiqada 74 ta. Qon bosimi 140/80. Yuvinib chiqqandan so‘ng tomir urishi 1 daqiqada 68 ta, bir maromda. Qon boisimi 138/75. Yurak urishi tovushi yaxshilandi. Uyqu xotirjamligi. Ichaklar faoliyati bir tekis. Umumiy ahvoli yaxshi. Kirillov».

Stalin 72 yoshda. «09.01.52. Tomir urishi — 70, to‘liq, to‘g‘ri. Qon bosimi — 140/80...»
Ushbu tekshiruvlar gripp bilan og‘riyotgan, yuqori haroratdagi ahvolida o‘tkazilgan. Shubhasiz, bundan-da yoshroq va sog‘lomroq kishi ham bunday raqamlardan faxrlansa arziydi. «Gipertoniyaning boshlang‘ich bosqichi» haqida boshqa hech qaerda so‘z yuritilmaganligi faktiga diqqatni qaratish lozim! 
Xulosa: «Stalin, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi yillardagi og‘ir bosimlardan so‘ng jiddiy kasal edi» degan gap haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ushbu gap qo‘zg‘algan vaqtni bilsangiz, uning muallifi kim ekanligini anglab olasiz. Ular to‘satdan, faqatgina 1953 yilning 4 martidagina dohiyning salomatligi haqidagi byulletenni chop etishga yo‘l berdilar. Ularda (tiriklik paytdagi tibbiy kartalarda haqiqiy ahvol bir necha bor aks etganiga qaralmasdan) rasmiy ravishda shunday deyiladi: «Ikkinchi mart kuni tunda I.V.Stalinda miyaga qon quyilishi ro‘y berdi... buning oqibatida gipertoniya va ateroskleroz kasalligi yuzaga keldi».
Ushbu yolg‘on da’voni Beriyaning endigina mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan sheriklari — Malenkov va Xrushchev faol qo‘llab-quvvatlashdi. Malenkov va Xrushchevni Beriyaning sheriklari der ekanman, aslo tuhmat qilmayapman, bunga men e’lon qilgan KPSS MK Plenumi, SSSR Ministrlar Soveti va SSSR Oliy Soveti Prezidiumning 1953 yilning 5 martida bo‘lib o‘tgan, soat 20.40.da, ya’ni, Stalinning o‘limidan 1 soatu 40 daqiqa oldin tugagan qo‘shma majlisining maxfiy protokoli guvohlik beradi!

UNGA QACHON VA QANDAY QILIB ZAHAR BERISHDI?

Stalin o‘lgan divan. Oshkor qilingan hujjatlarning guvohlik berishicha, zaharlanish 1953 yilning 28 fevralidan 1 martga o‘tar kechasi, shanba va yakshanbadan dushanbagacha, asosiy tibbiyot xodimlari dam oladigan, kerakli vrachni birdaniga topish qiyin bo‘ladigan paytda ro‘y bergan. Bunda, agar zahar birdaniga ta’sir ko‘rsatmasa, keyin nima ro‘y berishi mumkinligi holati — barcha ehtimollar sinchkovlik bilan oldindan o‘ylab qo‘yilganligi ko‘rinadi. Shunday bo‘lsa-da, avvaliga Stalinning o‘zi, so‘ngra uning qiyofadosh zaharlangan bo‘lishi mumkin. Biroq, hujjatlarning so‘zlashicha, bunday cho‘zilib ketgan zaharlanish Beriyaning rejasida bo‘lmagan. Va u qattiq asabiylashgan. Shu boisdan, «hammasi tugaganida» (ko‘pchilik, jumladan, Stalinning qizi shunday eslagan), Beriya «o‘z tantanasini» yashira olmagan. Bundan oldin esa u tomonidan qandaydir behuda harakatlar kuzatilgan, bu hatto o‘sha paytda faqatgina uning nazorati ostida bo‘lgan ommaviy axborot vositalarida, 1953 yil 4 martdagi Hukumat axborotida ham aks etgan:
«2 mart kuni kechasi o‘rtoq Stalin Moskvadagi o‘z uyida payti miyasiga qon quyildi...»
Nega Beriya Moskvani tilga olib aljirayapti, to‘g‘risini, ya’ni voqea dala hovlida kechganligini aytganida yoki bu qaerda ro‘y berganini umuman aytmaganida nima o‘zgarardi? Bu Beriyaga nima uchundir zarurligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Haqiqiy Stalin dala hovlida birdaniga o‘lganida, qiyofadosh rolini sahnalashtirish uchundir balki, unda 1 martdan 2 martga o‘tar kechasi tezda vafot etgan Xo‘jayinni almashtirish uchun uni qaerdan dala hovliga yetqazishgan, qiyofadosh Kremlda zudlik bilan «og‘rib qolgan bo‘lsa?»
Qisqa qilib aytganda, ushbu fitnada Beriya qaerdadir chalkashlikka yo‘l qo‘ygan. Stalin bilan (uning ehtimoldagi qiyofadoshi bilan ham) hammasi tugaganida, Beriya Varsonofevskiy tor ko‘chasida (Lubyankadan uncha uzoq emas) joylashgan maxfiy qotilliklar uchun zahar tayyorlanadigan laboratoriya boshlig‘i Grigoriy Moiseevich Mayranovskiyni tezda qamoqqa olganligi bejiz emas. So‘ngra u turmadan Beriyaga uzoq vaqt yozib turgan: u tayyorlangan zahar maqtalganidek zo‘r chiqmaganligi uchun o‘zini aybdor hisoblab, vaziyatni to‘g‘rilashga so‘z beradi. Allaqachon hibsga olingan Lavrentiy Pavlovich oldida o‘zini oqlashga urinadi.
«Siz olihimmat zotga murojaat qilaman: yo‘l qo‘yilgan jinoyatkorona xatolarim uchun meni kechiring, — deb yozadi Mayranovskiy 1953 yili Beriyaga. — Bir qancha yangi vositalarni qo‘llab ko‘rish bo‘yicha taklifim bor: Sizning to‘g‘ri ko‘rsatmangiz asosida ular uxlatadigan, shu qatori o‘ldiradigan ta’sir ko‘rsatadi, menimcha, bizning vositalarimizni oziq-ovqat va ichimliklar bilan qo‘llash texnikamiz eskirdi hamda nafas olinadigan havo orqali ta’sir ko‘rsatishning yangi yo‘llarini izlab topish zarur...»
«Zaharni biz ovqat, turli ichimliklar orqali berdik, shprits bilan ukol qilish, hassa, ruchka va boshqa sanchiladigan maxsus jihozlangan narsalar bilan zaharladik. Shuningdek, zaharni suv quyish va purkash yo‘li bilan teri orqali ham zaharladik, — deydi Mayranovskiy 23 sentyabrdagi tergovda.

Uchta mineral suv butilkasi tarixi

Stalinning Kuntsevodagi dala hovlisi. Siyosiy Byuro majlislari va ziyofatlar o‘tkazilgan katta zal.
Lavrentiy «Stalinga qarshi urush»ga tayyorgarlik ko‘rganini hatto uning o‘g‘li Sergo ham inkor etmaydi (Stalin uni hibsga olishga taraddudlanayotganini Beriya bilar edi): «1952 yili otam hech narsani boy bermasligini anglagan edi... Otam qo‘rqoq emas, kushxonaga indamay boradigan qo‘y ham emas edi. U nimanidir mo‘ljallagan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas... Buning uchun organlarda har doim uning o‘z odamlari bor edi... Bundan tashqari, uning mavjud strukturalardan birontasiga ham bo‘ysunmaydigan o‘z razvedka xizmati bor edi!»
Stalinning qo‘riqchilarining xotiralaridan ma’lum bo‘ladiki, «xalqlar dohiysi» mineral suv ichgach, shu zahoti zaharlangan. Bunga shu holat guvohlik beradiki, uni ichgan mineral suv butilkasi va stakan turgan stol yonida yiqilib yotgan holda ko‘rishgan. Negaki, zahar shu zahoti ta’sir ko‘rsatgan, Stalin shu yerdayoq yiqilgan... bir ma’lumotga ko‘ra — o‘lgan, boshqasiga binoan — hushidan ketgan, har holda — gapirmay qo‘ygani aniq! Yuqoridagi uzoq davom etgan muzokaralardan so‘ng yolg‘iz qolgan Xujayinning xonasining eshigini sindirib kirgan xizmatkor ayol ham buni ko‘rgan emish...
Mineral suvga e’tibor qaratishim bejiz emas. Arxiv bilan ishlar ekanman, nihoyatda sirli bir dalilga ega bo‘ldim. 1953 yilning 8 noyabrida Kremlning sanitar boshqarmasidan Lenin muzeyiga Stalin muzeyi uchun «dori-darmonlar va uchta mineral suv butilkasi...» taqdim qilishga qaror qiladilar. Ammo, negadir sababi izohlanmasdan 9 noyabr kuni faqatgina «2ta butilka (biri narzan, ikkinchisi borjomi ichimligidan bo‘shagan)» berishadi. Savol tug‘iladi: uchinchi butilka nega berilmagan, u qaerda hamda tegishli tekshiruvlardan so‘ng u qanday sirlarni ochishi mumkin?

VRACHLARNING MAXFIY QAYDLARI

Vrachlar jurnalidan ko‘chirma keltirishdan oldin o‘z mulohazalarimni bildiraman. Hammasini tahlil qilib, vrachlar Stalin zaharlanganini tushunishgan. Shuning uchun davolash choralarida zaharlanishda qo‘llaniladigan deyarli barcha vositalar mavjud: boshiga yax kompress (muzli grelka), limonli shirin choy, oshqozonni oltingugurtli magnit oksidi bilan tozalash va hokazo. Endi shifokorlarning qaydlarini o‘qishga kirishamiz.

1953 yil, 2 mart. «Ertalab soat 7 dagi tekshiruv — bemor divanda chalqanchasiga yotibdi, boshi chap tarafga qayrilgan, yuzi o‘rtacha giperemiya holatda, beixtiyor siydik chiqarilgan (kiyimlari ho‘l). Nafas olishi bir maromda. Tomir urishi har-har payt pasayishi bilan bir daqiqada 78 ta. Yurak urishi tovushi bo‘g‘iq. Qon bosimi 190/110. (...) Qorni yumshoq, jigar qovurg‘a sohasidan umurtqa tomonga 3-4 sm. siljigan. O‘ng tirsak bo‘g‘imlari sohasida — lat yeyish belgilari (eskoriatsiya va kichkina shish).
Bemor hushsiz holatda. (...)Meningial alomatlar yo‘q. (...) Bemorning ahvoli nihoyatda og‘ir».
Professor Lukomskiyning qaydlarini qo‘shimcha qilish mumkin:
«O‘ng qo‘l-oyoqlarida to‘liq falajlik aniqlandi. (...) Qovoqlari ko‘tarilganda ko‘z qorachig‘i goh o‘ngga, goh chapga harakatlandi (...) Chap qo‘l-oyoqlarida vaqti-vaqti bilan tashvishli harakatlar yuzaga keldi. (...) aspiratsiyadan saqlanish uchun tish protezlari olib tashlandi...»
16.00 (...) Soat kunduzgi 4 da 3 qoshiqcha choyni yo‘talmasdan ichdi. O‘ng qo‘li va oyog‘i falajligi saqlanib turibdi. (...)Bemorning ahvoli ertalabki soat 7 dagiga ko‘ra yanada og‘irlashdi... Tretyakov, Kuperin, Lukomskiy, Tkachev, Glazunov, V.Ivanov.
18.30 Boshiga muz qo‘yish hozircha to‘xtatildi. (...) Limonli shirin choy bera boshladik. Bemor 4 qoshiqcha choy ichdi. Tana harorati o‘ng qo‘ltig‘ida 37,40, chapda esa 37, 60 . V.Ivanov.
(Shunday taassurot tug‘iladiki, vrachlar zaharlanish haqida biron so‘z aytmasdan, bir vaqtning o‘zida ham zaharlanish va uning oqibatlari, ham qon aylanishi buzilishi va insultni davolash chora-tadbirlarini amalga oshirilgan).
22.45. Ahvol og‘ir, bemor ko‘zini ochdi hamda o‘rtoq G.M.Malenkov va L.P.Beriya bilan gaplashishga urindi. (...) Bemor nihoyatda terlagan. Harorati — 380.
1983 yil, 3 mart, soat 10.30

Konsilium (og‘ir yoki noaniq kasallikni aniqlash va uni davolash choralarini belgilash uchun chaqiriladigan vrachlar kengashi). Tretyakov, Kuperin, Konovalov, Myasnikov, Tkachev, Glazunov, Tareev, Filimonov, Lukomskiy, Ivanov-Neznamov. Bemorning ahvoli sezilarli darajada yomonlashdi: hushini yanada ko‘proq yo‘qotdi, nafas olishi buzilishi kuchaydi, yurak faoliyati sustlashayapti. Konsilium bemorning ahvoli qo‘rqinchli deb hisoblaydi. 

13.30 (...) Kislorod bilan nafas oldirilgandan so‘ng nafas olishi maromi yanada to‘g‘ri va to‘liq bo‘lib bormoqda. (...) Vaqti-vaqti bilan hushi o‘ziga kelib, nimadir deyishga urinayapti, biroq ma’lum so‘zlarni ilg‘ab olish mumkin emas. Boshi yostiqda turibdi, ko‘zlarini har-har payt ochayapti, oldidagini sezmaydi. Ko‘z qorachig‘i toraygan, chiroq nuriga munosabati sust, tilini chiqarmayapti. (...) Vaqti-vaqti bilan chap oyog‘i va qo‘lida tashvishli harakatlar kuzatilayapti (qo‘llarini havoda silkitib, qotib qolayapti, ba’zan chap panjasini mahkam qisadi). 
19.00. Bemorga 50 daqiqaga yaqin kislorod berilmadi. Qisqa vaqt o‘ziga kelib, o‘rtoqlarning gaplariga munosabat bildirdi.
24.00. Nafas olish maromi buzilishi keskin kuchaydi, hatto tez-tez to‘xtab qolish darajasiga yetdi. Konsilium oxirgi soatda o‘rtoq Stalinning hayotini saqlab qolish uchun so‘nggi chora sifatida dori-darmon vositalarini almashtirdi. Ushbu vositalardan foydalanganligiga qaramay, o‘rtoq Stalinning sog‘ligi yaxshilanmayapti.

1953 yil, 4 mart.

0.10. Nafas olish tez-tez to‘xtab qolishi oqibatida yangi kunning birinchi soati boshlanishida bemorning ahvoli yana nihoyatda og‘irlashdi... Lukomskiy.
7.35. Kislorod berildi — ko‘karib ketishi pasaydi. 
8.00. Yuzi va oyoq-qo‘llari o‘tkir tsianoz holatida. (Sianoz —teri va silliq pardalarning ko‘karishi va qorayishi. Terining ko‘karib ketishi anilin, nitrobenzol, bertole tuzi va boshqa og‘ular bilan zaharlanganda ro‘y beradi hamda buning ta’sirida qondagi gemoglobin qora rangga ega metgemoglobinga aylanadi. Stalin turli og‘ularning aralashmasidan zaharlanganligi ehtimoldan xoli emas).
Soat 15.00 dan 21.00 gacha yoki to‘la 6 soat davomida vrachlar kundaligi negadir yuritilmagan. Faqatgina bemorning ahvoli va qo‘llanilgan chora-tadbirlar haqida umumiy sharhlar qayd qilingan. 
21.00. (...) Hushini to‘liq yo‘qotgan. Nafas olishida tez-tez va uzoq to‘xtalishlar — 10 soniyagacha. 
22.00. (...) Zuluk qo‘yilgandan so‘ng, ayniqsa o‘ng qulog‘idan ketma-ket sezilarli darajada qon kelayapti. Nega? 
5 mart. Soat tungi 1 dan 3 gacha kundalik deyarli yuritilmagan. Avvaliga men bu to‘liq umidsizlik natijasida, deb o‘yladim. Ammo, quyida ko‘chirma berilgan yoqimsiz qog‘ozni ko‘rib chiqqach, jimlikning sababi sarosima ekanligini tushundim. Bu vaqtda (5 martga o‘tar kechasi) qon va siydik tahlili natijalari kelgan edi, xulosa bitta — zaharlanish. 
5 mart tungi soat birdagi Konsilium xulosasi qisqa va lo‘nda: 
«Qon tarkibi tekshirilganda oq qon katakchalari miqdori toksik leykotsit donachalari bilan (mana gap qaerda! — Muallif) 17000 gacha (normadagi 7000 –8000 o‘rniga) oshganligi qayd qilindi. Peshob tekshirilganda oqsil borligi ma’lum bo‘ldi». 
Yana bir tasdiq! Ammo vrachlar buni Beriyaga qanday qilib aytsinlar? Shu zahoti u so‘rar edi: «Yaxshisi, o‘zingiz tan oling, qaysi biringiz o‘rtoq Stalinni zaharladingiz? Bo‘lmasa — hammangiz...» Nima qilish kerak? Ahvol yaxshilanishiga umid yo‘qligi va boy berilgan vaqtni hisobga olib, shunchaki faktni qayd etishga qaror qilingan. Shu sababli bunda hech qanaqa chora tadbirsiz tanaffuslar yuzaga kelgan.

Soat tungi 3. (...) Jigar shishgan holda turibdi. (Kuchli zaharlanishning belgilaridan biri – Muallif). 
4.55. Hiqichoq tutdi. (2-3 marta) 
Endi voqealar shiddat bilan rivojlana boshladi! Hiqichoq tez-tez va kuchli bo‘la boshladi, ertalab esa... 
8.20. Tashvishli harakatlar. Qayt qilishga urinishlar. Qon qusayapti (Qusuq qop-qora rangda). Kofein (2 kb.sm) ukol qilindi. Ahvoli juda og‘ir. Bemor ko‘zini ochdi. O‘tkir tsianoz. Qon bosimi 170/110. Tomir urishi – bir daqiqada 110 ta, zaif to‘ldirish. Qusug‘i analizga yuborildi. 
Bo‘lib o‘tgan voqealarga professor A.L. Myasnikovning munosabati: «Beshinchi kuni ertalab Stalin qon qusa boshladi: bu tomir urishi susayishiga, qon bosimi tushib ketishiga olib keldi. Bu hodisa bizni tashvishga soldi — buni qanday izohlash kerak? (Beriyaga qanday tushuntirish lozim? — Muallif) Barcha Konsilium ishtirokchilari bemor atrofida aylanib qolishdi, qo‘shni xonada esa, tashvish va turli taxminlar yuzaga keldi...
Xotiralar ushbu mavzu hali qat’iy taqiqlangan davrda yozilganligini esdan chiqarmaslik lozim. Hammasi aytilmagan bo‘lsada – shuncha e’tirof! 
8.27. Yana qusish.
8.40. Qayt qilish yana takrorlandi. 
11.30. Qo‘qqisdan qusishga urina boshladi. Bemorning ahvoli birdaniga yomonlashdi. Gavdasining yuqori qismi va yuzi to‘satdan oqarib ketdi. (...) Boshini yengil qimirlatib, yuzining chap qismi ikki-uch bor pir-pir uchdi hamda chap oyog‘i seskanma harakat qildi.

Konsiliumning 5 mart soat kunduzgi 12 dagi xulosasi 

(...) Soat to‘qqizga qarab ketayotganda bemor qon qusa boshladi. ... kollaps (yurak faoliyatining keskin susayishi) holatidan bemor qiyinchilik bilan chiqarib olindi. Soat 11 dan 30 daqiqa o‘tganida ko‘plab qon qusgandan so‘ng yana kollaps kuchli terlash, arteriya tomir urishi yo‘qolishi bilan kechdi. Bemorni kollaps holatidan qutqarish og‘ir bo‘ldi... 
O‘sha vaqtda bu haqda gazetalarda yozilmadi... Biroz o‘tgach, takroriy analizlar qo‘lida bo‘lgan vrachlardan biri Stalinning o‘g‘li Vasiliyga otasi bilan aslida nima ro‘y berganini o‘ta maxfiylik bilan yetkazgan edi. Singlisi Svetlana yozishicha, Vasiliy: «Otamni zaharlashgan!..» deb qichqirgan. 
21.30. Kuchli terlash. Bemorni nam bosgan. Tomir urishi uzuq-uzuq. Sianoz kuchaygan. 
21.40. 30 soniya karbogen (4,6 foiz SO2), so‘ngra kislorod berildi. Sianoz saqlanib turibdi. Tomir urishi arang sezilayapti. Bemorni ter bosgan. Nafas olish tezlashgan, yuzaki. Karbogen (60 SO) va kislorod takroran berildi. Kamfor va adrenalin ukol qilindi. Sun’iy nafas oldirildi. 
21.50. O‘rtoq I.V.Stalin vafot etdi.

Hal qiluvchi ukol?!

Stalinni davolagan (jumladan, o‘limi oldidan) vrachlarning hujjatlashtirilgan kuzatuvlari boshqa guvohlar, masalan, qizi Svetlananing yozgan xotiralaridan hayron qoldiradigan darajada farq qiladi: «So‘nggi daqiqada u birdan ko‘zini ochdi va atrofidagi hammaga bir-bir qarab chiqdi... To‘satdan chap qo‘lini yuqoriga ko‘tarib, yo nimanidir ko‘rsatmoqchi yoki barchamizga po‘pisa qilmoqchiday tuyuldi... Keyin ruhi so‘nggi kuch sarflab, vujudni tark etdi». Qizi qo‘shimcha ravishda shunday eslaydi: «Aslida shunday bo‘lgan edimi, bilmayman...»
Svetlana Alliluevaning «Do‘stimga yigirmata maktub» kitobidan shunday xulosaga kelish mumkinki, qiz bemor otasini tanimaydi, buni kasallik otasini tanimaydigan darajada o‘zgartirib yuborganligi bilan izohlaydi. Lekin kasal aslida qiyofadosh bo‘lib, shu sababli qiz otasini tanimagan bo‘lishi mumkin?..
Stalinning o‘limi bilan bog‘liq hujjatlardan biri menga ayniqsa sirli tuyuldi.
U hamshira Moliseeva qilgan so‘nggi ukol bilan bog‘liq. Soat 20 dan 45 daqiqa o‘tganida u Stalinga kaltsiy glyukonat ukol qiladi. Bungacha bemorga kasalligi davomida biron marta ham bunday ukol qilinmagan. Soat 21.48 da u 20 foizli kamfor moyi berganligi haqida yozib qoldirgan. Va nihoyat soat 21.50 da Moliseeva davolash boshlangandan beri ilk bor adrenalin ukol qilinganligini yozadi. Shundan so‘ng Stalin o‘lgan. Aynan ushbu xunuk mos kelish Stalinni Beriya tomonidan maxsus tayyorlangan, kelib chiqishi yahudiy bo‘lgan ayol maxsus ukol bilan narigi dunyoga jo‘natganligi haqidagi mish-mishlar paydo bo‘lishiga imkon yaratgan.
Darvoqe, tibbiyot xodimlarining aytishlaricha, Stalin bilan ro‘y bergan vaziyatda so‘nggi soatlarda adrenalin bilan ukol qilish mutlaqo taqiqlanadi, negaki, bu katta qon aylanish doirasida tomirlarning siqilishiga olib keladi...
Ammo fakt faktligicha qoladi: dohiyning sobiq yo‘ldoshlari Kremlda hokimiyatni bo‘lishib olishgach, hali tirik bo‘lgan Stalinning oldiga, dala hovlisiga kelishadi, so‘nggi ukol qilinadi va shu zahoti u dunyoni tark etadi!

Dahshatli analizlar

Men topgan hujjatlar Stalinning organizmida shak-shubhasiz zahar bo‘lganligidan dalolat beradi. Shu bilan birga, uning aniq tarkibi va kelib chiqishi bu hujjatlarda aks etmagan. Ko‘rinadiki, o‘sha vahimali kunlarda, dahshatli ravishda o‘lim topgan Kreml xo‘jayiinining qoni tahlil qilinganida tibbiyot xodimlari bunga ruxsat, buyruq olishmagan.
Vrachlarni larzaga solgan qon va peshob analizining ilk natijalari ular qo‘liga taxminan 1953 yilning 5 mart kuni boshlanayotgan tunda kelib tushgan. Bu vaqtda nimanidir qo‘llashga endi kech bo‘lgan, organizmga kirgan zahar moddalari Stalinning yuragi va butun qon aylanish tizimini butunlay ishdan chiqargan edi. Jumladan, bosh miyasini ham. 
Dastavval analizlarga to‘xtalaylik.
5.03.1953 yildagi qon analizi hayratlanarli natijalarani taqdim etdi. Qizil qon katakchalari (eritrotsitlar) normada edi, ammo oq qon katakchalari 21000 gacha yetgan ( normada - 5000-8000). Aynan ushbu katakchalar organizm uchun zararli bo‘lgan bakteriyalar, zarra va tashqi moddalarni o‘ziga singdiradi. 
Leynotsitlar formulasi ham o‘zgargan edi:
«Limfotsitlar – 4,5% 
(Norma bo‘yicha 22-30% bo‘lishi kerak. Bunday keskin pasayish organizmning o‘z hayotini saqlab qolishi uchun jiddiy kurashganligini, bir vaqtning o‘zida himoya funktsiyalarining xavfli pasayishini anglatadi. Bu yana shuni ko‘rsatadiki, ular organizmda tabiiy muvozanatni izdan chiqaruvchi zaharni aniqlab, toksinlarni yutishga va hazm qilishga qodir bo‘lgan monotsit va makrofaglarga faol ravishda aylana boshlagan – Muallif).
Monotsitlar – 10,5%
(Norma bo‘yicha 4-8%. Bu organizmda toksinlar mavjudligiga qo‘shimcha tasdiq. – Muallif).
Neytrofillar – 85 %
(Norma bo‘yicha 55-68 %. Blankada bu ko‘rsatkichning tagiga ko‘k qalam bilan chizilgan. Neytrofil miqdorining o‘sishi – organizmda toksik og‘ular mavjudligiga asosiy dalil deyish mumkin. — Muallif).
Yadro - qalamcha neytrofillar — 18 %.
(Norma bo‘yicha 2-5 %. Bu ko‘rsatkichning ham tagiga ko‘k qalam bilan chizilgan – Muallif).
Alohida eslatma. Neytrofillar qismida toksik donachalar bor».

Ushbu «alohida eslatma» vrachlarni karaxt qilib qo‘ydi. «Toksik donachalar» topilgan qon katakchalari inson organizmini bakteriya va zaharli moddalardan himoya qilishini (oddiy o‘limdan farqli ravishda) ular bilar edilar.
Shu yerda mutaxassislarning qo‘shimcha izohlariga ehtiyoj tug‘iladi. Kimga tegishliligini aytmasdan, analizlarni ularga ko‘rsatib so‘radim: «Nega qon tahlili zahar mavjudligini birdaniga emas, faqatgina uchinchi kuni ko‘rsatib berdi?» Javob shunday bo‘ldi:
«Leykotsitlar yot toksinlarga javob qaytarishlari hamda antitoksik katakchalarning to‘planishi ro‘y berishi, limfotsitlarning «o‘zimizniki - begona» tamoyili bo‘yicha vaziyatni anglab olishi uchun vaqt kerak. Vrachlar zaharlanishni aniqlashganida, kech bo‘lgan, yurak va bosh miyada tiklab bo‘lmas buzilishlar yuz bergan edi...»
— Bemor hayotini saqlab qolish uchun qachon va nima qilish kerak edi? — o‘smoqchilayman men.
Ularning javobi:
«Barcha holatlarda oshqozoni yuvish lozim. Oshqozondan zaharni nisbatan tez va to‘la chiqarishda (agar zaharlanish ovqatlanish orqali ro‘y bergan bo‘lsa), shuningdek, qon bosimi ko‘tarilishi tufayli miya insulti xavfi pasayishida ushbu metodning foydaliligi qayt qilish vaqtidagi kuchli zo‘riqishga bog‘liq. Ko‘p hollarda oshqozonni yuvish nafaqat ovqatlanish orqali zaharlanish, balki og‘u organizmga boshqa yo‘llar bilan kirganda ham foyda beradi. Nima uchun? Ko‘p izoh berish kerak... Ammo, ishoning, bu aniq!..»
Vrachlar jurnalini diqqat bilan qaytadan o‘qib chiqib, mutaxassislar aytganlarining hammasi yoki deyarli hammasi Stalin bilan yuz bergan vaziyatga to‘g‘ri kelishini angladim.
Shunday qilib, dohiyni davolovchi vrachlar zaharlanish faktini aniqlaganlarida, kech bo‘lgan edi. (Beriya, eng avvalo, shuni hisobga olgan!) «Leykotsitlarda donachali zaharlar» ma’lum bo‘lganida, vrachlar, avvaliga zaharlanishning o‘zi emas, uning oqibati — miya va oshqozonda qon quyilishi ro‘y berganligini aniqlaganlar.
Shifokorlar dohiy zaharlanganligini, ular esa shu kungacha insult va gipertoniyani davolaganlarini aytishsa, Beriya shu yerning o‘zidayoq hammasini qamoqqa olishini bilganlar. Shu sababli iskanja ostida behuda choralar bilan andarmon bo‘lishadi. Aynan shu kunlari shunday uyushtirilgan (kim tomonidan ekanligi muhim emas!) «vrachlar ishi» Stalinning o‘ldirilishida mudhish rol o‘ynadi.

XRUSTALEVNING O‘LIMI

Barcha analizlarda Stalinning ismi-sharifi ko‘rsatilmasdan, uning ko‘chalik qo‘riqchilari boshlig‘i I.V.Xrustalev nomiga yozilgan. Ko‘rinadiki, Xrustalev hammadan ko‘p narsani bilgan?! Shunday norasmiy talqin mavjud: emishki, Xrustalev — dohiyni sog‘lom holda ko‘rgan eng so‘nggi odam. 2005 yilning 9 yanvarida vafot etgan Yu.S.Solovev (Stalinning eng yaqin tanqo‘riqchilaridan biri)ning menga bir necha yil oldin aytib berishicha, Stalin dafn etilgandan biroz o‘tgach coppa-sog‘lom Xrustalevning to‘satdan vafot etishi qator savollarni keltirib chiqaradi.
Stalin dafn etilgan kunlari Xrustalev hibsga olinadi, ammo... bir necha kundan so‘ng qo‘yib yuboriladi. Agar shuncha tez jazolashni istar ekan, Beriya uni qo‘yib yuborishi dargumon. Bundan Xrustalevning o‘z joniga qasd qilganligi haqidagi taxmin kelib chiqadi. O‘zi sodiq bo‘lgan kishini o‘ldirishda o‘zi xohlamagan holda ishtirok etib qolganligini anglar ekan, Xrustalev o‘zini-o‘zi o‘ldirishga ahd qilgan bo‘lishi mumkin.

STALINNING MURDASINI YORISH TO‘LIQ EMAS... AMMO SENSATSION

Murda yorilganda sensatsion — «o‘pkada yallig‘lanish o‘chog‘i» aniqlangan bo‘lib, bu davolovchi vrachlar qaydlarida ko‘rsatilmagan. Tibbiyot rahbarlari o‘pka yallig‘lanishini leykotsitlar miqdorining oshishi hamda bir vaqtning o‘zida sirli qon qusishi va «leykotsitlarda toksik donachalarni» yashirish, sir tutish uchun izohlashni hisobga olganlar. I.V.Stalinning kasalligi va o‘limi haqidagi tibbiy xulosada shunday yozilgan:
«Kasallikning birinchi kunidan bemorning harorati ko‘tarildi hamda yuqori leykotsitoz qayd qilindi, o‘pkada yallig‘lanish o‘choqlari rivojlanishini ko‘rsatish mumkin».
Stalinni hatto penitsillin bilan davolashgan.
Ovqat hazm qilish tizimi ahvoli esa zaharlanishni ko‘rsatib turibdi, oshqozon va ichaklar shilliq pardalari son-sanoqsiz sochma o‘qqa tutilganday holatda. «Patologo-anatomik tadqiqotlar akti»da bu shunday yozilgan: «Oshqozon ichidagi narsalar 200 kb. sm. miqdordagi qora rangli suyuqlik ko‘rinishida. Oshqozon shilliq pardasida pichoq bilan yengil ajratib olinadigan mayda qora-qizil nuqtalar namoyon bo‘lgan. Ular bartaraf etilganda mayda chuqurchalar yuzaga keladi. Oshqozon shilliq pardalari silliqlangan. Xuddi shunday xarakterdagi o‘zgarishlar o‘n ikki barmoqli ichak shilliq pardalarida ham kuzatiladi...»

PROFESSOR LUKOMSKIYNING VIJDON AZOBLARI 

Shu narsa diqqatga molikki, patologoanatomlar oshqozonda ko‘rganlariga baho berishmagan. Ular umumiy so‘zlarni ishlatganlar. Ammo o‘z o‘rnida yetarlicha insof bilan ko‘rganlarining barchasini yozib qo‘yishgan. Ular qachonlardir yozib qoldirganlarining asosida I.V.Stalin o‘limining haqiqiy sabablari haqida, albatta, to‘g‘ri xulosa chiqarishlariga ishonishgan, degan taassurot tug‘diradi... 
O‘sha tahlikali kunlarda ham tibbiyot xodimlari orasida bu «ko‘zda tutilgan o‘lim» ekanligidan oromini yo‘qotgan kishi bo‘lgan. Va aynan unga, professor Lukomskiyga oldingi sana bilan «1953 yilning 2 martidan 5 martigacha kasallik davomidagi jurnal qaydlari asosida tuzilgan I.V.Stalinning kasallik tarixi»ni rasmiylashtirish buyurilgan.
Mana, dohiy o‘limining haqiqiy sabablarini ko‘rsatishga urinilganligidan guvohlik beruvchi Lukomskiyning ishidan o‘ziga xos ko‘chirmalar. Afsuski, davolovchi vrachlar konsiliumining qolgan a’zolari bu urinishni qo‘llab-quvvatlashmagan.
«2 mart kuni bemor unga tuvak tutilayotganida ba’zi bezovtalik alomatlarini namoyon qildi». (Demak, ong hali faoliyatda! — Muallif.)
(...) Barcha 4 siydik portsiyasida 2.7 promill miqdorida oqsil borligi aniqlandi. Cho‘kmasida eritrotsitlar (yoki qon — Muallif) bor edi...
«Soat kunduzgi 12 da... konsilium qon qusish sabablari haqidagi masalani muhokama qildi hamda u asosiy kasallikka bog‘liq holda oshqozon shilliq pardalarining tomirlari shikastlanishi natijasida yuzaga kelgan, degan xulosaga keldi».
Shilliq paradalar nimadan zararlanganligini, vrachlar, albatta, yozishmagan. Ammo ohanjama bilan «asosiy kasallikka bog‘liq holda» degan jumlani ishlatishgan.
Haroratning 39 gradusgacha va leykotsitlarning 21 minggacha oshishini konsilium ko‘pincha gemiplegiya (yoxud tana a’zolarining falajligi) bilan kasallanganlarda uchraydigan pnevmoniya o‘chog‘ining paydo bo‘lishi bilan izohlagan. Biroq murdani yorishayotganda, buni «unutib» qoldirishgan.

1953 yil 5 martida bemorda yana Lukomskiyning so‘zlari bilan aytganda, «oshqozon qon aylanishi bilan sezilarli darajada bog‘liq holda» yurak qon-tomir siqilishi (kollaps) holati takroran kuzatilgan. Bir so‘z bilan aytganda, hammasi oshqozondan boshlangan. Oshqozondagi og‘udan. «Leykotsitlardagi toksik donachalar»dan.
«Konsilium 1953 yil iyulida ushbu holatni yana qaytadan qayd etadi hamda hatto Beriyaning hibsga olinishidan so‘ng ham Lukomskiyning jasoratini qo‘llab-quvvatlamaydi:
«1953 yil 5 martida bemorda bir qancha darajada oshqozon qon aylanish tizimiga bog‘liq holda kollaps takroran namoyon bo‘ldi».
Ta’kidlash lozimki, «Jurnal qaydlari asosida tuzilgan I.V.Stalinning kasallik tarixi» Lukomskiy va boshqalar tomonidan kamida 4 marta qayta yozilgan. Oxirgi marta buni 1953 yilning iyulida amalga oshirishgan. Nega? Chunki, may oyidagi bayramlarda Molotovga ularning hammasini Stalindan o‘zi qutqarganligini ochiqchasiga aytgan Beriya iyun oxirida hibsga olingan edi!
Avvaliga dohiy zaharlanganligini uning kasallik tarixida aks ettirishga qaror qilingan ko‘rinadi. So‘ngra partiyaning oliy zotlari bunday tavakkaliga qo‘yilgan qadam tekshir-tekshirga olib kelishi mumkinligini o‘ylashgan. Shunisi aniqki, Stalin hali o‘lmasidan, uning o‘rniga (hujjatlar bo‘yicha 3 martdayoq!) Malenkov tayinlangan... xuddi u ham Beriya singari Stalinning o‘lishini 100 foiz oldindan bilgandek.
Tabiiyki, bunday holatda mamlakatdagi eng yuqori lavozimni egallagan Malenkov Stalinning... Beriya tomonidan zaharlanishi oshkor etilishidan manfaatdor emas edi. MKning 1952 yil oktyabridagi Plenumidan so‘ng o‘zlarining ahvoli nima kechishini bilmay qolganlaridan keyin yangi katta vazifalarga ega bo‘lgan boshqa safdoshlari ham (Molotov, Mikoyan, Voroshilov, Bulganin, Kaganovich va Xrushchev) bundan manfaatdor emas edilar. Stalin o‘shanda, ayniqsa Molotov va Mikoyanga qarshi fosh qiluvchi nutq bilan chiqish qilgan edi...

HAMMASIDAN SO‘NG

Yuqorida aytilganlarning hammasini og‘ular bo‘yicha yirik bir mutaxassisdan izohlashni so‘radim. Ism-sharifini sir tutishni istagan holda u ushbu vaziyatda dikumarin dorisidan foydalanilganligi ehtimoldan xoli emasligini aytdi. Insultga olib kelishi uchun dikumarin maxsus kuchaytirilgan dozada tayyorlangan bo‘lishi mumkin.
Shu o‘rinda Stalin polga yiqilgandan so‘ng uni birinchi bo‘lib ko‘rgan Lozgachevning gapini esladim:
«Yugurib borib, so‘radim: «O‘rtoq Stalin, Sizga nima bo‘ldi? Do‘xtir chaqiraymi?» U esa javoban anglab bo‘lmaydigan holda: «Dz...dz...», — der edi, xolos».
Kuchaytirilgan dozada tayyorlangan dikumarin insultga olib kelishi haqida gap borar ekan, ayni shu so‘zlarni esladim. Stalin jon talvasasida «dz... dz...» der ekan, aynan ushbu preparat haqida aytishga uringan bo‘lishi mumkin.

DIKUMARIN HAQIDA

Dikumarin — qonning quyulishini susaytiruvchi dori — antikoagulyantlarning birinchisi va asosiysi hisoblanadi. Shuningdek, zaharliligi yuqoriligi sababli iste’moldan chiqarilgan. Dikumarinning ta’siri sekin, ammo davomli holda — 2-3 soatdan so‘ng boshlanib, 12-30 soatda eng yuqori bosqichga ko‘tariladi (Stalin so‘nggi bor kasal bo‘lganida birinchi sutkada ongini yo‘qotishi chuqurlashib borishi vaqtiga mos keladi. — Muallif.) Qon ketishiga olib boradigan tomirlar o‘tkazuvchanligi ortib ketadi. Qonning peshob bilan chiqishi, og‘zi va burnidan qon kelishi, oshqozon va ichaklardan qon ketishi, muskullarga qon quyilishi va boshqalar kuzatilishi mumkin. Sog‘lom kishilar uchun o‘ta xavfli...

Muhammad Bobur tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.