OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kim Chen Ir: Buyuk hazilkash

Shimoliy Koreya «otasi» Kim Chen Irning maxfiylik pardasiga o‘ralgan hayoti

Bir qarashda Shimoliy Koreya xalqi davlat rahbari Kim Chen Ir haqida ko‘p narsa biladigandek. Chunki endigina tili chiqa boshlagan go‘dakdan tortib, bir oyog‘i to‘rda, bir oyog‘i... go‘rda bo‘lgan qariyalargacha — jamiki raiyat uni «otam», «millat quyoshi», «davlat xaloskori», «mamlakat osmonida porlagan yulduz» va yana boshqa ajabtovur unvon-yorliqlar bilan ulug‘laydi. Dohiyning nomi kerak-nokerak o‘rinlarda yuz bora, ming bora takrorlanadi. Koreys jurnalistlari uchun hatto yangi ochilgan... uzr, cho‘chqaxonalar ham dono rahbarning oqilona siyosatidan nishona bo‘lib tuyuladi. Lekin aslini surishtirganda, vaziyat butkul boshqacha ekaniga amin bo‘lish mumkin. Kim Chen Ir nomini sut emayotgan go‘dak kabi tamshanib talaffuz qilayotgan maddoh aslida uning «buyuk dohiy»ligi va Katta dohiy Kim Ir Senning o‘g‘li ekanidan boshqa ma’lumotni bilmaydi. Bu borada «davlat va millat xaloskori»ga tan bermay iloj yo‘q: Kim amaki, tasannoki, o‘z shaxsiy hayotini hatto yer tagida ilon qimirlashini oldindan biladigan G‘arb jurnalistlari nazaridan ham chetda saqlay oldi. Lekin so‘nggi paytlarda ayrim «sadoqatsiz va yaxshilikning qadriga yetmagan» mulozimlarning xiyonati tufayli Kim Chen Irning omma nigohidan panadagi mavhum hayoti haqida ba’zi ma’lumotlar paydo bo‘layapti...

TARIXIY «XATO»NING TUZATILISHI

Kim Chen Ir — Shimoliy Koreya davlatining asoschisi Kim Ir Senning farzandi. Aytishlaricha, to‘ng‘ich Kim 1950-yillarda yapon imperialistlariga qarshi isyon tug‘ini baland ko‘tarib yurgan paytda ana shu shonli kurashda javlon urib ishtirok etayotgan Inqilobxon (Kim Chen Suk) bilan tanishgan va yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelgan ikki yosh oila qurgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Kim Chen Ir, muarrixlar ta’biri bilan aytganda, «buyuk ota amalga oshirayotgan buyuk ishlarning buyuk davomchisi» dunyoga kelgan. Aytish joizki, ota Kim o‘g‘lini bolaligidan vorislik ruhida tarbiyaladi va 1970-yillardayoq uni Shimoliy Koreyaning bo‘lajak rahbari deb e’lon qildi. Biroq qahramonimiz davlat boshlig‘i, dohiy bo‘lishdek orzusiga erishish uchun uzoq kutdi. 1994 yilning iyulida dunyoga ustun bo‘lishni da’vo qilgan Kim Ir Sen vafot etdi-yu, uning o‘g‘li o‘z-o‘zidan tarix sahnasida bosh qahramon bo‘lib qoldi. Mehribon otaning solih farzandi sifatida u otasi o‘limiga uch yil motam tutdi va shu muddat mobaynida davlat rahbari «v. b» (vazifasini bajaruvchi) bo‘lib turdi. 
Ana shu yillarda ko‘pchilik o‘g‘il dohiy hokimiyatni qo‘lda saqlab qololmaydi, deb bashorat qildi. O‘sha ko‘pchilikning bunday taxmin qilishiga jiddiy asos bor edi, albatta. Tarixda bir mustabid rahbar (diktator) o‘limidan keyin hokimiyat uning vorislariga nasib etmagan. Bunga Gitler, Franko, Chaushesku,Stalin, Mussolini va yana son-sanoqsiz Janubiy Amerika rahbarilarining qismati dalil. Lekin Kim Chen Ir tarixning ana shu qonuniga ham o‘zgartirish kiritdi: ming otli arava — hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qola bildi.

CHEGARA BILMAS «DONISHMANDLIK»

Kim Chen Ir ayni paytda Shimol mamlakatining rasmiy davlat ta’limotiga aylangan chuchxe qarashlarini ishlab chiqdi. Dohiy tomonidan chuchxeizmga bag‘ishlab yozilgan asarlar bugun maktablarda, o‘quv yurtlarida majburiy ravishda o‘qitiladi, fuqarolar kitoblarni ilohiy mujda yanglig‘ yod olishadi. Chuchxe ta’limoti insonning (demakki, davlatning) faqat o‘z kuchiga ishonishi va boshqalar yordamiga tayanmasligi g‘oyasiga asoslanadi. Ana shu «jo‘mardlik» g‘oyasi sabab fuqarolari ochdan o‘layotganiga qaramay, hukumat xalqaro hamjamiyat yordamlarini qabul qilmaydi, bu bilan esa go‘yoki o‘z shon-sharafini saqlaydi. Kim hukumati chuchxe qarashlariga to‘la rioya etganda edi, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan bu qaysarlikni ham tushunish mumkin bo‘lardi. Biroq ta’limot asoschisining o‘zi chuchxe qoidalarini o‘yin deb biladi, uni — muqaddas e’tiqod darajasiga chiqib qolgan ta’limotni ham o‘z nog‘orasiga o‘ynatadi. Dalil kerakmi? Marhamat.

1996 yili Shimoliy Koreya dahshatli ochlik iskanjasida qoldi. Tabiat injiqliklari mamlakatning yagona najoti bo‘lgan g‘alla hosilini ham yo‘qqa chiqardi. Yurt otasi sifatida Kim Chen Ir vaziyatni bartaraf etish uchun uzoq o‘yladi va dono tadbir o‘ylab topdi. Rejani eshitgan mulozimlar shunday buyuk inson bilan hamnafas yashayotganlari uchun shukronalar aytishdi. Kutilmaganda, odatga xilof ravishda Pxenyan hukumati qo‘shni «dushmanlar» — Yaponiya va Janubiy Koreyadan insonparvarlik yordami ko‘rsatishlarini so‘radi. Yapop va koreys rahbarlari Kim janoblariga insof kirib qolganidan xursand bo‘lib insoparvarlik yuklarini zudlik bilan yuborishdi. Biroq dono rahbar ko‘pchilik kutmagan tarzda ish tutdi (Asli u shuning uchun ham dono-da!) Qo‘shni mamlakatlardan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlari yorlig‘i zudlik bilan topshiriqqa ko‘rao‘zgartirildi va ularga kommunistik davlat muhri bosildi. Shu tariqa xalq ularni ochlikdan xalos etgan yuklar «yaramas» orolliklar (Yaponiya) hamda «zo‘ravon» qo‘shnidan (Janubiy Koreya) kelganini bilmay qolaverdi. Barcha-barchasi uchun dohiyga tasannolar aytildi. Ob-havo rasvoyi raddi balo kelib, hamma hosil nest-nobud bo‘lgan bir yilda qanday qilib shu-uncha don-dun yetishtirish mumkin degan, aql hech kimning xayoliga kelmadi.

SIYOSAT VA... ALDOV

Kim Chen Ir dunyodagi eng kamtar davlat rahbarilaridan biri bo‘lsa kerak. U shu darajada kibru havodan yiroqki, biror davlatga borsa ham, kamoli kamtarlikdan o‘z tashrifi haqida ommaviy axborot vositalarini ogoh etishni istamaydi. Darvoqe, qahramonimiz ancha-muncha davlat rahbariga nasib etmaydigan yana bir xislatga ega: u juda kamdan-kam hollarda xorij mamlakatlariga safar qiladi. O‘n yillik davlat boshqaruvida davrida u faqat ikkitigina (!) davlatga safar qilgan. Bu baxtli mamlakatlarning ismi sharifi esa — Xitoy va Rossiya. Oddiy fuqarolarga ham har doim buyuk dohiydan ibrat olish tavsiya etiladi. Chet davlatlarga hadeb qatnayveradiganlarga esa salkam millat dushmani sifatida qaraladi.

Kim Chen Ir siyosat bobida bahor havosiday o‘zgaruvchan. Balki shu boisdir xalqaro maydonda unga «Buyuk hazilkash» laqabi munosib ko‘rilgan. Laqab zamirida esa katta hayotiy asos mavjud. Mana yana bir bo‘lib o‘tgan hodisa.

2000 yili Shimoliy Koreya osmonida qora bulutlar paydo bo‘la boshlagandi. Sabab esa Pxenyan hukumatining yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lidagi xavotirli urinishlari edi. Ana shu vaqtlarda kutilmaganda Kim janoblari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Pxenyanga taklif qilib qoldi. Putin Okinavada o‘tgan «Katta sakkizlik» davlatlari sammitidan qaytishda Shimoliy Koreyada to‘xtab o‘tdi. Rossiya rahbarining Kim Chen Ir bilan uchrashuvi butun dunyoda shov-shuvga aylanib ketdi. Boisi, ko‘p yillardan beri Shimol tuprog‘iga xorij rahbari, boz ustiga, Rossiyaday buyuk davlat boshqaruvchisi qadami yetmagandi. Putin bilan uchrashuvda Kim Chen Ir aytgan so‘zlar esa yanada katta shov-shuvlarga mavzu bo‘ldi. Xalq Respublikasi rahbari Putinga yadro tadqiqotlaridan voz kechishga qaror qilganini ma’lum qildi. Bu xushxabar qanot bog‘lab dunyoga tarqaldi. Ayrim G‘arb mamlakatlari allaqachon uzilib ketgan hamkorlik rishtalarini yana tiklashga shoshilishdi. Biroq hammasi o‘yin ekani ma’lum bo‘lishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi.

Kim Chen Ir bir oy o‘tmay Janubiy Koreya jurnalistlari bilan uchrashdi va matbuot anjumanida hammani hangu mang qilib Putinga aytgan so‘zlari... hazil ekanini oshkor qildi. Buyuk hazilkash shu tariqa dunyo e’tiborini yana bir karra o‘ziga jalb etdi...

Kim janoblarining «tarallabedod»iga Jorj Bush xotima yasashga urindi. Amerikaning yangi rahbari sifatida eski prezident Klinton siyosatini inkor qilishga uringan Bush erkalanib ketgan Pxenyanning tanobini tortib qo‘yishga qaror qildi. Dastlab Shimoliy Koreya atom quroliga ega bo‘lish yo‘lidagi harakatlari uchun Eron, Iroq davlatlari qatorida «zulm o‘qi» mamlakatlari ro‘yxatida e’lon qilindi. Keyinroq «Sem amaki» (AQSh) Shimoliy Koreyaga qarshi keskin chora ko‘rdi: mamlakat issiqlik elektr stantsiyalari (TES) uchun zarur bo‘lgan xomashyo yuborishni to‘xtatib qo‘ydi. Kim Chen Ir esa bunga javoban mamlakatdagi MAGATE inspektorlarini haydab chiqardi, boz ustiga Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomadan chiqqanini namoyishkorona e’lon qildi. Bu bilan hovuridan tushmagan buyuk dohiy boshiga Saddam Husayn qismati tushishidan ham qo‘rqmasligini bildirdi. Oqibat... Oqibat uzoq davom etgan muzokaralardan keyin AQSh Shimol issiqlik stantsiyalariga xomashyo jo‘natishni davom ettiradigan bo‘ldi. Kim janoblari go‘yoki yana bir marta g‘alabaga erishdi.

HOLLIVUD YULDUZLARI ORTDA QOLDI

Kim Chen Ir mamlakat matbuotida xalqparvar va millatparvar rahbar sifatida ko‘klarga ko‘tariladi. Koreys gazetalaridan biri kommunizm otasining harbiy bo‘linmaga qilgan safarini tasvirlab, millat dohiysi tushlikka kartoshkadan tayyorlangan oddiy taom yeganini yozadi. Bu xalqparvarona epizod, tabiiyki, rahbarga bo‘lgan hurmatni oshiradi, ayrim ko‘ngli bo‘shlar esa ayni lavhani o‘qiganda, dohiy ulug‘ligidan qalbi toshib, ko‘ziga yosh olishi ham mumkin. Asl voqelikni esa qochoqlar va Kim janoblari bilan uchrashgan kishilar aytishadi.

Bir necha yil avval Kim Chen Irning shaxsiy oshpazi sifatida ishlagan yaponiyalik Fudzimoto o‘zi guvoh bo‘lgan voqealarni kitob holida chop ettirgan va bu asar bestsellerlar qatoridan joy olgandi. Oshpazning guvohlik berishicha, koreys dohiysi Hollivud yulduzlarini ham hayratga soladigan hashamat ichida yashaydi. Buyuk dohiyning sevimli taomi sanalgan italyan pitstsasini Italiyadan maxsus chaqirilgan oshpaz tayyorlaydi. Kim Chen Ir dasturxoniga kundalik tortilayotan lazzatli taomlar va noz-ne’matlar, mutaxassislarning ishonch bilan ta’kidlashiga qaraganda, hatto oddiy koreys kishisining yetti uxlab tushiga ham kirmaydi. Kommunizm otasi tanovul qilsin, degan ezgu niyatda Yaponiyadan dengiz mahsulotlari, Tailanddan mango mevasi, Xitoyning Urumchisidan uzum va qovun, Chexiyadan pivo keltiriladi. Maishiy hayot masalasida esa so‘z ham bo‘lishi mumkin emas...

Hayotda hamma narsa o‘zgaradi. Aytishlaricha, Kim Chen Ir ham oxirgi paytlarda shu paytgacha inkor etib kelingan xususiy mulk masalasida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirayotganmish. Xitoydagi yangilanishlar bilan tanishgan dohiy xususiy mulk unchalik ham dahshatli narsa emas ekan-ku, degan xulosaga kelganmish. Darvoqe, so‘nggi yangilik. Dunyodagi texnologik o‘zgarishlardan kayfiyati ko‘tarilgan dohiy lutfu inoyat ko‘rsatib o‘z xalqiga uyali aloqadan foydalanish uchun ruxsat berganmish. Ishonchli manbalarga qaraganda, bundan boshi osmonga yetgan shimolliklar dohiyimizning umrlari bundan-da uzoq bo‘lsin, deb duo qilishayotganmish...

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.