OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Ahmadinajot: dunyo nigohidagi yetakchi

 Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajot tomonidan Isroil davlatini yer yuzidan supirib tashlash to‘g‘risida berilgan bayonot hali ko‘pchilikning xotirasidan ko‘tarilgani yo‘q.  Balki shu boisdir, hozir ham Eron yetakchisining har bir chiqishi, har bir intervyusi xalqaro hamjamiyat tomonidan jiddiy kuzatib borilyapti. Jahon ommaviy axborot vositalarida ham Ahmadinajot shaxsiga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.

Jurnalistlikdan prezidentlikka

G‘arb tahlilchilari tomonidan ultrakonservator sifatida baholanayotgan Mahmud Ahmadinajot asli 1956 yilning 28 oktyabrida Eronning shimoliy muzofoti — Zemnanda tug‘ilgan. Bo‘lajak prezident Tehron universitetini muhandis mutaxassisligi bo‘yicha yakunladi. Dorilfunun ta’limidan so‘ng bir muddat Eron gazetalaridan birida jurnalist sifatida faoliyat olib bordi. 1980-1988 yillar davom etgan Eron-Iroq urushi davrida Ahmadinajot ko‘ngilli sifatida urushga yo‘l oldi va mamlakat qurolli kuchlarining bir qator bo‘linmalarida xizmat qildi. Urushdan keyin oliy ta’limni davom ettirgan Ahmadinajot 1990 yili Tehron universiteti magistraturasini tamomladi va oliygoh ilmiy kengashi a’zosi etib saylandi, texnika fanlari doktori unvoni olishga muvaffaq bo‘ldi. Ayni shu davrdan Ahmadinajot mamlakat siyosiy sahnasiga kirib keldi. 
Dastlab kichik shahar ma’muriyatlarida ishlagan bo‘lajak yetakchiga tez orada Eronnnig shimoli-g‘arbida joylashgan Ardabil viloyati gubernatorligi ishonib topshirildi. 2003 yili esa yosh siyosiy arbob mamlakat poytaxti Tehron hokimligiga saylandi.
Bundan roppa-rosa bir yil avval — 24 iyunda Eronda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tgani gazetxonlar yodida bo‘lsa kerak. O‘shanda ovoz berish tadbirining ikkinchi turida Ahmadinajot 62 foiz ovoz to‘plab mamlakatda 9-marotaba o‘tgan saylovda g‘alaba qozongandi. Bu voqeaning o‘ziga xos jihati shundaki, Tehronning sobiq hokimi Eronning so‘nggi 24 yillik tarixida ilk dunyoviy boshqaruvchi bo‘ldi, chunki bunga qadar mamlakat ijroiya hokimiyatini idora qilgan arboblar diniy yetakchilar edi.
2005 yilning 5 avgustida o‘tgan inauguratsiya marosimidan keyin Ahmadinajot rasman prezidentlik vazifasini bajarishga kirishdi. 6 avgust kuni esa parlament huzurida mamlakatni rivojlantirish va islom aqidasiga sodiq qolishga qasamyod qildi.

Eronliklar nega Ahmadinajotga ishonch bildirishdi?

Ochig‘i, o‘tgan yilgi saylov paytida deyarli barcha kuzatuvchilar va tahlilchilar Mahmud Ahmadinajotning g‘alaba qozonishi mumkinligi to‘g‘risida jiddiy o‘ylab ham ko‘rishmagandi. Boisi, saylovda Eronni 8 yil davomida idora qilgan (1989-1997) Ali Akbar Xoshimi-Rafsanjoniy favorit sifatida ishtirok etgandi. Qolaversa,  bu safar oldingilarga qaraganda, ijroiya hokimiyatini boshqarishga tarafdorlar juda ko‘p edi — prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun 1000 dan oshiq nomzod ariza bergandi. Biroq kutilmaganda, Eron xalqi xorijlik kuzatuvchilar va jurnalistlar ta’kidlaganday, Xoshimi-Rafsanjoniyga emas, Tehron hokimiga ovoz berdi. Nega?
Mahmud Ahmadinajot o‘z saylov dasturida mamlakatning ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan kambag‘al qatlamini qo‘llab-quvvatlash, Eronda yuqori darajaga chiqqan ishsizlikni bataraf etish borasida jiddiy choralar ko‘rishga va’da bergandi. Bu, bizningcha, saylov jarayonida nomzodga katta “ochko” keltirgan omillardan biri bo‘ldi. 70 milliondan oshiq fuqaroga ega bo‘lgan Eron sharoitida ishlab chiqarishni rivojlantirish va aholining ko‘pchilik qismini tashkil qilayotgan kambag‘allarga farovon hayot tuhfa etish — bugunning birlamchi vazifalaridan biri. Strategik boylik sanalgan neft va gaz zahirasiga egalik borasida dunyoda faqat Saudiya Arabistoni va Rossiyadan keyingi ikkinchi o‘rinda turuvchi davlatda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan milliy daromad 320 dollar ekani (qiyos: Saudiyada bu ko‘rsatkich 19 ming dollardan oshiq) Osiyoning yirik mamlakati jiddiy iqtisodiy islohotlarga muhtojligini ko‘rsatadi. Ahmadinajot esa ana shunday islohotlarga va’da berdi. 
Shu bilan birga Eronda ishsizlik darajasi ham yuqori. Xalqaro tashkilotlar ma’lumotlariga qaraganda, bu ko‘rsatkich 15 foizga yetadi. Boz ustiga, Eron aholisining deyarli 70 foizini 30 yoshdan kichik bo‘lgan navqiron avlod tashkil etadiki, aynan ushbu yirik aholi guruhi ishsizlikka qarshi kurash e’lon qilgan poytaxt hokimiga ishonch bildirdi.

Prezident siyosatining o‘zagi

Ahmadinajot o‘z saylovoldi chiqishlarida Eron yadro tadqiqotlarini davom ettirajagini ko‘p bora ta’kidlagandi. Bu qaror, shubhasiz, Tehron rahbarining prezident sifatida saylanishiga katta turtki bo‘ldi. 
Ahmadinajot prezident sifatida faoliyat boshlagandan keyingi ilk matbuot anjumanida yadro texnologiyasi mamlakatning energetika, meditsina va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish uchun zarurligi va yadroviy tadqiqotlarni olib borish Eronning tabiiy va qonuniy huquqi ekanini bildirgandi. Ayni shu jihat — tinchlik maqsadlaridagi yadro tadqiqotlarini har qanday holatda davom ettirish va Eron milliy manfaatlarini himoya qilish Ahmadinajot siyosatining o‘zagi, deyish mumkin.

Buyuk davlatlar bilan munosabat

Har bir rivojlanayotgan mamlakat o‘z tashqi siyosatida dunyo geosiyosatida yetakchi mavqe egallagan davlatlar bilan munosabat olib borishga alohida e’tibor qaratadi. Bu o‘rinda Eron rahbarining buyuk davlatlar bilan olib borayotgan munosabatlariga nigoh tashlasak.
Amerika Qo‘shma Shtatlari. Sir emas, Eron va okean orti davlati o‘rtasidagi munosabatlar yaqin darajada deb bo‘lmaydi. Ikki mamlakat o‘rtasida ko‘p yillardan buyon diplomatik aloqalar mavjud emas (Yaqinda AQSh davlat kotibi Kondoliza Rays yadro tadqiqotlaridan voz kechish evaziga iqtisodiy imtiyozlar berish to‘g‘risidagi taklifni Eron hukumatiga Tehronda Amerika elchixonasi yo‘qligi sababli, Shveytsariya elchisi orqali taqdim etdi).
Eron va Amerika o‘rtasida diplomatik darajadagi aloqalar yo‘qligining o‘ziga xos sabablari bor, albatta. Amerika hukumati Eronda olib borilayotgan uranni boyitish tadqiqotlarini Tehronning yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lidagi urinishi sifatida talqin qiladi. Shu bois, Vashington 1995 yilda Eronga nisbatan iqtisodiy sanktsiya joriy qilgan. 2002 yili esa Oq uy Eronni Iroq, Shimoliy Koreya bilan bir qatorda “zulm o‘qi” davlatlari ro‘yxatiga kiritgan. 
Mahmud Ahmadinajot esa prezidentlikning ilk oyidayoq AQSh bilan munosabatlarga quyidagi tarzda oydinlik kiritgan: “Eron xalqi o‘z kuch-salohiyatiga ishonchga asoslangan taraqqiyot yo‘lini tanladi. Bu yo‘lda Qo‘shma Shtatlar u qadar muhim ahamiyatga ega emas”. 
E’tiborli jihati, Eron yadro dasturi borasida qattiq tanqidiy munosabatda bo‘lgan Oq uy  ma’muriyati so‘nggi paytlarda biroz yumshaganday bo‘ldi: AQSh prezidenti Jorj Bush Eron masalasini harbiy usul bilan emas, diplomatik yo‘llar bilan hal etish zarurligini uzil-kesil bildirdi.
Rossiya. Eron Rossiya bilan hamkorlik munosabatiga barcha davrlarda ham jiddiy e’tibor qaratgani ma’lum. Ayniqsa, hozirgi sharoitda Federatsiya Eronni yadro tadqiqotlari borasida qo‘llab-quvvatlayotgan va bu yo‘lda hamkorlik qilayotgan barmoq bilan sanarli davlatlardan biri. Buni o‘tgan hafta Pekinda o‘tgan Shanxay Hamkorlik tashkilotining yubiley sammiti doirasida Ahmadinajot bilan uchrashgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham alohida ta’kidladi. Shuningdek, ushbu muloqot paytida Rossiya rahbari dunyoning barcha davlatlari qatori Eron ham yadro texnologiyalari borasida tadqiqotlar olib borishga haqli ekanini bildirdi. Ahmadinajot talqinida esa “Agar Eron va Rossiya o‘rtasida ikki tomonlama munosabat bo‘lmaganda, mintaqadagi vaziyat butunlay izdan chiqib ketardi”.
Bizningcha, ana shu ikki e’tirofning o‘zi ham mamlakatlar o‘rtasida munosabat qay darajada ekanini tasavvur qilish uchun yetarli.
Yevropa Ittifoqi. Yevropa davlatlari avval-boshdanoq Mahmud Ahmadinajotni prezidentlik kursisiga olib kelgan saylovni tanqidiy baholashgandi. Eron rahbari tomonidan Yer yuzidan Isroil davlatini supirib tashlash, keyinroq yahudiy davlatini Yevropaga ko‘chirish zarurligi to‘g‘risidagi qarashlar ilgari surilgach, munosabatlar yanada taranglashdi. Dastlab inson huquqlari va yadro dasturi borasida Tehron bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan YeI yuqoridagi shov-shuvli chiqishlardan keyin muloqot ohangini o‘zgartirdi. Oxirgi paytlarda Ittifoqning ustunlari — Frantsiya, Buyuk Britaniya va Germaniya agar Tehron yadro tadqiqotlaridan voz kechmasa, uning masalasi Xavfsizlik Kengashiga qo‘yilishini bot-bot eslatib turibdi.
Eron rahbarining YeI bilan muloqot pozitsiyasi esa shunday: “Biz yevropaliklar bilan muzokaralarni davom ettiramiz, biroq, albatta, o‘z milliy manfaatlarimizni ko‘zlaymiz va Eron xalqi yadro energiyasidan foydalanishga haqli ekanini tushuntirib qo‘yamiz”.

G‘arb nega xavotirda?

G‘arbliklar Mahmud Ahmadinajotdan xafa bo‘ladigan jihatlar talaygina: u Tehron shahriga rahbarlik qilib turgan paytda xorij yulduzlari tasvirlangan reklamalarni taqiqladi, g‘arbcha tutumdagi restoran va “fast-fud” do‘konlarini ham yopib qo‘ydi. Ana shu arbobning hokimiyat tepasiga kelishi esa, tabiiyki, butun dunyoga g‘arbona madaniyatni tarqatish tarafdori bo‘lgan siyosatdonlarga xush kelmadi. 
O‘z faoliyatining ilk davridanoq “namunali, qudratli va ilg‘or islom jamiyati” qurish rejasini e’lon qilgan Ahmadinajodning prezidentlik dasturida ham iqtisodiy maqsadlar bilan bir qatorda islom qadriyatlarini saqlash tamoyili mavjud. Ana shu tamoyildan kelib chiqib, yaqinda yana bir taqiq joriy etildi: endilikda Eron hududiga 330 ming AQSh dollaridan qimmat bo‘lgan avtomobillarni olib kirish mumkin emas...

So‘nggi so‘z hali aytilmadi

Oxirgi paytlarda Eron yadro dasturi borasidagi muzokaralar deyarli boshiga berk ko‘chaga kirib qolgan edi. Yaqinda Vena shahrida o‘tgan xalqaro anjumanda Eron bilan yadro masalasida muzokaralar olib borayotgan AQSh, Xitoy, Rossiya, Frantsiya, Buyuk Britaniya va Germaniyadan iborat “oltilik” kelishmovchilikni bartaraf etish borasida bir qarorga keldi. “Oltilik” Eron hukumatiga uranni boyitish yo‘lidagi tadqiqotlardan voz kechish evaziga bir qator iqtisodiy imtiyozlar berishni taklif qildi. Iqtisodiy imtiyozlar deganda, nimalar nazarda tutilgani hali batafsil bildirilganicha yo‘q. Biroq ayrim tahlilchilar fikricha, Eronga yadro tadqiqotidan voz kechish evaziga tayyor holdagi boyitilgan uranni yetkazib berish, AQShning qishloq xo‘jaligi va aviatsiya sohasidagi texnikalaridan foydalanish imkoniyati hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zolik borasida qo‘llab-quvvatlash taklif etilayotgan bo‘lishi mumkin. Ushbu taklif borasida prezident Mahmud Ahmadinajot hali uzil-kesil javob berganicha yo‘q. Xullas,  dunyo nigohi yana Eron va uning yetakchisida...

Sobirjon Yoqubov
“Hurriyat” gazetasidan olindi

 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.