G’azo mintaqasi osmoni qora tutun bilan qoplangan. XAMAS tashkilotining Isroil bilan tinchlik ahdini uzaytirishdan bosh tortgani hududdagi shundoq ham tarang vaziyatni yanada chuqurlashtirdi. Aslida bu mintaqa 60 yildan buyon asosan olovli nuqta bo‘lib qolmoqda. 1948, 1956, 1967, 1973, 1982 yillardagi arab - Isroil urushlari millionlab odamlarning yosti²ini quritdi. To‘g‘ri, bundan tashqari uzoq vaqt mobaynida harbiy-siyosiy to‘qnashuvlar ham sodir bo‘lib turgan. Ammo 2008 yilning so‘nggi oyining oxirgi kunlarida Isroil harbiylari tomonidan G’azoda boshlagan harbiy harakatlari o‘z ko‘lami jihatidan yirik urushlarni eslatadi.
• Falastin - G’arbiy Osiyodagi tarixiy viloyat. O‘rta dengizning sharqiy sohilida joylashgan, maydoni 26 ming kv.km. Falastinning asosiy qismi Isroil bilan Iordaniyaga tegishli. • Isroil maydoni 14,1 ming km.2, aholisi 6 milliondan ortiq. Asosiy iqtisodiy va madaniy markazi – Tel-Aviv shahri. Isroil hukumati BMTning 1947 yildagi qaroriga zid ravishda 1950 yilda Quddus shahrinning ²arbiy qismini davlat poytaxti deb e’lon qildi. 1980 yil 30 iyulda Quddus Isroilning «abadiy va bo‘linmas» poytaxti deb e’lon qilindi. Mamlakatda yagona konstitustiya yo‘q. Aholinning 82 foizi yahudiylar, 16 foizi arablar. Isroil iqtisodiyotida harbiy sanoat asosiy o‘rinni egallaydi, u tashqi moliyaviy manbalarga, ayniqsa, AQSh va Yevropa Ittifoqi yordamiga juda qaram. • Yaqin kunlarda Qohirada arab davlatlari ishtirokida o‘tkaziladigan favqulotdagi yig‘ilishda Isroil tomonidan o‘rnatilgan qamal tufayli aziyat chekayotgan falastinliklarga yordam berish masalasini ko‘rib chiqiladi. Ammo aksariyat uchrashuvlarda mustaqil Falastin davlatining chegarasi, qochoqlar taqdiri, Quddus shahrining maqomi kabi muhim masalalarga to‘la aniqlik kiritilmay qoladi. |
Hozirgi voqealarga aniqlik kiritsak: 2008 yilning 19 dekabrida Isroil va XAMAS tashkiloti o‘rtasida yarim yillik yarashuv sulhi yakuniga yetdi. Shunda rasmiy Tel-Aviv o‘t ochishni to‘xtatish taklifini ilgari surdi, ammo XAMAS yarashuv o‘rniga qo‘lidagi qurol bilan yahudiylar istiqomat qiladigan bir nechta joylarni bombardimon qildi. Bunga javoban Isroil tomoni 27 dekabr mahalliy vaqt bilan soat 11dan 30 daqiqa o‘tganda yirik masshtabdagi «Quyma qo‘r²oshin» operatsiyasini boshladi va G’azo sektoriga 50 samolyot va vertolyotlar yordamida birinchi zarbalarni berdi, shu kuni qariyb 170 ta ob’ekt nishonga olingan. Oqibatda 225 nafar odam halok bo‘lgan, qariyb 700 nafar fuqaro jarohatlangan. Mutaxassislar hisob-kitobicha, bu Isroilning G’azo sektorida 1967 yildagi 16 kunlik operatsiyasidan keyingi eng yirik amaliyotdir. Isroil rasmiylari bu holatni terrorchilarning harbiy infrastrukturasiga talofat yetkazish, mamlakatga raketa zarbalarini to‘xtatish, G’azoga kirib kelayotgan qurol-aslahalarni to‘xtatish maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlagan.
Isroil harbiylari hozir mintaqadagi terrorchilarning boshqaruv shtablari, ilmiy laboratoriya bazalari, politsiya idoralari, kazarmalar, o‘quv-amaliyot markazlari, raketalar tayyorlovchi ustaxonalar, qurollar va o‘q-dorilar omborxonalari, tunnellar va telestantsiyalarni o‘qqa tutmoqda. O‘z navbatida XAMAS tashkiloti ham turli yashirin yo‘llar orqali kirib kelayotgan qurol-yaro²lar yordamida Isroilning janubiy hududlariga raketa zarbalari bermoqda.
Isroil-Falastin mojarosi jahon hamjamiyatining qattiq noroziligini keltirib chiqardi. Xususan, BMT Xavfsizlik Kengashi va Rossiya har ikki tomonni harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatib, mintaqa aholisiga gumanitar yordamlar ko‘rsatishga chaqirgan. Yevropa Ittifoqi, Frantsiya, Buyuk Britaniya ham shu fikrda. Arab davlatlari, Pokiston, Turkiya va Xitoy esa Isroil harakatini keskin qoralagan. Iordaniya qiroli Abdulla IIning fikricha, G’azodagi zo‘ravonliklar tinchlikni ta’minlay olmaydi, aksincha, faqat va faqat inqirozni chuqurlashtiradi. Misr ham Isroil harakatiga qarshi, ammo rasmiy Qohira mintaqadagi vaziyatga XAMASning ham aybi bor, deb hisoblaydi. Xususan, hozir Isroil harbiylari jarohatlangan, uy-joysiz qolgan falastinliklar uchun Rafah shahrini ochib qo‘ygan, XAMAS esa bunga to‘sqinlik qilmoqda.
Xalqaro donor davlatlardan Falastinga berilayotgan moliyaviy ko‘makning kamayib ketgani va siyosiy-iqtisodiy inqiroz sababli, muxtoriyat aholisining turmush darajasi keskin tushib ketgan. Falastinning G’azo mintaqasidagi banklariga pul o‘tkazmalari yo‘lining Isroil tomonidan to‘sib qo‘yilishi bu mamlakat hududida ish olib borayotgan xalqaro yordam guruhlari faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Tinch hayot kechirayotgan davlatlar ham katta iqtisodiy qi¬yinchiliklarga duch kelayotgan hozirgi davrda urush holatidagi yurtlarda ahvol nechog‘li og‘irligini tasavvur qilish mumkin. Bugungi kunda Falastin xalqining qariyb 60 foizi qashshoqlikda hayot kechirmoqda. Agar muxtoriyatda hozirgi og‘ir vaziyat o‘zgarishsiz qoladigan bo‘lsa, oradan ikki yil o‘tib, qashshoqlar “armiya”si 75 foizga yetadi.
O‘ta ehtiyotkor, yetti o‘lchab bir kesadigan FATH tashkiloti boshlig'i Mahmud Abbos XAMAS yo‘lboshchilarini mazkur xunrezliklarni oldini olish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rmaganlikda ayblagan. FATH rahbari agar Isroil harbiy harakatlari XAMAS rejimining tugashi bilan yakunlansa, G’azo sektoridagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olishini ma’lum qilgan.
Iqtisodiyotida harbiy sanoat asosiy o‘rinni egallaydigan Isroilda harbiylar ayni paytda juda yaxshi tayyorgarlikka ega. Biroq «Quyma qo‘r²oshin»ning eng katta muammolaridan biri bu – terrorchilar bazalarining aholi istiqomat qilayotgan joylarda joylashganidadir. Bu esa qurbonlar sonining ko‘payishiga olib kelmoqda. Bu hali hammasi emas. Mazkur reja muvaffaqiyatli yakunlangan taqdirda ham mintaqa rasmiylari oldida yana bir masala ko‘ndalang bo‘ladi: nihoyasi yo‘q zo‘ravonliklarni ko‘rib kelayotgan G’azodagi 1,5 milliondan ziyod aholi bilan murosa yo‘lini topish, ularni oziq-ovqatlar, yonilg‘i bilan ta’minlash, hokimiyat organlari, politsiya, kommunal xizmatlarga vakillarni tayinlash oson kechishiga hech kim kafolat berolmaydi.
Bugungi mojaroning ildizi nimada degan savolga javob berishga harakat qilamiz: bu avvalo Isroil bilan Arab davlatlari o‘rtasida o‘n yilliklar mobaynida o‘z yechimini topmay kelayotgan mojaroning bevosita davomi, ikkinchidan xalqaro terrorizm, xususan Yaqin Sharq mintaqasida qator jangari guruhlarning paydo bo‘lishi, ularning Isroilga qarshi o‘ta reaktsion kayfiyatdagi jangarilik urunishlari bugungi mojarolarga olib keldi.
Jangarilar Livan, Suriya, Iordaniya va boshqa Arab davlatlarida ham makon topganlar. Boshqa jihatdan esa ayrim davlatlarning jangari guruhlarni moliyaviy va g‘oyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotganligi ham Isroil - Falastin mojarosiga olib keldi. Bugungi to‘qnashuvlarning yana bir sababi Falastin ma’muriyati tepasida XAMAS kabi o‘ta radikal kayfiyatdagi oqimning turganligidir. Bundan tashqari Arab dunyosidagi g‘oyaviy-siyosiy birlikning yo‘qligi, Isroilga nisbatan tashqi siyosat masalasida «aravani turli tomonga tortish» bugungi kun qonli to‘qnashuvlariga sabab bo‘lmoqda.
Falastindagi ikki yetakchi siyosiy harakat - FATH va XAMAS o‘rtasidagi birodarlik aloqalari g‘animlarcha munosabatga aylanganiga ancha bo‘ldi. Falastinda qo‘shhokimiyat yuzaga keldi. Ayni paytda Ramalloh, Nablus kabi yirik shaharlar joylashgan Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘ida muxtoriyat raisi Mahmud Abbos hukmronlik qilyapti. G’azo hududida esa 2006 yilgi parlament saylovlarida ²alaba qozongan bosh vazir Ismoil Xoniya yetakchiligidagi XAMAS harakati nazorati o‘rnatilgan. Mahmud Abbos - 1967 yilgi chegara bo‘yicha G’azo hududi, g‘arbiy qirg‘oq va Sharqiy Quddusni o‘z ichiga olgan Falastin davlatini tashkil etish tarafdori. XAMAS harakati esa tarixiy chegaralar tiklanishi va Falastin o‘ziga qarashli bo‘lgan barcha hududlarga egalik qilishini istaydi.
XAMAS Isroil tomonidan qo‘poruvchi tashkilot deb e’lon qilingan va rasmiy Tel-Aviv harakatga qarshi ayovsiz qurolli kurash olib bormoqda. Sababi ayon: XAMAS harakati tashkil etilgan ilk davrlardanoq Isroilni tan olishdan bosh tortgan, yahudiy davlati jahon xaritasida mavjud bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi. Mahmud Abbos boshchiligidagi FATX esa allaqachon Isroil davlatini tan olgan.
Biroq qiziq jihati, XAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya biror marta ham Isroilga qarshi ochiq-oshkora bayonot bermagan. O‘ta ehtiyotkor bo‘lgan siyosatdon doimo "Falastin davlatini tashkil etish", "okkupatsiyani to‘xtatish" kabi qo‘shnilar jahlini chiqarmaydigan umumiy talablar bilan cheklangan. Balki shu boisdir, "Faqir kishi panada" qabilida uzoqni ko‘zlab ish tutgan Xoniya har doim ziyrak va sinchkov Isroil josuslari nazaridan, raketa zarbalaridan chetda qolaveradi.
Ismoil Xoniya bugungi hujumlarni “Falastin tarixidagi eng ayanchli xunrezlik” sifatida ta’rifladi. Damashqda chiqish qilgan XAMASning yana bir yetakchisi Xolil Mashaal uchinchi intifada (arabcha qutilish degani, bu o‘rinda xalq qo‘zg‘oloni, degan ma’noda. Isroilga qarshi Falastin birinchi intifadasi 1986 yilda boshlangan va 1993 yilda Falastin muxtoriyati tashkil etilishi bilan yakunlangan edi, ikkinchisi 2000-2004 yillarda davom etib, Yosir Arofatning vafot etishidan so‘ng yakunlangan)ni boshlashga chaqirdi. Biroq Isroil "XAMAS" guruhi raketa hujumlariga chek qo‘ymaguncha G’azoga qaratilgan amaliyotlarini kengaytirish va kuchaytirishini aytmoqda. Isroil Vazirlar mahkamasi zahiradagi askarlardan 6,5 ming nafarini safarbar qilishni ma’qullagan.
MOKIMONAND DIPLOMATIYA
1973 yil Misr va Isroil o‘rdasidagi urushni to‘xtatish va Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish yuzasidan AQSh davlat kotibi Genri Kissinjer (1923 yil tug'ilgan) juda katta sa’y-harakatlar ko‘rsatadi. U Yaqin Sharqdagi ko‘pgina davlatlarga qisqa muddat ichida o‘ndan ziyod diplomatik safar qiladi. G. Kissinjerning Yaqin Sharq mamlakatlariga bo‘zchining mokisidek tez-tez qatnashini G’arb matbuoti «Mokimonad diplomatiya» deb ataydi. Albatta, uning «Mokimonand diplomatiyasi» besamar ketmaydi. Isroil va Misr o‘rtasida o‘t ochish to‘xtatiladi va 1979 yil arab davlatlari orasida birinchi bo‘lib ikki davlat o‘rtasida tinchlik shartnoma o‘rnatiladi. |
Isroil mudofaa vaziri Exud Barak G’azodagi harbiy harakatlar «qancha vaqtni taqozo etsa, shuncha muddat qolishi»ni aytgan. Boshqacha aytganda, operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangunga qadar davom etaveradi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, G’azo sektorining 20 kilometrlik hududida olib borilayotgan amaliyotlar 2009 yilning 31 martiga qadar cho‘zilish ehtimoli bor. Biroq boshqa tarafdan G’azodagi istiloning cho‘zilishi Isroilning janubiy tumanlari xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Boz ustiga XAMAS o‘tgan yillar davomida partizanlik harakatini faol olib borishi bilan tanilgan. Bundan tashqari operatsiyaning uzoq davom etishi Isroil-Falastin va Isroil-Suriya muzokaralarning uzilib, oqibatda xalqaro hamjamiyatning bosimi kuchayishiga olib kelish ehtimoli ko‘proq. Yoki G’azoda Isroil o‘z harbiylari o‘rniga Yevropa Ittifoqi yoki Arab davlatlarining tinchlikparvar kuchlari bilan almashtirishga rozi bo‘lmaydi. Yarim asrdan buyon bir-biriga zanjir sifatida davom etayotgan bunday bosh og‘riqli muammoga «begona»ning aralashishi vaziyatni yanada chigallashtiradi. Shu jihatdan terrorchi guruhlarga qarshi olib borilayotgan keng qamrovli operatsiyadan ko‘ra qisqa muddatlisi mintaqa xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin. Qolaversa, Isroilning hozirgi «yurishi» hukumat uchun muhim imtihon. Mamlakatda 2009 yilning 10 fevral kuni Knessetda navbatdagi parlament saylovlari o‘tkaziladi. Hozirgi tashlangan har qanday ertaga aholi tomonidan ikki hissa bo‘lib qaytadi.
Hozir xalqaro hamjamiyatni G’azo sektorining kelajak hayoti ko‘proq tashvishga solmoqda. Xo‘sh, mintaqada terrorchilar harakatini to‘xtatish uchun nima qilmoq kerak? Bu yerda Isroil harbiylari yana qancha vaqt qoladi? Mintaqa taqdiri kimning qo‘liga o‘tadi? Afsuski, bu savollarga bir vaqtda javob berish mushkul. Boz ustiga bugungi kunda siyosiy kuchlar parchalanib ketgan Falastinda ham o‘zaro jipslik yo‘qolgan. Bundan esa asosan fuqarolar aziyat chekmoqda. Endilikda Falastinning jafokash xalqi qo‘shni mamlakatdan keladigan kutilmagan bomba bilan birga to‘qnashuvlardagi daydi o‘qlardan ham ehtiyot bo‘lishi zarur.
Ayni paytda dunyo davlatlari Yaqin Sharq tangligini bartaraf etishga jiddiy e’tibor bermoqda. Mutaxassislar fikricha, ular bu maqsad yo‘lida qanchalik ter to‘kmasin, bir narsani chuqur anglamoq lozim, Isroil va Falastin mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishi va o‘zaro til topishishi lozim. Murosa ular qo‘lida.