OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bachelet, Pinochet va pistolet

Chili tarixidagi birinchi ayol prezident 15 yoshida qo‘liga qurol olgan, ammo hech qachon jang qilmagan


Chili Lotin Amerikasidagi iqtisodiy jihatdan rivojlangan davlatlardan biri. Mamlakat mis, oltin, kumushga boy davlat. Aholisi 17 milliondan ortiq bo‘lgan Chilida qayta islohotlar natijasida mintaqadagi eng taraqqiy topgan mamlakatga aylandi. Bunda ayniqsa, sotsialistlar tomonidan olib borilayotgan ishlar nafaqat Janubiy va Shimoliy Amerika, balki, yevropaliklar tomonidan ham katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. 

• Chili Janubiy Amerikaning janubiy-g‘arbida joylashgan davlat.
• Chilida vulqonlar ko‘p, tez-tez zilzilalar bo‘lib turadi. 
• Qishda yomg‘ir yog‘adi. Aholisining 90 foizi chililar, rasmiy tili – ispan tili.

Prezident saylovlari – g‘alvir suvdan ko‘tariladigan payt. Bunda amaldagi hukumat tomonidan amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar muhokama etiladi. 2006 yilgi prezident saylovlarida ham xuddi shunday holat kuzatildi. Unda so‘l qanot – sotsiallar partiyasidan Veronika Mishel Bachelet va «Milliy yangilanish» muxolif konservativ blokidan milliarder Sebastyan Piter o‘z nomzodlarini ilgari surishdi.

O‘shanda ko‘pchilik ayol kishining prezident bo‘lishiga shubha bilan qaragandi. Ammo mamlakatda so‘l qanot partiyalari tomonidan qilingan ishlar ko‘zguda shundoqqina aks etib turdi; o‘tgan yillar mobaynida mamlakatda qashshoqlar soni 40 foizdan 18 foizga kamaytirildi, iqtisodiy o‘sish surati esa yiliga o‘rtacha 6 foizga oshirildi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi yalpi ichki mahsulot ikki barobar ortib, 5 ming dollarni tashkil etdi va Lotin Amerikadagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Chili shuningdek, iqtisodiy rivojlanish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha ham mintaqada 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Bu har qanday mamlakat orzu qiladigan natija edi.

Chililiklar amaldagi hukumatning yana bir savobli ishini hech qachon unutmaydi. Bu uy-joy islohoti bo‘lib, Davlat dasturi birinchi navbatda kam ta’minlangan aholini uy-joy bilan ta’minlashga qaratib, so‘nggi 16 yilda mamlakatda 500 mingdan ziyod kvartiralar qurilgan. Bu esa saylovda qo‘l keldi. Saylovlar kampaniyasida ko‘p masala va muammolar ko‘tarildi, bahs-munozaralar ham qizib ketdi. O‘z navbatida muxolifat ham bor imkoniyatlarini ishga solib, imkon qadar raqibining nozik tomonlarini qidirdi. Har bir ishdan muammo qidirishga harakat qilgan Sebastyan Piterning bunday urinishi katta hisobdagi mag‘lubiyat bilan intiho topdi. 2006 yil 15 yanvarida bo‘lib o‘tgan 2-turgi saylovda Sotsial partiyadan nomzod Mishel Bachelet saylovchilarning 53,5 foiz ovozini to‘plab g‘alaba qozondi va u Chili tarixida davlat rahbari etib saylangan birinchi ayol bo‘ldi. 

M.Bachelet shuningdek Lotin Amerikasidagi davlat rahbari bo‘lgan to‘rtinchi ayolga aylandi. Unga qadar Argentinada Mariya Estela, Martines Deperon, Nikaraguada Veoletta Chamorro, Panamada Mariya Moskosolar prezidentlik darajasiga ko‘tarilgan. Bu esa mazkur qit’ada prezident bo‘lgan ayollar soni boshqa mintaqalarga nisbatan ko‘proq ekanligini anglatadi. 

57 yoshli davlat rahbarining mutaxassisligi shifokor jarroh va epidemolog, o‘z vaqtida harbiy strategiyani ham yaxshi o‘zlashtirgan. Bachelet Santyagoda harbiy havo kuchlari generali Alberto Bachelet va arxeolog antropolog Anxela Xeriya oilasida ikkinchi farzand bo‘lib dunyoga kelgan. Bo‘lg‘usi prezident yoshlikning sho‘x va beg‘ubor damlarini shodu-xurramlikda o‘tkaza olmadi, aksincha sarson-sargardonlik orzularga soya sola boshladi. 1973 yilgi harbiy to‘ntarish paytida hokimiyat tepasiga A.Pinochet keldi va bu davrda ommaviy repressiyalar avj oldirildi. Mishelning otasi qamoqqa olindi va oradan hech qancha vaqt o‘tmay ham uchuvchi ham general bo‘lgan Alberto Bachelet yurak xurujidan vafot etdi, ko‘p o‘tmay onasi ham olamdan ko‘z yumdi.

1990 yil Chilida demokratik tuzum qayta tiklangach, M.Bachelet Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotida maslahatchi, 1994-1997 yillarda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari maslahatchisi lavozimida ishlagan. 2000 yilda Chili prezidenti Rikardo Lagos Bacheletni mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri, 2002 yilda Lotin Amerikada ayollar orasida birinchi bo‘lib Mudofaa vaziri (bunga qadar u AQShdagi harbiy kollej va Chilidagi harbiy akademiyani tamomladi) etib tayinlandi.

Mamlakatda Pinochet boshchiligidagi harbiylar to‘ntarishidan 30 yil o‘tib, M. Bachelet Chilini milliy birlik va yarashuvga chaqirdi. Garchi harbiy sohaning miri-sirigacha biladigan mutaxassis (otasi unga 15 yoshga to‘lgani munosabati bilan maxsus pistolet sovg‘a qilgandi) qo‘liga qurol ushlashni bilsa-da, u hech qachon jang qilmagan.

Chilida amaldagi hukumat tarkibida erkaklar va ayollar miqdori teng. «Buning boisi», - deydi prezident «Mamlakatda iste’dodli ayol va erkaklar bor. Biz hukumatda imkoniyatlar va istiqbollar tengligini topdik».

O‘tgan ikki yil davomida Bachelet asosiy e’tiborni iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratdi. Natijalar esa yomon emas. Ayni paytda «Lotin Amerika yo‘lbarsi»da 600 mingdan ortiq kichik va o‘rta korxonalar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mamlakat aholisining ishga layoqatli 70 foizi ish bilan ta’minlangan. Shu bilan birga Chili iqtisodiyotining mazkur sektori hissasiga ichki tovar aylanmasining 17 foizi, tashqi tovar aylanmasining 2 foizi to‘g‘ri keladi.

«Mazkur ko‘rsatkichlar rivojlangan davlatlarnikidan birmuncha past, ammo atrofdagi davlatlar bilan solishtirganda havas qilgulik darajada», deydi Mishel Bachelet. – Chili hukumatining asosiy vazifasi korxona va tashkilotlarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash va soliqda katta imtiyozlar yaratish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashdan iborat».

Mamlakatning 34-rahbari bo‘lgan Mishel xonimning oldinda qiladigan ishlari bisyor. «Islohotlar demokratiyaga muvofiq kelishi kerak» shiorini ilgari surgan prezidentning asosiy tamoyili haqiqatni gapirish, amalga oshira olmaydigan narsani va’da qilmaslik va doimo murosa izlashdan iborat bo‘lgan. «Men odamlarning menga ishonishlarini xohlayman va eng muhimi, xalq muammolari ichida yashashdir», - deydi prezident.

Behbud Botirov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.