OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ajal o’yingohi

 Lotin Amerikasi xalqlari ikki narsaga ishqiboz bo’lishadi. Birinchisi, butun dunyodagilar sevib tomosha qiladigan uzundan-uzoq seriallar yaratish. Ikkinchisi esa futbol. Ular futbol uchun jonini ham berishga tayyor desak mubolag’a bo’lmaydi. Hattoki, jamoalari g’olib bo’lsa «millat qahramonlari» deb, agar mag’lub bo’lsa «millat dushmanlari» sifatida e’tirof etuvchilar ham o’shalar.

Ammo har doim ham g’olib chiqaverish hech qaysi jamoaning peshonasiga bitilgan emas. Chunki «to’p yumaloq, maydon tekis». Mag’lubiyat jamoaga qanday salbiy ta’sir qilsa, ishqibozlarga bundan o’n chandon ortiq ta’sir ko’rsatadi. Afsuski, bu ba’zida halokatlarga ham sabab bo’ladi.

Mana shunday halokatlardan biri Perudagi Lima milliy o’yingohida sodir bo’lgandi. Ma’lumki, o’yingohda o’yinchilar va tomoshabinlarni ajratib turuvchi to’siq bo’ladi. Liadagi o’yingoh ham po’lat zanjirlardan iborat balandligi uch metrli devor bilan o’ralgan va zanjirlarga tikanli sim o’rnatilgandi. Mana shu to’siq futbolchilar va hakamlarni jazavaga tushadigan ishqibozlardan himoya qilib turardi.

1964 yilning 24 may kuni 45 ming nafardan ortiq tomoshabin Peru-Argentina uchrashuvini tomosha qilish uchun tashrif buyurgandi. Uchrashuv natijasi Tokioda bo’lib o’tadigan olimpiadaga qaysi jamoa borishini aniqlab berishi bois o’yingohga juda ko’p odam kelgandi. Tomoshabinlar sevimli jamoalarining har bir harakatini olqishlaganlarida o’yingoh larzaga kelardi. Ammo o’yin tugashiga o’n daqiqa qolganida argentinaliklar o’z darvozasiga gol kiritib qo’yishgach, ikki mamlakatning yashil maydondagi bahsi sport tarixidagi tengi yo’q dahshatli fojiaga aylandi.

Bu shunday sodir bo’ldi: argentinaliklar himoyachisi o’z darvozasiga kutilmaganda to’p kiritib qo’ydi. Butun o’yingohni tomoshabinlarning shovqini bosib ketdi. Chunki hisob 1:1 bo’lgandi. Urugvaylik hakam Anxel Eduardo Pazos peruliklar argentinalik futbolchiga qo’pollik ishlatdi deb, ushbu golni hisobga olmadi. Peru futbolchilari unga e’tiroz bildirishsa-da, o’yinni davom ettirishdi. Ammo olomon bu qarorga rozi bo’ladigan holatda emasdi. Ishqibozlarning hakamni haqorat qilishlari asta-sekin maydonga tosh va shisha idishlar uloqtirishga aylanib ketdi. Ularning g’azabi borgan sari ortib borardi.

Uchqun alangaga aylanishi uchun bir «puf» yetarli edi. «Bomba» laqabli ishqiboz ana shu ishni amalga oshirdi. U hakamlarga to’satdan hujum qilgani uchun shu laqabni olgan edi. Soniyalar ichida u hakamni jazolash uchun to’siqlardan oshib o’tdi. Olomon uni «Ahi va Bomba!» - «Bopla, Bomba!» de bolqishlay boshladi. Politsiyachilar uni maydondan olib chiqib ketdilar. Shu payt yana bir ishqiboz to’siqdan oshib o’tdi. U ham politsiya tomonidan ushlandi. Shundan so’ng tomoshabinlar xuddi chigirtkadek maydon tomon yopirilishdi.

Pazos Argentinani g’olib deb e’lon qildi va o’yinni to’xtatdi. Keyin u jonini qutqarish maqsadida po’lat eshikli kiyinish xonasi tomon otildi. Hakamning qutulib qolganini ko’rgan olomon battarroq jazavaga tushdi. Ular zanjir to’siqlarni uzib tashladilar va yog’och o’rindiqlarga o’t qo’yishdi. O’yingohdagi 40 nafarga yaqin politsiyachi ko’zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanishga majbur bo’ldi. Endi odamlar gaz ta’siridan qochish maqsadida turli tomonlarga yugura boshladilar. Ular oyoqlari ostiga yiqilgan odamlarni ezib, chiqish darvozalariga o’zlarini urishdi. Qichqirayotgan va dod solayotgan odamlar bir-birlarining ustlariga yiqilishardi. Odatda, o’yin tugashiga o’n besh daqiqa qolganida o’yingohning chiqish darvozalari ochiq holda bo’lishi kerak. Ammo darvozalar hanuz yopiq edi. Odamlar to’lqini kuchli zarb bilan darvozalarga urildi. Birinchi to’lqin darvozaga urilib, shu ondayoq yanchilib ketdi. Tirik qolganlarni esa ikkinchi to’lqin yanchib tashladi. Birin-ketin odamlar to’lqini darvozalarga urilar va qurbonlar soni ko’payib borardi. Nihoyat, kuchli zarb ta’sirida darvoza ochilib, odamlar oyoqlari ostidagi jasadlarni ezib tashqariga otilishdi. «Ular xuddi dengiz to’lqinidek yopirilishdi»,  dedi 37 yoshli Leonardo Sevallos. U butun oilasi bilan futbol tomosha qilgani kelgandi. Leonardo tirik qolgan, ammo xotini va besh nafar farzandi halok bo’lgandi.

O’yingoh ichida qolgan ishqibozlar esa alamini politsiyachilardan olishdi. Politsiyachilar boshlig’i o’z bo’yinbog’i bilan bo’g’ib o’ldirildi. Yana bir politsiyachi o’yingohning balandligi 15 metrli devoridan pastga uloqtirildi. Yana biri esa olomon ichida tepkilab o’ldirildi. O’yingohdan chiqqan tomoshabinlar ko’cha bo’ylab yura boshladilar. Endi ular yo’llarida uchragan mashina va avtobuslarni yondirib yubordilar. Do’konlarning oynalari sindirilib, mollari talandi. Tartibsizliklarni bostirish maqsadida politsiya o’t ochishga majbur bo’ldi. Oqibatda bir kishi halok bo’ldi, olti nafari jarohatlandi. O’yingoh ichida esa murdalarning pul va qimmatbaho buyumlari talanayotgan edi.

Bu tartibsizliklar shaharga qorong’u tushganda to’xtadi. O’yingohdagi jasadlar tashqariga olib chiqildi. Ayrimlarning butun badani ezib tashlangan, ayrimlarning tanasida esa po’lat darvoza panjaralarining izi muhrlangan edi. Ayrimlarning hech qaeriga shikast yetmagan, ammo kuchli bosim ostida ezilib halok bo’lishgandi. Jarohatlanganlarni kasalxonalarga olib borish uchun «tez yordam» mashinalari yetishmay qoldi.

Bu dahshatli voqeada hammasi bo’lib 328 kishi halok bo’ldi. Besh yuzdan ortiq kishi kasalxonaga yotqizildi.

Gazetalar bu voqeani «ommaviy telbalik» deb atadi. Milliy o’yingoh «ajal o’yingohi» sifatida ko’pchilikning yodida qoldi.

Hakam Eduardo Pazos o’sha kuni Urugvayga uchib ketdi. U o’z qarori to’g’ri bo’lganligini va qoidaga binoan qabul qilganligini ta’kidladi. U jurnalistlarga intervyu berar ekan, ko’zlaridan tinmay yosh oqardi.

Dilshodbek Asqarov tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.