Kris Byordni boksning haqiqiy muxlislari chempion sifatida tan olishmaydi. Ularga qolsa, Byord hozirgi kunda boks olamida yuzaga kelgan inqirozli onlardagina «taxt»ga ko‘tarilgan bir soatlik sulton, xolos. Bir kun yangi yulduz porlab chiqadi-yu, ring sahnidan Kris Byordni umuman supurib tashlaydi, deb hisoblashadi ular. Ko‘pchilik ushbu vazifani Vitaliy Klichkoning amalga oshirishini kutyapti. Aslida Kris Byord o‘tkinchi emas, chempionlik uchun uning ham o‘ziga xos sabablari bor. Qolaversa, barchaning umidiga aylangan Vitaliy Klichko bir marta Byord oldida bosh egishga ham majbur bo‘lgan. Yaxshisi, bu haqda keyinroq to‘xtalsak. Hozir esa jahonning eng kuchli bokschilaridan birining hayot yo‘liga nazar tashlasak.
Kris Byord
1970 yil 15 avgustda tug‘ilgan.Bo‘yi: 188 sm. Vazni: 95 kg. Hujum qilish masofasi:185 sm. Hozirgi ko‘rsatkichi: 38 g‘alaba (20 nokaut), 2 mag‘lubiyat. IBF yo‘nalishi bo‘yicha Jahon chempioni. |
Sizu biz bilgan Kris AQShning Michigan shtatida ko‘p bolali oilada dunyoga kelgan. U boks murabbiyi Jo Byord oilasida sakkizinchi farzand bo‘lib voyaga yetdi. Otasining shaxsiy boks maktabi oilaning asosiy daromad manbai bo‘lish bilan birga, u yerda deyarli barcha aka-ukalar hech bo‘lmaganda, bir marotaba o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rishardi. Kichkina Kris ushbu maktabning ostonasini hatlab o‘tganda endigina besh yoshga to‘lgandi. Ahamiyatli jihati, oradan o‘ttiz yil o‘tibdiki, Kris Byord hamon shu maktabda mashg‘ulotlarini davom ettirmoqda.
O‘n yoshidan boshlab havaskorlar ringida bahslar o‘tkaza boshlagan bokschining bu sohadagi yutuqlari ham maqtovga sazovor. To‘g‘ri, u Jahon chempionligini qo‘lga kiritmagan. Lekin Barselona — 92 da o‘zining nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatgan. O‘shanda Kris Byordni to‘xtatish oson ish bo‘lmagandi. Bunga uning raqiblari finaldagina muvaffaq bo‘lishgan. Ariel Xernandes uni to‘xtatish barobarida Olimpiada o‘yinlarining oltin medalini ham tortib olib qo‘ygandi.
O‘z kuchiga ishonch paydo bo‘lishi bilanoq Kris o‘zini professional ringda ham sinab ko‘rishga qaror qildi. 1993 yilning 28 yanvarida professional boks muxlislari yangi nomning paydo bo‘lganiga guvoh bo‘lishdi. Shu kuni Gari Smit har qancha urinmasin, yangi «yulduzcha»ga bas kelolmadi. Aynan u Krisning professional ringdagi ilk «emishi»ga aylandi.
Tez orada yangi bokschining ishtahasi ochilib ketdi. U birin-ketin o‘ziga ro‘baro‘ bo‘lganlarni qulata boshladi. Judayam mashhur bo‘lmagan promouterlar — Deyva La Seyja va Greg Kebke rahbarligida o‘zining omadli yillarini o‘tkazdi. Kris o‘zining yutuq va g‘alabalarini aynan shu insonlar nomi bilan bog‘laydi. Keyinchalik esa yirik kompaniyalar bilan shartnoma imzolashga to‘g‘ri keldi. Chunki Kris Byord bilan ishlayotgan promouterlar chempionlik janglarini uyushtirishga ojiz edi. Shu sababli avvaliga Kedrik Kushner, keyinchalik esa Don King bilan shartnoma imzolashga to‘g‘ri keldi. Shu davr mobaynida Evander Xollifild, Devid Tua, Vitaliy Klichko singari yetakchi bokschilar ustidan zafar quchish bilan bir qatorda Ayka Ibeabuchi va Vladimir Klichkodan mag‘lubiyatga uchrashga ham ulgurgan.
Qahramonimizni ana shunday nom bilan atasak, ko‘proq yarashadi. U o‘rtacha bo‘yi va vazni bilan o‘zidan ancha yirik bo‘lgan bokschilarga qarshi tap tortmasdan kurash olib boradi. Uning mashhur bo‘lishida aynan shu xususiyatining o‘rni katta. Gigantlar esa ro‘parasida kichkina bo‘lib turgan bokschini uch raund ichida «dabdala» qilishga kirishib, bor kuchlarini sarflab yuborishadi. Aksincha, Kris Byord o‘z kuchini barcha raundlarga teng taqsimlashga urinadi. To‘rtinchi raunddan boshlab esa Byord o‘z hunarlarini ko‘rsata boshlaydi. Axir, artilleriya to‘pi bilan bitta zag‘izg‘onni ovlab bo‘lmasligini ham hisobga olish kerak-da. Xullas, raqibining charchaganligini sezgan Kris o‘zining chaqqon harakatlari va zarbalari bilan uni rosa «ezadi». Ko‘pgina og‘ir vaznli bokschilarning bunday qiyinchilikka bardosh berishi juda mushkul. Bunday vaziyatlarda yirik tanasi ularning o‘z dushmaniga aylanadi. Og‘ir vaznni ushlab turish, buning ustiga zarbalarga turib berish esa... Bu fikrlarni Kris Byord va Jamil Makleyn o‘rtasidagi chempionlik bellashuvini kuzatgan har bir boks muxlisi tasdiqlashi mumkin. Kris Byord texnika va ayyorlikni mutanosiblashtira olgan. Shu bois, uning janglarida harakatchanlik va ayyorlik, payt poylash, raqibni holdan toydirish yaqqol sezilib turadi. Xullas, uning ro‘yxatini Jamil Makleyndan tashqari Anjey Golota, Devid Tua, Vitaliy Klichko singari gigantlar bezab turibdi.
Ko‘pchilikni Vitaliy Klichko va Kris Byord o‘rtasidagi match-revansh qiziqtirishi turgan gap. Bu haqda salkam bir yildan buyon shov-shuvlar yuribdi. Hatto Kris Byordning o‘zi ham Klichko bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutayotganini ma’lum qilgan. Qahramonimiz boshqa hamkasblaridan ancha soddaligi bilan ajralib tursa-da, baribir gapga «to‘n kiydirish» xislati unga ham begona emas. U intervyularidan birida, agar Vitaliy bilan yana bir marotaba uchrashsam, endi uning ringdan qochib ketishiga imkon bermas edim, deb aytgan.
Uning gapdonligini o‘tgan yilning so‘nggi kunlarida yana bir bora kuzatishga muvaffaq bo‘ldik. Dastlab, WBA yo‘nalishida Jahon chempioni Jon Ruisning jang olib borish taktikasini qoralab, u bilan ringga chiqmasligini ma’lum qilgan Byord Ruisning unga qarshi intervyusidan so‘ng, darhol yangi intervyu berib, o‘zini oqlashga tushdi. «Bu gaplarni men aytmaganman. Men har daqiqa Jon Ruisga qarshi ringga chiqishga tayyorman. Shunday ekan, men janggimizning obro‘sini tushiradigan gaplar tarqatishdan manfaatdor emasman.» Mana sizga ustomonlik. Buni inida yotgan ilonni avrab chiqarish, deydilar. Yana bir gap. Kris Byord ancha oilaparvar inson sanaladi. U bo‘sh vaqtlarini aka-ukalari, opa-singillarining oilalari bilan birga o‘tkazishni xush ko‘radi. Albatta, bunday yig‘inlarda u o‘z oilasi bilan ishtirok etadi.
"Turkiston" gazetasidan olindi