OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sport: 2006 yilning eng unutilmas voqealari

 2006 yil yanvaridan dekabrigacha mamlakatimiz va jahon sportida qanday muhim voqealar ro‘y berdi? Quyida ana shular haqida so‘z boradi.

YANVAR 

1. 4 yanvar kuni OFK qarorgohida futbol bo‘yicha “Osiyo — 2007”ning saralash bosqichiga qur’a tashlanib, O‘zbekiston terma jamoasi Katar, Gonkong va Bangladesh bilan bir guruhdan joy oldi.
2. Futbol bo‘yicha 15-milliy chempionatimizga qur’a tashlandi. 

FEVRAL

1. 10—26 fevral kunlari Italiyaning Turin shahrida XX qishki olimpiada o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz sharafini tog‘ chang‘isi bo‘yicha Qayrat Ermetov, figurali uchish bo‘yicha Artyom Knyazov va Marina Aganina juftligi himoya qilishdi.
2. Futbol bo‘yicha 2008 yili Avstriya — Shveytsariya davlatlarida bo‘lib o‘tadigan Yevropa chempionatining saralash turlariga qur’a tashlandi. 
3. 26 fevral kuni “Turin — 2006”ning yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 
Umumiy ro‘yxatda 11 ta oltin, 12 ta kumush va 16 ta bronza (jami 29 ta) medal bilan Germaniya birinchi, 9 tadan oltin va kumush, 7 ta bronza (jami 25 ta) medal bilan AQSh ikkinchi, 9 ta oltin, 7 tadan kumush-bronza (jami 23 ta) medal bilan Avstriya uchinchi, 8 tadan oltin-bronza, 6 ta kumush (jami 22 ta) medal bilan Rossiya to‘rtinchi, 7 tadan oltin-bronza, 10 ta kumush 
(24 ta) medal bilan Kanada beshinchi bo‘ldi.
4. Futbol bo‘yicha 2007 yil o‘tkaziladigan Osiyo kubogi (OK)ning saralash bosqichi 1-o‘yinida O‘zbekiston o‘z maydonida bangladeshlik futbolchilarni 5:0 hisobida dog‘da qoldirdi.

MART

1. 12 mart kuni futbol bo‘yicha oliy liga jamoalari o‘rtasida 15-milliy birinchiligimiz karvoni yo‘lga chiqdi.
2. Professional boksning WBC yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan chempionlik jangida Xasim Rahmon Jeyms Tounini ochkolar hisobida yengishga muvaffaq bo‘ldi va o‘z belbog‘ini saqlab qoldi.
3. OCHLda “Paxtakor” safarda Quvaytning “Al-Qodisiya”siga so‘nggi daqiqalarda “uloqni ildirib” qo‘ygan bo‘lsa (1:2), “Mash’al” Qarshida BAAning kuchli klubi “Al-Ayn” bilan durang natijaga erishdi. 

APREL

1. Eng boy futbol klublari va futbolchilar nomi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, “Real” 334 mln. dollar bilan peshqadamlikni qo‘lga olgan bo‘lsa, Devid Bekxem 32 mln. dollar bilan eng boy charm to‘p ustasiga aylandi.
2. “Umid nihollari”ga final bosqichiga qur’a tashlandi. 

MAY

1. Kikboksing bo‘yicha III jahon chempionatiga Toshkent shahri mezbonlik qildi. Unda 30 davlatdan 780 nafar sportchi ishtirok etdi.
2. Parkent tumani Hisorak qishlog‘ida joylashgan “Quyosh” ilmiy ishlab chiqarish institutida oftob nurlaridan qo‘r oldirilgan  “Umid nihollari” mash’alasi ortilgan maxsus avtokortej Qarshi tomon yo‘l oldi.
3. 4 may kuni Qarshi shahrida “Umid nihollari—2006”ga start berildi va u ochiq deb e’lon qilindi.
4. 9 may kuni “Umid nihollari”ning bu galgisi nihoyasiga yetdi. Unda Toshkent shahri terma jamoasi 1-, Qashqadaryo terma jamoasi 2- va farg‘onalik yoshlar 3-o‘rinni qo‘lga kiritishidi.
5. Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati poytaxtimizda bo‘lib o‘tdi va unda vakillarimiz ikkinchi marta finalga chiqishib, bu gal Yaponiyaga yutqazib qo‘yishdi. 
6. Toshkent shahridagi 110-maktab o‘quvchisi 13 yoshli Rahmatjon Rahimov maktab o‘quvchilari o‘rtasida Gretsiyada tashkil etilgan II Jahon chempionatida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
7. 18 may kuni Italiyaning Turin shahrida boshlangan jahon shaxmat olimpiadasiga yo‘l olgan R.Qosimjonov, S.Yo‘ldoshev, A.Barsov, A.Filippov, T.Gareev va S.Qayumovdan tashkil topgan erkaklar, O.Sobirova, Sh.Hamroqulova, Yu.Hamroqulova, I.Hamroqulovadan iborat ayollar termasi munosib qatnashishga harakat qildi.
8. “Paxtakor” 50 yoshini munosib nishonladi.
9. “Mehrjon — 2006” sport festivalida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidan tashrif buyurgan mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari musobaqalarda ishtirok etishdan tashqari yurtimizning diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
10. “Arsenal”ni 3:1 hisobida yenggan “Barselona” YeChLning bu galgi chempioniga aylandi.

IYUN

1. 9 iyun. Futbol muxlislari tomonidan orziqib kutilgan damlar yetib keldi. To‘rt yilda bir bor o‘tkaziladigan dunyo sport bayramining o‘n sakkizinchisiga Germaniya mezbonlik qildi. Nemislar yurtida futbol bo‘yicha navbatdagi jahon birinchiligi ochildi. Unda Yer sharining eng kuchli 32 jamoasi g‘oliblik uchun kurashni boshladi. 
2. Qarshi shahrida respublika miqyosidagi II ayollar spartakiadasi nihoyasiga yetdi.

IYUL

1. 18-JCh chorak finalida Braziliyani 0:1, Portugaliyani ham 0:1 hisobida yenggan Frantsiya Ukrainani (3:0), Germaniyani (2:0) shu ko‘yga solgan Italiya bilan to‘qnash keldi. Zayniddin Zidanning 11 metrlik jarimani fantastik ravishda amalga oshirishi va unga Marko Materatstsining bosh bilan bergan javobi asosiy va qo‘shimcha taymlarda 1:1 hisobi qayd etilishini ta’minladi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, asosiy vaqtda raqiblari darvozasiga bittadan to‘p kiritgan Zayniddin ham, Marko ham tom ma’noda JCh qahramonlariga aylandi. 
Xullas, final taqdirini lotoreyaga qiyoslanadigan o‘yinchi — darvozabon “duellari” hal qildi. Penaltilar seriyasida frantsuzlar hujumchisi David Trezegening darvoza to‘sinini nishonga olishi “buzoqlar o‘lkasi”dan tashrif buyurgan Marchello Lippi shogirdlariga jahon kubogini boshlari uzra baland ko‘tarish imkonini yaratib berdi.
2. Italiya “A” seriyasida ro‘y bergan qallobliklarning tergov jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, “Yuventus”dan chempionlik maqomi olib qo‘yilib, “Inter”ga topshirildi. “Yuve” esa jazo sifatida ma’lum ochkolardan mosuvo qilinib, “V” seriyaga tushirib yuborildi. Shuningdek, bu ishga aralashib qolgan “Milan”, “Fiorentina”, “Latsio” kabi jamoalardan chegaralangan miqdordagi ochkolar olib qo‘yildi.

AVGUST

1. “Paxtakor” stadionida O‘zbekiston OK saralash bosqichi doirasida Gonkongni qabul qilib, kutilmaganda durangga imzo chekdi — 2:2. 

SENTABR

1. Mixael Shumaxer “F—1” gran-prilarida nihoyat 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
2. Qalmig‘iston poytaxti Elista shahrida klassik shaxmat bo‘yicha bir necha bor jahon chempioni rossiyalik Vladimir Kramnik amaldagi peshqadam bolgariyalik Veselin Topalovni mutlaq birinchilik uchun tashkil etilgan partiyalarda mag‘lub etishga erishdi. 

OKTABR

1. Xitoyda bo‘lib o‘tgan erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatida hamyurtlarimizdan olimpiada chempioni Artur Taymazov oltin olgan bo‘lsa, Soslan Tigiev (74 kg.) va Zaurbek Sokiev (84 kg.) bronza medali bilan kifoyalanishdi.
2. 11 oktyabr kuni 2007 yili Tailand, Indoneziya, Malayziya va Vetnamda o‘tkazilishi kutilayotgan Osiyo kubogining saralash bosqichi 5-turida O‘zbekiston terma jamoasi mehmonda Bangladeshni Ulug‘bek Baqoev, Server Jeparov, Maksim Shatskix va Ilyos Zeytullaevning gollari evaziga dog‘da qoldirdi.

NOYABR

1. “Osiyo — 2007” final qismiga chiqish masalasi oxirgi turda hal qilindi. O‘zbekiston terma jamoasi bunga o‘z uyida katarliklarni 2:0 hisobida mag‘lub etib, erishdi.
2. Yurtdoshimiz Ruslan Chagaev 18 noyabr kuni Germaniyaning Dyusseldorf shahrida Jon Ruisga qarshi ringga ko‘tarilib, uni 117:111, 116:112 va 115:114 hisobida yengdi va WBA kamarini Xasim Rahmondan tortib olgan Nikolay Valuevning ana shu belbog‘iga da’vogarlik qiluvchi asosiy bokschiga aylandi.

DEKABR

1. Katar poytaxti Doxa shahrida 1 dekabr kuni XV Osiyo o‘yinlari boshlandi.
2. XV Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasiga dastlabki oltinlarni 1000 metrga akademik eshkak eshish ustalari Vladimir Chernenko — Ruslan Naurzaliev va opa-singil Sevara hamda Zarina G‘anieva 
juftligi keltirdi.
3. 15 dekabr kuni Osiyo o‘yinlarining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Umumiy hisobda 11 tadan oltin va bronza va 14 ta kumush olgan O‘zbekiston terma jamoasi 40 dan ortiq mamlakat ichida  7-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Termamiz a’zosi Aleksandr Geynrix XV Osiyo o‘yinlari to‘purariga aylandi.
So‘nggi natijalarga ko‘ra, Xitoy 316 medal (165 oltin, 88 kumush. 63 bronza) , Janubiy Koreya 193 medal (58 oltin, 53 kumush, 82 bronza) va Yaponiya 198 medal (50 oltin, 71 kumush, 77 bronza) bilan kuchli uchlikni hosil qilishdi.
4. Ronaldino dunyoning eng kuchli o‘yinchisiga atalgan “Billur to‘p”ni oldi.
5. OChL va “Osiyo — 2007”, YeChLning 1/8 va UYeFA kubogining 1/16 finaliga qur’a tashlandi. 
6. Mahalliy jurnalistlar tomonidan Maksim Shatskix yilning eng yaxshi o‘yinchisi, Yuriy Sarkisyan eng yaxshi murabbiy va Ravshan Ermatov eng yaxshi hakam deb topildi.

Mana, siz qisqacha sarhisobimiz bilan ham tanishib chiqdingiz. 2006 yil, shuningdek, mashhur sportchilar — futbolchilar Zayniddin Zidan va Paolo Maldini,  tennischi Andre Agassi va “Formula — 1” poygachisi Mixael Shumaxer sportdagi faoliyatini yakunladi.

Saidjon Maxsumov,
“Ma’rifat” muxbiri

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.