Ispanlar — Ispaniyaning asosiy aholisi (38 mln. kishi). Umumiy soni 135 mln. kishidan ortadi. Yevropeoid irqiga mansub. Ispan tilida so‘zlashadi. Dindorlari, asosan, katoliklar.
• Hayot uch so‘zdan iborat: tug‘ilish, to‘y, o‘lim.
• Ikki kunlik baxtga yuz kunda erishiladi.
• It bilan yotgan burga bilan uyg‘onadi.
• Qabrdan qo‘rqqan yarim kuch bilan yashaydi.
• Qo‘shningnikiga mehmonga chiq, lekin har hafta emas.
• Omadni saxarlardan qidiring.
• Qashshoq bo‘lsang ham, kardinal bo‘lsang ham so‘nggi manzil bitta.
• Jinnilar va bolalar dunyodagi eng haqso‘z odamlardir.
• Kamchiliksiz hayot shirin bo‘lmaydi.
• Ikki marta «olasan»dan, bir marta «ol» afzal.
• Sevgi kasallik kabidir, qancha qarisa, shuncha kuchayadi.
• Uyni qurib bitkazishim bilan qabr eshigi ochildi.
• Bugungi charchoq — ertangi rohat.
• Xudodan so‘ra, o‘zing ham bekor yotma.
• Gap xiyonat haqida ketganda devorlar ham eshitadi.
• Boy va go‘zal beva bir ko‘zi bilan yig‘lab, ikkinchisi bilan imo qiladi.
• Kuzda kelgan kasallik yo uzoq kechadi, yo oxirgisi bo‘ladi.
• Katta sevgi ko‘p narsani kechiradi.
• Katta baliq katta suvda yashaydi.
• Biya bo‘lsaydi, bo‘taloq tug‘ib berardi.
• O‘yinchining uyida hamma raqqos bo‘lishi kerak.
• O‘z uyida hamma qirol.
• Sevishganlar atrofdagilarni ko‘r deb o‘ylaydilar.
• Sochi uzun-u, miyasi tovuqniki.
• Davoni Xudo beradi, pulini tabib oladi.
• Suv chuqur joyda sokin bo‘ladi.
• Otboqarning ko‘zi ot uchun pichandan afzal.
• Ko‘z o‘ziga ishonadi, quloq — boshqalarning so‘ziga.
• Ahmoq baliq uchun ilmoq dushman, baliqchi emas.
• Qozon kastryulga dermish: «Qara, kir bo‘lib ketibsan».
• O‘ylamay gapirish — nishonga olmay otish.
• Och bo‘ri bir yerda o‘tirolmaydi.
• Qulfsiz eshik hatto ruhoniyni ham yo‘ldan ozdiradi.
• Yovuz odam va kalamush uchun qorong‘i afzal.
• Parad uchun pul kerak.
• Qovun xotin kabidir. Yaxshi bo‘lganda — eng yaxshi meva, achib qolganda — eng yomon.
• Dushman ko‘p bo‘lsa uyqu yo‘q.
• Xotin va olovdan kunu tun ehtiyot bo‘l.
• Ispan yo jahli chiqqanda yo bankrot bo‘lganda qo‘shiq kuylaydi.
• Qaysi rangga bo‘yama, chang tushaveradi.
• Kim ovoz bermasa, u bariga rozi.
• O‘limdan qo‘rqqan odamga asal ham achchiq totadi.
• Yurak talpingan joyga oyoq olib boradi.
• Aldoqchining yolg‘oni peshonasidan ma’lum.
• Tulki ko‘p narsani biladi, uni tutgan ovchi esa — undan ko‘p narsani.
• Kichik kelishmovchiliklar ham do‘stlikka putur yetkazadi.
• Berganda sukut qil, olganda rahmat ayt.
• Er va xotin bir arqonga bog‘langan.
• Yurishni boshlash — yarim yo‘lni bosib o‘tish.
• Xudo xohlamasa avliyo ham yordam berolmaydi.
• Terakdan non so‘rama.
• Adashmasdan maqsadga erishib bo‘lmaydi.
• Bitta asalari mingta pashshadan afzal.
• Aytilgandan bajarilgungacha — katta yo‘l.
• Asalarining ovqati asal bo‘ladi, o‘rgimchakniki — zahar.
• Ahmoq odam uzoqdan kulgisidan bilinadi.
• Yaxshi kiyim bilan tashqi ayblar berkiladi.
• Xotiningni ko‘rsatsang sening qanday er ekaningni aytib beraman.
• Tinch suvda Xudo meni asrasin, dovulda o‘zim bilaman.
• Qadoqli qo‘llar seni hijolatga qo‘ymaydi.
• So‘z dildan aytilsa yaxshi.
• Itlar tishlash uchun narsa topolmasa, bir-birini g‘ajiydi.
• Boy savdogar bo‘lib, ota-onamni unutdim.
• O‘z ko‘zguing senga boshqalar aytib berolmagan ayblaringni ko‘rsatadi.
• Tabibning ko‘ngli bemorning cho‘ntagida.
• Begona dasturxonning taomi mazasiz.
• Yaxshi daraxt yaxshi soya beradi.
• Igna kichik bo‘lsa-da, og‘rig‘i uzoq kechadi.
• Pul yo‘qligi — eng katta dard.
• Uch kishi bilgan sirni hamma biladi.
• Otga ham, ayolga ham e’tibor zarur.
• Bir kishi muhtoj bo‘lgan narsani boshqasi axlatga tashlaydi.
D.Tojialiyev tarjimalari