Yahudiylar (o‘zlarini yegudim, ivrim deb atashadi) — Yaqin Sharqdagi xalq. Umumiy soni 12,9 mln. kishi, jumladan, AQSh da 5,15 mln. kishi, Isroilda 5,15 mln., Fransiyada 500 ming, Buyuk Britaniyada 267 ming, Argentinada 180 ming, Kanadada 370 ming, Germaniyada 120 ming, Avstraliyada 100 ming, Rossiyada 229,9 ming kishi (2003). Yahudiylarning aksariyati qaysi mamlakatda yashasa, o‘sha mamlakat tilida so‘zlashadi. Yahudiylarning bir qismi ivrit, idish tili va qo‘shni xalqlar (ispan, arab, fors va b.)ning birmuncha o‘zgartirilgan lahjalarida so‘zlashadi. Chunonchi, mas, O‘rta Osiyo yahudiylari tojik tilida, gruzin yahudiylari gruzin tilida, Dog‘iston yahudiylari tot tilida so‘zlashadi. Dindorlari — asosan, iudaistlar.
• Uzoqdagi akadan yaqindagi qo‘shni yaxshi.
• Bo‘ron kichik olovni o‘chiradi, lekin kattasini alangalatadi.
• Kalla bilan bitirish lozim bo‘lgan joyda musht bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi.
• Hamma ishning boshi qiyin.
• Gunohni odam qiladi, jazosini xo‘roz oladi.
• Vaqtida aytilmagan dono gap ham ahmoqona qabul qilinadi.
• Bir hamyondagi ikki tanga yuz tangadan ko‘ra balandroq jarang beradi.
• Pul ― bu najas, ammo najas ― pul bo‘lolmaydi.
• Pul og‘riqni to‘xtatolmaydi, pulsizlik umuman to‘xtatmaydi.
• Beshikdagi bola uxlashga qo‘ymaydi, voyaga yetgani ― yashashga.
• Vaysaqi Xudo unga tilni bir lahza ham gapirmasdan turmasligi uchun bergan deb o‘ylaydi.
• Agar Xudo kimnidir jazolamoqchi bo‘lsa, unga kuchli tafakkur ato qiladi.
• Agar osmondan tosh yog‘ilsa, u albatta kambag‘alning boshiga tushadi.
• Agar ezgulikning chegarasi bo‘lsa, u endi yaxshilik emas.
• Itni urmoqchi bo‘lsang, tayoq topiladi.
• Agar qariya yoshga uylansa, ikkalasi ham mamnun bo‘lmaydi.
• Aqli va saxovati kamligidan hali hech kim nolimagan.
• Pul va xotin doim o‘zingga qaytadi.
• Hatto pul ham kimgadir ortiqcha dahmaza bo‘lishi mumkin; pulni topish qiyin, saqlash undan-da qiyin.
• Ezgu maqsadga ham ba’zida qing‘ir yo‘llar bilan boriladi.
• Bog‘ qanday bo‘lsa, bog‘bon ham shunday.
• Uyda janjal bo‘lsa, tashqaridagi chaqmoq ham ko‘rinmaydi, guldurak ham eshitilmaydi.
• Agar donishmand ham xafa bo‘lsa, u endi oqil emas.
• Agar xizmatkorlar janjal qilsa, xo‘jayin o‘g‘rilikdan boxabar bo‘ladi.
• Agar do‘stingdan qutulmoqchi bo‘lsang undan qarz so‘ra yoki o‘zing qarz ber.
• Kim katta, kim kichik ― baribir, qalbi toza bo‘lsin!
• Kim juda yuqoriga chiqib ketsa, pastga faqat uchib tushishi mumkin.
• Kim bersa ― bu haqda eslamasligi kerak, kim olsa ― buni unutmasligi shart.
• Eshak minishni bilmagan egarga uradi.
• Kim kuchli bo‘lsa, u g‘alaba qozonadi.
• Yolg‘on bir oyoqda turadi, haqiqat ― ikki oyoqda.
• Yolg‘on o‘pichdan shapaloq afzal.
• Sog‘ odamga qilingan yaxshilik ― oltin, kasalga muruvvat ― kumush, o‘likka qilingani ― qo‘rg‘oshin.
• Birovdan o‘nta kamchilik topish, o‘zingdan bitta topgandan oson.
• Qora yerdan oq non unadi.
• Yolg‘onchiga eng katta jazo u rost gapirganda ham ishonilmasligidir.
• Bola tarbiyalash uni tug‘ishdan qiyin.
• Hamma qarag‘ay ham ustun bo‘lolmaydi.
• Kun bo‘yi ishsiz yurishdan ko‘ra og‘ir ish yo‘q.
• O‘zing ichgan quduqqa tupurma.
• Hamma qiyinchiliklar bartaraf bo‘lsin deb duo qilma, yo‘qchilik tugashi bilan hayot ham nihoyalanadi.
• Ko‘zaga emas, ichidagiga boq.
• Bir tojni ikki sulton kiyolmaydi.
• Ikki to‘yda birdaniga raqs tushish mumkin emas, ammo ikki kursida birdaniga o‘tirsa bo‘ladi.
• Terisi onasiga yugan bo‘lgan toychoqlar qancha.
• Koyish bilan ham, kulish bilan ham dunyoni o‘zgartirib bo‘lmaydi.
• Bir it hurisa, boshqalari ham ortidan huriydi.
• Bir ota o‘nta bolani to‘ydiradi, o‘nta bola bir otani boqolmaydi.
• Azob ko‘rgan rohat ham ko‘radi.
• Sovg‘ani yaqinlashish uchun qiladilar, uzoqlashish uchun sadaqa beradilar.
• Haqiqat bilan hali hech kim dunyoni olgan emas.
• Qushga qanotining og‘irligi bilinmaydi.
• Agar itga kursiga chiqishni o‘rgatsang, u tezda xontaxtaga chiqib oladi.
• Birinchi qadahdan so‘ng ― qo‘y, ikkinchisidan so‘ng ― sher, uchinchisidan so‘ng ― cho‘chqaga aylanasan.
• Yolg‘onchi hech kimga ishonmaydi.
• Qaynona bir vaqtlar o‘zi ham kelin bo‘lganini unutadi-da, zulm qiladi.
• Vaqtida aytilgan birgina so‘z ham qadrli.
• Qarilik ― chayono‘tdan gulchambar, yigitlik ― atirguldan.
• Yaxshilik uchun doim harakatda bo‘l, yomonlik o‘zi keladi.
• Hech narsa bilmasligini bilgan kishi bilimlidir.
• Ikki qulog‘ing bilan eshitganingdan ko‘ra, bexosdan bir ko‘zing bilan ko‘rganingga ishon.
• Bilmayman degan odam, "men bilaman" degandan ko‘proq biladi.
• O‘t chalg‘idan qo‘rqadi.
• Takaning soqoli bo‘lgani bilan takaligicha qoladi.
• Uyatchan odamlarning farzandi bo‘lmaydi.
• Sirka ― sharobning o‘g‘li.
• Yaxshi do‘st har joyda hamdam, bu dunyoda ham, u dunyoda ham.
• Yaxshi odamlar yomonni ko‘rib o‘rganadilar.
• Seni tark etgan do‘sting, senga nimanidir o‘rgatadi.
• Qalbingda do‘stingga nisbatan nima bo‘lsa, unda ham sengna nisbatan shu narsa bo‘ladi.
• Begonaning tishi bilan chaynab bo‘lmaydi.
D.Tojialiyev tarjimalari