OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Blez Paskal

BLEZ PASKAL
(1623-1662)


Farangistonlik riyozatchi, tabiiyotshunos olim va faylasuf Blez Paskal Kleromonda istiqomat qiluvchi oqsuyak oilada tug‘ilib o‘sdi. Uning Jilberta ismli opasi va Jaklin ismli singlisi bo‘lgan. 
Kichkintoy Blez endigina yurishni boshlagan kezlari nogohon kasallikka chalinadi. Kundan-kunga ahvoli og‘irlashib, ozib-to‘zib ketadi. Bundan tashvishga tushgan ota-ona afsungar ayolga murojaat qilib, bolani davolashini so‘rashadi. Afsungarning duosidan so‘ng bola oyoqqa turadi.
U bolaligida ham, ulg‘aygandan keyin ham nimjon bo‘lib, tez-tez kasalga chalinadi.
1626 yilda Blez hali 3 yoshga to‘lib ulgurmasidan kasalmand onasi Antuanetta Begon 30 yoshida vafot etadi. 
Opasi Jilbertaning xotirlashicha, Blez Paskaldagi noyob iste’dod, aql-zakovat juda yoshligidanoq namoyon bo‘la boshlagan. U tili chiqishi bilanoq narsalarning tabiatiga oid aqlli savollar bilan kattalarga murojaat qilar, o‘ziga berilgan savollarga esa qisqa, aniq va o‘rinli javob qaytarardi. Kasalmandligi tufayli yosh Blezni tarbiyalash va o‘qitishni otasi o‘z zimmasiga oldi. U Blezga riyoziyot va tabiiyot ilmi asoslaridan saboq berib, zamonaviy ilm-fan yangiliklaridan voqif etdi.
Paskal 16 yoshida konus kesishmasi haqidagi ilmiy asari bilan jahon olimlarining e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
1654 yilda 30 yoshli Paskal ruhiy tushkunlikka uchrab, tarkidunyo qiladi va yansenitlarning Por-Royal ibodatxonasida yashay boshlaydi. Tabiatan jizzaki va serjahl Blez bu yerda itoatkor, mo‘min odamga aylanadi. U riyoziyotni unutib, Injilni qo‘lidan qo‘ymaydi. Paskal o‘zining «Mushohadalar» nomli asarida: «Xudoni aql emas, yurak anglaydi», — deb yozgandi.
Blez Paskal faylasuflar Epiktet va Monten asarlarini sevib mutolaa qilgan.
Buyuk mutafakkirning quyidagi asarlari ma’lum:
«Bo‘shliqqa doir yangi tajribalar» (1647), «Suyuqlik muvozanati va havoning vazni xususida ilmiy mushohadalar» (1649-1654), «Arifmetik uchburchak haqida ilmiy mushohadalar» (1654), «Handasaviy aql haqida» (1655), «Ishontirish san’ati haqida» (1655-1657), «Mushohadalar» va boshqalar.
Paskalni «inson faylasufi» deb ataluvchi faylasuflar guruhiga kiritish mumkin. Chunki u insonning olamda tutgan o‘rni va mohiyatiga doir falsafiy qarashlarni bayon etgan.
Blez Paskal juda qiynalib jon taslim qilgan. Uning nimjon tanasiga azob berayotgan og‘riqlar 1662 yil avgust oyining o‘rtalarida barham topdi. «Parvardigor hech qachon meni tark etmaydi!» Donishmand so‘nggi nafasida shu so‘zlarni aytib ulgurdi.

* * *
Inson o‘zining ayanchli ahvolini anglashi bilan ulug‘vordir. Zero, muhtojlik o‘zining mushkul ahvolini anglash demakdir. Bunday anglash ulug‘vorlik belgisidir.

* * *
Bizning bor-yo‘q fazilatlarimiz fikrlarimizda mujassamdir. Shu bois biz fazo va vaqt bilan emas, balki fikrlarimiz bilan yuksalmog‘imiz lozim. Zotan, biz hech qachon fazo va vaqtni to‘ldirolmaymiz. Jo‘yali fikrlash axloqiylik ibtidosi.

* * *
Doimo olg‘a intilish – inson tabiatining asosi.

* * *
Olamdagi barcha narsalar bir-biriga shu darajada chambarchas bog‘lanib ketganki, ulardan birini boshqalarisiz va yaxlit holda olmay turib anglab bo‘lmaydi.

* * *
Inson uchun jismning ruh bilan birlashish sirini bilishdan o‘zga yetib bo‘lmas sinoat yo‘qdir.

* * *
Meni yangi so‘z aytmaganlikda ayblamasinlar. Zero, yangilik moddiyatning qanday joylashishidadir. Koptok o‘yini (lapta) chog‘ida bittagina to‘pdan foydalansalar-da, o‘yinchilardan biri uni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq irg‘itadi.

* * *
Barcha jismlar: osmon, yulduzlar, yer aql deb atalmish eng oddiy voqelik oldida hech narsadir. Chunki aql ana shu narsalarni ham, shuning barobarida o‘zini ham anglay oladi. Jism esa anglash qobiliyatidan mahrumdir. 

* * *
Biz haqiqatni nafaqat aqlimiz, balki yuragimiz bilan ham anglaymiz. Yurakning aql tishi o‘tmaydigan o‘z qonunlari bor.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.