OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jon Lokk

JON LOKK
(1632-1704)


Ingliz faylasufi Jon Lokk Angliyaning janubi-g‘arbidagi Somerset grafligiga qarashli Rington shaharchasida tug‘ildi.
Lokkning otasi advokat bo‘lib, Kromvel armiyasining otliq eskadroniga qo‘mondonlik qilgan.
Jon Lokk Oksford dorilfununi qoshidagi diniy kollejda ta’lim oldi. Keyinchalik tibbiyot ilmini o‘rgandi. 1656 yilda u Oksford dorilfununining bakalavrlik, 1658 yilda esa magistrlik ilmiy darajasiga sazovor bo‘ladi. U kimyogar Robert Boyl bilan do‘stlashadi. Bu do‘stlik unda faylasuflar Dekart va Gassendi ta’limotiga qiziqish uyg‘otadi.
Jon Lokk oliy hukumat idoralarida xizmat qilib, mansab pog‘onalaridan tez yuqorilab boradi va Angliya hukumatining lord kantsleri lavozimiga erishadi.
Jon Lokk 39 yoshidan boshlab falsafa ilmini ishtiyoq bilan o‘rganishga kirishadi. 1682 yilda olim hukumatda yuz bergan siyosiy tanglik tufayli Angliyani tashlab Niderlandiyada yashaydi. 1689 yilda u vataniga qaytadi va birin-ketin xorijda yozgan asarlarini chop etadi. Uning quyidagi asarlari ma’lum: «Tabiat qonunlariga doir tajribalar» (1662-1664 y.), «Din erkinligini e’tirof etishga doir tajriba» (1667 y.), «Tibbiyot san’ati haqida» (1669y.), «Inson tafakkuriga doir tajribalar» (1689 yil, olim bu asar ustida 20 yildan ziyod mehnat qilgan), «Tarbiyaga oid ba’zi fikrlar» (1693 y.) va hokazo. 

* * *
Bilimlarimiz barcha mushkulotlarni qamrab olish va hamma savollarga javob topish qudratidan mahrumdir.

* * *
Biron bir haqiqat yo‘qki, uni butun insoniyat birdek qabul qilsa.

* * *
Menimcha, ruhning moddiy yoki nomoddiyligiga doir muammoning yechimi bizning bilim doiramizdan tashqarida yotadi.

* * *
Ilm olmoqlik yaxshi ruhiy sifat egalarida ezgu fazilatlarning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi. Yaxshi ruhiy sifatlardan mahrum odamlar esa qancha ko‘p ilm olsalar, shuncha ahmoqroq va bema’niroq bo‘lib boradilar. 

* * *
Hasad – o‘zimiz istagan ezgulikka o‘zgalarning erishgani tufayli yuzaga keladigan ruhiy bezovtalik.

* * *
Hech shubha yo‘qki, bema’ni xatti-harakatlar yaxshi qoidalardan ko‘ra kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi.

* * *
Kulgi o‘zgalardagi qusurni namoyish etishning nozik vositasidir.

* * *
Inson xatti-harakatlari uning fikrlari tarjimonidir.

* * *
Jasorat qolgan barcha ezgu fazilatlarning posboni va tayanchidir. Kimki bu sifatdan mahrum ekan, o‘z burchini qat’iylik bilan bajarish hamda chin insonga xos barcha yaxshi fazilatlarni namoyish etishdan ojiz qoladi.

* * *
Insondagi yovuzlik va ezgulik ham, zararkunandalik va hojatbarorlik ham tarbiyaning mevasidir.

* * *
Yomon tarbiya ko‘rgan odamdagi jasorat – dag‘allikka, bilimdonlik – maydakashlikka, zakovat – masxarabozlikka, ochiq ko‘ngillik – munofiqlikka aylanadi.

* * *
Ehtimollik bilimdagi kemtiklarni to‘ldiradi.

* * *
Tafakkur xuddi ko‘z kabi atrofdagi narsalarni ko‘rish va tahlil qilish imkonini yaratadi-yu, lekin o‘zimiz haqimizda hech qanday bilim bermaydi. Tafakkur yordamida ma’lum masofadan turib o‘zimizga nazar tashlash uchun bizdan yuksak san’at va mehnat talab etiladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.