OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eleyalik Zenon

ELEYALIK ZENON
(Miloddan avvalgi 490
(taxminan) -430 yillar)


Zenon Italiyada joylashgan Eleya shaharchasida tug‘ilgan. U faylasuf Parmenidning ma’ruzalarini tinglab, saboq olgan. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda u Parmenidning tutingan o‘g‘li bo‘lgan. U birinchi bo‘lib «Dialektika»ni kashf etdi. Ya’ni fikrlaridagi qarama-qarshiliklarni fosh etish orqali raqibning so‘zlarini rad etish usuliga asos soldi. U butun hayotini «ko‘plik»ning yo‘qligini isbotlashga bag‘ishlagan. Ayniqsa, harakatning mavjudligiga qarshi dalil-isbotlari bilan shuhrat qozongan.
Zenonning quyidagi asarlari ma’lum: «Tabiat haqida», «Bahslar», «Faylasuflarga qarshi», «Empidokl qarashlariga sharh».
Zenon hukmdor Narxga qarshi fitnaga qo‘shilgani uchun qatl qilingan.


* * *
Zenon: «Falsafa insonga o‘limga nisbatan nafrat tuyg‘ularini in’om etadi», deb yozgandi.

* * *
Zenon harakatga oid falsafiy fikrini qat’iy himoya qilgan. Uning bu aqidasi «Chopqir Axilles» deb nom olgan. «Axilles qay darajada chopqir bo‘lmasin va oraliqdagi masofa qancha bo‘lishidan qat’i nazar, u hech qachon toshbaqani quvib yetolmaydi, — deydi Zenon. — Chunki bizning harakat xususidagi tasavvurlarimiz yolg‘ondir.
Isbot: Axilles toshbaqagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tarkan, bu vaqtda toshbaqa ham yurishdan to‘xtamaydi. Bu holat cheksiz davom etishi mumkinligini inobatga olsak, cheksiz masofani bosib o‘tish uchun chegarasiz vaqt kerak bo‘ladi. Shunday ekan, harakat haqida so‘zlashga o‘rin qoladimi?
Bundan tashqari, tabiiyki, Axilles va toshbaqa o‘rtasida bir necha gaz va chaqirimlik «masofa» mavjud. Ana shu oraliq masofa Axilles va toshbaqani bir-biridan ajratib turadi. Agar Axilles quvib yetib olsa-yu, toshbaqa bilan uning orasidagi masofa atigi bir necha mikronga yoxud molekulalar uzunligidagi o‘lchamga teng bo‘lib qolsa, buni masofa, deb atash mumkinmi?
Zenon bu borada shunday farazni ilgari suradi: «Tasavvur qiling: harakatdagi jism olg‘a borarkan, qarshisidagi havoni ham oldinga itaradi. Demakki, u xuddi tiqin (porshen) kabi ro‘parasida uchragan barcha buyumlarni ham ilgari surib ketaveradi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Axilles ham toshbaqaga yaqinlasha borib, uni ozgina bo‘lsa-da, oldinga itaradi. Axilles qanchalar tez yugursa, toshbaqaga shuncha kuchli ta’sir etadi. Natijada toshbaqa hamma vaqt Axillesdan ilgarida ketaveradi. Xo‘sh, bu qanday harakat bo‘ldiki, chopqir Axilles loaqal imillagan toshbaqani ham quvib yetolmasa?»

* * *
Zenon «joy»ning mavjudligini inkor etib, shunday fikrni o‘rtaga tashlaydi: «Agar joy mavjud ekan, ayni damda u ham qaysidir joyda mavjud bo‘lishi kerak-ku? Har qanday joyning o‘ziga tegishli qandaydir joyi bo‘lishi tabiiy holdir. Bu holat uzluksiz davom etaveradi. Demak, joy mavjud emas».

* * *
Zenon bir butun narsaning bo‘linmasligini tasdiqlaydi. U aytadiki, butun narsa bo‘lingach, ko‘plab birliklarga ega bo‘lamiz. Bu birliklarning har biri o‘z navbatida birliklarga bo‘linadi. Bu jarayon cheksiz davom etaveradi.
Ammo cheksiz ko‘pliklarning cheksiz ko‘pligi bema’nilikdir.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.