EMPEDOKL
(Taxminan miloddan avvalgi 490-430 yillar)
Empedokl Sitsiliyaning Akragant shahrida tug‘ilib o‘sgan. U badavlat va taniqli oilaning farzandi bo‘lgan. Empedokl falsafa bilan shug‘ullanish maqsadida shoh saroyidagi mansabni rad etgan. Empedokl birinchi bo‘lib notiqlik ilmini rivojlantirishga kirishdi.
Faylasuf oyoqlariga mis boshmoq va boshiga oltin toj kiyib Yunoniston shaharlarini aylanib chiqqan. Uning jami 5000 ta she’ridan 450 tasigina bizgacha yetib kelgan. Empedoklning ikki asari ma’lum: «Tabiat haqida», «Poklanish».
Uning mashhur iborasi quyidagicha ifodalanadi: «Yo‘q, yo‘q, biz hech narsani sezmaymiz va hech narsani ko‘rmaymiz. Barcha narsalar biz uchun pinhondir, olamda biron narsa yo‘qki, biz uning nima ekanligini aniqlashga qodir bo‘lsak».
* * *
Muhabbat va Adovat! Ularning har ikkisi abadiydir. Yaralish va ibtido tashbehlari bu ikki tuyg‘uga begona. Chunki ular avvaldan oxir qadar yashaydilar. Shuningdek, Muhabbat va Adovat doimo birgalikda mavjuddir.
Bordi-yu, Muhabbat va Adovat butkul mahv etilib, yo‘qlikka yuz tutganida, Koinot qanday paydo bo‘lardi?
* * *
Ahmoqlar — unsurlari yengil va siyrak joylashgan kimsalardir. Ular kaltafahm va sustkash bo‘ladilar. Unsurlari mo‘l, ammo mayda bo‘laklardan iborat odamlar esa ta’sirchandirlar. Ular har ishga o‘zlarini uraveradilar-u, biroq qiziqqonliklari bois ishlarini oxiriga yetkazolmaydilar. Ma’lum turdagi unsurlar me’yorida joylashganlar esa biror-bir bilim zakiylaridir. Ya’ni bunday odamlarning ba’zisi yaxshi notiq, boshqa birovi uddaburondir. Chunki unsurlar ulardan ba’zisining qo‘lida bo‘lsa, boshqa birovining bo‘g‘zida makon topgan. Eng aqlli odamlarda esa hamma unsurlar aralash holda bir tekis taqsimlanadi. Va bu unsurlar katta ham, kichik ham emasdir.
* * *
Muhabbat hamma narsani birlashtiradi. Adovat esa ajratadi.
* * *
Hislarga ishonma va fikrla.