Andre Morua (André Maurois) (taxallusi; asl nomi Emil Erzog; 1885.26.7, El-byor — 1967.9.10, Parij) — fransuz yozuvchisi. Fransiya akademiyasi a’zosi (1938 yildan). «Kamsuxan polkovnik Braml» (1918) va «Sergap doktor O’Tredi» (1922) romanlarida o‘zi ishtirok etgan 1-jahon urushidan olgan taassurotlarini aks ettirgan. «Bernar Kene» (1926), «Taqdir o‘yinlari» (1928), «Oilaviy davra» (1932), «Ona zamin» (1945) romanlari fransuz xalqi oliy tabaqasi hayoti haqida.
Morua adabiy-tanqidiy esselari, tarixiy shaxslar haqidagi kitob va xotiralari bilan mashhur. U «Ariel yoki Shelli hayoti» (1923), «Bayron» (1930), «Turgenev» (1931), «Leliya yoki Jorj Sand hayoti» (1952), «Olimpio yoki Viktor Gyugo hayoti» (1954), «Uch Dyuma» (1957), «Prometey yoki Balzak hayoti» (1965) singari asarlari bilan xorijiy adabiyotda biografik roman janriga tamal toshini qo‘ygan. Morua bu asarlarida mashhur kishilar hayoti va ijtimoiy faoliyati faktlaridan chetga chiqmagan holda ular haqida badiiylashtirilgan hujjatli roman yozish mumkinligini isbotlab berdi. Morua o‘z qahramonlariga bo‘lgan mehrli munosabatini ifodalash orqali adabiyotning insonsevarlik mohiyatining teranlashishiga qissa qo‘shdi.
Moruaning «Chorshanba binafshalari» turkumidagi hikoyalari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.