OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anton Chexov. Chinovnikning o‘limi (hikoya)

So‘lim oqshomlarning birida xuddi shunday so‘lim ekzekutor Ivan Dmitrich Chervyakov kreslolalarning ikkinchi qatorida o‘tirib, durbin orqali «Kornevilskie kolokola» degan spektaklni tamosha qilardi. U sahnaga qarab, o‘zini eng rohatda o‘tirgan his qilardi. Lekin birdaniga... Hikoyalarda «lekin birdaniga» so‘zi tez-tez uchrab turadi. Avtorlar shunday deyishga haqli, chunki hayotda tasodifiy hodisalar juda ko‘p! Lekin, birdaniga uning yuzi burishdi, ko‘zlari olaydi, nafasi to‘xtadi... U ko‘zidan durbinni oldi, engashdi va... apishu!!! Ko‘rib turibsizki, chuchkurdi, chuchkurishpppg aybi yo‘q. Mujiklar ham chuchkuradi, politsmeysterlar, ba’zan hatto tayniy sovetniklar ham chuchkuradi. Hamma chuchkuradi. Chervyakov hechqancha hijolat bo‘lmadi, ro‘molchasi bilan og‘zi burnini artdi va odobli odam bo‘lgani uchun chuchkurganim birovga malol kelmadimikan deb atrofiga qaradi. Mana shunda hijolat bo‘lib qoldi. Qarasa oldida o‘tirgan chol perchatkasi blan tepakal boshini, bo‘ynini artib, do‘ng‘illayotipti. Chervyakov cholni tanidi: bu chol statskiy general Brizjalov bo‘lib, temir yo‘l mahkamasida xizmat qilardi.
«Men unga tupuk sachratdim,— deb o‘yladi Chervyakov. Mening boshlig‘im emas, begona, shunday bo‘lsa ham yaxshi emas, afv so‘rash kerak».
Chervyakov yo‘taldi, biroz oldinga engashib generalning qulog‘iga pichirladi:
— Kechiring, janobi oliylari, beodobchilik bo‘ldi... Men bilmasdan...
— Mayli, mayli...
— Xudo haqi, kechiring. Axir men... Qandoq qilay...
— Xudo haqi, kechiring. Axir men... o‘zimga qolsa shundoq bo‘lsin depmanmi!
— Obbo, tek o‘tirsangizchi, azbaroyi xudo! Qo‘ying, eshitaylik!
Chervyakov xijolat bo‘ldi, iljaydi va sahnaga qaradi. U sahnaga qararkan, endi rohat qilolmay qoldi. Uning yuragi g‘ash bo‘la boshladi. Antrakt vaqtida Brizjalovga yaqin keldi, uning oldida biroz yurdi va o‘zini dadil tutib g‘o‘ldiradi:
— Men sizga bilmasdan tupuk sachratdim, janobi oliylari... Kechiring... Axir men... Nainki...
— E, qo‘ysangiz-chi... Men allaqachon esimdan chiqarib yubordim-u, siz hali ham o‘sha gapni gapirib yuribsiz! — dedi general va tajang bo‘lib pastki labini qimirlatdi.
«Ko‘zlari qonga to‘lib turibdi-yu, tag‘in esidan chiqqan emish, — deb o‘yladi Chervyakov, generalga shubha bilan qarab. — Gapirgisi ham kelmaydi. Unga tushuntirishim kerak, o‘zimga qolsa... Bu tabiat qonuni, axir. Tushuntirmasam menga tupurdi deb o‘ylaydi. Hozir o‘ylamasa, keyin o‘ylaydi!».
Chervyakov qilgan adabsizligini uyiga kelib, xotiniga gapirib berdi. Chervyakovning fahmicha xotini bu voqeaga yengiltaklik bilan qaradi: u faqat qo‘rqib ketdi-yu, Brizjalov erining nachalnigi emasligini bilganidan keyin, ko‘ngli joyiga tusha qoldi.
— Shunday bo‘lsa ham borib uzr so‘ra, — dedi u. — Bo‘lmasa xalq orasida o‘zini tutolmas ekan, deb o‘ylaydi!
— Mana shunisi bor-da! Men uzr so‘radim, lekin hayronman... Bir og‘iz ham durust gap aytmadi. Gaplashishga fursat ham bo‘lgani yo‘q.
Ertasi kuni Chervyakov yangi vitsmundirini kiydi, sochini oldirdi va izoh bergani Brizjalovning oldiga ketdi... Generalning qabulxonasida arzga kelgan bir muncha odam o‘tirgan ekan. General arz so‘ramoqda edi. U bir necha kishidan arz so‘rab bo‘lib, Chervyakovga qaradi.
— Kecha, janobi oliylari, agar eslarida bo‘lsa, — deb so‘z boshladi ekzekutor,— men «Arkadiya»da chuchkurdim... Bilmasdan janobi oliylariga tupuk sachratdim... Kechira...
— Shu ham gap bo‘ldi-yu... Tavba! Sizning nima arzingiz bor? — dedi general navbatdagi kishiga.
«Gapirgisi ham kelmayapti,—deb o‘yladi Chervyakov rangi o‘chib, — xafa bo‘libdi... yo‘q, ko‘nglidan chiqarmasam bo‘lmaydi... Tushuntiraman...»
General odamlardan arz so‘rab bulgandan keini ichkari uyga kirib ketayotgan edi. Chervyakov uning ketidan ergashib g‘o‘ldiradi:
— Janobi oliylari! Agar janoblarini bezovta qilishga haddim sig‘sa, faqat pushaymonligimni izhor qilish vajidan deb bilasiz!.. o‘zlariga ma’lum, jo‘rttaga qilganim yo‘q!
General aftini burishtirib, qo‘l siltadi va ichkariga kirib ketar ekan:
— Siz meni kalaka qilayotibsiz, muhtaram afandi, — dedi.
«Kalaka nimasi! — dedi ichida Chervyakov. — Mening hech bunaqa niyatim yo‘q! General bo‘la turib, shuni bilmaydi-ya! Bunaqa bo‘lsa men bu takabburdan uzr so‘rab o‘tirmayman! Ming la’nat! Xat yoza qolaman, endi kelib yurmayman. Xudo ursin, kelmayman!»
Chervyakov uyga ketayotib shuni ko‘nglidan kechirdi. U generalga xat yozmadi. O‘ylab-o‘ylab nima deb yozishni bilmadi. Ertasiga yana generalning oldiga borishga to‘g‘ri keldi.
— Men kecha kelib sizni bezovta qilgan edim, janobi oliylari, — dedi u general boshini ko‘tarib unga qaraganda. — Siz aytmoqchi, men kalaka qilganim yo‘q. Sizga uzr aytgani kelgan edim. Kalaka qilish xayolimga ham kelgan emas. Nahot, kalaka qilgani haddim sig‘sa? Agar biz kalaka qiladigan bo‘lsak u vaqtda, demak, ulug‘larda hurmat qoladimi.
— Yo‘qol! — deb baqirdi birdaniga general ko‘karib, titrab-qaqshab.
— A? — dedi angrayib qolgan Chervyakov sekin.
— Yo‘qol!! — deb qichqirdi general yana, yer tepinib. Chervyakovning qornida nimadir uzilib ketdi. U hech nimaga qaramay, hech nimani eshitmay, eshikkacha tisarilib bordi, ko‘chaga chiqib, jo‘nab qoldi... Uyiga qanday borganini ham bilmay, vitsmundirini ham yechmay, divanga yotdi-yu... o‘lib qoldi.

Abdulla Qahhor tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.