OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anton Chexov. Yomon bola (hikoya)

Istarasi issiq, yosh Ivan Ivanich Lapkin va burni qanqaygan, yosh qiz Anna Semyonovna Zamblitskaya pastga, tik tushib boradigan qirg‘oq bo‘yidagi kursiga o‘tirdilar. Kursi suvga yaqin, quyuq majnuntollar orasida edi. Ajoyib joy! Sizni faqat baliqlar va suv yuzida suzadigan o‘rgimchaklar ko‘rib turibdi- xuddi olamdan bekinganday o‘tiribsiz.
Boshqalar ham baliq ovlash uchun qarmoqlar, matraplar (to‘r) bilan qurollanib kelishgan. O‘tirgach, ular ham baliq ovlashga kirishdilar.
-Men yolg‘iz qolganimizdan xursandman, -u yoq bu yoqqa qarab gap boshladi Lapkin.- Men sizga ko‘p narsalarni aytishim kerak, Anna Semyonovna… juda ko‘p narsalar… Sizni birinchi marta ko‘rganimda… Qarmog‘ingizga ilindi…
-Men o‘shanda ko‘nglim orzusi kim ekanligi va men hayotimni kimga bag‘ishlashim kerakligini angladim… Qarmog‘ingizga ilindi, shekilli… sizni ko‘rib, birinchi marta zo‘r ehtiros bilan sevib qoldim! Tortmay turing, yaxshiroq ilinsin… Azizim, ayting, yolvorib so‘rayman, men balki arzimasman, lekin sizni muhabbatingizga umid qilsam bo‘ladimi? Torting!
Anna Semyonovna qarmoqni baland ko‘tarib, itqitdi va baqirib yubordi.
— Voy, xudoyim, olabug‘a! Tez! Chiqib ketadi…
Olabug‘a qarmoqdan chiqib, bir sakradi-yu, yana o‘zining qadrdon muhitiga sho‘ng‘ib ketdi.
Baliq izidan yugurgan Lapkin, bexosdan baliq o‘rniga Anna Semyonovnaning qo‘lidan tortib, bag‘riga bosib o‘pa boshladi. Anna siltanib o‘zini tortdi, ammo kechikdi: lablar birlashdi.
Bo‘sa izidan bo‘sa, va’dalar, ishontirishlar… Baxtli onlar! Qolaversa, yer yuzida mutlaq, to‘liq baxtning o‘zi yo‘q. Baxt, odatdagidek o‘zini o‘zi zaharlashi yoki o‘zga ta’sir orqali zararlanishi mumkin. Mana bu marta ham xuddi shunday bo‘ldi. Yoshlar o‘pishayotgan vaqtda, kimningdir kulgani eshitildi. Ular daryoga qarab, qotib qoldilar: beligacha suvga botgan yalang‘och bola ularga qarab turardi. Bu Anna Semyonovnaning gimnaziyada o‘qiydigan ukasi Kolya edi. U ularga istehzoli kulib qarardi.
-A-a-a… O‘pishayapsizlarmi? Juda yaxshi. Oyimga aytib beraman.
-O‘ylaymanki, siz halol inson sifatida… qizarib, bo‘zarib po‘ng‘illadi Lapkin, -poylash razillik, aytib berish pastkashlik, ablahlik ekanini bilsangiz kerak. Siz oliyjanob inson…
-Pul bering, aytmayman!-dedi «oliyjanob» inson.- Bo‘lmasa, aytaman.
Lapkin cho‘ntagidan pul olib, Kolyaga uzatdi. U esa pulni nam mushtida g‘ijimlab, hushtak chaldi-yu, sho‘ng‘ib ketdi. Shundan so‘ng yoshlar qayta o‘pishmadilar.
Keyingi kun Lapkin Kolyaga shahardan koptok va bo‘yoqlar olib keldi, opasi esa dorilardan bo‘shagan qutichalarni berdi. Keyin esa itning tumshug‘i tasviri tushirilgan zaponka (ilmatugma) sovg‘a qildilar. Yomon bolaga, albatta, bularning hammasi yoqardi, shu sabab bundan ham ko‘proq narsa olish uchun , u yana kuzata boshladi. Bir daqiqa ham ularni yolg‘iz qoldirmasdi.
-Yaramas! -derdi Lapkin tishlarini g‘ichirlatib. -O‘zi kichkina-yu, lekin katta ablah! Kelajakda undan kim chiqadi?!
Iyun davomida Kolya sevishganlarni holi-joniga qo‘ymadi. U aytib berish bilan qo‘rqitar, kuzatar, sovg‘alar talab qilar va bularning hammasi unga oz ko‘rinar, axiyri cho‘ntak soatda to‘xtadi. Nima qilibdi! Olib berishga va’da berdilar.
Bir kuni tushlikda dasturxonga vafli tortilganda, Kolya xoholab, Lapkinga bir ko‘zini qisdi-da:
-Aytaymi, -a? -dedi.
Lapkin qizarib, sarosimada vafli o‘rniga salfetkani chaynab yubordi. Anna Semyonovna sapchib, boshqa xonaga yugurib ketdi.
Mana shunday sharoitda ular avgust oxirigacha, nihoyat, Lapkin Anna Semyonovnaning qo‘lini so‘ragunga qadar yurdilar. O, bu qanday baxtli kun edi! Qizning ota-onasi bilan gaplashib, ularning roziligini olgach, Lapkin, avvalo, boqqa yugurdi va Kolyani izlay boshladi. Uni topgach, zavqdan baqirib yuborishiga oz qoldi- yomon bolaning qulog‘idan tortqilay boshladi. Shu vaqt Kolyani izlab yurgan opasi ham kelib, ikkinchi qulog‘idan tortdi. Sevishganlar yuzidagi lazzatni so‘z bilan ta’riflash qiyin. Kolya yig‘lab, yolvorardi:
-Azizlarim, mehribonlarim, endi yomonlik qilmayman! Kechiringlar!
Keyinchalik ular shu vaqtgacha bir-birlarini yaxshi ko‘rib yurgan paytda ham bunaqangi baxt, bunaqangi huzurbaxsh holatni, ya’ni yomon bolaning qulog‘ini tortishdek huzurni his qilmaganliklariga iqror bo‘ldilar.

Sherobod tumanidagi 35-maktab o‘qituvchisi A.Hayitqulova tarjimasi
«Termiz oqshomi» gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.