Nemis faylasufi Artur Shopengauer o‘ziga to‘q Dantsig savdogarining oilasida dunyoga keldi. Savdo, tabobat, so‘ng falsafadan saboq oldi. Berlin universitetida dotsent bo‘lib dars berdi.
Aytishlaricha, u o‘zbilarmonlik bilan buyukligi tan olingan Gegel bilan baravar soatlarda o‘z darsini o‘taverdi. Ammo talabalar Gegelni xush ko‘rishardi. Bundan xafsalasi pir bo‘lgan Artur Frankfurtga ketishga majbur bo‘ldi va o‘sha yerda ijod qilib, ijodi namunalarini tinmay ko‘riklarga jo‘natib turdi. Ammo uni tan olishmadi. Faqat o‘limidan so‘ng, 19- asrning yetmishinchi yillariga kelib, uning nomi ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan darajada shuhrat qozondi.
Asrning so‘nggi o‘ttiz yili davomida u Ovrupodagi eng o‘qimishli nemis muallifiga aylandi. Uni o‘qishar, u haqda gimnazistdan telegrafistgacha hamma gapirardi. To‘g‘ri, bu uncha-muncha janjalli shuhrat edi. Unga yopishtirmagan yorliqlar qolmadi: “irratsionalizm”, “volyuntarizm”, “pessimizm”, “mizantropiya”, “ayollarga nafratli”, “ateizm” va hokazo “...izm”lar, va aytish kerakki, bu da’volarning aksariyati asosli edi.