OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Bola nega yig‘ladi (hajviya)

– Mening o‘g‘lim – havas qilgulik, – dedi u.
– Ilohim uzoq umr ato etgan bo‘lsin! – javob berdim.
Biz bitta korxonada ishlaymiz va u bilan kuniga uch marotaba uchrashib turamiz. U har gal o‘g‘lini menga maqtaydi:
– Bola emas, aql to‘la xum. Shunaqa bu zumrasha!
– Uni yot ko‘zlardan o‘zi asrasin.
– Bir daqiqa ham tinch turolmaydi-ya.
– Umri uzoq bo‘lsin...
To‘rt farzandning otasiman, shuning uchun ham yaxshi bilamanki, ba’zida bolalarini maqtayotgan ota-ona qanday kulgili holatlarga tushib qolmaydi, deysiz. Shunday bo‘lsa-da, do‘stim Jovidning o‘g‘lini ko‘rmoq ishtiyoqiga tushdim. Buning ustiga, har gal uchrashib qolsak, meni uyiga taklif qilishdan charchamaydi.
Shanba kunlarining birida, ishdan so‘ng, unikiga borishga ahd qildim. Eshik ochilishi bilanoq nimadir sharaqlab, pillapoyadan pastga qarab dumalab, oyog‘im ostiga kelib tushdi. Oldimda g‘aroyib mavjudot turardi: na odamga o‘xshaydi, na-da boshqa narsa...
Jovid dedi:
– Bu mening o‘g‘lim. Qanday?
– Xo‘p ajoyib!
Do‘stim meni mehmonxonaga boshladi. Xotini, qaynonasi va qayinsinglisi bilan tanishdim. O‘tirdik. Qo‘limda issiq choy quyilgan stakanni ushlab turardim, nogahon unga nimadir lop etib tushdi. Qo‘limga qaynoq choy sachradi. Boshim uzra nimadir g‘uvilladi, og‘riqdan baqirishga ham ulgurolmadim. Ne kor-hol bo‘layotganini tushunolmay qoldim. Boshimga tushgan noma’lum narsani olib tashlayotgan paytida xonada yovvoyilarcha quvlashmachoq boshlandi. Jovid va uning qarindoshlari bola ortidan quvisha ketdi. Bola xona bo‘ylab yugurar ekan, kutilmaganda quvayotganlarga chap berdi, tezlik bilan boshqa tomonga qayrildi, uning izidan qolmayotganlar bir-biriga to‘qnashib, ag‘anab tushishdi. Uy egalari bir-birlari ustiga qulashdi. Aql bovar qilmaydigan ko‘ngilsizlikdan qayga bekinish mumkinligini o‘yladim va eshik orqasiga o‘tib yashirindim. Xayriyatki, vaqtida ulgurgan ekanman. Bola qo‘lga tushgan narsa borki, chor atrofga irg‘ita boshladi. Nihoyat, ota, ona, buvi va xolasi bolani burchakka siqib qo‘yishdi. U maymundek chaqqonlik bilan shkaf ustiga sakrab chiqdi. Ustida nimaiki bo‘lsa, “raqib”lariga qarata ota boshladi. Hech vaqo qolmaganidan so‘nggina onasi yalina boshladi:
– Bolajonim, mehribonim, tusha qol! Qara: biznikiga amaki keldi. Tag‘in u seni tarbiya ko‘rmagan bola ekan, deb o‘ylamasin.
Bola onasining bu gapiga javoban tinmay ko‘pik tuflay boshladi. Otasi jiddiy xafa bo‘ldi:
– Pastga tush, qanjiqning bolasi!
Bunga ham javob o‘z vaqtida qaytarildi:
– O‘zing qanjiqning bolasi!
Keyin bolakay sinalgan qurolini ishlatdi – otasining boshi uzra choptira ketdi. Noiloj qolgan ota esa:
– Mayli, o‘tiraver o‘sha yerda! – deyoldi xolos.
Onasi aybdordek menga o‘girildi:
– Siz bizni kechiring...
Men choy to‘kilgan shimimni sochiq bilan arta boshladim. Qaynoq choy oyog‘imgacha kuydirgan ko‘rinadi.
Jovid o‘zgacha qoniqish bilan menga sha’ma qildi:
– Qalay? To‘g‘ri tasvirlab bergan ekanmanmi? Oshirib yubormabmanmi?
– Aksincha... Uning yoshi nechada?
– Oltiga ham to‘lmagan hali.
Shkaf ustida turgan bolaga ko‘z qirimni tashladim. Hamon mag‘rur boqib turardi. Xona derazalarining oynalari xuddi snaryad parchalari tushganday chil-chil singan. Besh qirrali qandilning bir tomoni butun va unda bittagina lampochka osilib turibdi. Eshiklarning birortasida ham ushlagich qolmabdi.
Jovid dedi:
– Xudo haqqi, umrimda bunday bolani ko‘rmaganman. Ishonasanmi, biror marta ham yig‘lamagan.
Qaynonasi uning gapini qo‘llab-quvvatladi:
Ko‘z yoshi to‘kishga hojat bormikin. Bilasizmi, kecha nima bo‘ldi? Bolani oldim-da, muzlatgichning tagiga qo‘ydim. Muzlatgich ustiga ag‘darilib tushdi. Biror bir ovoz chiqarsa-chi. Lablaridan qon sirqirab oqdi. Xizmatkorni yollab, zo‘rg‘a sug‘urib oldik, deng.
Jovid gapni bo‘ldi:
– Bilmadim, bundan qanday odam chiqarkin. Balki askarlikka bersakmi?
Onasi qo‘shimcha qildi:
– Yig‘lamagan bolani qayda ko‘rgansiz? Avvalgi kecha bir soatlarcha xona bo‘ylab mushuk quvaladi. Mushugimiz uni ko‘rishi bilanoq qochib ketadi. U orqasidan quvayotganda mushuk dahlizdan boqqa sakradi. U ham mushukning orqasidan sakradi... Dahlizning balandligi to‘rt metrdan kam emas.
– Jarohat olmadimi? – qiziqsindim.
– Ehtimol, – javob berdi onasi. – Biz unga qarashga ulgurolmadik, qochib qoldi. To‘g‘ri, bir necha kun oqsoqlanib yurdi, biroq keyinchalik hammasi o‘rniga tushdi.
Shu payt bir narsa ustimga gup etib tushdi va bo‘ynim uzilib ketishiga sal qoldi. Bolakay shkaf ustidan to‘g‘ri boshimga sakragan ekan. Bo‘ynimga o‘tirgan holda qichqirdi:
– Ketdik, chuh!
Otasi ustimizga yopirildi va shunday tarsaki tushirdiki, katta odam ham uning zarbiga bardosh berolmagan bo‘lardi. Ammo bola hech narsa bo‘lmagandek xoxolab kulib yubordi.
Tan olaman, avvalo o‘yladimki, bolaning yaqinlari uni hecham jazolashmagan. Shuning uchun u “erkatoy” bo‘lib ulg‘ayayotgan bo‘lsa, ajabmas. Lekin Jovid o‘g‘lini mahkam ushlab, boshini ikki tizzasi orasiga olib, yuzini ko‘rib bo‘lmaydigan holatda sochlaridan tortqiladi. Boshidagi kaftdek keladigan shishni ko‘rsatib, otasi dedi:
– Kecha kechqurun guldonga boshini urib olgandi, mana qara, qanday shishib ketibdi.
Onasi uni to‘g‘riladi:
– Bu guldondan emas, samovardan. Samovarda qaynoq suv bor edi.
Gapga buvisi aralashdi:
– Bu samovardan olgan jarohat emas, bo‘ynidagisi... U jarohat shotidan tosh uyumiga yiqilib tushganidan.
Bola otasining tizzalari orasida tipirchilardi. Jovid xotiniga buyurdi:
– Yod bilan momiq keltir. Uni ushlab oldikmi, qochib qolmasidan tirnalgan joylariga surtib qo‘yaylik.
Xotin yod va bir bo‘lak momiq keltirdi. Bolaning butun badani shilingan, tilingan, ko‘kargan edi. Jovid paxta bo‘lagini yodga botirib, jarohatlarga surta boshladi. Lekin bolakay og‘riqdan loaqal inqillamadi ham.
O‘zimcha shunday qarorga keldim: bu xonadonda bolaga nimadir yetishmaydi va shuning uchun ta’sirlanish hissini yo‘qotgan. Boshim omonligida ketish niyatida o‘rnimdan qo‘zg‘aldim. To eshikka yaqinlashgunimcha bola yana nimalarnidir ag‘dar-to‘ntar qilib tashladi.
Ketaturib, beixtiyor mulozamat qilib qo‘ydim:
– Biznikiga ham o‘tinglar.
– Juma kuni borarmiz, – deyishdi ular.
Ko‘kragimda yurak o‘ynoqladi.
Uyga keliboq, uydagilarimga shunday dedim:
– Tayyorgarlik ko‘ringlar, juma kuni xonadonimizga bir olam tashvish keladi. Nimaiki sinadigan, yoki to‘kiladigan narsa bo‘lsa, barini bekitinglar.
Ertasi kuni:
– Bolangni o‘zing bilan birga olib kelasanmi? – so‘radim Joviddan.
– Yo‘g‘e, nima deyapsan!
Quvonchdan ichimga sig‘may ketdim. Mulozamatga o‘tganimni bilmay qolibman:
– Yo‘q, yo‘q! Xafa bo‘lamiz. O‘zing bilan albatta olib kel.
– Mumkinmas, qardosh, aslo olib bormayman. Butun uyingni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlaydi...
Ammo, baribir ergashtirib keldi. Aslida ular bolakayni obizan (vanna)da qamab, yo‘lga tushishgan ekan. Lekin u obizan tuynugidan chiqib, suv quvurlariga tirmashgan holda pastga tushib, ularga yetib olibdi. Bunga qo‘shimcha ravishda yo‘l-yo‘lakay otasini toshbo‘ron ham qilibdi.
Bolakay dahlizga kirayotib qoqilib ketdi, umbaloq oshib yiqildi. Uncha qattiq emas-u, lekin yengilgina jarohat oldi. Bunday holatlarda chiniqish mumkin, ammo hali og‘zidan ona suti ketmagan har qanday bola ham yig‘lab yuborishi hech gapmas. Onam hayqirgancha bola tomon yugurgiladi:
– Voy, qoqindiq...
Bola o‘zini yo‘qotib qo‘ydi.
Xotinim ham g‘ulg‘ula ko‘tardi:
– Voy, bolajonim-ey! Biron joyingga shikast yetmadimi? Ay-ay-ay.. Mana, tasodif!.. Balki jarohat olgandirsan-a...
Shu tobda men ham ularga qo‘shildim:
– Bunday bo‘lishini qara-ya! Qanday qilib yiqilding, bolakay? Ay-ay-ay!
Xizmatkor qiz ham halloslab kelgancha, ostonadayoq so‘ray boshladi:
– Yiqilib tushdingmi? Biror joying shikast yemadimi? Oy-oy-oy! Do‘xtir chaqiraylikmi? Jarohating yo‘qmi? Ayt.
Mehmonxonadagi ikki ayol ham bola tomonga oshiqdi, uni o‘rab olib, hamdardlik qila boshlashdi.
Bola oldiniga ancha vaqt ularga hayrat bilan qarab turdi. Keyin quyi lablarini titroq bosib, yuzlari tirishib, o‘ksik-o‘ksik yig‘lay boshladi. Keyin shunday yig‘ladiki, uni to‘xtatib bo‘lmasdi.
– O‘zi yiqilgan kishi hecham yig‘lamaydi, – dedik unga baralla.
– Erkak zotiga yig‘lash uyat!
– Hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku!
Barcha harakatlar behuda ketdi. O‘kirgani o‘kirgan. Deyarli yarim soatcha yig‘ladi. Yig‘isi to‘xtashi bilanoq suv so‘radi. U xizmatkor keltirgan stakanni beixtiyor qo‘lidan tushirib yubordi. Ayollar yana bir ovozdan:
– Biron joyingni kesib yubormadimi?
– Jarohat yetmadimi?
– Yod keltiringlar! — deyishdi.
Bolakayning yana lablari titrab, yuzlari tirisha boshladi, tag‘in o‘ksinib ko‘z yosh to‘kishda davom etdi. Bu safar ham yarim soatcha yig‘ladi. Shu oqshom u to‘rt marta yig‘ladi. Ammo hech narsani sindirmadi.
Hozir qachon Jovidni ko‘rib qolsam, undan o‘g‘li haqida so‘rayman.
– Avvalgidan ancha o‘zgargan, – deydi u, – xuddi ilgari ham mo‘min-qobil bo‘lib o‘sganday. Lekin yig‘lashni kanda qilmaydigan bo‘lgan.
Do‘stim tanishlarimdan biriga ustimizdan arz qilibdi:
– Bolajonimning tarbiyasini ular buzishdi!

Murodulla G‘afurov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.