OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aziz Nesin. Xudoga shukur! (hajviya)

Kadikuyda Bostanjiga boradigan tramvayning ikkinchi vagoniga bir amallab tiqilib chiqib oldim. Orqa maydonda sakkiz kishi bir-biriga yopishib bir oyoqda zo‘rg‘a turardi. Arqonga bor og‘irligi bilan osilib turgan chol o‘zini tramvayning orqa oynasiga tashladi. Cholning oyog‘idagi qo‘pol matodan tikilgan mahsi va eski kalishi ko‘rinib turardi. Cholning boshida eski to‘kilib qolgan mo‘ynali shapkasi bor edi. ¤rta yoshlardagi boshqa yo‘lovchi esa somon bilan bekitilgan savatini tramvay tormozi ustiga ehtiyotlab qo‘ydi. Savatni joylashtirgach rangpargina yo‘lovchini ogohlantirdi:
— Og‘ayni ehtiyot bo‘l, o‘tirib olma ichida tuxumi bor-a!.
Shundan keyin boshlandi — yo‘lovchilar yo‘l bo‘yi faqat shu tuxumlar haqida gapirishdi. Aslida tuxum bo‘lmaganida ham baribir boshqa mavzu topishardi. Mix haqida yoki ob-havomi. Hasratimimizni to‘kib solish uchun vaziyatni qo‘ldan berarmidik!..
Savatga o‘tirmang deb ogohlantirilgan yo‘lovchi gap tashladi:
— Necha puldan oldingiz?
Savat egasining serajin yuzi battar burishdi.
— So‘rab nima qilasan, — qo‘shildi boshqasi, — albatta, uch baravar qimmatga olgan.
Mo‘ynasi to‘kilib ketgan shapkali kishi qo‘shimcha qildi:
— Hozir nima uch barobar qimmat emas? Hozir hamma narsa shu…
Faqat men va charm kurtka kiygan, mo‘ylovli kishi lom-mim demadik. Qolganlar xuddi «Omin» degandek bir ovozdan ma’qulladilar:
— To‘-o‘-g‘ri!
— Hozir nima arzon?!
— Arzon narsani endi tushingizda ko‘rasiz!
— Ko‘ramiz bu ahvol qachongacha davom etarkan.
— Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin-da!
— Buning yaxshilik bilan tugashi dargumon.
— Kechagina ikki liraga olgan narsang ertasiga ikki yarim lira bo‘lib turadi.
— Shu ham ish bo‘ldimi? Biz kechasi uxlasak ularning uyqusi qochib ertalabgacha narxni oshirishni o‘ylab chiqishadi.
— Qimmatchilik ham mayli!.. Bozordan kerakli narsani topolmay qoldik-ku birodar.
Oltita yo‘lovining har biri navbati bilan o‘z hasratini bo‘lishdi, va har bir arzu hol hamdardlik bilan qabul qilindi:
— Ha-a-a!
— To‘g‘ri, to‘g‘ri.
— Nimasini aytasiz!
Tramvay Oltiyo‘l bekatiga yetib keldi. Hech kim tushmadi. Aksincha, yana bittasi suqilib kirvoldi
Savat egasi yana boshladi:
— Yashash qiyin bo‘lib qoldi, uchma-uch zo‘rg‘a yetkazyapmiz
Yangi yo‘lovchi shu zahoti suhbatga qo‘shildi:
— Nimasini aytasiz, hamma narsaning narxi osmonda, kvartira haqi shunchalik oshganki, bundan balandi bo‘lmasa kerak.  Hamma yana «Omin» degandek bir ovozdan «To‘g‘ri!» deb ma’qullashdi.
Kimdir uy-joy to‘lovlarining balandligidan nolisa, boshqasi — kerakli narsani topib bo‘lmasaligidan nolirdi, yana biri esa alam bilan hali yashasa bo‘ladigan uylarni buzishayotganidan shikoyat qilardi. To‘g‘risi, u yerda bo‘lgan gaplarning barchasini sizga yetkazishdan o‘zimni tiyib turibman. Ular shunchalik asabiylashgan ediki, uzoq ish kunidan charchab uyiga qaytayotganga odamga emas balki qimmatchilikka qarshi norozilik namoyishiga chiqqan kishilarga o‘xshardilar. Vaqti-vaqti bilan ovozlarini yanada ko‘tarishar va xuddi nutq so‘zlashga chiqqan notiqqa o‘xshab gapirishardi.
Men esa ichimda: «Qo‘yinglar, vatandoshlar bunchalik qizishmanglar. Albatta, asabiylashishga ba’zi asaoslar bor, lekin hammasi siz aytganchalik emas. Qolaversa, suhbatlaringiz juda chuqurlashib ketdi. Bu turushda boshingizga balo orttirib olasiz-ku» deb o‘ylardim. Bu gaplarni ovoz chiqarib aytmoqchi ham bo‘ldim, biroq qo‘rqqanimdan ovozim chiqmay qoldi. Tutaqib turgan odamlarga yaxshisi aql o‘rgatmagan ma’qul. Dabdalangni chiqarishlari hech gap emas.  Shuning uchun gapimni ichimga yutishga qaror qildim.
Tramvay Yog‘urtchu bekatidan o‘tganda tovushlar  pasayib, g‘alayon biroz bosilgandek bo‘ldi. Menga o‘xshab yo‘l bo‘yi miq etmay kelgan charm kurtkali, muylov chiday olmay baqirib yubordi:
— Kim aytdi bizda kerakli narsalarni topib bo‘lmaydi deb?! Xudoga shukur, bizda hamma narsa bor!
Bunday qaltis gap tashlagan odamga cho‘chib qaradim. Axir janjal bo‘lib ketishi mumkin. Salondagi yetti kishi birvarakayiga tashlanib qolsa bormi. Hammaga bir-bir qarab chiqdim. Ular esa charm kurtkalikka qarab qotib qolishgandi. Oraga sukunat tushdi. Yettovlon avvaliga charm kurtkali nima deganini tushunolmay qolishdi. Hazillashayaptimi yoki jiddiy gapiryaptimi?
— Topvolganlaring: «Yo‘q, yo‘q», — davom etdi charm kurtka. — Qani, nima yo‘q? Agar yaxshilab qidirsa, Xudoga shukur, bizda hamma narsa bor!
Hammaning og‘zini ochib qoldi. Birinchi bo‘lib tuxumli savat egasi o‘ziga keldi:
— Xudoga shukur, albatta, hamma narsa topiladi!
Qolganlar xuddi «Omin» degandek bir ovozdan takrorlashdi:
— Xudoga shukur!
— Qimmatchilik ham haminqadar. Ja, unchalik toqat qilib bo‘lmas darajada emas. Chidasa bo‘ladi, Xudoga shukur! — dedi mo‘ylov.
Shu paytgacha qimmatchilikdan shikoyat qilib turgan odam o‘lganni kunidan g‘uldiradi:
— ¤ylashimcha, shu qimmatchilikni ham o‘zimiz tug‘diramiz, tinmasdan: qimmatchilik, qimmatchilik, deb baqirganimizdan keyin nima bo‘lsin?
— Ha! ha! Tinmay «Yo‘q, yo‘q» deyaverib, borini ham quritdik. Aslida bizda hamma narsa bor, Xudoga shukur!
— Xudoga shukur!
— Xudoga shukur!
— Kelinglar,sizlarga birma-bir sanab beray, — dedi charm kurtka, — o‘zlaring ishonch hosil qilishlaring uchun. Men haydovchiman. ¤n olti yil ilgari men yuz yigirma besh lira uchun ishlardim. ¤shanda shakarning kilosi o‘ttiz kurush edi. Hozir shakar ikki lira turadi. Lekin mening oylik maoshim ham endi olti yuz lira. Nima o‘zgardi? To‘g‘ri, shakar oshgan, lekin mening maoshim ham oshganmi?!
— Oshgan, oshgan, Xudoga shukur! — jo‘r bo‘lib javob berishdi yettovlon.
Ulardan biri qo‘shimcha qildi:
— Haq gap, hozir pul ko‘p. Xudoga shukur, pulimiz yetarli!
— Xudoga shukur!
— Hozir mardikor ham bir kunda o‘n besh lirani pul hisoblamaydi.
— Hisoblamaydi, Xudoga shukur!
Mo‘ynasi to‘kilgan shapkali chol dedi:
— Hammasiga o‘zimiz aybdormiz. Kimdir  «Choy yo‘q» deb gap tarqatgan bo‘lsa, hamma choyni qoplab olishga yuguradi. Keyin o‘tirishadi hech qaerda choy yo‘q deb! Hammasini g‘amlab qo‘ygandan keyin, albatta, bo‘lmaydi-da! Xudoga shukurki, hamma narsa bor!
— Xudoga shukur, mo‘l-ko‘lchilik!
Yo‘lovchilardan biri tinimsiz «Xudoga shukur!» deb takrorlagancha Fenerpol bekatida tushib qoldi.
Charm kurtkali yana gap tashladi:
— To‘g‘ri, hozir mamlakatimizda milliy  sanoatni rivojlantirishga diqqat qaratilgan, shu sabab hozir faqat chetga mahsulot sotyapmiz, u yerdan hech narsa sotib olmayapmiz. Shuning uchun ham ba’zi narsalar taqchil, topilishi qiyin.
Tinmay «Xudoga shukur!» deganlarning biri shoshib:
—Topilishi qiyin Xudoga shukur! — dedi.
Keyin xatosini birdan tushunib, gapini to‘g‘riladi:
— Ha, ha, rivojlanish, faqat ba’zi narsalarnigina topish qiyin. Vaqti bilan ular ham ko‘payib qoladi,
— Xudoga shukur!
— Xudoga shukur! — tinchimadi charm kurtka. — Istambul Istambul bo‘lgandan buyon bunaqa rivojlanishni, bunaqa qurilishni ko‘rmagan.
— Ko‘rmagan, Xudoga shukur. Endi ko‘rayapti. Butun boshli kvartallar ko‘rilyapti, Xudoga shukur. Fotih sulton davridan buyon bunaqasi bo‘lmagan.
— Hamma joyni buzishyapti, qulatishyapti Xudoga shukur!
— Astoydil vayron qilishyapti! Yo‘g‘-ey, haligi… qayta qurishyapti, yo‘llar solishyapti!
Shu tariqa tinmay shukrona aytib Jaddebo‘stonga yetib keldik. Tramvayning orqa qismidagi odamlar birma-bir tushib ketishdi. Salonda faqat men va charm kurtkali qoldik.
To‘satdan u meni savolga tutdi:
— Siz nima deb o‘ylaysiz? Shu paytgacha bir og‘iz ham gapirmadingiz?
Men yelka qisib, qo‘llarimni ikki tomonga yoyib: «Bilmadim, men nima ham derdim?» degandek imo qildim. Men bahsni boshlaganlardek umidsiz pessimit ham, tinmay shukrona aytadigan optimist ham emas edim.
Indamaganimni ko‘rib charm kurtkali yana so‘radi:
— Xo‘sh, siz qanday fikrdasiz?
Agar tramvay tez yurmaganida edi, sakrab tushib qolardim. Bu odam menga yopishib oldi. Men yana yelkani qisib, labimni burdim.
Charm kurtkalining jahli chiqdimi:
— Shunaqa tuban odamlar ham bor-da!— dedi
— Qanaqa? — so‘radim men.
— Hadeb «Xudoga shukur» deganlarni aytaman-da
— Ha-a!
— Hozir hammasi ichida meni so‘kib ketayotgandir. Tilida «Xudoga shukur» degani bilan ichida boshqacha o‘ylaydi ular. Bundaylarga nima desang ham gapingni ma’kullayveradi. Bor bo‘lsang ko‘rolmaydi, yo‘k bo‘lsa berolmaydiganlar bular.
Tramvay Erenkuyga yaqinlashdi.
— Xo‘sh siz nima deysiz bizda rostdan ham qimmatchilikmi?
Bu savol meni qiyin holga solib qo‘ydi. Chunki bu charm kurtka mendan qanday javob kutayotganini harchand diqqat qilsam-da anglay olmagandim.
— Zarur narsani topsa bo‘ladimi? Narx-navo oshib ketganmi?
— Xudoga shukur, — javob berdim men.
 Tramvay to‘xtadi. Men esa bir sakrab tushib oldim va  «Xudoga shukur» charm kurtkali kishidan qutildim deb o‘yladim.
 
Dilfuza Sobirova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.