OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dino Butssati. Ikki haydovchi (hikoya)

Oradan ko‘p yillar o‘tdi. Men hamon onamning jasadini uzoqdagi qabristonga olib ketayotgan qora furgonning ikki haydovchisi nima haqda gaplashib ketganlarini hamon o‘z-o‘zimdan so‘rayman.
Yo‘l uzoq bo‘lib, uch yuz kilometrdan ortiq masofani tashkil qilardi. Garchi avtomashinalar qatnaydigan yo‘l uncha tirband bo‘lmasa-da, furgon imillab borardi. Biz farzandlar furgondan yuz metrdan orqada kelayotgan mashinada ketib borardik; mashina spidometri strelkasi 60 bilan 70 o‘rtasida chayqalib turardi. Bu furgon mashinasi tez yurishga moslashmaganligidan bo‘lsa kerak. Men qoidaga ko‘ra shundoq bo‘lsa kerak, degan xayolga bordim. Katta tezlikda yurib marhumni oxirgi manziliga olib borish – bu unga nisbatan behurmatlik bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Ont ichib aytishim mumkinki, onam tirik bo‘lganida bormi, soatiga 120 kilometr tezlikda yurish unga juda yoqqan bo‘lardi: harholda onajonim buni uyimiz joylashgan Bellunoga doimiy yozgi sayohat deb tasavvur etgan bo‘larmidi.
Iyun oyining birinchi kuni; havo ajoyib, yon-atrofda gulga burkangan o‘tloqzor yastanib yotardi; onajonim bu yerlardan tabiatga maftun bo‘lib necha marotabalab o‘tmagandi, deysiz. Afsuslar bo‘lsinki, onajonim shu on bularni ko‘rib bahra ololmasdilar. Jazirama quyosh tik ko‘tarilgan. Ro‘parada sarob paydo bo‘lganligi sababli, oldinda ketayotgan mashinalar go‘yo havoda parvoz qilayotgandek ko‘rinardi kishi ko‘ziga.
Furgon spidometrininng strelkasi hamon 60 bilan 70 oralig‘ida borib-kelardi; furgon mashinasi nazarimda go‘yo oldimizda bir joyda turib qolgandek edi. Yonimizdan esa bizga aloqasi yo‘q mashinalar emin-erkin g‘izillab o‘tib borardi. Usti ochiq sport mashinalarida erkak va ayollar, ba’zan sho‘x qizlar yosh yigitlarning yonida sochlarini shamolda hilpiratgancha ketib borardilar. Marhumni olib ketayotgan furgon mashinasi imillab yurayotgani sababli hatto tirkamali og‘ir yuk mashinalari ham bizdan o‘zib ketayotgan edilar; fikri ojizimcha, onajonimni yarqiragan qizil poyga mashinasiga solib uchirib borsak, ularning ruhi shod bo‘lgan bo‘lur edi. Onam shunday bo‘lishini chin yurakdan istardi, chunki u bu dunyodan ketaturib, bir oz bo‘lsa-da, hayot zavqidan bahramand bo‘lgan bo‘larmidi...
Shuning uchun ham bu ikki haydovchi nima haqda suhbatlashayaptilar, deb o‘z-o‘zimdan so‘rayman; ulardan biri baland bo‘yli, bo‘yi bir metru sakson besh santimetr chamasida, miqtidan kelgan bu odamning istarasi issiq edi. Ikkinchi haydovchi ham baquvvat, sog‘lom, gavdali yigit edi; men bu ikki haydovchini yo‘lga tushish oldidan ko‘rgandim: ularning tashqi ko‘rinishi bajarayotgan ishlariga sira monand emasdi; ularga ko‘proq temir-tersak ortilgan mashina haydovchisi bo‘lish yarashardi.
Qiziq, ular hozir nima haqda gaplashayotgan ekanlar-a, chunki ularning gapini marhum onam eshitib ketayotgan bo‘lishi tayin, chunki marhum janoza o‘qilmaguncha tiriklarning gapini eshitadi deyishadi-ku... Yomon gap gapirishmayotgan bo‘lsalar kerak. Yo‘l uzoq, kishini zeriktiruvchi yo‘lda nima haqdadir gaplashib ketishlari kerak-ku, axir; ularning shundoqqina ortida, bor-yo‘g‘i o‘n santimetr narida onajonimning jasadi yotibdi, o‘z-o‘zidan ma’lum haydovchilarga buning hech qanday ahamiyati yo‘qdek. Inson har qanday kasbga tez ko‘nikar ekan.
Onajonim eshitishi mumkin bo‘lgan so‘nggi so‘z, bu ikki haydovchining suhbatlari edi; axir biz manzilga yetib borishimiz bilan ibodatxonada janoza o‘qish boshlanadi va shu ondan boshlab barcha so‘zlaru tovushlar bizning botiniy hayotimizga tegishli bo‘lmay, balki boqiy dunyoga taalluqli bo‘ladi.
Qiziq, ikki haydovchi nima haqda gaplashishdi ekan-a? Issiqlik haqidamikan? Orqaga qaytish qancha vaqtni olishi haqidamikan? Yoki o‘z oilalari to‘g‘risidamikan-a? Yo futbol komandalari haqidamikan? Yo‘lda uchragan dam olish joylarini bir-birlariga ko‘rsatib, ular oldida to‘xtay olmasliklari haqidamikan? Qarshilaridan kelayotgan mashinalar haqida bilimdonlarcha bahs yuritdilarmikan? Axir dafn furgonlarining haydovchilari ham avtomobilchilar hisoblanadilar-ku, mashina motorlari ularni ham juda qiziqtiradi. Yoki bir-birlariga ishqiy sarguzashtlari haqida so‘zlab berayotganmikanlar? “Biz doim mashinaga benzin quyib oluvchi shaxobcha yonidagi qahvaxonada ishlaydigan mallasoch esingdami? Ha, ha o‘shani...”, – “nima, seni gapingga juda ishondim-da!”, “Shu yerda til tortmay o‘lay!..” Balki ular bir-birlariga beparda latifalarni aytib ketishgandir?
Uzoq yo‘l davomida o‘zlaridan boshqa hech kim bo‘lmagan mashinada yo‘lda zerikmaslik uchun yana nimalar haqida gaplashgan bo‘lishlari mumkin? Albatta, ular yolg‘iz edilar, orqalarida furgon ichida nima borligini bu ikki haydovchi hech xayollariga keltirmaganlar ham, umuman, murdani unutib yuborganlar. Onajonim ularning hayosiz latifalarini, kulgilarini eshitganmikanlar? Albatta eshitganlar, ha, yuraklari orqaga tortib ketgan bo‘lsa kerak, ehtimol: bu erkaklardan u nafratlanmagan, lekin u sevib yashagan bu dunyodagi so‘nggi ovozlar mana shunday tuturiqsiz bo‘lishi adolatdan emas-da!
Biz deyarli Vichentsaga yetib qolgandik; qoq choshgoh paytdagi issiqdan narsalar erib, kishi ko‘ziga xiralashib, xuddi titrayotgandek ko‘rinardi. Shu tobda onajonimning yonida juda kam bo‘lganimni o‘ylab qoldim. Qalbimda qandaydir og‘riqni his eta boshladim, buni odatda vijdon azobi deydilar.
O‘sha daqiqadan boshlab iztirobli xotiralar miyamga nega quyilib kelayotganini sira tushunolmasdim, uning ovozi tez-tez takrorlanardi. Tahririyatga ketish oldidan ertalab onajonimning xonasiga kirganimda menga aytadigan gaplarining aks-sadosi meni ta’qib eta boshladi: “Oyijon, ahvolingiz yaxshimi?”. “Bugun yaxshi uxladim. Dori ta’sirida”. “Tahririyatga ketyapman”. “Mayli, bolam xayr! Yaxshi borib kel!”
Men yo‘lakka chiqishim hamono shunday so‘zlar qulog‘im ostida yangrardi: “Dino!” chaqirardi onam. Men asta ortimga qaytardim. “Tushlikka kelasanmi?” – “Ha”, deya javob qaytarardim. “Kechki ovqatga-chi?”
“Kechki ovqatga-chi?” Eh, tavbangdan ketay Xudoyim, onajonimning bu savoli qanchalar erkalash va mehrga to‘la soddadillik bilan aytilgan beg‘ubor so‘zlar edi-ya! U talab ham qilmasdi, buyruq ohangida ham gapirmasdi, balki shunchaki mehr bilan erkalab so‘rardi, xolos.
Shu tobda aslida menga balanddan qarovchi qizlar bilan belgilangan uchrashuvlar yodimga tushardi. Soat sakkiz yarim bo‘lganda kasalvand, bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan onam yashayotgan qorong‘u kulbaga qaytib kelish haqidagi fikr menda nafrat uyg‘otardi; nega endi shu damda onamning gapiga quloq solmagan mendek badbaxt o‘g‘il, dahshatli fikrlarga borganligimni tan olishga qo‘rqaman, aslida shunday bo‘lgan edi-ku! “Bilmayman!” – deya javob qilardim men. – “Qo‘ng‘iroq qilaman!” Uyga kelmasligimni aytish uchun qo‘ng‘iroq qilishimni avvaldan bilardi. Onajonim darhol fahmlardi: qo‘ng‘iroq qilib kelmasligimni darhol tushunardi. Bechora onajonimning “mayli” degan so‘zida mendan ranjigani sezilib turardi. Bunchalar xudbin bo‘lmasam!..
O‘sha paytlar uyalmaganman ham, vijdonim qiynalmagan ham. Qo‘ng‘iroq qilaman, der edim. Onajonim esa kechki ovqatga kelmasligimni yaxshi bilardi.
Qari, kasalmand, quvvatdan qolgan, umri tugab borayotganini sezgan onam, hoynahoy, o‘g‘li kechki ovqatga uyga kelib, birga o‘tirganidan boshi osmonga yetgan bo‘lur edi. Unga bir og‘iz gapirmasam ham, yonida indamay ishimdan jig‘ibiyron bo‘lib o‘tirsam ham ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilardi. O‘z xonasida yotar ekan – ko‘pdan buyon o‘rnidan turmasdi – u men shu yaqin o‘rtada; oshxonada ekanligimni bilganining o‘ziyoq, suyanchig‘i yonida ekanligini his etgan bo‘lardi.
Yo‘q, men volidamning yonida bo‘lolmadim, tentak, ablah, mendek o‘g‘il oshna-og‘aynilarim bilan Milan ko‘chalari bo‘ylab tentirab yurardim va ko‘ngilxushlik qilardim. Hayotimning asosiy mazmunini tashkil etuvchi, yolg‘iz suyanchig‘im, kayfiyatimni tushunadigan va meni jondan sevadigan inson, men uchun jon olib, jon berishga tayyor onajonimning kunlari tugab bormoqda edi. Men bu dunyoda yana uch yuz yil yashasam ham bunday mehribon zotni topolmayman. Ha, ishonchim komil.
Kechki ovqat paytida aytadigan ikki og‘iz so‘zim uning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarib yuborardi. Men divanda, u karavotida yotgan paytlarda o‘tgan kunim, ishim haqida so‘zlasam, go‘yo mendan bir dunyo gap olgandek his etardi o‘zini, unga shu kifoya edi. Kechki ovqatdan so‘ng to‘rt tomonim qibla, istagan joyimga borishim, istagan ishimni qilishim mumkin edi, u hatto ko‘ngil ochishga bir oz vaqt topganligimdan xursand ham bo‘lardi. Tun bo‘yi yo‘q bo‘lib ketishimdan avval, onamning xonasiga yana bir bora bosh suqardim... “O‘zingizga ukol qildingizmi?” derdim, “Ha, bugun to‘yib uxlasam kerak”, derdi onam xotirjam.
Onajonimga ko‘p emas, ozginagina e’tibor kifoya edi! Men xudbin o‘g‘il unga shuni ham ravo ko‘rganim yo‘q. Chunki xudbinligim tufayli, o‘g‘il sifatida onamni sevishimni tan olmasdim, to‘g‘rirog‘i, tan olishni istamasdim, onajonim, endi so‘nggi manzilga ketayotib ham ikki begona haydovchining bema’ni, valakisalang gaplarini, behayo latifalariyu kulgilarini eshitib ketyapti. Umrining oxirida ham Xudo uni yorlaqamadi.
Endi kech, juda kech! Buva-buvilari, otasi yoniga onasining dafn etilganiga ham hademay ikki yil bo‘ladi. Tobutlarning barcha tir-qishlari tuproq bilan to‘lgan, onda-sonda qovjirab qolgan o‘tlar ko‘zga tashlanadi. Bir necha oy avval mis guldonga solib qo‘yilgan gullar ham qurib qolgandi, ularni qanday gul ekanligini bilib ham bo‘lmasdi. Ming afsuslar bo‘lsinki, u betob bo‘lib yotgan va o‘lishini sezgan vaqtni orqaga qaytarib bo‘lmas ekan. Onajonim sukutda, menga ta’na qilayotgani yo‘q, hoynahoy, meni kechirgandir, axir men uning yakkayu yagona o‘g‘liman-ku! Ha, kechirgan bo‘lsa kerak. Bu haqda o‘ylasam vijdonim qiynaladi.
Qabrga qo‘yilgan toshga qalbdagi iztiroblar bitilgan edi. U yozuvlarni yo‘qotish uchun umr ham yetmaydi. Oradan milliard asrlar o‘tar, ammo mening aybim bilan onajonim chekkan iztiroblar va yolg‘izlik aslo ko‘nglimdan o‘chmagay. Qalbimga bu azobdan qutulolmasam kerak, bunga ojizman. Ko‘nglimni taskin beruvchi bir narsa qolgandi: u ham bo‘lsa uning ruhi meni ko‘rib turibdi, tavba qilsam bo‘ladi, degan yupanch edi, xolos.
Lekin endi u meni ko‘rmaydi. Onajonim bu dunyoda yo‘q, u o‘lgan. Yillar mobaynida chirib borayotgan murdadan boshqa hech narsa yo‘q.
Hech narsa? Ha, hech narsa qolmadi. Nahotki, onajonimdan hech narsa qolmagan bo‘lsa?
Kim biladi? Vaqti-vaqti bilan, ayniqsa, choshgoh paytlarda yolg‘iz o‘tirganimda meni g‘alati bir tuyg‘u chulg‘ab oladi. Go‘yo ichimga qandaydir tushunarsiz mavjudot kirib olganday bo‘ladi. Shundan so‘ng o‘zimni yolg‘iz his etmayman, har bir harakatim va har bir so‘zim ichimga qandaydir sirli ruh kirib olganini tasdiqlaganday bo‘ladi. U – Onajonim! Ammo bu sirli holat uzoqqa bormay, bor-yo‘g‘i bir yarim soatlar davom etadi. So‘ngra yana kun bo‘yi hayotning og‘ir tegirmon toshi meni ezishda davom etaveradi.

Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.