OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dino Butssati. Ishqiy maktub (hikoya)

Firma xo‘jayini bo‘lmish Enriko Rokko xizmat xonasiga biqinib o‘tirardi. U sevib qolgan edi. Iztiroblardan qutulish maqsadida u ko‘nglini ochib, muhabbatini izhor etmoqchi bo‘ldi. Yo‘q, u o‘z g‘ururi va uyatchanligini bir yoqqa surib, muhabbatini qizga maktub or-qali yo‘llaydi.
“Hurmatli sevgilim, – deb xat boshladi Enriko va dastlabki so‘zlarni tez orada U o‘qishini o‘ylashi bilanoq yuragi dukillab urib ketdi. – Suyukli Ornella, jonu jahonim mening, ko‘zimning oqu qorasi, qalbimda lovillab yonib turgan shamchirog‘im, tunda nur taratib turguvchi oyjamolim, sevinchim, gulg‘uncham, mening muhabbatim...”
Xonaga kotib Ermete kirib keldi.
– Kechirasiz, janob Rokko, sizni qabulxonada kutishyapti.. – deya kotib tashrif qog‘oziga ko‘z yugurtirdi. – Uning familiyasi Man-fredini ekan.
– Manfredini? Birinchi marta eshitishim.
– Janob Rokko, u tikuvchiga o‘xshaydi. O‘lchov olgani kelgan ekan...
– E-ha... Manfredini. Ha, esimga tushdi. Unga ayt, ertaga kelsin.
– Yaxshi, aytaman. Aytishicha, uni o‘zingiz bugunga chaqirtirgan ekansiz.
Enriko og‘ir nafas olgach:
– Mayli, ayt, kirsin. Ogohlantirib qo‘y, vaqtim oz, – dedi.
Xonaga deyarli tayyor bo‘lib qolgan kostyumni ko‘tarib, tikuvchi Manfredini kirib keldi. Rokko bir daqiqaga kostyumni kiydi, tikuvchi esa tezda o‘z ishini bajarib, bo‘r bilan kerakli belgilarni chizib oldi.
 — Kechiring, o‘ta zarur ishim bor, vaqtim ziq. Xayr, Manfredini.
Enriko Rokko yengil nafas olib, borib joyiga o‘tirdi-da, ish-qiy xat yozishda davom etdi.
“Farishtam, nozik niholim, sen hozir qaerdasan? Nimalar qilyapsan? Senga bo‘lgan muhabbatim shunchalar kuchliki, u seni har yoqdan, hatto shaharning narigi chekkasidan, yetti dengiz osha ham seni topib oladi”.
“Qiziq”, o‘yladi Enriko ruchkani qog‘oz uzra tez yurgizar ekan, “bu juda g‘alati-ku, o‘ttizni urib qo‘ygan kap-katta odam bo‘lsam, obro‘li-e’tiborli kishi shu gaplarni yozib o‘tirsam-a, bu aqldan ozish bo‘lsa kerak”.
Kutilmaganda yonidagi telefon jiringlab qoldi. Enrikoning kuragiga go‘yo arraning tishlari botgandek tuyuldi. Entikib tupugini yutgancha telefon go‘shagini ko‘tardi.
– Eshitaman.
– Salom! – notanish qizning nazokatli ovozi eshitildi.
– Bunchalar ovozing qo‘pol-a. To‘g‘risini ayt. Men bevaqt telefon qildimmi, deyman?
– Gapirayotgan kim? – so‘radi Enriko.
– Tavba, bugun kayfiyating yo‘qqa o‘xshaydi. Gapimga quloq sol... telefonda gaplashayotgan kim deysanmi?
– Shoshilma, hozir men... – u telefon go‘shagini “tars” etib jo-yiga qo‘ydi-da, qo‘liga ruchkasini oldi.
“Sevgilim! – deya yoza boshladi u. – Ko‘chani tuman bosgan. Yer loy, chor atrofdan benzin va kuyindi hidi anqib turibdi, menga ishon, azizam! Shu tumanga ham havasim kelyapti, bilsang agar men tuman bilan o‘rin almash...”
To‘satdan telefon yana jiringlab qoldi. Enrikoning tanasida elektr toki yurib ketgandek, tipirchilab qoldi.
– Eshitaman!
– Enriko, quloq sol, – yana avvalgi ovoz eshitildi. – Men ataylab sen bilan ko‘rishish maqsadida kelsam-u, sen bo‘lsang...
Enriko zarb yegan odamdek chayqaldi.
Telefon qilayotgan qiz qaddi-qomati kelishgan xolavachchasi Franka edi. Yaqindan beri u Enrikoga noz-ishvalar qilayotgandi, ammo yigit nima maqsadda bunday qilayotganini bilmasdi. Ayollarning barchasi ushalmaydigan romantik muhabbatni orzu qiladilar. O‘z-o‘zidan ma’lumki, u bilan suhbatlashmay qishlog‘iga qaytarib yuborish odamgarchilikdan emas. Ammo Enriko o‘z qarorida qat’iy turishga ahd qildi. Nima bo‘lganda ham u maktubni oxiriga yetkazib qo‘yishi shart.
Enriko maktubdan boshini ko‘tarmay, sevgilisining hayotiga kirib bormoqda edi. Balki mahbubasi maktubni oxirigacha o‘qir, jilmayib ham qo‘yar, so‘ngra uni sumkasiga solar va ishq-muhabbat izhorlariga to‘la ushbu qog‘oz ifor islari anqib turgan – lab bo‘yog‘i, atir-upasi, gul tikilgan ro‘molchasi va ishqqa boy uchrashuvlarni esga solguvchi anjomlar bilan yonma-yon turar... Mana, qarabsizki, endi Franka bularning barchasini barbod etishi turgan gap.
– Enriko, xohlasang ish joyingga boraman, – so‘zlarini cho‘zib talaffuz qilgancha dedi Franka.
– Yo‘q, yo‘q, kechirasan, men juda bandman.
– Kechirim so‘rashning hojati yo‘q. Men bilan uchrashishni xohlamasang, gaplashmadik deb hisoblayver.
– Ey, xudoyim-ey, darrov arazlaysan-a! Ishon, ishim boshimdan oshib yotibdi. Oldimga kelaver, faqat kechroq.
– Qachon?
– Xo‘sh, ikki soatlardan keyin.
Enriko telefon go‘shagini qo‘yarkan, Franka ko‘p vaqtini olgandek tuyuldi. Maktubni soat birgacha jo‘natib yuborishi kerak, aks holda, Ornella uni faqat ertasi kuni olishi mumkin. Ha-ya, uni tezkor buyurtma bilan jo‘natishi ham mumkin-ku.
“O‘rin almashsam, – davom etardi u, – bilaman, bu tuman uyingning atrofini o‘rab olayotgandir, yotog‘ingga ham kirib borayotgandir, uning ko‘zi bo‘lsa (kim biladi, balki uning ko‘zi ham bordir), u deraza orqali seni tomosha qilishi mumkinligini ko‘z oldimga keltiryapman. Sening huzuringga kirishi uchun nahotki biron-bir teshik yoki yoriq topa olmasa. Shabadaning yengil epkini sening yuzing-ni erkalab siypaydi. Axir tumanga ko‘p narsa kerak emas va mening muhab..”
Eshik bo‘sag‘asida kotib Ermete paydo bo‘ldi.
– Kechirasiz!
– Aytdim-ku, bandman deb! Hech kimni qabul qila olmayman. Ularga ayt, kechroq kelsinlar.
– Lekin...
– Yana nima demoqchisan?
– Pastda mashinada sizni kommendator Invernitstsi kutmoqda.
Qurib ketsin, u ana shu Invernitstsi bilan yaqinda o‘t tushgan omborxonaga borib, ekspertlar bilan uchrashishi kerak edi. Jin ursin, u yoqqa borishi tamoman esidan chiqibdi-ku! Yo‘q, taqdir undan o‘ch olyapti! Hozir u do‘zax azobini tortmoqda. O‘zini kasallikka solsa-chi? Yo‘q, bu mumkin emas. Sevgilisiga tugallanmagan maktubni yuborsinmi? U hali mahbubasiga qanchadan-qancha dil rozlarini bayon etishi kerak.U biroz ikkilanib turgach, yozuv stoli tortmasiga maktubni soldi va paltosini oldi-yu, pastga qarab yugurib ketdi. Chorasi bitta, tezroq ishni bitirsa, maktubni davom ettirishi mumkin. Xudo o‘nglasa, yarim soatdan so‘ng u qaytib kelishi tayin.
Enriko yigirmatakam birda qaytib keldi, uzoqdan qabulxonasida to‘rt kishi kutib o‘tirganini ko‘rdi. U og‘ir xo‘rsinib, xonasiga kirdi-da, stol tortmasini endi tortgan edi hamki, xat joyida ko‘rinmadi. Yuragi qattiq urib ketganidan, nafas ololmay qoldi. Nahotki, kimdir uning yozuv stolini titgan bo‘lsa! Balki yanglishayotgandir!
Xudoga shukur! U maktub solgan tortmani yanglishtirib yuborgan ekan. Biroq maktubni soat birgacha jo‘natishning sira iloji yo‘q. Hechqisi yo‘q, agar maktubni tezkor buyurtma bilan jo‘natsa, (hatto shunday mayda-chuyda masalalar bo‘yicha ham u dam umidvor bo‘lib, dam umidsizlikka tushib, o‘z qarorini o‘zgartirib turardi) Ornella maktubni kechqurun qo‘liga oladi. Yo‘q, yaxshisi, maktubni Ermete orqali yuborgani ma’qulmikan. Yo‘q, yo‘q, kotibni bunday nozik ishga aralashtirmagani ma’qul. Maktubni o‘z qo‘li bilan yetkazadi.
“batim uchun uzoq masofalarni bosib o‘tish hech gap emas. Xat...”
Jiring-jiring! Yana telefon jiringlab qoldi. Enriko ruchkani qo‘ymay turib, chap qo‘li bilan go‘shakni ko‘tardi.
– Allo!
– Siz bilan janobi oliylarining kotibi Takki so‘zlashmoqda.
– Eshitaman.
– Men tros masalasida gaplashmoqchiman.
Oshiq Rokko o‘zini go‘yo stolga mixlangandek his etdi. Gap katta kelishuv haqida borardi, uning natijasiga ko‘p narsa bog‘liq. Troslar yetkazib berish borasidagi so‘zlashuv yigirma daqiqa vaqtini oldi. Xat yozishda davom etdi.
“...to Xitoy devori ustidan ham uchib o‘tishi mumkin. O...”
Eshik ostonasida yana kotib paydo bo‘ldi. Enriko g‘azab bilan unga so‘z qotdi:
– Men hech kimni qabul qilmayman, tushundingmi?!
– Lekin, moliya...
– Hech kimni qabul qilmayman, hech kimni! – dedi Enriko jahl bilan.
– Lekin moliya nazoratchisining aytishicha, siz u bilan uchrashuv belgilagan ekansiz.
Bechora Enriko Rokko holdan toyayotganini his eta boshladi. Moliya nazoratchisini qaytarib yuborish bu nodonlikdan o‘zga ish emas. Erishgan ishiga putur yetkazish, haqiqiy o‘zini barbod etish demakdir. Shu sababli ham u nazoratchini qabul qildi.
Hozir soat yigirma besh daqiqasi kam ikki. Qabulxonada bir soatdan beri xolavachchasi Franka kutib o‘tiribdi. Undan tashqari Jenevadan ataylab kelgan muhandis Shtolts ham bor. Yana advokat Messumechi elektrsizlantirgich asboblar sotilishi xususida gaplashish uchun kelgandi. Va nihoyat, har kuni kelib uni muolaja qiladigan tibbiy hamshira ham intizor bo‘lib kutib o‘tirardi.
“... Jonginam Ornella!” – deya maktubni davom ettirdi u umidsizlikka tushib.
Yana telefon jiringlasa bo‘ladimi.
– Siz bilan savdo vazirligidan kommendant Statsi gaplashyapti...
Dabdurustdan boshqa telefon qattiq jiringladi.
– Siz bilan konsortsiumlar konfederatsiyasi kotibi so‘zlashmoqda...
“... Go‘zallikda tengsiz sohibjamol Ornellam! Men seni bilishingni istar...”
Kotib Ermete eshik bo‘sag‘asida turib, vitseprefekt doktor Bil kelganini xabar qildi.
“...dimki, jondan ortiq seva...”
Telefon jiringlay boshladi.
– Bosh shtab boshlig‘i gapiryapti...
Yana qator turgan telefonlardan biri jiringlab qoldi.
– Yepiskop hazrati oliylarining shaxsiy kotiblari gapirmoqda...
“...man seni!” – holdan toygan holda yozdi Enriko.
Jiring-jiring! Telefonlar ketma-ket jiringlardi.
– Kassatsion sud boshlig‘i so‘zlayapti...
– Allo! Allo!
– Oliy kengash a’zosi senator Kormorano gapiryapti.
– Eshitaman!
– Siz bilan imperator Hazrati Oliylarining ad’yutanti gaplashyapti...
– Eshitaman! Eshitaman! Ha, rahmat Hazrati Oliylari, sizdan juda minnatdorman!.. Albatta, general janoblari, hoziroq chorasini ko‘raman.
– Allo! Allo! Albatta, ad’yutant janoblari. Hazrati Oliylariga nihoyatda sadoqatli ekanligimni aytib qo‘ying.
Enriko qo‘lidagi ruchkani stolga otib yubordi. Ruchka dumalab stol chetidan pastga tushdi, perosi singancha o‘sha yerda qolib ketdi...
– Marhamat, o‘tiring. Kiring, kiravering. Yo‘q, yaxshisi, oromkursiga o‘tira qoling, joylashib o‘tirasiz. Qayday yoqimli, kutilmagan uchrashuv-a!.. Men nima deyishimni ham bilmay qoldim... O, rahmat! Qahvami yoki sigaretami?
Bu holat qancha davom etishi mumkin? Soatlar, kunlar, oylar, yillar davomidami?
Kech oqshomda Enriko nihoyat yolg‘iz qoldi. U ketishidan avval bayonnomalarni tartibga solmoqchi bo‘ldi. Bir uyum turli xil hujjatlar orasidan bir varaq qo‘lda yozilgan va sanasi qo‘yilmagan maktubni ko‘rib qoldi. O‘z dastxatini tanidi. Qiziqib maktubni boshidan-oxirigacha o‘qib chiqdi.
“Qanday bema’nilik, qanday tentaklik! Buni qachon yozgan ekanman-a!” – deya o‘z-o‘zini so‘roqqa tutib, uyalib ketdi. O‘zidan ranjib, siyrak sochlarini silab qo‘ydi. – “Bo‘lmag‘ur gaplarni qachon yozgan ekanman? Ornella kim bo‘ldi ekan?”

Rus tilidan Nazira Jo‘rayeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 6-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.