Bir kuni ertalab behalovat uyqudan uyg‘ongan Gregor Zamza o‘zining bahaybat hasharotga aylanib qolganini ko‘rdi. U chalqancha yotar, yelkasini sovutday suyak qoplagan edi. Boshini ko‘targan edi, qornida paydo bo‘lgan suyaksimon tangachalarga ko‘zi tushdi. Ko‘rpa do‘ppaygan jigarrang qornidan sirg‘alib yerga tushay-tushay deb turardi. Tanasiga nisbatan ayanchli darajada kichik oyoqlari ko‘z oldida tinmay pitirlardi.
— «Menga nima bo‘ldi o‘zi?», — deb o‘yladi u. Axir, bu tush emas-ku. O‘sha qadrdon xona. Tor bo‘lsa ham odam yashaydigan xona, o‘sha to‘rt devor. Stolda har xil gazmollardan qirqib olingan namunalar sochilib yotar edi. (Gregor Zamza kommivoyajer edi). Stolning tepasida tilla suvi yuritilgan romda yaqindagina o‘zi jurnaldan qirqib olgan portret osilib turardi. Unda mo‘yna shlyapa bilan gorjetka kiygan qaddi ravon xonim o‘tirar va qirqma yengga tiqilgan qo‘lini cho‘zib turardi.
Gregor tashqariga qaradi. Tund havo, deraza tokchasidagi tunukaga urilayotgan yomg‘ir tomchilari kayfiyatini battar tushirib yubordi. «Yana jinday uxlasam yaxshi bo‘lardi. Har xil bema’ni narsalarni unutish kerak», deb o‘yladi u. Ammo endi uxlash oson emas edi. U doim o‘ng yonboshini bosib yotishga ko‘nikkan, ammo hozirgi ahvolda yonboshga o‘girilish amrimahol edi. Gregor qancha urinmasin, yana chalqanchasiga ag‘darilib tushaverdi. Tinimsiz tipirchilayotgan oyoqchalarini ko‘rmaslik uchun ko‘zini yumib, yonboshiga yotmoq uchun yana bir urinib ko‘rdi. Butun kuchini to‘plab, harakat qildi — bo‘lmadi. Nihoyat, o‘ng biqinida o‘ziga notanish bir og‘riqni, so‘niq simillayotgan og‘riqni sezdi-yu, harakatdan to‘xtadi.
— «Oh, parvardigor! — deb o‘yladi u, — nega bu dahzama kasbni tanladim o‘zi! Har kuni chop-chop, yugur-yugur. Har kuni qaergadir jo‘nash kerak. Boradigan shaharda ish joyingdagidan ham ko‘proq tashvish, bu ham yetmaganiday, yo‘l azobiyu poezdlar jadvalini o‘ylashing kerak, doimiy och-nahorlikka chidamog‘ing lozim. Yana har xil notanish odamlar bilan nosamimiy suhbatlashishga, bitimlar tuzishga majburligingni aytmaysanmi! Jin ursin hammasini!» Gregorning birdan qorni qichisha boshladi. Boshini ko‘tarish o‘ng‘ay bo‘lishi uchun yotgan joyida karavot panjarasi tomon siljidi, qichiyotgan joyni topib, oyoqlarining biri bilan qashlamoqchi edi, ammo shu zahotiyoq oyog‘ini tortib oldi, chunki badaniga sal tegilsa, Gregor bezgak tutganday qaltiray boshlardi.
U yana avvalgi holatiga tushib yotdi. «Har kuni saharlab turaversang jinni bo‘lib qolish hech gap emas, — deb o‘yladi u, — odam to‘yib uxlashi kerak. Boshqa gumashtalar kanizaklarga o‘xshab yashaydi. Masalan, men buyurtmalarni ko‘chirib yozish uchun mehmonxonaga qaytganimda, bu janoblar endigina nonushtaga o‘tirgan bo‘ladi. Men ham ularga taqlid qilguday bo‘lsam, xo‘jayin shu kuniyoq ishdan haydaydi. Kim biladi, balki bu men uchun yaxshi bo‘larmidi. Agar ota-onamni o‘ylab, o‘zimni tiymaganimda, allaqachon ariza yozib ishdan bo‘shardim-da, xo‘jayinning yoniga borib, kimligini yuziga shartta aytar edim. Ana shunda u o‘z cho‘qqisidan gursullab tushardi. Xo‘jayinning g‘alati odati
bor: idora — uning cho‘qqisi. U o‘sha cho‘qqidan turib xizmatchilar bilan muloqot qiladi. Buning ustiga qulog‘i kar, gap tushuntirmoq uchun albatta unga yaqin kelish — la’nati idoraga borish shart. Har qalay, noumid shayton: xo‘jayindan ota-onamning qarzini uzaman-da, bunga besh-olti yil kerak, xolos, — aytganimni qilaman. Ana o‘shanda biz u bilan hisoblashamiz. Hozircha bu haqda o‘ylamay o‘rindan turish kerak, poezd soat beshda jo‘naydi.»
U sandiq ustida chiqillayotgan soatga qaradi. «E xudo!» deb yubordi ichida Gregor: soat olti yarim edi. Yo‘q, yigirmata kam olti... Soat millari bamaylixotir yana oldinga siljimoqda edi. Nahotki, jiringlamagan bo‘lsa? U roppa-rosa to‘rtda jiringlashi kerak edi, shubhasiz jiringlagan ham. Ammo xonadagi mebelni titratib yuborishga qodir bu shovqindan uyg‘onmagani qiziq. U notinch, balki shuning uchun qattiq uxlagan. Endi nima qilish kerak? Navbatdagi poezd soat yettida jo‘naydi. Unga ulgurish lozim. Hali gazmol namunalari joylashtirilmagan, ustiga-ustak Gregorning ta’bi xira, o‘rnidan turishga hafsalasi yo‘q. U poezdga ulgurgan taqdirda ham xo‘jayindan so‘kish eshitadi: savdo uyining xodimi — soat beshda ketadigan poezdni kuzatadigan
navbatchi — Gregorning kechikkanini xo‘jayinga allaqachon yetkazgan. Bu befarosat va irodasiz odam — xo‘jayinning o‘ng qo‘li. Tobim qochib qoldi, desa-chi? Yo‘q, bu noqulay — shubha tug‘dirishi mumkin, chunki Gregor besh yil xizmat mobaynida biror marta ham kasal bo‘lgan emas. Agar tobi qochib qolsa, xo‘jayin darrov kassa bemorxonasining vrachini sudrab keladi. Ota-onasiga Gregorni ko‘rsatib, vrachning fikrini, «Dunyoda kasal odam yo‘q, lekin hamma mehnatdan qochadi», degan fikrini ro‘kach qilib, hech kimning og‘zini ochirmaydi. Axir, Gregor bugungi ahvolida o‘zicha haq-ku... Faqat shuncha uxlasa ham uyquga to‘ymaganiga hayron edi. Shunisi bo‘lmaganda, Gregor o‘zini deyarli yaxshi his qilar, hatto o‘lgudek och edi.
U yotgan joyidan turishga yuragi betlamay, shularni o‘ylar ekan, soat chorak kam yettiga zang urdi, kimdir eshikni sekin taqillatdi.
— Gregor, — (chaqirgan onasi edi), — soat chorak kam yetti bo‘ldi, jo‘nashing kerak edi-ku?
Bu mehribon ovoz! Lekin Gregor o‘z javobidan — bo‘g‘zidan chiqqan g‘alati tovushlardan qo‘rqib ketdi. Garchi bu o‘z ovozi bo‘lsa-da, unga qandaydir zohiriy tovush — xasta bir chiyillash qo‘shilib, aytgan so‘zlari faqat bir lahzagina ravshan eshitildi-yu, so‘ng ma’nosini anglash qiyinlashdi. Eshitgan kimsa o‘z qulog‘iga ishonmay qolardi. Gregor onasiga nima gapligini batafsil tushuntirmoqchi bo‘ldi, ammo ahvolining tangligini eslab, qisqagina:
— Ha, ha, rahmat, ona. Hozir turaman — dedi.
Yog‘och eshik orqasida uning ovozi o‘zgarib qolganligini onasi anglamadi shekilli, uning xotirjam uzoqlashayotgan qadam tovushlari eshitildi. Lekin bu qisqa suhbat qolgan oila a’zolarining diqqatini jalb etdi. Gregorning hali ham ketmaganligi ularni taajjubga soldi, otasi yon eshiklardan birini sekin, ammo mushti bilan urib:
— Gregor! Gregor! — deb qichqirdi. — Nima gap o‘zi?
Boshqa eshik ortidan Gregorning onasi ohista:
— Gregor, tobing qochdimi? Yordam kerak emasmi? — dedi achinib.
Gregor: «Hozir chiqaman!» deb javob qaytardi. Bu ikki so‘zni aytayotib, ularning har birini alohida, aniq ravshan talaffuz qilishga tirishdi. Buni qarangki, otasi bamaylixotir iziga qaytib, nonushtaga o‘tirdi. Faqat onasi hamon eshik ortida shivirlardi:
— Gregor, eshikni och, ochaqol, o‘g‘lim!
Ammo Gregor ochishni xayoliga ham keltirmasdi, har xil mehmonxonalarda tunayverib, doim eshikni zanjirlab yotishga odatlanganini esladiyu ichida xursand bo‘ldi.
Yo‘q. U avval o‘rnidan turib, kiyinishi kerak. Keyin bir gap bo‘lar. Chunki Gregorga ayon bo‘ldiki, karavotda yotganda boshga biror tuzuk fikr kelmaydi. U ilgari ham bugungiga o‘xshash holat boshidan o‘tganini esladi: masalan, gohida, noo‘ng‘ay yotganidanmi, tanasida qandaydir og‘riq sezardi-yu, ammo o‘rnidan turgan zahoti og‘riq yo‘qolar, Gregor buning tasavvur o‘yini ekanligini tushunar edi. Gregor hozir ham bugungi ro‘yoning tumanday tarqalib ketishini qiziquvchanlik bilan kutib yotardi. Ovozining o‘zgarib qolgani esa — gumashtalarning hammasiga xos kasallikdan dalolat — shamollash oqibati, bunga shubha yo‘q.
Ko‘rpadan chiqish unchalik qiyin bo‘lmadi: Gregor qornini sal shishirgan edi, ko‘rpaning o‘zi sirg‘alib polga tushdi. Ishning qiyini oldinda: negaki, Gregorning tanasi yapasqi va haddan tashqari katta: suyanib turish uchun unga qo‘l kerak; ammo qo‘l
o‘rnida sanoqsiz zaif oyoqchalar tartibsiz tipirchilar, Gregor ularni mutlaqo boshqara olmas edi. Aytaylik, u oyoqlaridan birini bukmoqchi bo‘lsa oyoq unga bo‘ysunmay cho‘zilar, bir amallab uni bukishga majbur qilsa, qolganlari xuddi ozodlikka chiqqanday, tinimsiz tipirchilay boshlar edi. «Zudlik bilan o‘rindan turish kerak!», dedi ichida Gregor.
Dastlab u gavdasining pastki qismini to‘shakdan ozod qilmoqchi bo‘ldi (darvoqe, gavdasining bu bo‘lagini hali ko‘rmagan, tasavvur ham qilolmas edi). Lekin bu joyining nihoyatda kamharakat ekanligini sezdi. Xullas, ish juda sekin borardi. Shunda uning jahli chiqib, bor kuchi bilan oldinga tashlandi, ammo mo‘ljalni noto‘g‘ri oldi shekilli, gavdasining pastki qismi karavot simlariga tegib, qattiq og‘ridi, Gregor bildiki, gavdasining ana shu bo‘lagi — eng nozik joy ekan.
Shu bois Gregor avval o‘zining bosh tomoni bilan yerga tushishga urinib, boshini karavot chetiga bura boshladi. Bu ish uncha qiyin bo‘lmadi. Katta va og‘ir bo‘lishiga qaramay, gavda ham boshning izidan siljiy boshladi. Nihoyat boshi karavotdan osilib qolganda Gregor qo‘rqib ketdi, chunki yiqilib tushsa, boshi lat yemasdan qolmas edi. Xushdan ketishi mumkin emas, ayniqsa, hozir mumkin emas. Hozircha o‘rnida yotgani ma’qul.
Ammo u nafasini rostlab, avvalgi holatiga qaytganda, gujg‘on o‘ynayotgan oyoqlarini ko‘rib, ularni tartibga keltirolmay ovora bo‘lganida, Gregor karavotdan iloji boricha tezroq tushish lozimligini, hamma narsani qurbon qilib bo‘lsayam, bu o‘rindan tezroq qutulish kerakligini angladi. Shu bilan birga qiziqqonlikdan foyda yo‘qligini, hammasini puxta o‘ylab ko‘rish zarurligini ham esdan chiqarmasdi. Gregor ko‘zlarini yirib derazaga qaradi. Ammo ko‘chaning narigi betini ham ko‘rib bo‘lmaydigan tumanda ko‘ngilga taskin beruvchi biror narsani ilg‘ash amrimahol edi. «Allaqachon soat yetti bo‘ldi, — deb o‘yladi Gregor soat zang urganda, — soat yetti, tuman bo‘lsa haligacha tarqagani yo‘q. Gregor bir lahza jim yotdi, go‘yo bu jimlik uni tabiiy borliqqa qaytarishini kutganday, sokin nafas olib yotdi. «Nima qilib bo‘lsa ham, soat yettidan o‘n beshta o‘tmay, bu la’nati karavotni tark etmoq zarur. Aytganday, shu orada meni so‘rab kelishlari ham mumkin. Axir, idorada ish soat yettidan oldin boshlanadi-ku!» Gregor butun tanasini ishga solib, bir maromda chayqalgancha karavotdan tushishga unnadi. Agar shu alfozda yerga yiqilsa-yu, boshini ko‘tarib qolishga ulgursa, balki boshi lat yemas. U yelkasi toshbaqa kosasiday qattiq ekanligini bilar, gilam ustiga tushsa, hech narsa bo‘lmaydi, deb o‘ylardi. Uni yiqilgan paytida chiqadigan shovqin, gursullagan tovush ko‘proq tashvishlantirar edi. Negaki, uydagilar bu shovqinni eshitib, qo‘rqib ketmasa ham, harholda ancha bezovta bo‘ladi. Lekin, nachora, boshqa iloj yo‘q.
Gregor chayqala-chayqala karavot chekkasiga keldi. Gavdasining deyarli yarmi polga osilib turardi. Uning harakati mashaqqatli mehnatdan ko‘ra, ko‘proq o‘yinga o‘xshardi. Gregor karavotda osilib turar ekan, «Hozir menga yordam bersa ish ancha oson ko‘chardi», deb o‘yladi. Ikkita kuchli odam — u otasi bilan xizmatkor qizni nazarda tutdi — bo‘lsa bas: ular Gregorning do‘ng yelkasidan ko‘tarib yerga tushirishsa, keyin Gregor qorniga ag‘darilayotganida ko‘z-quloq bo‘lib turishsa kifoya: shunda Gregorning mo‘‘jaz oyoqchalari ham qandaydir mohiyat kasb etarmidi. Yo‘q, yo‘q, hatto eshik ochiq bo‘lsa ham Gregor hech kimni yordamga chaqirmaydi. Bu fikrdan — ahvolining ayanchligiga qaramay — ichida kulib qo‘ydi.
Gregor tipirchilay-tipirchilay karavot chetiga kelib qoldi, zo‘rg‘a muvozanat saqlab, endi ag‘darilmoqchi edi, daf’atan ko‘cha eshigidagi qo‘ng‘iroq jiringladi. «Firmadan odam keldi», deb o‘yladi Gregor, keyin nafasini ichiga yutib, tik qotdi. Oyoqlari bo‘lsa, aksincha, avvalgidan ham tezroq tipirchilay boshladi. Atrof suv quygandek jimib qoldi. «Eshikni ochmasalar kerak», dedi ichida Gregor telba bir umid bilan. Ammo xizmatkor qizning odatdagi dadil qadami eshitildi — borib eshikni ochdi. Gregor, bo‘sag‘adanoq salom byorib kelgan odamni darrov tanidi: idora boshqaruvchisi. Arzimas bir qusur ham yomon shubha uyg‘otadigan bu idorada ishlash nahotki Gregorning manglayiga yozilgan bo‘lsa? Axir bu idora xizmatchilarining hammasi ham firibgar emasku, ular orasida o‘z kasbiga sodiq, halol odam ham bor-ku, agar bu odam ishdan bir-ikki soat kechikkan bo‘lsa-yu, vijdoni qiynalib, to‘shakdan turolmay yotsa, nima qilibdi? Nahotki xabar olish uchun biror shogirdini yuborish mumkin bo‘lmasa? Nahotki boshqaruvchining o‘zi kelib, ishga bormagan odamning jinoyatini tekshirish faqat uning — boshqaruvchining qo‘lidan kelishi mumkinligini begunoh oila a’zolari oldida namoyish qilishi shart bo‘lsa? Gregor bir qarorga kelganidan emas, balki boshida aylanayotgan shunday fikrlardan junbishga tushdi va bir yulqinib, yerga ag‘anadi. Zarb qattiq bo‘lsa-da, Gregor gilamga yiqilganidanmi yoki yelkasi u o‘ylagandan ko‘ra qulay, qayishuvchan bo‘lganidanmi, tovush bo‘g‘iq chiqdi...
— Bir nima tushib ketdi shekilli, — dedi boshqaruvchi chap tomondagi xonadan.
Gregor boshqaruvchini o‘zining ahvolida tasavvur qilib ko‘rdi: bugungi yuz bergan voqea boshqaruvchining boshiga ham tushishi mumkin-ku. Ammo Gregorning fikrlarini inkor qilganday, boshqaruvchi qo‘shni xonada loklangan etiklarini g‘irchillatib shiddat bilan bir necha qadam tashladi. O‘ng yonidagi xonadan, Gregorni ogohlantirishga urinib, onasi shivirladi:
— Gregor, boshqaruvchi keldi.
— Bilaman, — dedi Gregor asta: u ovozini onasi eshitadigan qilib ko‘tarishga jur’at etmadi.
— Gregor, — dedi otasi chap yondagi xonada turib, — janob boshqaruvchi keldi. U nega ertalabki poezdda ketmaganligingni so‘rayapti. Nima deb javob berishni bilmayapmiz. Aytganday, u sen bilan o‘zi gaplashmoqchi. Shuning uchun, iltimos, eshikni och. Janob boshqaruvchi xonadagi tartibsizlikni ko‘rib, ma’zur tutar, deb o‘ylayman.
— Yaxshi yotib turdingizmi, janob Zamza? — deb muloyim gap qistirdi boshqaruvchi.
— Uning tobi qochgan, — dedi onasi boshqaruvchiga (shu payt otasi Gregorga gapirayotgan edi), — menga ishoning, janob boshqaruvchi, uning tobi yo‘q. Bo‘lmasa, Gregor poezdga kechikarmidi! Axir, bolagina, faqat firmani o‘ylaydi, men hatto undan xafa bo‘laman: kechqurunlari hech yoqqa chiqmaydi, mana, shaharda sakkiz kun bo‘lib, uydan chiqmay o‘tirdi. Stolga ko‘ksini berib, jimgina gazeta o‘qiydi yoki poezdlar jadvalini ko‘radi... Birgina ermagi — yog‘och qirqish: masalan, ikki oqshom ichida binoyidekkina rom yasadi, mana, Gregor eshikni ochsin, o‘zingiz ko‘rasiz, qarab ko‘z to‘ymaydi. Ammo sizning tashrifingingizdan men baxtiyorman, janob boshliq; Gregor o‘zi o‘jar, ertalab o‘zi bo‘yniga olmagan bo‘lsa-da, men bilaman — tobi yo‘q.
— Hozir chiqaman, — dedi Gregor har bir so‘zni cho‘zib, salmoq bilan: u o‘z nutqiga diqqat qilib, qimir etmay yotardi.
— Sizga boshqa gapim yo‘q, bekam, — dedi boshqaruvchi, — Gregorning kasali uncha xavfli bo‘lmasa kerak, deb umid qilamiz. Harholda shuni aytib qo‘yishim kerakki, biz kommersantlar savdo manfaati uchun ba’zan yengil-elpi xastaliklarga bardosh berib, ishni davom ettirishimizga to‘g‘ri keladi.
— Endi janob boshliq xonangga kirsa bo‘ladimi? — deb so‘radi sabri tugagan otasi va eshiqni taqillatdi.
— Yo‘q, — dedi Gregor.
Chap yondagi xonaga jimlik cho‘kdi. Ung tarafdagi xonada singlisining yig‘lagani eshitildi.
Nega singlisi xonadan chiqmayapti? Hali kiyinib ulgurmagandir. Balki o‘rnidan ham turmagan bo‘lsa kerak. Lekin nega u yig‘laydi? Chunki Gregor hamon yotibdi, chunki u boshqaruvchini xonasiga kiritmayapti, chunki Gregor bu qilig‘i bilan ishdan butunlay mahrum bo‘lishi hech gap emas. Shunday ekan, xo‘jayin ota-onasiga eski talablarni qo‘yib, yana oilasini ta’qib qila boshlaydi. Lekin hali umid bor-ku. Gregor shu yerda oilasini tashlab ketgani yo‘q, tashlab ketmoqchi ham emas. To‘g‘ri, u hozir gilamda yotibdi, shu ahvolini ko‘rsa, hech kim «Boshqaruvchi xonangga kirsin», deb tiqilinch qilmagan bo‘lar edi. Sal iltifotsizlik uchun darrov ishdan haydashmas axir, bu gunohni yuvishga keyinroq bir bahona topilar. Hozir meni tinch qo‘ysalar yaxshi bo‘lardi. Yig‘i-sig‘iyu iltimoslar bilan bosh qotirmay tinch qo‘ysalar, juda yaxshi bo‘lardi, deb o‘yladi Gregor. — Lekin «Buyog‘i nima bo‘ladi?» degan dahshatli savol uydagilarni qiynar, shuni hisobga olib, ularni kechirish mumkin edi.
— Janob Zamza,— deya xitob qildi boshqaruvchi ovozini bir parda ko‘tarib, — nima gap o‘zi? Eshikni qulflab olib, faqat «Ha» va «Yo‘q» deysiz, ota-onangizni behuda qiynaysiz? O‘jarlik bilan xizmat burchingizdan bo‘yin tovlaysiz — buni shunchaki eslatib qo‘yyapman — nima gap o‘zi? Men ota-onangiz nomidan, xo‘jayiningiz nomidan gapiryapman, iltimos qilardimki, zudlik bilan bizga tushuntiring — nima gap? Men sizga hayron qolyapman. Sizni beozor, mulohazali yigit, deb yurardim, siz bo‘lsa, endi bilsak, yangi qiliq chiqaribsiz. To‘g‘ri, ertalab xo‘jayin sizga topshirilgan inkassaning o‘rnida emasligi ishga kelmay qolganingizga sabab bo‘lgan deb taxmin qilganday gapiruvdi. Men uning shubhasi o‘rinsiz ekanligini aytmoqchi edim, ammo bu o‘jarligingizni ko‘rib, sizni himoya qilish istagi yo‘qolib boryapti menda. Buni faqat o‘zingizga aytmoqchi edim, ammo siz bu yerda bekorga mening vaqtimni olganingizdan keyin, bu gapni ota-onangizdan yashirib o‘tirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman. Ishdagi muvaffaqiyatlaringiz ham keyingi paytda qanoatlanarli bo‘lmayapti: to‘g‘ri, hozir savdoda katta shartnomalar tuzish uchun qulay fasl emas, buni tan olamiz, ammo umuman shartnoma tuzish mumkin bo‘lmagan fasl yo‘q, janob Zamza, bo‘lmaydi ham!
— Axir, janob boshqaruvchi! — deb yubordi Gregor o‘zini tutolmay va hayajondan hammasini unutib, gapira ketdi: — Men hozir eshikni ochaman, darrov ochaman. Sal tobim qochib, boshim aylanyapti, o‘rnimdan turolmayapman. Lekin hoziroq ko‘rpadan chiqaman, mana chiqyapman, bir zum sabr qiling! Harholda, ahvolim yaxshi emas, lekin ancha tuzalib qolgandayman. Nima jin urdi meni! Kecha kechqurun soppa-sog‘ edim, ishonmasangiz, ota-onamdan so‘rang. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, kecha nimanidir sezganday bo‘luvdim. Eh, nega bundan firmani ogohlantirmadim! Lekin o‘rnimdan tursam, xastalik o‘tib ketadi, deb umid qilarkan-da kishi. Janob boshqaruvchi! Ota-onamga shafqat qiling! Axir menga yuklanayotgan bu ayblarda asos yo‘q-ku: menga bu haqda o‘zingiz hech narsa demagansiz-ku. Siz hali men jo‘natgan so‘nggi buyurtmalarni ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak. Hozir ancha o‘zimga kelib qoldim, soat sakkizdagi poezdda jo‘nayman. Meni kutib, ovora bo‘lmang, janob boshqaruvchi, firmaga o‘zim yetib boraman, marhamat qilib xo‘jayinga shunday deng, unga bo‘lgan hurmatimni yetkazing!
Gregor nima deyayotganini o‘zi ham anglamay, shosha-pisha gapirar ekan, sandiq tomon siljiy boshladi. Karavotda chayqalib, ancha mashqini olgani qo‘l keldi chamasi, u sandiqqa tezda yaqinlashib, unga tirmashib o‘rnidan turishga harakat qildi. Gregor chindan ham eshikni ochmoqchi, chindan ham boshqaruvchi bilan gaplashmoqchi edi: lekin uni ko‘rib, odamlar nima der ekan? Mabodo ular qo‘rqib ketishsa, ish mas’uliyati Gregordan soqit qilinadi, shunda u xotirjam bo‘lishi mumkin. Agar uni hech narsa bo‘lmaganday kutib olishsa-chi? Bu taqdirda ham tashvishga o‘rin yo‘q, chunki Gregor kiyinib, soat sakkizdagi poezdga bemalol ulguradi. Gregor sandiqqa tirmashar ekan, bir necha marta sirg‘alib ketdi, nihoyat qattiq bir siltandi-da, tikqa turib oldi. Gavdasining pastki qismida kuchli og‘riq paydo bo‘ldi, ammo Gregor bunga e’tibor bermadi. Keyin Gregor yaqinida turgan kursi suyanchig‘iga tashlandi: oyoqlari bilan unga mahkam yopishib oldi. U o‘z tanasini bo‘ysundirib, bir lahza jim qoldi: tashqarida boshqaruvchi tilga kirgan edi.
— Uning biror so‘ziga tushundingizmi? — deb so‘z qotdi boshqaruvchi ota-onasiga, — u bizni kalaka qilyapti, chamamda?
— Xudo yorlaqasin sizni! — dedi onasi ko‘z yosh qilib. — Balki u og‘ir kasaldir, biz bo‘lsa uni battar qiynayapmiz. Greta! Greta! — deb qichqirdi so‘ngra onasi.
— Oyi?! — javob qaytardi singlisi yon xonadan.
— Zudlik bilan vrachga xabar ber. Gregor kasal. Tez vrachni chaqir. Gregorning ovozini eshitdingmi?
Shu payt boshqaruvchi onaning chinqirig‘iga nisbatan hayratlanarli darajada sekin:
— Bu — hayvonning ovozi, — dedi.
— Anna! Anna! — deb qichqira boshladi otasi oshxona tomonga qarab va qars urdi, — tezda chilangarni chaqirib keling!
Xizmatkor qiz bilan Gregorning singlisi (u qachon kiyinib ulgurdi ekan?) — ikki qizning yubkalarini shitirlatgancha dahlizga chopib chiqqani-yu, keyin ko‘cha eshigi ochilgani eshitildi. Ammo qayta yopilgani eshitilmadi. Balki u baxtsizlik ro‘y bergan xonadonlardagi eshik kabi lang ochiq qolgandir.
Har qalay, Gregorning ko‘ngli sal o‘rniga tushdi. To‘g‘ri, uning gapini tashqaridagilar anglamas, lekin o‘zi tushunardi. Hatto qulog‘i ko‘nikib qoldi shekilli, ilgaridan ham yaxshiroq tushunardi. Uydagilar Gregorga bir balo bo‘lganini sezdi, unga yordam bermoqqa bel bog‘lashdi. Dastlabki berilgan buyruqlardagi qat’iylik Gregorga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. U o‘zini yana odamlar qatorida his qildi, vrach bilan chilangardan mo‘‘jiza kutdi. Muqarrar suhbatda nutqi oqsab qolmasligi uchun u avval yo‘talib ko‘rdi. Faqat sekin yo‘taldi. Kim biladi, bu tovush ham odam yo‘taliga o‘xshamasligi mumkin-da.
Gregor kursini ushlab, eshik tomon ohista siljiy boshladi. Keyin kursini qo‘yib yubordi-da, eshikka tashlanib butun gavdasi bilan unga qapishdi-qoldi (panjalarida yopishqoq bir narsa bor edi). Bu mashaqqatdan so‘ng jinday nafasini rostladi. Keyin qulfdagi kalitni og‘zi bilan buray boshladi. Evoh, uning tishlari ham yo‘qqa o‘xshaydi — kalitni nima bilan buraydi endi? Xayriyat, jag‘i nihoyatda mustahkam ekan. Metin jag‘lar kalitni aylantirdi. Og‘zidan allaqanday qo‘ng‘irtob suyuqlik oqib, avval kalitga, keyin polga tomdi, ammo Gregor hozir o‘z sog‘ligini o‘ylamas edi.
— Quloq solinglar, — dedi boshqaruvchi qo‘shni xonada, — u kalitni burayapti.
Bu gap Gregorga madad berdi: qaniydi hozir hammasi jo‘r bo‘lib: «Ha, Gregor, kuchliroq bura! Kuchingni ayama, Gregor!», deya qichqirsa. Hamma o‘zining harakatlarini joniqib kuzatayotganini tasavvur qilgan Gregor kalitga telbalarcha yopishdi. Kalit asta-sekin buralaverdi. Nihoyat, qulf shirq etib ochildi. Gregor hushiga keldi. U nafasini rostlab, ichida:. «Demak, chilangarning yordamisiz ham o‘zim uddaladim», dedi-da, boshini eshik tutqichiga qo‘ydi.
Eshik ochildi. Lekin Gregor hamon eshikka qapishib turgani uchun tashqaridagilarga ko‘rinmas edi. Gregor avval eshikning birinchi tabaqasidan ehtiyot bo‘lib o‘tmog‘i lozim, yo‘qsa naq bo‘sag‘aga ag‘anab tushishi hech gap emas. Shu payt kutilmaganda boshqaruvchining «Oh!» degan nidosi eshitildi. Keyin uning o‘zi ko‘rindi. U eshikka hammadan yaqinroq turar, ayni choqda hayratdan lang ochilgan og‘ziga qo‘lini bosib, go‘yo dahshatli bir kuch itarayotganday ortiga tislanmoqda edi. Onasi — boshqaruvchidan tortinmaydi ham — sochlari parishon, turmaklanmagan, qo‘llarini qovushtirib, otasiga boqdi. Keyin Gregorga qarab ikki odim bosdiyu guppa yiqildi: yubkasi chodirday ko‘tarilib ketgani uchun yuzi ko‘rinmasdi. Otasi bo‘lsa Gregorni xonasiga haydab kiritishga shaylanganday mushtini qisdi. So‘ngra garangsigancha mehmonxonaga ko‘z yugurtirdi, qo‘llari bilan yuzini bekitib, birdan ho‘ngrab yubordi. Uning qudratli yelkalari silkinib-silkinib tushardi.
Gregor mehmonxonaga o‘tmay, eshik tabaqasiga suyanganicha turar, shu sabab uning qiyshaygan boshiyu gavdasining yarmi ko‘rinardi, xolos. Shu orada kun ham yorishib, ko‘chaning narigi betidagi uzun imoratning bir bo‘lagi yaqqol ko‘rina boshladi. Derazalari odamning yuragini siqib yuboradigan darajada bir xil joylashgan bu bino kasalxona edi. Yomg‘ir hamon yog‘ar, lekin endi tomchilari yirik-yirik go‘yo har biri alohida mustaqil ravishda yerga tushardi. Gregor stolga ko‘z yugurtirdi. Dasturxonda nonushtaga tayyorlangan idish-tovoq ko‘p edi. Zero, Gregorning otasi uchun nonushta kunning muhim marosimlaridan hisoblanar, bunga gazeta o‘qish ham kirar, bu jarayon soatlab davom etar edi. Ro‘paradagi devorga Gregorning harbiyda tushgan surati osilgan. Suratda yosh leytenant qilich sopiga qo‘lini qo‘yib, parvoyi falak jilmayar va o‘z qaddi-qomatiga, mundiriga tomoshabindan izzat talab qilar edi.
— Mana, men, — dedi Gregor o‘zidan boshqa hamma sarosimaga tushganini payqab, — hoziroq kiyinib, gazmol namunalarini joylaymanu jo‘nayman. Sizlar mening jo‘nashimni istaysizlarmi, axir? Mana, janob boshqaruvchi, ko‘rib turibsiz, men mutlaqo qaysar emasman, men jon deb ishlayman, ishlayapman ham: to‘g‘ri, yo‘l azobi yomon, ammo men yo‘lsiz, safarsiz yashay olarmidim? Qaerga ketyapsiz, janob boshqaruvchi! Idoragami? Unday bo‘lsa, nima gapligini aytib berarsiz ularga? Ba’zan odam ishlashga qurbi yetmay qoladi, lekin xuddi shunday paytda uning avvalgi xizmatlarini hisobga olib, kechirilsa, u albatta yana ham yaxshiroq mehnat qiladi, deb xulosa chiqarish mumkin-ku. O‘zingizga ma’lum, xo‘jayin menga ko‘p yaxshiliklar qilgan. Uning oldida qarzdorman. Qolaversa, ota-onamga qarashim kerak. Boshimga kulfat tushdi, lekin bundan qutulib chiqaman. Faqat siz o‘lganning ustiga tepgan qilmang. Firmada yonimni oling, iltimos. Gumashtalarni hech kim yaxshi ko‘rmaydi, bilaman. Ular yaxshi pul ishlab, rohat-farog‘atda kun kechiradi, deb o‘ylaydi odamlar. Lekin siz, janob boshqaruvchi, idoradagi boshqa xodimlarga nisbatan haqiqatni yaxshiroq bilasiz. Savdo gumashtasi hayotining nima ekanini siz hatto xo‘jayindan ham — gap o‘rtada qolsin — xizmatchi haqida yomon fikrga boradigan xo‘jayindan ham yaxshiroq bilasiz. Savdo gumashtasi bir yil muttasil safarda yurib, fisqu fasod yoki asossiz ayblar qurboni bo‘lishi mumkinligini ham bilasiz. Gumashta bu xil hujumlardan o‘zini himoya qilolmaydi, chunki hech narsani bilmaydi, faqat safardan charchab qaytgandagina hammasiga tushunadi, sababsiz oqibat zahrini o‘z tanasida sinab ko‘radi. Janob boshqaruvchi, ketmang! Jinday bo‘lsa-da bir og‘iz so‘z bilan mening haqligimni ma’qullang!
Lekin boshqaruvchi Gregor gapga tushgan zahotiyoq, teskari o‘girilib olgan, labini g‘alati cho‘chchaytirib, tinmay uchayotgan yelkasi osha Gregorga qarar va sekin, nihoyatda sekin, go‘yo sirli bir taqiq uni xonadan chiqishga qo‘ymayotganday undan uzoqlashar edi. Boshqaruvchi dahlizga yetganida oyog‘ini keskin ko‘tardi. Buni ko‘rgan odam boshqaruvchi oyog‘ini kuydirib oldi, deb o‘ylashi mumkin edi. Nihoyat, u bo‘sag‘adan hatlab, xuddi jannatga chiqqanday qo‘llarini oldinga, zinapoya tomon cho‘zdi.
Boshqaruvchi shu kayfiyatda ketsa firmada shusiz ham o‘zi qil ustida turgan obro‘siga battar putur yetishini Gregor yaxshi bilardi. Ota-onasi buni tushunmas, ular o‘g‘lini firmada muqim o‘rnashgan, deb o‘ylar, bugungi hodisa esa ularni tamomila dovdiratib qo‘ygan edi. Lekin Gregorda dovdirashdan asar ham yo‘q edi. Boshqaruvchini to‘xtatish kerak, uni avramoq lozim, ishontirish, tinchlantirish zarur, toki u Gregorga yon bossin; axir, butun oilaning ham, Gregorning ham kelajagi shunga bog‘liq! Eh, singlisi ketib qoldi-da! Aqlli qiz u — hali Gregorning o‘zi ham falokatni sezmay, bemalol yotganida, singlisi yig‘lay boshlagan edi, Shubha yo‘qki, boshqaruvchi ayollarni xush ko‘radi. U singlisiga qayishardi. Qiz ko‘cha eshigini yopib qo‘yardi-da, iltijo qilib boshqaruvchining ko‘nglini qo‘rquvdan forig‘ etardi. Afsus, singlisi ketib qoldi. Endi Gregorning o‘zi harakat qilishi kerak. Gregor nutqining tushunarsiz ekanligini ham unutib, oyoqlarining qanday yurishidan bexabar, eshik tabaqasini qo‘yib yubordi-da, boshqaruvchi tomon (u kulgili alfozda, zinapoya panjaralariga mahkam yopishgancha qotib turardi) o‘rmaladi, lekin ko‘tilmaganda zaif bir qichqirdiyu yuztuban yiqildi. Yiqildi-yu, shu zahoti ertalabdan beri birinchi marta o‘ng‘aylik sezdi. Negaki, oyoqchalari ostida qattiq yer bor va bu oyoqchalar (ichida quvondi) unga bo‘ysunar, hatto Gregorni xohlagan joyga eltish uchun o‘zlari harakat qilar edi. Ammo Gregor eshikni qo‘yib yuborgach, muvozanatini yo‘qotib, onasining poyiga yiqilar ekan, parishon o‘tirgan ona o‘rnidan sapchib turib, qo‘llarini kergancha, barmoqlarini changak qilib, chinqirdi: «Yordam bering! Xudo xayringizni bersin, yordam beringlar!» Shunday dedi-yu, go‘yo Gregorning yuzini yaxshiroq ko‘rmoqchi bo‘lganday engashdi, ammo ko‘rishga ulgurmay, yana ortga tisarildi. Ona beixtiyor orqasidagi yasatib qo‘yilgan stolga o‘tirib qoldi, ag‘darilib ketgan idishdan gilamga qahva to‘kilayotganini mutlaqo sezmadi.
— Oyi, oyijon! — deb sekin shivirladi Gregor va pastdan onasiga qaradi.
Boshqaruvchi, bir zum hushini yo‘qotgan bo‘lsa ham, gilamga oqayotgan qahvani ko‘rib, toqati toq bo‘ldi, og‘zini kappa-kappa ochib, nafas oldi. Buni ko‘rgan ona o‘tirgan joyidan sakrab tushdi-da, bir chinqirib, yordamga yetib kelgan ota ko‘ksiga yiqildi. Ammo ularni o‘ylab o‘tirishga Gregorning vaqti yo‘q edi, chunki boshqaruvchi allaqachon zinaga qadam qo‘ygan va panjaraga iyagini tirab, Gregorga so‘nggi bor qarayotgan edi. Gregor jon holatda uning orqasidan o‘rmaladi. Lekin boshqaruvchi nimanidir sezdi shekilli uzun zinapoyadan ikki-uch hatladiyu g‘oyib bo‘ldi. Faqat pastdan uning «Fu!» degan tovushi eshitildi. Afsuski, boshqaruvchining ketib qolgani shu paytgacha xotirjam turgan otasining jahlini chiqardi. U o‘ng qo‘liga boshqaruvchi esidan chiqarib qoldirgan (u palto bilan shlyapasini ham unutgan edi) hassani, chap qo‘liga gazetani olib silkitgancha, Gregorni o‘z xonasiga hayday boshladi. Gregorning iltijolari unga kor qilmas, bu iltijolarni tushunmas ham edi: boshini chayqab qancha yalinmasin, otasi qattiqroq yer tepinar edi. Onasi, havo salqin bo‘lishiga qaramay, ochiq deraza oldida, qo‘llari bilan yuzini bekitgancha, qotib turardi. Ko‘cha bilan zinapoya maydonchasi oralig‘ida yelvizak paydo bo‘ldi. Stolda gazetalar shitirladi. Bir necha qog‘oz polda sirg‘alib ucha boshladi. Ota bo‘lsa, hamon yovvoyi odamlarday g‘alati pishqirib, o‘g‘liga hamla qilar, ammo Gregor hali orqasiga tislanishni o‘rganmagani uchun, nihoyatda sekin siljir edi. Agar u o‘ngarilib olsa, darrov xonasiga kirgan bo‘lardi. Lekin bu imillashda otasining g‘azabi battar qo‘zib, uning qo‘lidagi hassa Gregorning yo boshi, yo yelkasiga tushishi va hayoti xavf ostida qolishi mumkin edi. Bu holda esa Gregor o‘zining qaysi yo‘nalishda ketayotganini bilmasdi va shuning uchun u tezda bir qarorga keldi: otasiga qo‘rqa-pisa qarab, xona tarafga qayrila boshladi. Otasi unga xalaqit bermay, uning harakatini ma’qullaganday bo‘ldi, hatto hassa uchi bilan o‘g‘liga yordam berishga tutindi. Otasi g‘azabdan ilonday vishillamasa, Gregor bunchalik dovdiramas edi. Bu vishillashni eshitib, Gregor sal bo‘lmasa xatoga yo‘l qo‘ymoqchi edi-yu, lekin darrov o‘zini o‘ngladi. Bir amallab boshini yotog‘i tomon burganida, haddan tashqari kengligidan, tanasi eshikka sig‘masligi ma’lum bo‘ldi. Otasi g‘azabdan eshikning ikkinchi tabaqasini ochib, Gregorni o‘tkazish mumkinligini ham unutgan edi. Uning fikri-zikri Gregorni tezroq, iloji boricha tezroq xonasiga haydash. Albatta u Gregorning tikka turib xonaga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rishiga aslo rozi bo‘lmas edi. Go‘yo Gregorning oldida hech qanday to‘siq yo‘qday, otasi unga yanada qattiqroq baqirdi. Keyin shovqin kuchayib, baqirayotgan faqat otasi emasligini, vaziyat battar og‘irlashganini payqagan Gregor, nima bo‘lsa bo‘ldi, deya o‘zini eshikka urdi-yu, gavdasining bir tomoni ko‘tarilib, ostonada ko‘ndalang turib qoldi. Yarador biqinidan oq eshikka xunuk dog‘lar surkaldi. U eshikka qattiq tiqilib qoldi, yonboshdagi oyoqchalari havoda osilgancha zaif tipirchilar, pastdagilari esa polga qapishgan edi. Shu payt otasi uning ketidan zarb bilan tepdi, bu najot tepkisidan qonga belangan Gregor xonasiga uchib kirdi. Otasi eshikni hassa bilan yopdi. Nihoyat, sukunat tushdi.
II
Gregor g‘ira-shira qorong‘i tushganda behushlikka o‘xshash og‘ir bir uyqudan uyg‘ondi. Uni bezovta qilmasalar, saldan keyin o‘zi uyg‘onardi, ammo kimningdir yengil qadami va dahliz eshigining ohista yopilgani Gregorni ertaroq uyg‘otib yubordi. U yetarli uxlab, yaxshi dam oldi.
Shiftga va javonning tepa qismiga ko‘chadagi elektr chiroqlaridan nur tushib tursa ham, past — Gregor yotgan joy qop-qorong‘i edi. Gregor endigina qadriga yetgan oyoqchalari bilan paypaslanib eshik tomon o‘rmaladi. Uni uydagi voqeaning davomi qiziqtirardi. Lekin Gregorning chap biqini uzun chandiqqa o‘xshab, yoqimsiz sanchar va oyoqlari ko‘pligiga qaramay, chinakamiga oqsoqlanar edi. Xayriyatki, ertalabki mojaroda Gregorning faqat bitta oyog‘i yaralangan, hozir u polda jonsiz sudralar edi.
Gregor eshikka yetganda nega bu yoqqa o‘rmalaganini tushundi: uni qiziquvchanlik emas, balki ovqat hidi bezovta qilgan ekan. Naq bo‘sag‘a tagida oq non to‘g‘ralgan sut to‘la chanoq turardi. U quvonchdan chapak chalib yuborishiga sal qoldi, chunki ishtahasi ertalabkidan ham yaxshiroq edi. U, vaqtni boy bermay boshini sutga tiqdi, ammo shu ondayoq ta’bi xira bo‘lib, boshini ko‘tardi. Negaki, yarador biqini qattiq og‘rib, unga xalaqit berardi. Ikkinchidan, Gregor ovqatlanayotganda vujudi qaltirab, uzluksiz pishillashga mahkum edi. Bu ham yetmaganday, doim xush ko‘radigan ichimligi (singlisi buni bilardi) sut ham hozir mazasiz tuyuldi. Gregor chanoqdan irganib yuz o‘girdi-da, xona o‘rtasiga o‘rmalab ketdi.
U eshik tirqishidan mehmonxona chirog‘i yonib turganini ko‘rdi. Hamma uyda bo‘lsa ham, tiq etgan ovoz chiqmasdi. Gregor qorong‘ilikka tikilgancha, «Mening oilam shunaqa tinch, osoyishta kun kechirar ekan-da!», deb o‘yladi. Ota-onasi bilan singlisi uchun shunday ajoyib uyda, ajoyib hayot kechirish imkoniyatini yaratgan odam o‘zi ekanligini o‘ylab, Gregorning ko‘ksi g‘ururga to‘ldi. Agar bugun shu farog‘atu shu to‘qchilik ildiziga bolta urilgan bo‘lsa-chi? Bu fikrdan qochish maqsadida Gregor oyoqlarining chigilini yozgan bo‘lib, xonada u yoqdan bu yoqqa o‘rmalay boshladi.
Butun oqshom mobaynida eshik faqat bir marta ochildi-yu, darrov yopildi: chamasi kimdir kirmoqchi bo‘ldi, ammo qo‘rqdi. Gregor bu jur’atsiz odamning kimligini bilmoqchi bo‘lib, mehmonxona eshigi oldida uzoq, ammo behuda kutdi. Eshik qayta ochilmadi. Ertalab Gregor qamalib olganida hamma uning yoniga kirish uchun tirishgan edi. Endi esa eshikni Gregorning o‘zi ochganiga qaramay, yon eshiklar ham kun bo‘yi ochiq turganiga, kalit ularning qo‘lida bo‘lishiga qaramay, hech kim Gregorning yoniga kirmasdi.
Tun oqqanda mehmonxona chirog‘i o‘chdi, ma’lum bo‘ldiki, ota-onasi ham, singlisi ham shu paytgacha uxlamagan ekan. Ular oyoq uchida yurib, o‘z yotoqlariga tarqalishdi. Mana endi Gregor o‘z hayotini yangi izga solish haqida bafurja o‘ylasa bo‘ladi. Lekin bu shifti baland, bo‘m-bo‘sh xona unda qo‘rquv uyg‘otar, buning sababini Gregor mutlaqo tushunmas edi. Ahir, bu xonada Gregor roppa-rosa besh yil yashagan.
U beixtiyor divan tagiga kira boshladi. Divan yelkasini bosib tursa ham, boshini ko‘tarish noqulay bo‘lsa ham Gregor o‘zini juda yaxshi sezdi. Faqat gavdasining kengligi sababli divan ostiga butunlay kirolmaganidan afsuslandi.
U tun bo‘yi goh mudrab, goh ochlikdan uyg‘onib ketar, goh tuzalib ketishiga yashirin umid sezar edi. Bularning hammasi Gregorni bir fikrga olib keldi: uning hozirgi ahvoli oilaga og‘ir tushdi, endi u faqat sabr-toqat bilan, farosat bilan ular chekkan aziyatni bartaraf qilishga intilmog‘i kerak.
Erta tongda Gregor bu qarorini sinab ko‘rishi uchun imkoniyat tug‘ildi: singlisi yarim yalang‘och holda qo‘rqa-pisa eshikni ochdi. U avvaliga Gregorni payqamadi (Yo parvardigor, qaerda bo‘lishi mumkin — axir uchib ketmagandir?!) Keyin uni divan tagida ko‘rib birdan seskanib ketib, eshikni yopdi. Ammo o‘z qilmishidan uyalib, eshikni qayta ochdi-da, xuddi og‘ir kasalga yoki yetti yot begonaga yaqinlashganday, Gregorga qarab ohista yurdi. Gregor divan ostidan boshini chiqarib, singlisini kuzata boshladi. Sutni icholmaganini bilarmikan? Qorni to‘qligidan emas, sut yoqmagani uchun ichmaganini bilib, boshqa yegulik opkelmasmikan? U divan ostidan chiqib, singlisining oyoqlariga tashlangisi, undan tuzukroq ovqat so‘rab, yolborgisi keldi, biroq qizning farosati yetib, o‘zidan bilmasa, Gregor ochdan o‘lsa o‘lardiki, unga bu haqda ishora qilmasdi.
Lekin sut to‘la chanoqni ko‘rib, taajjublangan qiz darrov opkelar ekan, deb o‘zicha fol ocha boshladi. Lekin ming o‘ylaganda ham, bu mehribon qizning nima opkelishini tasavvur qilolmasdi. Gregor yoqqanini tanlab yeyishi uchun qiz bir necha xil ovqat keltirdi-da eski gazeta ustiga terib qo‘ydi: chirigan sabzavot, ustiga qayla yopishib qolgan suyaklar, jindak mayiz, ozgina bodom, kechagina Gregor burnini jiyirgan sasigan pishloq, bir bo‘lak qattiq non, bir bo‘lak yog‘ surilgan non bor edi. Qiz kecha sut solingan chanoqqa suv to‘ldirib keldi. (Bu idish kechadan boshlab Gregor uchun ajratilgan edi). Gregor o‘zining yonida ovqat yemasligini fahmlab, qiz xonadan chiqdi, akasining yolg‘iz qolganini bildirish uchun eshikni tashqaridan qulfladi. Ovqat tomon o‘rmalarkan, Gregorning oyoqlari biri-ikkinchisidan chaqqonroq, harakat qila boshladi. Yaralari ham tuzalib qolganga o‘xshardi, yurishiga hech narsa halal bermasdi. U taajjub ichra bundan bir oy muqaddam barmog‘ini kesib olgani va bu jarohat yaqingacha og‘rib yurganini esladi. «Nahotki og‘riqni sezmaydigan bo‘lib qoldim», deb o‘yladi u va birinchi galda pishloqqa tashlandi. (Pishloq uni ko‘proq jalb etardi). Keyin ketma-ket sabzavot bilan qaylani yeya boshladi. Ko‘zlari lazzatdan yoshlandi. Yangi ovqat hidi unga yoqmas, shuning uchun Gregor chirik karam va suyaklarni chetga alohida ajratib olib yeyar edi... Singlisi «Endi joyingga kirib yot», deganday eshik kalitini buradi. Ovqatlanib bo‘lib joyida mudrab yotgan Gregor kalitning shiqirlaganini eshitib, darrov divan tagiga kirdi. Singlisi xonada uzoq turmadi, lekin shu qisqa vaqt ichida qorni shishib ketgan Gregor divan tagida juda qiynaldi, nafasi qisdi. U bo‘g‘ilib, entikib, baqraygan ko‘zlari bilan singlisini kuzatardi. Qiz Gregordan qolgan sarqitlarnigina emas, balki u tegmagan yog‘li oq nonni ham supurib chelakka tashladi-da, chelak og‘zini taxtacha bilan yopib, ko‘tarib ketdi. Gregor shu zahotiyoq yotgan joyidan chiqib, qisilgan qorniga erk berdi.
Baxtsizlik ro‘y bergan kuni chaqirilgan vrach bilan chilangarni nima bahona topib qaytarib yuborishganini Gregor haligacha bilmasdi. Gregor hammaning gap-so‘zini tushunar, lekin uning gaplarini hech kim, hatto singlisi ham tushunmasdi. Faqat bir necha kundan keyin, Gregorga ancha ko‘nikkandan so‘ng — garchi, to‘la bo‘lmasa ham — singlisi akasini uncha-muncha tushunadigan bo‘ldi. Masalan, Gregor ovqatni oxirigacha yesa, qiz «Ovqat unga yoqibdi», deb qo‘yar yoki aksincha ovqat qolib ketsa — «Yana yemabdi», deya ovozida mahzunlik sezilardi. Chindan ham Gregor so‘nggi paytlarda ovqatni kam yerdi.
Ba’zan u biror yangilik eshitish umidida qo‘shni xonalardagi suhbatni tinglar, qaysi eshikdan ovoz chiqsa, o‘sha yoqqa chopar va butun vujudi bilan eshikka yopishib, quloq solardi. Dastlabki paytlarda Gregorning nomi tilga olinmagan yoki pinhoniy eslatib o‘tilmagan biror suhbat bo‘lmadi. Ikki kun davomida ular dasturxon ustida ham, ovqatdan keyin ham «Endi nima qilamiz» qabilida uzoq maslahatlashdilar. Bu maslahatda doim oila a’zolarining hammasi qatnashar, hech kim yolg‘iz qolishni istamas, shuningdek birdaniga hammasi uyni tashlab ketolmas ham edi. Darvoqe, voqea yuz bergan kunning ertasigayoq xizmatkor qiz Gregorning onasi oldida tiz cho‘kib, uni xizmatdan ozod qilishlarini so‘radi. U chorak soatdan keyin xayrlashar ekan, zor yig‘lab, ketishga ruxsat bergan oilaga minnatdorchilik bildirdi.
Shundan keyin ovqat qilish onasi bilan singlisi zimmasiga tushdi. Ovqat qilish unchalik qiyin ish emas edi, chunki hech kim ishtaha bilan ovqat yemasdi. Gregor ularning bir-birini «Oling, oling»,deb ovqat yeyishga undashlarini, «Rahmat, qornim to‘q», deya bahona qilishlarini tez-tez eshitadigan bo‘ldi. Hatto pivo ham ichmay qo‘yishdi: otasidan «Pivo ichasizmi?» deb so‘rashsa, «Ha» yo «Yo‘q» degan sado chiqmasdi. Bir kuni qiz otasini og‘ir shubhalardan xalos etish uchun «Hozir farrosh ayol borib pivo olib keladi», degan edi, otasi qat’iy «Yo‘q» javobini berdi, shu-shu qaytib bu haqda ortiq gap bo‘lmadi.
Otasi o‘sha voqea yuz bergan kuniyoq onasi bilan singlisiga oilaning bugungi moddiy ahvoli qanday, uni ertaga nima kutyapti hammasini tushuntirgan edi. U ahyon-ahyonda o‘zining kichik sandiqchasini (besh yil avval singan korxonadan yodgor) ochar va biror yondaftarchami, rasmiy tilxatni topib, ko‘ra boshlardi. Ochilib yopilganda qulfdan chiqqan tovush Gregor xonanishin bo‘lganidan buyon eshitgan yagona taskin edi. Gregor otasi yuritgan korxonadan hech narsa qolmadi, deb o‘ylar, qolgan bo‘lsa ham bu haqda otasi unga gapirmagan, u esa so‘ramagan edi. U paytlarda Gregorning yagona maqsadi inqirozga uchragan oilani tez oyoqqa qo‘yib, hammani azobdan qutqarish bo‘lgan. Shu bois, Gregor jonini jabborga berib ishladi, qisqa vaqt ichida oddiy xizmatchilikdan savdo gumashtasi lavozimiga ko‘tarildi, uning maoshi ko‘p, ishdagi har bir muvaffaqiyati esa shirinkoma shaklida naqd pulga aylanib, oilada paydo bo‘lar va oilaning har bir a’zosi o‘zini baxtli hisoblar edi. Yaxshi kunlar edi u kunlar. Gregor keyin ham oilani boqishga yetarli pul topgan bo‘lsa-da, o‘sha ajoyib kunlar takrorlanmadi. Bunga Gregorning o‘zi ham, oila a’zolari ham ko‘nikib qoldi, ammo uydagilar Gregordan pul olar ekan, avvalgiday quvonmas va unga avvalgiday iliq munosabatda bo‘lolmas edi. Faqat singlisi Gregorga yaqinligicha qoldi. Gregor bu qizning — o‘zidan farqli o‘laroq — muzikani sevishini, tuppa-tuzuk skripka chalishini bilar va uni kelasi yil — katta chiqimga qaramay — konservatoriyaga joylayman, degan yashirin umidi bor edi. Lekin bu uning qat’iy maqsadi ekanini Gregor rojdestvo arafasida tantanali ravishda e’lon qilaman, degan xayolda edi.
Eshikka qapishib, tikka turgan Gregorning boshida shunga o‘xshagan behuda fikrlar aylanardi. Umumiy charchoq oqibatida u bir zum hushini yo‘qotib, tashqaridagi gaplarni eshitmay qolar va boshi eshikka urilganda, darrov o‘zini o‘nglab olishga majbur bo‘lar, chunki salgina tovush qo‘shni xonadagilarni gapdan to‘xtatardi. «Yana nima balo qilyapti u?» derdi otasi eshikka qarab. Va bir ozdan keyin suhbat davom etardi.
Nihoyat, Gregor shuni bildiki, oila zimmasiga tushgan bu mashaqqatlarga qaramay, ozgina boylik qolgan ekan, miqdori ham ozmi-ko‘pmi ko‘tarilayotgan ekan: yana Gregor olib kelgan maoshlarning (u o‘ziga bir necha gulden olib qolardi, xolos) hammasi ishlatilmagan bo‘lib, bu ham kichik jamg‘armani tashkil etar ekan. Gregor kutilmagan bu tejamkorlik va uddaburonlikka qoyil qolib boshini silkitdi. To‘g‘ri, Gregor o‘sha ortiqcha pul bilan otasining qarzini uzib, ishdan ketish huquqini olardi, lekin endi, otasi bu pulni o‘z bilganicha ishlatgani ma’qul.
Ammo jamg‘arma oila uchun kamlik qiladi: bir yil, nari borsa, ikki yilga yetishi mumkin. Demak, bu pullarni sarflamay, qora kunga saqlash kerak, yashash uchun esa pul topishga, mehnat qilishga to‘g‘ri keladi. Otasi sog‘lom bo‘lsa ham, qari odam. Besh yildirki, ishlamaydi, o‘z kuchiga unchalik ishonmaydi. Bu besh yil uning sertashvish va omadsiz hayotida birinchi ta’til edi, shu besh yil mobaynida u ancha bo‘shashib, o‘rnidan zo‘rg‘a turadigan bo‘ldi. Balki onasi, bo‘g‘ma kasaliga mubtalo bo‘lgan onasi, bir kun yursa, ikki kun derazalarni ochib tashlab, kushetkada hansirab yotadigan onasi ishlashi kerakdir? Balki singlisi, o‘n yetti yoshli go‘dak, yaxshi kiyimga o‘ch, choshgohgacha uxlashga odatlangan, oilaning mayda-chuydasiga qarashsa qarashib, qarashmasa, kichik ziyofatlarda skripka chalishga odatlangan singlisi pul topar? Qo‘shni xonada pul xususida gap ketar ekan, uyat-iztirobdan tanasi lovillayotgan Gregor eshikni qo‘yib yuborar va o‘zini charm divanga tashlardi.
U kechalari o‘sha divanda yotib, bir lahza ham uxlamay, tun bo‘yi divan charmini timdalab chiqardi. Yoki bir amallab kresloni deraza yoniga surardi-da, deraza tokchasiga tirmashar, oynaga yuzini bosib ko‘chaga uzoq qarardi. Lekin bu urinish ham behuda, avvalgi ozodlik tuyg‘usi kabi, xotirot kabi zaif edi. Zero Gregorning ko‘zlari kun sayin xiralashar, hatto avvallari u la’natlaydigan kasalxona binosini ham ko‘rolmay qolgandi. Agar u Sharlotteshtrasse ko‘chasida yashayotganini aniq bilmasaydi, Gregor derazadan kulrang osmon va kulrang yer bir-biriga qo‘shilgan sahroga qarayapman, deb o‘ylagan bo‘lardi. Lekin xonani tozalashga kelgan farosatli singil kresloning deraza yonida turganini ko‘rib, uni joyidan qo‘zg‘atmadi, hatto akasiga ko‘chani kuzatish o‘ng‘ay bo‘lishi uchun derazaning bir tabaqasini ochib qo‘yadigan bo‘ldi.
Gregor singlisi bilan gaplashish ilojini topib, qilgan yaxshiliklari uchun rahmat aytolmaydi, uning marhamatlarini vijdon azobisiz qabul qilishi mumkin edi. Ammo bunga imkon yo‘qligidan Gregor qattiq qiynalardi. Harholda, singlisi yuz bergan fojiani iloji boricha yengillatishga urinar, vaqt o‘tgan sayin Gregor ham o‘z ahvoliga ko‘nikib borar edi. Shunga qaramay, singlisi har gal xonaga kirganda Gregor tahlikaga tushardi. Qiz uning xonasini boshqalarga ko‘rsatmaslikka intilsa ham, keyingi paytlarda xonaga kirib, eshikni ochiq qoldirar va tez derazani ochardi-da, sovuq bo‘lishiga qaramay, romga suyanib turar, nafasi qisilganday chuqur-chuqur nafas olar edi. Singlisi Gregorni kunda ikki marta qo‘rqitardi: u xonaga kirganda, Gregor divan tagida qalt-qalt titrab, agar qiz derazani ochmay, men bilan bir xonada turishga chiday olsa edi, men undan shunchalik qo‘rqmagan bo‘lardim, deb o‘ylardi.
Gregor hasharotga aylanganiga bir oycha o‘tib, singlisi uning turqiga ancha ko‘nikkanday bo‘ldi. Lekin bir kuni odatdagidan sal ertaroq kelgan qiz derazaga tikilib turgan Gregorni ko‘rib, xonaga kirmadigina emas, balki dahshat ichida ortga tislandi va eshikni qarsillatib yopdi. Deraza eshikka yaqinligidan Gregor kirayotgan odamga xalaqit berishi tabiiy edi. Ammo chetdan qaraganda Gregor xuddi singlisini tishlab olish uchun pisib turganday ko‘rinardi. Albatta, Gregor darrov divan tagiga kirdi, ammo singlisi bir necha soat uning xonasiga qadam bosmadi. Faqat tushga yaqin qiz xavfsirabgina eshikni ochdi. Gregor sho‘rlik singlisining haligacha ko‘nikolmagani, divan ostidan chiqib turgan yarim tanani ko‘rib, ura qochmaslik uchun qiz irodasini ishga solishi kerakligini yaxshi bilardi. Gregor singlisini bu qo‘rqinchli manzaradan xalos etmoq uchun choyshabni divandan osiltirib — bu ishga to‘rt soat ketdi — o‘z ustiga shunday yopdiki, singlisi engashsa ham uni ko‘rolmas edi. Agar qiz akasidan qo‘rqmasa, yashirinishning hojati yo‘q deb hisoblasa, choyshabni yig‘ishtirib qo‘yaversin. Axir, Gregor buni o‘zi uchun qilmadi-ku. Lekin singil choyshabga tegmadi. Hatto Gregor choyshab chetini ko‘tarib qaraganda, singlisining minnatdor nigohini ko‘rganday bo‘ldi.
Dastlabki ikki haftada ota bilan ona Gregorning xonasiga kirishga jur’at qilmagan edilar. Lekin avvalari ota-ona nazarida noshud qiz hisoblangan, ko‘p so‘kish eshitadigan singlisini ota ham, ona ham endi tez-tez maqtab qo‘yadigan bo‘ldilar. Qiz Gregorning xonasini yig‘ishtirayotgan paytda ota-ona eshik oldida turishar va u chiqqan zahoti xonaning ko‘rinishidan tortib, Gregorning nima yeganigacha, o‘zini qanday tutgani-yu, tuzalishiga umid qilsa bo‘ladimi, yo‘qmi — hammasini surishtira boshlardi. Har qalay, Gregorni ko‘rish istagi onada ertaroq paydo bo‘ldi. Lekin ota va qiz uni har xil bahonalar bilan yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘ldilar; buni eshitib turgan Gregor ularning fikrini ma’qulladi. Bir necha kun o‘tgach, ko‘rish istagi kuchayib onani kuch bilan ushlab turadigan bo‘lishdi.
Gregor ota-onasini o‘ylab kunduz kunlari derazaga tirmashmasdi. Ammo bu katakday xona polida hadeb sudralaverish uning joniga tegdi. Kechayu kunduz qimirlamay yotish undan battar. Hatto ovqat ham unga yoqmay qolgan edi. Shuning uchun Gregor o‘zini ovuntirib, shift va devorda o‘rmalab yuradigan bo‘ldi. Ayniqsa, shiftda osilib turish unga yoqib qoldi. Bu usul polda sudralishdan farq qilib, Gregor erkin nafas olar, tanasi ajib bir parishonlikda sollanar ekan, rohatdan goho o‘zini unutib, polga shaloplab yiqilganda, bunga o‘zi ham hayron qolar edi. Lekin u tezda gavdasini idora qilishga o‘rgandi. Endi qancha balanddan yiqilmasin, o‘ziga ziyon yetkazmasdi. Singlisi Gregorning yangi mashg‘ulot topganini darrov sezdi (u o‘rmalagan joyda yelimsimon suyuqlik qolardi) va akasining bemalol o‘rmalashi uchun xonadagi mebelni — sandiq va yozuv stolini — tashqariga chiqarishga qaror qildi. Lekin bu ishni yolg‘iz o‘zi bajarolmasdi. Yangi yollangan o‘n olti yashar xizmatkor qizning yordam berishi ham gumon (U qo‘rqqanidan oshxona eshigini doim ichidan qulflab olar, faqat ovqat paytidagina ochardi). U otasini chaqirishga ham jur’at etmadi. Shuning uchun singil otasi yo‘qligidan foydalanib, onasini taklif qildi. Ona avvaliga hayajon ichida nimalardir deb o‘g‘lining yotog‘i tomon kela boshladi, ammo eshikka yaqinlashganda birdan jim bo‘ldi. Gregor shosha-pisha choyshab ortiga berkindi. Choyshab tabiiy, xuddi birov tashlab qo‘yganday, tabiiy osilib turardi. Lekin Gregor bu safar uning chetini ko‘tarib qaramadi. U onasi kelganidan xursand edi, ammo — hozircha — uni ko‘rish imkoniyatidan voz kechdi.
— Kiraver, u ko‘rinmayapti,— dedi singil va onasini yetaklab kirdi. Gregor bu zaifalarning og‘ir sandiqni o‘rnidan ko‘zg‘atishga uringanini eshitdi. Singlisi Greta onaning «Qo‘y, mayib bo‘lasan» deyishiga qaramay, ishning og‘ir qismini o‘zi bajarayotganini ham bilib turdi. Ular chorak soat kuymanib, hech narsa qilolmagandan so‘ng, onasi: sandiq o‘z joyida turgani ma’qul, dedi. Birinchidan, dedi onasi, sandiq og‘ir, otasining yordamisiz ularning kuchi yetmaydi, ikkinchidan, sandiq xona o‘rtasida tursa, Gregorga battar xalal beradi. Keyin, mebelni chiqarib qo‘ysak, Gregor ko‘ngliga olmasmikan? Menimcha, deb davom etdi onasi, Gregor xafa bo‘ladi, masalan, menga ship-shiydam devor yomon ta’sir qiladi: demak, Gregorga ham yoqmasligi tabiiy, qolaversa, Gregor bu mebelga ko‘nikkan, agar uni olib qo‘ysak, Gregor bo‘m-bo‘sh xonada o‘zini tashlandiq his qilmaydimi?
— Axir, — deb yakun yasadi ona (u Gregorning yashiringan joyini bilmasa ham, uning odam tiliga tushunmasligiga qattiq ishonsa ham, shunchalik sekin gapirardiki, go‘yo Gregorga tovushini eshittirishdan ham qo‘rqardi), — axir, biz mebelni olib qo‘yishimiz Gregorning tuzalishiga ishonmay, uni berahmlarcha o‘z holiga tashlaganimizni bildirmaydimi? Menimcha, xonani qanday bo‘lsa, shunday qoldirgan ma’qul, toki Gregor o‘z holiga qaytganda, xonaning avvalgiday turganini ko‘rib, bu kunlarni esidan chiqarsin.
Onasining gaplarini tinglar ekan, Gregor o‘zini aksincha — bo‘m-bo‘sh xonada yaxshi his qilishini esladi. Bu g‘alati ehtiyoj odamlar bilan bevosita aloqa qilmay aqli parokanda bo‘lganidan kelib chiqqandir, deb o‘yladi Gregor. — Nahotki, meros mebellar bilan bezatilgan bu shinam xona qorong‘i g‘orga aylanishini Gregor istasa? To‘g‘ri, bo‘sh xona uning o‘rmalashiga qulay, ammo u huvillagan devorlar ichida o‘zining insoniy o‘tmishini butunlay unutishi mumkin. Agar hozir uni onasining gaplari hushiga keltirmaganda, u ancha-muncha narsani haqiqatan ham unutayozgan edi. Yo‘q, hammasi o‘z o‘rnida qolsin. Xonadagi mebel uning dardiga da’vo bo‘ladi, mayli, o‘rmalashiga xalal bersin, bari bir bu ham foydali — ma’nisiz, shunchaki o‘rmalashning nima keragi bor.
Ammo singlisi boshqacha fikrda edi. U Gregor ahvolining bilimdoni sifatida unga tegishli masalalar bo‘yicha faqat o‘zi gapirardi. Hozir ham onasining maslahatini rad qilib, nainki sandiq, divandan boshqa (divan Gregorga chindan zarur edi) hamma narsani tashqariga olib chiqishni talab qildi. Bu qiliq singlisining keyingi kunlarda qilgan o‘jarligi yoki takabburligidan emasdi. Yo‘q, u Gregorning o‘rmalashi uchun joy kerakligini, qolaversa, Gregor mebeldan mutlaqo foydalanmasligini ko‘rib turardi. Balki bu Greta yoshidagi qizlarga xos qiziqqonliqdir. Nima bo‘lsa ham, Greta akasiga yanada yaxshiroq xizmat qilaman deb uning ahvolini battar og‘irlashtirayotganini o‘zi bilmasdi. Zero xona bo‘m-bo‘sh bo‘lib, unda Gregordan boshqa hech kim bo‘lsa, bunaqa joyga Gretadan o‘zga odam qadam bosolmasdi.
Bu fikr Gretaning izzat-nafsini alqar va shu sabab onasining maslahatiga ko‘nmadi. Onasi bu xonada o‘zini begona his qilib, qo‘rqa-pisa Gretaga yordam bera boshladi. Mayli, sandiqni opketishsin, ammo yozuv stoli qolishi kerak, deb o‘yladi Gregor. Ona va qiz, ikkovlon hansirab, sandiqni zo‘rg‘a qo‘shni xonaga o‘tkazganda, Gregor divan tagidan boshini chiqardi. U ehtiyotkorlik bilan, muloyimlik bilan bu qaltis ishga aralashmoqchi edi. Ammo, baxtga qarshi, Gretani narigi xonada qoldirib, onasi qaytib keldi. U Gregorni ko‘rsa kasal bo‘lib qolishi hech gap emasdi, shuning uchun Gregor darhol tislanib, divan tagiga kira boshladi va osilib turgan choyshab harakatga keldi. Bu onasining diqqatini jalb etdi, u taqqa to‘xtadi-da, bir zum qotib qoldi, keyin narigi xonaga chiqdi.
Gregor uyda davom etayotgan shovqinni tinglab, shunchaki narsalar o‘rnini almashtirishyapti, deb qancha o‘ylamasin, bu ikki ayolning tinimsiz qadamlari, shivirlashlariyu mebelning polda sirg‘alishlari — Gregorga katta ag‘dar-to‘ntar bo‘lib tuyulardi. U boshi va oyoqlarini tanasiga, tanasini polga qapishtirgancha, dir-dir titrab yotarkan, bu shovqinga uzoq chiday olmasligini angladi. Ular Gregorning yotog‘ini shipshiydam qilib, unga aziz bo‘lgan barcha narsani tortib olmoqda edilar. Duradgorlik uskunalari solingan sandiqchani allaqachon olib chiqishdi. Endi stolni, oyog‘i chirigan polga kirib ketgan yozuv stolini yulqiy boshladilar. Bu stolda Gregor dars qilardi. Savdo bilim yurtida, hatto xo‘jalik o‘quv yurtida ta’lim olayotgan davrida ham shu stolda dars tayyorlagan. Buni eslab, Gregor ayollarni ham, ularning qilayotgan himmatini ham unutdi, (ular charchaganidan nihoyatda jim ishlar, faqat oyoq tovushlari eshitilardi). Gregor divan ostidan otilib chiqdi. Bu payt ayollar qo‘shni xonada yozuv stoliga suyanib, nafas rostlardilar. Gregor birinchi navbatda qaysi narsani qutqarish kerakligini bilmay, ko‘zi devorda qolgan yakkayu yagona portret — mo‘ynali xonim rasmiga tushdi va devorga tirmashdi. O‘rmalab borib, portretni tanasi bilan bekitdi. Bu to‘rtburchak romning muzday shishasi uni qorniga bosilib, rohat bag‘ishlardi. Harholda Gregor bu suratni, o‘z tanasi bilan bekitgan bu portretni hech kim tortib olmasa kerak. U boshini burib, mehmonxona tomonga qaradi.
Ayollar ozgina dam olib, darrov qaytishdi: Greta onasini deyarli suyab kelar edi.
— Endi nimani olamiz? — dedi Greta va... ko‘zi devorda osilib turgan Gregorning ko‘ziga tushdi. Agar Greta yolg‘iz bo‘lsa, qo‘rquvdan o‘zini tutolmagan bo‘lardi, ammo hozir o‘zini tutdi, titrab-qaqshab, onasi tomon engashdi, uning Gregorni ko‘rib qolishini istamay, nima gapirganini ham bilmadi.
— Bir minutga narigi xonaga chiqmaymizmi, a? — dedi u.
Gregor singlisining maqsadini tushundi: u onasini xavfsiz joyga o‘tqazib, Gregorni devordan haydamoqchi. Mayli, urinib ko‘rsin, qo‘lidan kelarmikan. Gregor portretning ustida turibdi — uni hech kimga bermaydi. Singlisining yuziga yopishsa-yopishadiki bermaydi.
Ammo Gretaning ovozidagi titroq onani sergaklantirdi va u qizidan chekilib, devorda bahaybat, qo‘ng‘ir hasharotni ko‘rdi. Bu Gregor ekanligi xayoliga kelmasdanoq bor kuchi bilan «Oh, xudoyim-ey!» deb chinqirdi-yu, zaif qo‘llarini yoygancha divanga o‘tirib qoldi.
— Xap sanimi, Gregor! — deb o‘shqirdi ko‘zlari olaygan Greta va akasiga musht o‘qtaldi. Bu so‘zlar hasharotga aylangandan beri birinchi marta bevosita Gregorga qaratilgan so‘zlar edi. Greta onasini hushiga keltiradigan dori izlab, qo‘shni xonaga chopdi. Gregor ham (portretni saqlab qolishga hali vaqt bor edi) onasiga yordam berishni istadi. Lekin u portretga qattiq yopishgan ekanmi, oyoqlarini undan zo‘rg‘a uzdi va pastga tushib, qo‘shni xonaga o‘tdi. Bir paytlardagiday u singlisiga maslahat bermoqchi edi, ammo hozir uning orqasida yalpayib turishdan boshqa hech narsaga yaramadi. Har xil shishalarni olib, saralayotgan qiz, ortida turgan Gregorni ko‘rdida, qo‘rqqanidan bir shishani tushirib yubordi. Shisha chil-chil sindi va uning parchasi Gregorni yaraladi, yuziga achchiq dori sachradi. Greta hayallamay, qolgan shishalarni oldiyu onasi yoniga yugurdi. Xonaga kirib, oyog‘i bilan eshikni yopdi. Gregor endi onasidan, uning aybi bilan o‘lishga sal qolgan onasidan uzoqda. Aslida, u eshikni ochmasligi kerak edi. Greta bo‘lsa onasini yolg‘iz qoldirib bekor qildi. Gregorning endi kutishdan boshqa iloji yo‘q. U ming pushaymon bilan iztirobga chiday olmay, devorlarga, mebel va shiftga tirmasha boshladi. U shunday tez o‘rmaladiki, boshi aylanib, katta stolning qoq o‘rtasiga shaloplab yiqildi.
Gregor bir lahza madorsiz yotdi. Atrof jtsmjit edi. Bu sukunat yaxshilik alomatiday tuyulardi. Lekin birdan qo‘ng‘iroq jiringladi. Xizmatkor qiz oshxonani bekitib olgani uchun eshikni Greta ochishiga to‘g‘ri keldi.
Kelgan otasi edi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi u kirgan zahoti (ota Gretaning aft-angorini ko‘rib, hammasini tushungan edi). Qiz bo‘g‘iq ovoz bilan nimadir dedi: keyin otaning pinjiga tiqildi.
— Onam hushidan ketib qoldi, ammo hozir durust. Faqat Gregor xonadan chiqib ketdi.
— O‘zim ham shuni kutgandim, — dedi ota, — men sizlarga doim ogohlantirganman, ammo siz, ayollar quloq solmaysizlar.
Gretaning bu qisqa axborotini yomon tushungan otasi Gregor kuch ishlatdi degan fikrga borishi ayon edi. Otasiga bu tushunmovchilikni anglatish uchun Gregorda na fursat, na imkoniyat bor edi. Shu bois, hech bo‘lmasa vaziyatni yengillashtirish maqsadida, Gregor o‘z yotog‘i eshigi yoniga borib, unga qapishgancha turaverdi. Shubha yo‘qki, otasi buni ko‘rib, Gregorning o‘z xonasiga kirishga tayyor ekanligini tushunadi va uni haydab o‘tirmay, eshikni ochsa bas, — Gregor darrov g‘oyib bo‘ladi.
Lekin ota kayfiyati bu nozikliklarni fahmlash darajasida yaxshi emasdi. «Ha-a-a!» — dedi u kira solib. Uning ovozidagi adovat deyarli quvonch ohangida edi. Gregor eshikdan boshini ko‘tarib, otasi tomon qaradi. U otasini hech bunaqa ko‘raman, deb o‘ylamagan edi. To‘g‘ri, Gregorning uyda bo‘layotgan yangiliklarni avvalgiday kuzatib yurish imkoni yo‘q va endi biror o‘zgarish bo‘lar ekan, bunga hayron qolish ham keragi yo‘q edi. Lekin, bari bir, nahotki mana shu odam — uning otasi bo‘lsa?! Gregor saharda ishga jo‘nayotganda o‘rnidan turolmay, holsiz yotadigan odam shu bo‘lsa, Gregor haftada bir marta uyiga qaytar ekan, uni ko‘rib, quvonchini qo‘l ko‘tarib bildirguvchi, xalatga burkangancha kreslodan turolmay o‘tiradigan odam shu bo‘lsa?! Yakshanba yoki bayram kunlari, onda-sonda bo‘ladigan sayrlarda eski paltosini so‘nggi tugmasigacha qadab, qo‘lidagi hassani oldinga siltab tashlagancha, Gregor bilan onasining o‘rtasida zo‘rg‘a yuradigan, Gregordan ham, onasidan ham sekinroq qadam tashlaydigan, bir gapni aytmoqchi bo‘lsa, atrofidagilar unga engashsin deb, har safar to‘xtaydigan chol — mana shu bo‘lsa?! Yo‘q, u hozir qaddi-qomatini tiklab olgan, bank mirzalari kiyguchi ko‘k mundir gavdasiga chippa yopishgan, baland yoqa uzra haybatli iyagi turtib chiqqan, qora ko‘zlari o‘siq qoshlari ostida yaltirab turgan, ilgari tartibsiz sochilib yotguchi oq sochlari endi hafsala bilan taralib, yaltillayotgan bir kishi edi. U qaysidir bankning zarhal tamg‘asi taqilgan furajkasini xonaning narigi chekkasiga — divanga uloqtirdi. Mundirning keng uzun etagini qayirdi-da, qo‘llarini cho‘ntagiga tiqdi va basharasi g‘azabdan qiyshayib, Gregor tomonga yurdi. U chamasi nima qilishini o‘zi ham bilmasdi. Ammo ota oyog‘ini shunday baland ko‘tardiki, Gregor uning poshnasi naqadar katta ekanligidan hayratlandi. Gregor imillab o‘tirmadi, chunki otasining Gregorga nisbatan yagona to‘g‘ri munosabat — qattiqqo‘llikdir, deb hisoblashini yaxshi bilardi. Buni yangi hayoti boshlangan kuniyoq bildi. Shu sabab, u otasidan shafqat kutmay, qocha boshladi: otasi to‘xtasa u ham to‘xtadi, otasi chopsa, u o‘rmaladi. Shu alfozda ular xonani bir necha marta aylandilar. Ularning harakati sekinligidan bu ta’qibga ham o‘xshamasdi. Shuni hisobga olib, Gregor vaqtincha devor yoki shiftga tirmashishdan o‘zini tiydi. Qolaversa, shiftda o‘rmalash otasiga chidab bo‘lmas beorlik bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo Gregor xonada yugurishga ham zo‘rg‘a bardosh berayotganini sezdi. Negaki, otasi bir qadam tashlasa, u kichik oyoqchalari bilan juda ko‘p harakat qilishga majbur, buning ustiga nafas olishi tobora qiyinlashardi. Gregorning o‘pkasi avvaldan kasal edi. U oyoqlarini sudrab olar ekan, ko‘zini bazo‘r ochib, so‘nggi kuchini to‘pladi va jon-jahdi bilan yugurmoqchi bo‘ldi. Gregor esi pastligidan, qutulishning boshqa yo‘li, masalan, devor yoki o‘yma naqsh berilgan, o‘tkir qirralari ko‘p mebelga tirmashish mumkinligini ham o‘ylamadi. Shu payt tepadan nimadir «to‘p» etib tushdi-yu, Gregorning oldida yumalay boshladi. Bu olma edi. Uning izidan ikkinchisi yumaladi. Gregor dahshatdan qotib qoldi: yugurishidan ma’ni yo‘q, chunki otasi uni bombardimon qilishga qaror qilgan edi. U stolda turgan vazadagi bor-yo‘q olmani cho‘ntagiga tiqib, yaxshi mo‘ljalga olmay ham, Gregorga otar edi. Olmalar elektrlanganday, biri ikkinchisiga to‘qnash kelaverardi. Nihoyat, ulardan bittasi Gregorga sal tegdi-yu, ziyon yetkazmadi, ammo navbatdagi olma uning yelkasiga kirib ketdi. Gregor turgan joyidan nari ketsa, bu kuchli og‘riq yo‘qoladiganday, o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi. Afsuski, qimir etmadi.
U xuddi polga mixlanganday shalpayib yotardi. Yana bir ozdan keyin sekin xushdan keta boshladi. U faqat o‘z yotog‘ining eshigi ochilgani, allanima deb qichqirayotgan singlisining gapini bo‘lib, onasi otilib chiqqanini (onasi hamon ichki ko‘ylakda, uni boya behushligida nafasi qismasligi uchun qizi yechintirgan edi) va uning kiyib ulgurmagan yubkasini oyog‘iga o‘ralashtirgancha eri quchog‘iga tashlanganini ko‘rdiyu o‘zini yo‘qotdi. Xuddi shu lahzada onasi otasidan Gregorni o‘ldirmaslikni iltijo qilayotgan edi.
III
Olib tashlashga hech kimning jur’ati yetmagan olma Gregor yelkasida bir saboq sifatida qoldi. Bu og‘ir jarohatdan Gregor bir oy davomida azoblanib yashadi. Lekin bu yara hatto otasiga ham o‘z burchini eslatib qo‘ydi chamasi, ayanchli va jirkanch qiyofasidan qat’i nazar Gregor oila a’zosi ekanligini, unga dushmanga qaraganday munosabatda bo‘lishi insofdan emasligi va nafratni bosib, chidash, faqat chidash kerakligini otasi ham tushundi.
Jarohatning og‘irligidan Gregor avvalgi harakatchanligini yo‘qotgani tabiiy edi.
U qari invalidlarga o‘xshab, xonaning narigi chekkasiga ikki-uch minutda zo‘rg‘a yetib borardi. Devorga tirmashish esa xayoliga ham kelmasdi. Lekin ikkinchi tomondan, uning o‘ylashicha yaxshi bo‘ldi, chunki endi kechqurunlari mehmonxona eshigi doim ochiq turar va Gregor qorong‘ida yotgancha, hammaning ko‘zidan pinhon, dasturxon tevaragidagi o‘z qarindoshlarini kuzatar, ularning zohiriy ijozatidan foydalanib, suhbatlarini eshitishga haqi bor — ya’ni u nisbatan yangicha yashay boshlagan edi.
To‘g‘ri, bu suhbatlar o‘sha o‘tgan kunlardagiday, Gregor begona shahar mehmonxonasida nam o‘rindiqqa o‘zini tashlab, yolg‘izlikda sog‘intiradigan suhbatlarga o‘xshamas edi. Yo‘q, ular juda kam gapirishardi. Otasi kechki ovqatini yeb, kresloda o‘tirgancha uxlab qolardi. Ona va qiz bir-biridan jimlik talab qilib, lom-mim deyishmasdi. Ona do‘kon buyurtmasini bajarib oq matodan nimadir tikar, sotuvchi bo‘lib ishga kirgan singlisi — keyinroq yaxshi ishga joylashish maqsadida stenografiya va frantsuz tili bilan shug‘ullanardi. Goho otasi uyg‘onib ketib, go‘yo uxlamaganday, onasiga «Buncha uzoq tikmasang!» deb luqma tashlar va yana uxlab qolardi. Buni ko‘rgan ona va qiz bir-biriga jilmayib qo‘yardilar.
Otasi g‘alati bir qaysarlik bilan ish mundirini uyda ham yechmas edi: xalati kiyilmay, ilmoqda osilib turar, u bo‘lsa xuddi hozir boshliqning ovozi eshitiladiyu o‘rnidan sapchib turadiganday, kresloda mudrardi. Oqibatda shunday ham eskirgan bu mundir, ona va qizning qilgan harakatlariga qaramay, o‘z ko‘rinishini butunlay yo‘qotgan edi. Hamma joyi dog‘, ammo tugmachalari doim yaltirab turadigan bu mundirni Gregor kechqurunlari uzoq tomosha qilardi. Chol bu mundirda, noqulay bo‘lsa ham, xotirjam uxlardi.
Soat o‘nga zang urganda onasi cholni sekin uyg‘otib, o‘rniga yotqizmoqchi bo‘lardi. Negaki, unga kreslo o‘ng‘ay bo‘lsa ham, tong soat oltida turmoq uchun to‘yib uxlash zarur edi. Lekin otasi mirzalik vazifasiga o‘tgandan beri qaysar bo‘lib qolgan va shu tufayli har gal kreslodan karavotga o‘tkazish uchun uyg‘otsalar, u qayta uxlab qolib, hammani halak qilardi. Ona uning yengidan tortib, qulog‘iga shirin gaplar aytar, hatto Greta ham mashg‘ulotini tashlab, onasiga yordam berardi. Nihoyat, ikkovi cholni qo‘ltig‘idan ko‘tarishganda, chol goh xotini, goh qiziga qarab «Mana, hayot, mana, qarigan kunimda rohat», deya g‘o‘ldirardi. Va ularga suyanib, gavdasini idora qilolmaydigan odamday ohista o‘rnidan turar, o‘z xonasi eshigiga yetganda, boshi bilan ularga «Qo‘yaveringlar, o‘zim boraman», deb imo qilar edi. Qiz otasiga joy to‘shash uchun shoshar, ona bo‘lsa tikuvini buguncha to‘xtatardi.
Og‘ir mehnatdan sillasi qurib, zo‘riqqan bu oilada Gregordan xabar olishga deyarli hech kimning vaqti yo‘q edi. Ro‘zg‘orga zarur harajat miqdori kun sayin kamayardi. Shu bois, xizmatkor qizning javobini berishga to‘g‘ri keldi. Og‘ir ishlarni bajarish uchun oq sochli yo‘g‘on, suyakdor bir xotin keladigan bo‘ldi. Qolgan yumushlarni, tikuv-bichuv bilan bir qatorda, onasining o‘zi qilardi. Gregor bir kuni kechqurun uydagilarning qaerdandir paydo bo‘lgan pul haqidagi gapini eshitib, hatto bayramda taqiladigan qimmatbaho narsalar ham sotilganini bildi. Ayniqsa, oila a’zolari kvartiraning kattaligidan ko‘p nolirdilar. Moddiy ahvolning tangligi kichikroq uyni ijaraga olishni taqozo etar, ammo Gregorni ko‘chirish muammo edi. Gregor ko‘chishga xalal berayotgan narsa faqat o‘zi emasligini yaxshi bilardi, chunki uni havo kirib turadigan biror qutiga solib, bemalol ko‘chirish mumkin. Yo‘q, oilaga xalaqit berayotgan narsa — hech kimning boshiga tushmagan bu falokat negadir aynan Zamzalar oilasini tanlagani haqidagi dahshatli fikr va noumidlik edi. Bu oilaning har bir a’zosi, kiborlar kambag‘aldan ne talab qilsa, shuni bajarmoqqa mahkum edi: otasi bank xizmatchilariga nonushta tashir, onasi birovlarning choyshabini tikishga o‘zini fido qilar, singlisi xaridorlar hukmi bilan do‘konga chopar edi — xullas, ular boshqa ishga qurbi yetmay, kechga yaqin sulayib qolardilar. Gregorning yelkasidagi yara ham boshqacha og‘riy boshladi. Kechqurunlari ona bilan qiz cholni yotqizgandan so‘ng o‘z ishlarini darrov to‘xtatar va yonma-yon bir-birining pinjiga kirib o‘tirarkanlar, ona Gregor yotgan xona eshigiga imo qilardi, «Greta, anavi eshikni yopib qo‘y», derdiyu Gregor yana zulmatda qolardi. Keyin ona bilan qiz ko‘zyosh to‘kar, nihoyat ko‘zlari qaqrab, bir nuqtaga tikilgancha lol o‘tirardilar.
Gregor kunduz ham, kechasi ham uxlamasdi. U ba’zan hozir eshik ochilsa, bas — oila tashvishini yana o‘z zimmamga olaman, deb o‘ylardi. Uning ongida — uzoq tanaffusdan keyin — yana boshliq va kommivoyajerlar paydo bo‘ldi, yana shogird bolalar, tentak farrosh, boshqa firmada xizmat qiluvchi ikki-uch og‘aynisi, qay bir viloyat mehmonxonasidagi xizmatkor qiz — istarasi issiq bir mavjudot, oniy xotira va shlyapalar sotiladigan do‘konning kassiri — chiroyligina ayol (Gregor anchagacha uning ko‘nglini ovlab yurgan edi) — hammasi aralash-quralash, notanish unutilgan odamlar qo‘shilib, yaxlit bir manzara hosil qildi. Lekin ular ham Gregor va uning oilasiga yordam berolmas, shuning uchun Gregor ularni unutsa xursand bo‘lardi.
Keyin u yana oilasini o‘ylamay qo‘yar, hatto unga yaxshi qarashmayotganini eslab g‘azablanar edi. Nima yeyishini tasavvur qilmay turib, omborxonaga tushishga o‘zicha qasd qilar, och bo‘lmasa-da, o‘z hissasini olish haqida o‘ylar edi. Keyingi paytda ishga ketishdan oldin ertalab yoki peshinda singlisi Gregorga yoqsa-yoqmasa, biror ovqatni oyog‘i bilan surib xonaga kiritadigan bo‘ldi. Kechqurun esa bu ovqatni yeyildimi-yo‘qmi, qaramay, supurib tashlardi. Gregorning xonasini tozalashga singlisi endi ko‘p vaqt yo‘qotmasdi. Xonani qalin chang bosgan, axlat uyilib yotar, devorlarga uzun-uzun dog‘lar chaplangan edi. Dastlab, Gregor qizga dakki berish maqsadida, eng iflos burchakka boshini tiqib yotdi. Ammo u haftalab yotsa ham, singlisi bu burchakka tegmagan bo‘lardi. Qiz bu axlatlarni akasidan yaxshiroq ko‘rib turar, faqat artishni istamas edi. Shunga qaramay, u o‘zini Gregorning yotog‘iga qaraydigan yagona odam deb sanar va bu huquqni doim himoya qilar edi. Bir kuni, nima bo‘ldi-yu, onasi katta tog‘orada suv keltirib, Gregorning xonasini boshdan-oyoq yuvdi. (Nam Gregorga yoqmas, shuning uchun u divanda cho‘zilgancha, karaxt yotardi) va qizidan baloga qoldi: Greta kechqurun xonadagi o‘zgarishni sezdi-da, mehmonxonaga chopib chiqdi, onasining yalinishiga qaramay faryod ko‘tardi. Bu yig‘idan cho‘chib ketgan otasi kreslodan turdi va nima qilarini bilmay, qotib qoldi. Keyin ota o‘ng tarafdan, qizi chap yondan onaga qichqirgancha Gregorning xonasiga qarash Gretaning ishi ekanligi uqtira boshladilar. Onasi hayajondan garangsigan cholni xonasiga olib ketishga harakat qildi. Greta bo‘lsa yig‘idan qaltirab, kichik qo‘llari bilan stolni mushtlardi. Gregor, o‘z navbatida bu manzarani ko‘rishga toqati yo‘q, eshikni ochiq qoldirganlaridan g‘azablanib, tinmay vishillar edi.
Harholda, singil ishdan charchab kelib, Gregorga avvalgiday qaramasa ham, onasi uning o‘rnini bosolmasa ham, Gregor butunlay o‘z holiga tashlab qo‘yilmadi. Endi xizmatkor xotinning navbati kelgan edi. Bu qari beva, baquvvat gavdasi tufayli uzoq yashagan va umri bo‘yi bu fojiadan ham besh battarini ko‘rgan beva, Gregordan unchalik irganmasdi. U bir kuni shunchaki — qiziqib emas — Gregorning eshigini ochdi-yu, polda yotgan bahaybat hasharotni ko‘rib, taajjublandi va qorniga qo‘llarini qo‘ygancha to‘xtab qoldi, Gregor bo‘lsa uni hech kim quvmasa ham, birdan yugura boshladi. O‘shandan beri xizmatkor xotin har kuni ertalab yoki kechqurun Gregorning eshigini ochib qaraydigan bo‘ldi. Hatto u Gregorni o‘zicha erkalab chaqirardi ham: «Bu yoqqa kel-chi, go‘ngqo‘ng‘iz, bu yoqqa kel!» yoki «Manavi qo‘ng‘izchani qarang, qani beri kel!», deb ermak qilardi. Lekin Gregor unga mutlaqo javob bermas, go‘yo xonada hech kim yo‘qday, o‘rnidan qimir etmasdi. Gregorni huda-behudaga bezovta qilish o‘rniga bu xotinga xonani yig‘ishtirishni buyursalar bo‘lardi! Bir kuni ertalab — darazaga yomg‘ir tomchilari urilab, bahor kirib qolganga o‘xshardi — xizmatkor xotin odatdagi safsatasini boshlagan edi, Gregor qattiq g‘azablanib, hujum qilishga tayyorlanganday, bemajol bir harakat bilan, sekin xizmatkor xotin tomon burildi. U bo‘lsa qo‘rqish o‘rniga eshik yonida turgan stulni dast ko‘tardiyu og‘zini ochgancha turib qoldi. Gregor bu stul uning yelkasiga zarb bilan tushmaguncha xizmatkor xotin og‘zini yopmasligini darrov tushundi va yana ortiga o‘girilib, avvalgi holatiga qaytdi. «Demak, boshqa hamla qilish yo‘q», dedi xizmatkor xotin xotirjamlik bilan stulni yerga qo‘ydi.
Gregor anchadan beri ovqat yemas edi. Faqat unga qo‘yilgan yeyimlik yonidan o‘tayotib, ermak uchun og‘ziga bir parcha solar va bu parchani bir necha soat og‘zida olib yurar, keyin tuflab tashlardi. Dastlab, u xonaning ko‘rinishi ishtahani bo‘g‘di, deb o‘yladi. Lekin u xonadagi o‘zgarishga tez ko‘nikib oldi-ku: uyda ortiqcha tuyulgan narsalarning hammasini uning xonasiga tiqishdi. Bunaqa ashqol-dashqollar keyingi paytda yana ko‘paydi, chunki oila uyning bir xonasiga uchta kishini ijaraga qo‘ydi. Ijarachilarning uchalasi ham sersoqol — buni Gregor eshik tirqishidan ko‘rdi — nihoyatda talabchan kishilar edi. Ular faqat o‘z xonasida emas, balki butun uyda, ayniqsa oshxonada tartib bo‘lishini qattiq talab qylardilar. Ular zarur mebelni o‘zlari bilan olib kelishgan edi. Shu sabab, uyda ortiqcha, sotishga yaroqsiz, tashlab yuborishga ham ko‘z qiymaydigan anchagina narsa paydo bo‘ldi. Bular hammasi Gregorning xonasiga joylandi. Kul tashlaydigan quti ham, axlat solinadigan idish qam uning xonasida edi. Hatto vaqtincha keraksiz tuyulgan har bir narsani xizmatkor xotin Gregorning xonasiga uloqtirar edi. Balki xizmatkor xotin bu narsalarni keyin olib chiqaman, deb o‘ylagandir, ammo qachonlardir uloqtirilgan matoh shundayligicha yotaverar va Gregor bu ashqol-dashqol oralab o‘rmalar ekan, ba’zilarini qo‘zg‘atib qo‘yishga majbur bo‘lardi. Lekin bora-bora, bu sayohat Gregorga yoqib qoldi. Garchi sayohatdan so‘ng Gregor o‘lguday charchab, uzoq vaqt bemajol yotsa ham, uning yagona ermagi shu edi.
Ijarachilar kechki ovqatni ba’zan uyda, keng mehmonxonada qilsalar-da, mehmonxona eshigi berk bo‘lardi. Gregor bundan xafa bo‘lmas edi, chunki eshik ochiq qolgan oqshomlarda ham uning kuzatishga madori yo‘q, qorong‘i burchakka tiqilib yotaverar va uydagilar unga e’tibor qilishmasdi. Lekin bir kuni xizmatkor xotin mehmonxona eshigini yarim ochiq qoldirdi. Ijarachilar kelib, chiroq yondi, ammo eshikni hech kim yopmadi. Ijarachilar stolning narigi tomoniga — ilgari Gregor, ota va onasi o‘tiradigan joyga o‘tirdilar, salfetkani yozib, qo‘llariga sanchqi bilan qoshiq olishdi. Shu payt go‘sht to‘la tovoqni ko‘tarib onasi, uning izidan kartoshka uyulgan ikkinchi tovoqni ko‘tarib singlisi kirib keldi. Ovqatdan quyuq bug‘ ko‘tarildi. Ijarachilar oldiga qo‘yilgan tarelkalar uzra go‘yo ovqatni tekshirayotganday engashdilar. O‘rtada o‘tirgani, ichida obro‘lirog‘i shekilli, go‘shtni boshqa idishga olmayoq, kesa boshladi. U go‘sht yaxshi qaynatilmagan bo‘lsa, oshxonaga qaytarib yubormoqchiday edi go‘yo. Lekin u norozilik bildirmadi. Buni kuzatib turgan ona va qiz bir-birlariga qarashdi-da, jilmayib qo‘yishdi.
Uy egalari oshxonada ovqatlanardilar. Lekin otasi oshxonaga kirmay, avval ijarachilar yoniga keldi, furajkasini qo‘liga olib, hammaga ta’zim qilgan bo‘ldi. Ijarachilar ham o‘rnidan turib, g‘o‘ldirab qo‘yishdi. Keyin ular yolg‘iz qolishdi va ovqatini jim yeya boshladilar. Bu ovqat marosimidagi har xil shovqin ichida go‘sht chaynayotgan tishlar tovushi alohida eshitilgani Gregorga g‘alati tuyuldi. «Ovqat yemoq uchun tish kerak. Busiz, jag‘ qancha kuchli bo‘lmasin, hech narsaga yaramaydi», deb o‘yladi Gregor. «Axir mening ishtaham yaxshi-ku, — dedi ichida yozg‘irib Gregor, — faqat bunaqa ovqatga tobim yo‘q. Lekin anavilarning yeyishiga qara, men bo‘lsa o‘lib ketayapman!»
O‘sha kuni kechqurun oshxonadan skripka tovushi eshitildi. Gregor bu tovushni kasal bo‘lgandan beri birinchi marta eshitishi edi. Ijarachilar ovqatlanib bo‘lishgan edi. O‘rtada o‘tirgani gazeta olib, uning ichidagi sahifalarini o‘rtoqlariga cho‘zdi va uchovlon kresloga chalqaygancha, mutolaa qila boshladilar. Skripka tovushi chiqqan zahoti, ular o‘rnidan turib, oyoq uchida oshxona eshigiga bordilar va jim quloq sola boshlashdi. Lekin oshxonada o‘tirganlar buni sezdi shekilli, otasining ovozi chiqdi:
— Balki janoblariga skripka tovushi yoqmas? Uni hoziroq to‘xtatish mumkin...
— Yo‘q, aksincha, — dedi o‘rtadagi ijarachi, — xonim bizning xonaga o‘tib chalsalar yanada xursand bo‘lardik, bizning xona, harholda, ancha qulay...
— O, marhamat! — deya xitob qildy otasi, go‘yo skripkani o‘zi chalayotganday.
Ijarachilar mehmonxonaga qaytib, kuta boshlashdi. Bir ozdan so‘ng chol nota qo‘yadigan kursini ko‘tarib, onasi — qo‘lida nota, synglisi skripkani olib kirib keldilar. Greta bamaylixotir chalishga tayyorlana boshladi. Ota bilan ona ilgari hech kimni ijaraga qo‘ymagani sababli, tajribasizlik qilib, ijarachilarga ortiqcha iltifot etar, hatto o‘z kursilariga o‘tirishga ham jur’at qilishmasdi. Chol o‘ng qo‘lini mundirining tugmachalari orasiga tiqqancha, eshikka suyanib turar, ona bo‘lsa ijarachilardan biri shunchaki taklif qilgan stulga o‘tirmay, bir burchakda begonasirab turardi.
Greta chala boshladi. Ota va ona uning qo‘l harakatini diqqat bilan kuzatdilar. Kuyga berilgan Gregor odatdagidan ko‘ra oldinroq o‘rmaladi va uning boshi deyarli mehmonxonaga chiqib turardi. Gregor so‘nggi paytlarda odamlarga e’tibor qilmay qo‘yganini sezdi-yu, bunga taajjublanmadi. Avval odamlarga bo‘lgan bu e’tibori bilan — farosati bilan faxrlanardi. Endi-chi, hech qachon hozirgiday ko‘rimsiz bo‘lmagan Gregor hatto odamlardan yashirinishni ham istamasdi: uning yelkasi va biqiniga har xil iplar, ovqat qoldiqlari yopishgan, hamma joyini chang bosgan edi. Ammo endi har kuni gilamga chalqancha tushib, o‘zini tozalashga Gregorning hafsalasi yo‘q, ayni paytda o‘z turqiga nisbatan shunchalar loqayd ediki, hech ikkilanmay mehmonxonaning yaltirab turgan polida o‘rmalay boshladi.
Lekin unga hech kim e’tibor qilmadi. Ota-onasi butunlay kuyga berilib ketgan, ijarachilar esa shim cho‘ntagiga qo‘l tiqib, nota qo‘yilgan kursi yonida turardilar. Ularning notaga tikilib turgani singlisiga xalaqit berardi. Buni sezishgan ijarachilar shivirlashib, deraza yoniga o‘tdilar. Chol hammasini besaranjom kuzatardi. Ijarachilarning yaxshi kuy eshitamiz degan umidi puchga chiqqanday, bu tomosha ularning joniga tekkanday, faqat odob yuzasidan jim turganday edi ular. Ayniqsa, og‘zi-burnidan pag‘a-pag‘a chiqayotgan tamaki tutuni ularning asabiylashganini shunday ko‘rsatib turardi. Greta bo‘lsa, nihoyatda yaxshi chalardi. U boshini xiyol qiyshaytirib, nota belgilariga diqqat bilan, ayni paytda mahzun qarardi. Gregor yana oldinroq siljidi. Singlisining ko‘ziga qarash uchun boshini yerga qo‘ydi; musiqa unga shunchalik ta’sir qilar ekan, nahotki u odam emas, hayvon bo‘lsa? Gregor hozir g‘aroyib bir oziqqa yaqin qolganday, noma’lum bir lazzatga yetadiganday entikdi. U singlisining yoniga borib etagidan tortishga qat’iy qaror qildi: toki, qiz Gregorning xonasiga kirib chalsin, toki u Gregordan boshqa bu yerda hech kim musiqani qadrlay olmasligini tushunsin. U Gregorning xonasiga kirsa bas, Gregor toki tirik ekan, uni boshqalarga bermaydi. Mayli, Gregorning jirkanch qiyofasi nihoyat o‘z vazifasini bajarsin. u xonaga kirmoqchi bo‘lgan har bir kimsani o‘z basharasi bilan dahshatga soladi, singlisini himoya qilib, barcha eshiklar yonida paydo bo‘ladi. Lekin singlisi uning yonida o‘z istagi bilan qolishi kerak. Mayli, u Gregor bilan divanda o‘tirsin, unga engashib quloq solsin, shunda Gregor agar boshiga falokat tushmaganida Gretani konservatoriyaga joylashtirmoqchi bo‘lgani va bu haqda rojdestvodan oldin (rojdestvo ham o‘tib ketgan edi) hech kimning e’tirozini tinglamay, e’lon qilmoqchi bo‘lganini tushuntiradi. Buni eshitib singlisi quvonch va alamdan yig‘laydi. Gregor bo‘lsa uning yelkasiga tirmashib, ochiq bo‘ynidan — xizmatga kirgandan beri na ro‘mol, na yoqa ko‘rgan ochiq bo‘ynidan o‘padi.
— Janob Zamza! — deb baqirdi o‘rtadagi ijarachi va ortiq gapirmay, barmog‘ini bigiz qilib, sudralayotgan Gregorni ko‘rsatdi. Skripkaning ovozi tindi. O‘rtadagi ijarachi o‘rtoqlariga qarab tirjaydi, boshini likillatdi va yana Gregorga qaradi. Otasi Gregorni haydashdan avval ijarachilarni tinchlantirmoq zarur deb o‘yladi shekilli. Ammo ijarachilar xotirjam, hatto ularni musiqadan ko‘ra Gregor ko‘proq qiziqtirardi. Bari bir chol qo‘llarini yozgancha, gavdasi bilan Gregorni yashirib, ijarachilar yoniga bordi va ularni o‘z xonasiga chekintira boshladi. Cholning bu qilig‘idanmi yoki Gregorday qo‘shni borligidan xabardor qilmaganlari uchunmi, ijarachilarning jahli chiqdi. Ular choldan, bu nima deganday, izoh talab qildilar, lekin chol siquvi ostida asta-sekin ortga chekina boshladilar. Shu orada chalishni to‘xtatgan singlisi o‘ziga kela boshladi; u hamon chalishni davom ettirayotganday skripka va kamonchani ushlab, notadan ko‘z uzmay bir zum qotib turdi, keyin seskanib tushdi-da, qo‘lidagi asbobini hali ham burchakda shumshayib o‘tirgan, dami qisib zo‘rg‘a nafas olayotgan onaning tizzasiga qo‘ydi va qo‘shni xonaga chopib kirdi. Bu xonaga ijarachilar ham tislanib kelar edi, lekin singlisi abjirlik bilan ko‘rpa-yostiqlarni tartibga keltirdi va ko‘z ochib-yumguncha ularga o‘rin soldi. Otasi bo‘lsa o‘jarligi tutdimi, ijarachilar oldida majburiyatni ham unutib, ularni siqib borardi. Nihoyat, o‘rtadagi ijarachi — bo‘sag‘aga yetganda — polni gursillatib tepdi va chol o‘ziga keldi, to‘xtadi.
— Ijozatingiz bilan shuni aytayki, — dedi ijarachi qo‘lini ko‘tarib va ayni paytda ko‘zlari bilan ona-qizni axtardi, — bu uy, bu oiladagi razil odatlarni (u yerga tufladi) tushundim va men ijaradan voz kechaman. Bu yerda yashagan kunlar uchun bir chaqa ham to‘lamayman, aksincha, mening sizga da’vom bor, ishontirib aytamanki, bunga asos ham bor.
Keyin jim bo‘ldi. Nimanidir kutganday qotib qoldi.
U behuda kutmagan edi — yonidagilar tilga kirdi:
— Biz ham ijaradan voz kechamiz.
Shundan keyin ular xonaning eshigini qarsillatib yopdilar.
Chol gandiraklagancha qo‘llarini yozib, o‘zini kresloga tashladi. U bir qarashda jinday uxlab olish uchun o‘tirganday ko‘rinardi, ammo boshi goh u, goh bu yoqqa jonsiz og‘ayotganini hisobga olinsa, uning mutlaqo uxlash uchun o‘tirmagani ayon bo‘lardi.
Gregor hamon ijarachilar ko‘rib qolgan joyda yotar, o‘z rejasi amalga oshmaganidanmi, ochlikdanmi, uning qimirlashga majoli yo‘q edi. U bir necha lahzadan keyin hamma narsa barbod bo‘lishini bilar va bu dahshatli onni kutar edi. U butunlay karaxt edi, hatto onasining titroq qo‘llaridan tushib ketgan skripka tovushi ham uni qo‘rqitmadi.
— Qadrli ona, qadrli otajon, — dedi singlisi stolni chertib, — endi bunaqa yashash ketmaydi. Agar buni sizlar tushunmasangiz, men tushunaman. Manavi mahluq qoshida akamning nomini aytmayman, lekin biz undan qutulishimiz kerak. Odam qilishi mumkin bo‘lgan hamma ishni qildik: unga qaradik, uni parvarishladik, unga chidadik. Menimcha, bizni hech kim shafqatsizlikda ayblay olmaydi.
— U ming bora haq, — dedi chol ohista xotiniga. Ona bo‘lsa, mushti bilan og‘zini bekitib, qattiq yo‘tala boshladi. Uning ko‘zlari telbanikiga o‘xshardi.
Singil onasining yoniga borib, qo‘lini uning manglayiga bosdi. Qizining gaplaridan keyin aniq bir qarorga kelgan chol o‘tirgan joyida qaddini ko‘tardi. U stol (kechki ovqatdan keyin idish-tovoqlar yig‘ishtirilmagan edi) chekkasida yotgan furajkasini o‘ynar ekan, goh-goh Gregorga qarab qo‘yardi.
— Biz undan qutulishimiz kerak, — dedi yana qiz otasiga. Onasi yo‘tal bilan bo‘lib, uni eshitmasdi.
— Bu maxluq ikkalovingizni ham xarob qiladi, mana ko‘rasizlar, — deb davom etdi qiz. — Boshimizga tushgan qora mehnat yetmaganiday, uydagi bu azobga balo bormi! Yo‘q, men bunga ortiq chidolmayman!
Singlisi yig‘lab yubordi. Uning ko‘z yoshlari onasining yuziga tomgach, qiz beixtiyor uning yuzini arta boshladi.
— Jigarim, bolaginam, — dedi kutilmaganda mehribonlik bilan otasi, — nima qilaylik, axir, nima?
Qiz yig‘lagani uchunmi avvalgi qat’iyligi yo‘qolib, yelkasini qisdi, xolos.
— Loaqal u bizni tushunsaydi, — dedi otasi savol ohangida.
Yana yig‘iga tushgan qiz «Buning iloji yo‘q», deganday keskin qo‘l siltadi.
— Agar u bizni tushunsa edi, — dedi chol va qizi aytganday, buning iloji yo‘qligini eslab, ko‘zlarini yumdi, — tushunsa edi, balki u bilan kelishib olish mumkin bo‘larmidi, lekin bunaqada...
— Yo‘qolsin bu yerdan! — deb qichqirdi singlisi, — yagona najot shu, ota. Sen bu maxluq — Gregor degan fikrdan qutulmog‘ing kerak. Bizning uzoq vaqt bebaxt kun kechirganimizga o‘sha fikr sababchi. Qaranglar, shu Gregormi? Agar Gregor, bo‘lganda, odamlar bunaqa maxluq bilan yashay olmasligini allaqachon tushunib, o‘zi ketgan bo‘lardi. O‘shanda biz yaqinimizdan judo bo‘lsak ham, uning xotirasini muqaddas tutgan bo‘lardik-ku. Bu maxluq esa doim bizni ta’qib qiladi, ijarachilarni haydaydi, butun uyni o‘ziga olmoqchi, bizni ham ko‘chaga chiqarib tashlamoqchi. Ana, ota, qaragin, u yana o‘z bilganini qilyapti!
Singlisi Gregor tasavvur qilmagan bir dahshatda onasini ham tashlab, otasi tomon yugurdi. Uning harakatidan qattiq hayajonlangan chol qizini himoya qilganday qo‘llarini cho‘zdi.
Lekin birovni qo‘rqitish, ayniqsa singlisini xafa qilish Gregorning xayolida ham yo‘q edi. U o‘z yotog‘iga kirish uchun aylanayotgan edi, xolos. Uning bu harakati darrov ko‘zga tashlandi, chunki aylanish qiyin bo‘lganidan u boshini ham ishga solar va boshi polga gurs-gurs urilardi. Gregor bir zum to‘xtab, atrofga boqdi; uning yomon maqsadda emasligini hamma tushunganday bo‘ldi, qo‘rqinch yo‘qoldi. Atrofdagilar unga g‘amgin qarab o‘tirishar, onasi — charchoqdan ko‘zlarini yarim ochib stulda, singil esa otasining pinjiga kirib, jim o‘tirardilar.
«Endi aylanaversam bo‘ladi», deb o‘yladi-Gregor va o‘z ishini davom ettirdi, Bu oson ish bo‘lmay, Gregor tez-tez dam olishga majbur bo‘lar, kuchanib vishillardi. Darvoqe, uni hech kim qistamas, ixtiyor o‘zida edi. Aylanib bo‘lgandan keyin Gregor to‘g‘ri o‘rmalab ketdi. (U xonasigacha shuncha masofa borligiga hayratlandi. Bu yo‘lni hozirgina nechog‘lik tez bosib o‘tganligini esladi). Tezroq xonaga kirishni o‘ylaganidan, atrofdagilarning na qichqirig‘i, na biror so‘zini eshitdi. Faqat bo‘sag‘adan o‘tganda ortiga qaramoqchi edi, bo‘yni qotib qolganini sezdi, ammo orqasida turganlarni ko‘rishga ulgurdi: singlisini hisobga olmaganda, hamma o‘rnida o‘tirar, hatto onasi uxlab qolgan edi.
Gregor xonaga kirgan zahot kimdir eshikni qarsillatib yopdi va avval zanjirlab, keyin kalit bilan ham qulflab qo‘ydi. Eshik qarsillaganda qo‘rquvdan Gregorning oyoqchalari bukilib ketdi. Eshikni singlisi yopgan edi. U allaqachon o‘ziga kelib, Gregor bo‘sag‘adan o‘tgan zahotiyoq «Nihoyat-a!» deya xitob qilib, eshikni shoshilinch bekitgan edi.
«Bu yog‘i nima bo‘ladi endi?» deb savol berdi Gregor o‘ziga va zulmatga tikilib, jim qoldi. Bir ozdan keyin u o‘zining qimirlay olmasligini bildi. Ammo taajjublanmadi, aksincha, bu ojiz oyoqlari uni hozirgacha qanday ko‘tarib yurganiga hayratlanardi. Gregor butun vujudida og‘riq sezdi. Lekin og‘riq tobora susayib, bir ozdan so‘ng butunlay to‘xtaganday tuyuldi. Yelkasida chirib ketgan olma atrofidagi yara qattiq yallig‘langanini u deyarli sezmasdi. Gregor «Men yo‘q bo‘lishim kerak» deb o‘ylar va bu qaror singlisi chiqargan hukmdan ham qat’iy edi. Gregor shahar minorasidagi soat tungi uchga zang urgunga qadar o‘sha holatda — sof va osoyish xayollar qo‘ynida yotdi. Keyin uning boshi o‘zidan-o‘zi polga «shilq» etib tushdi va Gregor so‘nggi marta zaif nafas oldi.
Ertalab xizmatkor xotin keldi. Undan qancha iltimos qilishsa-da, har kuni tongda eshikni qattiq taqillatib kirar va hammani uyg‘otib yuborar zdi.
U odati bo‘yicha Gregorning xonasiga bosh suqib, biror o‘zgarishni sezmadi. Polda qimirlamay yotgan Gregorni ko‘rib «nayrang qilyapti», deb o‘yladi. Xizmatkor xotin Gregorning nayrangga aqli yetishiga shubha qilmas edi. U qo‘lidagi supurgi bilan Gregorni qitiqlamoqchi bo‘ldi. Bu ham foyda bermagach, Gregorni yengilgina itarib ko‘rdi, ammo Gregor o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Ana shunda xizmatkor xotin sergaklandi. Nima bo‘lganini tushundi va ko‘zlarini katta ochib, sekin xushtak chalib yubordi.
U hayallamay, oila dam olayotgan xona eshigini ochdi. Hali qorong‘i xona bo‘sag‘asida turib bor ovozi bilan qichqirdi:
— Qaranglar, u o‘lib qopti! Harom o‘libdi, qaranglar!
Bu ovozdan cho‘chib ketgan janob Zamza va Zamza xonim birga yotadigan to‘shaklarida bir zum garangsib o‘tirishdi. Keyin bu qichqiriq mazmuniga tushundilar. Er-xotin karavotining ikki tomonidan shoshilinch tusha brshladilar. Janob Zamza yelkasiga yengil ko‘rpani tashlab, Zamza xonim ichki ko‘ylakda Gregorning xonasiga kirdilar. Mehmonxona eshigi ochilib (ijarachilar kelgandan beri Greta mehmonxonada uxlardi), Greta paydo bo‘ldi. U boshdan-oyoq kiyingan, go‘yo tun bo‘yi uxlamaganday edi. Uning yuzidagi za’faronlik ham shundan dalolat berardi.
— Mana, endi, — dedi janob Zamza, — xudoga shukr, desak bo‘ladi.
U cho‘qindi. Yonidagi uchta ayol ham cho‘qinib qo‘ydi. Jasaddan ko‘z uzmay turgan Greta:
— Qaranglar, uning ozib ketganini. Keyingi, paytlarda ovqat yemay qo‘ygan edi, nima bersang ham yemasdi, — dedi.
— Bir minutga bu yoqqa kir, — dedi qiziga Zamza xonim va g‘amgin kulib, o‘z yotog‘iga ketdi. Greta jasaddan ko‘zini uzmay, onasiga ergashdi. Xizmatkor xotin jasad yotgan xona eshigini bekitib, mehmonxona derazalarini ochdi. Vaqt erta bo‘lsa ham, havo ancha iliq, chunki mart oyi oxirlab qolgan edi.
Ijarachilar o‘z bo‘lmalaridan chiqib, haligacha nonushta yo‘qligini ko‘rib, taajjublandilar: ularni unutishibdi-da!
Xizmatkor xotin barmog‘ini labiga bosdi va Gregorning xonasi tomon ishora qildi.
Ijarachilar Gregorning yotog‘iga kirishdi va qo‘llarini cho‘ntaklariga tiqib, jasadni o‘rab olishdi.
Shu payt Zamza oilasi paydo bo‘ldi. Ota ish mundirini kiygan, bir yonida qizi, ikkinchi yonida xotini uni qo‘ltiqlab olishgan edi.
— Hoziroq mening uyimdan chiqib ketinglar! — dedi janob Zamza ijarachilarga eshikni ko‘rsatib. Chol ona va qizini qo‘yib yubormay, hamon birga turishardi.
— Bu bilan nima demoqchisiz? — deb so‘radi o‘rtadagi ijarachi va xushomad aralash iljaydi. Qolgan ikkitasi qo‘lini orqaga qilib, kaftlarini bir-biriga ishqar, hozir katta janjal boshlanib, ularning foydasi bilan tugashini kutardilar.
— Nima degan bo‘lsam, shu! — dedi janob Zamza va qizi bilan xotinini qo‘ltiqlab, ijarachilarga yaqinlashdi. Ijarachi nima deyishini bilmay jim qoldi.
— Nima ham qilardik, ketamiz, — dedi u nihoyat va ruxsat so‘raganday janob Zamzaga boqdi. Janob Zamza bunga javoban ko‘zlarini chaqchaytirib, boshini silkitdi, xolos. Shundan so‘ng ijarachi keskin qadamlar bilan dahlizga yo‘naldi. Ikkita og‘aynisi uning orqasidan hakkalagancha chopishdi, go‘yo janob Zamza ularni o‘z yo‘lboshchisidan ajratib qo‘yadiganday edi. Uchalasi dahlizdagi ilgakdan shlyapalari va hassalarini olib, o‘girilib ta’zim bajo keltirishib uydan chiqdilar. Mutlaqo o‘rinsiz shubha bilan janob Zamza ikkita ayolni qo‘ltiqlab zina maydonchasiga chiqdi. Keyin ular zinapoya panjarasiga suyangancha, sekin tushib ketayotgan, aylanishlarda goh ko‘rinib, goh ko‘rinmay borayotgan ijarachilarga qarab turishdi: ijarachilar pastga tushgan sayin, Zamza oilasi ularga shuncha befarq qarardi. Nihoyat, zinapoyada yangi odam — baland qomatini ko‘z-ko‘z qilib, boshiga savat qo‘ygan qassob yordamchisi paydo bo‘ldi-yu, janob va xonim Zamzalar bir oz yengil tortishdi, uyga kirishdi.
Ular bugun dam olishga, sayr qilishga qaror qildilar. Bu tanaffus ularga juda zarur va ularning bunga haqi bor edi. Uchalasi o‘tirib uchta tushuntirish xati yozdilar: janob Zamza — o‘z direktoriga, Zamza xonim — boshqaruvchisiga, Greta — boshlig‘iga. Ular xat yozayotganda xizmatkor xotin ishini tugatib, ketishga ruxsat so‘rab kirdi. Yozayotganlar xatdan ko‘z uzmay «Boravering», deb bosh irgashdi, ammo bu javobdan keyin ham o‘rnidan jilmagan xotinga birdan norozi qaradilar:
— Nima kerak yana? — dedi janob Zamza.
Xizmatkor xotin go‘yo ajoyib xushxabar aytmoqchi-yu, undan hech kim yaxshilab so‘ramayotganday, ostonada tirjayib turardi. Uning shlyapasidagi — doim janob Zamzaning jig‘iga tegadigan — tuyaqush pari to‘rt tomonga likillardi.
— Xo‘sh, nima kerak sizga? — deb so‘radi Zamza xonim. Xizmatkor xotin unga boshqalarga nisbatan xurmat bilan qarardi.
— Ha, — dedi kulgidan o‘zini zo‘rg‘a tutib xizmatkor xotin,— anavi maxluqni yig‘ishtirish haqida tashvishlanmanglar, hammasi joyida.
Janob Zamza va Greta undan yuz o‘girib, go‘yo yozishni davom ettirganday, yana xat uzra engashdilar. Xizmatkor xotinning voqeani batafsil aytishga shaylanganini ko‘rgach, janob Zamza qo‘lini keskin siltab, rad qildi. Gap berilmaganidan xafa bo‘lgan beva birdan shoshilayotgani esiga tushib, «Xush qolinglar!» dedi-da, eshiklarni taraqlatgancha uydan chiqdi.
— Kechqurun uni bo‘shatib yuboramiz, — dedi janob Zamza. Unga hech kim — na qizi, na xotini — javob bermadi. Chunki boyagina erishilgan farog‘atni hizmatkor xotin chilparchin qilgan edi. Ona va qiz quchoqlashib deraza yoniga keldilar. Janob Zamza o‘tirgan joyida ular tomon burildi va uzoq tikilib qoldi.
— Bu yoqqa kelsalaring-chi! Unutinglar o‘sha o‘tmishni! Meniyam ozgina o‘ylanglar, axir! — deya xitob qildi u birdan.
Ona-bola chol yoniga itoatkorona keldilar, uni yupatib, erkaladilar. Keyin chala qolgan xatni tezda tugatishdi.
So‘ngra uchovlon uydan chiqib, tramvayda shahar chetiga sayrga jo‘nadilar. Ular tushgan vagon iliq oftob nuriga to‘la edi. Uchalasi shinam kursilarga joylashib, ertaning rejasini tuza boshladilar: umuman olganda, ular tanlagan ish shunchalik yomon emas, buni bir-biriga shu kungacha aytmagan bo‘lsalar ham, endi har birining ishi o‘ziga yarasha imtiyozli, degan xulosaga kelishdi. To‘g‘ri, ahvolni tez yaxshilash uchun dastlab, kvartirani almashtirish kerak. Ularga kichikroq, arzonroq, ya’ni Gregor topgan uydan shinamroq kvartirani ijaraga olish zarur. Shu qarorga kelib, janob Zamza va uning xotini tobora avj bilan so‘zlayotgan qiziga qarashdi-yu, ikkalovi ham bir narsani o‘yladi: kechgan iztiroblardan yuzi siniqqan bo‘lsa ham, Greta so‘nggi kunlarda haqiqiy jononga aylandi. Ota-ona beixtiyor ko‘z urishtirib, qiziga loyiq kuyov axtarish payti ham kelganligini o‘ylay boshladi. Manzilga yetganda, Greta ota-onasining shirin xayollarini ma’qullaganday, birinchi bo‘lib o‘rnidan turdi va navqiron qomatini rostladi.
Ruschadan M.Solih tarjimasi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1983 yil, 8-son.