OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Frans Kafka. Muttaham (hikoya)

Nihoyat, oqshom soat o‘nga yaqin o‘zim taklif etilgan dang‘illama uy oldiga ilgaritdan shunchaki tanish bo‘lgan va bugun kutilmaganda menga qo‘shilib, ikki soatdan beri ketimdan ko‘chama-ko‘cha ergashib yurgan odam bilan yetib keldim.
— Xo‘sh! – dedim men va xayrlashishimiz zarurligiga ishora qilib, chapak chaldim. Oldin ham bir necha marta shama qilgandim. Yo‘q, juda charchab ketdim.
— Hoziroq yuqoriga chiqasizmi? – so‘radi u mendan, bir-biriga urilgandek, tishlari takillab.
— Ha.
Men-ku, taklif etilganman, buni unga allaqachon aytib edim. Albatta, hozir shu yerda pastda, darvoza oldida ro‘paramdagi manovi kishining quloqlariga tikilib va og‘zimizga tolqon solib, uzoq qolib ketgandan ko‘ra, jon deb yuqoriga chiqqan bo‘lardim. Shu taxlit indamay turishimizga yon-verimizdagi uylardan tortib, to ular uzra cho‘kkan shom va yulduzlargacha hamdardlik bildirayotgandek edi go‘yo. Hozir qayoqqa borishayotganining unchalik ham ahamiyati bo‘lmagan ko‘zga ko‘rinmas sayr qiluvchilarning qadamlari, qarama-qarshi tomonda joylashgan ko‘chaning pinjiga suqilishga urinayotgan shamolning uvillashi hamda allaqayoqdagi xonadon derazalari osha taralayotgan grammofon ovozi, go‘yo azaldan va bir umr bu ularning mulkidek, jimjitlik qa’ridan eshitilib turardi.
Hamrohim esa, bir iljaydi-da, ham o‘zining, ham mening qiyofamni birlashtirib, bitta odamga aylandi, — o‘ng qo‘lini devor bo‘ylab yuqoriga ko‘tardi va ko‘zlarini yumib, devorga suyandi. Uning bunday qilig‘ini ko‘rib, uyalib ketdim. Chunki bu bilan uning borib turgan muttaham ekanligi shundoqqina fosh bo‘ldi-qoldi. Bir necha oydan buyon shaharda bunaqangi firibgarlarni ko‘raverib, ularning kechalari yon ko‘chalardan chiqib kelib, xuddi restoran, mehmonxona yoki bo‘lmasam qovoqxona xo‘jayinlariga o‘xshab, mulozamat qilishlariga ko‘nikib qolgandim. Afishalar yopishtirilgan ustunlar oldida turgan paytimizda atrofda aylanib yurib, xuddi bekinmachoq o‘ynayotgandek, ustun panasida turib, o‘g‘rincha ko‘z qiri bilan bizni kuzatib, poylashardi, qolaversa, ko‘cha chorrahalaridan o‘tishimiz bilan yo‘lka chetida birdaniga paydo bo‘lib qolishlari-chi!
Xullas, men ularni yaxshi bilardim, axir ular shahardagi mo‘‘jazgina restoran, mayxona va mehmonxonalarda ilk bor uchratib, taniganlarim edi-da. Ular ko‘rinishdan shunaqangi gapga ko‘nmas odamlar bo‘lardiki, hozir buni his qilib, qaerda turganligimni ham bilolmay qoldim. O‘zi ulardan qochib, tutqich bermay yursang-u, yana tag‘in oldingdan lop etib chiqib turishini qarang! Birpas tin olishmaydi, yiqilib ham qolishmaydi, odamga uzoqdan bo‘lsa-da, bir qaradimi, izmiga solmay qo‘ymaydi! Topgan usullari hamisha bir xil: oyoqlarini kerib, oldingda “mana-man” deb turib oladi; biror yoqqa bormoqchi bo‘lib tursang, yo‘ldan uradi; evaziga esa sen uchun dilida uy (xona) tayyorlab qo‘yadi, bularni ko‘rgach, odamda hissiyot paydo bo‘ladi, buni quchoq ochish deb o‘ylab, senga tashlanishadi.
Mana hozir bunaqa eski hazillarni sezib qoldim. Sir boy bermay, barmoqlarim uchlarini bir-biriga ishqay boshladim.
Bu odam esa, suyanganicha miq etmay, o‘zini hamon firibgardek tutardi. Nihoyat, taqdirga tan berdimi, beti birdan qizarib, bo‘zarib ketdi.
—  Tanidim! — dedim o‘zimga o‘zim va uning yelkasiga yengil turtib qo‘ydim. So‘ngra zinadan tez yuqoriga chiqdim, qabulxonada turgan xizmatkorlarning yuz-ko‘zlaridagi asossiz sadoqat ifodasidan kutilmagan sovg‘adek, sevinib ketdim. Ularning barchasiga bir-bir razm solib chiqarkanman, paltomni yechib, etigimning changini ham artib qo‘yishdi. So‘ng yengil nafas olib va bo‘yim cho‘zilib, ichkariga – zalga kirdim.

Nemis tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.