Kechga yaqin chegaraga yaqinlashganlarida Nena Dakonte nikoh uzugi ta-qilgan barmog‘idan hamon qon tomchilayotganini ko‘rdi. Kigizrang yomg‘irpo‘sh kiygan ispan jandarmi karbid chirog‘ini tutib ularning pasportini uzoq ko‘zdan kechirdi. Pireney tog‘laridan esayotgan kuchli shamol uni uchirib ketaman derdi. Garchi ikkala pasport ham diplomatik maqomga ega bo‘lsa-da, jandarm chiroq nurini hujjatlardagi suratdan uzib, bularning yuziga tutdi. Balog‘atga yetib-etmagan, ko‘zlari ma’sum, rutubatli yanvar oqshomida shinnirang yuzida Karib oftobi jilva qilib turgan Nena Dakonte pahmoq po‘stinga tomog‘igacha o‘ranib o‘tirardi. Bunaqa po‘stinni xarid qilishga chegaradagi butun boshli garnizonning bir yillik maoshi ham yetmaydi. Egniga katak-katak kamzul, boshiga beysbol qalpoqchasi kiyvolib rulda o‘tirgan eri Billi Sanches de Avila undan bir yosh kichik, ammo xuddi uning o‘ziday xushro‘y edi, faqat oldinga turtib chiqqan zarang iyagi ko‘rinishdan yoqimtoy kallakesarni yodga solardi. Xotinidan farqli o‘laroq, u bo‘ychan va durkunroq edi. Ularning jamiyatdagi o‘rnini ko‘z-ko‘z qilib turgan yana bir unsur bu joylarda kamdan-kam uchraydigan hashamatli avtomo¬bil bo‘lib, uning orqa o‘rindig‘ida yap-yangi chamadonlar va sovg‘a to‘la qog‘oz qutilar uyulib yotardi. Nena Dakontening birdan-bir ovunchog‘i bo‘lmish saksofon ham shu yerda edi, – hayhot! – kunlardan bir kun bu ovunchoqni plyajda yurgan baodob bosqinchining mash’um muhabbati chilparchin qilib tashladi.
Jandarm muhr bosilgan pasportlarni qaytarib bergach, Billi Sanches un¬dan yaqin-atrofda dorixona bor-yo‘qligini so‘ragan edi, u kafti bilan og‘zini shamoldan pana qilib, Andaydan, frantsuzlar tomonidan surishtiringlar, deb qichqirdi. Oynavand hujra ichida qarta tashlab o‘tirgan Anday politsiyachilari esa mahobatli moshinaga ko‘z qirini tashlashdiyu "o‘tib ketaveringlar" degan ishorani qilishdi. Billi Sanches to‘xtab, ustma-ust signal qopqog‘ini bosdi, axiyri zardasi qaynab ketgan bir politsiyachi tuynukdan boshini chiqarib, jerkib berdi:
– Nima qilib turibsan? Ketavermaysanmi, galvars!
Ana shunda Nena Dakonte po‘stinining yoqalarini yuziga bosib moshinadan tushdi-da, politsiyachidan sof frantsuz tilida dorixona qaerdaligini so‘radi. Lunji to‘la non, politsiyachi loqaydlik bilan dorixonaga ishi tushmaganini aytib, darchani yopdi. Ammo nigohi bir zum nomsiz barmog‘ini so‘rib turgan antiqa po‘stinli qizga qadaldi, nazarida osmondan farishta tushganday bo‘ldi shekilli, birdan ko‘nglidagi qahr o‘rnini mehr egalladi.
– Bayonnada dorixona bor, – dedi u, – lekin bunday havoda ishlayotganmi-kan? Tinchlikmi o‘zi? – deb so‘radi keyin.
– Tinchlik, – deya jilmaydi Nena Dakonte va olmos ko‘zli uzuk yarqirab turgan barmog‘ini ko‘rsatdi. Barmoq uchidan qon silqirdi. – Tikan kirib ketdi.
Bayonnaga yetmaslaridan yana qor yog‘a boshladi. Shom qorong‘isi endigina yoyilayotgan bo‘lishiga qaramay, shaxar ko‘chalari bo‘m-bo‘sh, hamma eshiklar taqa-taq berk edi. Allamahalgacha dorixonani qidirib topisholmadi. Yana yo‘lga tushishdi. Billi Sanches xursand edi. Shu paytgacha mingan moshinalari to‘y munosabati bilan sovg‘a qilingan mana bu "Bentli"ga yaqin kelolmasdi, aslida-ku qo‘lini qayoqqa uzatsa yetadigan otasi uni moshinadan hech qachon qismagan, xohlaganini olib berib turgan. U mana shunday shirin xayollar og‘ushida o‘tirar, yurgani sayin toliqish o‘rniga charchog‘i tarqab borardi. Billi shu bugunoq Bordoga yetib olmoqchi edi, chunki ularni "Splendid" mehmonxonasida oldindan buyurib qo‘yilgan jannatiy xona kutmoqda. Shu tobda uni na ro‘paradan esayotgan kuchli shamol, na bo‘ralab yog‘ayotgan qor to‘xtata olardi. Nena Dakonte esa butkul holdan toygan, ayniqsa, yo‘lning Madriddan chegaragacha bo‘lgan o‘ydim-chuqur qismi uni tutday to‘kib tashlagan edi. Binobarin, Bayonnadan chiqishlari bilan u qon oqayotgan barmog‘ini ro‘molchasi bilan bog‘lab, qattiq uyquga ketdi. Billi Sanches buni yarim kechaga yaqin, qor tinib, qarag‘ayzorda shamol to‘xtagan va ko‘kda yulduz durlari yiltillagan paytdagina payqadi. Bordo ortda qolgan edi, u yerda Billi moshinaga benzin quydirish uchungina to‘xtadi, niyati tezroq Parijga yetvo-lish edi. 25 ming funtga xarid qilingan dabdabali qo‘g‘irchog‘iga mahliyo bo‘lib qolgan Billi barmog‘iga o‘rog‘liq ro‘molchasi jiqqa qonga bo‘kkan shirmonyuz qiz uning quvonchiga sherik bo‘ladimi-yo‘qmi – bu haqda o‘ylamasdi.
Ular uch kun burun bu yerdan minglab kilometr olisdagi Kartaxane-de-Indiasda qizning ota-onasini qon qaqshatib, faqat arxiepiskopning oq fotihasi bilan turmush qurishdi. Nima voqea yuz berganini, nogohoniy bu muhabbat qanday paydo bo‘lganini ularning o‘zidan boshqa hech kim bilmasdi. Bu muhabbat esa to‘ydan uch oy muqaddam dengiz sohilida, orombaxsh yakshanba kunlarining birida ko‘z ochgan edi. O‘sha kuni Billi Sanchesning to‘dasi Marbele plyajidagi ayollarning yechinish xonalariga bostirib kirdi. Bundan sal ilgariroq Nena Dakonte o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, Shveytsariyadagi Shatelen internatida ta’lim olib, to‘rtta tilni suv qilib ichib yuborgan va saksofon chalishni o‘rganib, yaqindagina o‘z yurtiga qaytgan edi. Bu – u dengizga kelganidan keyingi ilk yakshanba edi. Nena cho‘milish libosini kiyish uchun butkul yechinib bo‘lganida yon-veridagi bo‘lmalarda birdan qiy-chuv ko‘tarildi, u nima gapligini o‘z xonasining zulfini sharaqlab otilib ketganidagina angladi. Ro‘parasida uyat joyiga shapaloqday qoplon terisini tutib olgan ertaklardagiday xushsurat bir bezori turardi. Qayishday tarang qomati janub oftobi va dengiz shamolida obdon qoraygan, o‘ng mushtiga qaroqchilarning sinalgan quroli bo‘lmish temir zanjir o‘ralgan. Bir vaqtlar ular boshlang‘ich maktabda birga o‘qishgan edi. O‘-ho‘, ular bormagan oilaviy tantanalar, bazmu ziyofatlar qoptimi! Har ikkalasi ham shaharni yotqizib-turg‘izadigan nufuzli xonadonlarning farzandlari edi. Ammo hozir, oradan ko‘p yillar o‘tgani sababli, bir-birlarini dabdurustdan taniyolmadilar. Haykalday qotib qolgan Nena Dakonte hatto u yer-bu yerini yashirishni ham tamomila unutgan edi.
Billi Sanches nomus qilganidan zanjir o‘ralgan mushti bilan kiyimxona devorini shunaqa urdiki, barmoq suyaklari dabdala bo‘ldi. Qizning o‘zi moshinasida uni kasalxonaga olib borib, tuzalgunicha tepasidan jilmadi, bu g‘amxo‘rlikning oqibati shu bo‘ldiki, ular birgalikda zino ilmini yuksak cho‘qqilarga ko‘tardilar. Ikki yosh uchun dunyoda go‘yo bundan ko‘ra huzurbaxsh mashg‘ulot yo‘qday edi. Kunni kun, tunni tun demay, istalgan yerda: goh moshina ichida, goh dengiz sohilida faqat shu ish bilan shug‘ullanishdi. Hatto yaqindagina taqdir ularni uchrashtirgan plyajdagi yechinish xonalari ham qolgani yo‘q. Xullasi kalom, nikoh o‘qilib, ikkovlari jufti halolga aylangan kunning ertasiga Nena Dakontening qornidagi homila ikki oylikka yaqinlashib qolgani ma’lum bo‘ldi.
Binobarin, Madridga uchib kelganlarida ular o‘zlarini bearmon ayshu ishrat qilgan jazmanlarday emas, balki ming yillik orzulari ushalgan yosh kelin-kuyovlarday tutdilar. Qizning ham, yigitning ham ota-onasi ularni kutib olishga puxta tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishgan edi. Samolyotga zinapoya tirkalishi bilan birinchi toifadagi bo‘lmaga protokol bo‘limining xodimi kirib keldi. U Nena Dakontega ota-onasi nomidan nuqraday oppoq manto sovg‘a qildi, Billi Sanchesga esa qo‘y terisidan tikilgan nimpo‘stin bilan aeroportda qantarib qo‘yilgan yap-yangi moshinaning kalitini topshirdi.
Diplomatik vakolatxonaning barcha xodimlari ularni faxriy mehmonlarga mo‘ljallangan qabulxonada kutib olishdi. Elchi va uning rafiqasi bular esini tanibdiki, har ikkala xonadon uchun aziz kishilar edi. Bundan tashqari, ularni hali shudring tomchilari qurib ulgurmagan bir dasta atirgul bilan qarshi olgan elchi Nena Dakon-tening inga-ingasini eshitgan doya-do‘xtir ham edi. Qiz er-xotinga talpinib, ularni navbati bilan o‘pdi, so‘ng guldastani oldi, shunda atirgulning tikani barmog‘iga g‘archillab sanchildi, ammo Dakonte darrov vaziyatni yumshatdi:
– Uzugimni ko‘rib qo‘yinglar deb ataylab shunday qildim.
Diplomatlarning bari qadimiy ustalar qo‘lidan chiqqan olmos ko‘zli uzukka mahpiyo bo‘lib qoldi, ko‘plari ichi¬da uzukning narxini xomcho‘t qilgan bo‘lsa ham ajab emas. Hech kim barmoqdagi qonni payqamadi. Keyin hammaning e’tibori moshinaga og‘di. Tadbirkor elchi uni aeroportga keltirib, ipak matoga o‘rashni va ustidan zarhal jiyak bilan bog‘lab qo‘yishni buyurgan edi. Ammo Billi Sanches bu topqirlikning qadriga yetmadi. Moshinani tezroq ko‘rish ishtiyoqi ustun kelib, bir siltov bilan matoni sidirib tashladiyu angrayib qoldi. Bu eng so‘nggi nusxadagi "Bentli" rusumli moshina bo‘lib, ichki jihozlari butkul asil charm bilan qoplangan edi. Birdan havo aynadi, Guadarram tomondan achchiq izg‘irin esa boshladi. Lekin Billi Sanches sovuqni sezmasdi, u mashinaga andarmon bo‘lib, uning jamiki ikir-chikirini ko‘zdan kechirib chiqdi va shu tariqa elchixona xodimlarini allamahalgacha ochiq bekatda diydirab turishga mahkum etdi. Keyin elchi ziyofat rejalashtirilgan maxsus qarorgohga borish uchun uning yoniga, oldingi o‘rindiqqa o‘tirdi. Io‘l-yo‘lakay shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rsatib ketdi, ammo fikru xayoli moshinada bo‘lgan Billi Sanches bunga parvo ham qilgani yo‘q.
Ilgari u o‘z yurtidan tashqariga chiqmagan edi. Har yili sinfdan sinfga o‘ta olmay, barcha xususiy va davlat maktablarining tuzini tatib ko‘rdi, axiyri ko‘pchilikning qarg‘ishiga uchragan yomon bolalar to‘dasiga qo‘shilib ketdi. Bu shahar u tug‘ilib-o‘sgan shaharga o‘xshamasdi: dengizi yo‘q, turqi sovuq kulrang binolar, yalang‘och daraxtlar – xullas, nazari tushgan hamma narsa ta’bini xira qilar, lekin Billi Sanches buni sezdirmaslikka tirishardi. Elchining qarorgohida ziyofat avjiga chiqib, shaharga yopirilgan qor bo‘ronini hech kim payqamadi, Frantsiyaga jo‘nash uchun qarorgohdan chiqqanlarida esa butun borliq oq choyshabga burkangan edi.
Nena Dakonte barmog‘idan qon oqayotganini Madriddan jo‘naganlaridan so‘ng oradan to‘rt soat o‘tgach, bo‘ron tinib, havo ochilgan paytdagina ko‘rib qoldi. Avvaliga taajjublandi, chunki elchining xos mehmondorchilikni operalardan ariyalar ijro etish bilan yakunlashga odatlangan xotini sha’niga qiyqirib chapak chalganida barmog‘ida og‘riq sezmagan edi. Keyinroq, har gal eriga chegaraga eltadigan eng yaqin yo‘lni ko‘rsatarkan, qon oqayotgan barmog‘ini beixtiyor so‘ra boshladi, faqat Pireneyga yetganlaridagina dorixona esiga tushdi. Ammo so‘nggi kunlardagi "zo‘ri behuda"lar o‘z ishini qildi – uni uyqu elitdi, cho‘chib uyg‘onganida esa (tushida moshina suv ustida suzib ketayotganmish) barmog‘iga o‘ralgan ro‘molcha xayoliga ham kelmadi. Ro‘parasidagi soatga qarab allaqachon Bordoni ham, Angulemni, Puateni ham bosib o‘tishganini, hozir esa Lauru oralab, suv bosgan baland to‘g‘on ustida ketishayotganini angladi. Qarag‘aylar ortidagi ko‘hna qal’alar oyning xira yog‘dusida ertaklardagi sirli-sehrli sharpalarday ko‘zga tashlanardi. Bu joylarni besh qo‘liday biladigan Nena Dakonte Parijgacha atigi uch soat yo‘l qolganini chamalab ko‘rdi, Billi Sanches esa rulda hamon gijinglagan toyday o‘tirardi.
– Joningda qasding bormi? – dedi u eriga. – O‘n bir soatdan ko‘p yuribmiz-a, tamaddi qilib olsang-chi!
Ammo Billi Sanches yangi moshina gashti bilan to‘q edi. Garchi samolyotda kam uxlagan bo‘lsa-da, Parijga qiynalmasdan yetib borishi ko‘rinib turardi.
– Elchining uyida bir oyga yetadigan ovqat yeganman, – deya javob berdi u bamaylixotir. Orleanga yaqinlashganlarida tuman tarqadi, oy barkashi qor bosgan dalalarga ayamay nur socha boshladi, ammo Parijga sabzavot va vino olib borayotgan yuk mashinalari tirbandlashib, yurish ancha qiyinlashdi. Nena Dakonte jon-jon deb rulga o‘tirgan bo‘lardi-yu, lekin bundan og‘iz ochishga ham jur’at etolmasdi, sababi Billi Sanches bir kuni, xotinining yonida yo‘lovchiday o‘tirgan erkak – erkak emas, degan edi. Qariyb besh soat to‘yib uxlab olgan Nena hozir o‘zini bardam his etar, birorta xarob mehmonxonada yotib qolishmaganidan nihoyatda xursand, faqat tunning besamar o‘tgani jinday alam qilayotgan edi, xolos. Billi Sanches xotinining ko‘nglidagini uqqanday luqma tashladi:
– Bir ot o‘yin qilmaymizmi? Qor ustida gashti bo‘lakcha-da. Hoziroq, nima deysan?
Nena Dakonte o‘ylanib qoldi. Yo‘lning ikki chetiga qalin momiq qor to‘shalgan. Qaniydi, tappa tashlasangu bir-biringga chirmashib ketsang! Ammo shahar yaqinlashgani sayin qatnov tig‘izlashib borar, tevarak-atrofdagi zavodlarning chiroqlari ko‘zga tashlanar, velosiped mingan ishchilar ketma-ket o‘tib turar edi.
– Parijgacha chida, – dedi Nena Dakonte. – Er-xotinga o‘xshab, ozoda to‘shakda qilaylik shu ishni.
– Birinchi marta rad etishing, – deya taajjublandi Billi Sanches.
– To‘g‘ri, – dedi qiz. – Birinchi marta er-xotin bo‘lib turibmiz-da.
Osmon yorisha boshlaganda yuvinib olish va jinday hordiq chiqazish maqsadida yo‘l bo‘yidagi qahvaxonaga kirishdi, keyin yuk mashinalarining nonushta qila¬yotgan haydovchilari yonida turib issiq bulochka bilan qahva ichishdi. Hojatxonada Nena Dakonte yubkasidagi qon dog‘larini ko‘rdi, lekin tozalab o‘tirmadi. Bo‘kib ketgan ro‘molchani axlat qutisiga uloqtirib, qo‘lini shoshmasdan sovunlab yuvdi. Tikan yarasi ko‘zga shundoq tashlanib turardi. Moshinaga o‘tirganlarida barmoqdan yana qon oqa boshladi. Nena Dakonte sovuq shamol qonni to‘xtatadi degan umid bilan qo‘lini tashqariga chiqarib oldi, lekin foydasi bo‘lmadi. "Birortasi izimizga tushgan bo‘lsa, mushkuli osonlashdi, – dedi u soddadillik bilan. – Qorga tomgan qonlarim izidan bemalol topaveradi".
– Eshityapsanmi? "Madriddan Parijgacha cho‘zilgan qon izlari..." Qo‘shiqqa o‘xshaydi-ya!
Ammo bu hazilning tagi zil ekani tezda ma’lum bo‘ldi. Parijga tutash shaharchaga kirib borganlarida barmokdan qon tizilib otila boshladi, shunda Nena Dakonte qon bilan birga tanasini jon ham tark etayotganini ilk bor his etdi. U jarohat ustiga hojatxona qog‘ozini bosar, qonga bo‘kkan qog‘ozni paydar-pay tashqariga uloqtirib borardi. Qon asta-sekin po‘stin barlari va o‘rindiqqa yoyila boshladi. Billi Sanches sarosimaga tushib yana dorixona qidirmoqchi bo‘ldi, ammo endi dorixona yordam berolmasligini Nena Dakonte anglab yetgan edi.
– Hademay Orlean darvozasidan o‘tamiz, – dedi u. – Katta yo‘ldan to‘g‘ri boraverasan, u yog‘ini ko‘rsataman.
Ammo general Leklerk nomi bilan ataluvchi katta yo‘ldan olg‘a siljish oson bo‘lmadi. Yo‘lning ikkala tomonida yengil moshina va mototsikllar bir-biriga mingashib ketgan, o‘lganning ustiga tepgan deganlariday, markaziy bozorlarga oshiqayotgan yuk mashinalari qimir etgani qo‘ymas edi. Billi Sanches xunobi oshib haydovchilar bilan so‘kishib ketar, Nena Dakonte hay-haylab uni hovridan arang tushirardi. Faqat Leon Belfor maydonidan o‘tishga bir soatdan ortiq vaqt sarflashdi. Qahvaxona va do‘konlarning chiroqlari yarim tundagidoy charaqlab turar, zero Parij yanvarining odatdagi seshanbasi bo‘lib, havo rutubatli, yomg‘ir aralash qor yog‘ardi. Danfer-Roshro ko‘chasi xoliroq ekan, ozgina yurganlaridan so‘ng Nena Dakonte eriga o‘ngga burilishni buyurdi, ko‘p o‘tmay ular befayz bir kasalxona oldida to‘xtashdi.
Moshinadan tushayotganda Nena Dakontega yordamlashishga to‘g‘ri keldi, lekin uning ruhi tetik, fikri ravshan edi. Navbatchi do‘xtir kelguncha Nena zambilda yotgan ko‘yi hamshiraning siyqa savollariga javob qaytardi: kim, qaerda tug‘ilgan, bolaligida qanday dardlarga chalingan va hokazo. Billi Sanches moshinadan uning sumkachasini keltirib berdi, so‘ng nikohuzugi taqilgan qo‘lini ushladi. Qo‘l haroratsiz va zaif edi, lablari ham oqarib ketganini ilg‘adi. Qiz erining qo‘lini qo‘yib yubormadi, do‘xtir kelguncha Billi Sanches shu alpozda turaverdi. Navbatchi barmoqdagi jarohatni ko‘zdan kechira boshladi. U boshida bir tuki yo‘q, qorachadan kelgan yoshgina yigit edi. Nena Dakonte unga zarracha e’tibor bermay eriga qarab jilmaydi.
– Qo‘rqma, – dedi u, keyin odatdagi hazilini qildi: – nari borsa, barmog‘imni kesib olib, yutib yuborar-da.
Do‘xtir boshini ko‘tarib, andak osiyocha talaffuz aralashgan sof ispan tilida javob qaytardi:
– Yo‘q, azizlarim, – dedi u, – shundoq chiroyli barmoqni kesib olib, yutib yuborgandan ko‘ra ochdan o‘lganim afzal.
Er-xotin baqa bo‘lib qolishdi, ammo do‘xtir muloyim ishora bilan ularni xijolatdan qutqardi. So‘ng zambilni olib ketishni buyurdi, Billi Sanches xotinining qo‘lini tutgancha odimlayotgan edi, do‘xtir uning tirsagidan ushladi:
– Siz qoling. Bemorni reanimatsiyaga olib borishadi.
Nena Dakonte eriga yana bir bor jilmayib, qo‘l silkidi. Zambil yo‘lak ichkarisida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Do‘xtir hamshira yozgan ma’lumotlarni o‘qiyotgan paytda Billi Sanches uning yoniga keldi.
– Do‘xtir, – dedi u, – xotinim homilador.
– Nechchi oylik?
– Ikki oylik chamasi.
Do‘xtir bu xabarni Billi Sanches kutganidan ko‘ra xotirjam qabul qildi. “Aytganingiz yaxshi bo‘ldi”, dedi-da, zambil olib ketilgan tomonga qarab yo‘rg‘aladi. Billi Sanches bemorlar tahlikasiga to‘yingan bo‘m-bo‘sh yo‘lakda qaqqaygancha qolaverdi, ancha garangsib turdi, keyin uzun yog‘och kursida nimanidir kutib o‘tirgan kishilar yoniga cho‘kdi. Oradan qancha fursat o‘tganini bilmaydi, kiftiga yer yuzining jamiki g‘am-tashvishini ortib kasalxonadan chiqqanida yana qorong‘i tushgan, osmon yana hafsala bilan qor elaklardi.
Nena Dakonte kasalxonaga yotqizilgan vaqt – 7 yanvar, seshanba, soat ertalab 9.30. O‘sha kuni tunni Billi Sanches kasalxona ro‘parasida turgan moshinasida o‘tkazdi. Ertalab uyg‘onishi bilan sal naridagi qahvaxonada qaynatilgan oltita tuxum yeb, ikki stakan sutli qahva ichdi, Madriddan chiqqanlaridan beri tuzukroq yegan ovqati shu edi. Keyin Nena Dakonteni ko‘rish uchun bemorlarni qabul qilish bo‘limiga bordi. Asosiy eshikdan kirish kerakligini unga bir amallab tushuntirishdi. U yoqda, xudoga shukr, ispanchani biladigan bir sanitar topilib qoldi, o‘sha orqali Billi Sanches rostdan ham Nena Dakonte kasalxona ro‘yxatida qayd etilganini aniqladi; bemorlarni ziyorat qilishga faqat seshanba kuni soat to‘qqizdan to‘rtgacha ruxsat berilarkan. Demak, yana olti kun kutish kerak. Xotinini qabul qilib olgan do‘xtirga uchrashish niyatida uning tepakal ekanini, negrlarga o‘xshab ketishini aytgan edi, arzimagan bu ikki sifat bo‘yicha tusmollagan birorta odam u do‘xtirni tanimadi.
Nena Dakonte ro‘yxatda borligidan ko‘ngli sal taskin topgan Billi Sanches moshinasi oldiga qaytdi, u yerda transport politsiyasining xodimi kutib turgan ekan; ish shu bilan tugadiki, moshinani ikkita mavze naridagi tor bir ko‘chaga haydab borib, toq raqamli binolar joylashgan tomonga qantarishga to‘g‘ri keldi. Ro‘paradagi endigina ta’mirdan chiqqan binoga "Otel Nikol" degan lavha qoqilgan edi. Lavhada bittagina yulduzning shakli bor, torgina foyega ko‘rimsiz divan bilan eski pianino qo‘yilgan, ammo-lekin chiyildoq ovozli xo‘jayin puldor mijoz bilan istalgan tilda gaplasha olar ekan. Allaqaysi go‘rda qaynayotgan karamning hidi tutib ketgan aylanma zinapoyadan o‘n bitta chamadon bilan sovg‘a-salomga to‘la to‘qqizta qog‘oz qutini beshinchi qavatning bo‘sh turgan bir xonasiga tashib chiqquncha Billi Sanchesning ona suti og‘ziga keldi. Xonaning bittagina derazasidan ko‘roydinday nur tushib turardi. Bitta karavot, bitta javon, bitta stul, poyiga tog‘ora qo‘yilgan obrez – xonadagi bor bisot shu, tag‘in bularning bari shu darajada bir-biriga taqalib turibdiki, nari-beriga biror qadam bosishning iloji yo‘q. Atrofdan kimyoviy dorining hidi anqiydi. "Nima bo‘lganda ham qish izg‘irinida ko‘chada yotgandan yaxshi-ku", deya o‘ziga tasalli berdi Billi Sanches. Keyin eshikni ichkaridan ilgaklab, po‘stini bilan karavotga yuztuban tashladi. Umrida birinchi marta o‘zini nihoyatda g‘arib va yolg‘iz his etdi. Shuncha yildan beri Nenasiz qanday yashadi ekan-a? Mana, hozir u qo‘l uzatsa yetadigan joyda qoniga belanib yotibdi...
Qachon uyqu elitganini bilmaydi, bir mahal ko‘zini ochsa – soat besh. Lekin ertalabki beshmi, kechqurungimi, hafyuning qaysi kuni, shamol va yomg‘ir do‘mbira qilayotgan oynalaridan boshqa hech vaqosi yo‘q qanaqa shahar bu – dabdurustdan farqiga borolmadi. Ko‘zlarini ochgancha Nena Dakon¬te haqida o‘ylab yotdi, bir ozdan so‘ng yangi kun boshlanayopaniga ishonch hosil qilib, o‘zi o‘rgangan o‘sha qahvaxonaga qarab yo‘l oldi, bugun payshanba ekanini ham o‘sha yerda bildi. Yomg‘ir tingan, lekin kasalxona chiroqlari hali o‘chmagan edi. Billi San¬ches oq xalatli erkagu ayol kirib-chiqib turgan eshik ro‘parasidagi qora qayinga suyangancha xotinini qabul qilib olgan do‘xtirni uchratish ilinjida kunni kech qildi. Qosh qorayib, sovuq suyak-suyagidan o‘tib ketgach, yana qahvaxonaga kirib, har galgi joyidan ikkita tuxum olib yedi, issiq-issiq qahva ichdi. Mehmonxonaga qaytsa, o‘zinikidan boshqa hamma moshinalar ko‘chaning narigi tomonidagi yo‘lkada turibdi, buning moshinasi oynasiga jarima qog‘ozi yopishtirib ketilgan. Mehmonxona egasi haftaning toq kunlarida moshinani toq raqamli binolar ostidagi yo‘lkaga, boshqa kunlari esa narigi tomondagi yo‘lkaga qo‘yish kerakligini unga uzoq tushuntirdi. Ayniqsa, jarimani to‘langu moshina joyida turaversin, aks holda kechasi soat 12 da uni yana bu yoqqa olib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi, degan gapi jon-jonidan o‘tib ketdi. Xonasiga chiqib, to‘shakka kirdi-yu, sira uxlay olmadi, tuni bilan ag‘anab chiqdi. Dardini kimga aytsin, ko‘nglini kimga bo‘shatsin?!
Uyqusizlik unga saboq berdi. Juma kuni ertalab zil-zambil bo‘lib o‘rnidan turdiyu endi hayotiga aniqlik kiritish zarurligini anglab, qat’iy harakat qilishga jazm etdi. Kiyimini almashtirish kerak edi, binobarin, chamadon qulfini buzishdan boshqa iloji qolmadi – hamma kalitlar, ancha-muncha pul, telefon daftarcha¬si Nena Dakontening sumkasida edi. Loaqal telefon daftarchasi o‘zida bo‘lganida, ehtimol, parijlik birorta tanishini toparmidi... Qahvaxonaga kirib borganida frantsuzcha salomlashishni va buterbrod bilan sutli qahva buyurishni o‘rganib olgani ma’lum bo‘ldi. Lekin bu tilda saryog‘ bilan tuxumni hech qachon so‘ray olmasligini ham angladi, chunki bu ikki so‘zni sira ishlatgani yo‘q-da: saryog‘ni nonga qo‘shib berishar, tuxumni peshtaxtadan har gal o‘zi olaverardi. Uch kun ichida qahvaxona xizmatchilari ham unga ancha el bo‘lib, javob-muomalaga o‘rgata boshlashgan edi. Qo‘ying-chi, juma kuni u bemalol o‘tirib, fikrini jamlash niyatida, qovurilgan kartoshka bilan buzoq go‘shti hamda bir shisha vino buyurdi. Tanasi shunaqa yayrab ketdiki, yana bitta vino so‘rab, uni ham yarimlatdi, keyin kasalxonaga bostirib kirish qasdida o‘rnidan turdi. Nena Dakonteni qaerdan qidirishni bilmasdi, lekin anovi qoratappi do‘xtirning basharasi yodida qolgan. U asosiy eshikka emas, qabulxona tomonga qarab yurdi, nazarida u yer zaifroq qo‘riqlanadiganday tuyulgan edi, ammo yo‘lakning Nena Dakonte qo‘l silkib xayrlashgan qismidan nariga o‘tolmadi. Ostonadayoq xalatiga qon sachragan qandaydir kimsa, ehtimol qorovuldir, undan nimanidir so‘radi, ammo Billi Sanches e’tibor bermadi. Qorovul frantsuzchalab bir savolni qaytargancha orqasidan ergashib ketaverdi, nihoyat, toqati toq bo‘lib, o‘zboshimchaning bilagiga shunaqangi changal soldiki, Billi Sanches taqqa to‘xtab qoldi. O‘zining eski usullaridan birini qo‘llashga uringan edi, qorovulning tepa sochi tikka bo‘lib, Sanchesning qo‘lini chapdastlik bilan orqasiga qayirdi-da, frantsuzchasiga so‘kina-so‘kina, dikonglatib eshik yoniga olib keldi. Keyin dast ko‘tarib, bir qop go‘shtday ko‘chaga uloqtirdi.
O‘sha kuni Billi Sanches "mulla" bo‘ldi. Endi o‘z elchisiga murojaat etish kerakligini angladi, ehtimol, Nena Dakonte ham shunday qilgan bo‘lardi. Mehmonxona xo‘jayini bir qarashda odamoviga o‘xshab ko‘ringani bilan juda hojatbaror va xorijiy tillarga sabr-bardoshli kishi ekan. Ma’lumotlar kitobidan elchixonaning telefon raqami bilan manzilini topib berdi. Go‘shakni xushmuomala bir ayol ko‘tardi. Billi Sanches ayolga ta’siri zo‘rroq bo‘larmikin deb, o‘zining to‘la ism-sharifini aytdi. Ammo uning ovozida o‘zgarish sezilmadi. Ayol hozir elchi yo‘qligini, bugun bo‘lishi ham dargumonligini, qolaversa, u faqat oldindan kelishuv bo‘yicha va o‘ta muhim masalalar yuzasidangina qabul qilishi mumkinligini bildirdi. Billi Sanches bu yo‘l bilan ham Nena Dakontening oldiga kirolmasligini tushunib, ayolga, xuddi uning o‘ziday, muloyim ohangda tashakkur izhor etdi. Va darhol taksi tutib, elchixonaga qarab jo‘nadi.
Elchixona Yelisey ko‘chasidagi 22-binoga, Parijning eng sokin maskanlaridan biriga joylashgan edi. Ammo Billi Sanchesni ancha kunlardan beri birinchi marta quyoshning Karib oftobiday charaqlab, Eyfel minorasining musaffo osmonga bo‘y cho‘zib turishi lol qoldirdi. Uni elchi nomidan qabul qilgan mulozim endigina o‘lim to‘shagidan turgan bemorga o‘xshardi, faqat tugmasini tomog‘igacha qadab, boshdan-oyoq qora kiyinib olgani uchungina emas, yo‘q, xatti-harakatining omonatligi hamda ovozidagi o‘ta xokisorlik tufayli ham shunaqaga o‘xshar¬di. U Billi Sanchesning ahvolini tushunib turardi, albatta. Ammo gapni uzoqdan boshladi. Ular madaniyati yuksak mamlakatda ekanligini, bu mamlakatning tartib-qoidalari olis o‘tmishga borib taqalishini, bu yerda Amerika mamlakatlaridagi kabi qorovulga pul qistirib kasalxonaga kirib ketaverish mumkin emasligini shoshmasdan, royishlik bilan uqtirdi. "Shunaqa, yigitcha, – dedi u, – aql-idrok nidosiga quloq tutib, seshanbagacha sabr qilishga to‘g‘ri keladi, boshqa iloji yo‘q".
– Atigi to‘rt kun qopti, shunga ham ota go‘ri – qozixonami! – deya so‘ziga yakun yasadi diplomat. – Hozircha Luvr muzeyini tomosha qiling, kam bo‘lmaysiz.
Butkul dovdirab qolgan Billi Sanches Yarash maydoniga arang yetib bordi. Tomlar tepasida bo‘y cho‘zib turgan Eyfel minorasini ko‘rib, yaqin tuyuldi shekilli, sohil yoqalab yurishga qaror qildi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, yanglishganini, minora ancha olisda ekanini, buning ustiga, har lahzada o‘rni o‘zgarib turishini payqadi. Binobarin, Sena bo‘yidagi ovloq bir joyga o‘tirib, Nena Dakonte to‘g‘risida o‘ylay boshladi. Ko‘prik ostidan o‘tayotgan shatakchi kemalarni kuzatdi, ular sahniga kir yoyilgan tagi yapasqi yuk kemalarini sudrab borishardi, bular unga kema emas, deraza tokchalariga gultuvaklar terilgan qizg‘ish tomli daydi uylarga o‘xshab ko‘rindi. Qarmog‘ini suvga tashlab o‘tirgan baliqchi cholga uzoq tikilib turdi: na chol qimirlaydi, na qarmoq, na suv qilt etadi. By orada qorong‘i tushdi, Billi Sanches taksi tutib mehmonxonaga qaytmoqchi bo‘ldi-yu, boshini changallab qoldi. Qani endi, mehmonxonaning nomini eslolsa! Kasalxonaning ham. Parijning qaysi deparasida ekanini bilmaydi. Ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, duch kelgan birinchi qahva¬xonaga chopib kirdi-da, dalda bo‘larmikan degan umidda bir ryumka konyak ichdi. Devorlardagi kishi qiyofasini turli shaklu shamoyilda aks ettiradigan ko‘zgularga qarab turib, nihoyatda nochor va tanho ekanini his etdi. Ikkinchi ryumkadan so‘ng sal o‘ziga keldi. Bir ko‘ngli, elchixonaga qaytib bormoqchi bo‘ldi. Ko‘chaning nomini eslash uchun cho‘ntagidan mehmonxona xo‘jayini yozib bergan qog‘ozni oldi. Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, qog‘oz tepasida mehmonxonaning nomi yozig‘liq turibdi-da: "Otel Nikol". He, o‘l-e! Billi San¬ches omonat boshpanasiga bir amallab yetib keldiyu qaytib ko‘chaga chiqmadi. Beshinchi qavatdan faqat tamaddi qilish va moshinasini yo‘lning bu betidan u betiga olib qo‘yish uchungina tushardi. Uch kecha-kunduz, xuddi Parijga kelgan kunlaridagiday, ezib yomg‘ir yog‘di. Umrida birorta kitobni oxirigacha o‘qimagan Billi Sanches karavotda ag‘anab yotarkan, hozir qo‘liga tushgan har qanday narsani o‘qishga tayyor edi-yu, aksiga olib, xotinining chamadonlaridan birorta ispancha kitob chiqmadi, hammasi allaqanday xorijiy tillarda. Billi Sanchesning xayoli yana Nena Dakontega ketdi. Seshanbaning kelishi bir yilga cho‘zilganday tuyuldi. Dushanba kuni xotinining chiqishiga xonani sal sarishta qilib qo‘ymoqchi bo‘ldi, shunda po‘stinining etagida qotib qolgan qon dog‘larini ko‘rdi. Safar xaltasidan xushbo‘y sovun olib, dog‘larni yuvishga kirishdi. Qariyb kechgacha shu ish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Axiyri po‘stinni Madrid aeroportida samolyotga olib chiqilgan holatga keltirdi.
Seshanba tongi otdi. Osmonni bulut qoplagan, lekin havo quruq edi. Billi Sanches soat oltida sapchib turib, kasalxona darvozasi oldida katta-kichik tugun va guldastalar ko‘tarib turgan odamlar safiga qo‘shildi. Keyin hamma bilan birga usti berk keng-mo‘l hovliga kirdi. Bu yerda gullar qiyg‘os ochilib, qushlar sayrab turardi. Nena Dakontening qaerdaligini bilmasa ham, bu gal negrga o‘xshagan do‘xtirni uchratishiga ishonchi komil edi. Hovlining ikki tomonida uzun-uzun ikkita bino, chap tomondagisi – ayollar bo‘limi, o‘ngdagisi – erkaklarniki. Billi Sanches olomonga ergashib ayollar bo‘limiga kirdi. Yep-yorug‘ yo‘lakdagi uzun-qisqa kursilarda kasalxona libosini kiygan bemorlar o‘tirishardi. U yo‘lakning oxirigacha borib, iziga qaytdi. Bularning orasida Nena Dakonte yo‘q edi. Keyin hovliga chiqib, erkaklar bo‘limi tomon derazalarga qarab-qarab ketaverdi. Nihoyat, qidirgan odamini ko‘rib qoldi.
Ha, bu rostdan ham o‘sha do‘xtir edi. U boshqa do‘xtir va hamshiralar bilan birga bemorni ko‘zdan kechirayotgan edi. Billi Sanches otilib ichkariga kirdi, bir hamshirani chetga surib, bemorning ustiga engashib turgan haligi do‘xtirning ro‘parasiga keldi, nima deb chaqirishni bilmay, beo‘xshov yo‘taldi. Do‘xtir boshini ko‘tarib, qoshlarini chimirdi, saldan keyin Billi Sanchesni esladi.
– Asta’furullo! – dedi u. – Qaysi go‘rda yuribsiz? Billi Sanches dovdirab qoldi.
– Mehmonxonada, – deb javob qildi bazo‘r. – Narigi muyulishda. Shundan keyin hammasi ravshan bo‘ldi. Frantsiyadagi eng yetuk mutaxassislarning yetmish soat davomida qilgan sa’y-harakatlari zoe ketdi – 9 yanvar, payshanba kuni kech soat 7.10 da ko‘p qon yo‘qotish oqibatida Nena Dakonte olamdan o‘tdi. So‘nggi daqiqalargacha es-hushidan ayrilmadi, erini "Plaza Atene" mehmonxonasidan qidirish kerakligini, o‘sha yerdan xona buyurib qo‘yilganini aytdi. Ota-onasining telefon raqamlarini berdi. Juma kuni Tashqi ishlar vazirligi Frantsiyadagi o‘z elchixonasini voqeadan xabardor qildi, bu paytda Nena Dakontening ota-onasi kelayotgan samolyot Parijga yaqinlashib qolgan edi. Motam marosimini uyushtirishni shaxsan elchining o‘zi zimmasiga olib, Billi Sanches topilgan-topilmaganini shahar politsiyasidan muntazam so‘rab turdi. Juma oqshomidan to yakshanbagacha radio va televidenie Billi Sanches ismli shaxs qidirilayotganini qayta-qayta e’lon qildi. Qirq soat davomida uni butun Frantsiya izladi. Nena Dakontening sumkasidan topilgan surati kattalashtirilib, shahar ko‘chalariga yopishtirib qo‘yildi. Politsiya uchta "Bentli" rusumli moshinani to‘xtatdi, lekin bular boshqa moshinalar edi.
Nena Dakontening ota-onasi shanba kuni ertalabdan yarim kechagacha qizlarining kasalxona butxonasiga qo‘yilgan tobuti yonidan jilmay, Billi Sanchesni kutishdi. Yigitning ota-onasiga ham xabar berilgan edi, ammo telegrammadagi chalkashlik tufayli yetib kelisholmadi. Vidolashuv marosimi yakshanba kuni soat ikkida, Billi Sanches xotinini ko‘rolmay, xunobi oshib yotgan o‘sha mash’um mehmonxonadan atigi ikki yuz metr narida bo‘lib o‘tdi. Buni qarangki, uni elchixonada qabul qilgan mulozimga Tashqi ishlar vazirligidan ushbu noxush xabar Billi Sanches bilan gaplashib bo‘lganidan keyin kelgan, chor atrofga yugurib, uni topa olishmagan. Yakshanba kuni kechqurun, Billi Sanches o‘z xonasida yuragi xun bo‘lib yotgan paytda Nena Dakontening ota-onasi uning topilishidan umidlarini uzib, marhumaning mo‘miyolangan jasadini pyx tobutda Madridga olib ketishdi. Qizni ko‘rishga ulgurib qolgan kishilar bunday go‘zal ayolni umrlarida uchratmaganliklarini keyin uzoq yillar gapirib yurishdi. Xullas, seshanba kuni ertalab Billi Sanches ayni kasalxonaga kirib borgan paytda bular uchun shaffof saodatning ilk qo‘ng‘iroqlari chalingan qarorgohdan sal naridagi mozorda Nena Dakontening jasadi solingan tobutni qabrga tushirmoqda edilar.
Negr-do‘xtir fojianing tafsilotlarini so‘zlab bo‘lib, taskin beruvchi dori uzatgan edi, Sanches uni olmadi. Minnatdorlik bildirishga ham zarurat yo‘q edi. Shu tobda u o‘ziga tanish zanjir bilan biror kimsaning basharasini abjaq qilib, achchiq qismatidan qasos olish ishtiyoqida kuyib-yonardi. Kasalxonadan chiqdi-yu, ammo osmonu falakdan zarracha ham qon sachramagan yirik-yirik, pokiza qor yog‘ayotganini payqamadi. Parij ko‘chalari jonlanib qolgan, zero keyingi o‘n yil mobaynida birin¬chi marotaba chinakamiga laylakqor yog‘ayotgan edi.
"Tafakkur" jurnalidan olindi.