U menga tikildi... huddi birinchi marta ko‘rayotgandek. Ammo biroz o‘tib, qiz chiroq tomonga o‘girilganida, ortimdagi qizning nakadar umidsiz va g‘amgin qiyofada ekanligini sezar edim. Va angladimki, aslida unga ilk bora ko‘rayotgandek tikilgan - bu o‘zim. Sigaretni tutatdim. Kreslomni burishdan oldin tizzam ustida chalishib turgan bir oyog‘imni to‘g‘irlar ekanman, buruqsigan tutunni ichimga simirdim. Qiz esa har kecha menga tikilib o‘tiradigan joyi – chiroqning oldida turganini ko‘rdim. Soniyalar ichida bir-birimizga unsiz tikildik. Bir oyog‘imni tag‘in tizzamdan pastga olib, stul osha nazar tashladim. U menga tikilganicha chiroq yaqinida uzoq vaqt sassiz turdi. Har tungidek uning qovoqlari qoramtir edi.
Hammasi unga aytilgan bor-yo‘g‘i birgina gapdan boshlandi: ”Moviy rang itning ko‘zlari”.
U chiroqni o‘chirmasdan so‘z qotdi :
-Buni umrbod unutmayman, - deya joyidan siljiy turib xo‘rsindi. – Moviy rang itning ko‘zlari... bu so‘zlarni hamisha uchragan yo‘limga yozib keldim.
Uning harakatlarini kuzatardim. Ro‘paramdagi oynaga tushgan aksi orqali, qiz menga tikilib o‘tirganini ko‘rdim. Qarshimdagi katta-katta otashin ko‘zlardan, toki u pushtirang marvaridlar bilan qoplangan mitti qutini ochmaguncha ko‘zimni uzolmadim. Uning burnida upa yuqi qolib ketgandi. Pardozni tugatgach, qutini yopib, o‘rnidan turdi. Chiroq tomonga qaytib, gap boshladi.
-Boshqa birov bu xonaga ega chiqib, barcha sirlarim fosh bo‘lib qolishidan qo‘rqaman.
U toshoyna oldiga o‘tirishdan oldin, sovuqdan titrayotgan vujudini isitib, davom etdi.
-Sen sovuq neligini bilmaysan.
-Har doim ham emas, - javob berdim.
-Buni hoziroq his qilmog‘ing lozim!
Mana nega umuman yolg‘iz qololmasligimni tushunib yetdim. Bu sovuqqonlik menga tanholik hislarining noafzalliklarini baxsh etardi.
-Endi buni sezgandekman, - dedim men. – Qizig‘i, tun g‘oyatda sokin. Ehtimol yaproqlar to‘kilayotgandir.
U indamadi, shunchaki oynaga qarab yurdi. Men ham stulda unga orqa o‘girib o‘tirdim. Uni ko‘rmayotgan bo‘lsamda hammasini sezib turibman. U oynak oldida o‘tirgancha ko‘zgu kengliklarida aks etayotgan vaqt chizgilari ila mening yelkalarimga tikilar, hamda nigohlarida shu kengliklardagi vaqt chizgilarini ushlab qolishga intilardi. Toshoyna qarshisida uning lablari qirmizi rangga bo‘yalgunga qadar navbatdagi jarayonlarni boshlash zarur edi. Men orqamda o‘tirgan malakni ko‘zlarimdan yashirib qo‘yayotgan ro‘paramdagi silliq devordagi boshqa bir so‘qir ko‘zguni ko‘rardim. Ammo oyna qaerda joylashganini bilganim sabab, qizning turgan joyini ham taxminan tasavvur qila olardim.
-Seni ko‘rib turibman, - gapirdim men.
Uning ko‘zlari osmonga yo‘nalganini sezganimdek, u ham oyna orqali kresloda chapga o‘girilgan yelkalarim osha meni kuzatib turar edi. Nigohim devorga qadaldi. Uning ko‘zlari esa pastda, ko‘krakbandida edi.
-Seni ko‘rib turibman, - tag‘in takrorladim.
U ko‘zini ko‘krakbandidan uzdi.
-Bo‘lishi mumkin emas!
Sababini so‘radim. U yana ko‘krakbandiga jimgina tikilgancha, izoh berdi.
-Chunki yuzing devor tarafga yo‘nalgan.
Kreslomni bir qur aylantirdim. Og‘zimga sigaretni qistirdim. Ko‘zgu yoniga yaqinlashganimda u chiroq oldiga qaytdi. Keyin u ko‘llarini huddi qushning ikki qanotidek olovga ochib, qizdirdi va kaftlari bilan yuzini to‘sdi.
-Menimcha, shamollab qoldim, -dedi qiz. – Go‘yo muzlar shahrida bo‘lgandek.
U yuzini yonmachasiga o‘girdi. To‘satdan uning mis yuzi g‘amgin tus oldi.
-Nimadir qilmog‘ing zarur, - dedi-yu ko‘krakbandidan boshlab birma – bir yechina boshladi.
-Men to‘siqqa qaytishim kerak, -dedim unga.
-Yo‘q! Baribir orqa o‘girib o‘tirgancha meni ko‘ra olarding-ku...
Bu gaplarni aytib tugatmasdanoq, olov yalagan uning mis terisi butunlay yalang‘och holga keldi.
-Seni huddi savalangandek g‘adir-budir tering bilan ko‘rishni doimo hoxlaganman.
Gaplarim uning bu ahvolida naqadar qo‘pol eshitilishini tushunib yetmasimdan, u jimib qolgancha chiroqning yumaloq sharida isinardi.
-Ba’zan kandaydir matohdan yaralganligim hususida o‘yga tolib qolaman.
U bir zum sukut ichida qoldi. Olov ustida uning qo‘llari bilinar-bilinmas o‘zgarardi.
-Bilasanmi, ayrim tushlarimda sen qandaydir muzeylar burchagida turadigan oddiy haykalcha bo‘lib ifodalanasan. Ehtimol shuning uchun sovuqqondirsan, - dedim .
-Ba’zan yurakdan uxlagan paytlarim, badanim po‘kakka, terim likopchaga aylanib qolgandek bo‘ladi... Tanimga jon bitganida esa, kimdir qornimga chertayotgandek bo‘ladi. Ehtimol... yotog‘imda mis badanimni chindan his etarman. Bu... buni qanday nomlarding... bo‘ldi – qoplama matoh.
Qiz chiroqqa yaqinlashdi.
-Men seni qanday bo‘lsang shundayligingcha tinglashni yoqtiraman, - gapirdim unga qarab.
-Agar biz qachondir bir-birimizga yetishganimizda va men chap tomoningda uyquga ketganimda, qovurg‘alarimga qulog‘ingni qo‘y. Bunda mening aks-sadomni eshitasan. Qachondir shunday qilishingni orzu qilib kelaman.
Qiz gapirayotganida og‘ir nafas chiqarardi. Uning so‘zlariga qaraganda, yaqin yillar ichida aytarli hech bir ish bilan mashg‘ul bo‘lmagan. Uning umri haqiqiy hayotda “Moviy rang itning ko‘zlari”iborasini jamlagan holda meni izlab topishga baxsh etilgandi. Qiz baland ovozda ko‘cha bo‘ylab, uni tushunadigan yagona inson to‘g‘risida so‘zlab yurardi.
-Men o‘shaman... Har kecha tushlaringga kirib, “Moviy rang itning ko‘zlari” deya shivirlaydigan.
* * *
Qiz restoranga borib, ofitsantga buyurtma berishdan berishdan oldin ham “Moviy rang itning ko‘zlari” deganligi haqida so‘zladi. Ammo ofitsant orzusidagi iborani esga olgani uchun qizdan minnatdor bo‘lish o‘rniga, shunchaki hurmat bilan tavoze qildi. So‘ngra qiz salfetkaga yozdi, pichoq bilan stol bezaklarini timdaladi: “Moviy rang itning ko‘zlari”.
Qiz mehmonxona, vokzal, barcha ommaviy joylarning parlangan derazalarida ko‘rsatkich barmog‘i bilan bir xil yozuv qoldirardi : “Moviy rang itning ko‘zlari”.
Bir kuni qiz dorixonada bo‘lgan shunday voqealardan birini so‘zlab berdi. Meni tushlarida ko‘rib, uyg‘onganidagi kabi tanish iforlar o‘sha yerda uning dimog‘iga uriladi. “ U shu atrofda bo‘lishi kerak” , o‘yladi qiz dorixonaning toza va yangi koshinlariga tikilib.
-Doimo “Moviy rang itning ko‘zlari” deya menga so‘z qotadigan inson haqida orzu qilaman, -dedi u sotuvchiga yaqinlashib.
“Bilasizmi, xonim sizning ko‘zlaringiz ham xuddi shunaqa!” degan javobni kutgan edi qiz.
-Men hayolimdagi ana shu insonni albatta topishim zarur, - dedi u sotuvchiga yana.
Sotuvchi kuldi va boshqa bir peshtaxtaning oxiriga tomon yurdi. Qizning butun hayoli yarqiragan koshinlar va tanish ifor bilan band edi. U hamyonini ochib, ichidan qirmizi rang lab bo‘yog‘ini oldi va qizil yozuvlarda chiza boshladi: “Moviy rang itning ko‘zlari”.
Joyiga qaytib kelgan sotuvchi hayron qoldi.
-Xonim, koshinlarni iflos qildingiz, - dedi-yu unga nam latta ushlatib, buyurdi. – Buni tozalang!
Keyin esa qiz butun kunni koshinlarni artishga sarflab, toki odamlar to‘planib, uni aqldan ozganga chiqarmagunlaricha bir gapni takrorlab o‘tiraverdi: “Moviy rang itning ko‘zlari”.
U hikoyasini tugatganida, men burchakdagi kreslomda tebranib o‘tirar edim.
-Har kuni seni topishimga sababchi bo‘lgan iborani eslashga urinaman, - gapirdim men. – Bu so‘zlarni butunlay unutib yubormasligimga ko‘zim yetadi. Bir xil gapni takrorlayman-u ammo tongda uyg‘onsam bu so‘zlar xotirimdan ko‘tarilgan bo‘ladi.
-Birinchi uchrashuvimizda bu so‘zlarni o‘zing kashf qilgan eding, -dedi qiz.
-Ha, shunday bo‘lgan. Chunki ko‘zlaring juda ham ma’yus edi. Biroq keyingi tongni eslolmayman.
Qiz mushtini siqqancha chiroq yaqinida chuqur nafas oldi:
-Buni ozgina bo‘lsa-da eslay olganingda edi...
Qizning silliq tishlari olov nurida yaltiradi.
-Seni ushlab ko‘rsam maylimi? – so‘radim.
Uning chiroqqa tikilgan yuzi ko‘tarildi. U huddi qo‘llari kabi kuydirilgan, qizdirilgan qiyofada turardi. Burchakdagi kresloda tebrangancha o‘tirishimni u kuzatib turardi.
-Hech qachon bu haqida og‘iz ochmas eding.
-Hozir aytganlarim esa haqiqat, - javob qaytardim.
Qiz chiroq yonidan jilmay sigareta so‘radi. Tamaki qoldig‘i barmoqlarim orasida kichrayib borardi. Chekayotganimni unutayozibman.
-Uni qaerga yozib qoldirganimni aniq eslolmayabman, - dedi qiz.
-Menda ham o‘xshash holat. Ertaga so‘zlarimni eslay olishim dargumon.
U xomush so‘zladi:
-Yo‘q! Negadir buni tushlarimda ham ko‘rgandek bo‘laman.
O‘rnimdan turib, lampaga qarab yurdim. U chiroq ichida turgandek kichik ko‘rinardi. Qo‘limda sigareta va gugurt bilan yurishda davom etdim. Tamakini unga uzatdim. Gugurt chaqib ulgurmasimdan, qiz olovdan tutantiriq olib, lablariga qistirdi.
-Jahonning ba’zi shaharlaridagi devorlarda ushbu so‘zlarning qoralamasi ko‘zga tashlanib turishi zarur: “Moviy rang itning ko‘zlari”, - dedim. – Agar shularni ertaga ham eslasam, seni qayta topa olaman.
U yana boshini ko‘tardi. Endilikda uning lablari orasidagi tamaki cho‘g‘li ko‘mirga aylanib bo‘lgandi.
-Moviy rang itning ko‘zlari... – xo‘rsindi u yana. Qiz sigarani iyagi ostida ushlab, yarim yumuq ko‘z bilan nelarnidir yodga oldi. So‘ng barmoqlari orasidagi tamaki tutunini so‘rib, xitob qildi:
-Nimadir bo‘layapti menga, qizib ketayapman.
U go‘yo gapirmagandek ovozi juda siniq va sust eshitildi. Qiz qog‘ozga hozirgi gaplarini qoralay boshladi. “Qizib....” , bitikni o‘qidim. U esa qog‘ozni ushlab, olovga yaqin bordi. Uning atrofida aylanib, bosh va ko‘rsatkich barmog‘i yordamida yozishda davom etdi “.... ketayapman”. Varoq butunlay to‘lishidan avval, poldagi g‘ijimlanganlarini ham olib, olovga tashladi.
-Shunisi ma’qulroq, - dedim men. – Ba’zan seni shu holingda – lampa oldida titrab turganingni ko‘rsam, ko‘rqib ketaman.
Biz bir-birimizni ancha yillardan beri bilamiz. Gohida birga vaqtlarimiz, tashqarida kimdir qoshiqni tushirib yuboradi va biz uyg‘onib ketamiz. Bora-bora bizning munosabatlarimiz ayrim narsalarga, oddiy hodisalarga bog‘liq ekanligini tushuna boshladik. Bizning uchrashuvlarimiz doimio bir xilda, ya’ni tong saxarlab kimdir qoshig‘ini tushirib yuborishi bilan yakun topadi.
Hozir esa u chiroq yonida menga qarab turibdi. Uning bu tarzda tikilib turishini eski xotiralarimdan, kulrang ko‘zli g‘alati ayol bilan bog‘liq tushlarimdan yodga oldim. O‘sha tushimda ilk bora ayoldan so‘raganim:
-Kimsiz?
-Eslolmayman, - javob berdi u.
-Biroq o‘ylashimcha, biz avval ham uchrashganmiz.
-Men esa bir marta siz va bu xona haqida hayol surganman, - dedi ayol beparvo.
-Yana eslay boshlayapman, - xitob qildim.
-Biz tushlarimizda uchrashganimiz juda g‘ayritabiiy.
Qiz sigarani ikki qayta tortdi. Uning nigohlariga to‘satdan duch kelganimda hanuz chiroq qarshisida turar edim. Unga boshdan oyoq nazar soldim. Qiz hali ham mis edi – u qadar qattiq va sovuq bo‘lmasa-da lekin sarg‘ish, muloyim va ko‘ngilchan matoh.
-Seni ushlab ko‘rsam maylimi? – so‘radim yana.
-Axir hammasini barbod qilasan.
-Endi bu ahamiyatsiz... Biz qayta uchrashmog‘imiz uchun munosabatimizni o‘zgartirishimiz shart.
Qo‘llarimni chiroq osha unga uzatdim. U esa joyidan qimir etmadi.
-Hammasini barbod qilasan, - dedi qiz yana unga tegib ulgurmasimdan.
-Ehtimol chiroq atrofida abad turib, borliqning bir mo‘jizasidan hayratlangancha cho‘chib, uyg‘onarmiz.
-Bu muhim emas, - avvalgi gapimni takrorlab, qat’iy turib oldim.
-Qayta uchrashishimiz uchun aloqalarni o‘zgartirish lozim. Ammo vaholangki, uyg‘onishing bilan sen tag‘in barini unutib yuborgan bo‘lasan, - xitob qildi qiz.
Burchakka qarab yurdim. U ortimda qolib, qo‘lini olovda toblardi. Qizning ovozi orqamda jaranglaganda men kreslo yonida emas edim.
-Agar yarim tunda uyg‘onib ketsam, joyimdan jilmay tong otguncha “Moviy rang itning ko‘zlari” deya, shivirlab chiqaman.
Qo‘zlarim bir nuqtaga tikilib qoldi:
-Allaqachon shafaq qizara boshladi.
-Bong millari soat ikkiga urganida uyg‘onib ketdim va hali ortga qaytishga vaqt borligini bildim.
Eshikka yo‘naldim.
-Bu eshikni ocha ko‘rma! – dedi u. – Karidor yo‘lagida tushlar girdobida adashib qolasan. Uning doimgidek turg‘un ovozini eshitganimda boshimda shish bordek edi.
-Buni qaerdan bilasan?
-Chunki bir daqiqa oldin o‘sha joyda bo‘ldim. Yurakdan uxlayotganim ma’lum bo‘ldi-yu darrov ortimga qaytdim.
Baribir eshikni yarim chala ochdim. Uni ozgina itargan edim hamki, sovuq va sernam shabada meni jannatsimon o‘lkalarga, keng yaylovlarga elitdi. Qiz tag‘in so‘z qotdi. Unga navbatni berdim. Qiya ochiq eshikda sukunat halqalari osig‘liq turardi.
-Bu yerda qandaydir koridor borligiga ishonmayman. Dimog‘imga qishloq hidi urilayapti.
-Qishloq orzusini surayotgan tashqaridagi ayol sendan ko‘ra o‘sha joylarni afzal ko‘radi, - dedi u qiz uzoqroq masofada turgancha, qo‘llarini olov ustida tutashtirib.
-Ilojsizligidan shaharni tashlab ketolmayotgan bu ayol hamisha qishloqda uyi bo‘lishini hoxlar edi, - davom etdi u.
Men o‘sha ayolni tushlarimda uchratganimni esladim. Ammo hozir qiya ochiq eshik oldida, yarim soat ichida nonushta qilishga tushishim zarurligi yodimga tushdi.
-Nima bo‘lganda ham uyqudan uyg‘onishim uchun bu yerni shundayligicha qoldiraman....
Tashqarida beayov uvillayotgan shamol biroz o‘tib, sekinlasha boshladi. Yotoq joyida uxlab yotgan kimsaning nafas olishi-da quloqqa chalinmaydi. Dala-dashtdan esayotgan shamol tinchib qoldi. Xonadagi turfa iforlar ham tarqab bo‘lgandi.
-Ertaga men seni.... – shivirladim. – Seni ko‘cha devorlariga “Moviy rang itning ko‘zlari” deya yozayotgan ayol timsoli orqali tanib olaman.
-Bir necha daqiqa oldingi hodisalarni eslolmaydigan odam-a ?! – xitob qildi qiz siniq tabassum bilan...
Bu gaplarning hammasi o‘tkinchi, ehtimoldan uzoq ekanligiga ko‘zi yetib turgan qizning taslimona tabassumi edi bu.
-Tushidagi holatlarni uyg‘ongach, zarracha ham eslolmaydigan dunyodagi yagona odamsan... - deya u qo‘lini chiroqqa teqizdi-yu quyuq bulutlar orasida g‘oyib bo‘la boshladi.
Gabriel Garsia Markes. Moviy rang itning ko‘zlari (hikoya)
Ingliz tilidan Gulnoz Mamarasulova tarjima qildi.