Qafas bitishi bilan o‘z odatiga ko‘ra Baltasar uni tom bo‘g‘otiga osib qo‘ydi. U nonushta qilishga o‘tirgan paytdayoq, dunyoda eng ajoyib qafas yaratilgani haqidagi shov-shuvlar chor-atrofga yoyilgan edi. Uyi tegrasida qafasni tomosha qilishga ishtiyoqmandlar qurshovi qalinlashib boravergach, Baltasar uni ustaxonasiga kiritib qo‘yishga majbur bo‘ldi.
— Soqolingni olsang bo‘larmidi? — co‘radi Ursula undan, — xuddi maymunga o‘xshab qolibsan.
— Nonushtadan keyin soqol olish yaxshimas, — dedi Baltasar.
Uning yuziga ikki haftadan beri ustara tegmagan, kalta va qattiq sochlari patak bo‘lib ketgan, basharasi xuddi nimadandir qo‘rqib turgan bolanikiga o‘xshardi. Biroq uning qiyofasidagi bu ifodalar aldamchi edi.
Fevralda Baltasar o‘ttizga to‘ldi, Ursula bilan noqonuniy va befarzand nikohda yashay boshlaganiga esa to‘rt yil bo‘lyapti. Hayot sinovlari unga juda e’tiborli va jasoratli bo‘lishni o‘rgatdi. U ayni paytda o‘zi tayyorlagan qafas kimlar uchundir dunyoda beqiyos bo‘lib tuyulishini hali bilmasdi. Axir, qafassozlik hunari unga bolalikdan yod bo‘lib ketgan. Faqat so‘nggi ijod mahsuli avvalgilaridan bir oz qiyinroq bitdi, xolos.
— Bo‘lmasa, yotib damingni olaqol, — dedi ayol. — Bunaqa soqol bilan odamlarga ko‘rinish uyat.
U mute’lik bilan osma belanchakka cho‘zildi. Biroq ayni paytda hoziroq o‘rnidan turib, qafasni qo‘shnilariga opchiqib ko‘rsatish niyati ham yo‘q emasdi. Ursula qafasga endi e’tibor berdi. U Baltasar ikki haftadan buyon duradgorlik ishlarini tashlab, faqat shu qafas ustida ishlagani, kechalari alahsirab, tuzukroq uxlolmagani, hatto soqol olishga ham qo‘li tegmaganidan norozi edi. Biroq tayyor qafasni ko‘rishi bilan norizolik kayfiyati o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. Baltasar uxlab yotganida Ursula uning ko‘ylagi va shimini dazmollab, belanchak qarshisidagi kursi suyanchig‘iga osdi va qafasni xonadagi stol ustiga keltirib qo‘ydi. Keyin esa, jimgina unga tikilib qoldi.
— Shunga qancha pul olishing mumkin? — so‘radi eri uyg‘onib kiyina boshlaganida.
— Bilmadim, — javob qaytardi Baltasar. — O‘ttiz peso so‘rayman, hech bo‘lmasa, yigirma peso berishar.
— Ellikta so‘rayver, — dedi Ursula. — Axir sen shuni deb ikki hafta uxlamading. Keyin uning kattaligini qara. Bilasanmi, umrimda bunaqa katta qafasni ko‘rmaganman.
Baltasar soqol ola boshladi.
— Ellikta berishadi, deb o‘ylaysanmi?
— Don Xose Montel uchun bu pul nima degan gap. Qafas ham shu pulga arziydi, — dedi Ursula. — Oltmishta so‘rasang ham bo‘laveradi.
Uy odamning nafasini bo‘g‘adigan darajada rutubatli, buyam yetmaganday, undagi issiqqa chidash ham amrimahol edi. Baltasar havoni yangilash uchun eshikni qiya ochishi bilan xonaga bir to‘da bola otilib kirdi.
Yangilik hammayoqqa yoyilgandi. O‘z hayotidan xursand, biroq kasbidan anchayin zada bo‘lgan doktor Oktavio Xiraldo surunkali xastalikka uchragan xotini bilan nonushta qilarkan, Baltasar yasagan qafas haqida o‘ylardi. Ular yoz kunlari ichki rovon oldidagi stol ustiga anvoyi gullar bilan to‘la tuvaklar va ikkita qafasdagi kanareykani qo‘yib qo‘yishardi. Doktorning xotini qushlarini shu qadar yaxshi ko‘rardiki, hatto tabiatan ularga dushman bo‘lgan mushuklarni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Doktor kasal xotinining yonidan chiqib, qafasni ko‘rish uchun to‘ppa-to‘g‘ri Baltasarning uyiga keldi.
Baltasarning uyi odamlar bilan to‘la edi. Stol ustida uch qavatli aylana gumbaz qo‘r to‘kib turardi. Qafas ichida qushlar uchun maxsus yemak va yotoq bo‘lmalari yo‘laklar bilan berkitilgan, ular orasi esa panjara bilan to‘sib qo‘yilgandi. U ana shu ko‘rinishda muz fabrikasining kichkina shaklini eslatardi. Vrach qafasni qo‘l tekkizmasdan qiziqib tomosha qilarkan, bu san’at asari u eshitganidan ko‘ra ham nafis, xotinini xursand qilish uchun olib berishni orzu qilgan qafasdan ham beqiyos darajada go‘zal ekaniga ich-ichidan amin bo‘ldi.
— Haqiqiy xayolot mahsuli bu, — dedi u nigohi bilan izdihom orasidan Baltasarni izlab toparkan va unga mehr bilan qarab qo‘shib qo‘ydi, — sendan iqtidorli me’mor chiqishi mumkin edi.
Baltasar duv qizarib ketdi:
— Rahmat, — dedi yerga qarab.
— Bor gap-da, — dedi vrach. Uning tovushi xuddi lotin tilida gapirayotgan rohibning ovozini eslatardi. — Unga hatto qush solishning ham keragi yo‘q, — dedi u qafasni tomoshabinlarga sotib olishni tavsiya qilayotganday aylantirib ko‘rsatarkan. — Uni daraxt shoxiga ilib qo‘ysang, bas, o‘zi sayrab beradi.
U qafasni joyiga qo‘yarkan, biroz taraddudlanib unga tikilib turdi va dedi:
— Yaxshi, uni olganim bo‘lsin.
— U allaqachon sotilgan, — dedi Ursula.
— Don Xose Montelning o‘g‘liga, — qo‘shib qo‘ydi Baltasar, — o‘shaning buyurtmasiga ko‘ra yasaganman.
Vrach samimiyat bilan Baltasarga yuzlandi:
— U senga qafasning andozasini berganmidi?
— Yo‘q, u shunchaki ikkita to‘rg‘ay sig‘adigan, xuddi mana shunga o‘xshagan kattakon qafas yasab berishimni so‘ragandi.
Vrach yana qafasga razm soldi.
— Bu to‘rg‘ay uchunmas-ku!
— To‘rg‘ay uchun, doktor, — e’tiroz bildirdi Baltasar stolga yaqinlashib. Uni bolalar qurshab olgandi. — Hamma tomoni hisobga olingan, — dedi alohida bo‘lmalarni ko‘rsatib. Keyin esa u panjaralarni sekin chertib qo‘yganida, atrofni mayin ohanglar tutib ketdi.
— Yaxshi, lekin u senga andozasini bermagandi-ku! Aniq bir nima demagan. Faqat to‘rg‘ay uchun katta qafas yasab berishni iltimos qilgan, xolos. To‘g‘rimi!
— To‘g‘ri, — dedi Baltasar bosh irg‘ab.
— Unda hammasi ravshan, — dedi vrach, to‘rg‘ay uchun kattakon qafas, boshqa masala. Mana bu qafas umuman boshqa gap. Axir, bu o‘sha buyurtma asosida yasalgan qafas ekanini kim tasdiqlaydi.
— Bu o‘sha, — kajbahsligi tutdi Baltasarning, — uni o‘zim yasaganman-ku!
Vrach uning o‘jarligidan ajablanib yelka qisdi.
— Sen yana boshqasini ham yasab berishing mumkin-ku, — dedi eriga qat’iyatli tikilib Ursula va vrachga yuzlandi, — sizga juda ham zarurmi!
— Men xotinimga bugun yetkazishni va’da qilganman, — dedi vrach.
— Ming afsus, doktor, — dedi Baltasar, — sotilgan narsani yana sotib bo‘lmaydi.
Vrach yana yelka qisdi. U bo‘ynidan oqayotgan terni ro‘molcha bilan artayotib, umidsizlik bilan qafasga tikildi. Keyin esa, uzoqda ko‘zdan g‘oyib bo‘layotgan kemaga qarayotgandek, noma’lum bir nuqtaga tikilib qoldi.
— Senga ular qancha to‘lashdi!
Baltasar javob bermay Ursulaga qaradi.
— Oltmish peso, — dedi u.
Vrach yana ancha payt qafasga tikilib turdi.
— Juda zo‘r, — xo‘rsindi vrach, — hayratlanarli darajada zo‘r.
Keyin esa, u eshik tomonga yo‘naldi. Tushunarsiz iljayganicha ro‘molchasini silkidi va ana shu lahza uning xotirasida umrbod muhrlanib qoldi.
— Montel juda boy-da, — dedi xonadan chiqayotib.
Aslida Xose Montel boshqalar o‘ylagan darajada boy emasdi, biroq boyish uchun u hamma narsaga tayyor edi. Uning qulog‘iga g‘ayrioddiy qafas to‘g‘risidagi uzuq-yuluq gaplar yetib kelgan bo‘lsa-da, bunga e’tiborsizlik bilan qaragandi. Xose Montel shirin xurrak otayotgan pallada uning ayoli o‘lim haqidagi mudhish xayollar iskanjasida, eshik-derazalarni berkitib, nimqorong‘u xonada ko‘zlari ochiq holda qimirlamay yotardi. Montel g‘ayritabiiy shovqindan uyg‘onib ketdi. Eshikni ochganida uyi atrofida olomonni, uning o‘rtasida esa, qo‘liga qafas tutganicha yuzida boylar eshigini ilinj bilan qoqadigan faqirlardagina bo‘ladigan kamtarona iltifot aks etgan, yaqindagina soqolini qirtishlab, boshdan oyoq oppoq kiyingan Baltasarni ko‘rdi.
— Axir bu mo‘‘jizaning o‘zi-ku, — quvonchli hayrat bilan qichqirib yubordi Xose Montelning rafiqasi Baltasarni uyga boshlab kirarkan. — Umrimda bunaqasini ko‘rmagandim.
U Baltasarning ortidan hash-pash demay yopirilib kelayotgan kishilarning ichkariga kirmasligi uchun g‘ijinib eshikni berkitdi va qo‘shib qo‘ydi:
— Yaxshisi ichkariga olib kira qoling, bo‘lmasa, anavilar mehmonxonamizning to‘s-to‘polonini chiqarib yuborishadi.
Baltasar ilgari ham Xose Montelning uyida bir necha marta bo‘lgandi. Uning mahorati va o‘z ishini g‘oyatda puxta bajarishini bilganlari bois uni bu yerga bir necha marta mayda-chuyda duradgorlik ishlariga yordam berish uchungina taklif qilishgandi. Biroq u hamma vaqt ham boylarning xizmatida bo‘lavermasdi. Ba’zi paytlardagina ular haqida, ularning jizzaki va xunuk xotinlari haqida, kundan-kunga ularni ta’qib etayotgan mudhish kasalliklar, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan jarrohlik operatsiyalari haqida o‘ylar, ko‘pincha bu toifaga achinish bilan qarardi. U bu xonadonga kirgan chog‘ida oyog‘i o‘ziga bo‘ysunmay qolganini, har bir qadam unga azobday tuyula boshlaganini payqadi.
— Pepe uydami, — so‘radi u qafasni stol ustiga qo‘yarkan.
— Hali maktabdan qaytmadi, — javob qaytardi Xose Montelning xotini, — lekin hali zamon kelib qoladi, — va qo‘shib qo‘ydi: — Montel yuvinyapti.
Haqiqatda esa Montelning hozir yuvinishga vaqti yo‘q va shu bois tezroq nima bo‘layotganini ko‘rish uchun tez-tez kamforali spirt bilan badanini artayotgan edi. U shu qadar ehtiyotkor odam ediki, g‘ashga tegadigan shovqini bilan oromini buzmasligi uchun ventilyatorni ham yoqmay uxlardi.
— Adelaida, — qichqirdi u, — nima shovqin bo‘lyapti?
— Bu yoqqa kel, qara, qanaqangi ajoyib narsa, — qichqirdi xotini.
— Nima bu!
— Pepe aytgan qafasni olib keldim, — javob qaytardi Baltasar.
Ayol unga asabiy tikildi:
— Kim dedingiz?
— Pepe, — takrorladi Baltasar va Xose Montelga yuz burdi, — Menga Pepe buyurtma bergandi .
Aslida hech narsa bo‘lmagandi, biroq Baltasarning nazarida xuddi hammom devoridan darcha ochilganday tuyuldi. Xose Montel bitta lungida yotoqxonadan chiqib keldi va g‘azab bilan baqirdi:
— Pepe!
— Hali qaytgani yo‘q, — dedi haykaldek qotib turgan xotini pichirlab. Shu asnoda bo‘sag‘ada Pepe paydo bo‘ldi. Uning kipriklari onasinikiga o‘xshagan qayrilma edi. O‘n ikki yoshli bolakayning yuzida sokin bir sarosima aks etardi.
— Bu yoqqa kel, — chaqirdi uni Xose Montel, — manavini sen buyurganmiding?
Bolakay indamay boshini egdi. Otasi uning sochidan changallab o‘ziga karatdi:
— Gapirsang-chi?
Bola jimgina labini tishladi.
— Montel... — jur’atsizgina shivirladi xotini.
Xose Montel changalini bo‘shatib, peshonasi tirishgancha, Baltasarga o‘girildi:
— Yaxshi ish bo‘mapti, Baltasar, — dedi u. — Ishga kirishishdan ilgari men bilan maslahatlashishing kerak edi. Kelib-kelib shu go‘dakning gapiga kirasanmi?
U gapirayotganida yuzi birdaniga jiddiy va sokin tus oldi, qafasga qiyo ham boqmay, ko‘tarib Baltasarga uzatdi:
— Buni hoziroq olib ket va istagan odamingga sotib yubor. Sendan iltimos, men bilan bu haqda mutlaqo tortishma, — u Baltasarning yelkasiga qoqib tushuntira ketdi, — do‘xtir aytgan, menga asabiylashish mumkin emas.
Bolakay toshdek qotib qolgan, Baltasar esa unga talmovsiragancha qarab turardi. Shu payt bola bo‘g‘zidan itlarning irillaganiga o‘xshash tovush chiqarib, o‘kirib yubordi va o‘zini polga tashladi.
Onasi uni yupatmoqchi bo‘lganida Xose Montel unga befarq qarab turaverdi:
— Qo‘yaver, — dedi u, — mayli, boshini polga urib yorsin, keyin yarasini tuzlangan limon bilan artib qo‘ysang, bu xarxasha yanayam shirinroq bo‘ladi unga.
Bola bir tomchi yoshsiz arillar, onasi esa uning qo‘lidan ushlab olgandi.
— Tegma, — unga buyurdi yana Montel.
Baltasar bolaga ma’nosiz tikildi. Soat to‘rtga yaqinlashib qolgandi. Bu paytda Ursula uyda piyoz to‘g‘rayotib, almisoqdan qolgan allaqaysi qo‘shiqni xirgoyi qilmoqda edi.
— Pepe, — dedi Baltasar va jilmayganicha uning qo‘liga qafasni tutqazdi. Bola bir zumda oyoqqa qalqdi va ikki qo‘li bilan qafasni olarkan, Baltasarga qanday minnatdorchilik bildirishni bilmay, so‘zsiz tikilib qoldi. Uning ko‘zlarida bir tomchi ham yosh ko‘rinmasdi.
— Baltasar, — gap qotdi Xose Montel zo‘raki muloyimlik bilan, — qafasingni olib ket dedim senga.
— Hoziroq qaytarib ber, — buyurdi ayol ham o‘g‘liga.
— O‘zingda qolaversin, — dedi Baltasar va ketishga chog‘lanarkan, Xose Montelga o‘girilib qo‘shimcha qildi, — axir, buni men faqat o‘g‘lingiz uchun yasaganman.
Xose Montel uning ortidan mehmonxonagacha ergashib bordi.
— Maynavozchilikni yig‘ishtir, Baltasar, — deya uning yo‘lni to‘sib talab qildi uy egasi. — Anavi matahingni olib ket bu yerdan va bunaqa tentaklikni bas qil! Baribir senga buning uchun sariq chaqa ham bermayman.
— Keragi ham yo‘q, — dedi Baltasar, — men uni Pepega sovg‘a qilish uchun yasaganman. Bundan hech narsa ta’magir emasman.
Baltasar shunday deya o‘zini eshik og‘zidagi hangomatalab olomon orasiga urdi. Xose Montel mehmonxona o‘rtasida turganicha, uning ortidan bo‘g‘ilib qichqirar, yuzi dokaday oqarib, ko‘zlari qonga to‘lgandi.
— Tentak, — baqirardi u, — savilingni hoziroq yo‘qot. Senga o‘xshaganlar uyimni oyoqosti qilishiga yo‘l qo‘ymayman. Jin ursin senlarni!
Bilyardxonada Baltasarni olqishu qiyqiriqlar bilan kutib olishdi. U shu paytga qadar shunchaki ilgari yasagan qafaslaridan ko‘ra yaxshirog‘ini yasaganman, xolos, deya xayol qilar, uning nazarida ushbu qafasni aslida ham Pepening yig‘lamasligi uchun unga tuhfa qilishi lozimdek tuyular va bular hammasi arzimas narsalar bo‘lib ko‘rinardi. Endi o‘ylab qarasa, ko‘pchilik uchun arzirli taraflarni hisobga olmagan ekan.
— Demak, ellik peso berishdi, degin?
— Oltmish peso, — dedi Baltasar.
— O‘-hu, unda do‘ppingni osmonga otsang bo‘larkan, — dedi kimdir, — sendan boshqa hech kim Don Xose Monteldan buncha pul undirolmagan bo‘lsa kerak. Bunaqa yutuqni bir yuvmasang bo‘lmaydi.
Unga pivo keltirishdi, u esa shu yerdagilarning hammasi uchun pivo buyurdi. U umrida mast bo‘lmagan, o‘sha oqshom ilk bor qo‘liga qadah olishi edi. Kechga borib uning kayfi tamoman oshdi va ajabtovur rejalari haqida aljiray boshladi: “Har biri oltmish pesodan mingta, keyin yana millionta qafas yasasa, naq oltmish million peso bo‘larkan. Iloji boricha ko‘proq qafas yasashim va boylar qirilib bitmay turib ularga pullab olishim kerak, — derdi u hech narsaning farqiga bormay. — Ularning bari kasal va hademay o‘lib ketishadi. Ularning hayoti shu qadar ayanchliki, hatto o‘ylashga ham arzimaydi”.
Musiqa qurilmasi kariyb ikki soat tinmasdan uning hisobidan «sayradi». Hamma Baltasarning sog‘lig‘i, uning baxti va omadi, boylarning esa tezroq o‘lib ketishi uchun ichdi. Yarim kechasi, soat birga borib u bilyardxonada bir o‘zi qolib ketdi.
Ursula ustiga piyoz sepilgan go‘shtli qovurdoq bilan uni kechki soat sakkizgacha kutdi. Kimdir unga Baltasarning bilyardxonada xursandchilikdan ichib mast bo‘lib qolgani va hammani pivo bilan siylayotganini aytganida, ishonmadi, zero, Baltasar umrida bir marta ham ichkilikni og‘ziga olmagan edi. U uxlagani yotganida tun yarmidan oqqan, bu paytda Baltasar hamon sutdek oydin do‘kon yonida, ochiq osmon tagida, tartib bilan stol va stullar terib qo‘yilgan maydonchada o‘tirar, ikki yuzi lab bo‘yog‘ining izlari bilan to‘lib toshgan, o‘rnidan qo‘zg‘alolmaydigan ahvolda bo‘lsa-da, yumshoqqina to‘shakda yotib uxlash haqida xayol surardi. U bugun shunchalik ko‘p pul sarfladiki, qarzini boshqa kuni to‘lash sharti bilan soatini garovga qo‘yishga majbur bo‘ldi. U ko‘p o‘tmay ko‘chaning o‘rtasida sudralib keta boshlaganida kimdir oyog‘idagi tuflisini yechib olayotganini payqadi, biroq arzimagan narsani deb hayotidagi eng go‘zal tushni yo‘qotib qo‘ymaslik uchun bunga parvo ham qilmadi. Ertalabki ibodatga oshiqayotgan xotinlar uni ko‘rib, o‘lik deya gumon qilishdi va o‘takalari yorildi.
Gabriel Garsia Markes. Unutilmas kun (hikoya)
Rustam Jabborov tarjimasi