O‘rmon jimjit, faqat daraxtlarga tushayotgan qorning asta shitirlashi eshitildi. Bu yengilgina quruq qor kunduzi yog‘a boshlab, shox-butoqlarga muz momig‘ini to‘kib, o‘tlarning xazon bo‘lgan yaproqlariga kumush parda tashlab, yo‘llarga katta, oppoq va yumshoq gilam yoyib, bu daraxt dengizining benihoya sukutini quyuqlashtirmoqda edi.
O‘rmon qorovulxonasining ostonasi oldida yosh bir juvon yenglarini shimarib, bolta bilan o‘tin yormoqda. Bu baland bo‘yli qaddi-qomati kelishgan va baquvvat o‘rmon qizi — otasi o‘rmonchi va o‘zi o‘rmonchining xotini edi.
— Bugun tunda yolg‘iz yotamiz, Bertina, uyga kir, qorong‘i tushib qoldi. Ehtimol o‘rmonda prussaklar va bo‘rilar izg‘ib yurgandir,— degan tovush eshitildi uydan.
O‘rmonchining xotini qulochini kerib, qarsillatib o‘tin yorarkan:
— Bo‘ldim, ona. Hozir, hozir kiraman, qo‘rqma hali yorug‘-ku,— dedi.
Keyin u uyga o‘tin va bir bog‘ shox olib kirib o‘choq yoniga taxladi, yana eshikka chiqdi. Deraza qopqoqlarini, yaxlit dubdan yasalgan og‘ir qopqoqlarni yopdi va qaytib kirib eshikni tambalab qo‘ydi.
Bujmayib, keksayib, qo‘rqoq bo‘lib qolgan onasi olov yonida o‘tirib ip yigirmoqda edi.
— Dadangning uyda yo‘qligi yomon-da,— dedi kampir,— ikkita xotinning qo‘lidan nima keladi?
— Ha, men-chi, bo‘rini yoki prussakni bir amallab otib tashlarman, axir! — deb javob berdi juvon va o‘choq boshida osig‘lik turgan katta to‘pponchaga ishora qildi.
Uning eri prussaklar hujum boshlagan vaqtlaridayoq askarlikka olingan va xotinlar esa Dilda laqabli Nikola Pishona degan keksa otasi bilan yolg‘iz qolishgan. U bo‘lsa uydan ketishga, shaharga ko‘chib tushishga asti ko‘nmayotgan edi.
U yerga yaqin shahar Ratel bo‘lib, u toqqa solingan qadimgi qal’a edi. Bu vatanparvarlar shahri; uning aholisi bosqinchilarga qarshilik ko‘rsatishga, shahardan chiqmaslikka va eski odatda ko‘ra qamalga bardosh berishga qaror qilishgan. Genrix IV va Lyudovik XIV zamonida Ratol grajdanlari ikki marta qahramonona mudofaa bilan nom chiqarganlar. Endi esa, agar ularni qal’a devorlari ichida yondirib yuborsalar ham xuddi shunday qilishadi.
Shunday qilib, ular to‘plar va miltiqlar sotib olishdi, ko‘ngillilarni qurollantirishdi. Batalonlar va rotalar tuzishib, qal’a maydonchasida ertadan kechgacha mashq qilishadi. Ularning hammasi: nonvoylar, boqqollar, qassoblar, notariuslar, advokatlar, duradgorlar, kitob sotuvchilar, hatto aptekachilar iste’fodagi dragun ofitseri Lavin janoblarining qo‘l ostida navbati bilan ma’lum soatda mashq qilishadi. Lavinning o‘zi hozir Ravodan janoblarining qiziga uylanib, undan meros qolgan do‘konda attorlik qilardi.
Lavin janoblari qal’a komendanti degan unvon oldi va yoshlar askarlikka ketgani uchun u, jon-jahdi bilan mudofaaga tayyorlik ko‘rayotgan hamma aholining boshini biriktirdi. Semizlar yog‘ini kamaytirish va nafas qisishdan qutulish uchun ko‘chalarda yo‘rtib, halloslab yurishar, kamquvvatlar chayir bo‘lish uchun og‘ir-og‘ir narsalarni ko‘tarishardi.
Xamma prussaklarni kutmoqda. Lekin prussaklar ko‘rinmasdi. Ammo yaqin o‘rtada turishardi, ularning razvedkachilari o‘rmon bilan ikki marta Dilda laqabli o‘rmonchi Nikola Pishonaning qorovulxonasigacha kelishgan. Tulki singari ziyrak keksa o‘rmonchi chopganicha kelib shaharlilarni bu ishdan xabardor qilgan, shundan so‘ng to‘plarning og‘zi o‘sha yoqqa qaratib qo‘yilgan. Lekin dushmandan darak yo‘q edi.
Dildaning uyi Avelin o‘rmonida avangard postlik xizmatini o‘tardi. Chol haftada ikki marta shaharga borib oziq-ovqat keltirar va atrofda bo‘layotgan yangiliklardan shaharliklarni xabardor qilardi.
Chol o‘sha kuni shaharliklarga borib, o‘tgan kuni kunduzi soat uchlarda nemis piyoda askarlaridan kichikroq bir otryadi uning uyiga kelganini va o‘sha zahotiyoq oldinga qarab ketganini, otryadning boshlig‘i, unter-ofitser fransuzcha biladi, deb aytgani ketgandi.
Chol shaharga ketayotganida izg‘ib yuradigan bo‘rilardan qo‘rqib, sherbashara ikkita bo‘ribosar itini o‘zi bilan ergashtirib ketgan, xotinlarga esa tunda eshiklarni yaxshilab berkitib yotinglar, deb aytgan edi.
Xotinlarning yoshi hech narsadan qo‘rqmas, keksasi esa doim jon titrog‘iga uchrab:
— Buning oqibati yaxshilik bilan tugamas, ko‘rarsan, yaxshilik bilan tugamas,— derdi.
O‘sha kuni kechqurun kampirni har vaqtdagidan ko‘proq vahima bosdi.
— Bilmaysanmi, otang qachon kelarkin? — deb so‘radi u.
— O‘n birdan oldin kelmasa kerak. Komendantning uyida ovqat yegani qolganida hamisha kech keladi, — dedi qizi.
Yosh juvon ovqat pishirgani endigina qozon osib suv quygan edi, mo‘ridan eshitilayotgan noma’lum sharpani payqab, turgan joyida qotib qoldi.
— Eshityapsanmi, o‘rmonda yurishibti... kamida yetti-sakkiz kishi,— dedi shivirlab.
Onasi qo‘rqib ketib ip yigirishni to‘xtatdi va:
— Oh, xudoyim, otang yo‘q-ku! — deb pichirladi. Kampir gapini tamom qilmagan ham edi, qattiq zarbdan eshik larzaga keldi.
Xotinlar javob qilishmovdi, eshik orqasidan guldiragan tovush bilan baqirib:
— Och! — dedi birov. Birpasdan keyin yana o‘sha tovush:
— Och eshikni, bo‘lmasa buzish! — dedi.
Shunda Bertina o‘choq boshida osig‘lik turgan katta to‘pponchani olib, yubkasining cho‘ntagiga soldi va qulog‘ini eshikka qo‘yib turib:
— Kim? — dedi.
— Bu men, o‘tgan kundagi otryad.
— Nima ishingiz bor? — dedi yana Bertina.
— Otryadimdan ertalab adashdim. Siz ochish kerak, bo‘lmasa men eshikni sindirish, — dedi.
O‘rmonchi juvonning eshik tambasini tushirishdan boshqa iloji yo‘q edi, og‘ir eshikni qiya ochib qorning xiragina yorug‘ida olti kishini, oltita pruss soldatini, o‘sha, o‘tgan kun kelganlarni ko‘rdi.
Bertina jahl bilan:
— Bemahalda nima qilib yuribsizlar? — dedi. Unter-ofitser yana:
— Adashib qoldim, butunlay adashib qoldim va men uyingizni ko‘rib tanidim. Men ertalabdan beri hech narsa yemadim, otryadim ham, — dedi.
— Uyda onam bilan mendan boshqa hech kim yo‘q, — deb tixirlik qildi Bertina.
Soldat muloyimlik bilan:
— Hechqisi yo‘q. Men sizlarni xafa qilmayman, faqat siz ovqat berishingiz kerak, bo‘lmasa hozir biz ochlik va horg‘inlikdan yiqilish.
O‘rmonchi juvon o‘zini chetga olib:
— Kiringlar,— dedi.
Soldatlar kirishdi, ust-boshlari qor, qor qo‘ngan kaskalari bo‘lsa ustiga ko‘pirtirilgan qaymoq solingan pirojnoega o‘xshardi, ularning horiganliklari ko‘rinib turardi.
O‘rmonchi juvon stolning ikki tomonidagi yog‘och eshaklarni ko‘rsatib:
— O‘tiringlar,— dedi,— men sizlarga ovqat pishirib beraman, tinkalaring juda quriganga o‘xshaydi.
Juvon eshikni tambaladi.
Keyin qozonga yana suv quydi, yana yog‘, kartoshka soldi, o‘choq boshidagi changakka ilig‘lik turgan yog‘ni oldi va yarmini kesib uni ham qozonga tashladi.
Olti soldat ochlikdan ko‘zlari jovdirab, xotinning har bir harakatini kuzatib turishardi.
Qurol va kaskalarini bir burchakka uyib qo‘yib, maktab kursisida o‘tirgan yuvosh bolalardek kutib o‘tirishdi.
Keksa ona yana ip yigirishga tushdi va minut sayin alanglab bosqinchi soldatlarga qarab qo‘yardi. Uyda charxning g‘uvillashi, yonayotgan olovning shitirlashiyu qaynab chiqayotgan ovqatning biqir-biqiri eshitilib turardi, xolos...
Lekin eshik orqasidan ajib bir tovush, yirtqichning pishqirishiga o‘xshash qattiq pishqiriqni eshitib, hammalari sapchib tushishdi.
Nemis unter-ofitseri miltig‘iga qarab yugurdi. O‘rmonchi juvon ishora bilan uni to‘xtatdi.
— Bo‘rilar, — dedi u kulimsirab. — Sizlarga o‘xshab ular ham o‘rmonda och izg‘ib yurishadi.
Nemis ishonmadi va o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘ldi, lekin eshik ochilar-ochilmas, lapanglab qochib ketayotgan ikkita sur bo‘rini ko‘rdi.
U o‘rniga kelib o‘tirarkan, g‘udranib:
— Men ishongim kelmagan edi,— dedi. Keyin ovqatni kutib o‘tirdi.
Ular kattaroq luqma olish uchun og‘izlarini quloqlariga yetguncha ochib, ochko‘zlik bilan ovqat yeya boshlashdi; ko‘zlarini ham katta ochishar, tomoqlaridan ovqat quvurdan o‘tayotgan suvday qult-qult qilib o‘tardi. Ikkala ayol sariq soqollarning qanday tez qimirlashiga, go‘yo silkinib turgan o‘simlik ichiga tushib g‘oyib bo‘layotgan kartoshkalarga qlrab jimgina o‘tirishardi.
Keyin nemislar cho‘llashdi, o‘rmonchi juvon sidr suzib chiqqani yerto‘laga tushib ketdi. U joyda anchagina hayallab qoldi. Bu yerto‘la gumbaz taxlit qilib solingan bo‘lib, aytishlariga qaraganda revolyutsiya yillarida turma ham, yashirinadigan joy ham bo‘lgan ekan. U yerga oshxonaning burchagidagi qopqoqni ochib, aylanma zina bilan tushilar edi.
Bertina xursand, o‘zicha ich-ichidan kulib chiqdi. U nemislarning oldiga bir ko‘za sidr qo‘ydi. Keyin onasi bilan oshxonaning narigi burchagida o‘tirib ovqat yedi.
Soldatlar ovqatni yeb bo‘lib, kursida o‘tirgan joylarida mudrab qolishdi. Soldatlarning dam unisi, dam bunisi pinakka ketib, peshonasini stolga urib olar va uyg‘onib ketib qaddini rostlardi.
Bertina unter-ofitserga:
— Olovga yaqinroq joyga o‘taqolinglar, hammaga ham joy yetarli, onam bilan biz mening uyimga chiqib yotamiz,— dedi.
Ikkala ayol yuqori qavatga chiqib ketishdi. Ularning eshikni qulflaganlari, anchagacha nari-beri yurganlari eshitilib turdi va nihoyat jim bo‘lishdi.
Prussaklar oyoqlarini olovga qilib, shinellarini yumaloqlab boshlariga qo‘yib, yerga cho‘zilishdi va tezdan oltovi olti xil: biri chiyillab, biri yo‘g‘on, lekin hammasi bir xilda uzun va baland xurrak torta boshlashdi.
Xuddi uyning devoriga otayotgandek qattiq o‘q ovozi chiqqanida ularning uxlaganlariga ancha vaqt bo‘lgan bo‘lsa kerak. Soldatlar irg‘ib o‘rinlaridan turishdi, yana gumburlab ikki o‘q uzildi, uning orqasidan yana uchta otildi.
Yuqoridagi eshik lang ochilib yalangoyoq, ichki kiyimda, qo‘lida sham, g‘oyat qo‘rqqan o‘rmonchi juvon ko‘rindi.
— Fransuzlar, — dedi qiz g‘o‘ldirab, — kamida ikki yuz kishi. Agar sizlarni bu yerda ko‘rishsa, uyga o‘t qo‘yib yuborishadi. Tezda yerto‘laga tushinglar, lekin shovqin-suron qilmanglar. Agar tovushlaring chiqsa hammamiz ham halok bo‘lamiz.
Unter-ofitser shoshganidan:
— Biz ko‘nadi, biz ko‘nadi, — dedi shivirlab, — qaerdan tushishimiz kerak?
Xotin shoshib yerto‘laning qopqog‘ini ochdi va oltita nemis ketma-ket aylanma zinadan, pillapoyani oyog‘i bilan paypaslaganicha turtinib yerto‘laga tushib ketdi.
Lekmn so‘nggi kaskaning uchi tushib bo‘lar-bo‘lmas, Bertina yerto‘laning devorday qalin zilday dub qopqog‘ini qars etib yopti. Kattakon turma qulfidagi kalitni ikki marta buradi va asirlarning boshida o‘yin tushib yuborishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib, huzur qilib asta kuldi.
Ular qopga, temir panjaralik tuynukdangina havo kirib turadigan toshdan yasalgan mustahkam qopga tushganday qimirlamay turishardi.
Bsrtina yana tezda olov yoqdi, yana ovqat pishirgani qozon osarkan:
— Bugun tunda otam xo‘b charchaydi-da, — deb so‘zlandi. Keyin o‘tirib kuta boshladi. Jimlikda soatning bir xilda qattiq tiq-tiq qilishigina eshitilib turardi.
Yosh juvon har zamonda soatning strelkasiga qarab-qarab qo‘yar, uning bu qarashida «muncha sekin yurayotir?» deyayotganday bir ifoda bor edi.
Lekin tezdan nazarida oyog‘i tagida ivir-shivir eshitilayotganday bo‘ldi. G‘isht gumbazlar ostidan tushunib bo‘lmaydigan gaplar eshitilib turardi. Aftidan prussaklar qo‘lga tushganlarini payqab qolishgan ko‘rinadi, bir ozdan keyin unter-ofitser aylanma zinadan chiqib bor kuchi bilan yerto‘laning qopqog‘ini ura boshladi.
— Ochish! —dedi u tovushi boricha baqirib.
Qiz o‘rnidan turdi va yaqinroq borib uning tilini masxara qilib:
— Siz nima xohlash?— dedi.
— Ochish!
— Men ochish yo‘q.
— Ochish bo‘lmasa, men eshikni sindirish! — dedi nemis joni chiqib.
Qiz xandon tashlab kulib:
— Sindiraqol, sindir, chirog‘im!—dedi.
Nemis dub qopqoqni miltiq qo‘ndog‘i bilan ura boshladi. Lekin bunday qopqoqni cho‘qmor bilan ham buzib bo‘lmas edi.
O‘rmon qizi nemisning pastga tushib ketayotganini eshitdi. Keyin soldatlar ketma-ket chiqib qopqoqning mustahkamligini va o‘z kuchlarini sinab ko‘rishdi. Lekin urinish behudaligini anglaganlaridan keyin, yana pastga tushib, maslahat qila boshlashdi. Ayol avval ularning so‘zlariga quloq soldi, keyin ko‘cha eshikni ochib, qorong‘ilikka quloq sola boshladi. Uzoqdan itning hurishini eshitdi. Ovchilarga o‘xshab hushtak chaldi, o‘sha zahoti qorong‘ilikdan ikkita katta it chiqib keldi va jilpanglab qizga qarab yugurdi. Qochmasin deb, qiz ularning bo‘ynidan ushlab oldi. So‘ng joni boricha:
— Ho,-o, ota! — deb qichqirdi.
— Ho-o, Bertina,— degan javob eshitildi juda uzoqdan.
Qiz bir oz kutib turgach, yana:
— Ho-o, ota! — dedi.
— Ho-o, Bertina,— degan javob eshitildi yaqindan.
— Tuynukning ro‘parasidan o‘tma. Yerto‘lada nemislar bor,— dedi o‘rmonchining qizi unga.
Chap tomondagi ikki daraxt orasida to‘satdan cholning novcha qomati paydo bo‘ldi.
— Yerto‘lada nemislar bor? Nima qiladi u yerda? — deb so‘radi chol hayajonlanib.
Yosh juvon kulib yuborib:
— Ha, kechagilar. O‘rmonda adashib qolishgan ekan, tirikkina tursin deb yerto‘laga solib qo‘ydim, — dedi.
So‘ng, o‘q uzib nemislarni qo‘rqitganini va yerto‘laga qamab qo‘yganini boshdan-oyoq so‘zlab berdi. Chol hamon qovog‘ini solib:
— Endi ularni nima qilaman? — dedi.
— Bor, Lavin janoblarini otryadi bilan olib kel. Bularni asir qilib olsin. Xo‘b sevinadi-da! — dedi qizi.
Shundan keyin chol Pishon ham kulimsirab:
— Rost aytasan, xo‘b sevinadi! — dedi.
— Mana ovqat, yeginu, tezdan chop,— dedi qizi.
Chol avval ikki idishdagi ovqatni itlarining oldiga qo‘yib, so‘ng stolga o‘tirib ovqat yeya boshladi.
Gangir-gungir gapni eshitgach, nemislar jim bo‘lib qolishdi. Chorak soatdan so‘ng Dilda yana yo‘lga tushdi. Bertina esa qo‘llarini jag‘iga tiraganicha kuta boshladi.
Asirlar yana ko‘zg‘alib qolishdi. Endi ular qichqirishar, hadeb chaqirishar, miltiqning qo‘ndog‘i bilan jon boricha yerto‘laning mustahkam qopqog‘ini urishardi.
Bir ozdan keyin yaqin orada biron nemis otryadi bo‘lsa, eshitib qolarmikan degan umid bilan tuynukdan o‘q uza boshlashdi.
O‘rmonchining qizi qotib qolganday o‘tirardi: lekin nemislarning shovqin-suroni uning g‘ashiga tegar va bezovta qilardi. Qizda qattiq g‘azab qo‘zg‘aldi. Ablahlarning tovushini o‘chirish uchun o‘ldirib tashlagisi keldi. Toqati toq bo‘lib, ko‘zini soatdan uzmay har minutni hisoblay boshladi.
Otasi ketganiga bir yarim soat bo‘ldi. Endi u shaharga yetgandir. Qiz uni ko‘rib turganday. Mana, otasi bo‘lgan voqeani Lavin janoblariga so‘zlab berayotir. Lavinning yuragi hovliqib, rangi o‘chib ketdi va qo‘ng‘iroq chalib xizmatchisini chaqirdi, shinel va miltig‘ini keltirib berishni buyurdi. Bertinaning qulog‘iga ko‘chalarni yangratib chalinayotgan nog‘ora tovushi eshitilayotganday bo‘lardi. Qo‘rqib ketgan odamlar derazalardan qaraydi. Ko‘ngillilar shoshib-pishib, yurgan yo‘lida qilich qayishini tugmalaganicha nafasi og‘ziga tiqilib, yugurib uylaridan chiqishyapti va komendantning uyiga qarab ketishyapti.
Keyin otryad shoshganicha zulmat ichida, qor uyumlari orasida Dildaning boshchiligida o‘rmonga jo‘naydi.
U hadeb soatga qarardi, «bir soatdan keyin shu yerda bo‘lishadi».
Uning butun vujudini asabiy bir betoqatlik qamrab olgan edi. Minutlar benihoya cho‘zilardi. Yana qancha kutish kerak, axir?
Nihoyat, strelkalar uning mo‘ljalicha otryad yetib kelishi kerak bo‘lgan vaqtni ko‘rsatdi.
U kelishayotganmikin, degan umidda quloq solgani yana ko‘cha eshikni ochdi. Ehtiyot bilan lip etgan soyani ko‘rdi, cho‘chib qichqirib yubordi. Bu otasi edi.
— Biron o‘zgarish bo‘lmadimi, bilib kel deb meni yuborishdi, — dedi u.
— Yo‘q, hech qanday o‘zgarish yo‘q.
Shundan so‘ng chol chalgan uzun va qattiq hushtak ovozi zulmatni yorib o‘tdi.
Tezdan daraxtlar orasida asta yaqinlashib kelayotgan qora soyalar — o‘n kishidan iborat avangard ko‘rindi.
Dilda hadeb:
— Tuynuk ro‘parasidan o‘tmanglar,— deb takrorlardi. Oldin kelganlar keyin kelganlarga haligi xatarlik yerni ko‘rsatishardi.
Nihoyat, har bittasida ikki yuztadan o‘q bo‘lgan ikki yuz kishilik asosiy otryad yetib keldi.
Lavin janoblari hovliqqanidan titragan holda o‘z odamlarini shunday qilib joylashtirdiki, uy har tomondan o‘raldi. Yerto‘laga havo kirib turadigan qora teshik ro‘parasidagi keng joygina bo‘sh qoldi.
Keyin Lavin janoblari uyga kirdi va go‘yo bug‘lanib, tuynuk orqali uchib ketganday ko‘milib jim o‘tirgan dushmanning soni va joylanishi haqida ma’lumot oldi.
Lavin janoblari yerto‘laning qopqog‘ini tepdi va:
— Janob pruss ofitseri! — deb chaqirdi. Nemis javob qilmadi.
— Janob pruss ofitseri! — deb takrorladi komendant. Yana javob bo‘lmadi. U damini chiqarmay o‘tirgan nemisni qurol-aslahasi bilan taslim bo‘lishga yigirma minut undadi. O‘ziga ham, soldatlariga ham jazo bermaslik va harbiy unvonini qoldirishni va’da qildi. Lekin na roziligini va na yovlashishini bildirgudek biron alomat eshitishga muyassar bo‘lmadi. Ahvol ancha og‘irlashdi. Ko‘ngillilar isinish umidida kucherlarga o‘xshab yer tepinishar, o‘zlarini o‘zlari yelkalariga urishar, ha desa yana tuynukka qarashar, har qaysisida ham o‘sha yerdan yugurib o‘tsam nima qilarkan, degan bolalarcha istak kuchayib borardi.
Ularning ichida Podevon degan bitta juda epchil odam bor edi, nihoyat, o‘sha mardlik qildi. Kiyikday yugurib kelib, tuynukning ro‘parasidan chopib o‘tdi. Hech gap bo‘lmadi. Asirlar o‘lib qolganday tuyulardi.
— U yerda hech kim yo‘q, — dedi birov.
Yana bitta soldat haligi dahshatli tuynuk ro‘parasidan yugurib o‘tdi. Keyin xuddi o‘yin boshlanganday bo‘ldi. Xuddi quvlashmachoq o‘ynayotgan bolalarga o‘xshab, oyoqlari ostidagi qorni sachratib, minut sayin bitta soldat u otryaddan bu otryadga chopib o‘ta boshladi. Shaharliklar isinish uchun shox-shabbalarni terib, katta- katta gulxanlar yoqib yuborishdi va olov yorug‘i o‘ng tomondan chap tomonga yugurib o‘tgan odamga bir nafasgina shu’la tashlardi.
— Maluazon, sening galing! — dedi qichqirib kimdir.
Maluazon semiz nonvoy edi. O‘rtoqlari hamisha uning qornidan kulishardi.
U ikkilanib qoldi. Hamma kula boshladi. Shunda yuragiga sal dadillik berib, katta qornini silkitganicha harsillab-gursillab chopib ketdi.
Butun otryad kula berib ichagi uzildi.
— Barakalla, barakalda, Maluazon! — deb unga dalda berishardi.
U endi yo‘lning uchdan ikki qismini chopib o‘tgan edi, to‘satdan tuynukdan qisqagina qip-qizil alanga sochildi.
O‘q uzildi. Semiz nonvoy dodlaganicha mukkasi bilan qorga yiqildi.
Hech kim yordamga bormadi. So‘ng uning o‘zi oh-voh qilib emaklab, xatarli doiradan chetga chiqishi bilan hushidan ketdi.
O‘q sonining yuqorisiga, eng sergo‘sht joyiga tegipti.
Birinchi qo‘rquv, birinchi sarosimadan so‘ng yana kulgi ko‘tarildi.
Lekin shu on uy ostonasida komendant Lavin ko‘rindi. U qanday hujum qilish rejasini tuzib chiqqan edi, baland ovoz bilan:
— Misgar Planshyu shogirdlari bilan!— dedi.
Uch kishi oldinga chiqdi.
— Uyning tarnovlarini sugurib oling,— dedi. Chorak soat ichida komendantga yigirma metr tarnov topib kelishdi.
So‘ng komendant juda ehtiyot bo‘lib, yerto‘la qopqog‘ining bir chetini teshishni va unga quduqdagi nasos trubaning bir uchini ulashni buyurdi. Keyin shodligi ichiga sigmay:
— Hozir nemis janoblariga ichgani suv beramiz, — dedi.
Unga javoban hamma xursand bo‘lib, «urra!» dedi va sevinchli qichqiriqlar, qahqahalar eshitildi. Komendant har besh minutda almashib turadigan ishchi batalonlar tuzdi va:
— Nasosni bosinglar!— dedi.
Nasos ishga tushdi, quvurdan quldiragan tovush o‘tdi-da, yerto‘laning zinasidan oltin baliqlik hovuzga tushayotgan sharsharakdek, sharillab suv oqib tusha boshladi.
Hamma nima bo‘larkin, deb kutmoqda edi.
Bir soat o‘tdi, ikki soat, uch soat ham o‘tdi.
Kapitan tutoqqanicha oshxonada u yoqdan-bu yoqqa yurar, vaqti-vaqti bilan qulog‘ini yerga qo‘yib ko‘rar, dushman nima qilayotganini va qachon taslim bo‘lishini bilishga urinardi.
Endi dushman shoshib qoldi. Ularning so‘zlashgani, shaloplab suvda yurayotgani, bochkalarni qo‘zg‘atayotgani eshitildi.
Ertalab soat sakkizlarda tuynukdan ovoz keldi.
— Men xohlar edim, fransuz ofitser janoblari bilan so‘zlashsam, — dedi fransuzchalab, tili kelishmagani holda.
Lavin boshini derazadan sal chiqarib:
— Taslim bo‘lasizmi? — dedi.
— Men taslim bo‘laman.
— Unday bo‘lsa yarog‘-aslahalaringizni tashlang.
O‘sha zahoti tuynukdan qorga bir miltiqni tashlab yuborishdi, keyin ikkitani, so‘ng uchtani va hammasini tashlashdi.
— Boshqa yo‘q. Tezroq to‘xtatish. Men o‘lyapman,— dedi haligi ovoz.
— To‘xtating! — dedi komendant.
Nasos to‘xtadi. Oshxona soldatlar bilan liq to‘lganida komendant: «Miltiq ushlab tayyor bo‘l», deb buyruq berganidan keyin, o‘zi shoshmasdan yerto‘laning qopqog‘ini ochdi.
Avval to‘rtta bosh, to‘rtta sap-sariq, uzun-uzun va ho‘l sochlik bosh ko‘rindi. Undan keyin qo‘rqqan, ivigan, sovuq qotgan oltita nemis ketma-ket chiqdi.
Ularni darhol ushlab bog‘lashdi va soldatlar ikki turkumga bo‘linishdi: bittasi asirlarni, bittasi xodaga bog‘lab yasalgan zambilda yotgan Maluazonni qurshab, bexosdan hujum bo‘lib qolishidan cho‘chib, o‘sha ondayoq yo‘lga tushishdi.
Ratelga g‘alaba bilan qaytishdi.
Lavin janoblari pruss avangardini asir olgani uchun orden bilan mukofotlandi, semiz nonvoy esa jang maydonida yarador bo‘lgani uchun harbiy medal oldi.
Zumrad Orifjonova tarjimasi