Bir necha kundan beri shahardan tor-mor etilgan armiyaning qolgan-qutganlari tinsiz o‘tmoqda. Endi bular qo‘shin emas, tumtaroq lashkar edi. Soldatlarning soqoli o‘sib paxmoq bo‘lib ketgan, kiyimlari yirtiq; bular tarqoq, bayroqsiz, shalvirab ketishayotgandi. Hammasining ruhi tushkun, tolg‘in, o‘ylashga, qimirlashga holi qolmagan, faqat beixtiyor qadam tashlab, to‘xtagan joyida yiqilgudek bo‘lib ketishayotgandi. Ayniqsa ko‘ngillilar — miltiq og‘irlik qilib zo‘rg‘a ketayotgan tinchlikparvar odamlar, yumshoq tabiatli sudxo‘rlar va salga qo‘rqib, salga ruhlanadigan, hujumga ham, qochishga ham tayyor bo‘lgan rezervdagilar juda ko‘p edi. Ular orasida zo‘r jangda maydalanib ketgan diviziya qoldig‘i — qizil shimli soldatlar ham ko‘zga chalinardi; turli polklardan qolgan piyoda askarlar qatorida tund yuzli to‘pchilar ham ko‘rinardi va onda-sonda shahdam piyoda askarlardan qolishmaslikka tirishib, katta-katta qadam tashlab ketayotgan otliq askarlarning yaltiroq kaskasi ham ko‘rinib qolardi.
«Mag‘lubiyat qasoschilari», «O‘lim kishilari», «O‘lim yo‘ldoshlari» deb vahimali nom qo‘yilgan erkin o‘qchi drujinalar ham o‘tardi, ammo ular ko‘proq kallakesar qaroqchilarga o‘xshashardi.
Ularning boshliqlari, yaqindagina movutfurush yoki allof bo‘lganlar, sobiq sovunfurush yoki yog‘furushlar, tasodifan harbiy bo‘lib, pulning kuchi bilan yoki xushmo‘ylovligi uchun ofitserlikka yetishgan, zarhal pogonli harbiy kiyim kiyib, yarog‘-aslaha osib olgan kishilar endi gerdayishib, shang‘illashib, jang rejalarini muhokama qilishar, bizning kiftimiz halok bo‘layotgan Frantsiyaning birdan-bir suyanchig‘i deb maqtanishar, lekin kezi kelganda, qo‘l ostidagi qaroqchi, shaloq o‘tgan o‘ta shafqatsiz soldatlardan cho‘chishar edi.
Prussaklar Ruanga ana kiradi, mana kiradi, deb turilgan payt.
So‘nggi ikki oy davomida qo‘shni o‘rmonlarni juda ehtiyotlik bilan razvedka qilib, ba’zan esa o‘z soqchilarini ham otib qo‘yib, butazor orasida quyon qnmirlab ketsa ham jangga shaylanib turgan milliy gvardiya askarlari endi uy-uylariga qaytishgan. Ularning yaqindagina uch chaqirim atrofdagi katta yo‘llarning simyog‘ochigacha o‘takasini yorib turgan miltiqlari, askariy kiyimlari, halokatli yarog‘-aslahalari to‘satdan g‘oyib bo‘lgan.
Nihoyat, fransuzlarning so‘nggi askarlari Sena nahridan o‘tib, Sen-Sevar va Bur-Ashar shaharlari orqali Pont-Odumerga yo‘l olishdi. Bir-biriga qovushmay, gala-gala bo‘lib ketayotgan odamlar bilan bir ish boshlashdan ojiz qolgan, gangigan general ikki ad’yutanti bilan hammadan keyinda piyoda borardi; g‘oliblikka odatlangan buyuk xalqning afsonaviy qahramonligiga qaramay, batamom tor-mor qilinishidan va uning boshiga kelgan bu dahshatli halokatdan uning o‘zi ham esankirab qolgandi.
Shahar suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi, dahshat ichida unsiz kutish boshlandi. Do‘konda o‘tirib semirib, bor g‘ayratini yo‘qotgan ko‘p davlatmandlar qo‘llaridagi six va oshpichoqlarning ham qurol deb hisoblanishidan cho‘chib, qo‘rquv ichida g‘oliblarni kutishardi.
Shaharda hayot so‘ngandek tuyulardi; do‘konlar yopildi, ko‘chalar huvillab qoldi. Onda-sonda bu mudhish jimlikdan vahm olgan birorta yo‘lovchi biqinib devor tagidangina yurardi.
Bu kutish g‘oyat og‘ir bo‘ldi, hamma, «dushman kelsa kela qolmaydimi»ga tushib qolgandi.
Ertasiga kechki payt fransuz askarlari ketgandan keyin, qaerdandir paydo bo‘lgan bir necha otliq askar shahardan chopib o‘tdi. Shundan bir oz o‘tgach, Sent-Katrin tog‘ining yonbag‘ridan mo‘r-malaxday yopirilib askarlar tushib kela boshladi; yana ikki tarafdan, Buagiyom va Darnetal yo‘llaridan ham seldek yopirilib askarlar kela berdi. Uch korpusning avangardlari shahar boshqarmasi yonidagi maydonchaga baravar yetib keldi va butun yon ko‘chalardan ham batalon-batalon bo‘lib, kimsasiz tosh yo‘llarni gursillatib, shaxdam odimlar bilan nemis askarlari kela boshladi.
Erish eshitiladigan dag‘al tovush bilan baqirib berilayotgan komandalar go‘yo tashlab ketilganday, hayot so‘nganday ko‘ringan uylar bo‘ylab o‘tar, lekin bu choq darpardalari yopiq derazalarning tirqishidan odamlar qo‘rqa-pisa mo‘ralab, «urush qonuni»ga ko‘ra shahar va undagi mol-jonga ega bo‘lgan g‘oliblarga qarashardi. Qorong‘i uylarga kirib olgan aholi go‘yo insonning aqli va qudrati ojizlik qilgan tabiiy halokat, vayron qiluvchi yerosti o‘zgarishlari oldidan paydo bo‘ladigan bir qo‘rquv changalida edi. Bunday his hamisha odatdagi tartib buzilgandan, xavf-xatardan omon qolish umidi yo‘qolganda, inson yoki tabiat qonunlari saqlab turgan hamma narsa ma’nosiz, qo‘pol va beomon bir kuch qo‘lida qolganda paydo bo‘ladi. Shahar xalqini qulagan binolar tagida halok qiladigan zilzila, g‘arq bo‘lgan dehqonlarni qoramollarning o‘ligi va imorat yog‘ochlari bilan birga oqizib ketadigan suv toshqini nimayu mudofaa qiluvchilarni qirib, qolganlarini asir olib o‘z qurol kuchi sha’niga xalqni talab, zambaraklar gumburi ostida xudoga shukur qilib borayotgan armiya nima — bular barchasi insonning ko‘kdan bo‘ladigan adolat va himoyaga e’tiqodini yemiruvchi bir falokat.
Mana, to‘da-to‘da askarlar eshik-eshikni qoqishib, so‘ng uylarga ham kira boshladi. Yov bosib kelgandan keyin okkupatsiya boshlandi. Mag‘lublar uchun, g‘oliblarga yaxshi muomalada bo‘lish, degan yangi vazifa tug‘ildi.
Bir oz vaqt o‘tgach, avvalgi qo‘rquvlar bosilib yana osoyishtalik boshlandi. Ko‘p oilalarda pruss ofitserlari bir dasturxonda o‘tirib ovqat yeydigan ham bo‘lishdi. Agar u durustroq tarbiya ko‘rgan kishi bo‘lsa, odob yuzasidan Frantsiyaning holiga achinar va bu urushda qatnashish men uchun og‘ir, der edi. Bundoq odamgarchiligi uchun mezbonlar nemisdan minnatdor bo‘lishardi; har choq uning himoyasiga muhtojlik tug‘ilib qolishi ham bor-da. Unga xushomad qilish tufayli uyda bir nechtalab ortiqcha soldat turishidan qutilish mumkin. Zotan, o‘zing butunlay mute bo‘lgan kishining jig‘iga tegishning nima hojati bor? Axir bu botirlik emas, telbalik bo‘ladi-ku.
Ruan davlatmandlari esa shu shaharni qahramonlik bilan mudofaaa qilib, uning dong‘ini chiqargan zamondan beri bu xildagi telbalikni tark etib yuborishgan. Buning ustiga har kim ham fransuzlarga xos nazokat orqasida paydo bo‘lgan bir e’tiqodga: uyingda chet mamlakat soldati bilan yaxshi muomalada bo‘lishing mumkinu va lekin uning bilan yaqinligingni boshqalar sezmasa bas, degan e’tiqodga amal qilardi. Ko‘chada uni tanimaganday bo‘lib o‘tsa ham, uyda u bilan jon deb suhbatlashar, nemis ham kundan-kunga ular bilan pechka yonida uzoqroq isinib o‘tiradigan bo‘lib qoladi.
Shahar sekin-asta o‘z holiga qaytmoqda. Fransuzlar hali uydan chiqishga botinolmas, ko‘chalarda esa pruss soldatlari javlon urib yuradi. Yana shuni aytish kerakki, trotuarlarda kekkayib, uzun-uzun qilichlarini yerga surgab yurgan nemis gusar ofitserlari fuqarolarga bundan bir yil oldin xuddi shu qahvaxonalarda kayf-safo qilib yuradigan nishondor fransuz ofitserlariga qaraganda bir qadar ko‘proq nafrat bilan qarashar edi, xolos.
Shundan bo‘lsa ham havodan nimaligini bilib bo‘lmaydigai na kishi ko‘nika olmaydigan qandaydir og‘ir va yot bir hid — bosqinchilarning hidi kelardi. Uylar va jamoat jonlari ham o‘sha hidga to‘lgan, ovqatlarga ham o‘shaning mazasi urgan. Kishi o‘zini go‘yo uzoq mamlakatda — qonxo‘r, vahshiy qabilalar yashaydigan joylarda sayohat qilib yurganday his qilardi.
G‘oliblar pul, katta pul talab qilishadi. Aholi tinmay to‘layveradi: boy-da! Shunisi borki, Normandiya savdogari qancha boy bo‘lsa, arzimagan ziyondan shuncha aziyat chekadigan, boyligining kichkinagina zarrasi begona qo‘lga o‘tayotganligini ko‘rsa toqat qilolmaydigan bo‘ladi.
Lekin shu orada, shahardan uch-to‘rt chaqirim nari daryoning quyi tomonidagi Kruass, D’epdal yoki V’essar qishloqlarining yon-verida kemachi va baliqchilar daryodan ba’zan pichoq yoki musht bilan urib o‘ldirilgan, ba’zan tosh bilan boshi yanchilgan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘prikdan suvga uloqtirib yuborilgan nemislarning shishgan o‘liklarini sudrab chiqarishardi. Shon-sharafdan mahrum noma’lum qahramonlarning shafqatsizlik bilan maxfiy ravishda oladigan qonuniy o‘chiga, kunduzi betma-bet keladigan jangdan ko‘ra xavfliroq pinhoniy hujumga yo‘liqqanlarga daryo o‘z loyqasini kafan qilardi.
Chunki, chet el kishilariga bo‘lgan nafrat, o‘z maslagi uchun jon berishga tayyor turgan bir qism botirlarning azaldan g‘azabini qo‘zg‘atib keladi.
Garchi, g‘oliblar shaharni o‘zlarining qattiq intizomlariga bo‘ysundirishgan bo‘lsa-da, bosib kelayotgan chog‘larida ovoza bo‘lgan vahshiyliklaridan birontasini ham qilishmadi. Aholi ham bora-bora jur’at paydo qildi va yerli savdogarlarning yuragida savdo-sotiq ishlariga bo‘lgan hirs yana avj oldi. Bulardan ba’zilari fransuz askarlari qo‘lida bo‘lgan Gavrda ko‘p pullari bo‘lgani uchun D’eppgacha quruqlik bilan, u yog‘iga paroxod bilan borib Gavrga yetib olishning payiga tushib qolishdi.
Tanish nemis ofitserlarining obro‘yi ishga solinib, yo‘lga chiqish uchun shahar komendantidan ruxsat olindi.
Bunday safarga chiqish uchun o‘n kishi yozilib, to‘rt otliq katta dilijon kira qilishdi va odam yig‘ilishidan qochib, seshanba kuni tong otmasdan yo‘lga chiqadigan bo‘lishdi.
So‘nggi kunlarda yer sovuqdan qotib qolgan, dushanba kuni esa soat uchlarda shimoldan qora bulutlar ko‘tarildi, kechqurun va tun bo‘yi tinmasdan qor yog‘ib chiqdi.
Tong qorong‘usi soat to‘rt yarimlarda yo‘lovchilar dilijon tayin qilingan joyga — «Normand mehmonxonasi» ning hovlisiga yig‘ilishdi.
Hali uyqusi o‘chmagan yo‘lovchilar sovuqdan titrab, junjigan holda, yomg‘irpo‘shlariga o‘ralishardi. Qorong‘ida bir-birlarini zo‘rg‘a ko‘rishar, og‘ir va qo‘pol qish kiyimi ularning hammasini uzun to‘nlik semiz kyurelarga o‘xshatib ko‘rsatardi. Ikki erkak bir-birini tanib qoldi, ularning yoniga uchinchisi keldi va so‘zlasha ketishdi.
— Men xotinim bilan ketayotirman,— dedi ulardan biri.
— Men ham.
— Men ham.
— Endi biz Ruanga qaytib kelmaymiz, agar prussaklar Gavrga ham borishadigan bo‘lsa Angliyaga o‘tib ketamiz,— deb qo‘ydi birinchisi.
Hammasining niyati bir, chunki bular bir xil mayldagi kishilar edi.
Otlar hali aravaga qo‘shilmagan. Otboqarning qo‘li-agi fonarchasi bir qorong‘i eshikdan lip etib ko‘rinsa, ikkinchi qorong‘i eshikka kirib yo‘qolar edi. Otxona ichidan otning go‘ngga va xashakka gursillatib bosgani, otlarni dam erkalatib, dam koyiyotgan erkak tovushi eshitilardi. Qo‘ng‘iroqchalarning jarang-jurunggidan egar-jabduqlar tuzatilayotganga o‘xshardi. Haligi shiqir-shiqirlar tezda otning salmoqli harakatlariga mos tushgan uzluksiz jiringlashga aylandi. Qo‘ng‘iroq tovushi ba’zan tinar, ot silkinganda yana jiringlar, so‘ng otning yer tepingani eshitilardi.
To‘satdan eshik taq etib yopildi. Hammayoq jimjit bo‘lib qoldi. Sovqotgan yo‘lovchilar jim bo‘lishdi. Ular qimir etmay, sovuqdan karaxt bo‘lgan holda turishardi.
Oq zarralar, tutash parda singari yerga tushmay, hadeb jimirlab turardi; bu zarralar hammayoqni ko‘z ilg‘amas qilib muz momig‘iga chulg‘amoqda. Qish yopinchig‘i ostida qolgan jimjit shaharning og‘ir sukunatida yolg‘iz birgina, noaniq va tushuntirib bo‘lmaydigan qaltiroq so‘nik-so‘nik bir tovush — yog‘ayotgan qorning shitirlashi, tovush emas tovushsimon bir sas, go‘yo butun bo‘shliqni to‘ldirmoqchiday yog‘ayotgan, dunyoni o‘rab olayotgan oq zarralarning yengil sharpasi eshitilardi, xolos.
Fonar ko‘targan odam yana paydo bo‘ldi — horgan va istar-istamas qadam tashlayotgan otning jilovidan yetaklab chiqdi. U otni aravaning yakka shotisi yoniga keltirdi, yon qayishlarini bog‘ladi va ot atrofida imillab, bir qo‘lida chirog‘ bo‘lgani uchun bir qo‘llab jabduqlarni tuzata boshladi. U ikkinchi otni olib chiqqani ketaturib, qorda oppoq bo‘lib qaqqayib turgan yo‘lovchilarga ko‘zi tushdi:
— Dilijonga chiqib o‘tira tursalaring bo‘lmaydimi? Hech bo‘lmasa qordan pana bo‘lasizlar-ku,— dedi.
Bu narsa yo‘lovchilarning esiga kelmagan bo‘lsa kerak, hamma birdan aravaga intildi. Uch erkak xotinlarini aravaning to‘riga o‘tqizib, keyin o‘zlari ham chiqib olishdi, qolgan joylarga haligi yo‘g‘on va yapasqi odamlar jimgina chiqib o‘tirib olishdi.
Dilijonga poxol to‘shalgan bo‘lib, oyoq botib ketar edi. Aravaning to‘rida o‘tirgan xonimlar kimyoviy ko‘mir bilan isitiladigan mis asboblarini ola kelishgan ekan; endi ular shu asbobni yondirishib, uning ko‘pdan beri ma’lum bo‘lgan xususiyatlarini bir-birlariga pichirlashib tushuntira ketishdi.
Nihoyat, dilijonga odatda qo‘shiladigan to‘rt ot o‘rniga, yo‘l og‘irligini nazarda tutib olti ot qo‘shilgach, tashqaridan birov:
— Hamma chiqdimi? — deb so‘radi. Ichkaridan kimdir:
— Ha,— dedi. Dilijon jo‘nadi.
Dilijon imillab ketayotgandi. G‘ildiraklar qorga botib, soyabon g‘ijirlab, otlar tiyg‘ana-tiyg‘ana pishillab va bug‘ chiqarib borardi; aravakashning uzundan-uzun qamchisi tinimsiz qarsillar, ilon singari goh o‘ralar, goh har tomonga to‘lg‘anar va orqada qolayotgan otning sag‘riga tushar, shunda ot joni boricha tortib ketardi.
Tong ham yorishib kelmoqda. O‘sha yo‘lovchilardan asli ruanlik bo‘lgan biri paxta yomg‘iriga o‘xshatgan qor o‘pqinlari endi yerga tushmay ham qo‘ydi. Katta-katta, qalin va qora bulut parchalaridan sizib o‘tayotgan xiragina nur ko‘z qamashtiradigan oppoq dalani, undagi qorli qator-qator baland daraxtlarni, qordan qalpoq kiygan kulbalarni yana ham yoritdi.
Bu ko‘ngilsiz tong yorug‘iga yo‘lovchilar maroq bilan bir-birlariga qaray boshlashdi.
Dilijonning to‘rida, eng yaxshi joyda Gran-Pon qo‘chasida turadigan ulgurji vinofurush er-xotin Luazolar ro‘parama-ro‘para o‘tirib olib mudrashmoqda.
Sobiq prikazchik Luazo singan xo‘jayinining bor-yo‘g‘ini sotib olib, shuning orqasida boyib ketgan. U qishloqlardagi chakana savdogarlarga eng yomon vinoni eng arzon narx bilan sotadi. Shunday qilib u — tanish va do‘stlari o‘rtasida uchchiga chiqqan makkor, shayton, sho‘x, haqiqiy normandiyaliklardan deb nom chiqargan.
Muttahamlik uning sha’niga shunchalik singib ketgan ediki, hatto bir kun prefekturada* bo‘lgan o‘tirishda o‘sha yerda nom chiqargan va laparlar to‘quvchi, askiyaboz, tegishqoq janob Turnel zerikib mudroq bosib o‘tirgan xonimlarga «qush uchdi»* o‘ynashni taklif qildi. Uning hazili bir zumda prefekturaning butun mehmonxonalariga tarqaldi, undan shahar mehmonxonalarga yetib bordi va butun okrugdagilar bir oygacha kulaverib ichaklari uzila-yozdi.
Undan tashqari, Luazo kulgili qiliqlari, ba’zan durust, ba’zan o‘rinlata olmaydigan askiyalari bilan ham nom chiqargan edi. Har kim uning haqida so‘zlarkan, albatta:
— Nima desang, Lauzodaqasi topilmaydi-da!—deb qo‘yar edi.
U pakana, dum-dumaloq qorin ustiga, oqarayotgan chakka soqollari yopishtirilgan qip-qizil bashara qo‘ndirilganga o‘xshardi.
Uning savdo kontorasidagi butun tartib, hisob-kitob to‘ladan kelgan, novcha, shang‘i va shaddot xotinining qo‘lida bo‘lib, Luazoning o‘zi esa bu joyga xushfe’lligi bilan jon kirgizib turardi.
Ularning yonida, o‘zining e’tiborli va oliy martabasiga mahliyo bo‘lib, gazlama sanoatida katta o‘rin tutgan fabrikant, uch fabrikaning egasi, faxriy legion ofitseri, bosh kengashning a’zosi Karre-Lamadon janoblari gerdayib o‘tirardi. Butun imperiya davrida yaxshi niyatli oppozitsiyaga boshchilik qilishdan yagona maqsadi — mabodo oppozitsiya ish boshiga o‘tirguday bo‘lsa, shunga bosh qo‘shganligi uchun undan kattaroq foyda ko‘rish bo‘lib, o‘sha yangi tuzumga qarshi, o‘zi aytmoqchi, «xo‘ja ko‘rsinga» kurashib kelgan. Karre-Lamadon xonim eridan ancha yosh bo‘lganidan, yaxshi oiladan chiqqan va Ruan garnizoniga tayinlangan ofitserlar uchun ovunchoq edi.
U mo‘yna po‘stinga o‘ralib, erining ro‘parasida nafis bir suratday bo‘lib, dilijonning miskin ko‘rinishiga g‘amgin nazar tashlab o‘tirardi.
Uning yonida o‘tirgan graf Yuber de Brevil bilan uning xotini Normandiyaning qadimdan dong chiqargan kishilaridan biri, Graf, gavdali, keksayib qolgan dvoryan bo‘lib, ko‘rinishidan o‘zini qirol Genrix IV ning avlodi ekanligini ko‘rsatishga tirishardi. Maqtanarli oilaviy rivoyatlarga qaraganda, de Brevil degan xonim shu qiroldan homilador bo‘lib qolgan emish. Shu sababli uning erini qirol graflik darajasiga ko‘targan va gubernator qilib tayinlagan ekan.
Graf Yuber, Karre-Lamadon janoblari bilan bosh kengashda hamkasb bo‘lib, departamentda orleanchilar partiyasining vakili edi. Uning nantlik mayda kemachining qiziga uylanishi doimiy bir jumboq bo‘lib qoldi. Biroq grafinyaning noz-karashmali qiliqlari, o‘ta mehmondo‘stligi, hatto Lui-Filippning o‘g‘illaridan birining sobiq ma’shuqasi tarzida nom chiqargani uchun kiborlariipg hammasi uning ko‘nglini ovlardi, departamentda uning mehmonxonasi birinchi hisoblanib, yolg‘iz shundagina qadimgi nazokat saqlangan va u yerga uncha-muncha odam kirolmasdi.
Bevellarning yer-suv, bog‘-rog‘dan iborat mulki ovozalarga qaraganda, har yili besh yuz ming livr daromad keltirar ekan.
Aravaning to‘rini egallagan bu olti kishi jamiyatning boy, o‘ziga ishongan, qudratli tabaqasidan, nufuzli, obro‘li, dinnnng mustahkam asoslariga sodiq zotlar tabaqasidan edi.
Ittifoqo, ayollarning hammasi bitta skameykaga o‘tirib qolishipti. Grafinyaning yonida uzun tasbehini o‘girib, pichirlab «Pater» va «Ave»* duosini o‘qiyotgan ikki monax ayol o‘tirardi. Ulardan bittasi yoshi o‘tib qolgan, yuzi ro‘paradan sochma o‘q yegandek cho‘tir edi. Ikkinchisi nimjon, chiroylikkina, kasalmand yuzli, ko‘kragi ichga botgan ayol edi; uni butun sezgilarni mahv etadigan va odamni mayib qiladigan diniy e’tiqod ezib turardi.
Monax xotinlarning ro‘parasida o‘tirgan erkak bilan xotin hammaning dkqqatini o‘ziga tortdi.
Erkak — hammaga ma’lum, mo‘‘tabar a’yonlar hayiqadigan demokrat Kornyude edi. U uzun, sariq soqolini silkitib, yigirma yillab demokratlarning pivoxonalarini obod qildi. U konditerlik qiluvchi otasidan meros qolgan ko‘p dunyolarni o‘z hamkasblari va do‘stlari bilan barbod bergan va endi respublika tiklanishini va nihoyat, revolyutsiya yo‘lida shuncha yil qilgan xizmatlarining evaziga tegadigan o‘ringa o‘tirishni sabrsizlik bilan kutib yurgan edi. To‘rtinchi sentyabr* kunn (biroz hazil qilgan bo‘lsa kerak) u o‘zini prefekt mansabiga tayinlandim deb hisoblaydi; ammo o‘z vazifasini ado etishga borganida, prefekturaga yagona xo‘jayin bo‘lib olgan kotiblar uni tan olishmaydi, shuning uchun qo‘ya qolishga majbur bo‘ladi. Umuman, o‘zi kamtar, beozor, durust yigit bo‘lib, favqulodda bir harakat bilan mudofaa tashkil qilishga kirishdi. Uning buyrug‘i bilan dalalarda o‘ralar qazildi, yaqin o‘rtadagi o‘rmonlarning yosh daraxtlari kesildi, hamma yo‘llar chox bilan to‘ldirib tashlandi; ko‘rgan choralaridan qanoatlangan Kornyude, dushman yaqinlashishi bilan darhol shaharga chekindi. Endi Gavrda ham chuqurlar qazish, g‘ovlar qurish ehtimoli bor, u yerda ko‘proq ish bersam kerak, degan xayol bilan o‘sha yerga ketayotgandi.
Xotin «engil oyoq» deb ataladigan kimsalardan bo‘lib, haddan tashqari to‘laligi bilan ko‘zga tashlangani uchun unga «Do‘ndiq» deb laqab qo‘yilgandi. U jajjigina, dum-dumaloqqina, semiz, terisi silliq va yaltiroq, barmoqlari bo‘g‘ib-bo‘g‘ib qo‘yilgan sosiska singari, katta-katta ko‘kraklari ko‘ylagini turtib turgan, kishi sevsa sevguday, ko‘plarni o‘ziga giriftor qiladigan xotin bo‘lib, uning beg‘ubor sog‘lomligiga qarab kishining bahri ochilar edi. Yuzlari qip-qizil olmaga, endi ochilay deb turgan pion g‘unchasiga o‘xshaydi; qop-qora chiroyli ko‘zlarini o‘siq va quyuq kipriklari yana ham qoraroq ko‘rsatadi. Mayda sadafdek oq tishlar, namlanib turadigan bejirim lablari bo‘saga tayyor turgandek ko‘rinadi.
Odamlarning aytishicha uning bulardan boshqa yana ko‘p bebaho fazilatlari ham bor ekan.
Uni tanib qolishlari bilan haligi nomusli xotinlar orasida shivir-shivir boshlandi: «ahloqsiz qiz», «ayb-ku» degan gaplar barala aytildiki, Do‘ndiq boshini ko‘tardi. U hamrohlariga g‘azab bilan chaqchayib nazar tashlagan edi, kulimsirab unga qarab turgan Luazodan boshqa hammaning nafasi ichiga tushib, bo‘zrayib qoldi.
Shunday bo‘lsa ham, haligi uch xotin yana gap boshladi. Oralarida bunday ahloqsiz qizning bo‘lishi kutilmagan yerda ularni bir-biriga yaqinlashtirib, hatto do‘stlashtirib qo‘ydi. Nomusli xotinlar bu behayo sotqin oldida birlashib olish zarurligini his etishdi — axir qonuniy muhabbat o‘zining erkin hamshirasiga doimo nafrat nazar bilan qaraydi-da.
Kornyudeni ko‘rgach, konservatorlik hissi do‘stlashtirgan uch kishi pul haqida gap ochishdi, ularning gaplaridan kambag‘allarga nafrat bilan qarashlari sezilib turadi. Graf Yuber prussaklar tufayli ko‘rgan zararlari, qoramol o‘g‘irlanishi, hosilning nobud bo‘lishi orqasida kelgan katta ziyonlar haqida so‘zlardi-ku, lekin uning so‘zlarida a’yonlar, millionerlarcha o‘ziga ishonganlik, go‘yo bu xildagi ziyon-zahmatlar meni bir yilgina kamxarjlikka soladi, degan ohang bor edi. Chit sanoatining ahvolini yaxshi biladigan Karre-Lamadon janoblari, qora kuniga atab yiqqan olti yuz ming frankini vaqt g‘animatida Angliya bankasiga o‘tkazib qo‘ygan. Luazo bo‘lsa, o‘z yerto‘lalarida yotgan arzon vinolarining hammasini bir iloj qilib fransuz armiyasining ta’minot bo‘limiga sotib olgan, endi podshohlik undan ko‘p pul qarzdor, shu pulni Gavrga borib olish umidida edi.
Uchalovi ham bir-biriga do‘stona nazar tashlab qo‘yishardi. Bular, jamiyatda tutgan o‘rinlari bilan bir-birlaridan farq qilishlariga qaramay, boylik — davlat jihatidan do‘stlik sezishar va o‘zlarini barcha xususiy mol-mulk egalari, cho‘ntagida tilla jaranglovchilarni birlashtiruvchi keng frankmason* jamiyatining a’zosi deb his qilishardi.
Dilijon shunday imillab yurardiki, soat o‘nga borib qarashsa, to‘rt le* ham yo‘l bosishmapti. Erkaklar balandlik yer kelganda uch marta aravadan tushib, tepalikka piyoda chiqishdi. Yo‘lovchilar betoqat bo‘la boshlashdi, chunki nonushtani Toteda qilishmoqchi edi, endi u yerga qorong‘i tushmasdan yetib borishlariga ko‘zlari yetmay qoldi. Yo‘l bo‘yida bironta mayxonacha ko‘rinib qolmasmikin deb, hamma derazadan boshini chiqarib qarab qo‘yardi. Dilijon birdan qorga tiqilib qoldi. Uni chiqarib olish uchun ikki soat ovora bo‘lishdi.
Qorinlar ochlikdan tirishib, kallalar g‘ovlay boshladi. Aksiga olib, yo‘lda na birorta mayxona uchrar edi va na oshxona, chunki prussaklarning yaqinlashib qolgani va och fransuz armiyasining chekinishi savdo-sotiq qiluvchilarni cho‘chitib qo‘ygan edi.
Erkaklar ovqat topib kelish umidida yo‘l bo‘yida uchragan fermalarga yugurishar, lekin non ham topishaolmasdi, negaki, hech kimga ishonmay qo‘ygan dehqonlar ko‘zlariga ko‘ringan narsani talab ketayotgan och soldatlardan qo‘rqib, saqlab qo‘ygan oziq-ovqatlarini yashirishardi.
Soat birlarda Luazo qorni piyozning po‘stiday bo‘lib ketganini aytdi. Boshqalar ham undan battar qiynalayotgan edi. Tobora avj olayotgan berahm ochlik suhbatga bo‘lgan hafsalaga ham xotima bergandi.
Goh-goh yo‘lovchilardan biri esnay boshlaydi; uning ketidan darhol boshqasi esnaydi, o‘zining xulqi, tarbiyasi va jamiyatda tutgan o‘rniga qarab birov tovush chiqarib, birov tovushsiz, navbati bilan og‘iz ochar va bug‘ chiqarib turgan bu kavakni tezda qo‘li bilan berkitardi.
Do‘ndiq go‘yo yubkasi tagida turgan nimanidir qidirgandek bo‘lib bir necha marta engashadi. Lekin bir nafas dudmollanib yonidagilarga qarab, yana qomatini rostlab o‘tiradi. Hamma yo‘lovchilarning rangi bo‘zargan, so‘lg‘in tortgandi. Luazo, bir parchagina lahm go‘sht bo‘lsa ming frank berishga rozi edim, dedi. Xotini esa, quti o‘chib bir qimirlab qo‘ydi-yu, yana o‘zini bosdi. U o‘rinsiz sarf qilinadigan pul haqidagi gaplarni eshitsa jon-poni chiqay der, hatto bu to‘g‘rida qilingan hazilni ham ko‘tarolmasdi.
— Rostdan ham men juda behuzur bo‘layotirman,— dedi graf.— Yo‘lga oziq olishni o‘ylamaganimni qarang-a!
Oziq olmagani uchun har kim ichida o‘z-o‘zini koyirdi.
Ammo Kornyudening bir shisha to‘la romi bor ekan, istovchilarga o‘shani manzirat qildi, hamma sovuqqina qilib «yo‘q» dedi. Luazogina bir qultum ichdi-yu, idishini egasiga uzatarkan, rahmat aytdi.
— Chakki emas! Ham isitadi, ham ochlikni sezdirmaydi,— dedi.
Ichkilik uning kayfini ancha chog‘ qildi, u paroxodda bo‘lib o‘tgan, qo‘shiq bo‘lib aytiladigan bir voqeani eslatdi; sayohatchilardan eng semizini yeyish kerak degan taklifni qildi. Yaxshi tarbiya ko‘rgan zotlar Do‘ndiqqa tekkizib aytilgan bu gapdan qattiq xijolat tortishdi. Luazo janoblarining haziliga hech kim javob qaytarmadi. Kornyudegina iljayib qo‘ydi. Monax xotinlar pichirlab o‘qishayotgan duolarini to‘xtatishdi va qo‘llarini keng yenglari ichiga olib, yerga qaraganlaricha qimirlamay o‘tirib, boshlariga ko‘kdan tushgan bu musibatni azob-uqubat ichida toqat qilib kechirishdi.
Nihoyat, soat uchlarga borib, hech qanday qishloq asari bo‘lmagan bepoyon sahroga chiqishganlarida Do‘ndiq tezgina engashib, skameyka tagidan oq sochiq yopug‘lik katta savatni tortib oldi.
Do‘ndiq avval uning ichidan chinni tarelka bilan kumush stakan oldi, keyin ikkita jo‘jani burdalab, yaxna qilib jelega* solingan katta kastryulni oldi: savatda qog‘ozga o‘rog‘liq yana boshqa nozi ne’matlar, piroglar, tarmevalar, shirinlikdan ham ko‘rinib turardi; bu uch kungacha oshxonaga muhtoj bo‘lmay yeyishga yetarli ovqat edi. O‘rog‘liq ovqatlar orasidan to‘rtta shishaning bo‘yni ham chiqib turardi. Do‘ndiq jo‘janing qanotini olib, Normandiyada «rejans» deb ataladigan nonga qo‘shib noz bilan yeya boshladi.
Hammaning ko‘zi o‘shanda bo‘ldi. Hademay butun dilijonga burun kataklarini kengaytirib, ishtahani qitiqlaydigan, og‘izdan so‘lak oqizib, chakka tomirlarini tortishtiradigan hid tarqaldi. Xonimlarning haligi «ahloqsiz qiz»ga bo‘lgan nafratlari g‘azabga aylandi, uni o‘ldirguday yoki savati, stakani, ovqatlari bilan dilijondan yerga, qorga uloqtirib yuborguday bo‘lishdi.
Lekin Luazoning ko‘zlari jo‘ja solingan kastryulni teshib yuborguday edi.
— Mana buni aqllilik deydilar! Xonim bizga qaraganda ancha tadbirkor ekanlar. Dunyoda hamma narsaning g‘amini yeb yuradigan shunaqa odamlar ham bor! — dedi u axir.
Do‘ndiq o‘girilib unga qaradi-da:
— Olmaydilarmi, taqsir? Ertalabdan beri och-nahor o‘tirish oson emas-ku,— dedi.
Luazo ta’zim qildi.
— Ha, rostini aytsam, yo‘q deya olmayman. Urush-da, urush, shunday emasmi, xonim?— dedi.
Hamrohlariga bir ko‘z tashlab oldi-da:
— Bunday vaqtda shunaqangi iltifotli xonim bilan uchrashib qolish qanday yaxshi-ya,— dedi.
Luazo shimini iflos qilmaslik uchun tizzasiga gazeta yoydi; doimo cho‘ntagida olib yuradigan pichoqchasining uchi bilan tovuqning oyog‘ini ilib oldi va tishlab-tishlab shunday huzur qilib yediki, dilijondagilarning hammasi og‘ir “uh” tortib yuborishdi.
Shunda Do‘ndiq monax xotinlarni ham latif va muloyim tovush bilan ovqatga taklif qildi. Ikkalasi jon deb ko‘ndi va ovqatdan ko‘zlarini uzmay, pichirlab rahmat aytishganlaricha, shoshib-pishib yeyishga tushishdi. Kornyude ham Do‘ndiqning taklifini qaytarmadi va monax ayollar bilan ular ham tizzalariga gazeta yoyib, stolga o‘xshash joy qilishdi.
Og‘izlar tinmay ochilib-yopilar, jon-jahdi bilan chaynar, yamlab yutardi. Luazo ham o‘tirgan joyida burchakda zo‘r berib tushirmoqda va o‘zidan ibrat olish uchun xotinini ham sekin-sekin shivirlab yo‘lga solmoqda edi. Xotini xiyla vaqtgacha ko‘nmay o‘tirdi, keyin, yuragi tutday to‘kilayotganini sezib, ko‘ndi. Shunda eri, «ajoyib hamroh»dan Luazo xonimga ham ovqatdan jindek bermaydilarmi, deb nazokat bilan so‘radi.
— Jonim bilan, taqsir,— dedi Do‘ndiq.
Keyin muloyimgina qilib jilmayib, kastryulni uzatdi.
Bordo vinosining birinchi shishasi ochilganda sal taraddudga tushib qolishdi: stakan bittagina edi. Stakanning chetini artib bir-birlariga uzata boshlashdi. Faqat Konyudegina nazokatli jazmandek stakanning Do‘ndiq labi tekkan nam joyidan ichdi.
Ovqatni ochko‘zlik bilan yeyayotgan odamlar orasida o‘tirib, uning hididan entikayotgan graf va grafinya de-Brevillar bilan er-xotin Karre-Lamadonlar «Tantal ko‘rgiligi»* deb nom olgan azobni chekishmoqda edi. Fabrikantning yoshgina xotini bexosdan shunday oh tortib yubordiki, hamma o‘girilib unga qaradi, uning rangi daladagi qorday oqarib, ko‘zlari yumilib, boshi orqaga bo‘lib, hushidan ketdi. Erining kayfi uchib, o‘tirganlardan yalinib yordam so‘ray boshladi. Hammaning esi uchib, keksa monax ayol kasalning boshidan ko‘tarib, Do‘ndiqning stakanini uning lablariga tutib, zo‘rlab bir necha qultum vino ichirdi. Jajjigina juvon o‘ziga kelib ko‘zlarini ochdi, kuldi, behol odamday zo‘rg‘a «tuzukman» dedi. Lekin yana hushidan ketib qolmasin deb, monax ayol zo‘rlab bir stakan vino ichirdi-da:
— Ochlikdan,— dedi.
Shunda Do‘ndiq qizarib va xijolat bo‘lib, tuz totmay kelayotgan to‘rtta hamrohiga qarab:
— Voy xudo, men sizlarni taklif qilishga botinolmaganimdan... marhamat qilinglar, olinglar, — deb pichirladi.
Do‘ndiq “yo‘q” degan javobni eshitishdan qo‘rqib jimib qoldi. Luazo gapga tushdi:
— E, bunday vaqtda hamma ham bir odam — aka-uka, bir-biriga yordam qilishi kerak. Qani, xonimchalar, takallufni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, ko‘naveringlar, boshqa gapning keragi yo‘q! Balki hali kechasi qo‘nadigan joy ham topa olmasmiz. Bu yurishimizda Totega ertaga tush paytida yetib borsak ham yaxshi edi.
Ular hamon ikkilanishar, hech kim xo‘p deyishga botina olmasdi.
Nihoyat, masalani graf biryoqlik qildi. U xijolat bo‘lib turgan semiz juvonga o‘girildi-da, gerdayib o‘tirib:
— Taklifingizni jon deb qabul qilamiz, xonim,— dedi.
Birinchi bo‘lib boshlab berish qiyin edi, xolos. Rubikondan* o‘tilgandan keyin hech kim uyalib-netib o‘tirmadi. Savat bo‘shatildi. Uning ichida yana jigar somsa, chumchuq somsalar, bir bo‘lak surlangan til, Krassan noklari, Ponlavek pishlog‘i, pechene, sirka bilan o‘ldirilgan bir banka to‘la mayda bodring va piyoz ham bor ekan. Do‘ndiq ham ko‘p xotinlar singari achchiq-chuchuk narsalarga o‘ch edi.
Bu juvonning ovqatlari yeyilarkan, uning bilan so‘zlashmay o‘tirib bo‘lmasdi. Asta-asta so‘z qotib, suhbat boshlandi, avval bir qadar tortinibroq, keyin bemalol so‘zlashib ketishdi, chunki Do‘ndiq o‘zini juda yaxshi tutib borardi. Kiborona odob va odatlarni yaxshi biladigan grafinya de Brevil bilan Karre-Lamadon xonimlar nazokat ko‘rsatishdi. Ayniqsa grafinya, har qanday odam bilan muomala qilganda ham sha’niga dog‘ tushirmaydigan kibor xonim sifatida ancha shafqat bilan iltifot qildi, ajab lobarlik ko‘rsatdi. Lekin jandarmatabiat semiz Luazo xonim asti pinagini buzmadi: u kam gapirib, ovqatni boplab tushiraverdi.
Turgan gap, suhbat urush haqida edi. Gap prussaklarning zolimligi, fransuzlarning botirligi ustida ketdi; o‘zlari dushmandan qochib qutulayotgan bu kishilarning hammasi soldatlarning mardligiga tahsin va ofarinlar o‘qishayotgandi. Birpasdan keyin har kim o‘z boshidan o‘tganini so‘zlay ketdi. Do‘ndiq ham zo‘r hayajon bilan ba’zan fohisha xotinlar o‘z boshidai kechganlarini so‘zlagandagi qizg‘inlik bilan o‘zining nima uchun Ruandan ketayotganini gapirib berdi.
— Boshida qolay degan edim,— deb gap boshladi u.— Uyim to‘la oziq-ovqat edi. Boshim oqqan tomonlarga ketganimdan ko‘ra, soldatlardan bir nechtasini boqib o‘tirganim yaxshiroq, degan edim. Lekin men ana o‘sha prussaklarni ko‘rganimdan keyin o‘zimni sira tutib tura olmadim. Shu qadar alamim kelganidan tutoqib ketdim, nomusga chidolmay kechgacha yotib yig‘ladim. Oh, agar erkak kishi bo‘lganimda ularning adabini bergan bo‘lar edim-a! Men boshimga uchlik kaska kiygan o‘sha semiz to‘ng‘izlarga derazadan qaraganimdayoq, xizmatkor xotin uy anjomlarini ularning boshiga uloqtirib yuborishimdan qo‘rqib, qo‘limdan mahkam ushlab qoldi. Keyin ular uyimda turgani kelishdi. Birinchi kirganiniyoq bo‘g‘zidan oldim. Nemisni bo‘g‘ib o‘ldirish boshqalarni o‘ldirishdan qiyin emas! Agar sochimdan tortqilab tashlamaganlarida-ku, ishini tamom qilardim-a. Shundan keyin qochib yurdim. Payti kelishi bilan jo‘nab qoldim. Mana endi sizlar bilan ketayapman.
Yo‘lovchilar uni xo‘b maqtashdi. Bunday jasorat ko‘rsata olmagan hamrohlar nazarida Do‘ndiq ancha baland ko‘tarilganday bo‘ldi. Uning so‘zlariga quloq solarkan, Kornyude apostol singari manzur ko‘rib, iltifot bilan kulimsirab turdi; xudojo‘y bandalarning tangriga qilayotgan hamdu sanolariga quloq solayotgan ruhoniy shu zayilda quloq soladi, chunki, uzun chopon kiyish bilan dinni o‘zlariniki qilib olgan kishilar singari uzun soqol demokratlar ham patriotizmni o‘zlariniki qilib olishgan. Kornyude ham so‘zlarkan, nasihatomuz qilib, har kuni devorlarta yopishtirilayotgan xitobnomalardan o‘rganganlarini shavq bilan bayon etdi, so‘zining oxirida notiqlik bilan chertib, o‘sha «razil Badenge»dan* koyib qo‘ydi.
Lekin o‘sha on Do‘ndiqning jahli chiqdi, chunki u Bonapart tarafdori edi. U olichaday qizarib ketib, g‘azabiga chidayolmaganidan tutila-tutila dedi:
— Uning o‘rnida sizga o‘xshaganlar bo‘lganda ko‘rardik! Qoyil qilardinglar, asti qo‘yavering! Uni o‘zlaring tutib berdilaring-ku! Agar mamlakatni sizlar simgari bevoshlar idora qilganda bormi, Frantsiyadan qochishdan boshqa chora qolmasdi!
Kornyude qizishmay, pisand qilmay nafrat bilan kulimsirab turdi-yu, lekin hozir janjal chiqishi ko‘rinib qoldi, shunda bu ishga graf aralashib, har qanday chin e’tiqodni hurmat qilish kerak deb qattiq gapirib, tutaqib ketayotgan Do‘ndiqni zo‘rg‘a bosib qo‘ydi. Bu orada, barcha muhtaram zotlar singari respublikani o‘ylaman-netmay yomon ko‘radigan va barcha xotinlar singari saroy sha’n-shavkatini, zolim podshohlarni yaxshi ko‘radigan grafinya bilan fabrikant xotiniga, ularning ko‘ngillaridagidek gapni dadil aytgan xotin beixtiyor yoqib qoldi.
Savat bo‘shadi. O‘n kishilashib uning ichidagi narsalarni bir zumda yeb bo‘lishdi, savat kattaroq bo‘lmaganiga juda achinishdi. Ovqat tamom bo‘lgach, garchi avvalgi ruhlik bo‘lmasa ham, suhbat yana bir qancha vaqt cho‘zildi.
Kech kirib, asta-sekin qorong‘i tushmoqda, ovqat hazm bo‘layotgan vaqtda sovuq kuchliroq sezilganidan, semizligiga qaramay Do‘ndiqning eti uyushib, qaltiray boshladi. Shunda de-Bravil xonim ertadan beri bir necha bor ko‘mir solingan grelkasini Do‘ndiqqa taklif qildi, u darhol qabul qildi, chunki oyog‘i muzlab ketgan edi. Karre-Lamadon va Luazo xonimlar grelkalarini monax ayollarga berishdi.
Aravakash fonarlarni yoqdi. Fonarlar o‘rtadagi otlarning terlagan sag‘ri ustida tebranib ko‘tarilayotgan bug‘ni va yo‘lning ikki chetidagi, shu’la ostida qalin parda singari qoplab yotgan qorni yoritib borardi.
Dilijonning ichida hech narsani ko‘rib bo‘lmay qoldi: lekin Do‘ndiq bilan Kornyude birdan qimirlab qolishdi va qorong‘ulikka tikilib qarab ketayotgan Luazo janoblarining nazarida uzun soqol Kornyude sekin-asta bo‘lsa ham qattiqqina turtki yeb nariroq o‘tirganday bo‘ldi.
Uzoqda miltillab chiroqlar ko‘rindi. Bu Tot qishlog‘i edi. Bular o‘n bir soatdan beri yo‘l bosib kelishmoqda, bunga yo‘lda otlarga yem, dam berish uchun to‘rt bor to‘xtalganda ketgan ikki soatni qo‘shilsa, rosa o‘n uch soat bo‘lardi. Dilijon qishloqqa kirib «savdo mehmonxonasi» oldida to‘xtadi.
Dilijonning eshigi ochildi. Yo‘lovchilar to‘satdan o‘zlariga tanish tovushni, yerga tegib-tegib kelayotgan qilichning tiqirlashini eshitib cho‘chib ketishdi. Shu onda kimdir nemischalab bir narsa deb qattiq baqirdi.
Dilijon to‘xtagan bo‘lsa ham, go‘yo chiqding hozir o‘ldirishadi deb qo‘rqqanday hech kim o‘rnidan qo‘zg‘olmadi. Shu onda fonar ko‘targan aravakash kelib, to‘satdan aravaning ichiga chirog‘ tutib, quti o‘chib, hayrat ichida og‘zini ochib, ko‘zini baqraytib ikki qator bo‘lib o‘tirgan basharalarni yoritdi.
Aravakashning yonida, chiroq shu’lasida baland bo‘yli, sap-sariq, belini tang‘igan qiz singari askariy kiyimni sirib kiygan yoshgina yigit — nemis ofitseri turardi, yassi amerika shapkasini chakkasiga qiyshaytirib kiyganidan xuddi Angliya musofirxonalaridagi xat tashuvchilarga o‘xshardi. Haddan tashqari dag‘al, ikki uchi tobora ingichkalashib, bittagina oq qil bilan tamom bo‘lganidan oxiri ko‘zga ko‘rinmaydigan uzun mo‘ylovi lunjini pastga bosib, labining ikki burchini va yuzini quyi tortib turganday ko‘rinardi.
U Elzas shevasida fransuzchalab do‘q qilib, yo‘lovchilarga pastga tushishni buyurdi:
— Tushsalaring ham bo‘lar, afandilar?
Boshlab avliyo qizlarcha yuvoshlik bilan, itoatkorlikka o‘rganib qolgan monax ayollar chiqdi. Keyin graf bilan grafinya chiqdi, ularning orqasidan fabrikant bilan xotini, so‘ng, barvasta xotinini yetaklab Luazo ham chiqdi. Yerga tushganlarida Luazo odobdan ko‘ra ehtiyot yuzasidan:
— Salom, taqsir,— dedi.
Ofitser andishasizlik bilan zo‘ravonlarcha bir qarab qo‘ydi-yu, indamadi.
Do‘ndiq bilan Kornyude eshik oldida o‘tirgan bo‘lsalar ham, hammadan keyin, dushman oldiga yuzlariga jiddiy tus berib, takabburlik bilan chiqishdi. Semiz juvon qo‘lidan kelgani qadar o‘z nafratini sezdirmaslikka tirishardi, demokrat bo‘lsa asabiylashib, andak qaltirayotgan qo‘li bilan hadeb uzun sariq soqolini tutamlardi. Bunday holat yuz bergan choqda ularning har biri o‘z vatanining vakili ekanini yaxshi anglar va o‘z qadri qimmatini saqlashga tirishardi. Boshqa hamrohlarining bunchalik itoatkorligi ikkalasining ham nafratini qo‘zg‘atmoqda edi. Do‘ndiq hamroh bo‘lib kelayotgan xotinlardan ko‘ra o‘zini baland ko‘rsatishga harakat qilardi. Kornyude bo‘lsa boshqalarga o‘rnak bo‘lish lozimligini o‘ylar va butun vujudi bilan yo‘llarga o‘ralar qazib, ko‘rsatgan qarshiligini davom ettirayotganday bo‘lib ko‘rinishga tirishardi.
Hamma saroyning keng oshxonasiga kirdi, haligi nemis esa yo‘lovchilardan yo‘lga chiqish uchun Ruan shahrining komendanti bergan yo‘lovchilarning ismlari, barcha belgilari, kasb-korlari yozilgan ruxsatnomani talab qildi. U yo‘lovchilarni hujjatga yozilgan belgilariga bitta-bitta solishtirib, uzoq tekshirdi.
Shundan keyin jerkib «yaxshi» dedi-da, g‘oyib bo‘ldi.
Hamma erkin nafas oldi. Ochlik hali ham sezilib turgandi: ovqat buyurishdi. Ikkita xizmatchi xotin pishirib-kuydirib kelguncha yarim soat o‘tdi. Bu orada yo‘lovchilar binoni ko‘rib chiqishdi. Ikki tomonida uylar bo‘lgan uzun yo‘lak hojatxonaning oynavonlik eshigiga borib taqalar ekan.
Nihoyat, stol atrofiga o‘tirayotganlarida saroyvonning o‘zi — sobiq aspijallob, doim bo‘g‘zida balg‘ami xirillab, g‘ijillab, hushtak chalib turadigan Folanvi degan familiyani otasidan meros qilib keldi.
— Elizabet Russe degan qiz qaysi birlaring? — deb so‘radi.
Do‘ndiq irg‘ib tushdi-da, o‘girilib unga qaradi.
— Men bo‘laman.
— Qizgina, pruss ofitseri siz bilan gaplashmoqchi.
— Men bilan?
— Ha, Elizabet Russe siz bo‘lganingizdan keyin...
U, xijolat bo‘lib, bir oz o‘ylab turdi-da, dangal:
— Bu nimasi!.. Bormayman! — dedi.
Hamma bezovtalanib qoldi: hamma birdan so‘zlab, buning sababini topmoqchi bo‘lishdi. Graf Do‘ndiqning yoniga borib dedi:
— Bundoq qilishingiz yaramaydi, xonim, uning talabini rad qilishingiz o‘zingiz uchungina emas, barcha yo‘ldoshlaringiz uchun ham ancha dilsiyohlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bizdan kuchliroq odamga hech qachon qarshilik ko‘rsatmaslik kerak. Bu taklifning hech qanday xavfli tomoni yo‘q bo‘lsa kerak, ehtimol, biron rasmiyatchilikni bajarish lozim bo‘lgandir.
Hamma grafning gapiga qo‘shilib, Do‘ndiqqa yalinib-yolvorib, nasihatlar qilib, uni yo‘lga sola boshlashdi va oxiri ko‘ndirishdi, ularning har biri bunday noma’qulchilikning oqibati xunuk bo‘lishidan ko‘rqardi-da.
— Mayli, sizlarning ko‘ngillaringiz uchun boraman!— dedi Do‘ndiq, nihoyat.
Grafinya uning qo‘lini qieib:
— Hammamiz qam sizdan minnatdormiz! — dedi. Do‘ndiq chiqib ketdi. Uning kelishini kutib, ovqat qilgani o‘tirishmadi.
Har biri o‘zini tuta olmaydigan shu jizzaki qiz o‘rniga o‘zini chaqirmaganiga xafa bo‘lib, bordi-yu, o‘zini ham chaqirib qolguday bo‘lsa nima deyishini o‘ylab o‘tirardi.
Lekin o‘n minut o‘tar-o‘tmas Do‘ndiq qip-qizarib, bo‘g‘ilib, tutoqqanicha qaytib keldi.
— Ablah! Ablahligini qarang-a! — deb g‘udrandi. Hamma nnma voqea bo‘lganini bilish uchun unga yopirilib so‘ray boshladi, lekin u lom deb og‘iz ochmadi. Graf qistayverganidan keyin esa, Do‘ndiq kerilib javob qildi:
— Yo‘q, sizlarga daxli yo‘q, men buni sizlarga ayta olmayman.
Shundan so‘ng hamma karam hidi chiqib turgan katta kastryul atrofiga o‘tirdi. Vahimali voqea yuz berganiga qaramay, kechki ovqat xushvaqtlik bilan o‘tdi. Luazo xotini bilan va monax xotinlar pullarini ko‘zlari qiymay ichishgan sidr* juda soz narsa ekan. Boshqalar vino buyurishdi. Kornyude pivo so‘radi. Kornyudening shishani g‘alati qiliqlar bilan ochish odati bor: u rangini yaxshilab ko‘rish uchun avvalo pivoni ko‘piklatadi, stakanni engashtirib, keyin chiroqqa solib yaxshilab ko‘radi. Ichayotganda esa zamonlar o‘tishi bilan o‘zi sevgan ichimlikning tusiga kirib ketgan soqoli erkalayotganday silkinadi, ko‘zlari g‘ilaylashib, qadahni ko‘zdan yo‘qotmaslikka tirishadi, dunyoga shuning uchun kelgan-u, o‘sha yagona iste’dodini ado etayotganday bo‘ladi. U xayolida, hayotini to‘ldirib turgan ikki buyuk orzusini: och qizil pivo bilan revolyutsiyani birlashtirib qo‘shayotganday bo‘lardi: bir orzusiga erishganda ikkinchisini o‘ylamay iloji yo‘q edi.
Folanvi janoblari xotini bilan stolning u boshida o‘tirib ovqat qilar edi. Eri eski parovozdek pishillar, ko‘kragi shunday g‘ijirlardiki, ovqat vaqtida so‘zlasha olmasdi, lekin xotini bir nafas ham tinmasdi. U prussaklar kelgandan beri olgan barcha taassurotlarini to‘kib soldi, ularning nimalar qilishlarini, qandoq so‘zlashganlarini tasvirlab berdi, prussaklar uni ko‘p chiqimdor qilayotgani uchun ularni juda yomon ko‘rardi, buning o‘rniga ikkita o‘g‘li askarlikka olingandi. U ko‘proq grafinyaga qarab so‘zlar, chunki kibor xotin bilan suhbatlashishni go‘yo martaba deb bilar edi.
U biror nozikroq masala ustida gapirarkan, tovushini pasaytirar, eri bo‘lsa ba’zi-ba’zida uning so‘zini bo‘lib:
— Jim o‘tirsangiz ham bo‘lardi, Folanvi xonim,— deb qo‘yardi.
Lekin uning so‘zlariga hech parvo qilmay, xotini davom etardi:
— Shunday, xonim, bularning cho‘chqa go‘shti bilan kartoshka-yu, kartoshka bilan cho‘chqa go‘shti yeyishdan boshqa ishlari yo‘q. Ularni ozoda deganlariga aslo ishonmang. Bo‘lmagan gap! Beodobchilik bo‘lmasin-ku, hammayoqni bulg‘atib tashlashdi. Siz ularning soatlab, ertadan-kechgacha mashq qilishganini ko‘rsangiz, sayhon joyga chiqib, to‘planishib olib, oldinga yur, orqaga yur, u yoqqa aylan, bu yoqqa aylan, deyishaveradi. Undan ko‘ra, o‘z vatanlariga borib yer haydashsa-yu, yo‘l qurishsa-chi! Yo‘q, nega undoq qilishsin, xonim harbiylardan kim naf ko‘ripti! Hamon ular odam o‘ldirishnigina o‘rganishar ekan, bu sho‘rpeshona xalq ularni nega boqayotir? Men o‘qimagan bir kampirman, nimasini aytasiz, lekin kuch-quvvatini ayamay, ertadan-kechgacha tap-tup yer tepishganini ko‘rganimda hamisha o‘ylayman: «mana shunday odamlar bor, boshqalarga foyda yetkazish uchun har xil ixtirolar qilishadi, bunaqangi faqat ziyon yetkazish uchun jon otuvchilarning nima keragi bor?» Axir, prussakmi, inglizmi, polyakmi, fransuzmi — odam o‘ldirish — ablahlik emasmi? Agar seni xafa qilgan odamdan o‘ch olsang — jazolashadi, demak, bu yomon ish ekan, o‘g‘illarimizni parranda otganday qirib tashlashsa bu yaxshi ish ekan-da, kimki ko‘p o‘ldirsa, o‘shanga orden berganlaridan keyin shunday bo‘ladi-ku! Yo‘q, bilasizmi, men aslo shuning ma’nisiga tushunmayman.
Kornyude baland ovoz bilan:
— Tinch turgan qo‘shniga hujum qilish — vahshiylik, lekin vatanni himoya qilish esa, muqaddas burch,— dedi.
Kampir bosh egdi.
— Ha, himoya qilishning yo‘rig‘i boshqa, shunday bo‘lsa ham o‘z xursandchiligi uchun urush qiladigan podshohlarning hammasini o‘ldirib tashlansa yaxshi bo‘lardi,— dedi u.
Kornyudening ko‘zlari chaqnab ketdi va:
— Balli, grajdanka! — dedi baqirib. Karre-Lamadon janoblari nima deyishiii bilmay qoldi. Garchi buyuk sarkardalarga uning ixlosi baland bo‘lsa-da, keksa dehqon xotinning so‘zlaridagi sog‘lom fikr uni o‘ylatib qo‘ydi: shu bekorchi, demakki, ziyon bo‘ladigan shuncha ishchi kuchlari, shu qadar befoyda sarf bo‘layotgan mehnat agar buyuk sanoat ishiga sarflansa mamlakatga naqadar farovonlik keltirgan bo‘lardi, yuz yilda bunyodga keladigan ishlarni qilib yuborardi!
Luazo bo‘lsa o‘rnidan turdi, saroyvonning yoniga borib o‘tirib, pichirlab so‘zlay ketdi. Semiz saroyvon xandon tashlab kular, yo‘talar, balg‘am tashlardi, uning kattakon qorni hamsuhbatining hazilidan silkinardi. Saroyvon shu ondayoq ko‘klamda olish sharti bilan Luazodan olti bochka bordo vinosi sotib oldi. Prussaklarning bahorgacha ketib qolishiga ishonardi.
Ovqat tamom bo‘lishi bilan hamma qattiq charchaganini sezib, yotgani ketdi.
Bu orada ba’zi bir narsalarni payqab qolgan Luazo xotinini yotqizib, o‘zi eshikning tirqishiga dam qulog‘ini, dam ko‘zini qo‘yib, o‘zi aytganiday, «yo‘lak sirlaridan» voqif bo‘lmoqchi edi.
Bir soatcha o‘tgach, sharpa eshitdi. Darhol qaraboq to‘r tutilgan havorang kashmiri kuylakda avvalgidan ham lo‘ppiroq ko‘rinayotgan Do‘ndiqni ko‘rdi. U shamdon ko‘tarib, yo‘lakning oxiridagi hojatxonaga ketmoqda edi. Qaerdadir, yaqin uylardan birining eshigi ochildi, bir necha daqiqadan so‘ng, Do‘ndiq qaytib kelayotganida uning orqasidan shim va ich ko‘ylakkina kiygan Kornyude ergashdi. Ikkalasi pichirlashib keldi-da, so‘ng to‘xtashdi. Aftidan, Do‘ndiq o‘z bo‘lmasiga kirgizmaslik uchun qattiq qarshilik ko‘rsatardi. Afsuski, Luazo ularning so‘zini anglab ololmadi, qattiq-qattiq gaplasha boshlaganlaridan keyingina Luazo bir necha jumlani eshitib qoldi. Kornyude qo‘yarda-qo‘ymay:
— Menga qarang, qo‘ysangiz-chi, shu gaplarni, nima qiladi? — derdi.
Do‘ndiqning jahli chiqib ketdi:
— Yo‘q, azizim, har ishning o‘z mavridi bor, bu yerda shunday qilish sharmandalik bo‘ladi, — dedi.
Kornyude tushunmadi shekilli «nega?» deb so‘radi. Shunda Do‘ndiq tutaqib, o‘shqirib berdi:
— Nega? Negaligini tushunmayapsizmi? Prussaklar bor joyda-ya, ehtimol qo‘shni uyda ham bordir?
Kornyudening dami ichiga tushib ketdi. Fohishaning vatanparvarlik nomusi, ya’ni prussaklar oldida o‘zini erkalattirishdan or qilishi Kornyudening ko‘nglida zaiflangan hamiyatni qo‘zg‘atgan bo‘lsa kerak, u qizni bir o‘pdi-yu, keyin asta yurib o‘z xonasiga kirib ketdi.
Lovillab ketgan Luazo ko‘zini teshikdan oldi, o‘yin tushganday oyoqlarini bir-biriga urib irg‘idi va tungi qalpog‘ini kiydi, qoqsuyak xotini orom olayotgan ko‘rpani ochib, uni o‘pib uyg‘otdi-da:
— Meni sevasanmi, jonim? — deb shivirladi.
Shundan keyin butun uyni sukunat bosdi. Lekin tezda, yerto‘ladanmi, boloxonadanmi, qaerdandir bir maromda eshitilayotgan qattiq xurrak tovushi, go‘yo katta bug‘ qozoni titrayotganday bo‘g‘iq va cho‘zinqi gurillash eshitildi. Folanvi janoblari uyquga ketgan edilar.
Ertalab soat sakkizda jo‘nashga qaror qilinganidan hamma o‘sha vaqtda oshxonaga yig‘ildi. Lekin brezent sirilgan, ustiga qor yog‘ib qolgan dilijon hovlining o‘rtasida qo‘qqayib turar, na ot bor edi va na aravakash. Aravakashni saroydan, otxona, somonxonalardan behuda izlandi. Keyin erkaklar u yoq-bu yoqni aylanib kelgani ko‘chaga chiqishdi. Ular bir boshida butxona, ikki tomonida esa qator yapasqi uylar bor bir maydonga chiqishdi. Bu pasqam uylarda prussaklar ko‘rinib turardi. Ular dastlab ko‘rgan soldat kartoshka archayotgan edi. Undan nariroqda yana bittasi sartaroshxonani yuvayotgandi. Paxmoqsoqol yana bir soldat yig‘layotgan o‘g‘il bolani o‘par va uni tizzasiga o‘tqazib, tebratib, ovutayotgandi; erlari «urushayotgan qo‘shin» safida bo‘lgan semiz dehqon xotinlar o‘zlarining qobil g‘oliblari qiladigan ishlarni imo-ishora bilan ko‘rsatib: o‘tin yor, sho‘rvaga don sol, qahva maydala deb turishardi, soldatlardan biri hatto o‘zining keksa va bedarmon bekasining kirini yuvmoqda edi.
Hayron bo‘lgan graf, pop uyidan chiqib kelayotgan bir ruhoniydan gap so‘ragan edi, butxonani kemirib yotgan bu keksa kalamush shundoq javob qildi:
— Yo‘q, bular yomon emas, bular prussak emasmish. Bular uzoqroqdan emish, faqat qaerdanligini bilmayman, ularning ham o‘z vatanida bola-chaqalari bor ekan, bular ermakka urushib yurishgani yo‘q-ku! Ehtimol, bularning ham bola-chaqalari yig‘lashayotgandir, bu ortiqcha tashvish keltirgan u yerdagi muhtojlik ham biznikidan qolishmas. Bulardan zorlanishga o‘rin ham yo‘q, chunki ziyonlari tegayotgani yo‘q, xuddi o‘z uylaridagidek ishlashmoqda. Nima demagin, afandim, beva-bechoralar bir-biriga yordam qilishi kerak... axir urushni boylar boshlaydi-da,— dedi.
G‘oliblar bilan mag‘lublar o‘rtasida o‘rnashgan samimiy ahillikni ko‘rib Kornyude g‘azablandi va borib mayxonada o‘tirganim yaxshiroq, deb ketdi. Luazo hazillashib:
— Ular bola-chaqaning ko‘payishiga yordam qilishadi-da,— deb qo‘ydi.
Karre-Lamadon janoblari jiddiy qilib:
— Urushga ketganlarning yo‘qligini bilintirmay turishadi-ku,— dedi.
Aravakash hadeganda kelavermadi. Nihoyat, uni ofitser denshigi* bilan qishloq mayxonasida ulfatchilik qilib o‘tirgan joyidan topib kelishdi. Graf undan:
— Soat sakkizda arava tayyor bo‘lsin, deyilmaganmidi sizga? — deb so‘radi.
— Aytilgan edi-yu, keyin boshqa buyruq berishdi.
— Qanaqa?
— Qo‘shmang, deyishdi.
— Kim berdi bunaqa buyruqni?
— Kim bo‘lardi? Pruss komendanti.
— Nega?
— Men qayoqdan bilay? O‘zidan so‘rang. Qo‘shma degandan keyin, qo‘shmadim.
— O‘zi aytdimi?
— Yo‘q, afandim, uning nomidan saroybon aytdi.
— Qachon?
— Kecha kechqurun, yotmasdan oldin. Yo‘lovchilarning uchalasi ham juda g‘azablanib qaytishdi.
Folanvi janoblarini chaqirtirishga qaror qilishdi, lekin xizmatchi xotin: «xo‘jayin ko‘ksov kasaliga mubtalo bo‘lgani uchun hech qachon soat o‘ndan oldin o‘rnidan turmaydi, uyga o‘t-po‘t tushmasa boshqa sabab bilan uyg‘otishni qat’iyan man qilgan,» — dedi.
Ofitserning o‘ziga uchrashmoqchi bo‘lishgan edi, garchi u shu saroyda turgan bo‘lsa ham, mutlaqo iloji yo‘q ekan, grajdanlarning ishi to‘g‘risida Folanvi janoblarigina u bilan so‘zlashishga haqli ekan. Sabr qilishga qaror berishdi. Xotinlar uy-uylariga tarqalishib, ikir-chikir ishlar bilan band bo‘lishdi.
Kornyude lovillab olov yonib turgan baland o‘choqning peshayvoni tagiga o‘rnashib oldi. Bu yerga mayxona zalidan stolcha va bir shisha pivo keltirib qo‘yishlarini buyurdi va demokratlar o‘rtasida o‘zi bilan barobar obro‘ga ega bo‘lgan mundshtugini oldi. Mundshtuk Kornyudega xizmat qilarkan, go‘yo vatanga xizmat qilar edi. Mundshtukning o‘zi ham ildizdan yasalgan, juda ajoyib, yaxshilab islangan, xuddi egasining tishlaridek qop-qora, lekin yaltiroq, xushbo‘y, egasining qo‘liga yarashadigan va uning siymosini kam-ko‘stsiz qilib ko‘rsatadigan, egilgan mundshtuk edi. Kornyude ko‘zini dam alangaga, dam pivo qadahining labida hoshiya singari turgan ko‘pikka tikib jim o‘tirar, har qultumdan keyin uzun-uzun qotma barmoqlari bilan yog‘ bosgan o‘siq sochini huzur qilib tarar va mo‘ylovida qolgan ko‘pikni yalardi.
Luazo uvishgan oyog‘ini yozib kelish bahonasi bilan o‘sha yerli chakana savdogarlardan vinosiga xaridor izlab ketdi. Graf bilan fabrikant siyosatdan so‘z boshlashdi. Ular Frantsiyaning kelajagiga nazar tashlab, biri Orlean* avlodidan, biri esa butunlay umid uzish kerak bo‘lgaida paydo bo‘ladigan noma’lum xaloskor qahramondan: birorta dyu Geklen, Janna d'Arkdanmi, — ajab emas-da? Yoki yana yangi Napoleon I chiqib qolishidan umid qilardi. Oh, agar valiahd* yosh bo‘lmaganida-ku! Ularning gapini eshitib o‘tirgan Kornyude taqdir sirlaridan xabardor odamdek kulimsirab o‘tirardi. Uning mundshtugi butun oshxonaga xushbo‘y hid taratib turardi.
Soat o‘n bo‘lganda Folanvi janoblari kirib keldi. Hamma uni o‘rab olib savol bera boshladi. Lekin u hech o‘zgartirmay-netmay ikki-uch marta qaytarib:
— Ofitser menga: «Folanvi afandi! Kucherga buyuring, bu yo‘lovchilarga dilijon qo‘shmasin. To mening alohida ruxsatim bo‘lmaguncha jo‘nab ketishlarini istamayman. Tushundingizmi? Bo‘lgan gap shu» degan edi,— dedi.
Shundan keyin ofitserning o‘zi bilan uchrashmoqchi bo‘lishdi. Graf unga o‘zining vizit kartochkasini* yubordi. Uning ostiga butun unvonlarini yozib Karre-Lamadon janoblari ham qo‘lini qo‘ydi. Prussak ularni nonushtadan keyin, demak soat birlarda qabul qilaman, depti.
Xotinlar ham yig‘ilishdi. Tashvishlanishlariga qaramay, hamma yo‘lovchilar nonushta qilgan bo‘lishdi. Do‘ndiq tobi qochgandek va ancha diqqat ko‘rinardi.
Kofe ichib bo‘lingan paytda graf bilan fabrikantni denshik chaqirib qoldi.
Luazo ham ularga qo‘shildi, uchrashuv tantanaliroq bo‘lsin uchun Kornyudeni ham taklif qilib ko‘rishdi. Lekin u gerdayib turib, nemislar bilan hech qanday munosabatda bo‘lmoqchi emasligini aytdi va bir shisha vino olib, yana o‘choq yoniga o‘tirib oldi.
Uch erkak ikkinchi qavatga chiqishdi va ularni saroyning eng yaxshi uyi bo‘lmish bir xonaga olib kirildi. Nemis, qochib ketgan, didi o‘zgacha bo‘lmagan, birorta boyning uyidan shubhasiz o‘g‘irlab olingan qirmizi kiyimga o‘ralib, og‘zida uzun chinni trubka, oyoqlarini kaminga tirab, yumshoq kursida yonboshlagan holda ularni qabul qildi, o‘rnidan turmadi, salom bermadi, ularga qaramadi ham. Bu g‘olib prussakka xos bezbetlikning g‘aroyib nusxasi edi.
Nihoyat, bir ozdan keyin u:
— Nima demoqchisiz?— dedi. Graf gap boshlab:
— Jo‘nasak degan edik, afandim,— dedi.
— Yo‘q.
— Sababini bilishga haddimiz sig‘armikan?
— Men xohlamayman.
— Endi, beodobchilik bo‘lsa ham aytishga to‘g‘ri keladi, afandim, D’eppgacha borishga komendantingiz o‘zlari ruxsat bergan edilar. Yana, menimcha, sizning tomoningizdan bunday qattiq chora ko‘rilguday biror ish qilganimiz ham yo‘q.
— Men xohlamayman... bo‘lgani shu... boringlar. Uchchovi ham ta’zim qilib chiqishdi.
Kechki payt dilsiyohlik bilan o‘tdi. Nemisning nega bunday injiqlik qilayotganiga tushunib bo‘lmasdi: har birining boshiga bo‘lmag‘ur xayollar kelardi. Hammalari oshxonada o‘tirib, har xil bo‘lmagan taxminlar qilib, hadeb ahvolni muzokara qilishardi. Ehtimol, ularni garov tariqasida olib qolishmoqchidir? Ammo nima maqsad bilan? Yo asir qatori olib ketishmoqchidir? Yoki ularni qo‘yib yuborish uchun katta pul talab qilmoqchimi? Shularni o‘ylaganda ularni dahshat bosdi. Eng boylarining ko‘proq o‘takasi yorilayozdi, endi ular o‘z hayotlarini saqlab qolish uchun bu behayo soldatning qo‘liga qoplab tilla to‘kishlarini ko‘z oldilariga keltira boshladilar. Ular birorta yolg‘on gap to‘qib, o‘z boyliklarini yashirish va o‘zlarini kambag‘al, juda kambag‘al qilib ko‘rsatish yo‘lini izlab qoldilar. Luazo ko‘kragidagi soat zanjirini olib, cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Qorong‘i tushgan sari ularni battar dahshat bosardi. Chiroq yoqishdi. Ovqat mahaligacha yana ikki soat vaqt bo‘lganidan Luazo xonim «o‘ttiz bir»* o‘ynashni taklif qildi — hech bo‘lmasa odamlarni bir oz ovutadi-ku. Taklifni qabul qilishdi. Hatto Kornyude ham odob yuzasidan munshtugini o‘chirib, o‘yinga ishtirok qildi.
Graf kartalarni chiyladi va ulashdi. Birinchi o‘yindayoq o‘ttiz bir ochkoni Do‘ndiq oldi, o‘yinga qiziqish hammaning xayolini buzib turgan vahimaning tezda damini kesdi. Kornyude hatto er-xotin Luazolar imlashib hiyla ishlata boshlaganini ham payqadi.
Ovqat yegani o‘tirishganlarida yana Folanvi janoblari kirib keldi va hirillab:
— Pruss ofitseri, Elizabet Russedan so‘rang, hali ham o‘sha so‘zida turiptimikin, deyapti,— dedi.
Do‘ndiq birdaniga bo‘zarib, turgan joyida qotib qoldi, keyin, to‘satdan qizarib ketdi-da, g‘azabiga chidolmay shunday bo‘g‘ildiki, tili tutilib qoldi, nihoyat, so‘z qotdi:
— O‘sha hayvonga, o‘sha iflosga, o‘sha ablah prussga aytingki, o‘sha so‘zim — so‘z, eshitdingizmi, qaytmayman, qaytmayman, qaytmayman,— dedi.
Semiz saroybon chiqib ketdi. Shunda hamma Do‘ndiqni o‘rab olib ofitser bilan uchrashganida o‘tgan sirni aytib berishini o‘tinib so‘ray boshladi. Boshda u ko‘nmadi, keyin alamiga chidolmay:
— Nima dedi? Nima derdi! Men bilan bir kecha yotasan deyapti! — deb qichqirib yubordi.
Hammaning fe’li shunchalik aynib ketdiki, hatto bu so‘zlardan hech kim xijolat ham bo‘lmadi. Kornyude stakanni jahl bilan stolga urgan edi, stakan sinib ketdi. Bu ablah soldatga qarshi hamma baravar norozilik bildira boshladi. Do‘ndiqning haqorat qilinishi go‘yo bularga ham tegadiganday, hammasi alami kelib, bir bo‘lib qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lishdi. Graf nafrat bilan bular o‘zlarini qadimgi vahshiylarday tutishayapti, dedi. Xususan, xotinlar Do‘ndiqqa qizg‘in va muloyim xayrixohlik izhor qilishdi. Ovqat yegani uylaridan endi chiqib kelayotgan monax xotinlar boshlarini quyi solishganicha indamasdan o‘tirishdi.
Jahldan tushganlaridan keyin, ovqat yegani o‘tirishdi, lekin gaplar qovushmas: hamma xayol surardi.
Xotinlar vaqtlik uy-uylariga tarqalishdi, erkaklar bo‘lsa papiros chekkani qolib, karta o‘yini boshlandi. Folanvi janoblaridan qandoq qilib ofitserni yo‘lga solishni so‘rab olish umidida uni ham o‘yinga taklif qilishdi. Lekin saroybonning qulog‘iga gap kirmas, u kartanigina o‘ylar, javob ham qaytarmas:
— O‘ynaylik, afandilar, o‘ynaylik! — der edi, xolos.
O‘yinga juda berilib ketganidan tupurishni ham unutib qo‘yib, ko‘kragidan xuddi nag‘maning yo‘g‘on tovushiga o‘xshash cho‘ziq xirillash eshitila boshladi. Uning xirillab turadigan o‘pkasi ko‘ksovning butun baland va yo‘g‘on ovozidan tortib, chaqirishni mashq qilayotgan jo‘jaxo‘rozning ovozigacha bo‘lgan hamma tovushlarni chiqarib turardi.
Hatto, horib, zo‘rg‘a kelgan xotini yotgin deb chaqirib kelsa ham bormadi. Eri yarim kechagacha yurishni, o‘rtoqlari bilan tong otguncha ham o‘tirishni yaxshi ko‘radigan bo‘lgani uchun saharxez xotini o‘zi ketaverdi. U xotinining orqasidan: «gogol-mogolni* pechkaga qo‘yib qo‘y» deb qichqirdi-da, yana o‘ynayverdi. Yo‘lovchilar undan biron gap olishning iloji yo‘qligiga ko‘zlari yetgach, uxlash kerak degan qarorga kelishdi va uy-uylariga tarqalishdi.
Bugun ham shu jirkanch saroyda qolamizmi degan fikrdan cho‘chigan yo‘lovchilar avvalgidan ham ko‘proq ketgilari kelib, zora jo‘nasak degan umid bilan ertasiga yana vaqtlik turishdi.
Hayhotki, otlar hanuz otxonada, aravakashdan darak yo‘q edi. Qilar ishlari bo‘lmaganidan hammalari arava atrofida aylanib yurishdi.
Nonushta ta’bxiralik bilan o‘tdi, hammaning Do‘ndiqdan ko‘ngli sovugandek ko‘rinar, chunki tungi o‘ylar ta’siri bilan unga qarashlar ancha o‘zgargan edi. Tunda prussak bilan yashirincha uchrashib, to hamrohlari uyqudan turguncha xushxabar topib qo‘ymagan qizdan hammaning ensasi qotayozgan edi. Axir shundan ham osoni bormidi?! Kim bilib o‘tiripti, deng? Odob yuzasidan ofitserga «xafa bo‘layotgan hamrohlarimga achinganimdan» deb qo‘yaqolsa ham bo‘lardi. Bundaqa ishlar uning uchun pisand emas-ku!
Shunday bo‘lsa ham hali hech kim bu fikrni ochiq ayta olmasdi.
Tushga borib hamma zerikib, xunob bo‘lib ketgandan keyin, graf atrofni aylanib tomosha qilib kelishni taklif etdi. Olov yonida o‘tirishni afzal ko‘rgan Kornyude va kunbo‘yi yo butxonada yo kyure huzurida kun o‘tkazayotgan monax xotinlardan boshqa hamma yaxshilab o‘ralib-chirmalib yo‘lga tushdi.
Kundan-kunga zo‘raya borgan sovuq quloq va burunlarni achitib olardi, oyoqlar qotib ketganidan har qadam bir azobga aylandi, dalaga chiqqanlarida uning bepoyon oppoq yalangligi shu qadar dahshatli, mash’um ko‘rindiki, birdan hammaning ruhini sovuq urganday bo‘lib yuragi uvishdi, ular izlariga qaytishdi. To‘rt xotin oldinda, uch erkak esa keyinda kelardi.
Ahvolni juda yaxshi bilib turgan Luazo to‘satdan bu “mochag‘ar”ni deb qachongacha shu pastqam joyda yotar ekanmiz, dedi. Hamisha nazokatli graf, xotin kishidan bunaqa malol keladigan ishni talab qilib bo‘lmaydi, bu narsa ixtiyoriy bo‘lishi kerak, dedi. Karre-Lamadon janoblari, eshitishimga qaraganda agar fransuzlar D’epp orqali qarshi hujum boshlasalar ular prussaklar bilan Totdan boshqa joyda to‘qnashmaydi, dedi. Bu gap hamsuhbatlarining ichiga g‘ulg‘ula solib qo‘ydi.
— Piyoda qochib qolsak nima qilar ekan?— dedi Luazo. Graf yelkasini qisib:
— Sizni qarang-a! — dedi.— Shu qorda-ya! Yana xotinlar bilan! Undan tashqari, darhol orqamizdan ot choptirib, bizni o‘n minutdayoq tutib, asir qatori soldatlar ixtiyoriga topshirishadi.
Bu to‘g‘ri gap edi. Hamma jim bo‘lib qoldi.
Xonimlar yasan-tusan haqida so‘zlashib borishardi, ammo qandaydir noqulaylik qovushishlariga xalaqit berayotganday edi.
To‘satdan ko‘chaning boshida bir ofitser ko‘rinib qoldi. Ufqqacha tutashib yotgan oppoq qorda mundir kiygan, arini eslatadigan novcha qomati ko‘zga chalinardi, u yaxshilab pardozlangan etigini loydan ehtiyot qilib, harbiylarga xos yurish bilan, oyoqlarini kerib-kerib qadam tashlardi.
Ofitser xonimlarga yetib kelib tenglashganida ularga salom berdi va erkaklarga nafrat bilai qarab qo‘ydi, chunki Luazo boshidan shapkasini olaman deb qo‘l cho‘zgan bo‘lsa-da, lekin olmadi, qadrimizni ketkazib nima qilamiz deb boshqalar ham shapkalarini olmagan edilar.
Do‘ndiqning qulog‘igacha qizarib ketdi. Erlik uch xotin, ofitser ularni o‘zi beandisha muomala qilayotgan axloqsiz qiz bilan uchratishdan o‘zlarini qattiq haqorat qilingandek his etishdi.
So‘z ofitser ustida, uning qomati, aft-basharasi to‘g‘risida ketdi. O‘z davrida ko‘p ofitserlarni ko‘rgan va qo‘lidan o‘tkazgan Karre-Lamadon xonimning fikricha, uni binoyidek deyish mumkin edi, u ofitserning fransuz bo‘lmaganiga hatto afsus qildi, agar fransuz bo‘lganda hamma xotinlarni shaydo qiladigan ajoyib gusar bo‘lardi, deb qo‘ydi.
Uyga qaytib kelgach, nima ish qilishlarini bilmay hatto arzimagan sabablar bilan bir-birlariga achchiq-tiziq so‘z ota boshlashdi. Ovqatni ham indamasdan, naridan-beri yeb, bir amallab vaqt o‘tkazish uchun yotgani tarqalishdi.
Ertasiga yo‘lovchilar pastga tushganda hammasining chehrasida horg‘inlik, yuragida g‘azab bor edi. Xotinlarning esa Do‘ndiq bilan so‘zlashgilari kelmasdi.
Butxona jom urdi. Go‘dak cho‘qintirishdan xabar berdi. Do‘ndiqning bolasi bo‘lib, u Ivetoda, bir dehqon oilasida tarbiyalanardi. U bolasini yiliga bir martagina ko‘rar va uning to‘g‘risida hech qachon o‘ylamasdi, biroq cho‘qintirish uchun butxonaga keltirilgan go‘dak haqidagi o‘y bolasiga nisbatan uning ko‘nglida jo‘shqin mehr qo‘zg‘atdi, o‘sha marosimga borgisi keldi.
U ketishi bilanoq hamma yo‘lovchilar bir-biriga qarashdi, so‘ng surilib yaqinroq o‘tirishdi, chunki biror iloj qilish zarurligini anglashar edi. Birdan Luazo: Do‘ndiqning o‘zinigina olib qolib, boshqalarga javob berishni ofitserga taklif qilish kerak degan fikrni aytdi.
Folanvi janoblari bu topshiriqni bajarishni o‘z zimmasiga oldi. Lekin o‘sha ondayoq pastga qaytib tushdi; insonning tabiatini yaxshi biladigan nemis uni uydan haydab chiqardi. U, to istagini qondirguncha ularning hammasini ushlab turmoqchi edi.
Shunda dag‘al tabiatli Luazo xonim ko‘nglidagi bor gapni to‘kib soldi:
— Axir, qarigunimizcha shu yerda o‘tiraveramizmi! Bu rasvo hamonki shu kasbni qilar ekan, buning ustiga hamma erkaklar bilan qilaverar ekan, nega unga yo‘q, deydi? Qarang-a? Ruandaku yurmagan odami qolmadi, hatto aravakashlar bilan ham yurdi! Rost aytyapman, xonim, prefekturaning aravakashi bilan ham! Men yaxshi bilaman,— u vinoni bizdan sotib olardi. Bizlarni mushkul ahvoldan qutqazish kerak bo‘lgan bir paytda esa bu g‘ar o‘zini oppoq qilib ko‘rsatyapti!.. Menimcha, ofitser hali ham insof qilyapti. Balki u ko‘pdan beri yolg‘izdir, albatta, uchchalamizdan birimizni talab qilishi ham mumkin edi-ku. Ammo u, har qalay buzuq xotinga qo‘l uzatyapti. Erlik xotinlarni izzat qilyapti. O‘ylab ko‘ring, axir, u bu yerda xo‘jayin-a. Bir og‘iz: «Xohlayman» desa tamom-da,— soldatlar orqali bizni majbur qiladi qo‘yadi.
Xotinlarning eti jimirlashib ketdi. Nozanin Karre-Lamadon xonimning ko‘zlari chaqnab, ofitser xuddi hozir zo‘rlab qo‘l uzatayotganday, rangi o‘chdi.
Nariroqda muzokara qilishayotgan erkaklar xotinlarning yoniga kelishdi. Tutaqib ketgan Luazo, «shu rasvoni» qo‘l-oyog‘ini chambarchas bog‘lab, dushmanga tutib berishga tayyor edi. Uch elchi naslining urug‘idan va o‘zi ham diplomatlarga o‘xshagan graf esa, ustalik bilan ish ko‘rish tarafdori edi.
— Bir balo qilib uning e’tiqodini o‘zgartirish kerak,— dedi u.
Shundan so‘ng til biriktirib, fitna rejasi tuzildi.
Xotinlar surilishib yaqinroq o‘tirishdi, tovushlar pasaydi, suhbatga hamma aralashib, har kim o‘z fikrini ayta boshladi. Shunisi borki, gaplar juda pardalik edi. Ayniqsa xonimlar kurakda turmaydigan fikrlarni aytish uchun gapni ajoyib aylantirib, odob doirasidan chetga chiqmaydigan ifodalarni ishlatishardi. So‘zlar shunchalik chertib-chertib aytilardiki, begona kishi hech narsa tushuna olmas edi. Kibor xotinlar o‘ralib olgan ma’sumlik pardasi ularni shunchaki yuzaki ma’sum qilib ko‘rsatadi, haqiqatda esa hammasi ham bu odob doirasidan yiroq voqeadan zavqlanar va o‘zlarini o‘z muhitlarida his etgan holda yayrab, birovga juda lazzatli luqma tayyorlayotgan usta oshpaz singari, sevgiga bog‘liq bu savdoni shavq-zavq bilan muhokama qilishardi.
O‘z-o‘zidan hammaning kayfi chog‘ bo‘ldi, axir o‘zi ham juda qiziq voqea-da, Graf xiyla qaltis hazillar qilar, lekin shunchalik nozik hazillar qilardiki, hammaning yuzida tabassum paydo bo‘lardi. Luazo ham bir necha marta undan o‘tkazib askiya qildi. Bundan ham hech kim uyalmadi, uning xotini tomonidan qo‘pol qilib aytilgan «hamonki bu rasvoning kasbi shu ekan, birovga ha, birovga yo‘q, degani nimasi?» degan gaplari hammaning ko‘nglida turgandi. Jajjigina Karre-Lamadon xonim hatto men Do‘ndiqning o‘rnida bo‘lsam shu ofitserga yo‘q degandan ko‘ra boshqa birovga yo‘q derdim, deb o‘ylayotganga o‘xshardi.
So‘z go‘yo biron qal’a ustida ketayotganday, fitnachilar qamal rejasini uzoq muhokama qilishdi. Qanday dalillar keltirish va qanday yo‘llar tutish zarurligi haqida kelishib, har biri ma’lum bir vazifani o‘z znmmasiga oldi. Bu jonlik qal’ani dushmanga taslim qilib beradigan hujumlar, hiyla-nayranglar, to‘satdan qilinadigan hamlalar rejasi tuzildi. Yolg‘iz Kornyude avvalicha chetda o‘tirdi, bu ishga aralashmadi.
Bu mashg‘ulotga shu qadar berilib ketganliklaridan, Do‘ndiqning kirib kelganini ham hech kim sezmay qoldi. Lekin, graf: «tss»!» — deb shivirlagan edi, hamma qaradi. Do‘ndiq ularning oldida turardi. Hamma birdan jim bo‘ldi va bir oz shoshib qolib, daf’atan unga so‘z qotishga hech kim jur’at etolmadi. Mehmonxonalarda qilinadigan ikkiyuzlamalikka boshqalardan ko‘ra ustaroq bo‘lgan grafinya undan:
— Qalay, cho‘qintirish marosimi qiziq bo‘ldimi?— deb so‘radi.
Marosimdan ko‘ngli yumshab ketgan, ham o‘zini bosa olmagan Do‘ndiq hammasini: odamlarning chehrasini, turishlarini, hatto butxonaning o‘zini ham tasvirlab berdi va:
— Ba’zi-ba’zida ibodat qilish yaxshi bo‘ladi,— deb qo‘shib qo‘ydi.
Nonushtagacha xonimlar har xil gaplar bilan ishontirish va o‘zlariga rom qilish uchun juda ehtiyot bo‘lib muomala qilishdi.
Lekin stulga o‘tirishlari bilan hujum boshlashdi. Boshlab fidokorlikdan gap ketdi. Qadim zamondagi Yudif’ va Olofernanni* misol keltirib, hech gapdan hech gap yo‘q Lukretsiya bilan Sekstga* o‘tishdi. Dushmanning barcha sarkardalarini iltifot yo‘li bilan qul qilib olgan Kleopatrani* ham xotirlashdi. Bu nodon millionerlar Rim xotinlari haqida o‘zlari to‘qigan va bu xotinlar Gannibal* va u bilan birga uning askarboshilari va yollangan odamlariga iltifot ko‘rsatgani Kapyu shahariga borishgan degan bo‘lmag‘ur afsonalarni ham aytishdi. Keyin iffatini urush maydoniga, hukmronlik quroliga, istilochilar yo‘liga qo‘yilgan g‘ovga aylantirgan va qahramonona fidokorlik bilan bezotlarni yoki zolimlarni bo‘ysundirib, o‘zini intiqom va fidokorlik yo‘lida qurbon qilgan barcha xotinlarni ham eslashdi.
Kibor oiladan bo‘lgan bir ingliz xotin Bonapartga yuqtirish uchun ataylab o‘ziga yaramas bir kasal yuqtirganini, mash’um uchrashuv chog‘ida bexosdan paydo bo‘lgan zaiflik orqasidagina Bonapartning qutilib qolganligi haqida ham dudmalroq qilib gapirildi.
Bu gaplarning hammasini ehtiyot bilan, odob doirasida gapirildi. Do‘ndiqda ham shunday fidokorlikka havas tug‘dirish niyatida ora-sira yasama tahsin va ofarinlar aytishardi.
Bu gaplardan nihoyat xotinlar dunyoga faqat o‘z-o‘zini qurbon qilishu soldatlarning bema’ni havaslariga bo‘ysunish uchun kelgan deb o‘ylash mumkin edi.
Monax ayollar og‘ir o‘yga to‘lgandek ko‘rinar, hech narsani eshitmas, Do‘ndiq esa jim o‘tirardi.
O‘ylab ko‘rish uchun Do‘ndiqni bir kun ixtiyoriga qo‘yishdi. Endi uni ilgarigidek xonim deb atamay qo‘yishdi. Garchi sababini hech kim aniq bilmasa-da, to‘g‘ridan-to‘g‘ri “qizgina” deb muomala qila boshlashdi. Bundan murod uni erishgan hurmatidan bir pog‘ona pastga tushirish va kasbidan kishi nomus qilishini o‘ziga anglatib qo‘yish bo‘lsa kerak.
Sho‘rva keltirilishi bilan Folanvi janoblari kirib yana kechagi gapni takrorladi:
— Pruss ofitseri «Elizabet Russedan so‘rang, hali ham o‘sha gapida turiptimi?» deb so‘rayapti,— dedi.
Do‘ndiq quruqqina qilib:
— Ha,— dedi.
Biroq ovqat mahalida til biriktirganlar ittifoqi susaya bordi. Luazoning og‘zidan bir-ikkita chakki so‘z ham chiqib ketdi. Har biri zo‘r berib yangi misollar keltirishga harakat qilishar, lekin hech narsa topa olmas edi. Grafinya birdan, biror maqsad bilan emas, balki, dinni xiyol eslab qo‘yish uchunmi — monax ayollarning keksasidan avliyolar hayotida bo‘lib o‘tgan ibratli voqealardan aytib berishini so‘radi. Axir avliyolarning ko‘pi bizga qolsa gunoh deyiladigan ishlarni qilishgan, lekin agar o‘sha ish xudo yo‘liga yoki yaqin kishining foydasi uchun qilingan bo‘lsa din tariqatlari uni kechirgan-ku. Bu juda kuchli dalil edi, grafinya bundan foydalandi. Shunda ruhoniylarning har biriga xos yo‘sinda indamay rozilik bildirganidanmi, yo o‘zini go‘llikka solganidanmi, jonining huzuri bo‘lgan betamizligidanmi keksa monax ayol ularning fitnasiga katta yordam qildi. Uni uyatchan deb o‘ylashgan edi. U o‘zining dadilligi, so‘zamolligi va cho‘rtkesarligini ko‘rsatdi. Zimdan ayyorlik bilan qilinadigan ishlardan hech xijolat chekmas, e’tiqodi temir tayoqday, ishonchi og‘maydigan, vijdoni shak-shubhadan holi edi. U Avraamning* qurboniga tabiiy bir narsa deb qarardi, chunki agar ko‘kdan amr kelsa o‘zi ham darhol ota-onasini o‘ldirishga tayyor edi, uning fikricha, agar niyat xolis bo‘lsa, hech ish tangrining qahrini keltirmas ekan. Grafinya kutilmagan yordamchining ruhoniylik obro‘sidan mumkin qadar ko‘proq foydalanish maqsadida xolis niyatda har yo‘l bilan borilsa ham aybi yo‘q» deyilgan haqiqat to‘g‘risida uni gapga soldi. Grafinya unga savollar berardi:
— Shunday qilib, egachi, agar niyat xolis bo‘lsa tutgan yo‘lingizu qilgan ishlaringizning hammasini tangri kechiradi, deng?
— Bunga shak keltirib bo‘ladimi, xonim? Aksari malomat qilishga loyiq har ishlariki bor, niyat xolis bo‘lganidan tahsinga loyiq bo‘lib qolgan.
Ular shu tahlitda tangrining irodasi, uning xohishi, uning nima qilishini olddan bilishga urinishib, xudoga hech dahli bo‘lmagan ishlargacha unga yopishtirishib, gapirib o‘tirishdi.
Bu gaplarni ustalik bilan niqoblab, odob doirasida aytilmoqda edi. Lekin monax kiyimi kiygan taqvodor qizning har bir so‘zi fohishaning g‘azab bilan ko‘rsatayotgan qarshilik qalqonini tesha boshladi. Keyin so‘z bir oz chetga burildi. Tasbih ushlagan ayol o‘z tariqati, monastirlari, o‘z piri to‘g‘risida va o‘zi avliyo Nikifor* jamoatining sevimli hamshirasi bo‘lgan, yonidagi mushfiq ayol haqida so‘zlay ketdi. Bular Gavrga, chechak kasali avj olgan gospitalda yotgan soldatlarni boqishga chaqirtirilgan ekan. U chechak kasalini mufassal so‘zlab, kasal yotgan baxtsizlar haqida ham gapirdi. Prussak tufayli yo‘ldan qolib bu yerda o‘tirishganida, ehtimol, bular joniga ora kirishi mumkin bo‘lgan qanchayu-qancha fransuz o‘lib ketar! Uning kasbi askarlarni davolash edi, u Qrimga, Italiyaga va Avstriyaga borgan, u o‘z safarlaridan gapirar ekan, o‘zini go‘yo faqat askar ketidan borishga, jang qizib turgan choqda yaradorlarni jang maydonidan olib chiqishga va bir og‘iz so‘z bilan o‘jar jangchini har qanday boshliqdan afzalroq bo‘ysundirishga qodir, epchil va jangovar monax ayollardan qilib ko‘rsatdi. Bu haqiqiy shaddot hamshira edi. Uning benihoyat cho‘tir yuzi urush xarobalarini eslatardi.
Uning so‘zi kor qilganday tuyulib, undan keyin boshqa hech kim lom demadi.
Ovqat tamom bo‘lishi bilanoq hamma uy-uyiga tarqaldi va ertasiga ertalab ancha kech chiqdi.
Nonushta tinch o‘tdi. Kecha sepilgan urug‘lar unib chiqib, hosil berishini kutishmoqda edi.
Choshgoh paytpda grafinya aylanib kelishni taklif qildi, shunda graf, olddan kelishib qo‘yilgan maslahatga ko‘ra, Do‘ndiqni qo‘ltiqlab boshqalardan keyinroqda yurdi.
U, Do‘ndiqqa obro‘li erkaklar buzuq xotinlarga mensimay qiladigan betakalluf muomala qilib, o‘zining ijtimoiy tabaqasi darajasida turib, kekkaygan holda, uni «qizginam» deb gap boshladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri maqsadga o‘ta qoldi.
— Shunday qilib, bordi-yu pruss armiyasi yengilib qolguday bo‘lsa bizlarni ham, o‘zingizni ham xavf-xatarlar ostida qoldirib, hayotingizda shuncha marta yo‘l qo‘yib kelgan ishingizga yana bir marta yo‘l qo‘ymaslik bilan bizni shu yerda tutib turmoqchimisiz? — dedi.
Do‘ndiq javob bermadi.
U Do‘ndiqqa shirin so‘zlar, dalillar va tuyg‘u bilan ta’sir etmoqda edi. U «graf»lik darajasida turgani holda xushmuomala bo‘lib, yo‘ldan ozdiruvchi shirin so‘zlar aytib xushomad qila bildi. U Do‘ndiqning qo‘lidan keladigan xizmatni ko‘klarga ko‘tardi, undan naqadar minnatdor bo‘lishlarini aytdi, keyin to‘satdan xushchaqchaqlik bilan sensirab:
— Bilsang, azizim, u vatanida kam topiladigan go‘zal qizning qo‘lini ushlagani uchun maqtansa ham arziydi-da,— dedi.
Do‘ndiq indamadi, boshqalarga yetib oldi.
Uyga kelganlaridan so‘ng Do‘ndiq darhol o‘z uyiga kirib ketdi-yu, qaytib chiqmadi. Hammaning toqati toq bo‘ldi. U qanday qarorga kelar ekan? Agar qattiq turib olsa — ish xarob!
Ovqat vaqti bo‘ldi, uni kutishlari behudaga chiqdi. Nihoyat, Folanvi janoblari kirib kelib, Russe xonimning tobi qochib qoldi, ovqatni o‘zlaring yeyaberishlaring mumkin, dedi. Hamma «nima gap bo‘ldi ekan?» deb turardi.
— Ko‘ndimi?— deb so‘radi.
— Ha.
U, odob yuzasidan, hamrohlariga hech narsa demadi-yu, faqat xiyol bosh irg‘ab qo‘ydi. O‘sha on hamma yengil tortib «uf!» dedi. Chehralar yorishdi.
— Tra-lya-lya-lya, agar shu yerda shampanskoe topilsa pulini o‘zim to‘layman,— dedi Luazo qichqirib.
Saroybon to‘rtta shisha ko‘tarib kirib kelganda Luazo xonimning yuragi uvishib ketdi. Hamma ochilib, shovqin-suron soldi. Yuraklarga quvonch sig‘mas edi. Karre-Lamadon xonimning nozaninligini graf endi payqaganday bo‘ldi, fabrikant grafinyaga iltifot qila boshladi. Suhbat qizib, jonlanib, askiya avj oldi.
Luazo to‘satdan cho‘chib ketganday, chehrasi o‘zgardi va qo‘llarini ko‘tarib:
— Jim! — dedi.
Hamma hayron bo‘lib, hatto qo‘rqib, jim bo‘ldi. Luazo quloq soldi, qo‘llari bilan «jim turinglar» deb ishora qildn, shiftga qarab yana tinglab turdi-da, o‘zining odatdagi tovushi bilan:
— Xotirjamlik, hech gap yo‘q,— dedi.
Gap nima ustidaligini hech kim bildirgisi kelmasa ham hammaning yuzidan tabassum kechdi.
Chorak soatlardan so‘ng Luazo yana haligi hazilini qildi va uni butun kechbo‘yi bir necha marta takrorladi, u shiftga qarab, gumashtalik vaqtida o‘rgangan askiyalarini ishlatib, ikkinchi qavatdagi kimgadir qochiriq qilib, kinoyaomuz so‘zlar aytardi. Ba’zan dili ozor tortgan odamday xo‘rsinib: «Sho‘rlik qiz!» der, yoki g‘azab bilan tishini g‘ijirlatib: «oh, ablah, prussak» deb qo‘yardi. Bu ish hammaning esidan chiqqanday bo‘lganda u bir necha bor shiftga qarab titroq ovoz bilan: «bas!» «bas!» deb qichqirardi va o‘zicha:
— Ishqilib yana ko‘raylik-da, ablahning qo‘lidan eson-omon qutulsin-da! — deb qo‘yardi.
Hazillar juda yaramas bo‘lganiga qaramay, hammani qiziqtirar va hech kimni koyitmasdi, chunki g‘azablanish ham barcha boshqa narsalar singari sharoitga bog‘liq, bu yerda hozir asta-sekin juda aynima kayfiyat tug‘ilgan edi.
Ichkilik vaqtida xotinlarning o‘zlari ham ancha-muncha o‘ynoqi hazillar qila boshlashdi. Hammaning ko‘zlari suzilgan, ko‘p ichilgan edi. Hatto odob doirasidan chetga chiqa boshlaganda ham ulug‘vorligini yo‘qotmaydigan graf ularning holini qutbda qishlashdan qutilganlarga, kayfiyatini esa, halokatga uchragan kemadagi odamlarning nihoyat janubga yo‘l ochilganini ko‘rib shodlanishiga o‘xshatdi, uning so‘zlari hammaga ma’qul bo‘ldi.
Juda ochilib ketgan Luazo qadah ko‘tarib o‘rnidan turdi:
— Xalos bo‘lishimizga, ichamiz!— dedi.
Hamma o‘rnidan turib, uning so‘zlarini qaytardi. Xonimlarning qistovi bilan, hatto monax xotinlar ham bir umr og‘izlariga olmagan ko‘piklik vinodan totib ko‘rishga rozi bo‘lishdi. Ular bu vino limonadga o‘xsharkanu faqat undan shirinroq ekan, deyishdi.
Luazo bu gaplarga yakun yasab:
— Fortepiano bo‘lmadi-da, kadrilga o‘ynab tashlardik! — dedi.
Kornyude biron og‘iz so‘z aytmadi, biron harakat ham qilmadi, u g‘amgin xayollarga cho‘mgan holda uzun soqolini undan ham uzaytirmoqchi bo‘layotganday onda-sonda tortib qo‘yardi. Nihoyat, yarim kechaga borib tarqala boshlaganlarida, oyoq ustida zo‘rg‘a turgan Luazo bexosdan Kornyudening qorniga bir urib qaldirab qolgan tili bilan:
— Nega bugun mashqingiz past ko‘rinadi? Nega indamay o‘tiribsiz, grajdanin? — dedi.
Kornyude shiddat bilan boshini ko‘tardi, ko‘zlarida o‘t chaqnab turgani holda, dahshatli nazar bilan hammaga bir qur qarab olgach:
— Bilsangiz, hammangiz ham ablahlik qildingiz! — dedi.
U o‘rnidan turib eshik yoniga bordi, yana bir qayta «ha, ablahlik!» dedi-da, chiqib ketdi.
Avvaliga hamma xijolat bo‘ldi. Shoshib qolgan Luazo angrayib turardi, keyin o‘zining xudbin holiga qaytdi va to‘satdan:
— Uzum g‘o‘r, birodar, g‘o‘r! — deya, qahqah urib kuldi. Bu gapga hech kim tushunmaganligidan u «yo‘lak sirlarini» gapirib berdi. Qattiq kulgi ko‘tarildi. Xonimlar xaxolab to‘polon qilishdi. Graf bilan Karre-Lamadon janoblari qotib-qotib kulishdi, ularga bu, aqlga to‘g‘ri kelmaydigan ishdek tuyuldi.
— Rostdan-a? Shunday qildimi-a?
— Aytyapman-ku, o‘zim ko‘rdim.
— U unamadimi?..
— Qo‘shni uyda prussak bor edi-da.
— Bo‘lmagan gap!
— Azbaroyi xudo!
Graf kulgidan entikardi. Fabrikant ikki qo‘li bilan qornini ushlab qoldi. Luazo gapida davom etdi:
— Albatta bugun uning yuragiga kulgi sig‘maydi-da.
Uchchalasi yana ichagi uzilguncha, ko‘zlaridan yosh chiqquncha qotib-qotib kulishdi.
Shundan keyin tarqalishdi. Biroq ichi qora Luazo xonim o‘ringa yotar chog‘ida eriga: «Karre-Lamadonning zahar xotini bugun oqshom o‘lganining kunidan kulib o‘tirdi», dedi.
— Bilasanmi, agar xotin kishi mundirni ko‘rganda es-hushidan ayriladigan bo‘lsa, uning uchun baribir: fransuz kiyganmi, prussak kiyganmi!.. Maxluq-da! O‘zing kechir, tangrim!
Tong otguncha qorong‘i yo‘lakda zaif shildirashlar, sharpalar, xo‘rsinishlar, yalangoyoq qo‘yilgan yengil odim tovushlari, quloq ilg‘ar-ilg‘amas g‘ichir-g‘ichirlar eshitilib turdi. Saroyga tushganlar shubhasiz, juda kech uyquga ketishdi, chunki eshiklar tagidan anchagacha nozik shu’la tushib turdi. Shampanskoe ichgandan keyin ba’zan shunday bo‘ladi, u uyquni behalovat qiladi, deyishadi.
Ertasiga qish quyoshining nuri ostida ko‘zlarni qamashtirib, qor yaltirib yotardi. Otlar qo‘shilgan dilijon darvoza oldida kutmoqda edi. Pushtirang ko‘zlarida qorachig‘i nuqtaga o‘xshab turgan, patlari hurpaygan bir gala oq kaptarlar olti ot oyog‘i tagida viqor bilan yurib, bug‘ chiqib turgan go‘ngni titib, don axtarishmoqda edi.
Po‘stiniga o‘ralib olgan kucher aravaning oldida o‘tirib munshtugini chekar, chiroyi ochilgan yo‘lovchilar yo‘lga olgan ovqatlarini shoshib-pishib aravaga ortishmoqda edi.
Do‘ndiqnigina kutib turishgandi. Nihoyat, u ham ko‘rindi.
U hayajon va xijolat ichida tortinibgina hamrohlarining yoniga bordi. Lekin ular, go‘yo uning kelganini payqamaganday baravar teskari o‘girilib olishdi. Graf obro‘ saqlab, iflos tegmasin deganday qilib, xotinining qo‘ltig‘idan olib, chetroqqa tortdi.
Do‘ndiq hayron bo‘lib to‘xtab qoldi, keyin o‘zini o‘nglab olib, fabrikantning xotini yoniga bordi va bo‘ynini qisib:
— Esonmisiz, xonim,— dedi.
U tahqirlangan odam singari asta nazar tashladi va takabburlik bilan xiyol bosh irg‘ab qo‘ydi. Hammasi o‘zini biron ish bilan qattiq banddek ko‘rsatar va go‘yo Do‘ndiq etagiga iflos bir narsa ilashtirib kelganday undan mumkin qadar qochishardi. Keyin hamma dilijonga chiqa boshladi. Do‘ndiq esa eng keyin chiqdi va indamasdan avvalgi joyiga borib o‘tirdi.
Go‘yo uni endi tanimayotganday va payqamayotganday ko‘rinishardi, Luazo xonimgina unga uzoqdan g‘azab bilan bir qarab qo‘ygach, eriga shivirlab:
— Undan uzoqda o‘tirishim qanday baxt-a,— dedi. Og‘ir arava qo‘zg‘aldi. Yana safar boshlandi.
Boshda hamma indamay o‘tirdi. Do‘ndiq bosh ko‘tara olmas edi. Uning ham yonida o‘tirganlarga g‘azabi kelar, ham o‘zini prussakning quchog‘iga itargan shu munofiq kishilarning gapiga kirib unga bo‘sa berish bilan tubanlashgandek his qilardi.
Lekin tezdan grafinya, Karre-Lamadon xonimga qarab qilgan muomalasi bilan hammaga malol kelayotgan sukutni buzdi:
— Siz, d'Etrel xonim bilan tanish bo‘lsangiz kerak?
— Ha, o‘rtoqmiz.
— Juda go‘zal xotin-a!
— Ajoyib dilbar-da! Chindan ham nodir zot-da, buning ustiga o‘qimishli, tabiatan nafosat egasi, juda yaxshi ashula aytadi va juda ajoyib rasmlar chizadi.
Fabrikant graf bilan suhbatlashardi. Dilijon derazalarining shaqir-shuquri orasida ba’zan: «kupon — to‘lash — daromad — muddatida» degan so‘zlar eshitilardi.
Toza artilmagan stolda besh yildan beri o‘ynalaverib moy bosib ketgan eski kartani mehmonxonadan o‘g‘irlab olgan Luazo xotini bilan Bezik o‘yinini boshladi.
Monax ayollar bellarida osilib turgan uzun tasbihlarini qo‘lga olishdi, baravar cho‘qinishdi va birdan lablari chaqqon qimirlab, go‘yo kim tez aytishga musobaqa qilayotganday, anglab bo‘lmaydigan duoni tez-tez o‘qiy boshlashdi: dam-badam sanamni o‘pib, yana cho‘qinishar, yana shoshib uzluksiz pichirlashardi.
Kornyude xayolga botib, qimirlamay o‘tirardi.
Uch soat yo‘l bosganlaridan keyin Luazo kartalarni yig‘ishtirib:
— Oaqatlanib olsak chakki bo‘lmas,— dedi.
Shunda xotini kanop bilan bog‘langan tugunni yechib, uning ichidan bir bo‘lak yaxna go‘sht oldi, yaxshilab yaproqlab to‘g‘radi va er-xotin yeya boshlashdi.
— Biz ham boshlaymizmi?— deb so‘radi grafinya. Eri xo‘p degandan keyin ikki kishiga atab olingan ovqatni ochdi. Ichida quyon go‘shti borligiga ishora qilib, qopqog‘iga quyon surati solingan cho‘zinchoq chinni idishdan ovqat: boshqa xil go‘shtlardan qilingan, qiymalar qo‘shilgan jigarrang parranda go‘shti ustida uzun-uzun bo‘lib yog‘i qotib qolgan, suvi qochirilmay hozirlangan yaxna edi. O‘rog‘lik gazetadan ochib olingan, yog‘i yuziga tepib, yaltirab turgan yaxshi pishloq ustida «hodisa» degan yozuv ko‘zga chalinardi.
Monax ayollar sarimsoq hidi kelib turgan butun bir kolbasani olishdi. Kornyude esa qo‘llarini keng paltosining chuqur cho‘ntaklariga baravar tiqib, bittasidan to‘rtta pishgan tuxum, boshqasidan bo‘lka nonning qirg‘og‘ini oldi. U tuxumni archib, po‘chog‘ini oyog‘i tagidagi poxolga tashladi va yeya boshladi. Tuxumning sarig‘idan to‘kilgan och sariq ushoqlar uning uzun soqolida yulduzga o‘xshab turardi.
Do‘ndiq ertalab turganida shoshib qolganidan hech narsa ololmagandi. Endi bemalol kavshayotgan bu odamlarga qarab, alam qilib bo‘g‘ila boshladi. Boshda juda tutoqib ketdi, achchiq ustida og‘ziga kelganini to‘kib solmoqchi bo‘ldi, lekin g‘azabi bo‘g‘ziga tiqilib gapira olmadi.
Hech kim unga qaramas, hech kim uning to‘g‘risida o‘ylamas edi. Nazarida, uni qurbon qilib, keyin keraksiz iflos latta singari uloqtirib tashlagan bu halol muttahamlarning nafrati savalab borayotganday edi. Shunda haligilar ochko‘zlik bilan yeb bitirgan turli-tuman mazali ovqatlarga liq to‘la savati, ikkita jo‘jasi, somsalari, noklari va to‘rt shisha bordo vinosi yodiga tushdi. U tarang qilib tortilib, so‘ng uzilib ketgan torday, to‘satdan jahlidan tushdi, xo‘rligi kelib yig‘lab yuboray dedi. Yosh bolalardek yoshini yutib, o‘zini bosib olishga urindi, lekin kipriklarida to‘lib-toshib yosh yaltiradi, tezdan ikki tomchisi yuzlaridan asta yumalab tushdi, uning ketidan boshqalari xuddi tik jardan oqib tushayotgan suv tomchilari singari ko‘tarilib turgan ko‘kragiga tusha boshladi. Do‘ndiq o‘ziga hech kim e’tibor qilmasligiga ishongani holda harakatsiz, rangi o‘chgan, qomatini rostlab, bir nuqtaga tikilganicha o‘tirardi.
Lekin, grafinya uning ko‘z yoshlarini ko‘rib qoldi va ishora bilan eriga ko‘rsatdi. U «qanday qilay, menda nima ayb» deganday yelkalarini qisib qo‘ydi. Luazo xonim asta bo‘lsa ham, lekin ajab bo‘ldi deganday kulib:
— O‘zining rasvoligiga yig‘layapti,— deb pichirladi.
Monax ayollar ortgan kolbasini qog‘ozga o‘rab qo‘yib, yana ibodat qila boshlashdi.
Shunda Kornyude yegan tuxumlarini hazm qilarkan, uzun oyoqlarini qarshisidagi skameyka tagiga tiqib, orqaga tashlandi, qo‘llarini qovushtirib, go‘yo g‘alati narsa o‘ylab topganday iljayib qo‘ydi va hushtak chalib «Marseleza»ni ayta boshladi.
Hammaning qovog‘i solindi. Bu xalq qo‘shig‘ini hamrohlar xushlamasa kerak. Ular asabiylashib, g‘azablanib, sharmanka tovushini eshitayotgan it singari ulib yuborguday bo‘lishdi.
Kornyude buni sezib, hadeb hushtagini chalaverdi.
Hatto ba’zi-ba’zida:
Vatan muhabbati muqaddas!
O‘ch olish amr etsin ruhingda,
Olib bor ey, aziz ozodlik,
O‘z xomiylaringni jangga!..
degan so‘zlarni ham qo‘shib qo‘yardi.
Endi arava tezroq yurmoqda, chunki qor bosilib qolgan edi. Uzundan-uzoq, necha soatlik, o‘nqir-cho‘nqir ko‘ngilsiz yo‘lbo‘yi benihoya taraqa-turuq ichida, shom qorong‘usida, zulmat quchog‘ida to D’eppga yetguncha u o‘zining o‘jarlik bilan, jon otib chalayotgan bir xildagi o‘ch oluvchi hushtagini to‘xtatmadi, charchagan, asabiylashgan yo‘lovchilarni ashulaga quloq solib, ohangga mos keladigan so‘zlarni xotirlatishga va ularning har birini ohangga jo‘r qilishga majbur etib borardi.
Do‘ndiq hamon yig‘lardi, goh-gohida qorong‘ida, har ikki misra orasida uning o‘zini tuta olmagan chog‘idagi ho‘ngir-ho‘ngir yig‘isi eshitilardi.
Zumrad Orifjonova tarjimasi
_____________________
* Prefektura — mahalliy mahkama.
* So‘z o‘yini: I ouseau vole — qush uchdi; Iosean vole — Lauzo o‘g‘irlaydi.
* «Pater», «Ave» — katoliklarning duosn.
* 1870 yil, 4 sentyabr — ikkinchi imperiyani qulatib, uchinchi respublika tiklangan kun.
* Frankmason — diniy-falsafiy jamiyat, aristokratlardan tuzilgan.
* Le — eskirgan, fransuzcha uzunlik o‘lchovi, 4,5 km ga to‘g‘ri keladi.
* Jele — suyak, go‘sht uzoq qaynatilganda hosil bo‘ladigan quyuqlik.
* Tantal ko‘rgiligi — Qadimgi grek podshosi Frigi Tantal xudolarni ziyofat qilaman deb o‘g‘lini so‘ygani uchun abadiy ochlik va tashnalikka mahkum etilgan.
* Rubikon — Italiyada hozirgi Pizatello daryosining qadimgi nomi. Bu daryo Frantsiya bilan Italiya chegarasida. Bu yerda Rim sarkardasi o‘z askarlariga ko‘p sabablarga ko‘ra Rubikondan o‘tishni ma’n qilgan, shunday bo‘lsa ham Rimning mashhur sarkardasi Yuliy Sezar hukumatni qo‘lga olishga intilib, Rubikondan o‘tgan va grajdanlar urushini boshlab yuborgan. «Rubikondan o‘tish» — umuman bir ishni qilishga uzil-kesil qaror berish ma’nosida.
* Badenge — Napoleon III ning mazaxli laqabi. U o‘zining siyosiy firibgarligidan so‘ng shu nom bilan yashirinib yurgan.
* Sidr — olmadan tayyorlangan ichkilik.
* Denshik — harbiy amaldorlarning xizmatkor o‘rnidagi kishisi.
* Orlean — Monarxiya partiyasiga maisub bo‘lgan. Burbonlar (kichik) sulolasining tarafdorlaridan.
* Valiahd — Shahzoda Ejen-Lui (1856—1879) — Napoleon III ning o‘g‘li.
* Vizit kartochkasi — nom va unvonlari yozilgan qog‘oz.
* «O‘ttiz bir» — karta o‘yini.
* Gogol-mogol — tuxum sarig‘i va shakardan qilingan ovqat.
* Bibliyada rivoyat qilinishicha, yahudiy qizi Yudif’ o‘z husniga maftun bo‘lgan dushman sarkardasi Olofernanni o‘ldirib xalqini xalos qilgan ekan.
* Qadimiy yahudiy rivoyatlarida aytilishicha, rimlik Lukretsiya degan qiz, shoh o‘g‘li Sekst badnom qilgandan keyin o‘zini-o‘zi o‘ldirgan ekan.
* Kleopatra — misr shohining qizi.
* Gannibal — rimliklar bilan jang olib borgan korfagenlik sarkarda, miloddan oldingi ikkinchi asrda yashagan.
* Avraam — Ibrohim payg‘ambar.
* Avliyo Nikifor — monastirning nomi.