OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gi de Mopassan. Qo‘rqoq (hikoya)

 Odamlar uni Ko‘rkam Signoles deb atashardi. Uning asl to‘liq ismi esa Viskaunt Gontran-Jozef de Signoles edi.
 Signoles yetim bo‘lishiga qaramay, qornini boqsa yetadigan daromad topar, o‘z aravasini o‘zi bemalol torta oladi, der edi uni bilganlar. Ha, Signolesning chindanam omadi bor edi, tabiat unga kelishgan qaddi-qomat ato etgandi, buning ustiga yaxshigina faytun-aravaga ham ega edi, gapirganda so‘zlarni chunonam qoyillatib ishlatardiki, aqlingiz shoshib qolardi, yurganida esa xuddi aslzodalardek viqor va salobat ila qadam tashlar, muloyim qayrilgan mo‘ylabi hamda gapga chechanligi bilan ayollarni o‘ziga rom qilib olgandi.
 Lekin baxtga qarshi Signolesning tayin bir boshpanasi yo‘q edi, u tinmay mehmonxonama-mehmonxona ko‘chib yurar, shunga qaramay, odamlar orasida, ehtimol do‘st-dushmani oldida hech past ketishni istamas edimi, hartugul, kibru havo bilan qorishgan sun’iy tabassumni yuziga niqob qilib yurardi. Sevgi bobida esa, o, kim bilsin, Signoles qancha sevgi dostonlarini boshidan kechirgan ekan, nima bo‘lgan taqdirdayam, u o‘spirinlik davridanoq allaqachon tarallabedod turmush tarzini boshlab yuborgandi. Yigit ko‘rkam husni hamda baloning o‘qiday aqli bilan ana shunday erkin, beg‘am-betashvish kun kechirardi. Darvoqe, u juda zo‘r mergan sifatida ham el og‘ziga tushgandi, hali-hanuz to‘pponcha bilan o‘q uzishda uning oldiga tushadigani topilmasdi.
 “Men duelga chiqadigan bo‘lsam”, - der edi u chiranib, “eng birinchi navbatda to‘pponchalarni tanlab olaman. Aynan to‘pponcha bilan o‘z raqibimni so‘zsiz yer tishlataman!”
 Bir oqshom u ikki do‘stining yoshgina xotinlari bilan teatrga bordi, albatta, do‘stlari ham u bilan birga edi, tomoshadan keyin Signoles ulfatlarini Tortoni kafesiga muzqaymoq yegani taklif etdi.
 O‘tirganlaridan keyin hech qancha vaqt o‘tmay, Signoles qo‘shni stoldagi bir janobning yonidagi ayollardan biriga surbetlarcha tikilib o‘tirganini sezib qoldi. Ayol biroz o‘ng‘aysizlandi, so‘ng batamom hijolatga tushdi-da, oxiri boshini egib oldi. Oqibatda chidolmasdan eriga aytdi:
 “Anavi yerda bir erkak boyadan beri meni ta’qib qilyapti. Ammo men uni tanimayman; qara-chi, balkim sening biron-bir tanishingdir?”
 Hech narsani payqamagan eri atrofga bir qur ko‘z yugurtirib chiqdi-da, beparvo: “Yo‘q, bunaqa nusxani umrimda ko‘rgan emasman”, - deb qo‘ydi.
 Yarim kulgu, yarim jahl aralash ayol xitob qildi: “Juda jonimga tegdi; bu hayvon hatto yeyayotgan muzqaymog‘imni ham harom qiladigan bo‘ldi!”
 Er indamay, yelkasini qisib qo‘ya qoldi.
 “Hadeb e’tibor qilavermasang-chi, har bitta uchratgan bunaqa dovdir-sovdirlarga ahamiyat beraverganing bilan baribir ularni hech qachon to‘g‘rilay olmaysan”.
 Biroq ayni shu lahzada sira kutilmaganda birdan Viskaunt Signoles sapchib o‘rnidan turdi. U begona qandaydir kishini deb, qizg‘in mehmonnavozligi buzilishiga indamay qarab o‘tirolmas edi. Bu surbetlik unga haqoratday bo‘lib tuyuldi, tag‘in kelib-kelib Viskaunt o‘z cho‘ntagidan pul chiqarib, do‘stlari bilan bir yayrab o‘tiray, deganida ham shunaqa ish yuz beradimi, shuning uchun erkakning qilig‘i davradagi hech kimga og‘ir botmasa-da, Signolesning nafsoniyatiga juda tegib ketdi.
 U to‘g‘ri o‘sha janobning oldiga bordi-da, shartta yuziga aytdi:
 “Janob, mening yonimdagi xonimlarga ko‘zingizni lo‘q qilib o‘tiravermasangiz, kamina o‘rnimda o‘tirolmayapman. Marhamat qilib, o‘z joyingizni bilib o‘tirsangiz”.
 “Tilingni tiy, bola”, - deya Signolesni qayirib tashladi o‘sha janob.
 “Haddingizdan oshmang!”- Signolesning tepa sochi tikka bo‘lib, tishlarini g‘ichirlatdi. “Siz meni ham odob doirasidan chiqishimga majbur qilayapsiz”.
 Shu topda janob bir og‘izgina shunday yomon gap bilan javob qaytardiki, bu gap kafening bu burchagidan-u burchagigacha aks-sado berib, jaranglab ketdi va bir soniyaning o‘zidayoq kafeda jam bo‘lgan har bitta odamni seskantirib yubordi. O‘tirganlarning aksariyati janob tarafga o‘girilib qarashdi, qolganlar o‘tirgan joylaridan bo‘yinlarini cho‘zib, haqorat aytguvchiga ko‘z tashladilar; uch nafar ofitsiant ham qo‘rqqanlaridan oyoq uchida g‘imillar, boyagi ikki nafar xonim esa bebiliska kafedan tezroq chiqib ketishni ko‘zlab, xuddi dastagi bitta bir juft avtomat qurollari kabi bir-birlaridan ajrala olmay, g‘alati tipirchilab qolishdi.
 Kafe ichiga nafasni bo‘g‘adigan sovuq sukunat cho‘kdi. Shu vaqt to‘satdan havoda o‘tkir gumburlagan ovoz yangradi: Viskaunt Signoles raqibining qulog‘iga boplab zarba bergandi. Odamlar yugurib kelib uni ushlab qolishdi. Alamzada raqiblar qasdlarini undirib olish uchun bir-birlariga tashrif qog‘ozlarini qoldirib ketishdi.
 Viskaunt mehmonxonaga kelib ham tinch o‘tirolmadi, katta-katta qadamlar bilan alla-pallagacha xonasida u yoqdan-bu yoqqa borib kelaverdi. O‘y o‘ylayverib, kallasi shishib ketdi. Miyasiga birgina so‘z mahkam yopishib qolgandi: “duel”, ammo to‘satdan bu fikrning endi hech zarurati yo‘qday bo‘lib tuyuldi. Signoles odamgarchilik yuzasidan ayolning sha’nini himoya qilib, o‘chini olib bo‘ldi, qolaversa, u odamlarga ilgaridan qo‘lidan qanaqa ishlar kelishini ko‘rsatib qo‘ygandi. Lekin baribir odamlar tilida hamisha Viskaunt Signoles nomi jaranglashi shart, ular faqat Signolesnigina olqishlashsin, faqat Signolesnigina qutlashsin! Yigit ruhi tushib, alamidan chiqolmagan odamday nochor o‘zini-o‘zi olqishlab, xitob qildi: “Qanday dovyurak yigit ekan-a!”
 Shu gapni aytib, stulga og‘ir cho‘kdi-da tag‘in o‘ylay boshladi. Ertaga tongdanoq u o‘ziga sekundantlarni topib qo‘yishi zarur. Sekundantlikka kimlarni tanlasa bo‘larkin-a? Signoles xayolida tanish-bilishlari orasidan eng nomi chiqqan, eng mashhurlarini qidirib ketdi. Vanihoyat u zodagon Markes de la Tur-Noyr hamda harbiy polkovnik Burdinlarni chaqirishga qaror qildi, ha, bu ishni faqat shu ikki kishigina maromiga yetkazib qo‘ya oladi. Gazeta sahifalarida ham ularning nomi tiniq ko‘rinadi. Signoles chanqaganini sezdi-da, birin-ketin uch stakan sovuq suv ichdi; keyin yana bo‘zchining mokisiday u yoqdan-bu yoqqa yurishda davom etdi. Bilagida kuch-g‘ayrati qaynab-toshar, o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Mana u mard bo‘lib, o‘chini olish uchun eng xavfli, eng tahlikali kelishuv – jiddiy talab, har tomonlama qo‘rqinchli duelni raqibidan talab qilib turib oldi, demak, marra uniki, raqib o‘z-o‘zidan kechirim so‘rab, ortga chekinadi.
 Signoles kissasidan tashrif qog‘ozini chiqarib, unga yana bir marta ko‘z tashladi-da, stol ustiga itqitib yubordi, saldan keyin qog‘ozni oldindan, xuddi kafe ichidayam, har qadamidayam, taksida kelayotib ham, yo‘lida uchratgan har bitta lampa nuridayam olib o‘qigani kabi tag‘in tashrifnomani hijjaladi.
 “Jorjes Lamil, Monsey ko‘chasi, 51-uy”. Tamom. Boshqa gap yo‘q.
 Signoles tashrifnomadagi har bir harfni sinchiklab tekshirdi, harflar unga negadir sirli, ayqash-uyqash bo‘lib ketganday bo‘lib ko‘rindi. Jorjes Lamil? Kim u? Nima ish qiladi? Nega u boyagi xonimga haligidaqa qarash qildi? Atiga ayol kishiga shunchaki termulib qo‘ygani uchun mana endi, hayotida uchratmagan qandaydir begona kishi ko‘nglida isyon alangasini qo‘zg‘ab o‘tiribdi-ya. Viskaunt baland ovozda yana takrorladi:
 “Qanday dovyuraklik!”
 Signoles o‘ylariga g‘arq bo‘lgancha bitta joyda ko‘zlarini taklifnomaga qadagancha turib qoldi. Shu bir parchagina qog‘oz uning ruhida kuchli qahru g‘azab uyg‘otdi, bu g‘azab tobora ko‘tarilib, butun a’zoyi badanini egallay boshladi. Endi mana bu ahmoqlikni ko‘ring! Signoles oldida turgan osh pichoqni yulqib oldi-da, xuddi tirik odamning o‘ziga urganday qog‘ozda yozilgan ism ustiga qattiq sanchib yubordi.
 Yo‘q, Signoles baribir qasdini oladi! Qilichni tanlasinmikan yo to‘pponcha ma’qulmikan, a? – axir Signoles ziyofatdan haqorat yeb, dili xufton ahvolda qaytdi-ku! Binobarin qilich bilan alamini olishi biroz gumon bo‘lib qoladi, to‘pponcha bo‘lsa boshqa gap, to‘pponcha ishlatilsa dushman o‘z-o‘zidan daf bo‘ladi. Ustiga ustak, qilich foydalanilgan duellar juda kam hollarda halokatli yakun topadi, yaqin masofada turgan har ikki raqib ham o‘zaro ehtiyotkorlikka tayangan ravishda qilich yeb qolmasliklari uchun imkon qadar hushyor turishadi. To‘pponcha bilan esa Signoles ajal sharpasini bir soniyaning o‘zidayoq hoziru nozir qilishiga zig‘ircha shubha qilmaydi; biroq Signolesning o‘zi-da har qanaqa vaziyatda ham nishon bo‘lib qolmaslik va o‘qqa tutilmaslik uchun uddaburon turib berishi kerak.
 “Dadil bo‘lishim shart!”- dedi u o‘ziga-o‘zi. “O‘sha Jorjes Lamil deganlari mendan qo‘rqishi shart!”
 Lekin Signoles shu topda o‘zining ovozidan o‘zi qaltirab ketib, atrofiga alang-jalang qildi. U o‘lguday asabiylashayotgan edi. Grafindan yana bir stakan muzday suv quyib ichdi-da, uxlash uchun yechina boshladi.
 Karavotiga cho‘zilib, chiroqni o‘chirdi-da, ko‘zlarini mahkam yumib oldi.
 “Ertaga bir dunyo ishlarim bor”, - deya o‘ylay ketdi u. “Qiladigan ishlarimni bir rejaga solib olishim zarur. Yaxshisi, hozir mizg‘ib ola qolay, uyqu odamni ancha xotirjam qiladi”.
 Issiq choyshabiga o‘ralgancha qizib yotishiga qaramay, Signolesning baribir titrog‘i bosilmadi, uyqusi ham kelmadi. Yotgan yerida goh u yonboshiga, goh bu yonboshiga ag‘darilar, besh-o‘n daqiqa osmonga qaragan holatda yotib ko‘rardi.
 Diqqinafas bo‘laverganidan Signolesning oxiri tomog‘i qurib qolayozdi. Ozgina suv ichib olay, deb qaltiragancha o‘rnidan turdi. Haliyam g‘alati bir xavotirlik, sarosimalik hissi butun ruhini egallab olgandi:
 “Ajabo, men ham qo‘rqishim mumkinmi?”
 Bo‘lmasa nima uchun hatto o‘z xonasidagi har bitta tanish tovushdan ham yurak-joni telbalarcha gurs-gurs urib ketayapti? Hatto soatning bir maromda chiqillashi ham Signolesning yuragida ko‘tarilgan qasos nidosini ojiz chiyillagan tovushga o‘zgartirib qo‘ydi, yigit shunday titray boshladiki, axiyri nafas olishi uchun og‘zini kappa-kappa ochishga to‘g‘ri keldi.
 Signoles ichida g‘alayon qilayotgan qo‘rquv sababini qidira boshladi: “Men qo‘qrqayapmanmi, men-a?!”
 Yo‘q, aslo, Viskaunt Signoles zarrachayam qo‘rqmaydi, modomiki, uning o‘zi bo‘lib o‘tgan mojaroga nuqta qo‘yishga qaror bergan ekan va jangga kirishni ham o‘zi tayinlab qo‘ygan ekan, noo‘rin titrab-qaqshashiga ham aslo o‘rin yo‘q!Lekin baribir Signoles chuqur tushkunlikka tushib borar, o‘ziga-o‘zi hayron bo‘lardi:
 “Ajabo, odam o‘zidan ham qo‘rqadimi?”
 Shu onda u aynan shu gumon, xavotir va vahima ichida birdan boshini devorga taq etib urib olganday taqqa to‘xtab qoldi, yigit o‘zicha faraz qilishga urinib ko‘rdi, aytaylik, qarshi kuch undan ko‘ra balandroq, kuchliroq chiqib qolib, Signolesni yengib chiqsa, unda nima bo‘ladi? Axir hayotda hamma narsa bo‘lishi mumkin-ku?! Mayli, Signoles o‘sha uchrashuv joyiga o‘ziga butkul ishongan holda mag‘rur bo‘lib boradi ham deylik. Biroq u to‘satdan yana titrab-qaqshay boshlasa-chi? Ehtimol hushidan ketib qolar? Bechora Signoles, uning ko‘z oldidan bir zumda tomoshabin odamlar galasi, obro‘-e’tibori, balandparvoz nomi bir-bir o‘tdi.
 Ichki bir turtki bilan oyoqqa qalqdi-da, ko‘zgu qarshisiga kelib o‘ziga boqdi. Yorug‘roq bo‘lsin deb, xonadagi shamni ham yoqib qo‘ydi. Nigohi ko‘zgudagi yuziga tushganida Signoles o‘zini bazo‘r tanidi, u go‘yo ming yillardan buyon o‘zini endi ko‘rib turganday edi. Negadir ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketgan, yuzi ham bo‘zday oqarib ketgan, ha-ha, ishonavering, rangi murdaniki singari oppoq edi. Signoles ko‘zgu oldida alla mahalgacha tik turaverdi. Kasal-pasalmasmikanman, deb tilini chiqarib ko‘rdi, xuddi shu paytda birdan kallasiga o‘qday kelib urilgan so‘zdan suyak-suyagigacha muzlab ketdi:
 “Yo, Xudo, axir ertadan keyin, ayni shu soatda men o‘lgan bo‘lishim ham mumkin!..”
 Signolesning yuragi yana avvalgi quturganday urishini boshladi.
 “Ha, ha, ertadan keyin, ayni shu vaqtda, shu soniyalarda men o‘lgan bo‘lishim mumkin! Mana shu ko‘zgudan menga tikilib turgan odam boshqa hayotda mavjud bo‘lmaydi. Nimaga, axir men manaman-ku, o‘zimga tikilib turibman-ku, borligim, tirikligimni bilaman-ku, ammo, ammo yigirma to‘rt soatdan so‘ng shu karavot ustida ko‘zlarimni yumgancha, jonsiz, marhum bo‘lib o‘lib yotishim ham mumkin”.
 Signoles karavoti tomonga o‘girilib qaradi-da, endigina o‘zi turgan choyshablar ichida o‘lib yotganini aniq-tiniq ko‘rdi. Ana, yuzi jasadniki singari ko‘karib ketgan, qo‘llari bo‘m-bo‘sh, ha, mana shu qo‘llari ortiq harakatga kelmaydi endi.
 Yigit o‘zining karavotidan o‘zi qo‘rqib ketib, bu dahshatli manzaradan qutulish uchun chekish xonasiga kirib ketdi. Beixtiyor sigarasini chiqarib yoqdi-da, yana u yoqdan-bu yoqqa borib-kelaverdi. Oxiri Signoles sovqotib ketdi, xizmatkorni uyg‘otish uchun qo‘ng‘iroqni chalmoqchi bo‘ldi-da, darrov bu fikridan qaytdi.
 “U meni qo‘rqqan ahvolimda ko‘rib qoladi”.
 Signoles qo‘ng‘iroq chalmay, yana sigara tutatdi. Qaltiroq qo‘llari nimaga tegmasin, tinmasdan asabiy titrayverdi. Butun miyasi g‘uvillar, dahshatli, parokanda o‘ylari chuvalashib borar, mast bo‘lmasa-da xuddi mast odam kabi chayqalgancha harakat qilardi.
 Uning xayolida birgina o‘y charx urardi:
 “Endi nima qilaman? Menga nima bo‘larkin?”
 Butun oyoq-qo‘li to‘qmoqlanganday titrar ekan, Signoles nima qilishini bilmay, deraza oldiga borib pardalarni ko‘tarib qo‘ydi.
 Tashqarida yana bir yoz tongi otib kelmoqda edi. Nimpushti osmon butun shaharcha uzra, uylarning tomlari, devorlari uzra tegay-tegay deb, bag‘rini keng kergancha yoyilib turardi. Ko‘tarilayotgan quyoshning go‘yoki bir erkasi kabi zarrin to‘kilayotgan nur endigina uyqudan turgan dunyoni quchoqlab olganday edi; kutilmaganda aynan shu nur Viskaunt Signolesning ham yuragida shodon, yorug‘ bir umid uchqunini yondirib o‘tdi! Nima endi, Viskaunt Signoles esini yebdimi, hali hech nima tayin bo‘lmasdan avval qo‘rquvga o‘zini berib qo‘ysinmi, sekundantlari bilan birga o‘sha Jorjes Lamil deganlarini ko‘rib, unga ochiq maydonga chaqirganini bildirib qo‘yishdan oldin o‘zi ortga chekinsinmi?
 Signoles shu fikr bilan biroz tinchlandi-da, yuvinib kiyingancha shaxdam qadamlar bilan tashqariga chiqdi.
 Tez-tez yurib borar ekan, o‘ziga-o‘zi takrorlab ketaverdi:
 “Mahkam bo‘lishim kerak, juda mahkam bo‘lishim kerak. Qo‘rqoq emasligimni ko‘rsatib qo‘yishim shart!”
 Signolesning sekundantlari Marks bilan Polkovnik ham kelishuvga muvofiq aytilgan joyga yetib kelishgandi, do‘stona qo‘l siqishdan keyin ular vaziyatni munozara qila boshlashdi.
 “Chindanam duelga jiddiy chaqirdingizmi?”- deb so‘rab qoldi Polkovnik.
 “Ha, juda jiddiy chaqirdim”, - deb javob berdi Signoles.
 “Siz haliyam to‘pponchada jang qilasizmi?”- deb so‘radi Marks.
 “Shunday”.
 “U holda duelning qolgan qismini o‘zimiz tashkillashtirib olishimizga bemalol qo‘yib berasizmi?”
 Signoles quruq, asabiy ovozda tushuntira boshladi:
 “Biz yigirma qadamga nari ketgach, sizlar bir marta signal berib, qo‘lingizni ko‘tarib tushirasiz. To bittamiz og‘ir jarohat olgunimizcha qurollarni almashtirib beraverasiz”.
 “Ha, ajoyib reja tuzibsiz”, - deya maqtab qo‘ydi Polkovnik mamnun ohangda.
 “Otishda sizning qo‘lingiz baland keladi, imkoniyatingiz zo‘r bo‘ladi, ishonavering!”
 Ular ajralishdi. Viskaunt ularni o‘z uyida kutib oladigan bo‘ldi. Uning yuragidagi besaranjomlik bir-ikki daqiqaga tinchlangandek bo‘ldi, ammo ko‘p o‘tmay yana ko‘tarilib, junbushga keldi. Signolesning butun qo‘l-oyoqlari bo‘ylab g‘alati titroq, to‘xtovsiz qaltirash qoplab, ko‘kragigacha o‘rmalab chiqdi; yigit bitta joyda tek o‘tirolmay qoldi, u na tinch o‘tirar, na tik oyoqda tura olardi. Og‘zida hatto tupugining nami ham qolmagan, har daqiqada quruqshagan tanglayiga yopishib qolmasligi uchun tilini bazo‘r aylantirib turardi.
 Signolesning qorni och edi-yu, ammo tomog‘idan hech narsa o‘tmasdi. To‘satdan kallasiga biroz bo‘lsa-da dadil bo‘lib olishi uchun ichib olish fikri keldi-da, rom grafini oldiga kelib, birin-ketin olti stakanga to‘ldirib quyilgan likyorni otib oldi.
 Qaqshagan tanasi ichida gurillab yonayotgan o‘t iskanjasida uning bor aqlu hushi ham o‘cha boshladi.
 “Nima qilishni mana endi bildim”, - deb o‘yladi u. “Mana endi hammasi joyida”.
 Biroq Signoles bir soat ichida butun bir grafinni ichib tugatsa hamki, vahimasi sira bosilmay, chidab bo‘lmas darajaga yetib qolgandi. Oxir-oqibat og‘riqqa dosh berolmay, yerga dumalagancha dod solguday bo‘ldi. Signoles shu ahvolida kunni kech qildi.
 Bexosdan eshik qo‘ng‘irog‘ining jiringlashi unga shunday zarba berdiki, Signoles hatto o‘rnidan turib, sekundantlarini qarshi olish uchun o‘zida qilcha ham kuch topolmadi.
 U eshikdan kirib kelgan mehmonlariga jilla qursa yurak yutib gapira olmas, ularga “Xayrli kech” aytish nari tursin bir kalima so‘z tiliga kelmasdi, sekundantlar uning ovozidagi o‘zgarishdan Signolesni qattiq qo‘rquvga tushganini fahmlashdi.
 “Hammasi xuddi siz belgilab bergandek tashkil etildi”, - deb ma’lum qildi Polkovnik. “To‘g‘ri, raqibingiz avvaliga biroz bo‘yin tovladi, ozgina do‘q-po‘pisa ham qilib ko‘rdi, lekin baribir noiloj talabingizni qabul qildi. Sekundantlari etib, ikki nafar harbiyni tayinladi”.
 “Rahmat sizlarga”, - dedi Viskaunt arang ovoz chiqarib.
 “Bizlarni ma’zur tutgaysiz”, - deya gapga aralashdi janob Marks. “Biz bir zumga kelib-ketganimiz bilan mingta ishni belgilab olishimiz zarur. Avvalo bizga yaxshi bir doktor kerak bo‘ladi, zero jang jiddiy jarohat ortmagunicha tugamaydi, to‘pponcha o‘qlari hazil gap emasligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Bordi-yu, yarador jangchini ko‘tarib kelish shart bo‘lsa, o‘sha hududni ham uyga yaqinroq yerdan aniqlab olsak, shunga o‘xshash boshqa-boshqa ishlar…Chindanam, bularning barini tashkillashtirib olish uchun biz kamida bir yo ikki soat band bo‘lamiz”.
 “Minnatdorman sizdan”, - deb qo‘ydi Signoles ikkinchi marta.
 “Siz tuzukmisiz?”- deb so‘radi birdan Polkovnik hushyor tortib. “Xotirjammisiz?”
 “Ha, men butunlay xotirjamman, xavotir olmang”.
 Ikkala erkak chiqib ketishdi. Tag‘in bir o‘zi yolg‘iz qolgan Signoles to‘satdan aqldan ozib borayotganini angladi. Xizmatkor kirib, chiroqlarni yoqib chiqib ketgach, Signoles stol oldiga o‘tirib, xat yoza boshladi. Sal-pal o‘ziga kelgach, bir varaq qog‘oz tepasiga: “Mening tilagim shu”, deb yozib qo‘ydi. Dag‘-dag‘ qaltiragancha o‘rnidan turib, xonadan chiqib ketarkan miyasi hatto ikki fikrni ham jamlab ololmay gangir, na qat’iy qarorga kela olar, na boshqa bir chora topa olardi.
 Ha, mayli, nima bo‘lsa bo‘lar, Signoles baribir jangga boradi! U uchun endi ortga yo‘l yo‘q. Unga nima bo‘lyapti o‘zi? Axir u o‘zi-ku, jang qilishni istagan, shu maqsadga uzil-kesil qaror qilgan, endi bo‘lsa o‘sha soniyalar kelgunicha o‘zida yetarli kuch-quvvat yig‘ib olish o‘rniga qandaydir vahimali o‘ylar girdobida es-hushini yo‘qotyapti. Signoles o‘zicha ko‘z oldida duel manzarasini chizib, raqibi bilan qanday duch kelishini xayolida gavdalantirib ko‘rdi.
 Shu tobda vaqt negadir qo‘rqinchli tarzda o‘tardi, Signoles arzimagan tiq etgan tovushdan ham tishlari takillab, yuragi gupillagancha urar edi. U o‘zini chalg‘itish uchun ozroq kitob o‘qib ko‘rmoqchi bo‘ldi-da, Chetovillardning duellar to‘g‘risidagi qo‘llanmasini qo‘liga oldi. To‘satdan Signoles ajablanib turib qoldi.
 “Qiziq, mening raqibim ham o‘q otish galareyalariga borib turarmikan? Nomi chiqqanmikan? Biron-bir yerda qayd etilganmikan? Qanday topsam bo‘larkin-a?”
 Signoles to‘pponcha bilan o‘q uzishda mohir merganlar haqidagi Baron Vaunsning kitobi ichiga sho‘ng‘ib ketdi, u kitobning boshidan oxirigacha ko‘z yugurtirib chiqdi. Baxtiga Jorjes Lamil nomi kitobda ko‘rinmadi. Ammo bu bilan Signolesning tashvishi bosila qolmadi, modomiki, bu nusxa yaxshi mergan emas ekan, u holda nima sababdan to‘pponchaday xavfli qurol ishlatiladigan halokatli uchrashuvga darrov rozi bo‘la qoldiykan?
 Hamon vahimasi arimagan Signoles kichkinagina stol yonida tik turgancha haliyam kitob titkilash bilan band edi, u Gastin Renetning otishmalar borasidagi qo‘llanmasini ham varaqlab chiqdi. Shundan keyin kitoblarni bir chetga xomush tashladi-da, to‘pponchalaridan birini qo‘liga oldi, keyin xuddi duel maydonida turganday qaddini rostlab oldi-da, qurolli qo‘lini baland ko‘tardi. Biroq Signolesning butun oyoq-qo‘li, hatto muskullarigacha shunday qaltirar ediki, natijada to‘pponchadan chiqqan o‘qlar har tarafga qarab otilib ketdi.
 Oxiri Signoles nochor taqdirga tan berdi:
 “Yo‘q, bo‘lmaydi. Bu ahvolda jang qilolmayman”.
 Sho‘rlik yigit qurolning og‘ziga ma’yus tikilarkan, kichkinagina qop-qora teshik uni ajal tomon sudragancha, go‘yo ichkariga olib kirib ketayotganday bo‘ldi; Signoles shu mahal sharmandayu sharmisor bo‘lishini o‘ylab, yuragi orqasiga tortib ketdi, klublarda orqasidan bo‘ladigan visir-visir gaplar, mehmonxonalardagi masxaraomuz kulgular, ayollarning kinoyali qochirmalariyu gazeta sahifalarida ko‘rinadigan achchiq pichinglar – bularning hammasi Signolesga faqat qo‘rqoqlargina duch keladigan sharmisorona holatlar bo‘lib tuyuldi.
 U hanuz qo‘lidagi qurolga tikilgancha turarkan, birdan kichkinagina yaltillagan qip-qizil cho‘g‘ nigohini olib qochdi. Omadi kulib qoldimi yo ilgari esidan chiqqanmidi, harholda to‘pponcha negadir o‘qlangan holicha qolib ketgandi. Signoles shuursiz ravishda nimagadir suyunib ketdi.
 Axir Viskaunt Signoles begona kishi bilan yuzma-yuz kelsa, u o‘zining jasurligini namoyish qila olmay qoladi-ku, yolg‘iz, xotirjam paytida bo‘lsa bir umrga mard bo‘lib yo‘qolib ketishi mumkin. Sharmanda bo‘lgan yigit isnod tamg‘asi bosilgan qiyofada bir umrga jamiyatdan quvilib ketishi ham mumkin. O‘shanda yigitning bu viqor yurishlariyu bu g‘oz turishlari ko‘z ochib-yumguncha barham topadi-qo‘yadi; talvasaga tushgan Signoles buni allaqachon tushunib yetgan, allaqachon hammasini ich-ichidan sezib bo‘lgandi. Toki u hozir jasur, dovyurak ekan, toki u jangga kirishni o‘zi xohlagan ekan…toki u mard ekan, toki…
 Butun miyasini ayqash-uyqash qilib yuborgan parokanda o‘ylar Signolesni tamomila aqldan ozdirdi; vosvos bo‘lib qolgan yigit og‘zini katta qilib ochdi-da, yovvoyi bir harakat bilan to‘pponchani tomog‘igacha tiqib yubordi, ana shundan so‘ng Viskaunt Signoles ortiq hech narsani o‘ylamay tepkini shartta bosdi.
 Kutilmagan qurol ovozini eshitib, xonaga chopib kirgan xizmatkor Viskaunt Signolesni yuztuban yotgancha o‘lik holida topdi. Qip-qizil qon har yoqqa sachrab ketgan, stol ustidagi oppoq qog‘oz ham qizarib ketgandi, ulkan qizil dog‘ qog‘ozdagi shu to‘rt dona so‘z ustida qotib qolgandi:
 “Mening tilagim shu”.

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.