OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gi de Mopassan. Maktublar

Onam (Lora de Mopassan)ga...1 Iveto, (2 may 1864 yil)
Onajon.
Eng a’lochi o‘quvchilarning ro‘yxati bugun tushdan so‘ng e’lon qilinishi kerak. Maktubni esa erta saharlab yoza boshladim.
Ro‘yxat erta-indin ham e’lon qilinishi mumkin. Chunki, rektor ayni damda Ruandan qaytmagan... Men Rasin2ning kitobini qo‘lga kiritishdan umidimni uzdim; menimcha, bizga yana beshta lotincha tarjima yuklatiladi... Bu eski va qo‘pol tilda biron nimani his qilolmayapman sira. Yunonchadan ham nimadir kutmayman, fransuzcha tarjimalarimizning natijalariga kelsak, ularni ertaga ma’lum qilishadi. Qoniqarli natijadan umidvorman....
Mana, yomg‘ir ham boshladi! Anchadan buyon osmonga tikilib, uni kutayotgandik. Taqvim bo‘yicha yozning boshlanishi qaysi oyga to‘g‘ri kelishini bilgim kelyapti...
(Seshanba, 3 may)
Men endi lotincha tarjimaning ikkinchisi ustida ishlayapman. Bu ishga a’lochilar qatorida qabul qilindim: mening mehnatim yuksak baholandi... Yana bitta lotincha maktubni tarjima etish sinovi oldimda turibdi... Agarda, bir-ikkita faxriy yorliqqa sazovor bo‘lsam, Rasinning kitobini menga sovg‘a qilasizmi?
Ko‘rishguncha, onajonim, sizni qattiq o‘pib qolaman. Ukam Erveni ham men uchun o‘pib qo‘ying.
 O‘g‘lingiz Gi de Mopassan.
 
* * *

Onamga... Seshanba, (14 sentyabr,1875 yil)
Kecha oqshom, kantselyariyadan chiqayotib, Gavr ko‘chasida T.Gote3 ni uchratib qoldim. U poezdda Shatuga ketmoqchi bo‘lib, taraddudlanib turgan ekan. Juanvil bilan Leon Fonten4ni ham ko‘rdim.
Parij hozir bo‘m-bo‘sh. U huvillab, g‘arib bo‘lib qolgan. Men bu yerda biron-bir mehmondorchilikka borayotgan, qanaqadir ish bilan ko‘chada izg‘ib yurganlarni uchratmayapman, hattoki unaqa kimsalar shahar saratonida muzday ichimliklar ichish uchun ham kelishmayapti. Faqatgina Royal ko‘chasida o‘nga yaqin bluz kiygan olifta xonimlarni va qizlarni uchratish mumkin. Men hali hech qachon bunday bo‘shliqqa duch kelmagandim. Judayam hayratdaman. Odatda, g‘ala- g‘ovur va to‘polonlarga boy bo‘lgan bu shaharning ajabtovur sukunati odamni o‘zidan nariroq olishga undarkan. Go‘yoki unda sirli vabo tarqalgan-u barcha aholini bu yerdan supurib tashlaganday taassurotlar uyg‘onadi xayolda. Jazirama dahshatli kechmoqda. Kantselyariyadagi xonamda harorat +26 daraja.
Xayr, mehribon onajonim. Sizni va Erve5ni vujudimdagi mehr ila o‘pib qolaman, eng ezgu tilaklarni tilayman.
Tezroq javob yozinglar.
Bosh og‘rig‘ingiz tuzalib qolgandir ishqilib?
 O‘g‘lingiz Gi de Mopassan.
 
 * * *

Ivan Turgenevga. Parij (12 may, 1877 yil)
Qadrli ustoz.
Kamina sizni ikki marotaba Parijdagi o‘z uyingizda ko‘rmoqqa harakat qilgan edim, noiloj, endi xat yozishga majbur bo‘ldim. Favqulodda quvonch bilan shuni aytishim joizki, men sizning “Bahor yellari” romaningizdan naqadar chuqur, qanchalar chek-chegarasi yo‘q taassurotlar olganimni ta’riflashga so‘z topa olmayman.
Bu men mutolaa qilgan barcha ulug‘ kitoblar ichidagi eng ajoyibidir. Va u o‘zining botiniy dunyosi, odamlar va predmetlardagi teran falsafasi bilan, mazmun-mohiyati bilan meni larzaga soldi. Siz rus xalqining hissiyotlari, fe’l-atvorlari, tabiati va farosatini his qilishimizga ko‘mak bermoqdasiz va biz so‘nggi satrlargacha Rossiya atmosferasi bilan bemalol yashashimiz mumkin bo‘ladi.
Tashakkur sizga, aziz ustozim. Sizga hamisha sodiq qolaman degan niyatdaman.
 Gi de Mopassan
 
R.S. Biz ketishingizdan oldin pyesa6ni sahnaga qo‘yish uchun ko‘p marotaba repetitsiya qildik. Afsuski, hamma tayyorgarliklar keyingi haftaning oxirlarida tugaydi shekilli.

* * *

Leon Fontenga. (26 dekabr, 1878 yil)
Kecha oqshom xonadoningga tashrif buyurganimda, lakey sizlarni oilaviy kechki ovqatga yo‘l olganlaringizni aytdi. Vodevil tomosha qilish uchun teatrga taklif qilmoqchi edim, ammo bandligingni o‘sha xabardan so‘ng tushundim.
Shanba kuni bora olarsan balki? Menda yana 2 kishi uchun o‘rin bo‘ladi.
Qadrdoning Gi de Mopassan.
 
* * *

Gyustav Floberga. (Mart, 1880 yil)
Aziz ustoz.
Sharpante7ga duch kelgan paytimda, qo‘lyozmalarim qabul qilinganini aytib qoldi. Demak, bahorning oxiriga qadar to‘plamga kiritilishim mumkin ekan. Minnatdorman...
....Ertaga yo indinga “Do‘ndiq” nomli novellamni korrekturasini sizga jo‘nataman. Iltimos, uni tahrirdan o‘tkazib bersangiz. Meni oldimda hozir bitta-yu bitta yumush qoldi: asardagi bittagina so‘zni, kerakli so‘zga almashlash....
....Sizga samimiy tuyg‘ularimni yo‘llayman, hurmatli ustozim...
 
* * *

G. Floberga. (Aprelning oxiri, 1880 yil)
... “Do‘ndiq” muvaffaqiyat qozonmoqda... Katyul8 yonimga atayin tashrif buyurib, novella sababdan qutlovlar bildirdi. Uning fikricha novella uzoq yashar ekan. 20-30 yil o‘tgandan ke-yin ham u haqda bahslar to‘xtamaydi, dedi. Bu gaplar menga qanot bag‘ishladi. Chunki, Katyul haqiqatan ham bilimdon odam...
...Xayr, aziz ustozim, sizni mehr ila o‘pib qolaman.
Gi de Mopassan.
 
* * *

Edmon de Gonkurga. Kruasse9
(9 may, 1880 yil)
Hurmatli ustoz.
Kecha tunda Flober10 dunyodan ko‘z yumdi. Dafn marosimi seshanba kuni, peshinda bo‘lib o‘tadi. Baxtsizlik girdobida yashagan ulug‘ do‘stimizni so‘nggi manziliga kuzatish uchun safimizga qo‘shilasiz degan umiddaman. Shunday emasmi?
Agar ertalabki sakkizdagi poezdga o‘tirsangiz, kechikmasdan kela olasiz. Bekatda ekipajlarni kutib olishadi va sizni to‘ppa-to‘g‘ri Kantelyodagi marosim joyiga olib borib qo‘yishadi.
Chuqur ta’ziya ila qo‘lingizni mahkam siqib qolaman.
 Gi de Mopassan.
 
* * *

Noshir Kistemakersga11 ... (Aprel,1882 yil)
...Men roziman. Kelishdik.12 Qo‘lyozmani bir necha kundan so‘ng qabul qilib olasiz. Yubormoqchi bo‘layotgan fotosuratim uncha yaxshi chiqmagan. Afsuski, menda hozircha boshqasi yo‘q. Janob Myust kafil bo‘la oladi.13
 
* * *

Ivan Turgenevga. Ertreta, Seshanba. (1883 yil)
“Hayot” romani va “Valdshnepp hikoyalari” qo‘lingizga yetib bordimi?
Men ayni paytda juda qizg‘in ijoddaman. Safar taassurotlarim14ni chop etish harakatidaman. Noyabrda sizga va’da qilganlarim – Rossiya uchun yozgan ikkita katta qissam tayyor bo‘lishi kerak.
 
* * *

A.N.Engelgardtga.15 Parij, Monshanen ko‘chasi, 10 uy (15 yanvar,1885 yil).
Marhamatli janob,
Men sizga “Azizim” nomli romanimning dastlabki boblarini pochta orqali jo‘natyapman. Barcha javob xatlaringizni endi Kanndagi, “Monplezir”nomli villamga jo‘nataverishingiz mumkin.
Eng samimiy tilaklarim va hislarimni do‘stona qabul qilishingizni istayman.
 Gi de Mopassan.
 
* * *

Doktor Anri Kazalis (Jan Laor)ga16. Xammam-Rira, Jazoir (dekabr, 1887 yil)
Bir necha kundan keyin Jazoirni tark etmoq niyatida yuribman. Aniqki, bu yerdan Tunisga ravona bo‘laman. Jazoirning qishki kurortida bittagina kamchilik mavjud: shahar shimolda joylashgani bois kunduzi uch yarimdayoq quyosh ufqqa bota boshlaydi. Har kuni 5-6 kilometrlab uzoqroq sayr qilishimga to‘g‘ri kelmoqda. Quyoshni izlayman. Bu qidiruv esa meni asabimga yomon ta’sir qilyapti...
 
* * *

Janob Jakob17ga. (1891 yil)
Azizim Jakob,
Mana mening vasiyatnomam.
Bugun ertalab notariusim janob Koll menikiga qadam ranjida qildi. Ko‘rinishidan juda xafa edi. Balki, mening vasiyatnomamni so‘raganingiz uchun shunday holatdadir.
Biz haqiqatdan ham merosim va vasiyatlarimni unga topshirishga kelishib oldik, sababi u oilamizning barcha ishlaridan boxabar. Hatto onamning vasiyatidan ham xabardor u.
Ahvolim har tomonlama yomonlashgan. Hech nima tanovul qila olmayapman. Aql-u hushim joyidamas...
 Qo‘lingizni mahkam siqib qolaman
Gi de Mopassan.
___________________
1. Mopassan bu maktubni Ivetodagi ruhoniylar maktabida o‘qib yurgan kezlarida (1863-1866) yozgan.
2. Jan Rasin (1639-1699) – mashhur frantsiyalik shoir va dramaturg.
3. Teofil Gote (1811-1872) – frantsuz romantik shoiri.
4. Juanvil va Leon Fonten – adibning bolalikdagi do‘stlari.
5. Erve de Mopassan (1856-1889) adibning ukasi.
6. “Atirgul gulbarglari yoxud Turklar uyasi” pesasi.
7. Jorj Sharpante – frantsuz noshiri.
8. Katyul Mendes (1841-1909) – frantsiyalik shoir.
9. Kruasse – adibning ustozi Gyustav Floberning Ruandagi hovlisi.
10. Gyustav Flober 1880 yil 8 mayda to‘satdan vafot etgan edi.
11. Kistemakers – belgiyalik noshir.
12. Gap “Madmuazel Fifi” novellasi haqida ketmoqda.
13. Mopassanning kamdan-kam uchraydigan portretlaridan birini Myust ishlagan.
14. “Quyosh ostida” nomli safarnoma. 1884 yil Avarada chop etilgan.
15.Xat Rossiyalik adiba va tarjimon Anna Nikolaevna Engelgartga jo‘natilgan. Lekin, u paytda Mopassan adiba bilan tanish bo‘lmaganligi bois, “marhamatli janob” deya noto‘g‘ri murojaat bilan maktub yozadi.
16. Anri Kazalis (1840-1909) Jan Laor taxallusi bilan ijod qilgan frantsiyalik shoir va shifokor. Mopassanning do‘sti.
17. Mopassanning ishongan odami.
 
Ruschadan Temur Tangriberganov tarjimalari
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.