OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gi de Mopassan. Xizmatkor qiz qismati (hikoya)

Tashqarida esayotgan besar kuzak shamoli daraxt shoxlarida qolgan so‘nggi yaproqlarni yulqib, havoda chirpirak qilib o‘ynardi.
Ovchilar kechki ovqatni yeyishardi, ular hatto etiklarni ham yechmasdan, qizarib-bo‘zarib, hazil-huzul qilib o‘tirishardi. Ular asosan yarim zodagon, yarim dehqon, boyning ham, ho‘kizning ham bo‘ynini qayirishga qodir kuchga ega bo‘lgan kichik normand pomeshchiklari edi.
Ular kun bo‘yi Eparvil hokimi Blondilga qarashli yerlarda ov qilishgan, hozir esa uning uyida, katta stol atrofida tamaddi qilishmoqda edi.
Ularning gurungi, baqir-chaqiri, kulgilari esa yirtqichlarning o‘kirishini yodga solardi, chunki tinimsiz ichishar, oyoqlarni uzatib, stolga tirsaklangancha, Ispolin pechi taftida isinishar, ov, itlar haqida valaqlashishar, ko‘zlari chiroq yorug‘ida yarqirab turardi.
Hammalari allaqachon sarxush, es-hushini yo‘qotar darajaga yetgan, ularga ovqat tashib yurgan qip-qizil basharasi tovoqdek keladigan xizmatkor qizning ortidan mastona suzilib boqishardi.
Bir paytlar ruhoniy bo‘lishni orzu qilgan, lekin taqdir taqozosi bilan veterinar bo‘lib, ayni choqda muzofotdagi mollarni davolab yurgan uzun bo‘yli Sejur birdan hovliqa ketdi:
— Jin ursin, janob Blondil, joriyangiz shunaqa suluvki, odamning og‘zidan so‘lagi oqadi-ya!
Xonada gurr kulgi ko‘tarildi. Shunda gapni qari aroqxo‘r, endilikda kambag‘allashib qolgan zodagon de Varnetto ilib ketdi:
— Mening hayotimda shunaqa xizmatkor qizcha bilan bog‘liq bir voqea sodir bo‘lgan. O‘ylaymanki, bu sizlar uchun qiziqarli bo‘ladi. Har gal u haqda o‘ylaganimda Marza degan bir qanjiq itim esimga tushadi. Men uni graf d Ossenelga sotgandim, it esa mendan ajrashni hecham istamasdi, har kuni, yechib yuborishlari bilan yonimga chopib kelardi. Oxiri achchig‘im chiqdi va grafga itni zanjirda saqlashni aytdim. Bilasizlarmi, keyin nima bo‘ldi. It sho‘rlik bog‘lovda ichikib o‘ldi.
Endi mening xizmatkorim voqeasiga qaytaylik. O‘shanda yigirma beshda edim, Vilbndagi qasrimda yolg‘iz, bo‘ydoqlikda kun kechirardim. Odam yosh bo‘lsa, bilasizlar, zerikadi, uyoq-buyoqni ko‘rgisi, sayoqlik qilgisi keladi.
Bir kuni Kovileda turadigan Debultoning uyida xizmat qiladigan yoshgina bir qizchani ko‘rib qoldim. U meni o‘ziga shu qadar maftun etdiki, xo‘jayini oldiga borib shunday bir taklif aytdim: u xizmatkorini menga beradi, men esa unga zotdor — Debulto ikki yildan beri menga sot deb yalinib yurgan baytalimni beraman. U shartta qo‘l tashladi: “Kelishdik, janob de Varnetto”. Ish bitdi hisob. Qiz mening qasrimga keldi, men esa uch yuz ekyu evaziga baytalni uning xo‘jayiniga eltib berdim.
Boshida hammasi silliq ketayotgandi. Hech kim hech nimadan gumonsiramasdi. Lekin Roza — uning oti shunaqa edi — nazarimda meni telbalarcha sevib qoldi. Qizcha boshqalardan nimasi bilandir farq qilardi. Uning tomirlarida aslzodalar qoni oqardi. Aftidan u o‘z oqsochiga teginib qo‘ygan oqsuyak bir odamdan tug‘ilgan edi.
Xullas, u meni yeru ko‘kka ishonmasdi. Men bilan ko‘ngilxushlik qilishdan sirayam zerikmas, meni g‘alati-g‘alati ismlar bilan erkalab chaqirar, uning bu erkaliklari meni o‘yga toldirardi.
“Bunga chek qo‘yish kerak endi, bo‘lmasa, boshim baloga qolib ketadi”, derdim o‘zimga-o‘zim. Ammo meni tuzoqqa ilintirish unchalik oson emasligini bilardim. Men ehtirosli bo‘salar bilan darrov aldanib qoladiganlar sirasiga kirmasdim. Ammo... kunlarning birida homila bo‘lib qolganini aytgach, hushim boshimdan uchdi.
Ol-a! Kimdir yuragimni qo‘shotar miltiq bilan yaralagandek bo‘ldi. U esa meni quchoqlar, erkalar, qiqirlab kular, es-hushini yo‘qotgancha yalab-yulqardi. Bu yog‘i nima bo‘ldi?
O‘sha kuni indamadim, lekin kechasi bilan o‘ylab chiqdim. Bir chorasini topish lozim. Aloqani hoziroq uzmasam, kech bo‘ladi. Ota-onam Barnvilda yashar, Markiz d Isparga tekkan opam esa bu yerdan ikki mil narida, Rollibekda turardi.
Nima qilsam ekan? U menikidan ketadigan bo‘lsa, odamlar shubhaga tushib, darrov gap-so‘z qilishadi. Qolaversin, desam, tez orada hamma narsa oshkor bo‘ladi. Axir, uni bu ahvolda tashlab ketish ham yaxshi bo‘lmasdi-da.
Men yoshligida bunaqa ko‘rgiliklarni ko‘p bor boshidan kechirgan amakim baron de Kreytelga maslahat solish uchun uning yoniga bordim. U bamaylixotir shunday dedi:
— Uni erga bervorish kerak, bolam.
Men o‘rnimdan sapchib turib ketdim.
— Erga berish kerak, deysizmi, amaki? Kimga?
U yelka qisdi.
— Kimga berish yoki bermaslik sening ishing, meniki emas.
Men amakimning gapini bir hafta o‘ylab yurdim va, nihoyat, u haq ekan, degan qarorga keldim.
Keyin kuyov qidirishga tushdim. Bir mahal mahalliy sudya men bilan tushlik qilib o‘tirib qiziq bir gap aytib qoldi.
— Pomel xolaning o‘g‘li yana bir bezorilikka qo‘l uribdi. Shu bola juda bejo chiqdi-da! Ilonning bolasi ilon bo‘larkan-da?
Pomel xola deganlari yoshligida binoyidek ayol bo‘lgan deyishadi. Qartayib ko‘zi och bo‘lib qolgandi. U bir chaqa evaziga butun borlig‘ini, hatto o‘g‘lini ham sotib yuborishga tayyor edi.
Men uning uyiga borib, bafurja hamma gapni tushuntirib berdim. Men hali gapimni tugatmay ayol betoqatlik bilan gap qo‘shdi:
— Xo‘sh, shu qizcha uchun qancha to‘lamoqchisiz?
Kampir pixini yorgan tullak ekanini bilganim uchun hammasiga oldindan tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygandim.
Qarangki, Sasvilning shundoq yonida mening uchta kichkina tomorqam bo‘lib, ular menga qarashli fermalarga tutash yerda edi. Fermerlar bu dalalarning uzoqligidan shikoyat qilavergach, ulardan olti akr keladigan ana shu yerni qaytarib oldim. Fermerlar yana dodlab jonga tegishdi. Shunda men ular bilan tuzilgan shartnomalarning parrandachilikka oid qismini bekor qilishga majbur bo‘ldim. Shu tariqa ishlarni bir amallab yo‘lga qo‘yib oldim. Keyin qo‘shnim d Omontedan daryo bo‘yidagi yerini sotib oldim-da, o‘sha yerda kichikroq bir uycha qurib oldim. Bungayam salkam bir yarim ming frank pul ketdi. Shu tariqa kichik bir xo‘jalik paydo bo‘ldi. Men o‘sha yerni qizning sepiga qo‘shib berishga qaror qildim.
Avvaliga kampir bu kam degandek xarxasha boshladi, men esa baribir rozi bo‘lishini bilib, gapimda turib oldim. Xullas, u bilan kelishdik.
Ertasi kuni kutilmaganda uning o‘g‘li paydo bo‘ldi. Uning aftini eslab qololganim yo‘q. Har holda tashqi ko‘rinishi meni qanoatlantirdi.
Yigit gapni ancha uzoqdan boshladi. Go‘yoki o‘zini mol sotib olish uchun kelgan kishi qilib ko‘rsatdi. Gap maqsadga ko‘chgach, u xo‘jalikni borib ko‘radigan bo‘ldi. Biz dalani kechib o‘sha tomonga ketdik. Bo‘lajak kuyov meni dalada rosa uch soat ushlab turdi... Hali uychaning tomi qurilmagan edi. Onasining bolasi-da, uyning tomini qamishdan emas, shiferdan yopib berasan, deya shart qo‘ydi. Keyin so‘radi:
— Mebel ham berasizmi?
Men e’tiroz bildirdim:
— Sizga bitta ferma kamlik qilyaptimi?
U tirjaydi:
— O, bo‘lmasam-chi, bitta ferma, buning ustiga azza-bazza chaqaloq ham.
Men beixtiyor qizarib ketdim. U esa davom etdi:
— Xullas, gap bundoq, bitta karavot, shkaf, stol, uchta stul va idish-tovoq. Bo‘lmasa biz kelisha olmaymiz.
Men rozi bo‘ldim. Biz ortga qaytdik. U hali qiz haqida bir og‘iz ham so‘ragani yo‘q edi. Birdaniga ayyorona va tund qiyofada menga yuzlandi:
— Bordi-yu, u o‘lib qolsa, mol-mulk kimga qoladi?
— Albatta sizga-da, — dedim men.
Bu ertalabdan beri u so‘rashi lozim bo‘lgan asosiy gap edi. U shu zahoti menga mamnun qo‘l cho‘zdi. Ish osonlikcha hal bo‘lgandi.
Biroq Rozani bunga ko‘ndirish oson kechmadi. U mening oyog‘imga yiqilib tavallolar qildi. “Nahotki, siz menga shu narsani ravo ko‘rdingiz? Siz! Siz!” U mening har qancha yalinib-yolvorishimga qaramay, bir haftacha oyog‘ini bir etikka tiqib yurdi. Ayolning aqli qanchalik kalta bo‘ladi-ya? Ularning miyasiga sevgi degan narsa o‘rnashib olsa bormi, tamoman o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar. Boshqa narsa haqida o‘ylamay qo‘yishadi.
Bora-bora jahlim chiqib, uni uydan haydab yuboraman, deya qo‘rqitdim. Shunda u oldimga tez-tez kelib turishi uchun ijozat so‘rab, rozi bo‘ldi.
Men o‘zim uni nikoh marosimiga olib bordim, to‘y xarajatlarini to‘liq qopladim. Keyin esa Turenda yashaydigan akamning uyiga yarim yilga ko‘chib ketdim.
Qaytib kelib bildimki, u har hafta mening qasrimdan xabar olib turgan ekan. Kelganimga bir soat ham o‘tmay, u qo‘lida chaqalog‘ini ko‘tarib kelib qoldi. Ishonasizmi, buvakni qo‘limga olishim bilan unga nisbatan ich-ichimda mehr uyg‘onganini sezdim. Uni qo‘limga olib, o‘pdim ham.
Onasi esa, yarim yilda ozib, cho‘pga aylanib qolgandi. Jin ursin, dedim ichimda, unga er yoqmabdi.
— Turmushing yaxshimi? — so‘radim undan.
U o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi:
— Sizsiz yashay olmayman. O‘lganim yaxshi. Yashayolmayman.
U qiyomat to‘polon ko‘tardi. Men uni tinchlantirib, hovli adog‘iga qadar kuzatib qo‘ydim. Tushundimki, eri uni har kuni do‘pposlaydi, anavi qari boyqush bo‘lsa zarracha kun bermaydi.
Bir kun o‘tib yana keldi. U polga, oyoqlarim ostiga yotib oldi.
— O‘ldiring meni, o‘ldiring, lekin orqaga qaytib yubormang. Iltimos!!!
Agar Marza gapirishni bilganida, menga u ham shu gaplarni aytgan bo‘larmidi? Xullas, bu g‘alvalar yana jonimga tegdi. Yana yarim yilga bu yerdan bosh olib ketdim. Qaytib kelganimda esa... Roza men kelishimdan uch hafta oldin olamdan o‘tgan ekan. Mening yo‘g‘imda har yakshanba qasrga kelib ketarkan, xuddi Marzaga o‘xshab. Oradan bir hafta o‘tib, chaqaloq ham qazo qipti.
Eri esa... Hamma mol-mulk unga meros bo‘lib qoldi. O‘sha paytlarda u toqqa chiqib ketgan edi. Eshitishimcha, hozir uni shahar maslahatchisi etib tayinlashgan emish.
De Varnette oxirida kulgi aralash qo‘shib qo‘ydi:
— Nima qilsayam, men unga kattagina yaxshilik qilganman.
Veterinar vrach Sejur qadahdagi aroqni og‘ziga olib borarkan, jiddiy qiyofada xulosa yasadi.
— O‘zi bunaqa ayollar bilan o‘ralashmaslik kerak-da!

Rustam Jabborov tarjimasi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.