Biz nima uchun quyosh chiqqanida xursand bo‘lamiz? Nega uning yerni yalayotgan nurlari bizga baxt ulashadi? Moviy osmon, atrof yam-yashil, ko‘zlarimiz bu ranglarni simirib yuragimizni bo‘yaydi. Baxting ichingga sig‘masdan yugurib, sakrab, kuylaging keladi. Lekin umrbod zimistonga mahkum qilingan ko‘zi ojizlar atrof borliqqa o‘zgacha surur baxsh etuvchi yorqin ranglar va ajib jilolarni ko‘ra olishmaydi. Agar so‘qirga “Bugun havo juda yaxshi!” – desangiz, u shunday javob beradi:
– Men buni darrov sezdim, chunki itim dalaga oshiqdi.
Men hayotning o‘zi shafqatsizlarcha o‘limga mahkum qilgan bir nogironni bilardim. U Norman fermerining o‘g‘li edi. Ota-onasi hayotligida uni faqat majruhligi bezovta qilardi, lekin ular o‘limidan so‘ng uning butun hayoti azob iskanjasida kechdi. Bechorani opalaridan biri o‘z qaramog‘iga oldi, biroq fermadagilar uni tekintomoq, bekorchi, ishyoqmas, deb har bir tishlagan luqmasi uchun kesatib, haqorat qilishardi. Hatto ov¬qatni ham unga ochidan o‘lmasligi uchungina berishardi. Uning yuzi qonsiz, oq tushgan ko‘zlari esa katta-katta edi. O‘ziga bo‘lgan munosabatlarga e’tibor beryaptimi, yo‘qmi, bilish mushkul edi. Bechora umrida mehr ko‘rmagan, hatto onasi ham uni yomon ko‘rib, qo‘pol muomala qilardi. Qishloqlarda ishga yaroqsiz kishi doim ortiqcha bo‘lgan. Dehqonlar undan ko‘ra tovuqlarni ko‘proq qadrlashardi, chunki tovuqlari aynigan ovqatlarni yeb, tuxum qo‘yishardi-da.
So‘qir yozda ostonada, qishda esa pechka yonida o‘tirib, kechgacha o‘rnidan jilmasdi. Qimirlamas, harakatlanmas, faqat onda-sonda qo‘li bilan oppoq parda qoplagan ko‘zlarini berkitishga harakat qilardi. U kasalmi? Kelajagi haqida o‘ylaydimi? Tafakkur qiladimi? Bu savollar hech kimni qiziqtirmasdi.
Bir necha yil shu alfozda o‘tdi. Axiyri, nogironning ishga yaroqsizligidan qarindoshlarining sabr-kosasi to‘lib, uning ustidan shafqatsizlarcha kula boshladilar. So‘qir go‘yo buqalar orasiga qo‘yib yuborilgan echkichadek edi. Ular tushki ovqat mahalida ko‘zi ojizning bechoraholligidan foydanib, vahshiyona hazillarni o‘ylab topishardi. Tushlik paytida oshxona bu sahnani tomosha qilish uchun qo‘shni fermadan kelgan dehqonlar bilan to‘lib ketar edi. Ba’zida u ovqat yeyayotgan tovoqning yoniga kuchuknimi, mushuknimi keltirib qo‘yishar, odamning ojizligini sezgan jonivorlar tovoqdagi ovqatni sassiz yeb bitirishardi. So‘qir bu holatni sezib qolsa, qoshig‘i bilan stolning istalgan joyiga to‘qillatib urardi. Xonaga sig‘may ketgan tomoshabinlar oyoqlari bilan depsinib, bir-birini turt¬kilab kulishar edi. Qurbon esa chap qo‘li bilan tovoqni berkitib, o‘ng qo‘lida ovqatini yerdi. Ba’zida bechoraning tovog‘iga qopqoq, barg, taxta chiqindilari, hattoki yuvindilarni solib berishar, u esa hech nimaning farqiga bormasdi.
Bu tomoshalardan zerikkan pochcha so‘qirning ikkala yuziga tarsaki tushirar va uning javob qaytarishini kutar, shu javobni esa so‘qirni uydan haydab solishga sabab qilib ko‘rsatishni istardi. Endi unga xizmatkorlar ham shapaloq tushirar, u esa qaerga qochishni bilmasdi. O‘tirganda ham, turganda ham biror kishi yuziga musht tushirib qolmasligi uchun qo‘llari bilan himoyalanar edi. Va nihoyat, uni tilanchilik qilishga majbur etishdi.
Yakshanba kunlari so‘qirni yo‘l chetiga chiqazib qo‘yishar, u oyoq tovushi yoki aravaning taqir-tuquri eshitilishi bilan furajkasini cho‘zib, “Xudo yo‘liga sadaqa qiling”, deb tilanar edi. Lekin dehqonlar ziqna xalq. Shuning uchun u haftalab uyga bir chaqasiz qaytardi. Natijada undan shafqatsizlarcha naf¬ratlanishardi. Mana, uning hayoti qanday zavol topdi.
Qish ayozli keldi. Qalin qor yog‘ishiga qaramay, pochchasi uni uzoqdagi katta ko‘chaga tilanchilik qilish uchun eltib qo‘ydi. Ko‘zi ojiz kun bo‘yi o‘sha yerda qoldi. Kechqurun esa pochcha qaynisini topa olmaganini e’lon qilib shunday dedi:
– Nima qilamiz u uchun qay¬g‘urib, yetar shuncha tashvishini qilganimiz. Sovuqda qolganini ko‘rib kimdir uyiga obkirib ketgandir. Ertaga tushlikka sudralib keladi.
Ammo u qaytib kelmadi. So‘qir bir necha soat pochchasini kutdi-da, turaversa muzlab qolishini sezib, uyga bir o‘zi qaytishga qaror qildi. Qor bosgan yo‘llarning farqiga bormay ko‘p yurdi. Balchiqlarga yiqilsa-da, jimgina o‘rnidan turib yo‘lida davom etdi. Ammo toliqqan oyoqlari yurishdan to‘xtab, sovuqdan qotib qolayotgandi. Shunday qilib, u qor qoplagan dalaning o‘rtasiga yotib qoldi va qaytib turmadi. Oppoq qor uchqunlari uni ko‘mib tashladi. Endi hech nima bu yerda murda yotganini eslatmasdi.
Qarindoshlari bir hafta davomida o‘zlarini xuddi asabiylashayotgandek, uni qidirayotgandek qilib ko‘rsatishdi. Hattoki ko‘z yoshi ham qilib olishdi. Qish qattiq kelganidan qorlarning erishi uzoqqa cho‘zildi.
Bir kuni ibodatxonaga ketayotgan dehqonlar qarg‘alar to‘dasi faqat bir yerga yog‘ilayotganini ko‘rib qolishdi. Shumqadam qushlar bu yerda bir haftadan beri mehmon edi. Ular go‘yoki ufq¬ning hamma tomonidan uchib kelib, osmonni bulutdek qoplagandi. Odamni kar qiladigan qag‘illashlari bilan faqat past¬ga qo‘nib, yerda nimanidir kavlar edi. Bir yigitcha u yerda nima bo‘layotganidan xabar topish uchun yugurib bordi va yarmi yeb tugatilib, tana a’zolari har yerda sochilib yotgan murdaga qoqilib tushdi. Uning oppoq parda bilan qoplangan ko‘zlari ham joyidan yo‘qolgandi. Ular bexosiyat qar¬g‘alarga yem bo‘lgandi.
Ruschadan Xadicha Zohir tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.