OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hermann Hesse. Mutolaa haqida

Ko‘pchilik kitob o‘qishni bilmaydi va ko‘p kishilar nima uchun o‘qiyotganini tuzukroq tushunmaydilar. Ba'zilar buni o‘qimishli bo‘lishning qiyin, biroq yagona yo‘li deb biladi. Ular uchun har qanday kitob kishini «o‘qimishli» qiladi. Boshqa birovlar uchun esa o‘qish - bu dam olish, shunchaki vaqtni o‘tkazish va ularga nimani (maqola, roman, she'r, xabar va hokazo)o‘qish baribir, zerikarli bo‘lmasa, bas.

 

Har birimiz, qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, imkon va sharoitimizdan kelib chiqib, kitob bilan muayyan darajada muloqotda bo‘lamiz. O‘lchovli hayotimizning ma’lum bir qismini shunga sarf qilamiz. Ammo qanday kitob o‘qish, uning ta’sir va oqibatlari, umuman, nega kitob o‘qiymiz, shu haqda barchamiz ham chuqurroq o‘ylab ko‘rmaymiz.

 

O‘tgan yigirmanchi asrning mashhur adiblaridan biri, adabiyot sohasidagi xalqaro Nobel mukofoti sovrindoriHermann Hesse (1877—1962) o‘zining «Cho‘l bo‘risi», «Demian», «G‘ildiraklar ostida», «Marjonlar o‘yini» va boshqa ko‘plab asarlari bilan nom qozongan. Hermann Hesse o‘z ijodining ilk davrida kitob targ‘iboti va savdosi bilan mashg‘ul bo‘lgan. Aynan ana shu narsa uning xilma-xil adabiy janr­larda yaratilgan asarlarni tushunishiga sabab bo‘lgandir, ehtimol. Adibning kitob mutolaasi borasidagi ajoyib fikrlari mushtariylarimizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz.

Shunchaki dam olish, vaqt o‘tkazishni istagan va «o‘qimishli» bo‘lish haqidagina qayg‘urgan kitobxon kitobdagi dilni poklovchi, kishini ruhlantiruvchi qandaydir noma'lum bir kuchni sezadi. Biroq bu kuchni u aniq tasavvur etolmaydi va baholay ham olmaydi. Bunday kitobxon tibbiyotdan mutlaqo bexabar bemorga o‘xshaydi, ya'ni aynan qaysi dori kerakligini tushunmasdan, har bir qutichadagidan tatib ko‘ra boshlaydi. Aslida, mutolaa borasida ham har bir kishi o‘zi uchun zarur bo‘lgan, yangi kuch hamda ruhiy ta'sir baxsh etadigan kitoblarni topa bilishi kerak emasmi?

Biz, mualliflarga odamlarning ko‘p mutolaa qilishlari, albatta, yoqimli va aynan ijodkor tomonidan, haddan ziyod ko‘p o‘qishadi, deyilishi noo‘rindir. Ammo mingta loqayd kitobxondan o‘nta yaxshi kitobxon durust. Shu bois, bemalol ta'kidlashim mumkinki, hamma joyda haddan tash­qari ko‘p mutolaa qilishadi va bu - adabiyot uchun obro‘ emas, ziyon keltiradi. Kitob mustaqil bo‘lmagan kishilarni yana ham ma'naviy zaiflashtirish uchun yozilmaydi, bundan tashqari, undan ba'zan noqobil odamlarga arzongarov tasvir hamda osongina o‘zgartirilgan hayotni ko‘rsatish uchun ham foydalanishadi. Kitob­lar insonni hayotga yo‘llagandagina, unga xizmat qilgandagina foydalidir. Agar kitob o‘quvchiga oz bo‘lsa-da, kuch-g‘ayrat, shijoat, ma'naviy poklik baxsh etmasa, mutolaa uchun sarf etilgan har bir soat behuda, besamar bo‘lib qolaveradi.

Shunchaki o‘qish - bu diqqatni to‘plashga majbur etuvchi mashg‘ulot va ovunish uchungina o‘qish-o‘z-o‘zini aldashdir. Loqayd kishilar uchun, umuman, biror narsadan ovunishning hojati yo‘q. Aksincha, ular hamma joyda diqqat-e'tiborli bo‘lishlari, qaerda nima bilan mashg‘ul bo‘lishmasin, nima haqda fikr yuritishlaridan qat'i nazar, o‘zlarini butun vujudlari bilan voqealar girdobida his etmoqlari zarur.

Hayot qisqa, uning  poyonida hech kimdan o‘qilgan kitoblar soni so‘ralmaydi. Biror foydasi bo‘lmasa, o‘qishga vaqt sarflash aqllilik belgisi emas, aksincha, koni ziyon emasmikan? Men bu o‘rinda faqat yomon kitoblarni emas, avvalambor «sifatli mutolaa»ni nazarda tutayapman. Hayotda har bir qadaming kabi o‘qishdan ham biron natija kutiladi. Mutolaadan yangi kuch-g‘ayrat olmoq uchun avvaliga kuch sarf etmoq, o‘zingni yanada yaxshiroq tushunmoq uchun oldin o‘zingni «yo‘qotmoq» kerak bo‘ladi.

Agar har bir o‘qilgan kitob quvonch va alam, shijoat hamda ruhiy tazarru olib kelmasa, jahon adabiyoti tarixini bilishdan ma'no yo‘q. Fikr-mulohaza qilmasdan o‘qish - xushmanzara tabiat qo‘ynida ko‘zni bog‘lab yurmoq demakdir. Biz o‘zimizni va turmushimizni unutish uchun emas, balki hayot jilovini yanada ongliroq ravishda anglash uchun o‘qishimiz kerak. Kitobga dimog‘dor o‘qituvchiga qaragan qo‘rqoq o‘quvchi singari emas, balki eng baland cho‘qqini zabt etmoqqa shaylangan shiddatkor alpinist kabi yondashmoq talab etiladi.

Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.