Yo‘lga chiqqan kunim havoning avzoi buzuq, qor aralash yomg‘ir yog‘ardi. Yana Augsburg yonidan o‘tdim, shahar uzra katta butxona va Sankt-Morits qad rostlab turardi, shundan so‘ng notanish joylar ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi, bekatlar orasidagi oxirgi masofada esa odam oyog‘i yetmagan, xilvat, qalin o‘sgan ajoyib qarag‘ayzor o‘rmonlar boshlandi, daraxtlar uchi qor bo‘ronida chayqalardi. Bu manzara go‘zal va sirli, shu bilan birga men, janublik uchun noxush hamda vahimali edi.
Agar shunday ketaveradigan bo‘lsam, o‘ylardim men, yanada ko‘proq qarag‘aylar, yanada ko‘proq qorlar uchraydi, undan so‘ng ehtimol Layptsig yoki Berlin boshlanar, keyin esa Shpitsbergen va Shimoliy qutb ko‘rinib qolsa, ajabmas. E xudo, yaxshiyamki, Drezdenga taklifnomani qabul qilmaganim-a! Buni tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Busiz ham yo‘l uzoq, haddan ziyod uzoq edi, men Nyurnbergga yetib kelgach, xursand bo‘lib ketdim. Ko‘nglimda men bu gotik shaharda har turli mo‘'jizalar kutgandim. Hoffmann va Vakenroder ruhi bilan uchrashaman deb umid qilganman, biroq afsuski, bundan hech nima chiqmadi. Shahar menda dahshatli taassurot qoldirdi, bunga albatta, o‘zim aybdorman. Men haqiqatan ham maftunkor, Ulmdan ko‘ra boyroq, Augsburgdan ko‘ra o‘ziga xosroq eski shaharni ko‘rdim. Avliyo Lorents va avliyo Zebaldni, ratusha va uning ta'riflab bo‘lmaydigan darajada g‘oyat go‘zal favvora turgan hovlisini tomosha qildim. Men bularning barchasini ko‘rdim, hammasi juda go‘zal edi, biroq barchasi katta, loqayd, zerikarli korchalon shahar binolari bilan o‘rab olingan, motorlarning guvillagan shovqin-suroni ostida, avtomobillar qurshovida edi, barchasi to‘rsimon gumbazlar qurmaydigan va jimjit hovlilarga favvoralarni gullardek go‘zal qilib o‘rnata olmaydigan boshqa bir zamon sur'ati ostida asta titrardi, barchasi yiqilay-yiqilay deb turardi, chunki na ruh, na ma'no bor edi. Qanday go‘zal, qanday maftunkor narsalarni ko‘rmadim bu mahobatli shaharda! O, nafaqat ajoyib diqqatga sazovor joylar, cherkovlar, favvoralar, Dyurer uyi, qal'a, balki mayda, tasodifiy, aslida menga qadrli bo‘lgan bir talay narsalar. «Shar» deb ataladigan bir dorixonada (u mustahkam, muhtasham eski binoda joylashgan edi) o‘zimga cho‘milish uchun yangi ko‘zoynak sotib oldim, bu yerdagi vitrinalardan birida hozirgina tuxumdan chiqqan timsohchaning tulumi tuxum po‘chog‘i bilan birga qo‘yib qo‘yilibdi. Bu yerda meni shunga o‘xshash yana ko‘pgina narsalar o‘ziga tortdi. Biroq menga hech narsa yordam berolmadi. Nazarimda, barchasini manovi la'nati mashinalardan chiqqan gaz qoplab olgan, barchasi yemirilgan, barchasi insoniy emas, balki iblisona hayotdan zirillagan, barisi o‘lishga, yo‘q bo‘lishga tayyor, bu dunyoga nafratdan qulab tushishga va halokatga tashna, behuda turaverishdan, ruhsiz go‘zallikdan charchagan edi. Adabiy uyushmada ochiq chehra bilan kutib olishgani ham, so‘nggi (uzoq vaqt, balki bir umrga) ma'ruzamni tugatganimdan keyingi yengil tortish ham, hech narsa yordam bermadi. Hech qanday ro‘shnolik yo‘q edi bu yerda. Mehmonxona bug‘ bilan isitilardi, keragidan ortiq qizdirib yuborilganidan xona isib ketgan, kechasi bilan ham sovimas, derazani ochay desam, serqatnov ko‘cha shovqini, bu yoqda manovi yaramas apparat - telefon kechasi og‘riq kuchayib, uxlayolmaganimga yarasha tongda ozgina mizg‘ib olishga ham qo‘ymasdi.
Aynan Nyurnbergda o‘zimni to‘qson yashar o‘layotgan choldek his qildim, shu yerda meni joyimga qo‘yib qo‘ya qolishsin, degan tilakdan boshqa hech qanaqangi istak-xohish yo‘q edi, aynan shu yerda men ko‘proq yoshlar bilan muloqotda bo‘ldim. Ulardan biri, o‘quvchi yo talaba bo‘lsa kerak, ma'ruzadan so‘ng meni biroz xijolat qilib qo‘ydi. U kitobga bir nima deb yozib berishimni so‘radi, nima yozishni bilmay turganimda (shu paytda miyamga nima fikr ham kelardi) grekcha so‘zlarni, kitoblarimdan birida uchraydigan «Injil»dan iqtibos yozib berishimni taklif qildi. Yigirma yildan oshdi, grekcha harf yozmaganimga; xudo biladi, yozuvim qanaqa chiqdi! Boshqa bir yigit yosh shoir ekan, Nyurnbergda o‘tgan o‘sha qisqa vaqtimning kattagina qismini u bilan birga o‘tkazdim va undan xursand bo‘ldim. U o‘zi menga ilgariyoq yoqib qolgan edi, qisman men haqimdagi jiddiy maqolasida she'riy mashqlarimning behuda urinish ekanligini va buning sabablarini juda yaxshi ko‘rsatib bergan edi, qisman esa kichkinagina doston muallifi sifatida (ushbu doston chindanam jozibali yozilgan bo‘lib, uning qahramoni shoir Grabbe edi) yigitcha menga yoqib qolgan edi. Bu yosh shoir men bilan Nyurnberg bo‘ylab birga yurardi, o‘zi o‘tkir ichimliklar ichmasa-da, kechqurunlari qahvaxonalarda sabr-toqat qilib men bilan birga o‘tirardi, u o‘zining yoqimtoy chehrasi va kichkina nozik qo‘llari bilan ba'zi daqiqalarda meni bu shaharda xavf-xatardan asrash uchun buyurilgan farishtaga o‘xshab ketardi.
Shunday bo‘lsa ham, harholda xiyla sarosimaga tushgan va umidsiz kayfiyatda edim. Bir narsa menga aniq edi - u ham bo‘lsa, bu yerdan imkoni boricha tezroq ketish. Myunxenda ishonarli, yaxshi bir do‘stim bor edi, u bilan telegraf orqali bog‘lanib, bu yerda ortiq turolmasligimni, iloji bo‘lsa, meni keyingi tezyurar poezd bilan Myunxenda kutishini ma'lum qildim. Bor budimni yana jomadonga naridan-beri tiqdim-da, mehmonxonadan vokzalga bir amallab yetib oldim va qutulganimga shukr qilib, go‘yoki halokatga mahkum Nyurnbergdan jo‘nab ketdim. Poezd Myunxenga yetguncha hech qaerda to‘xtamadi, biroq manzilga yetib borgunimcha bo‘larim bo‘ldi, yo‘l juda uzoq tuyuldi, allaqancha vaqt o‘tdi, dilim xufton, ko‘zlarim qizargan, tizzalarim qaltirar, yiqilgudek bir alpozda edim. Ehtimol, bu sayohatimning eng go‘zal lahzasidir. Men yana Myunxendaman. Hartugul tirikman, barchasi ortda qolgan, endi hech qachon ma'ruza o‘qishim kerak emas edi. Do‘stim esa, bo‘ychan va baquvvat, ko‘zlari kulib turar, qo‘limdan darhol yukimni olib, ko‘pam so‘rab-surishtirib o‘tirmasdan, bizni falon-falon restoranda tanishlarimiz kutishayotganini aytdi. Menga qolsa, hoziroq o‘zimni karavotga tashlagan bo‘lardim, ammo restoranda o‘tirib otamlashganga ne yetsin?!
Stol atrofida adib va tanqidchilar o‘tirishar, bizni kutishayotgan, qadahlarga esa haqiqiy asl mozel quyilgan edi, eng qiziqarli mavzulardagi suhbat va munozaralarga quloq solib o‘tirardim, bundan mamnun edim, chunki bu gaplarning menga mutlaqo aloqasi yo‘q, mendan hech narsa talab qilmas, qiziqarli edi, xolos.
Myunxen yaqinidagi qishloq joyda istiqomat qiladigan oshnamnikida biroz dam olib, uyga qaytish ulovini aniqlayolmay yana bir necha kun qolib ketdim. Bavariyalik eng yaxshi ko‘rgan do‘stlarimdan birini bir kechaga chaqirib olishga muvaffaq bo‘ldim, oqshom zo‘r va samimiy o‘tdi, uni hech qachon unutmayman. Yozuvchi Yozef Bernhart bilan birga o‘tgan bir soat vaqt nihoyatda samarali bo‘ldi. Bir kechani Tomas Mann huzurida o‘tkazdim. U bilan allamahalgacha gaplashib o‘tirdik, bu kecha uchun undan minnatdorman. Endi «Simplitsissimus»da bosilayotgan «San'atkorlar maktublari»ning muallifi Yoaxim Ringelnattsni ham ko‘rgim keldi, u bir kechaga tashrif buyurganimdan g‘oyat xursand bo‘ldi.
Shahar tashqarisida - Nimfenburgda rohat qildim, meni erkalatib yuborishdi, men u yerda kun bo‘yi ko‘zlarimni suvdan uzmay o‘tirar yoki keksa azim daraxtlar ostida u yoqdan-bu yoqqa borib kelardim, shamolda shodon o‘ynayotgan so‘lg‘in yaproqlarni - o‘zimizning mitti og‘alarimizni kuzatardim. Ularga qarab turib g‘amga botardim, dam kulib qo‘yardim. Xuddi ularga o‘xshab, men ham bugun Myunxenga, ertaga esa Syurixga uchaman, so‘ng yana ortga qaytaman, muttasil nimanidir quvib, iztirobdan qochishga, o‘limni yana biroz keyinga surishga intilaman. Nega endi bunchalar qarshilik ko‘rsatamiz? Hayot o‘yinidan goho xafa bo‘lar, goho kulardim. Binobarin, kulgi men uchun yaxshi hamda ko‘ngildagi narsa ekan, oshnamdan Myunxenda men ilgari ko‘rganimdaqa hozir ham haqiqiy klassik komiklar bormi-yo‘qmi, deb so‘radim. Albatta bor, do‘stim shunaqalardan bittasini bilarkan, uning ismi Valentin ekan va biz gazetalarni titkilashga tushib ketdik, ma'lum bo‘lishicha, u kechqurunlari kamer teatrida o‘zining «Myunxenlik qaroqchi-qurolbardorlar» nomli pesasini qo‘yarkan. Bir kuni oqshom teatrga tushdik. Bu mo‘'jazgina teatrda soat o‘ngacha Strindbergni qo‘yishdi, so‘ng Valentinga navbat keldi. U ushbu ajoyib pesa, favqulodda bema'ni safsata - «Myunxenlik qaroqchi-qurolbardorlar»ni kichkinagina truppa bilan birga ijro etdi. Pesaning bor mazmuni shu ediki, Valentin uzun qilichni taqib olib, soqchi sifatida u yoqdan-bu yoqqa yurib turar va shu asnoda kulgili gaplarni gapirib, g‘alati qiliqlar qilar edi. Ba'zan esa voqea yig‘lab yuborgudek darajada g‘amgin tus olardi, masalan, u kechki ayozda shahar devori oldida o‘tirib, garmon chalgan ko‘yi yoshligini eslar, mudom urush va o‘lim haqida o‘ylardi. Yoki o‘ylanib, ko‘rgan tushini so‘ylardi, tushida u o‘rdak emish, sal bo‘lmasa uzun chuvalchangni yutib yuborayozibdi. Shu o‘rinda insonning bilish qobiliyati cheklanganligi eng sodda shaklda, g‘oyat ajoyib tarzda tasvirlab berilganiga qoyil qolasan. O‘sha garmon jo‘rligidagi fojeaviy hikoya ham birdaniga ko‘tarilgan qattiq kulgi, qahqahalar bilan kutib olinardi, men hali bunday mamnun tomoshabinlarni uchratganimcha yo‘q. Odamlar ham kulishni yoqtirisharkan, qarang! Havoning sovug‘iga qaramasdan ular, biroz kulishaylik deb uzoq shahar atroflaridan kelishadi, pul to‘lashadi, tun yarmidan oqqandan keyingina uy-uylariga tarqalishadi. Men ham rosa kuldim, menga qolsa, ushbu pesa ertalabgacha davom etaversa, derdim. Xudo biladi, endi yana qachon kulishamiz. Qiziqchining mahoratiga, uning ahmoqona xatti-harakatlarimizni hamda bema'ni va mudhish qismatimizni qanchalik dahshatli va nochor tarzda tasvirlab, kulgi formulasiga keltira olishiga qarab, shunchalik ko‘p kulish mumkin! Ortimizda o‘tirgan tomoshabinlardan biri, yoshgina ayol kutilmaganda ikkala tirsagini yelkamga qo‘yib oldi. Meni sevib qoldimikin, deb o‘ylab o‘girilib qarasam, yo‘q, bu kulgining ta'siri, u kulgidan o‘zini tutolmay, jin urgandek menga qarab sapchigan ekan. Valentin haqidagi ushbu xotira - mazkur sayohatning javohirlaridan biridir.
Olmon tilidan Mirzaali Akbarov tarjimasi