Rodari Janni (1920.23.10, Omenya — 1980.15.4) — italyan yozuvchisi. Qarshilik ko‘rsatish harakati qatnashchisi. Ilk «Quvnoq she’rlar kitobi» (1951) to‘plami bolalar hayotiga bag‘ishlangan. Yengil vaznli hajviy o‘ynoqi she’rlari, nasriy asarlari folklor an’analari ruhida.
«Chipollinoning boshidan kechirganlari» (1951) ertak-qissasi ayniqsa mashhur. Asar qahramonining afsonaviy mamlakatdagi g‘aroyib sarguzashtlari fantaziya va hajv unsurlari vositasida yoritilgan. «Fantaziya grammatikasi» (1973) kitobi muallifi. «Chipollinoning boshidan kechirganlari» (1955), «Salom bolalar» (1956), «Jelsomino yolg‘onchilar mamlakatida» (1962), «Telefonda aytilgan ertak» (1971) va b. asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan.