OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jek London. Bo‘ri o‘g‘li (hikoya)

Erkak kishi o‘z vaqtida xotinining qadriga yetmaydi, uning qanchalik zarurligini yaxshi tushunmaydi, xotini dunyodan o‘tib, beva qolgandagina xotinining o‘rni qattiq bilinadi, shundagina uning qadrini tushunadi. U dastlab xotinining o‘z borligi bilan hosil qilgan mehr taftini sezmaydi; lekin ana shu taft ketdi deguncha, erkak hayotida bir bo‘shliq paydo bo‘ladi va shunda unga nima yetishmayotganini bilmay, nimadandir siqiladi, nimanidir qo‘msaydi. Shunda o‘zidan ko‘ra tajribasiz, no‘noq bo‘lgan jo‘ralari unga shubha bilan qarab, bosh chayqaydilar va turli-tuman kuchli dorilarni tiqishtira boshlaydilar.
Bordi-yu, Yukonda yashaydigan inson hayotida shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lsa, agar ushbu hodisa yozda yuz bersa, u odatda qayiqni hozirlaydi, qishda esa chanaga qo‘shilgan itlarni qo‘shib janub tomonga yeladi. Oradan bir necha oy o‘tgach esa, agarda o‘zi Shimolni qo‘msab, sog‘inib qolguday bo‘lsa, eri bilan ana shu sovuq o‘lkaga muhabbatini, barcha mashaqqatu qiyinchiliklarni birgalikda baham ko‘rishga tayyor rafiqasi bilan qaytib keladi. Ana sizga erkakning tug‘ma xudbinligiga yana bir misol! Shunda Skruf Makkenzi hayotida yuz bergan voqea beixtiyor hali Klondayk* oltin vasvasasini hamda che-cha-kuas* bosqinini ko‘rmagan va faqat losos balig‘i bilan shuhrat qozongan o‘sha olis davrlarni yodga soladi.
Bir qarashda Skruf Makkenzi qiyofasida bu yerlarni zabt etgan birinchi odamni ko‘rish mumkin edi. Tabiatning shafqatsiz kuchlari bilan uzluksiz davom etgan yigirma besh yillik kurash uning yuziga o‘z tamg‘asini bosgan edi.
Qutb doirasining ko‘lankasi ostida oltin izlab topish ilinjida o‘tkazgan ikki yili juda og‘ir kechdi. Yurakni zirqiratib yuboradigan bo‘shliq tuyg‘usi Skruf vujudini egallab olganida, bundan ajablanmadi, negaki u ko‘pni ko‘rgan odam bo‘lib, o‘z hayotida shunday og‘ir dardni boshdan kechirgan odamlarni ko‘rgan edi. Lekin Makkenzi o‘zida hech qanday xastalik alomatlarini sezmadi, faqat yanada g‘ayrat bilan ishlayverdi. Butun yozni chivinlar bilan kurashib, bo-yib ketarman, degan xayolda Styuart daryosi etaklarida qum yuvib o‘tkazdi. So‘ngra katta-katta yog‘ochlardan sol yasadi-da, Yukonga tushib, Qirqinchi milgacha suzib bordi va o‘ziga yaxshigina kulba qurib oldi. Kulba shunday mustahkam va bejirim chiqdiki, uni Skruf bilan bo‘lishmoqchi bo‘lganlar ham ancha-muncha topildi. Biroq Makkenzi cho‘rtkesarlik bilan dangal javob qaytarib, ularning umidlarini puchga chiqardi va shu yaqindagi savdo-sotiq do‘konidan ikki hissa oziq-ovqat sotib oldi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Makkenzi ko‘pni ko‘rgan odam edi. U, odatda, ko‘ngli biror narsani xohlab qolsa, shunga erishmaguncha tinchimas, imkon qadar ahdida mahkam turib, ko‘zlagan maqsadidan qaytmas edi. Makkenzi og‘ir mehnatu qiyinchiliklarga o‘rganib ketgan, ammo it qo‘shilgan chanalarda olti yuz mil yo‘l bosish, so‘ngra ikki mil masofani okeanda suzib o‘tish, yana o‘zi ilgari yashagan joygacha rosa ming mil yurish, – bularning barini faqat o‘ziga rafiqa izlash uchungina bajarish kerakligini o‘ylasa hafsalasi pir bo‘lar edi.
U serg‘ayrat, uncha-muncha yo‘lni pisand qilmasdi, tozi itlari bo‘lsa, Yukondagi boshqa itlarga qaraganda ozgina yemak bersang bo‘ldi, dunyoning narigi chekkasiga bo‘lsa ham ketaverardi. Uch haftadan so‘ng u Tanananing yuqori irmog‘idagi qismiga – Stiks qabilasi qo‘nal-g‘asiga keldi. Butun qabila Makkenzini ko‘rib, uning jur’atidan hayron qoldi; sababi, stikslar oq tanlilarni o‘tkir bolta yo yaroqsiz miltiq qo‘ndog‘i bilanmi o‘ldirib, ularga o‘z munosabatlarini bildirib qo‘ygan edi. Tag‘in Makkenzi bu yerga yolg‘iz kelibdi-ya. Uning yurish-turishi, o‘zini erkin tutishi, sovuqqonlik va hattoki surbetlik bilan qarab turishi – hammasi bir bo‘lib, Makkenzining kimligini namoyon etib turardi. Bu turli vositalardan unumli foydalanish uchun yovvoyi odam ruhiyatini anglab yetish va mahorat talab etilardi; Makkenzi bunday ishlarda pixini yorgan edi: qachon murosa qilish va qachon kuch ishlatib, vaziyatni qanday qo‘lga olishni bilardi. Avvalo ishni mulozamat qilishdan boshladi: qabila sardori Tiling-Tinnexga o‘z ehtiromini bildirdi, bir necha funt qora choy, tamaki bilan sardorning xayrixohligiga erishdi. So‘ng esa qabila yigit-qizlari bilan tanishdi. Shu oqshom ularga ziyofat berdi. Qorda uzunligi, chamasi yuz fut, eni esa yigirma besh fut keladigan cho‘ziq maydoncha tashkil etildi. Maydoncha o‘rtasiga gulxan yoqildi, ikkala tomonga qoraqarag‘ay butoqlari to‘shaldi. Butun qabila chodirlardan gala-gala bo‘lib chiqib keldi va kamida yuz nafar mehmon sharafiga hindular qo‘shig‘ini aytdilar.
Makkenzi shu ikki yil ichida hindular tilini o‘rgandi, shuning-dek, ularning bo‘g‘zida talaffuz etadigan chuqur tovushlari, yapon tiliga o‘xshash ilmoqli iboralari-yu, hurmatni bildiruvchi so‘zlarini qunt bilan yodlab oldi. Endi u xuddi ibtidoiy usulda she’r o‘qigan kabi o‘zini erkin qo‘yib, hinducha nutq irod etdi. Tiling-Tinnex va shomon ham unga iliq muomalada bo‘ldi. Makkenzi bosh-qalarga ham unga shunday munosabatda bo‘lishlari uchun qabila erkaklariga arzimagan sovg‘alardan ulashdi, ular bilan birga qo‘shiq kuyladi va hindularning “Ellik ikki tayoq” qimor o‘yinida mohir o‘yinchi sifatida o‘zini yana bir bor namoyish qildi.
Shunday qilib, hindular Makkenzining tamakisidan chekib, rohatlandi. Biroq uning qabilada qozongan obro‘-e’tibori yigitlarga yoqmayotgan edi – qizlar qiqir-qiqir kular, tishsiz kampirlar nimalargadir ishora qilardi. Ular ko‘p bo‘lmasalar-da, uncha-muncha oq tanlilarni – Bo‘ri O‘g‘illarini o‘zlariga ba’zi saboqlarni berib qo‘yishganini yaxshi bilardilar.
Makkenzi o‘zini bee’tibor tutsa-da, buni juda teran uqdi. U tunda qopko‘rpa ichiga kirib yotganicha, barini ipidan-ignasigacha o‘ylab, reja tuzib chiqdi, buning uchun trubkasida ozmuncha tamaki chekmadi. Qabiladagi qizlar ichida uning e’tiborini tortgani qabila sardorining qizi – Zarinka edi. Qiz boshqalardan keskin ajralib turar, yuz tuzilishi, kelishgan qaddi-qomati, barnoligi bilan oq tanli odamning go‘zallik haqidagi tushunchalariga mos kelar edi. Makkenzi Zarinkani xotin qilib oladi va otini Gertruda qo‘yadi. Shunday qarorga kelgan Makkenzi o‘zini Samson* dek kuchli his qildi-da, yonboshiga o‘girilib, uyquga ketdi.
Bu mashaqqatli ish edi, uning bu rejasi vaqt va sa’y-harakatni talab etardi. Makkenzi hiyla bilan ish ko‘rdi, u o‘zini loqayd, beparvo tutar va bu bilan qabiladagilarni chalg‘itar edi. U qabiladagilarga o‘zini mohir mergan va usta ovchi ekanini ko‘rsatib, ularni hayratda qoldirishga kirishdi; olti yuz yardli masofadan los*ni o‘ldirib, ularning maqtovlariga sazovor bo‘ldi. Kunlarning birida, oqshom chog‘i, u qabila sardori Tiling-Tinnexning los va bug‘u terisidan tikilgan chodiriga tashrif buyurdi, unga xushomad qildi, sardorni tamaki bilan siyladi. Makkenzi yana fursatni boy bermay, qabilada katta obro‘ga ega bo‘lgan shomonga ham xuddi sardor kabi iltifotda bo‘ldi. Biroq ko‘rsatilgan iltifotdan g‘azabini arang bosgan shomonni hech ikkilanmasdan bo‘lg‘usi raqiblari safiga qo‘shib qo‘ydi.
Makkenzining Zarinka bilan bevosita suhbatlashish imkoni bo‘lmasa-da, qizga imo-ishoralar bilan o‘z niyatini bayon etdi. Qiz ham uning maqsadini juda yaxshi tushungan, ammo har safar noz-karashma bilan atrofiga bir to‘da xotin-xalajni to‘plab olar, bu payt erkaklar yiroqda bo‘lar, shunda Skruf Zarinkaning oldiga borishiga imkon tug‘ilardi. Lekin Makkenzi shoshilmasdi, sababi, Zarinka o‘zi bilmagan holda yigit haqida o‘ylay boshlashini va vaqti kelib, bu o‘ziga yordam berishini bilardi.
Nihoyat, bir oqshom Makkenzi kutilgan vaqt kelganini tushunib, to‘satdan sardorning tutunlar buruqsigan chodiridan chiqdi-da, qo‘shni chodirga yo‘l oldi. Zarinka, odatdagidek, ayollar va yosh qizlar qurshovida ko‘ylakka munchoq qadab o‘tirar edi. Ular Makkenzini ko‘rib, kulib yubordilar, Zarinkaga hazil aralash kinoya qila boshladilar. Lekin Makkenzi takalluf qilib o‘tirmasdan ularni birin-ketin chodirdan to‘g‘ri qorga uloqtirdi, ayollar bo‘lib o‘tgan voqeadan boshqalarni boxabar etish uchun atrofga yugurib ketdilar.
Makkenzi qanday maqsad uni bu yerga yetaklab kelganini bag‘oyat ishonarli qilib, Zarinkaning ona tilida (uning tilini qiz tushunmasdi) bayon etdi va oradan ikki soat o‘tgach, ketishga chog‘landi. Zarinka oq tanli odam chodiriga yashashga boradi, shundaymi? Yaxshi! Men hozir borib otang bilan gaplashaman. Balki u qarshilik qilar. Men otangga ko‘p sovg‘a-salom beraman, lekin u ko‘p narsa talab qilmasa kerak. Bordi-yu, u rad etsa-chi? O‘zing gaplashib ko‘rasanmi? Zarinka baribir oq tanli odamning chodiriga ketadi.
Makkenzi eshik vazifasini o‘tovchi teri pardani ko‘targan ham ediki, qizning past ovozda aytgan gapini eshitib, ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Zarinka ayiq terisidan to‘shalgan yerga tiz cho‘kdi, uning yuzidan xuddi Momo Havoning bokira qizlariniki kabi nur taralardi. Zarinka tizzalagancha, Makkenzining katta ovchilar pichog‘i osilgan belbog‘ini ohista yechdi. Makkenzi nima gapligini tushunolmay, qizga taajjub bilan qarar ekan, tiq etgan tovushga qulog‘i ding edi. Ammo bir ozdan so‘ng u Zarinkaning maqsadini tushundi; shubhalari tarqab, mamnun kuldi. Zarinka o‘zi tikkan narsalari saqlanadigan xaltadan los terisi qoplangan, jilolanib turgan, munchoqlar bilan bezalgan qinni oldi. Qiz boshmaldog‘ini pichoqning o‘tkir tig‘idan ehtiyotkorlik bilan yurgizdi-da, uni o‘zi taqdim etayotgan yangi qinga soldi. So‘ngra qinli pichoqni belbog‘iga taqib, o‘z joyi – belining chap yoniga surib qo‘ydi.
Qarang-a, bu manzara qadim zamonlardagi sahnani eslatmaydimi: xonim va uning bahodiri. Makkenzi qizni o‘rnidan turg‘izdi va mo‘ylovli lablarini uning aqiq lablariga tekkizdi – bu qiz uchun notanish, begona erkalash edi. Tosh asri po‘lat asri bilan shu tariqa uchrashdi.
Skruf Makkenzi qo‘ltig‘ida kattakon tugun bilan yana Tiling-Tinnex ostonasida paydo bo‘lganda, atrofda uning kayfiyati kabi g‘ayrioddiy jonlanish sezilardi. Bolalar yelib-yugurib qo‘nalg‘alariga ziyofat uchun quruq o‘tin, shox-shabbalar tashir, ayollarning vag‘ir-vug‘uri avjiga minar, tumshaygan yigitlar to‘p bo‘lib olganlaricha nimanidir gaplashar, shomon uyidan vahimali afsun sadolari eshitilar edi.
Sardor ko‘zlari yig‘idan qizargan xotini bilan yolg‘iz o‘tirardi. Makkenzi ular yangilikdan allaqachon xabar topganliklarini dar-hol tushundi. Zarinkaning rozi bo‘lganini isbotlovchi munchoqli qinni ko‘zga ko‘rinadigan joyga surib qo‘ydi va dedi:
– Ey, stikslar qabilasi, los, bug‘u, ayiq, kiyik va Tanananing ulug‘ hukmdori bo‘lgan Tiling-Tinnex! Oq tanli odamni huzuringga buyuk maqsad yetaklab keldi. Ko‘p oylardan buyon uning uyi bo‘m-bo‘sh va u juda yolg‘iz edi; bu yolg‘izlik uni xarob qildi, uning ayolga bo‘lgan ehtiyoji kuchaydi – ayol uning uyida birga o‘tirsin, ovdan qaytganda kutib olsin, o‘choqqa olov yoqib, taom pishirsin. Oq tanli odamning ko‘ziga g‘alati narsalar ko‘rindi. Bir kuni oqshom uning ko‘z o‘ngida arvoh ko‘rindi, qulog‘iga mokasin*larning tap-tupi va bolalar qiy-chuvi eshitildi. Arvoh Qarg‘a – sening ajdoding, ulug‘ Qarg‘a, stikslar qabilasining sardori paydo bo‘lib, unga so‘zlay boshladi: “Oyog‘ingga mokasin kiyib ol, chang‘ingni taq, chanangga ko‘p kunlik safar uchun yeguliklar, Tiling-Tinnexga atalgan qimmatbaho sovg‘a-salomlarni joyla, chunki sen bahor quyoshi charaqlagan zamin ortida yashiringan tomonga yuzingni qaratishing, ulug‘ Tiling-Tinnex sari yo‘l solishing zarur. Sen u yoqqa qimmatbaho sovg‘a-salomlar olib borasan, keyin mening o‘g‘lim Tiling-Tinnex senga ota bo‘ladi. Uning chodirida bir qiz bor, men sen uchun bu qizga hayot nafasini baxshida etdim. Sen bu qizni xotin qilib olasan.” O, sardor, ulug‘ Qarg‘a menga shunday dedi. Men shuning uchun ham ana shu hadyalarni oyoqlaring ostiga keltirib to‘kayapman. Ana shuning uchun ham men sening qizingni xotin qilib olgani keldim.
Keksa sardor qirollardek savlat bilan mo‘ynali libosiga o‘ralib oldi, ammo javob berishga shoshilmadi. Xuddi shu payt bir bolakay kirib keldi va sardorni qabila kengashida kutayotganlarini aytib, qanday kelgan bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘ldi.
– O, biz loslar kushandasi deb atagan, yana Bo‘ri va Bo‘ri o‘g‘li degan nom bilan ma’lumu mashhur Oq Tanli odam! Sen bizning buyuk qavmimizdan ekaningni bilamiz; mehmonimiz bo‘lganingdan g‘ururlanamiz. Keta* lososga juft emas. Xuddi shundaymi, Bo‘ri ham Qar-g‘aga juft bo‘la olmaydi.
– Noto‘g‘ri! – xitob qildi Makkenzi. – Men Qarg‘aning qizlarini Bo‘ri lagerlarida – Mortemir, Trejidgo, Bernebilar bilan uchratdim, – ularning uylariga skvo* ikki marta muz ko‘chishidan ilgari kirib kelgan. Men garchand o‘z ko‘zim bilan ko‘rmagan bo‘lsam-da, boshqa shunday voqealarni eshitganim bor.
– O‘g‘lim, aytganlaring rost, lekin ular yaxshi juft bo‘la olmaydilar, go‘yo qum bilan suvning, qor parchasi bilan quyoshning juft bo‘lgani singari. Sen Meyson ismli odam bilan uning skvosini bilasanmi, yo‘qmi? U barcha Bo‘rilardan birinchi bo‘lib, o‘n marta muz ko‘chishidan ilgari kelgan. Tol daraxtidek uzun bo‘yli, grizli* ayig‘i kabi bahaybat, kuchli, jasur bir yigit ham u bilan birga edi. Uning. . .
– Bu axir Meylmyut Kid-ku! – Makkenzi Shimolga dong‘i ketgan shaxsni eslab sardorning gapini bo‘ldi.
– Ha, bu o‘sha pahlavon. Sen biror marta uning skvosini ko‘rganmiding? U Zarinkaning tug‘ishgan opasi bo‘ladi.
– Yo‘q, sardor, men uni ko‘rmaganman, lekin eshitganman. Olis Shimolda yuz yillik qarag‘ay qarib, qulagan va Meyson shuning ostida qolib o‘lgan. Meyson xotinini juda sevardi, keyin uning oltini ham ko‘p bo‘lgan. Ayol oltinni, eridan yodgorlik bo‘lib qolgan o‘g‘lini olib, uzoq yo‘lga ravona bo‘lgan, yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, qishda ham quyosh charaqlab turgan mamlakatga kelib qolgan... U hozir ham o‘sha yerda yasharmish. U tomonlarda qahraton sovuqlar bo‘lmasmish, qor ham yo‘q emish, yozda yarim kechasi quyosh nur sochmasmish, qishda esa qiyom vaqti qorong‘i ham tushmasmish.
Xuddi shunda ikkinchi chopar sardorni kengashga chaqirib, ularning gapini bo‘ldi. Makkenzi uni qorga uloqtirarkan, gulxan atrofida lipillayotgan odamlar ko‘lankalarini ilg‘adi, aftidan, bu yerda qabila kengashi bo‘lyapti shekilli, bir maromda ohista kuylagan erkaklar ovozlarini eshitdi va shomon qabila kishilarining g‘azabini qo‘zg‘ayotganini bildi. U sardorga yuzlandi:
– Gapimga quloq sol, senga yomonligim yo‘q. Men sening qizingni xotinlikka olmoqchiman. Qara, mana tamaki, mana choy, katta va yaxshi jun ko‘rpa, manavi esa haqiqiy miltiq, yana unga ko‘p patron va ko‘p o‘q-dori ham qo‘shdim.
– Yo‘q, – rad qildi sardor, qarshisida yoyilgan katta boylikka e’tibor bermaslikka tirishib. – Hozir butun qabila bu nikohni to‘xtatish uchun yig‘ilib o‘tiribdi.
– Sen axir ularning sardorisan-ku!
– To‘g‘ri, biroq yigitlarimiz qattiq g‘azabda, sababi bo‘rilar ularning qalliqlarini tortib olishayapti.
– Quloq sol, Tiling-Tinnex! Bo‘ri ana shu tun o‘tib, kunga aylanishi bilan itlarini Sharqiy tog‘lar tomon, olis Yukon tomon haydaydi. Zarinka ham u bilan ketadi.
– Balki mana shu tun yarimlamasdanoq mening yigitlarim Bo‘rining go‘shtini itlarga tashlar va uning suyagi bahor quyoshi ko‘ringuni qadar qor ostida yotar.
Bu po‘pisaga po‘pisa bilan javob berish edi. U ovozini balandlatdi. Shu vaqtgacha ularni jimgina kuzatib o‘tirgan sardorning keksa xotini eshikni to‘sib turgan Makkenzining orqasidan o‘tib, chiqib ketmoqchi bo‘ldi. Shu payt tashqarida eshitilayotgan ashula ovozlari tindi; o‘rniga har xil ovozlarning shovqini eshitildi. Makkenzi kampirni qo‘pollik bilan teri o‘rindiqqa uloqtirib yubordi.
– Sendan yana bir marta so‘rayapman, Tiling-Tinnex! Bo‘ri jag‘larini yumib o‘larkan, u bilan birga qabilangning naq o‘nta zabardast yigiti ham abadiy uyquga ketadi, erkaklar kerak-ku, axir ov endigina boshlanyapti, yana baliq ovigacha uncha ko‘p vaqt qolgan emas. Ayt-chi, mening o‘limimdan senga nima naf? Elingning urf-odatlarini bilaman: senga mening boyliklarimning ozginasi tegadi. Menga qizingni bersang, butun boylik faqat seniki bo‘ladi. Senga yana bir narsani aytay: bu yoqqa mening birodarlarim keladilar. Ularni sanab, sanog‘iga yetib bo‘lmaydi, ular yeb to‘ymaydilar, keyin Qarg‘aning qizlari Bo‘rilar makonida bolalar tug‘adilar. Mening qabilam senikidan kuchli. Buni taqdiri azal deydilar. Menga qizingni ber, bularning bari seniki bo‘ladi.
Tashqarida mokasinlar qorda g‘irchilladi. Makkenzi miltig‘ini ozod ko‘tardi va belbog‘idagi ikkala revolveri g‘ilofini yechdi.
– Hoy, Tiling-Tinnex, qizingni menga ber!
– Qabilam bunga ko‘nmaydi.
– Ber, shunda mana bu boyliklar seniki bo‘ladi. Qabilang bilan esa o‘zim gaplashaman.
– Bo‘ri xohlaganidek bo‘la qolsin. Hadyalaringni, mayli, olaman, biroq men seni ogohlantirdim-a.
Makkenzi unga sovg‘a-salomlarni berdi, hatto miltiq tepkisini tushirib qo‘yishni ham unutmadi, yana ko‘zni oladigan guldor ro‘molni ham qo‘shib berdi.
– Narsalaringni yig‘ishtir! – u tabriklash o‘rniga qisqa buyruq berdi Zarinkaning chodiri yonidan o‘ta turib, so‘ng itlarini chanaga shosha-pisha qo‘sha boshladi.
Oradan bir necha daqiqa o‘tib, u chanasini yetaklab, qabila kengashida paydo bo‘ldi; Zarinka Makkenzi bilan yonma-yon keldi. Makkenzi tepkilab tashlangan maydonchaning yuqori etagidan, sardorning yonidan joy egalladi. Zarinkaga o‘zining chap tomonidan, bir qadam orqadan joy ko‘rsatdi. Bilib bo‘ladimi, biror ko‘ngilsizlik yuz beradigan bo‘lsa, kimdir seni orqa tomondan pana qilib turishi kerak-ku. O‘ng va so‘ldan erkaklar gulxan tomon egildilar, ularning ovozlari qadimiy, deyarli unut bo‘layozgan qo‘shiqda qo‘shilib, birlashdi. Buni ko‘ngilga borib tegadigan zo‘r qo‘shiq deb bo‘lmasdi, – qo‘shiq g‘alati, kutilmaganda o‘zgarib qolar, birdan jo‘rsiz, yakka ijro joylarida to‘xtab, yana g‘ashga tegib takrorlanaverardi. To‘g‘rirog‘i, bu qo‘shiq kishini vahimaga solar edi. Maydoncha pastida shomon oldida turgan o‘nlab ayol chir aylangancha raqsga tushardi. Kimda-kim marosimni sidqidildan ijro etmasa, shomon o‘sha odamga qattiq dashnom berardi. Huddi qarg‘a qanotiga o‘xshab, qop-qora sochlari qoq beligacha yoyilib tushgan xotinlar asta orqaga va oldinga chayqalar, ularning qomatlari to‘xtovsiz o‘zgarib turgan ohangga mos egilib-bukilardi.
Bu aslo zamonga muvofiq kelmaydigan g‘alati manzara edi. O‘n to‘qqizinchi asr poyoniga yetmoqda, uning so‘nggi o‘n yilliklari ham o‘zining oxirgi yillarini kechirmoqda edi, – qarang, bu yerda esa ibtidoiy odam, tarixga dovur g‘orda istiqomat qilayotgan, ko‘lankasi olis o‘tmishning xotiradan ko‘tarilgan parchasi gullab-yashnamoqda. Katta-katta malla itlar hayvon terisidan libos kiygan egalari bilan yonma-yon o‘tirar, qon to‘la ko‘zlari, nam so‘yloq tishlari gulxan yog‘dusida yiltillar edi. Xira qor ko‘rpasiga o‘rangan quyuq o‘rmon sodir bo‘layotgan voqealarga parvo ham qilmay, dong qotib uxlar edi. Qo‘nalg‘ani qurshab olgan Oppoq sukunat go‘yo yana qaytadan borliqni zabt etishga tayyorgarlik ko‘rayotganga o‘xshardi; yulduzlar xuddi Buyuk Qahraton zamonidagidek titradilar va ko‘kda raqs tushdilar, shunda Qutb Ruhlari butun ufqqa o‘zining yog‘du sochuvchi olovli libosini yoyib oldilar.
Skruf Makkenzi ana shu manzaraning yovvoyi ulug‘vorligidan lol qoldi. Bular orasida kim yo‘q ekan, deya qaldirg‘ochday tizilishib turgan mo‘yna libosli odamlarni ko‘z qiri bilan kuzatdi. Shunda uning ko‘zlari onasining ochiq ko‘kragini osoyishta emayotgan chaqaloqqa tushdi. Harorat qirq darajadan ham past edi. Makkenzi beixtiyor o‘z xalqining nozik ayollarini esladi va miyig‘ida istehzoli kulib qo‘ydi. Ana shunday nozik ayollardan dunyoga kelgan, o‘zi hamda elatdoshlariga jami quruqliklaru dengiz, barcha o‘lkalar zaminidagi jonivorlar hamda insonlar ustidan hukmron bo‘lish huquqi in’om etildi. U Arktika qishining qa’rida qadrdon yerlardan olisda ana shu in’om etilgan meros xitobini –hukmronlik qilish istak-irodasi, xavf-xatar, tahlikaga telbalarcha hirs qo‘yish, jang ehtirosi, yo g‘alaba qozonish, yo halok bo‘lish ahdi-qarorini his etdi.
Qo‘shiq ham, raqs ham poyoniga yetdi, shunda shomon shiddat bilan nutq irod etdi. Shomon ustalik bilan hindularning timsollarga boy asotiru afsonalaridan tushunib bo‘lmas, chalkash misollar keltirib, ishonuvchan, soddadil tinglovchilarni avray boshladi. U kuchli va ishonchli dalillar bilan so‘zladi. Tinchlik va bunyodkorlik timsoli bo‘lmish Qarg‘aga – tajovuzkorlik va buzg‘unchilik timsoli bo‘lmish Bo‘ri – Makkenzini qarshi qo‘ydi. Stikslar qabilasi – Jelksning, Prometey olovini olib kelgan Qarg‘aning naslidandir; Makkenzi esa– Bo‘ri, boshqacha aytganda, iblisning o‘g‘li. Bu ikki kuchning azaliy urushini to‘xtatishga urinish, ashaddiy g‘animimizga qabilamiz qizlarini xotinlikka berish –demakki, o‘taketgan xoinlik, kufrdir. Eng achchiq so‘zlar, eng qabih haqoratlar ham Makkenziga – zaharli ilon, ishonchimizga makkorlik bilan biqinib kirib olishga urinayotgan iblis elchisiga juda muloyimlik qiladi. Shunda uning so‘zlarini tinglab turgan odamlar g‘ovur-g‘uvur qildilar, dag‘dag‘a bilan shovqin soldilar, shomon esa nutqida davom etdi:
– Birodarlarim, Jelks har ishga qodir, qudratlidir! Axir u emasmi isinishimiz uchun ilohiy olovni olib kelgan? Axir u emasmi biz ko‘rishimiz uchun quyosh, oy va yulduzlarni osmondagi inlaridan chiqarib qo‘ygan? Axir u emasmi bizni ochlik va sovuqlik ruhlari bilan kurashishga o‘rgatgan? Hozir esa Jelks bolalaridan xafa bo‘ldi, g‘azabi keldi – uning qabilasidan bir siqim qoldi, shuning uchun ham Jelks ularga yordam bera olmaydi. Negaki ular Jelksni unutganlar, negaki ular noma’qul ish qilmoqdalar va chatoq yo‘llardan yurmoqdalar, o‘z chodirlariga g‘animlarini kiritmoqdalar va gulxanlari atrofida o‘tqazmoqdalar. Axir Qarg‘a bundan keyin ham o‘z bolalarining badxulqligidan ozor chekmasinmi, qayg‘urmasinmi? Biroq uning bolalari qilgan qilmishlarini tushunib yetib, Jelks sari qaytib kelsalar, shunda u zulmatdan chiqib, ularga yordam beradi. Ey mening qondoshlarim! Olov olib keluvchi o‘z xohish-irodasidan shomonni boxabar etdi, – endi sizlar ham bu xabarga quloq tutinglar. Yigitlar qizlarni o‘z chodirlariga olib kirsinlar, o‘zlari esa Bo‘riga hamla qilsinlar, toki ularning nafratlari sira so‘nmasin! Shundagina xotinlarimiz bola tug‘adilar, shunda Qarg‘a elati ko‘payadi va qudratli bo‘ladi! Shunda Qarg‘a ular ota-bobolarining buyuk qabilalarini Shimoldan olib chiqadi, shunda ular Bo‘rilar bilan kurashadi va ularni kunfayakun qiladi, bulturgi gulxan kuliga aylantiradi, o‘zlari esa yana butun mamlakatga hukmdor bo‘ladi. Jelks, Qarg‘a menga shunday dedi!
Stikslar yaqin kelajakda yuz berajak xaloskorlik haqidagi xabarni eshitgach, guvillab o‘rinlaridan turib ketdilar. Makkenzi endi nima bo‘larkin, deya kutdi. Shunda atrofni «Tulki, tulki!»– degan hayqiriqlar tutdi. Hayqiriqlar tobora ko‘kka ko‘tarildi; nihoyat yosh ovchilardan biri oldinga chiqib, dedi:
– Birodarlar! Shomon dono gaplarni aytdi. Bo‘rilar naslimizni davom ettirishi kerak bo‘lgan qizlarimizni olib ketyapti, qavmimiz esa kamayib boryapti. Oramizga Bo‘rilar bostirib kelib, issiq mo‘yna po‘stinlarimizni tortib olishayapti, o‘rniga shishadagi yovuz ruhlarni, qunduz yo silovsin terisidan emas, o‘tdan tikilgan kiyimlarni tashlab ketishyapti. Albatta, bu kiyimlar issiq bermaydi, keyin odamlarimiz tushunarsiz dardlardan qirilib ketishyapti. Mana, men – Tulkining xotini yo‘q. Nega deysizmi? Men ikki marta qiz yoqtirdim. Menga yoqqan kizlar ikki martasida ham Bo‘rining qo‘nog‘iga ketib qoldi. Men zora Zarinkani berarmikan, zora Tiling-Tinnex e’tiboriga tusharmikinman, deb qunduz, los, bug‘u terisini olib qo‘ygandim. Mana, hozir Zarinka Bo‘ri bilan ketishga tayyor, uning itlarini yo‘lga chorlashga hozirlik ko‘ryapti. Men faqat o‘zimni gapirmayapman. Ayiq ham xuddi men hozir aytgan gaplarni aytishi mumkin. U ham Zarinka tug‘ajak bolalarning otasi bo‘lishni istaydi, u ham xuddi menday Tiling-Tinnexga beraman deb ozmuncha terilarni asrab qo‘ydimi. Men bu gaplarni hamma bo‘ydoq ovchi yigitlar nomidan gapiryapman. Bo‘rilar hech qachon to‘ymagan. Ular hamisha och. Ular doim yog‘li-yog‘lilarini saylab oladi. Biz bechora Qarg‘alarga esa yeb bo‘lmaydigan sarqitlar qoladi.
 – Mana, qarang, manavi Guklani! – Tulki andisha qilib o‘tirmay ayollardan biriga qo‘lini niqtadi; o‘sha xotin oqsoq edi. – Qarang, Guklaning oyoqlarini, xuddi qayiqning yoni, bo‘ksasi qing‘ir-qiyshiq. Gukla, ko‘rib turibsiz, o‘tin yig‘olmaydi, shox-shabba yig‘olmaydi, ovchi otib tushirgan ilvasinni ham olib kelolmaydi. Uni Bo‘rilar olarmidilar?
– Yo‘q! yo‘q! – deya qabiladoshlari qichqirib xitob qildilar.
– Mana Moyri, – so‘zida davom etdi u. – Yovuz ruh uning ko‘zlarini g‘ilay qilib qo‘ygan. Hattoki chaqaloqlar ham uni ko‘rsa qo‘rqib ketarmish, Ayiq ham unga yo‘l bo‘shatib beradi. Uni-chi, Bo‘rilar tanlab olarmidilar?
Yana olomon guvillagancha uning gaplarini ma’qulladi.
– Mana, bu yerda Pischet ham o‘tiribdi. U mening gaplarimni eshitmaydi. Pischet hech qachon xandon-xushon suhbatlarni eshitmagan, erining ovozini ham, o‘z go‘dagi guvranishini ham eshitolmaydi. U oppoq sukunatda yashaydi. Bo‘rilar aqalli bir marta bo‘lsa-da, unga e’tibor qaratdimi? Yo‘q! Ularga sara-saralari, bizga bo‘lsa sarqitlar qoladi.
Birodarlar, ish bunday ketaverishi aslo mumkin emas! O‘chog‘imiz oldiga boshqa kelmasligi uchun bo‘rilarni daf qilishimiz lozim!
Shimol yog‘dusining ulkan olovli qanoti qirmizi, yashil, sariq alanga bo‘lib, yorqin ko‘kning u chekkasidan-bu chekkasigacha yoyilib lovulladi. Shunda Tulki boshini orqaga tashladi va qo‘llarini osmonga ko‘targanicha, na’ra tortdi:
– Qaranglar! Ota-bobolarimizning ruhlari oyoqqa turdi! Mana shu tun buyuk voqealar sodir bo‘lajak!
U orqaga chekindi, shunda uning turtkisi bilan bir ovchi jur’atsizgina oldinga chiqdi. U boshqalardan bo‘yi balandroq, keng ko‘kragi xuddi sovuq bilan o‘chakishganday ochiq edi. Yigit o‘ng‘aysizlanib, og‘irligini u oyog‘idan-bu oyog‘iga solar, tili kalimaga kelmasdi. U tortinchoq, odamovi edi. Uning yuziga qaragan kishi qo‘rqib ketardi: aftidan, qandaydir bir maxluq urib abjag‘ini chiqarganga o‘xshardi. Nihoyat u xuddi do‘mbirani chalganday, ko‘kragiga mushti bilan urdi va so‘ng gap boshladi; ovozi go‘yo ummon bo‘yidagi g‘orga to‘lqinlar kelib urilgandagi kabi bo‘g‘iq eshitildi.
– Men – Kumush Nayza avlodidanman, Kumush Nayzaning o‘g‘li – Ayiqman. Hamisha jarangdor ovozim bilan silovsin, los va kiyik ovladim; ovozim suvsar tuzoqqa tushib hayqirgani singari yangraganida Janubiy tog‘larni kesib o‘tdim va Oq daryo qabilasidan uch kishini u dunyoga jo‘natdim; chinuk o‘kirigi singari o‘kirganida bahaybat grizliga yo‘liqdim –men ayiqqa yo‘l bermadim.
U kafti bilan yuzidagi dahshatli chandiqlarini silaganicha to‘xtab qoldi. So‘ng gapida davom etdi:
– Men Tulki emasman. Tilim xuddi daryo kabi muzlab qolgan. Men chiroyli gapira olmayman, so‘zga no‘noqman. Tulki: «Shu tunda buyuk voqealar sodir bo‘ladi», dedi. Xuddi bahor toshqinida daryo to‘lib-toshganiday uning so‘zlari og‘zidan toshib chiqaveradi, lekin u amalda bunday saxovatli emas. Men bugun oqshom Bo‘ri bilan olishmoqchiman. Men uning jonini olaman va Zarinka mening xonadonimda o‘tiradi. Men, Ayiq, o‘z so‘zimni aytdim.
Atrofda chinakam qiyomat qo‘pdi, biroq Makkenzi joyidan qimir etmadi. Miltiqni shunday yaqin masofada otish befoydaligini yaxshi tushungan holda u revolverlarini ishga solish uchun shaylandi – belbog‘idagilarni kishi bilmas oldinga surib qo‘ydi, keyin qo‘lqoplarini barmoqlari uchlarigacha tushirdi. Agar unga hammasi birdaniga hamla qilsa, hech nima qila olmasligini bilardi. Yaqindagina o‘zi «Bo‘rilar shunchaki o‘lmaydilar», deb maqtangan edi, shu gapiga sodiq qolib, jag‘lari bilan g‘animining bo‘g‘zidan olgancha jon berishga shay turdi. Lekin Ayiq qondoshlarini to‘xtatib qoldi, eng qiziqqon, jizzakilarini dahshatli musht bilan orqaga irg‘itib yubordi. To‘fon tindi, Makkenzi Zarinkaga qo‘z qirini tashladi, bu favqulodda ajoyib manzara edi. Qiz chang‘ida turgancha, butun vujudi bilan oldinga intildi, lablari sal ochildi, burun kataklari pir-pir qildi – uning bu turishi xuddi urg‘ochi yo‘lbarsning sakrashdan oldingi holatini eslatardi. Qiz qabiladoshlariga qarab turar, uning qora ko‘zlarida ham qo‘rquv, ham norozilik ifodasi zohir edi. Uning butun borlig‘i xuddi kamon ipi singari tarang tortilganidan, hatto nafas olishni ham unutdi. Qiz azbaroyi bezovta bo‘lib bir qo‘lini ko‘ksiga bosganicha, ikkinchisida uzun qamchisini qisganicha qotib qoldi. Ammo Makkenzi unga qarashi bilan Zarinka o‘ziga keldi. Qizning tarang tortilgan mushaklari bo‘shashdi, chuqur nafas oldi, qaddini rostladi va Makkenziga benihoya mehr-sadoqat to‘la nigohlari bilan javob qaytardi.
Bir payt Tiling-Tinnex gapirishga urindi, ammo olomonning hayqirig‘i uning ovozini bosib ketdi. Shunda Makkenzi o‘rtaga chiqdi. Tulki so‘zlash uchun og‘iz juftladi-yu, biroq shu on orqasiga tislandi, kuchli faryod tomog‘iga tiqildi – Makkenzi unga bemisl g‘azab, tahdid bilan o‘girildi. Tulkining mag‘lubiyati qattiq kahqaha bilan qarshi olindi.
– Birodarlarim! – deya so‘z boshladi Makkenzi. – Siz Bo‘ri deb atagan oq tanli odam sizlarning huzuringizga ochiq ko‘ngil bilan keldi. U eskimoslarga o‘xshab aldamaydi. U huzuringizga do‘st bo‘lishni istab keldi. Biroq yigitlaringiz ko‘ngillaridagini aytdilar, endi do‘stona gaplarga o‘rin qolmadi. Endi gapimga quloq solinglar: avvalo, sizlarning shomoningiz yovuz odam ekan, u yolg‘ondan bashorat qilar ekan, u sizlarga aytgan istak-iroda – bu Olov Keltiruvchining xohish-irodasi, hukmi emas. Qarg‘aning ovozini eshitish uchun uning quloqlari karlik qiladi, shomon ichidan g‘arazli gaplarni to‘qib chiqarib, hammangizni laqillatdi. U hech qanday ilohiy kuchga ega emas. Sizlar o‘z itlaringizni o‘ldirib, go‘shtini yeyishga majbur bo‘lganingizda, mokasin yeb xom teridan qorningiz og‘riganida, chollar o‘lganida, kampirlar jon berganida, onasining ko‘kragiga sut kelmay, chaqaloqlar nobud bo‘lganida; yerlaringizni zulmat qoplaganida va xuddi muzda losos qirilganiday bari jonivor qirilib-bitganida; ochlik-qahatchilik sizlarga hujum qilganida – shu shomoningiz biror yordam berdimi yoki ovchilarga omad kulib boqdimi? Yoki u qorningizni go‘sht bilan siylab, to‘ydirdimi? Yana qaytarib aytaman: shomonning hech qanday ilohiy kuchi yo‘q. Mana men hozir uning yuziga tupuraman!
Hamma Makkenzining shomonday muqaddas zotga til tekkiz-ganidan, uni tahqirlaganidan hayratdan lol bo‘lib qoldi, lekin hech kim churq etmadi. Ba’zi ayollarning o‘takasi yorilib, qo‘rqib ketdi. Erkaklar esa yuragi taka-puka bo‘lib, endi qanday mo‘‘jiza yuz berarkin, deya kutib turdilar. Hammaning nigohi shomon va Mak-kenziga qaratilgan edi. Shomon hal qiluvchi daqiqalar yetib kelganligini anglab yetdi. Endi vaziyat jilovi qo‘ldan ketayotganini his qildi va shunda do‘q-po‘pisa qilib, la’natlar o‘qishga shaylandi-yu, birdan fikridan qaytdi. Makkenzi mushtumini do‘laytirdi va qahr ila chaqnagan ko‘zlari bilan unga tomon qadam bosdi. Shomon istehzoli ishshayib, ortiga tisarildi.
– Nima, shomonni haqorat qilganim uchun menga balo yopirildimi? Meni yashin urdimi? Yoki osmondan yulduz tushib, halok qildimi? Tuf-ey! Men bu it bilan hisob-kitob qilib bo‘ldim. Endi men sizlarga butun yer yuzida, jamiki o‘lkalarda hukmdorlik qilayotgan qudratlilardan qudratli bo‘lgan o‘z qabilam haqida aytib beray. Avvaliga biz yakka-yakka, bir o‘zimiz ov qilamiz. So‘ng gala-gala bo‘lib ov qilamiz va nihoyat xuddi bug‘ular to‘dasi kabi butun o‘lkani to‘ldirib yuboramiz. Biz o‘z chodirlarimizga kiritganlarimizgina omon qoladi, qolganlarini o‘lim kutadi. Zarinka chiroyli, baquvvat qiz, u Bo‘rilarga yaxshi ona bo‘la oladi. Sizlar hozir meni o‘ldirishingiz mumkin, lekin Zarinka baribir Bo‘rilarga ona bo‘ladi, negaki mening birodarlarim son-sanoqsiz, ular itlarimning izlarini olib bu yerga keladi. Mana, Bo‘ri Qonuniga quloq tuting: agarda kimda-kim bitta Bo‘rining jonini olsa, qabilanglardan o‘n kishining joni ketadi. Mana shunday tovon pulini ko‘p o‘lkalarda to‘ladilar, hali yana ko‘p yerlarda to‘laydilar.
Endi men Tulki va Ayiq bilan gaplashib olmoqchiman. Zarinka ularning ham didiga o‘tirgan, bu shundoq ko‘rinib turibdi. Shundaymi? Lekin o‘zingiz bir qarang – axir men Zarinkani sotib oldim-ku! Ana, Tiling-Tinnex men bergan miltiqqa suyanib turibdi, yana qiz uchun boshqa narsalar ham berdimki, ular sardor xonadonida turibdi. Shunday bo‘lsa-da, men baribir yosh ovchilarga adolat qilmoqchiman. Uzundan-uzoq va’z qilib, tomog‘i qurib qolgan Tulkiga beshta katta qutida tamaki bermoqchiman. Mayli, shu bilan og‘zi yana moylanib, yig‘inlarda hovridan tushguncha shovqin solaversin. Ayiqqa esa, – men u bilan tanishganimdan faxrlanaman, – unga ikkita adyol, yigirma finjon un, Tulkinikidan ikki baravar ziyod tamaki beraman; agarda men bilan birga Sharqiy tog‘larga ketadigan bo‘lsa, unga xuddi Tiling-Tinnexnikiga o‘xshash miltiq ham beraman. Agar u bunga rozi bo‘lmasa-chi? Juda yaxshi! Bo‘ri gapirib charchadi. Lekin u yana bir marta o‘z Qonunini takrorlaydi: agarda kimda-kim bitta Bo‘rining joniga qasd qiladigan bo‘lsa, qabilalaringdan o‘n kishining yostig‘i quriydi.
Makkenzi iljayib, ilgarigi joyiga qaytdi, lekin uning ko‘ngli notinch edi. Tun pardasi hali ko‘tarilmagandi. Qiz Makkenzining yoniga kelib turdi, Ayiq pichoq bilan urishganda qanday hiyla qilishini aytib berdi, Makkenzi uning gaplariga diqqat bilan quloq soldi.
Shunday qilib, ular – Makkenzi bilan Ayiq Zarinka uchun jang qiladigan bo‘ldilar. Ko‘z ochib yumguncha o‘nlarcha mokasin gulxan atrofidagi tepkilangan maydonchani kengaytirdi. Hammaning ko‘z o‘ngida shomonning mag‘lubiyati haqida qizg‘in bahs ketmoqda edi; ba’zilar u o‘z kuchini ko‘rsatadi hali, deb ishontirmoqchi bo‘lsa, ba’zilari o‘tgan voqealarni eslab, Bo‘rining fikrlariga qo‘shilardi. Ayiq maydonchaga chiqdi, uning qo‘lida ruslar ishlagan qinsiz ovchilar pichog‘i bor edi. Tulki hammaning diqqatini Makkenzining revolverlariga qaratdi, u bo‘lsa belbog‘ini yechib ishonishi mumkin bo‘lgan yagona inson – Zarinkaga taqib qo‘ydi va qizga miltig‘ini berdi. Qiz otishni bilmayman, degan ma’noda boshini chayqadi: bunday qimmatbaho qurolni ishlatishni u bechora qayoqdan ham bilsin.
– Agar xatar orqa tomondan keladigan bo‘lsa, “ Mening erim!” deb baqir. Yo‘q, mana bunday: «Mening erim!»
Qiz notanish inglizcha so‘zni takrorlaganida Makkenzi kulib yubordi-da, uning yuzlaridan chimchilab qo‘ydi va o‘zi o‘rtaga borib turdi. Ayiq Makkenzidan faqat bo‘yi bilan emas, balki qo‘lidagi pichog‘i bilan ustun edi. PIchoq naq ikki dyuym*ga uzun edi. Skruf Makkenzi ilgarilari ham g‘animining ko‘zlariga qarashiga to‘g‘ri kelgandi, hozir qarshisida haqiqiy jasur erkak turganini angladi; biroq u po‘lat pichoqlar yaltillashi bilan birdan jonlandi va ajdodlari da’vatiga itoat etgan tomirlarida oqayotgan qon yanada tezlashdi.
G‘animi qayta-qayta uni goh gulxanga, goh qalin qorga uloqtirardi, biroq Makkenzi ham xuddi mohir bokschi singari qayta maydon o‘rtasiga siqib kelardi. Hech kim yoniga tushib, unga madad bo‘ladigan biror og‘iz so‘z aytmadi, raqibini bo‘lsa olqishlar bilan ruhini ko‘tardilar, sergaklantirdilar, ehtiyot bo‘l, deya ogohlantirdilar. Biroq Makkenzi pichoqlarning tig‘lari bir-biriga tegib, jarang-jurung etganida faqat tishlarini qattiqroq qisdi. Shunda u o‘z imkoniyatlarini hisobga olib, shoshilmay payt poyladi, Ayiqqa tashlandi, xavf yaqin kelganda, chekindi. Dastlab Makkenzi beixtiyor dushmanini ayadi, lekin omon qolish, jonini saqlash tuyg‘usi Ayiqni o‘ldirishga unday boshladi. O‘n ming yillik tamaddun tuyg‘usi qalbidan xuddi archilgan qobiq singari sidirilib tushdi va u bir ayol zoti uchun urishib jang qiladigan oddiygina g‘orda yashaydigan ibtidoiy odamga aylandi-qoldi.
U Ayiqqa pichoq bilan ikki marta hujum qildi va o‘zining biror joyiga tig‘ tegizmay, chap bera oldi; lekin uchinchi marta – o‘ziga zarba berishidan ehtiyot bo‘lish uchun ayiqning qurol ushlangan qo‘lini siqib tushirmoqchi bo‘ldi. Shunda Makkenzi g‘animining kishini dahshatga soladigan kuchini his qildi. G‘animi siqib turgan mushaklari zirqiradi, paylari, bo‘g‘inlari zo‘riqqanidan mana, hozir yorilib ketadiganga o‘xshab tuyuldi... rus po‘latining tig‘i esa tobora yaqinroq kelmoqda edi... U raqibining changalidan ozod bo‘lishga urindi, biroq bu harakati besamar ketdi. Mo‘ynali odamlar qurshovi yanada jipslashib boraverdi, – so‘nggi zarba yaqin qolganiga hech kim shubha qilmayotgan, ular bu tomoshani ko‘rishga sabrlari chidamayotgan edi. Shunda Makkenzi usta jangchiday usul qo‘lladi, o‘zini chekkaga olib qochdi-da, raqibiga kalla qo‘ydi. Ayiq noiloj orqasiga tisarildi, muvozanatini yo‘qotdi. Makkenzi zudlikda bu fursatdan foydalandi va butun og‘irligini unga tashladi, uni tomoshabinlar halqasidan nariga, bosilmagan qalin qorga irg‘itib yubordi. Ayiq arang yerdan turdi-da, yana Makkenziga tashlandi.
– Ey, mening erim! – xatar yaqinlashib kelayotganini bildirib, Zarinkaning ovozi yangradi.
Shu payt kamonning tarang tortilib, “shuv” etgan ovozi eshitildi, Makkenzi qochib qolishga ulgurdi, – poyanagi suyakdan yasalgan nayza ular ustidan uchib, to‘g‘ri Ayiqning ko‘ksiga borib qadaldi, u raqibi ustiga gup etib yiqildi. Makkenzi zumda o‘rnidan turib ketdi. Ayiq tanasida jon asari yo‘q, qimir etmay yotar, gulxanning boshqa tomonida shomon ikkinchi nayzani otishga hozirlik ko‘rmoqda edi.
Makkenzi buni ko‘rdi, darhol pichog‘ini olib, tig‘ tomoni uchidan tutdi va o‘sha tarafga otdi. Pichoq yashinday yaltirab, gulxan ustidan uchib o‘tdi. U naq sopigacha shomonning bo‘g‘ziga qadaldi, shomon gandiraklab-gandiraklab, lang‘illab turgan cho‘g‘lar ustiga yiqildi.
Atrofni qiyqiriq tutdi – Tulki Tiling-Tinnexning miltig‘ini qo‘liga olvolib, unga patron joylashga urindi, lekin eplay olmadi, shunda Skrufning qah-qah urib kulganini eshitib, qurolni qo‘lidan tushirib yubordi.
 – Demak, Tulki mana bu o‘yinchoqni qanday ishlatishni haliyam o‘rganib olmabdi-da? Demak, Tulki haligacha ojiz ekan-da. Buyoqqa kel! Miltiqni ber, senga o‘zim otishni o‘rgatib qo‘yaman.
Tulki ikkilandi.
– Beri kel deyapman senga!
Tulki tepki yegan kuchukdek bo‘shashib, unga yaqin keldi.
– Mana, qara, mana bunday qilasan, bo‘ldi.
Makkenzi patronni o‘z joyiga joyladi, tepkini «shaq» etkizib qo‘ydi, miltiqni yelkasiga osdi.
– Tulki bu tun buyuk voqealar sodir bo‘ladi, degan edi, uning gapi to‘g‘ri chiqdi. Chindan buyuk voqealar sodir bo‘ldi, lekin ularni Tulki sodir etmadi. Nima, u haliyam Zarinkani o‘z chodiriga olib ketmoqchimi? U ham shomon bilan Ayiqning izidan yurmoqchimi? Unday emasmi? Yaxshi!
Makkenzi nafrat bilan yuzini o‘girib, shomonning bo‘g‘zidan pichog‘ini sug‘urib oldi.
– Ehtimol, yosh ovchilar ichida shunday qiluvchilar topilib qolar? Agar ular yana kurashmoqchi bo‘lsalar, Bo‘ri ularni ham bitta qo‘ymay o‘sha yoqqa jo‘natadi. Xohlaydiganlar yo‘qmi? Yaxshi. Tiling-Tinnex, men, mana, ikkinchi marta miltiqni senga beryapman. Agar qachonki Yukon tomonlarga boradigan bo‘lsang, Bo‘rining eshigi sen uchun ochiq, u senga uyidan joy beradi va to‘kin-sochin dasturxonni sen bilan baham ko‘radi. Ana tun ham kunga o‘tib boryapti. Men ketaman, balki yana kelib ham qolarman, yana so‘nggi bor so‘zimni qaytaraman: Bo‘ri Qonunini yodda tuting!
U Zarinkaning yoniga keldi, stikslar esa Makkenziga bir mo‘‘jizaviy mavjudotga qaraganday qaradilar. Zarinka chana oldidagi o‘ziga atalgan joyni egalladi va itlar yo‘lga ravona bo‘ldi. Oradan biror daqiqa o‘tgach, ular qorli g‘ira-shira o‘rmonga singib ketdilar. Shundagina qimir etmay turgan Makkenzi ham chang‘iga oyoq qo‘ydi va ularning izidan ketishga hozirlandi.
– Nahotki Bo‘ri beshta katta quti tamakini tashlab ketishni unutgan bo‘lsa?
Makkenzi g‘azab bilan Tulkiga o‘girildi, negadir birdan kulgisi qistadi.
– Men senga bitta kichkina qutida tamaki beraman.
– Bo‘ri baribir Bo‘riligini qildi-da,– dedi sekingina Tulki qo‘lini cho‘zib.
 
Ingliz tilidan Gulhayo Mahamadaliyeva tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2010 yil, 12-son.
_____________________
 * K l o n d a y k – Yukon daryosining irmog‘i; 1896 yilda u yerda ko‘pdan-ko‘p oltin sochmalari topilgan.
 * Ch ye-ch a-k u a s – yangi kelganlar.
* S a m s o n – “Bibliya” dagi favqulodda kuchli qahramon.
* L o s  – bug‘ular oilasiga mansub butoq shoxli hayvon.
 * M o k a s i n – hindilar oyoq kiyimi.
 * K ye t a – baliq turi.
* S k v o – Shimoliy Amerika hindilari tilida: ayol.
 * G r i z l i – Amerikaning shimoli g‘arbida yashovchi jigarrang ulkan ayiq turi.
* T o t ye m – biror jonivor, o‘simlik yoki diniy mansubligi belgisi bo‘lmish tabiatning qandaydir unsuri tasviri tushirilgan qabila ramzi.
* D yu y m – uzunlik o‘lchovi, 25,5 mm.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.