OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jek London. Hayot qonuni (hikoya)

Keksa Koskushning butun vujudi quloqqa aylandi. Uning ko‘zdan qolganiga ancha bo‘lgan, lekin quloqlari avvalgidek sezgir, tiq etgan tovushni pay­qaydi. Yillar to‘zonidan xira tortgan onggi esa ro‘y berajak vo­qealarga nisbatan mutlaqo befarq. Sit-kum-To-Xa­ning chinqiroq tovushi eshitildi. U itlarni chanaga bog‘lar ekan, qichqirgan ko‘yi ularni savalamoqda. Sit-Kum-To-Xa unga nabira bo‘ladi, ammo qartaygan, hammaning yodi­dan chiqqan, qor ustida o‘tirgan af­todahol bobosi uchun shu tobda uning bekorchi vaqti yo‘q. Negaki qabila qo‘nimgohni tark etishga hozirlik ko‘rmoqda. Oldinda olis yo‘l turibdi, kun esa sira uzayishni istamaydi. Oldinda ularni hayot va tirik­lik qonuniyatlari kutmoqda, zinhor-bazinhor ajal emas. Chol esa endi ajalga shu qadar yaqinki...
Koskush bir daqiqa bu fikrdan dahshatga tushdi. U qo‘llarini cho‘zib, titroq barmoqlari bilan yonginasidagi o‘tin uyumini paypaslab qo‘ydi. O‘tin borligiga amin bo‘lgach, qo‘llarini mo‘yna ostiga berkitdi va yana atrofni tinglashga tutindi.
Muzlagan bug‘u terisining shitirlashi eshitil­di. Demak, sardorning o‘tovini allaqachon yi­g‘ish­tirib bo‘­­­lish­di. Endi uni ixcham shaklda taxlab chanalarga yuk­lashadi. Qabila sardori baland bo‘yli, navqiron yigit bo‘lib, bu mahoratli ovchi uning o‘g‘li edi. Mana, u imillab harakat qilayotgan ayollarni yalqovligi uchun koyimoqda.
Chol bu ovozni so‘nggi bor eshitayotgani aniq. Jixou va Tuskenlarning o‘tovlari ham yig‘ishtirildi. Chol qabilaga tegishli o‘tovlar sonini juda yaxshi biladi. Faqat shomon yashaydigan o‘tov qoldi xolos.Mana nihoyat so‘nggi o‘tovni ham yig‘a boshlashdi. Koskush yuklarini chanaga joylayotgan shomonning g‘o‘ldiragan ovozini eshitdi. So‘ng qulog‘iga go‘dak yig‘isi chalindi. Bir ayol noma’lum qo‘shiqni past ovozda xirgoyi qilganicha, uni ovuta boshladi. Bu kichkina Ku-Ti bo‘lsa kerak, o‘yladi chol. Ha, bu o‘sha – injiq va kasalmand go‘dak. Balki tez orada uning ham ajali yetar, o‘shanda tundraning muzloq zaminida unga go‘r qazishadi va rosomaxlardan asrash uchun ustidan tosh bostirib qo‘yishadi.
Umuman olganda, baribir emasmi? Baxtli tasodif ro‘y berib, yana bir necha yil yashadi ham deylik, ammo to‘q kunidan och kuni ko‘p bo‘lishi turgan gap. Bir kun emas bir kun o‘lim otliq mangu to‘ymas yuho baribir uni quvib yetadi... U yoqda nimalar bo‘lyapti ekan? Ha-ya, erkaklar chanalarni qo‘shib, qayishlarni mahkam tang‘ib qo‘yishyapti. Chol ularning ovozini eshitdi, am­mo tez orada atrofni sukunat qoplaydi. Itlar us­tiga yog‘ilgan qamchilar zarbidan atrofga “shuv-shuv” etgan ovozlar taraldi. Bu odamlar Koskushni birga ketish uchun chaqirishmaydi. Ular safar mashaqqatini qanchalar yomon ko‘rishadi-ya... Mana, ular yo‘lga otlanishdi! Chanalar birin-ketin sukunat bag‘riga singib keta boshladi. Ular ketishdi. Koskushning hayotidan manguga g‘o­­yib bo‘lishdi, u endi umrining so‘nggi, mashaqqatli soatlarini yolg‘iz qarshilaydi. Shu payt mokasina kiygan oyoqlar ostida qor g‘archilladi. Kimdir qarshisiga kelib qo‘llarini sekingina cholning boshiga qo‘ydi. O‘g‘­li unga qanchalar mehribon! Chol boshqa tengqurlari haqida o‘yladi, ularning o‘g‘illari qabila bilan birga jo‘nab ketishdi. Uning o‘g‘li esa bunaqalardan emas. Xayol uni o‘tmishga boshlardi, ammo navqiron ovoz uni ayni vaziyatga qaytardi.
– Ahvoling yaxshimi? – so‘radi o‘g‘li.
Chol javob berdi:
– Ha, men yaxshiman.
– O‘tin uyumi shundoq yonginangda turibdi. Olov gurillab yonyapti.Osmon xira tortib, sovuq tushib qoldi. Qor yog‘adiganga o‘xshaydi. Mana, qor uchqunlay boshladi.
– To‘g‘ri aytasan, qor boshlandi.
– Odamlarimiz shoshilyapti.Ularning yuklari og‘ir, ochlikdan qorinlari qapishgan. Yo‘l esa olis, shu­ning uchun ular ildam ketishyapti. Men ham ketishim kerak. Xo‘sh, ahvoling yaxshimi?
– Men yaxshiman. Xuddi shoxda bazo‘r ilinib turgan yaproqqa o‘xshayman, to‘kilishim uchun shamolning sekingina esishi kifoya. Ovozim kampirshoning ovoziga o‘xshab qoldi, ko‘zlarim esa burungidek oyoqlarimga yo‘l ko‘rsatmay qo‘ygan. Qadamlarim og‘ir, holdan toyganman. Lekin hammasi joyida...
O‘g‘lidan ko‘ngli to‘lgan Koskush boshini quyi soldi, to qorning ayanchli g‘ichirlashi uzoqdan eshitilgunga qadar shu alfozda o‘tirdi. O‘g‘li endi uning chorloviga javob qaytarmasligini u yaxshi bilardi. Shu payt uning qo‘llari shoshilinch ravishda o‘tin uyumi tomon cho‘zildi. Qarshisida namoyon bo‘lgan abadiyat dunyosidan uni shu ojiz rishtagina ajratib turar edi. Ayni kezda uning hayoti shu bir quchoq quruq shox-shabbaga bog‘liq edi. Shoxlar birin-ketin yonib, gulxanni o‘chirmay turadi, bu orada esa o‘lim qadam- baqadam unga yaqinlasha boshlaydi. So‘nggi butoq kulga aylangach, ayoz o‘z hukmini o‘tkazishga kirishadi. Avval oyoqlari, keyin qo‘llari taslim bo‘ladi, nihoyat butun tanasi muzlab qoladi. Boshi tizzalari uzra egiladi va u tinchiydi.
Koskush sira nolimas edi. Chunki hayot o‘zi shu­naqa, u juda adolatli. U zaminga yaqin bo‘lgan yerda tug‘ildi, shu yerda yashadi, tabiat qonunlari esa uning uchun yangilik emas. Illo, tirik jonzotlarning barchasi bu qo­nunlarga bo‘ysunadi. Tabiat yakkalanib qolganlarga sira shafqat qilmaydi, uning butun e’tibori qabila va to‘dalarga qaratilgan. Keksa Koskushning ibtidoiy bilimlari bundan ortig‘iga yetmas, ammo u bir haqiqatga qattiq ishonar edi. Buning isbotini u butun hayoti mobaynida kuzatib keldi. Daraxt shiraga to‘ladi, yashil barglar chiqaradi, keyin xazonrezgi bosh­lanadi – bu aylanma harakat shu holatidagina mukammaldir.Tabiat esa har bir tirik jonzot zimmasiga alohida bir vazifani yuklab qo‘ygan. Bu vazifani bajarmaganni u halok etadi. Biroq bajarganlar-da o‘limga mahkumdir. Tabiat juda loqayd, illo unga bo‘ysunuvchilar bisyor, abadiyat esa bo‘ysunuvchilarning emas, hukmdorning qismatiga bitilgan. Koskushning qabilasi eng qa­dimiy qabilalardan. U go‘daklik cho­g‘ida ko‘rgan qariyalar o‘zlarigacha bo‘lgan ajdodlarini zo‘rg‘a eslashardi. Ma’lumki, qabila mavjud ekan, mozorlari allaqachon unut bo‘lgan ota-bobolarning itoatkorligini ham o‘zida mujassam etadi. Albatta, o‘lganlar bu hisobga kirmaydi. Ular xuddi yoz osmonidagi bulut singari ko‘zdan g‘oyib bo‘lishadi.Koskushni ham shunday qismat kutayotgani aniq. Bu o‘rinda tabiat mutlaqo betaraf. U hayot zimmasiga yagona maqsadni yuklagan, unga yagona qonunni topshirgan. Maqsad – naslning davom etishi, qonun esa o‘limdir. Aytaylik, qiz bola – tomosha qilish maroqli bo‘lgan go‘zal xilqat. Uning borlig‘idan kuch yog‘iladi, siynalari tarang, qadamlari ravon, ko‘zlari chaqnab turadi. Lekin uning hayotiy vazifasi hali oldinda. Uning ko‘zlaridagi uchqun sekin- asta alanlaganib boradi, qadamlari tobora ildamlashadi. U o‘spirinlarga goh dadil, gohida ehtiyotkorona yondoshadi, hurkakligi bilan ularni mahliyo qiladi. Qiz kundan-kun chiroy ochib boradi, nihoyat biror ovchi mehnat qilishi, ovqat pishirishi va farzandlar tug‘ishi uchun uni o‘z boshpanasiga olib ketadi. Lekin to‘ng‘ichi dunyoga kelishi bilanoq, ayolni go‘zallik tark eta boshlaydi. Uning qadamlari og‘ir va sokin bo‘lib qoladi, ko‘zlaridan rang ketib, xira tortadi. Alaloqibat, gulxan yonida o‘tirgan kampirning serajin yuziga faqat go‘daklargina quvonch bilan suykalishi mumkin. Kampir esa o‘z vazifasini allaqachon bajarib bo‘lgan. Ochlikning ilk hamlasi yoki olis safar oldidan uni tashlab ketishadi – xuddi unga o‘xshab qor ustida, mo‘‘jazgina o‘tin uyumi yonida qoldirishadi. Hayot qonuni shunday...
Quruq novdani avaylabgina olovga tashlar ekan, Koskush yana xayolga cho‘mdi. Hayot qonuni tirik jonzotlarning hammasiga birdek tegishli. Sovuq tushishi bi­lanoq chivinlar g‘oyib bo‘ladi. Mitti olmaxon jon berish uchun changalzorga kirib ketadi. Qari quyon holdan toyadi, endi u avvalgidek dushmanlaridan qo­cha olmaydi. Keksa ayiqning ko‘zlari xiralashib, harakatlari beso‘naqay tortadi va bir kuni akillagan itlar to‘dasi uni quvib yetadi.Koskush o‘z otasini Klondaykning yuqori oqimida qanday qoldirib ketganini esladi. Bu o‘sha qishda, notanish missioner ularga duo yozilgan kitobchalar va dori to‘la qutini keltirgan yili sodir bo‘lgandi. Hozir Kos­kush o‘sha qutidagi dorilarni eslarkan, tamshanib ham qo‘ymadi, uning lablari quruqshab qolgan edi. U ayniqsa “og‘riq qoldiruvchi” dorini yaxshi eslaydi. Biroq missioner bir muddat qabila uchun dahmaza bo‘lgan edi. U ovqat keltirmas, biroq ko‘p yerdi, buni ko‘rgan sayin ovchilarning g‘ashi kelardi. Oxir oqibat Meyo yaqinidagi daryo bo‘yida shamollab qoldi, keyin esa itlar toshlarni har tomonga sochib tashlab, uning suyaklarini uzoq talashishdi.
Koskush gulxanga shabba tashladi, so‘ng yanada chu­qurroq o‘yga toldi. Buyuk Ochlik davrida chollar gulxan yoniga suqilib, o‘tmishning elas-elas xotiralarini yodga olishar, Yukonning paydar-pay uch qish mavsumida muzlamagan, so‘ng uch yoz davomida muzlar erimay turgan og‘ir davrlari haqida hikoya qilishardi. O‘sha ochlikda Koskush onasidan ayrildi. Lososlar yoz chog‘ida ham bu yerlarga kelishmadi, qish mavsumi esa bug‘ularsiz kirib keldi. Hatto keksalar ham qachonlardir shunday ocharchilik sodir bo‘lganini eslay olishmas edi. Bug‘ular bu yerlarga kelmay qo‘yganidan keyin yana yetti yil o‘tdi. Quyonlar bolalamas, itlarning terisi suyagiga yopishgan edi. Go‘daklar ojiz ingrashar, tunning tubsiz va zimiston qo‘ynida jon taslim etishar, ochlik ayollar va keksalarga ham ayovsiz chang solardi.Natija shunday bo‘ldi-ki, quyosh bu joylarga qaytib kelganida, har o‘n odamdan bittasigina tirik qolgan edi. Ha, bu dahshatli ochlik davri edi!
Lekin u go‘sht ko‘pligidan aynib qolgan dorilomon yillarni ham ko‘rdi. O‘sha kezlari itlar semirib, yalqov bo‘lib qolishdi. Bu shunday davr ediki, erkaklar yugurib borayotgan o‘ljani ko‘rib turishsa-da, unga o‘q uzmas, ayollar esa ketma-ket farzand ko‘rishardi. O‘tovlarda o‘g‘il va qiz bolalar emaklab yurishar, ularning shovqin-suronlari avjida edi. O‘sha yillar erkaklarni shunday takabbur qilib qo‘ydiki, eski adovatlarni yodga olishlariga sal qoldi. Ular Pelli qabilasini yakson qilish uchun tog‘ orqali janubga yo‘l solishdi, ayni paytda bir guruhi Tanan qabilalarining allaqachon so‘ngan gulxanlarini ermaklash uchun g‘arb tomon ketib borishardi.
Qariya bolalik chog‘ini, mo‘l-ko‘lchilik yillarida bug‘uni g‘ajigan bo‘rilar galasini dahshat bilan kuzatganlarini esladi. O‘shanda Zing-Xa ikkovi qor ustida qimir etmay yotishardi. Zing-Xa keyinchalik hech narsadan tap tortmaydigan, mohir ovchi bo‘lib yetishdi. Biroq ko‘p o‘tmay Yukon yaqinidagi muz o‘yig‘iga tushib ketdi. Bahorda uni beligacha muzga botgan holda topishdi.
Darvoqe, o‘sha bug‘u haqida... O‘sha kuni Zing-Xa ik­­­kovi otalariga taqlid qilib ovchilar o‘yinini o‘y­namoqchi bo‘ldilar. Muz qoplagan daryo yuzasida ular bug‘u va uni ta’qib qilayotgan bo‘rilar to‘dasining izlariga duch kelishdi. Izlar hali yap-yangi edi.
– Bug‘u juda qari bo‘lsa kerak, – dedi Zing-Xa. U izlarni yaxshi farqlardi. – Qari ekanligi aniq. U to‘­dasidan ayrilib qolgan. Bo‘rilar uni sheriklaridan ajratib qo‘yishibdi, endi omon qolmasligi aniq.
Bu haqiqat edi. Chunki bo‘rilarning odati shunday. Ular kunni kun, tunni tun demay irillagan ko‘yi o‘lja izidan ta’qib qilishadi, goho ularning so‘yloq tishlari o‘ljaning shundoq qarshisida paydo bo‘lib qoladi, ular oxirgi daqiqagacha uning ortidan qolishmaydi. Har ikki bolaning qonida ovchilarga xos ishtiyoq jo‘sh urdi. Ovning qanday tugashini ko‘rish ular uchun g‘oyat qiziqarli tuyulardi.
Qizishib ketgan bolalar sabrsizlik bilan olg‘a yurishar, hatto ko‘zlari uncha o‘tkir bo‘lmagan, izlarni yaxshi farqlay olmaydigan Koskush ham, ko‘zlarini yumgan holda, kerakli joyni topa olar – qor ustidagi izlar shu qadar aniq edi. Bu izlar yaqin orada paydo bo‘lgan, bolalar har qadamda yaqindagina sodir bo‘l­gan fojianing qonli tafsilotlarini o‘qishardi. Bir joyda bug‘u to‘xtab qol­ganini payqashdi. Uch odam bo‘yiga teng keladigan masofada qor toptab tashlangan, o‘rtada bug‘uning ayri tuyoqlaridan qolgan chuqur izlar ko‘zga tashlanar, atrofida bo‘rilarning nisbatan sayozroq izlari ko‘rinib turardi. Sheriklari o‘ljaga tashlangan paytda, ba’zi bo‘rilar qor ustiga yonboshlab dam olgan ko‘rinadi. Ularning tanasidan qolgan izlar shu qadar aniq ediki, bularning hammasi voqea bor-yo‘g‘i bir daqiqa avval sodir bo‘lgandek taassurot uyg‘otardi. Bo‘rilardan biri talvasaga tushgan o‘ljaning oyog‘i ostida qolib, til tortmay o‘lgan chog‘i, obdon tozalab g‘ajilgan bir uyum suyak shunday xulosaga olib kelar edi.
Chang‘i kiygan oyoqlar yurishni sekinlashtirdi. Yana bir yerda ayanchli jang manzarasi qaytarilgan edi. Qordagi izlarga qaraganda, bo‘rilar bug‘uni ikki marta qulatishga muvaffaq bo‘lishgan, lekin o‘lja dushmanlariga jon-jahdi bilan hamla qilganicha oyoq­­qa qalqqan. Albatta, keksa bug‘u zimmasiga hayot tomonidan yuklangan vazifani bajarib bo‘lgan, lekin jon shirin-da. Zing-Xaning aytishicha, yerga qulagan bug‘uning o‘zini o‘nglab, oyoqqa turishini avval sira eshitmagan ekan. Lekin manavi bug‘u buning uddasidan chiqqan edi.
Keyinchalik bu voqeani shomonga so‘zlab berishganda, u mazkur voqea chinakam mo‘‘jiza bo‘lib, nimalargadir ishora ekani haqida g‘alati so‘zlarni gapirdi.
Nihoyat bolalar bug‘uning so‘nggi manziliga, jo­nivor qirg‘oqqa chiqib olib, o‘rmon bag‘riga sin­gib ke­­tishni mo‘ljallagan yerga yetib kelishdi. Biroq dush­­­manlari bug‘uning ortidan qolishmagan, u orqa oyoq­­larida turib, bo‘rilarning ikkitasiga bir paytning o‘zida hamla qilgan, ular shundoqqina qor ustida cho‘zilib yotardi. Negadir sheriklari ularga tegishmabdi, chamasi, ular ta’qib yakuniga yetay deb qolganini bilishadi. Navbatdagi izlar qondan qizargan, ulkan hayvonning izlari uning qoqilib-suqilib, arang qadam tashlaganidan dalolat berar edi. Nihoyat jang sahnasining ilk suronlari quloqqa chalindi, yo‘q, bu odatiy ovlardagi bir-biriga jo‘r bo‘lib uvlashlarga o‘xshamasdi. Bo‘rilarning qisqa-qisqa, uzuq-yuluq akillashlari ularning so‘yloq tishlari bilan bug‘uning biqini o‘rtasida juda oz masofa qolganini anglatardi. Shamolga qarama-qarshi turib olgan Zing-Xa qorga bag‘rini berib yotar, yillar o‘tib, o‘z qabilasining sardoriga aylangan Koskush esa uning yonginasiga cho‘­zilgan edi. Ular yosh qarag‘ayning shoxlarini bir tomonga surib, novdalar orasidan voqeani kuzatishdi, shu tariqa jangning so‘nggi sahnasiga guvoh bo‘lishdi.
Koskush yoshlikning barcha xotiralari kabi bu man­­zarani ham aniq-tiniq eslar, ta’qibning so‘nggi lah­zalari uning so‘nik nigohlarida olis o‘tmishdagidek yaqqol aks etib turardi. Vaqt o‘tib, qabila sardoriga aylanganida, u o‘sha voqeani ko‘p marta esladi.Qabila erkaklarining yo‘lboshchisi va kengash oqsoqoli sifatida ko‘plab buyuk ishlarni amalga oshirdi. Albatta, mushtlashuv chog‘ida oq tanli odamni pichoq bilan o‘ldirib qo‘yib, Pelli qabilasining tavqi la’natiga duchor bo‘lgani bu qatorga kirmaydi.
Koskush, yoshlik chog‘lari haqida yana uzoq o‘yladi. Nihoyat gulxanning olovli tillari qisqara boshladi, ayoz esa zabtiga oldi. Qariya bu safar gulxanga birdan ikkita shoxni tashladi, qolgan o‘tin uyumini paypaslab, o‘lim ustidan yana qancha vaqt hukmronlik qilishi mumkinligini chamalab ko‘rdi. Sit-Kum-To-Xa bobosini o‘ylab, ko‘proq o‘tin g‘amlaganida, uning hayot soatlari sal uzaygan bo‘lardi. Axir, bu unchalik qiyin emas-ku. Lekin Sit-Kum-To-Xa juda beg‘am qiz. Zing-Xaning nabirasi bo‘lgan Bobrning o‘tkir nigohlariga duch kel­ganidan keyin esa u ajdodlarini umuman izzat qilmay qo‘ydi. Umuman olganda, yoshligida hamma ham shunaqa bo‘ladi. Uning o‘zi ham yoshlikning o‘yinqaroq damlarida shunday yo‘l tutmaganmidi?
Koskush bir daqiqa sukunatga quloq soldi. Balki o‘g‘lining ko‘ngli yumshab, itlar bilan orqaga qaytar, qabila bilan birga keksa otasini ham biqinlari moyga to‘lgan bug‘ular o‘lkasiga olib ketar?!
U tevarakni butun vujudi bilan tinglay bosh­ladi, shuuri esa qizg‘in yumushidan bir zumga chalg‘idi. Tiq etgan tovush eshitilmas, atrofda jimjitlikning so‘zsiz dunyosi hukmron edi. Bu sukunat ichra o‘zining nafas olishigina eshitilib turardi. Vahimali yol­g‘izlik... Shu payt qandaydir jonivorning sharpasi sezildi. Cholning a’zoyi badaniga titroq yugurdi. Yor­dam so‘ragan kabi yalinchoq bir ovoz sukunatni kesib o‘tdi, taajjubki, bu tovushni u avval ham eshitgandi. Ovoz shu atrofdan, yaqinginasidan eshitilardi. Mo‘‘jiza ro‘y berganga o‘xshardi, chunki Koskushning so‘qir ko‘zlari keksaygan erkak bug‘uni aniq ko‘rdi, uning biqini tilka- pora bo‘lib, qoni oqib turar, yoli hurpayib ketgan, tarvaqaylagan shoxlarini oldinga egib, jon-jahdi bilan o‘zini himoya qilishga urinar edi. Koskush u yoqdan bu yoqqa lip-lip o‘tayotgan kulrang gavdalarni, o‘t sochib turgan ko‘zlar, so‘yloq tishlar, so‘lagi oqib turgan tillarni ham ko‘rdi. Sullohlar aylana shaklida joylashib olishgan, davra ko‘z ilg‘amas tarzda torayib borar, vahshiy to‘da a’zolari esa qori toptalgan yerda emaklashar, qulay fursat kelishini poylashardi.
Yuziga muzday tumshuqning suykalishi cholni hu­shiga keltirdi. U qo‘lini gulxan tomon cho‘zib, chala yongan o‘tinni sug‘urib oldi.
 Ajdodlaridan meros qolgan insondan qo‘rqish tuyg‘usi bo‘rini yalingansimon uvillab, sheriklaridan yordam so‘rashga undadi. To‘daning boshqa a’zolari unga javob qaytarishdi, bo‘rilar irjaygan og‘izlaridan so‘lak sachratib, gulxan atrofini o‘rab olishdi. Qariya yana yon-atrofni tinglashga urindi, tutab turgan o‘tin­ni silkitgan chog‘i irillagan tovushlar eshitildi, chamasi, bo‘rilar taslim bo‘lishni xayollariga keltirishmasdi. Nihoyat bittasi to‘sh urib oldinga chiqdi, orqa oyoqlariga tayanib o‘tirib oldi. Yoniga yana ikkita sherigi kelib qo‘shildi, lekin hech biri orqaga chekinmadi. Shu damda Koskush, hayotga bu qadar tirmashish kerak yoki kerak emasligi haqida o‘ziga xayolan savol berardi. Nihoyat u aniq bir qarorga kelib, tutab turgan o‘tinni qorga suqdi – olov o‘chdi. Bo‘rilar vahimali tovushda uvlashdi, lekin joylaridan jilishmadi. Bir ozdan so‘ng Koskush yana bir bor keksa bug‘uning so‘nggi jangini kuzatdi. Cholning boshi og‘irlashib tizzalari ustiga osilib qoldi. Alqissa, hammasi baribir emasmi? Axir, hayot qonuni shuni taqozo etadi.

Rus tilidan Gulnoz Mo‘minova tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.