OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Konstantin Paustovskiy. Keksa oshpaz (hikoya)

1786 yilning qish kechalaridan birida Vena shahrining chekkasidagi kichkina yog‘och uychada grafinya Tunning sobiq oshpazi bo‘lmish so‘qir chol olamdan o‘tdi. To‘g‘risini aytganda, bu — uy ham emas, bog‘ning xilvatidagi puturdan ketgan bir qorovulxona edi. Bog‘ shamol sindirib itqitgan chirik shox-shabbalarga ko‘milib yotardi. Bu shox-shabbalar har bir qadam bosganda qisirlar va shunda o‘z uyasida yotgan zanjirlog‘liq ko‘ppak irillab qo‘yardi. U ham o‘z xo‘jasidek so‘nib borar, hatto tuzukroq akillashga ham holi kelmasdi. 
Bundan bir necha yillar burun pechkaning issig‘idan oshpazning ko‘zlari ko‘rmay qolgandi. Grafinyaning ish boshqaruvchisi uni qorovulxonaga joylashtirib qo‘ydi; vaqt-vaqti bilan unga bir necha florin berib turardi. 
Oshpaz 18 yoshli qizi Mariya bilan birga turardi. Bu kulbaning bor-yo‘q matohi — karavot, daqqiyunusdan qolgan o‘tirg‘ichlar, stol, bir necha joyidan darz yegan sopol idishlar va, nihoyat, Mariyaning yagona boyligi bo‘lmish klavesin* edi. Klavesin shu darajada ko‘hna ediki, uning torlari atrofdagi jamiki saslarga javoban sekin va uzoq aks-sado berardi. Oshpaz chol klavesinni hazillashib «uyning qorovuli» der edi: klavesin uyga qadam ranjida qilgan har bir odamni keksalarga xos qaltiroq ovozi bilan qarshilar, shusiz biror kishi uyga yo‘layolmasdi. 
Mariya jon berayotgan qariyani yuvintirib, sovuq, ammo top-toza ko‘ylak kiygizar ekan, chol: 
— Men, bilasanki, ruhoniy va monaxlarni hech qachon yoqtirmas edim, — dedi. — Shuning uchun men tavbani qabul qiluvchi ruhoniyga muhtoj emasman. Ammo shu asnoda o‘limim oldidan istig‘for keltirishim lozim. 
— Nima qil deysiz? — qo‘rquv bilan so‘radi Mariya.
— Ko‘chaga chiq-da, birinchi duch kelgan yo‘lovchidan biznikiga kirishni, jon taslim qilayotgan kimsaning tavbasini qabul etishni iltimos qil. Hech kim buni rad etmaydi. 
— Bizning ko‘chamiz shunchalar kimsasizki... — Mariya shunday deb pichirladi-yu, ammo baribir yelkasiga ro‘molini yopinib chiqib ketdi. U bog‘dan yugurib o‘tdi, zanglab ketgan darchani zo‘rg‘a ochib, to‘xtab qoldi. Ko‘cha bo‘m-bo‘sh, shamol barglarni uchirib o‘ynar, sim-siyoh osmondan sovuq yomg‘ir tomchilamoqda edi. 
Mariya quloq tutib uzoq turdi, kutdi. Nihoyat, kimdir xirgoyi qilgancha devor yoqalab kelaboshladi. Mariya yo‘lovchini qarshilab, oldinga bir necha qadam qo‘ydi-da, u bilan to‘qnashib ketib, qichqirib yuborayozdi. Notanish kishi to‘xtadi va: 
— Kim bu? — deb so‘radi.
Mariya yo‘lovchining qo‘llaridan mahkam ushlab, titroq ovozda otasining iltimosini aytib o‘tindi.
— Yaxshi, — dedi yo‘lovchi osoyishta. — Men ruhoniy emasman, albatta. Lekin buning ahamiyati yo‘q. Qani, ketdik.
Ular uyga kirishdi. Sham yorug‘ida Mariyaning ko‘zi ozg‘in, kichkina odamga tushdi. Yo‘lovchi o‘tirg‘ichga ho‘l plashini tashladi. U oddiy, ammo juda did bilan kiyingan edi — sham shu’lalari uning qora kamzulida, billur tugmalari va yoqasining to‘qima hoshiyalarida yilt-yilt aks eta boshladi. Hali juda yosh — navqiron edi bu notanish kishi. U boshini bolalarcha silkitib, upa sepilgan yasama sochlarini to‘g‘rilab qo‘ydi, zudlik bilan taburetkani karavotga yaqin surib o‘tirdi-da, joni uzilayotgan chol tomon egilib, unga razm soldi. 
— Gapiring-chi, — dedi u. — Balki men xudo tarafidan emas, o‘zimni bag‘ishlagan san’at tufayli nasib etilgan qudrat vositasida Sizning ko‘nglingizga xotirjamlik bag‘ishlab, ruhingizni zilday yukdan xalos etarman.
— Men ojiz bo‘lib qolgunimcha bir umr mehnat qildim. — Chol shunday dedi-da, notanish kishining qo‘llarini o‘ziga yaqin tortdi. — Mehnat bilan mashg‘ul kishining esa gunoh ishlarga vaqti qolmaydi. Bir payt xotinim sil bilan og‘rib qoldi — uning ismi Marta edi — tabib unga turli xil qimmat dorilarni yozib berdi, qaymoq, anjir va kagor vinosini iste’mol qilishini buyurdi. Shunda men grafinya Tunning servizidan kichkina tilla taxsimchani o‘g‘irlab, sindirdim va bo‘lak-bo‘lak qilib sotdim. Bunga iqror bo‘lish ham, qizimdan sir tutish ham hozir menga juda og‘ir: chunki men uni birovning buyumiga beso‘roq qo‘l tekkizmaslikka o‘rgatganman. 
— Buning uchun grafinyaning xizmatkorlaridan birortasini aybdor tutishdimi? — so‘radi notanish kishi.
— Ont ichaman, taqsir, aslo bunday bo‘lgan emas, — chol shunday deb yig‘lab yubordi. — Bu tillalarning Martamga bir chaqalik nafi tegmasligini bilganimda edi... ularga barmog‘imning uchini ham tekkizmasdim.
— Ismi sharifingiz nima, janob? 
— Iogann Meyer, taqsir.
— Bo‘lmasa bunday, Iogann Meyer, — notanish kishi shunday deb kaftlarini cholning so‘qir ko‘zlariga bosdi. — Sizning odamlar oldida mutlaqo gunohingiz yo‘q. Siz qilgan ish gunoh ham, o‘g‘rilik ham emas; ehtimol, bu uchun Sizga Muhabbat yo‘lidagi jasoratning ajri berilar. 
— Omin! — pichirladi chol. 
— Omin! — takrorladi notanish kishi. — Endi esa so‘nggi istagingizni bayon qiling. 
— Istagim shuki, kimdir Mariyaga g‘amxo‘rlik qilsa.
— Buni men bo‘ynimga olaman. Yana biror istagingiz bormi? 
Shunda joni uzilayotgan chol kutilmaganda jilmaydi va baland ovozda: 
— Men Martani yana bir marta ko‘rishni istayman — uni yoshligida qanday bo‘lsa, shundayincha ko‘rishni istayman, — dedi. — Quyoshni, bog‘ni — bahor chog‘i gullarga ko‘milgan ko‘hna bog‘ni ko‘rishni istayman... Buning imkoniyati yo‘q, albatta. Tentak cholni ma’zur tuting, taqsir. Xastalik miyamni aynitganga o‘xshaydi. 
Notanish kishi esa: 
— Yaxshi, — dedi va o‘rnidan turdi. — Yaxshi, — takrorladi u yana, klavesinga yaqin kelib, taburetkani qo‘ydi. — Yaxshi! — u uchinchi bor baland ovozda shunday dedi va... qorovulxonada daf’atan yuzlab billur sharchalarni polga to‘kib yuborgandagi kabi jaranglagan sadolar taralib ketdi.
— Quloq soling, — dedi notanish kishi. — Quloq soling va qarab turing.
U chala boshladi. Mariya keyinchalik bu notanish kishining klavesin klavishlarini birinchi bosgan paytdagi chehrasini esladi: uning manglayi odatdan tashqari oppoq oqarib ketgan, qorong‘ilashgan nigohlarida shamning «til»chalari raqs tushardi.
Klavesin uzoq yillardan buyon ilk marotaba bor ovozi bilan kuylamoqda edi. U nafaqat qorovulxonani, balki butun bog‘ni o‘z sadolariga g‘arq etdi. Qari ko‘ppak uyasidan chiqib, boshini bir tomonga osiltirgancha, quloqlarini ding qilib o‘tirar, dumini har zamon likillatib qo‘yardi. Ho‘l qor yog‘a boshladi, ammo it har zamon quloqlarinigina silkitib-silkitib qo‘yardi, xolos.
— Men qo‘rqyapman, taqsir! — chol shunday deb qo‘zg‘aldi. — Men Marta bilan ilk uchrashuvimiz kunini ko‘ryapman. Uning xijolatdan sutko‘zani sindirib qo‘yganini ko‘ryapman. O‘shanda qish edi, bu uchrashuv tog‘da bo‘lgandi. Osmon musaffo, xuddi ko‘m-ko‘k shishadek edi. Marta kulardi... Kulardi, — takrorladi u klavesin sadolariga quloq tutib.
Notanish kishi esa zimiston derazaga tikilgancha chalmoqda edi.
— Endi-chi, — so‘radi u. — Biror narsani ko‘ryapsizmi?
Chol quloq solib, jim qoldi.
— Nahotki ko‘rmayotgan bo‘lsangiz, — notanish kishi chalishdan to‘xtamasdan shunday dedi. — Qop-qora tun lojuvard rangga kiryapti, endi esa u moviy tus olmoqda. Qandaydir yuksak-yuksakdan iliq yog‘du oqib kelyapti, ko‘hna daraxtlaringiz oppoq gulga kirmoqda. Menimcha, bu — olma gullari. Ular ulkan lolalarga o‘xshaydi. Siz ko‘ryapsiz: toshdevorga dastlabki shu’lalar tushdi, ular devorni ilitmoqda va u yerdan hovur ko‘tarilyapti — erigan qor bilan to‘yingan yo‘sin quriyotganga o‘xshaydi. Osmon esa tobora balandlashib, tobora moviylashib, tobora ulug‘vorlashib boryapti. Endi esa bizning qadim Venamiz ustidan qushlar galasi shimol sari uchib o‘tishmoqda.
— Men bularning hammasini ko‘ryapman! — qichqirib yubordi chol.
Pedal osoyishta g‘ichirlar, klavesin tantanavor kuylardi; bamisli ko‘hna cholg‘u emas, zavq-shavqqa to‘la yuzlab sadolar kuylamoqda edi. 
— Yo‘q, taqsir, — dedi Mariya notanish kishiga, — bu gullar lolalarga mutlaqo o‘xshamaydi. Bu olma daraxtlari bir kechagagina gul ochdi. 
— Ha, albatta, bular olma gullari, ammo ularning gulbarglari juda katta-katta. 
— Derazani och, Mariya, — o‘tindi chol.
Mariya derazani ochdi. Uyga sovuq havo yopirilib kirdi. Notanish kishi esa hamon chalar edi. 
Chol o‘zini yostiqqa tashladi, harsillab nafas olib, ko‘rpani qo‘llari bilan paypaslay boshladi. Mariya cholga otildi. Notanish kimsa chalishdan to‘xtadi va o‘zi chalgan musiqadan sehrlangan kabi klavesin oldida qilt etmay turib qoldi. Mariya qichqirib yubordi. Notanish kimsa o‘rnidan turib karavotga yaqinlashdi. Chol nafasi qaytib shunday dedi: 
— Men barchasini bundan bir necha yillar ilgarigidek ko‘rdim... shu qadar aniq... shu qadar yorqin. Ammo men... Sizning ismingizni bilmasdan o‘lishni istamayman. Ismingiz nima? 
— Mening ismim Volfgang Amadey Motsart, — deb javob qildi notanish kishi. Mariya karavotdan tislandi-da, buyuk musiqachi qarshisida tizzalari polga tekkudek chuqur ta’zim bajo keltirdi. 
U qaddini rostlaganda chol allaqachon olamdan o‘tgan edi. Deraza ortida tonggi shafaq yolqinlanar, oppoq gul singari ho‘l qorga ko‘milgan bog‘ butkul o‘sha shafaq yog‘dulariga g‘arq edi.

_____________
*Fortepyanoga o‘xshash qadimiy cholg‘u asbobi.

 Nodira Afoqova tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.