Tun bo‘yi qor aralash yomg‘ir yog‘di. Shimol tomondan esgan shamol makkajo‘xorining irigan poyalarida xushtak chalar, nemislardan sado chiqmasdi. Qirg‘oq yaqinida turgan qiruvchi kema onda-sonda to‘plaridan Mariupol tomonga o‘q otib qo‘yardi. Shunda qora bir guldirak cho‘lni larzaga solar, snaryadlar boshingiz tepasida tarang tortilgan bo‘z yirtilganday tovush chiqarib, qorong‘ulik qa’riga uchishardi.
Yomg‘ir ta’sirida yaltiroq bo‘lib qolgan kaska kiygan ikki jangchi tongda mayor istiqomat qiladigan loysuvoq uyga keksa, past bo‘yli bir kishini olib kelishdi. Uning ho‘l katak kamzuli badaniga yopishib qolgan, oyoqlarida katta-katta loy bo‘laklari osilib yotardi.
Jangchilar mayor oldidagi stolga tintuv chog‘ida qariya¬ning yonidan topilgan bud-shud narsalar – pasport, ustara va soqol qirishda ishlatiladigan cho‘tkachani jimgina qo‘ydilar-da, chol jarlikdagi quduq oldida qo‘lga olinganini aytdilar.
Qariya so‘roq qilindi. U Mariupol teatri sartaroshi armani Avetis ekanini aytdi va keyinchalik qo‘shni qism¬larda ham uzoq vaqt tildan-tilga ko‘chib yurgan voqeani hikoya qilib berdi.
Sartarosh nemislar kelguncha Mariupoldan qochib ketishga ulgurmadi. U qo‘shnisi – yahudiy ayolning ikki o‘g‘ilchasi bilan birga teatr yerto‘lasiga yashirindi. Qo‘shni ayol bundan bir kun oldin non olib kelish uchun shaharga ketgani ko‘yi qaytib kelmadi. Aftidan, u bombardimon paytida halok bo‘lgandi.
Sartarosh yerto‘lada bolakaylar bilan bir kecha-kunduzdan ko‘proq vaqtni o‘tkazdi. Bolalar bir-birlarining pinjlariga tiqilib o‘tirishar, uxlashmas, nuqul nimagadir quloq tutishardi. Tunda bolalarning kichkinasi baralla yig‘lab yubordi. Sartarosh unga do‘q-po‘pisa qilgandi, bolakay jimib qoldi. Shunda sartarosh kamzuli cho‘ntagidan iliq suvli shishani olib, bolaga ichirmoqchi bo‘ldi, lekin u ichmadi, labini chetga burdi. Sartarosh bolakayning iyagidan ushladi – uning yuzi ho‘l, issiq edi – va zo‘rlab suv ichirdi. Bola hiqillab, yutoqib ichar, loyqa suv bilan qo‘shib ko‘z yoshlarini ham yutmoqda edi.
Ikkinchi kecha-kunduz deganda nemis yefreytori hamda ikki askar bolalar va cholni yerto‘ladan chiqarib oldilar-da, o‘z boshliqlari – leytenant Fridrix Kolberg huzuriga olib keldilar.
Leytenant tish vrachi tashlab ketgan xonadonda yashardi. Qo‘porib olingan oyna romlari taxta bilan bekitilgan, xonalar qorong‘u, sovuq – Azov dengizi ustidan rutubatli bo‘ron o‘tmoqda edi.
– Qanaqa tomosha bu o‘zi?
– Uch juhudni tutib oldik, janob leytenant! – axborot berdi yefreytor.
– Yolg‘onning nima hojati bor, – dedi leytenant muloyimlik bilan. – Bolakaylar juhud, to‘g‘ri, lekin mana bu qari mayib borib turgan grek, ellinlarning buyuk avlodi, polepones maymuni, garov o‘ynayman. Nima deding! Sen armanimisan? Menga buni nima bilan isbot etasan, irigan mol go‘shti?
Sartarosh indamadi. Leytenant etigining uchi bilan oltin romning oxirgi bo‘lagini pechkaga tiqdi va asirlarni qo‘shni bo‘sh xonadonga olib borishni buyurdi. Kechga tomon leytenant do‘sti, xo‘ppasemiz uchuvchi Erli bilan shu yerga keldi. Ular qog‘ozga o‘rog‘liq ikkita katta shisha olib kelishgandi.
– Ustara yoningdami, – so‘radi leytenant sartaroshdan. – Shunaqami? Unday bo‘lsa, bu farishtasurat juhudvachchalarning boshlarini tarashlab qo‘y!
– Nima keragi bor, Fri? – erinchoqlik bilan so‘radi uchuvchi.
– Bolakaylar juda chiroyli, – dedi leytenant. – Shunday emasmi? Men
– Ularning chiroyini biroz buzmoqchiman. Ana shunda ularga kamroq achinamiz.
Sartarosh bolalarning sochini tap-taqir qilib oldi. Ular boshlarini eggancha yig‘lab o‘tirishar, sartarosh esa kulimsirab qo‘yardi. Doimo boshiga baxtsizlik tushsa, u shunaqa qiyshiq jilmayardi. Bu jilmayish Kolbergni aldadi, – leytenant o‘zining beozor hazili qari armanini zavq¬lantiryapti deb o‘yladi. Leytenant o‘g‘ilchalarni stol atrofiga o‘tqazdi, shishaning og‘zini ochdi va to‘rt stakanni to‘ldirib araq quydi.
– Senga araq bermayman, Axilles, – dedi u sartaroshga, – kechqurun soqolimni qirishingga to‘g‘ri keladi. Sizlarning go‘zal jononlaringiznikiga mehmonga bormoqchiman.
Leytenant bolakaylarning tishlarini kuch bilan ochib, har qaysisining og‘ziga bir stakandan araq quydi. Bolakaylarning aftlari burishar, nafaslari tiqilar, ko‘zlaridan yosh oqardi. Kolberg stakanni uchuvchi bilan urishtirib, araqni ichdi va shunday dedi:
– Men doimo yumshoq usullarning tarafdori edim, Erli.
– Senga, axir, bekorga ajoyib Shillerimizning nomini berishmaganda, – javob berdi uchuvchi, – hozir ular raqs tusha boshlashadi.
– Bo‘lmasam-chi!
Leytenant bolalarning og‘ziga yana bir stakandan araq qo‘ydi. Bolakaylar o‘zlarini himoya qilishdi, lekin leytenant va uchuvchi qo‘llarini qisib, araqni sekin-asta quyib, boyaqishlar oxirigacha ichishini kuzatishar, qiyqirib turishardi:
– Xo‘sh! Ana shunday! Shirinmi? Qani, yana bir marta! Juda zo‘r!
Bolalarning kichigi qayt qila boshladi. Uning ko‘zlari qizarib ketgandi. U o‘rindiqdan sirg‘alib tushdi-yu, yerga yotdi. Uchuvchi uning qo‘ltig‘idan ushlab, o‘tirg‘izib qo‘ydi va og‘ziga yana bir stakan araq quydi. Shunda bolalarning kattasi birinchi marta chinqirib yubordi. U quloqni teshgudek qichqirar, qo‘rquvdan dum-dumaloq bo‘lib qolgan ko‘zlarini leytenantdan uzmasdi.
– Jim bo‘l, itvachcha! – baqirdi leytenant.
U bolalardan kattasining boshini orqaga tashlab, shishadan to‘ppa-to‘g‘ri og‘ziga araq quydi. Bola o‘rindiqdan qulab tushdi, devor tomonga emaklab ketdi. U eshikni axtarar, aftidan ko‘r bo‘lib qolgandi, shuning uchun boshi bilan kesakiga urildi, oh tortdi va jimib qoldi...
– Kechga tomon, – dedi sartarosh bo‘g‘ilib, – bolakaylarning ikkalasi ham o‘ldi. Ular xuddi yashin urgandek qop-qora, g‘ujanak bo‘lib yotishardi.
– Keyin nima bo‘ldi? – dedi mayor va stolda yotgan buyruqni yoniga tortdi. Qog‘oz baland ovoz chiqarib shig‘illadi. Mayorning qo‘llari titrardi.
– Keyinmi? – so‘radi sartarosh – maylingiz – keyin leytenant soqolini qirib qo‘yishimni buyurdi. U mast edi, bo‘lmasa bunday ahmoqlikka bormasdi. Uchuvchi ketdi. Biz leytenant bilan uning isitilgan uyiga bordik. U oyna oldiga o‘tirdi. Temir shamdondagi shamni yoqdim-da, uning yuzini sovunlay boshladim. Shamdonni oyna oldidagi o‘rindiqqa qo‘ydim. Siz bunaqa shamdonlarni ko‘rgan bo‘lishingiz kerak: sochlari yoyilgan ayol qo‘lida gul ushlab turibdi, shu gul kosasiga sham qo‘ndirilgan. Men mag‘zavali cho‘tkani leytenantning ko‘zlariga bosdim. U qichqirdi, lekin men temir shamdonni olib, bor kuchim bilan nemisning chakkasiga urishga ulgurdim.
– Til tortmay o‘ldimi? – so‘radi mayor.
– Ha, til tortmay o‘ldi. Keyin men sizlar tomonga o‘tib olish uchun ikki kun yo‘l bosdim.
Mayor ustaraga nigoh tashladi.
– Nega ustaraga qaraganingizni tushunib turibman, – dedi sartarosh. – Siz ustaradan foydalansa bo‘lmasmidi, demoqchisiz. Shunday qilsam ma’qulroq edi. Ammo bilasizmi, ustarani ko‘zim qiymadi. Bu eski ingliz ustarasi. O‘n yildan beri shu bilan ishlayman.
Mayor o‘rnidan turib, sartaroshga qo‘l uzatdi.
– Bu kishining qornini to‘yg‘azinglar, – dedi u jangchilarga, – va quruq engil-bosh topib beringlar.
Sartarosh eshikka chiqdi. Jangchilar uni dala oshxonasi tomon olib ketishdi.
– Eh, og‘ayni, – dedi jangchilarning biri va qo‘lini sartaroshning yelkasiga qo‘ydi, – ko‘z yoshlari yurakni holsizlantiradi. Buning ustiga, mo‘ljalni ham ko‘rib bo‘lmaydi. Ularni bitta qo‘ymay qirib tashlash uchun ko‘zlarda nam bo‘lmasligi kerak. To‘g‘rimi gapim?
Sartarosh bosh qimirlatib uning fikriga qo‘shildi.
Qiruvchi kema to‘plardan o‘t ochdi. Qo‘rg‘oshinrang suv to‘lqinlandi, qoraydi, lekin shu onning o‘zida osmon aksi – tumanli yashil rangiga qaytdi.
1941 yil.
Ruschadan Jo‘ra Fozil tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasidan olindi.